Abdusaid Ko‘chimov. Bu dunyoda shunday yashasang… (esse)

I

Toltushgacha toshqotsam kerak deb o‘ylagan odam, sahar-mardonda uyg‘onib ketib, o‘z-o‘zimdan hayron qoldim: bosh artilgan shishaday tiniq, oyoq-qo‘l parday yengil, xuddi kun bo‘yi chashma bo‘yi maysalariga ko‘milib yotgan boyvachchaday dumog‘ choq, kayfiyat a’lo – yarim kechagacha bo‘lgan gurungda chavandozlik qilgan odamga hecham o‘xshamasdim.
Gurungmisan – gurung bo‘ldi-da, o‘ziyam! Qishloq oqsoqollari, ziyolilari, Jumanazar akaning sara qarindoshlari, hokim bobo yetovidagi tuman rahbarlari, toshkentliklar… Alqissa, o‘n besh bolorli uy odamga liq to‘ldi. Avval, chaq-chaqlashib o‘tirdik. Keyin, turli sohalardan gap ketdi. Uncha-muncha chegaraga sig‘mas edi suhbat mavzui: bir yog‘i – tumanli tarix, bir yog‘i – serhasham kelajak, yana bir yog‘i – adabiyot muammolariyu uy-ro‘zg‘or tashvish­lari… Meditsina borasida esa biz kirmagan eshik, biz o‘tmagan tor ko‘cha qolmadi-yov…
Tuman hokimi – bug‘doyrang, bo‘yi baland, yelkalari ko‘tarilgan, qoruvli, ovozi dag‘alroq odam – “qishloqi”day ko‘ringani bilan ko‘pni ko‘rgan, ko‘p o‘qigan, serfikr kishi ekan. Qamashi va Qashqadaryoda bo‘layotgan o‘zgarishlar to‘g‘risida ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlar eshitdik undan. Jumanazar Beknazarov boshchiligidagi Navro‘z xususida esa alohida mehr bilan gapirdi:
– Bunday savobli tadbir, respublikani bilmayman-u, ammo Qashqadaryoda bitta, boshqa joyda yo‘q! To‘g‘ri, xudoga shukur, xayr-ehson sohiblari oz emas – bor. Ammo, sistema yo‘q, esiga tushganda qiladi ko‘plar. Jumanazar aka, mana, yigirma yildan oshdi-yov, to‘g‘rimi? – deb yonidagilarga tasdiqlatib oldi hokim.
– Har yili ko‘pchilikning duosini oladi. Bunga ko‘nikib ketdik. Bunday xayrli yumush, muhtaram Prezidentimizning “Savob ishni har kim qilishi kerak, har kun qilishi kerak!” degan chaqirig‘iga munosib javob hamdir.
– Haqqos rost! – deb hadaha hokimning so‘zini tasdiqladi fikrlarini til bilan emas, ko‘proq harakat bilan tushuntirishga urinadigan mahalla oqsoqoli. – Jumanazarvoyning yana bir zo‘r odati borki, har kelganda ishlari, yutuqlari, natijalari haqida bizga hisob beradi. Eshitdik, bu yilgi g‘alabalar ham hazilakam emas, to‘g‘rimi? – deb, qani, navbat endi sizga, gapiring, deganday quruqshagan va qizg‘ish ko‘zlarini Jumanazar akaga qadadi-da, tish kavlashga kirishdi.
Dasturxonning bu betida – oqsoqolning ro‘parasida devorga suyanib, suhbatni tinglab o‘tirgan Jumanazar aka joyida bir qo‘zg‘alib olib, hozir shuning mavridimikan, degan savol nazari bilan tezgina hammaga bir-bir qarab chiqdi-da:
– To‘g‘ri-to‘g‘ri, – dedi go‘yo uzr aytayotgandek qilib. – Umuman, meditsina nuqtai nazaridan, ishing, hayotingdagi yangiliklar to‘g‘risida yaqinlarga axborot berish odamga katta kuch beradi, – deb salmoq bilan davom etdi keyin. – Do‘stlik-birodarlik, tanish-bilish­likda juda katta gap bor. Agar siz do‘stingizni, birodaringizni, tanishi­ngizni ko‘rib qolib turib, ichingizda quvonsangiz, sizning organizmingizda endokrin degan aktiv moddalar haddan tashqari sintezlanib, sizga quvonch bag‘ishlaydi. Ana shu quvonch qanchalik ko‘proq davom etsa, qanchalik ko‘p bo‘lsa, sizning umringiz o‘shancha uzayadi.
