Uyga kirdim hamki, hovurim bosilmadi. Yelkam muzdek terlab, yag‘rinimga ko‘ylak yopishib qoldi. O‘shandagina bildim: o‘ng qo‘limda shoyi belbog‘ni changallab olgan ekanman. Hikoyam shu – belbog‘ni nima uchun changallab turganim to‘g‘risida.
…Maktabda chiroyli qizlar ko‘p-u, Gulsaradek istaralisi kam edi. Kuzakda paxta terimiga uni deb borardik – Ikrom, Nasim, Botir va yana Toyir. Unga yoqish uchun etak-etak paxta terardik. Gulsara kelmagan kunlari egatga tushmas, g‘o‘zaga egilmasdik. O‘shanda onam saharlab yopgan issiq non, to‘rt-beshta olmurut, pomidor va bankadagi tushlikni peshkilga1 tugib, dalaga otlandim.
Qizlar oldinda. Ikrom, Nasim, Botir – to‘rtalamiz orqaroqda ularga izma-iz borayapmiz. Toyirning qorasi ko‘rinmaydi. Nasim odatdagidek ahmoqona savoli bilan bizga yo‘l ochdi:
– Gulsara, sochingni nega bitta o‘rim qilib yurasan?
– Ko‘nglimning egasi bitta degani, bilding! – javobni u aytsa-da, qizlar o‘zi o‘ylab topgandek birgalikda qiqirlab kulishdi.
– Unda ikkita o‘rim-chi? – Ikrom gapni ilib ketdi.
– Ikkita o‘rim ikkilanish bo‘ladi, ikkovidan qay birini tanlasam ekan degani, bilding! – Gulsara butun sinfga berilgan masala javobi yolg‘iz uning o‘ziga ayondek mag‘rur, qadami ham shunga yarasha to‘kis edi.
– Qirq o‘rim-chi, qirq o‘rim?! – o‘g‘il bolalar uni mot qilgandek qo‘l tashladik.
Gulsara taqqa to‘xtadi. O‘ylab olmoqchi edi, chamamda. Qizlar yursakmi-yurmasakmi degandek imillar, javob aytilgan zahoti tezlashishga shay turardi. Undan boshqasi bo‘lganda parvo qilmasdim. Ochig‘i, Gulsaraning javobi mengayam qiziq edi. O‘sha dam o‘zimni botinkam ipi yechilib ketgandek ko‘rsatib, yo‘l chetiga cho‘kkaladim. Shu o‘tirgancha uning og‘zini poyladim.
– Qirq o‘rim oshiqlarim ko‘p degani, Omon, bilding! – Gulsaraning mayin ingichka qoshlari peshonasiga tortildi. So‘ng yonginamdan o‘tdi-ketdi. Go‘yo men yo‘qday. O‘rnimdan shart turib:
– Buningga ishonmayman, – dedim.
– Nega ekan?
– Mana, Sanamning sochlari! Qishin-yozin qirq o‘rim. Oshiqman deganni ko‘rmadik.
Ko‘ngliga kelar demabman. Sanam yig‘ladi. Qizlar yupatdi. Keyin tez-tez yurib ketishdi. To‘g‘ri borib Nasimning yoqasidan oldim. Boyaqish, jovdirab: “Men nima qildim?” deyishdan nariga o‘tmadi.
– Sanamni xafa qilding.
– Kim? Menmi? Qachon?
– Sochlaring nega bitta o‘rim, deding-ku!
– Buning Sanamga nima daxli bor?
– O‘rimdan gap ochmaganingda tinchgina ketayotuvdik.
Sanam tushgacha miq etmadi. Tushdan so‘ng yonma-yon egatda cho‘qqayib turaverdim. Bir egat chapiga siljidi. Menam o‘tdim. Yana siljuvdi, yana o‘tdim.
– Qo‘y endi, Sanam. Hazilniyam tushunmaysanmi, bilmay gapirib yubordim. O‘zimga qolsa, shunday deymanmi? Ungacha, kesakmi yo ko‘sakmi olgin-da, mana, yuzimga ot. Joyimdan jilmayman. Qo‘zg‘algan – nomard.
Sanam o‘rin almashib, Gulsara o‘rta egatda qoldi. Xursand qiladigan nimadir o‘ylab topmasam, rangi ochilmaydigan va birdan…
– Topdi-i-im!!! – qizlar uchib tushdi, yoqasi ichiga tuf-tufladi. – Uchchanoq!