Insonning g‘am–alamlari, turmush tashvishlari, chekkan aziyatlari – mana shularning barisini bir joyga jamlasak-da, shundan insonning his-idroklarida shodlik va sevinch onlari necha foizni tashkil qiladi, desak, bu ko‘pi bilan uch-besh protsentga yetishi mumkin. Ollohimiz bunday onlarni ikki-ikki yarim protsentga mo‘ljallab, men bandalarimga bir kun g‘am yomg‘iri, bir kun quvonch yomg‘iri beraman, degan. Do‘stlar davrasida o‘tirish, ko‘nglingni ular bilan baham ko‘rish – ko‘z qorachig‘laringda yarqirab, nurlanib, boyagi shodlik tuyg‘ularini ikki-ikki yarimdan o‘n foizgacha ko‘paytirishi mumkin. Dunyoda odamzotga do‘stlar quvonchidan ko‘ra ko‘proq sevinch bag‘ishlaydigan qudrat yo‘q. Tibbiyot allomalari shuning uchun ham quvonchni hamisha do‘stlar bilan baham ko‘r, deganlar.
Endi… Hisobotga kelsak, – deb, nimadan boshlasam ekan, deganday, bir pas taraddudlanib turdi-da, keyin yana avvalgidek shiddat bilan davom etdi. – “Tibbiyotda yangi kun” degan jurnal tashkil qildik. Ingliz, rus va o‘zbek tillarida uch oyda bitta chiqadi. 28 ta davlatga tarqat­yapmiz. Jurnalimiz Rossiya, Gollandiya, Germaniya kabi o‘ndan ortiq mamlakatlarda tan olindi. Bizga Amerika, Kanada, Yaponiyadagi mashhur olimlardan maqolalar kelyapti. Bu – bir. Ikkinchisi, bizning maqolalar Angliyada, AQSh, Germaniyada, Kanadada, Yaponiyada eng nufuzli jurnallarda bosilib chiqdi. O‘sha jurnallardan, “otziv” deydi-ku, o‘shalarniyam oldik. Germaniyadan bizga taklif keldiki, maqolalaringizni kattaroq qilib bersangiz, monografiya tarzida chiqarsak, shunga ruxsat bering, degan mazmunda.
– “Qashqa yo‘rg‘a”-chi, “Qashqa yo‘rg‘a”? “Qashqa yo‘rg‘a”yam esdan chiqmasin! – dedi xuddi o‘z muvaffaqiyatini esga solmoqchi bo‘lganday betoqatlik bilan Qozoqboy aka – taniqli adabiyotshunos olim, professor Qozoqboy Yo‘ldosh. – Bu odam zo‘r qissa yozdi, – deya izohladi keyin. – Mazmuni romandan baland. Topshirdingizmi jurnalga?
– Hmm… “Sharq yulduzi”ga.
– Ot haqidami? – savol berdi kimdir.
– Ha, shunday desayam bo‘ladi, – javob berdi Jumanazar aka. Va, atrofdagilarning qiziqishidan ruhlanibmi, gapni olis­roqdan boshladi: – Ulug‘ ajdodlarimiz egar bilan yuganni, uzangini ixtiro qilgan. Uzangi kashfiyoti sharafiga bobolarimiz o‘zining kam sonli askari bilan dushmanlarining ko‘p sonli qo‘shinini tor-mor etgan. Bu hatto ingliz tarixchilari tomonidan tan olingan. Ibtidoiy tuzumdan to hozirgi paytgacha bo‘lgan voqealar yozilgan ingliz entsiklopediyasida bobolarimiz to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan. Men bu entsiklopediyani o‘qib, rostakamiga hayratda qoldim. Agar o‘sha gaplarni o‘zimizning olimlar yozganida, e-e, olimlarimiz o‘zimizning bobolarni ancha ko‘pirtiribdi-da, ko‘p narsalarni qo‘shibdi-da, degan xayolga borishim mumkin edi. Lekin ingliz tarixchilari bu narsani yozganidan keyin men unday deya olmayman. Faqat tan olgan, tan olishga majbur bo‘lgan narsasinigina yozadi ular.
– Xullas, qissa ana shunday tarixiy manbalarga suyanib yozilgan, – deb Jumanazar aka nomidan xulosa yasadi Qozoqboy aka. – Hozirdan kafolat berishim mumkin: bu asar o‘qirmanlarni juda qiziqtiradi.
– Yo falaksan!– deb yubordi halidan beri Jumanazar akaga havas bilan tikilib o‘tirgan Azim aka – mashhur shoir Azim Suyun. – Amerika hindulari haqidagi kinolarga qarab turib hayron bo‘lardim: nega ot bor-u, uzangi yo‘q, nega otga sakrab minadi, deb. Gap buyoqda ekan-da? Egar, no‘xta, uzangi tarixi o‘zimizning ajdodlar bilan bog‘liq, deng? O‘zim ham xuddi shunday bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yurardim.
Sizga havasim keladi! – dedi chin ko‘ngildan. – Yurtdoshlarga hisob berib turishniyam sizdan o‘rganish kerak ekan. To‘g‘rimi? – menga yuzlanib fikrini tasdiqlatgan bo‘ldi u. – Akaning bu ishi, sizu bizga o‘xshab qishloqdan shaharga borib qolganlar uchun katta saboq. Axir, shaharda nima ishlar qilib yurganingni qishloqdoshlaring­ning barisiyam bilavermaydi-ku! Bundan tashqari, yutuqlaringni eshitsa suyunishadi, qarindosh-urug‘laring g‘ururlanadi, ota-enang xotirjam bo‘ladi.
Men sizday odamlardan bahra olaman, ilhom keladi, qiyoslab bo‘lmaydigan quvonch keladi. Ajoyib va qiyomat odamsiz!
Azim Suyunning bu samimiy so‘zlari xuddi mening tilimdan aytilayotgandek edi.
Illo, shu lahzalarda men ham ichimda: “Jumanazar aka rostakamiga “qiyomat odam” deb o‘ylab turgandim. Uni kuzatgan, deganlarining mag‘ziga zehn solgan kishi “Men juda qisqa umrni qanday o‘tkazyapman, vaqtim o‘tkinchi shamollarga behuda sovrilmayaptimi, endi bu yog‘i nima bo‘ladi, bu yog‘ini foydali yumushlarga sarflashim kerak emasmi?” deya o‘z-­o‘zini tergov qilishi, titrab-tipirchilab qolishi va beixtiyor o‘z taqdiri ustida yanayam chuqurroq o‘ylay boshlashi ayon haqiqat. Jumanazar akaning yashash tarzi kishini nodurust havaslardan tiyilib, ezgulik ko‘chasiga kirishga undaydi; beparvo kun o‘tkazish, betamiz hazillardan tiyilish, saxiy, saxovatli, olijanob bo‘lishga da’vat etadi. Men bilgan odamlar ichida Jumanazar akachalik insonlarga yaxshilik qilishga intilgan, ularni deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urgan inson juda kam”, degan xayollarga botib o‘tirar edim.
– Biz boshqa tillardan lisonimizga kirib kelgan so‘zlar to‘g‘risida gapiramiz, boshqa tillarga o‘tgan o‘zimizning so‘zlar ham bormi? – deb qoldi qishloq ziyolilaridan biri.
– Juda ko‘p! – bu savolgayam Jumanazar aka birinchi bo‘lib javob berishga oshiqdi. – Ajdodlarimiz bo‘lgan massagetlar, saklar, so‘g‘dlar hozirgi Don daryosidan, to hozirgi Chitagacha egalik qilgan. “Chita” degani – mamlakatning cheti, “Don” esa o‘g‘iz shevasida, katta daryo degan ma’noni bildiradi. Hozir ham Xorazmda kanalning kattasi “don” deyiladi. Qozoqboy aka, adashmayap­manmi?
Qozoqboy aka bosh irg‘ab tasdiqlagan bo‘ldi-da:
– Eslasangiz, – deb ayrim kuzatuvlarini aytdi. – Sholoxovning “Tinch Don” kitobida, Sholoxov chindan ham buyuk-da, asarning boshida bitta gapni gapiradi: Grigoriy Melixovning otasi zinapoyadan tushib kelayotganida, uning turkcha shalvari shamolda hilpirab turar edi, deydi. Shu ikki kalimaning o‘zida hamma gapni aytgan-qo‘ygan.