– O‘takamizni yording! Shunga shunchami?
– Axir, uchchanoq deyapman.
– Ko‘r emasmiz!
– Buning nimaligini bilasanmi, o‘zi?
– Hm, ko‘sak.
– Oddiy ko‘sak emas, muhabbat ko‘sagi! Buni tunda yostig‘ing tagiga qo‘yib yotsang, tushingda uning kim ekanini ko‘rasan.
– U deganing kim?
– Haligi… Ikrommi, Nasimmi… menmi, xullas, u-da!
– Ertak to‘qima, Omon, paxtangni ter. – Gulsara beliga peshkilni o‘ychan bog‘ladi. Sanam o‘sha-o‘sha – qovog‘i soliq.
– Sengayam topib beraymi, Sanam?
– Zaril keptimi?! Egat to‘la uchchanoq.
– Aldamayapsanmi, – Sanam qolib Gulsaraning ko‘zlari chaqnardi, – buni rostdan ham yostig‘im tagiga qo‘ysam…
– Chin so‘zim!
Gulsara uchchanoqni qizg‘ish baxmal nimchasining chap cho‘ntagiga solayotganida, egatlarni kesib oralab, uzoqdan Toyir ko‘rindi. O‘zi tanti g‘o‘labir yigit.
– Gulsara, top, senga nima olib keldim?
O‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganimda ishonmasdim. Sirkasi suv ko‘tarmaydigan, salga qizishib ketadigan Toyirmi shu? Naq besh marta valsapitini menga tutqazib: “Ketaver” degan, besh martasida ham qansharidan musht yeb yurgan vallamat Toyirni aytayapman, shumi?!
U peshkil yuzida bo‘lak do‘ppayib turgan bir siqim lo‘ppi paxtani Gulsaraga tutdi. Siqim ichidan ko‘kimtir ko‘sak chiqdi. Bir chanog‘iga “G” harfi beo‘xshov tirnab yozilgan. Ikkinchisida qo‘shuv belgisi. Uchinchi chanoq tirnalmagan, o‘zim ko‘rdim, silliq edi. Gulsara ko‘sakni lom-mim demay qabul qilib oldi. Yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chibmi, uni ro‘moli uchiga tugdi. Toyir o‘z ko‘nglini to‘ldirib, menikiga shubha oralatib, egatiga qaytdi. Xayolimda men bergan uchchanoq, Gulsara g‘o‘zaga yana to‘rt-besh egilsa, nimchasidan tushib qoladigandek xavotirim arimadi. Achchiqlandim. Alamim Gulsaradan emasdi. Ro‘moliga tugilgan ko‘sakdan ham emas. Ming dag‘al, ming beo‘xshov tirnalgan bo‘lsin, achchig‘im o‘sha yozuvdan: “G+…”. Bu nima, qolgani o‘zingga havola deganimi? Yozsang oxirigacha yoz, yozmasang umuman yozma.
– Menga qara, Sanam, mard odam xatni qanday yozadi? – bu bilan Toyirning bori quruq savlat, oldin ismini eplab yozsin, demoqchi edim. Sanamning ginasi o‘zida ekan, bopladi:
– Mardning qilgani boshqa ishi yo‘qmi?
– Sanam, Sanamjon! Qirqo‘rim bilan ikkalang bir-biring uchun yaralgansan. Qovoq-tumshuq qachongacha? Yaxshisi, ayt, to‘liq yozarmidi yoki chalakam-chatti?
– To‘liq, albatta, – Sanam ichimdagini topib aytishga aytdi-yu, keyingi gapidan xunobim oshdi. – Sen chalakam-chattiniyam evlap yozolmasang kerak!
Bu bilan “Qo‘rqoqlikka ham yaramaysan”, demoqchi edimi? Gulsara piqillab kulib yubordi. Sanamning o‘zi bilar, ammo Gulsaraning kulganiga tajanglashdim, tishimni tishimga bosib chidadim. Bir xayolim, “Teg o‘sha Toyirga, ko‘ramiz holingni”, demoqchiyam bo‘ldim. Menda boshqa istak tug‘ilgandi: “Qarab tur, Toyirdan kuchli ekanimni o‘z ko‘zing bilan ko‘rmasang, yurgan ekanman!”
***
Ikrom Gulsaralarnikiga uch-to‘rt marta odam jo‘natganida tegib ketar degandik, yo‘q, dedi. Shahardan do‘xtir bo‘p qaytgan bolaga, raisning o‘g‘liga-ya! Sanam-chi, o‘ylabam o‘tirmay, balki o‘ylagandir, Ikromga ko‘ndi-qo‘ydi.
…Peshinlab raisnikiga o‘tdim. Kirib borganimda sutday oppoq bilagi bo‘g‘im-bo‘g‘im lappos bir xotin go‘shanga tortilgan eshikni yarim to‘sib:
– Beshinchingiz qani, yo‘masam kiritmayman! – deb turgan ekan. – Irimi shu, toq turishlaring kerak.
– Uchalamiz kiramiz, xola-biyi, bo‘lami?
– Bo‘miydi, beshta! – yanga ko‘rsatkich barmog‘ini Nasimga niqtab, sal qolsa yoqasidan oladigan.
– O‘t bu yoqqa! – g‘azabim qo‘zib Nasimni orqaga tortdim. – Besh deysiz, xola-biyi. Uch-chi, toq bo‘lmay nima?
– E, bormisan, Omon?! – Nasimning yuz-ko‘zi chaqnab, yelkamga yengil musht tushirdi.
– Sabrli bo‘ling, uka, – yanganing nazari chunonam o‘tkir ediki, shugina o‘qrayishi hali hammasi oldinda ekanini aytib turardi.
– Belbov boylashda ko‘rinmading, – Botirning ovozi birvarakayiga gapirayotgan xotin-xalaj shovqinida bazo‘r eshitildi.
Belbog‘ boylash. Kuyovjo‘ralar shoyining to‘rt uchini o‘ziga tarang tortib, eng abjiri maydalab o‘rab keladi-da, yangani chalg‘itish uchun belbog‘ning uchlarini mato ichida yo‘qotib yuboradi. Eng abjirimiz – Toyir. Belbog‘ uning ishi ekani bilinib turibdi. Meni kelmaydiga chiqarib ulgurganmi:
– Senday jo‘raning boridan yo‘g‘i! – dedi qo‘rslik bilan.
“Shunchalik zo‘r bo‘lsang, belbog‘ni olishamiz. Kuchingni o‘shanda ko‘ramiz. Sengayam qoyil qolmadim, Gulsara. Buning uchchanog‘i ro‘moling tugul, nimchanggayam arzimaydi”. Ikrom xayolimni o‘qiyotgandek dalda berdi:
– Bo‘sh kelma, chundingmi?!
Beshovlon boyagina oqbilak yanga g‘o‘laday bo‘g‘imlari bilan egallab olgan eshikdan o‘ng oyoqlab birin-ketin ichkari hatladik. Ko‘rpa-to‘shaklar taxlab qo‘yilganiga qaramay, xona to‘zg‘ib yotgandek tasavvur uyg‘otadi. O‘ng burchiga go‘shanga tortilgan. Yolg‘on emas, elliktacha ko‘z jilmayib turibdi. Nasim biqinimga turtdi.
– Yur!
To‘rt qadam, turkman g‘aliga1 qatlangan ko‘rpagacha yana to‘rt qadam. To‘satdan bir kampir to‘shakka voy-voylab yotvoldi.
– Voy belim, voyiy belim, qarilik qursin, voyiy…
Kuyov suzilishma2 boshlandi. Ilojini qilmasak, kampir ko‘rpani bo‘shatmaydigan. Cho‘ntakka qo‘l soldik… Kampir qo‘zg‘algach, oyoq kiyimni yechmasdan ko‘rpa ustida tizilib saf tortdik. Ikrom o‘rtada. Avval yanga ta’zim berdi.
“Sobir kuyov, suzil kuyov”.
Tizzani oxirigacha bukmasdan, irimiga yarim cho‘kkalab qad rostladik. G‘ala-g‘ovur, bo‘ldi kulgi. Qizlar go‘shanga ortida qiqillashar, qulog‘imga Gulsaraning qo‘ng‘iroqdek ovozi eshitildi. Ayni muddao.
“Sobir kuyov, suzil kuyov”.
Ikkinchi bor yarim cho‘kkalab qad rostladik. “Sabrli bo‘l, Omon. Oz qoldi. Yana birozdan so‘ng Toyirdan zo‘r ekaningni ko‘rsatib qo‘yasan. Hamma bilishi shart emas, Gulsara bilsa yetadi”.
“Sobir kuyov, suzil kuyov”.
Uchinchi martasiga ko‘rpaga butkul cho‘kkaladik.