Xullas, bu “masala”yam chalakam-chatti “hal” etilganidan keyin, suhbat aylanib-aylanib, allaqayoqdan Kashpirovskiyga taqalganda, davradagilarning ba’zilari uni zo‘r “ko‘z boylog‘ich” desa, boshqalari “yaxshi doktor”, dedi. Masalaga tag‘in Jumanazar aka oydinlik kiritdi:
– Meditsinada funktsional kasallik va organik kasallik degan tushuncha mavjud. Funktsional kasallik­lar – u mulla bo‘ladimi, eshon bo‘ladimi, oddiy odam bo‘ladimi – agar bemorning ruhiyati sog‘lomlashtirilsa, tuzalib ketadi. Buning uchun do‘xtir bo‘lish shart emas. Organik kasalliklarga esa, albatta, do‘xtir tashxisi, aralashuvi kerak. Kashpirovskiy ma’lum darajada bilimli shifokor bo‘lgani tufayli ana shu ilmdan foydalanadi. Kashpirovskiyning kasbi doktorlik. Inson tug‘ilgan mahalida 80 foizi suvdan iborat bo‘ladi. Masalan, ko‘zning 93 foizi suv. Yosh o‘tgan sayin suvning miqdori kamayib boradi. Qari odamlarda qurib qolishi ham mumkin. Aslida, inson surunkali suv yetishmovchiligidan qiynaladi. Vujudingda suv miqdorini qancha ko‘p asrasang, hayoting shuncha uzun bo‘ladi. Endi e’tibor qiling. Suv kislorod bilan vodoroddan iborat. Vodorodda portlash xususiyati mavjud. Portlaydimi, demak, o‘zidan nur chiqaradi. Shuning uchun har bir odamning o‘z biotogi bo‘ladi. Elektrokardiogramma qilishimizning sababiyam shunda. Kopron ko‘ylakni kun bo‘yi kiyib yurib, kechqurun qorong‘ida yechsang, chitirlab ketadi, “qars-qars” etib uchqunlar sachrayotganini ko‘rasiz. Demak, organizmda elektr toki bor. Elektr energiya sizdan chiqyapti. Kuylak uzoqlashganda qisqa tutashuv ro‘y beradi. O‘shanichun biotoklar har kimda har xil darajada bo‘ladi. Avliyo deyilmish zotlarda biotoklar miqdori haddan tashqari kuchli bo‘lgan. Barmog‘i tekkan joyni kuydirish darajasigacha borgan ba’zilarida. Qancha uzoq ushlab tursa, kuyish darajasi shuncha ko‘payadi. Kashpirovskiyni meditsinadan xabardor “ko‘z boylog‘ich” deyish mumkin.
Jumanazar akani, u yer-bu yerdagi qisqa, kalta-kulta suhbatlarda ko‘rib, eshitib, yaxshi bilaman, deb yurardim. Tungi suhbatlardan keyin, garchand tarixiy voqealarga doir ma’lumotlarida qanaqadir mavhumliklar bo‘lsa-da, u kishidagi qiziqish va ilmiy salohiyatga havasim keldi.

II

Shularni xayolimdan o‘tkazgan alpozda bir necha daqiqa ko‘zimni yumib yotganimdan keyin, boshimni sal ko‘tarib, to‘rda – ko‘rpa-ko‘rpachalarini bizga berib, o‘zlari mung‘ayib qolgan qo‘shtaxmon tagida uzala tushib yotgan hamxonam – Qozoqboy Yo‘ldosh tomonga ko‘z otdim: yo tavba! Uyg‘oq ekan, sandalda o‘tirganday gavdasining yarmini ko‘rpaga tiqib, yarmini chiqarib, qunishibgina derazaga tikilib, miq etmay o‘tiribdi.
Butun gavdam bilan deraza tomon burildim. Burildim-u, yo tavba! Hayratdan ko‘zlarim chaqnab ketdi: yulduz – Tong yulduzi shundoqqina oyna ortida, bir hovuch oppoq alangaday yonib turardi!
– Anovuni qarang! – deb yuboribman beixtiyor.
– Mo‘jiza! – dedi Qozoqboy aka. – Boyadan beri tomosha qilib o‘tiribman, bolalik paytlarimni eslab. Bu yulduz bizning Mirzacho‘lda juda baland ko‘rinadi.
“Bolalik” so‘zi, “lop” etib akam bilan somon sotib, ro‘zg‘or yirtig‘iga yamoq topib yurgan kunlarni yodga tushirdi. Biz: akam va men – o‘n bir, o‘n uch yoshli ikki somonpurush – Tong yulduzi yarim arg‘amchi ko‘tarilgunicha, yo‘lning yarmidan oshgan bo‘lishimiz shart edi. Aks holda, Urgutga yetib borguncha bozor tugab, savdomiz kuyib ketardi. Har yakshanba boraverib-kelaverib o‘lchab, sanab, yodlab olgan yo‘lda bu yarqiroq yulduz bizga ham hamroh, ham “soat” ediki, vaqt va masofani unga qarab chamalar edik.
Xayolimni yulduz o‘g‘irlaganidan bo‘lsa kerak, peshayvon chirog‘ida lopillab ko‘rinayotgan uzun-qisqa soyalarga e’tibor bermagan ekanman, quloqqa elas-elas eshitilayotgan ga­­ngir-gungurdan keyin:
– Supada birovlar yuribdimi? – dedim Qozoqboy akaga qaramay.
– Xastalar, – degan tovush keldi. – Jumanazar aka kecha aytdi-ku, saharlab odamlar keladi, priyom bo‘ladi, deb.
Ha-ya, Jumanazar aka shunday devdi – har kelganida bemorlarni qabul qilishini aytuvdi.
Shu gaplardan keyin ko‘rpada yotish istagi so‘ndi, tashqariga chiqib, supada lopillayotgan soya egalarini ko‘rgim, gaplashgim keldi.
Darrov kiyinib, dahlizga o‘tdim. Bu chorkunjak xona devorlariga tayab qo‘yilgan yog‘och kursilarda olti-etti chog‘li erkak-ayol ro‘paradagi ko‘kimtir yopiq eshikka tikilib, miq etmay o‘tirishar edi. “Muncha kasalning dardini eshitguncha kun tush bo‘ladi-yov…”, degan o‘y bilan ayvonga chiqib, uzun taxta-g‘o‘la o‘rindiqlarda turnaday tizilib o‘tirgan, supa chetida besas kezinayotgan, darvoza tomonda past tovushda g‘o‘ng‘irlashib gaplashayotgan odamlarga qarab turib, hayratim battar ko‘pchidi: voy-vo‘y, bular bilan bittama-bitta shunchaki gaplashib chiqishning o‘ziga bir kun yetmaydi-yu, yana, dardiga quloq solish, davo qidirish… E-e, qo­­yi-il!
Hali tong yorishmagan esa-da, uy egalari allaqachon oyoqqa turgan, uzun supa adog‘idagi o‘choqda lang‘illab olov yonar, ikki ayol o‘choq boshida kuymalanar, supa bo‘sag‘asida – kaltabaqay qari tut qarshisida ayni shu lahzada mening chiqishimni bilganday, bir qo‘lida oftoba, bir qo‘lida ko‘kimtir momiq sochiq ushlagan Olimjon iljayib turar edi.
Olimjon – Jumanazar Beknazarovga kenja uka. Kasbi – jurnalist, xizmat manzili – O‘zbekiston televideniyesi. Ildizi shu tuproqdan. Hozir esa bola-chaqasi bilan Toshkentda yashaydi. Ayni chog‘da, uyam mehmon – bizga o‘xshab, professor Jumanazar Beknazarov boshchiligidagi Navro‘z sayliga kelgan.
Qamayda Jumanazar akaning hovli-joyi yo‘q, bu uy – ota uyi, hozir o‘rtancha ukasi Bahromga tovun. Jumanazar akani qora tortib kelgan mehmon zoti borki, shu hovliga qo‘nadi.