To‘shlik3 keldi. Yanga avval patirni bo‘lib-bo‘lib, har bo‘lakka luqmadan kesib soldi-da, ingichka o‘radi. Birinchi o‘ramani kuyovga tutdi. Keyingilarini bizga yedirdi. O‘ramani atayin uzoq chaynadik. Ha nima, kutsa shunday kuyovni kutadi-da.
– O‘zlariga qiyin, – yanga piching aralash kulimsirab bosh chayqadi. Shaxt o‘rnidan turib, ro‘molini peshonasiga mahkamroq tang‘idi-da: – Toma-toma ko‘l bo‘lur, – dedi dasturxonni kengroq yoyarkan.
– Tiyinlardan so‘m bo‘lur! – Toyir o‘ta hozirjavoblik bilan ikkita yuz so‘mlik tangani dasturxon chetiga otdi. So‘ng birov ming tashladi, birov ikki ming. Yangaga hazil qilmoqchi bo‘lganlar cho‘ntagini uzoq kovlashtirib o‘tirdi. Dasta pul ichidan qidirib-qidirib eng g‘ijimini topib uzatdi. Xayolim tangalarda. Jarangi qulog‘imga o‘rnashib qolganidan qonim qaynar, hatto Botirning turtganini sezmabman.
– Turamiz, Omon.
– Shuni turtmasdan to‘g‘ri gapirsang bo‘lmaydimi!
Beshovlon o‘rnimizdan turdik. Endi yanga kuyovning belbog‘ini yechishga urinadi. Ikki yondan to‘rtalamiz qo‘yib yubormay, belbog‘ni mahkam ushlab olganmiz. Yechib qayerga boradi. Toyir o‘rab-chirmagan bo‘lsa, qo‘lidan kelmaydi. Tishlab ham yecholmaydi. Men bilgan Toyir tugunga qalampir surkab qo‘yadi.
Aytgancha, Toyir!
Yanga tushundi. Chiranib o‘tirmay, odatni qildi: belbog‘ni oyoq uchidan shipirib oldi-da, kuyovning o‘ng yelkasiga tashladi. O‘ylab qo‘yganim bo‘yicha hammasi mana shu joyda ro‘y berishi kerak edi. Nasim, Botir, boshqalarning menga qizig‘i yo‘q. Toyirga yutqazib qo‘ymasam bo‘lgani. Ammo u talashmadi. Belbog‘ni qo‘limdan tortib olish uchun aqalli harakat qilmadi. Hech kim urinmagach, belbog‘ o‘z-o‘zimda qoldi.
Suzilishma tugab, hovli siyrak tortdi.
– Belbog‘ni-ku chuvalab tugibsan, jin ursin, nega olishga urinmading, nimaga? – Toyir velosipedga endi minayotgan edi, yo‘lidan qaytardim.
– Kurashishga sabab bormidi?
– Men-chi, men?
– Nima sen?
– Sabab bo‘lolmaymanmi?
– Sen-a? Kulgimni qistatma, jo‘ra.
– Nimangga buncha kerilasan, shunchalik zo‘rmisan yo ishonganing bormi?
– Endi bor! – e’tibor bersam, salga tutaqib ketadigan jo‘ram yoqamdan olmay, boyadan beri o‘yin qilayapti. Tavba, hatto so‘kinmadi. Nuqul mushtlashib, qanshar-burni tilinib, qizarinqirab yuradigan Toyirning o‘zimi shu? Qachon o‘zgara qoldi – vazmin, so‘zlari bama’ni. Qarasam, ketib borayapti. Nahot birorta gapim parvoyiga kelmagan!
– Gulsara baribir meni deydi, eshitdingmi, meniki bo‘ladi!
Toyir pedalni orqaga chunonam bosdiki, asfalt yuzi changib ketdi. Velosipedni yotqizib, o‘zi men tomonga qarab kelaverdi. Yaqin qolgani sayin yelkam muzlay boshladi. Hozir musht tushiradi deb turuvdim, sira kutmaganda belbog‘ni qo‘limdan sug‘urib oldi. Tarashadek qattiq, malla bir nimani o‘rab, yana qaytib berdi.
Uyga keldim ham, hovurim bosilmadi…
Alam zo‘ridan belbog‘ni devorga qulochkashlab soldim-ku, tuxumdek ko‘sak poq etib uchga bo‘linib ketdi. Bu o‘sha: ikkala kosasiga dag‘al va beo‘xshov tirnab yozilgan uchchanoq! Faqat… bu gal uning uchinchi chanog‘i silliq emasdi.
“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 4-son