Hovli, ayniqsa, bayramlar arafasida mehmonlar bilan gavjum bo‘lib ketadi. Tevarak-atrofdagi o‘nlab qishloqlarning aholisi Qamayga keladigan professorni ayricha ilhaqlik bilan kutadi. Jumanazar Beknazarov ikki-uch kunlab yurtdoshlari qurshovida bo‘ladi, ularning dardiga malham izlaydi. Bu, ya’ni bemorlar bilan uchrashish, bayramning bir qismi, xolos. Bayram doirasida esa yana ko‘plab savobli tadbirlar ham bo‘ladiki, ular to‘g‘risida keyinroq, mavridi kelganda gaplashamiz…
– Olimjon, doimo odam shunaqa – ko‘p bo‘ladimi?– qiziqsindim mis oftobadagi ilmiliq suvda chayinib bo‘lgandan keyin, yuz-qo‘limni artayotib.
– Avvalgi safar, ochirat ko‘chaga chiqib ketuvdi. Hozir unchamas, lekin hali ko‘plar yo‘lda, qarang, ana, yana kelishdi, – dedi Olimjon darvoza oldida, simyog‘ochdagi katta chiroq ostida to‘xtagan “Damas”ga ishora qilib.
Mashinadan bola ko‘targan bir ayol, soqol-mo‘ylovi tekis kuzalgan, to‘tiburun qariya va peshonasi do‘ng, salqi yuzi biroz shishinqiragan qirq yoshlar atrofidagi barvasta yigit tushdi. Qorachopon ustidan belqars-belbog‘ o‘ragan bu yigit mashinadan chiqa solib: “Oxiri kim?!” deya shunday baland va dag‘al ovozda so‘radiki, xuddi o‘tirganlarning hammasi baravariga qichqirganday edi.
– Sekinroq-da, bolani qo‘rqitib yubording-ku! – nolindi devorga suyanib o‘tirgan ayol shovqindan uyg‘onib, yig‘lay boshlagan qo‘lidagi bolasini yupatayotib.
– Bu daggo‘rini bo‘gani shu, qizim, – o‘g‘lining befarosatligidan achchig‘lanib, uning nomidan kechirim so‘radi o‘tirishga joy izlab atrofga alanglayotgan qariya. – Har kun jangshayman, ko‘pchilikni oldida bo‘kirib gapirma, deb. Qayoqda…
Qorachopon, e, bilmabman, checha, bizdan o‘tdi, deb astoydil xijolat chekdi, uzr so‘ray-so‘ray qorong‘iga o‘tdi.
Olimjon allaqayerdan suyanchiqsiz stul opkeb, qariyani o‘tqazdi.
– Baraka top, bolam,
– Olim­­­­jonni alqadi chol. So‘ng o‘tirganlarga yuzlanib duo qildi: – Hammani dardiga xudo shifo bersin. Do‘xtir ulimgayam uzun umr, keng fe’l, ketmas davlat bersin, iloyim, bola-chaqasining rohatini ko‘rsin.
Shu orada supada Qozoqboy aka paydo bo‘ldi. Olimjon uning qo‘liga suv quygani chopdi. Men bo‘lsam, mo‘ysafidni gapga solmoqchi bo‘ldim.
– Qayeringiz og‘riydi, ota? – dedim yonboshiga cho‘nqayib.
– Hech qayerim! – dedi chol odamni hayron qoldiruvchi xotirjamlik bilan bukchaygan qaddini zo‘raki rostlab. – Ko‘rmayapsanmi, otdayman. Duxtir ulimga rahmatimni aytib, bir duo qilay, dedim.
– Bundan chiqdi, davolanibsiz-da?
Shu payt yana yonimizda paydo bo‘lgan qorachoponli yigit savolimni eshitib, otasining o‘rniga javob berdi:
– Davolandi! Lekin bu yerda emas. Otamni doktor Beknazarov davoladi, – yigitning ovozi endi ancha muloyim edi.
Ota o‘g‘liga bir nimalarni mulohaza qilgan alpozda qarash qilib, keyin menga burilib davom etdi:
– Nekin bizdiki panglagan kasal ekan. Qishda Jumanazarvoy Qamayga kelganida, ro‘para bo‘lib edim. Ko‘rdi, kasalingiz ancha chimlagan, Toshkanga bormasangiz bo‘maydi, maydagana aparasta qilamiz, gijinglab ketasiz, dedi. O‘rtanchi ulim moshiniga mindirib obordi. Aytganiday, sal kunda tuzalib, Qo‘ysintosh mingboshini ayg‘iriday gidinglab ketdim. Navro‘zda yana bir uchrashasiz, devdi. Uchray, duo qilay, ham nevaramni bir ko‘rsatay deb… Nevaracham hali mayda – chuvachak, nekin birpasda kattarganini fahmlamay qolasan, qiz mardum birovning xasmi-ku, hozirdan salomatligiga alhayda qaramasang, erta bir kun pushaymonda kuyib qolish hech gapmas.
– Nima qilgan?
– Yeganini qusadi, qornida bir gap bor.
– Sizni kasaling­iz-chi, o‘zi, nima edi?
– Qar-rilardi kasali, ulim, qar-rilardiki… – otaxon shunday deyayotib, boshini men sari sal-pal egdi-da, ovozini pasaytirib: – Sarani maydasida achishardi, qiynalardim, – dedi-da, labini qulog‘imga tekizguday yaqinlashtirib yana bir nimalarni shivirladi. Tovushi olis-­olislardan arang eshitilayotgan suvning jildirashidek shu qadar past ediki, har qancha tirishib quloq solmayin, hech nimani anglolmadim. – Shuytib, – davom etdi keyin tovushini rostlab. – Buni qarangki men bormagan tabib, men uchramagan do‘xtir qomadi. It ko‘rmagan kunlarni ko‘rdim. Barisi har xil gap aytadi, har xil dari jozadi – chilg‘iy naf jo‘q. E, bu tarafini aytavursam, milliyonlar ketdi-yov. Jumanazarvoy bo‘sa, do‘xtirxonada joy bo‘shagancha, ikki kun uyida obyotdi, otasi tirilib keganday izzat-­ikrom ko‘rsatdi, bir kapiksiz – teppa-tekin tuzatdi. Mayli, O‘zbekistonni boshqa jaylarini aytmayin, faqat shu – o‘zimizdi Qamashini o‘zida yiliga moshina-moshina najaramlar tuzalib, jo‘rtib ketyapti. Ichingda nima dardi-kasaling borligini chiraq jaqmay biladi. Manovlardanam, – deb o‘tirganlarga ishora qildi mo‘ysafid, – yarim tanga omaydi, baraka topkur. Mundayini shu jayni o‘zida tuzatadi-qo‘yadi. Qo‘li parday jengil. Undayrog‘ini Qarshi yo Toshkanga jo‘natadi. Qarshidayam, Toshkandayam jo‘ralari zich, aytib, tayinlab qo‘yadi ota-enang­­ni go‘ri nurga to‘lgur. Duoga, savobga ko‘milib juripti. Shundaychikanlar borki, bu dunyo – dunyo bo‘p turipti-da, inim, ha.
Otaxonning yana bir nimalar degisi bor edi, Qozoqboy akaning kelishi suhbatimizni shu yerda uzdi.
– Boboyning boshini galdiratmay, baqa yuring, – dedi tirsagimdan ushlab. – Azim Suyun bet-qo‘lini chayguncha, oyoqyoydi qilib kelamiz.
Azim Suyun, Toshkentdan kelgan yana bir mehmon – Jumanazar akaning shogirdi, tibbiyot fanlari nomzodi Alisher Tojiboyev bilan boshqa xonada tunagan edi.
Ko‘chaga chiqar-chiqmas, orqamizdan laylak yurish bilan yetib keldi.
Uchovlon har-har joyida chachilma-ko‘lmak chang qo‘ngan ko‘zguday xira yaltirab turgan jim-jit tosh ko‘cha bo‘ylab qishloq chetidagi qirga o‘rladik. Osmon chinniday tiniq, Tong yulduzidan bo‘lak yulduzlar asta-asta so‘nib, xo‘rozlar qichqirig‘i tinib borayotgan azon alagovgum palla edi. Bir kun avvalgi yomg‘irda artilgan chinniday tomlarning tunukalarida tonggi oq-qo‘ng‘ir yog‘dular tovlanardi. Ahyon-ahyonda itlarning hurganini aytmasa, qishloq ahli hali uyquda edi.
Yo‘lda nimalar haqida gaplashganimiz xotiramda qolgan emas. Ammo qirda turib, qishloqning tunuka-shiferli tomlari, qadrdon va osoyishta dashtu dalalari hamda uzoqdagi qir-adir­lardan tun pardasi ohista ko‘tarilayotganini tomosha qilib turganimizda, Azim akaning inja havas bilan:
– Shu chet qishloqdan Jumanazar Beknazarday odam chiqqaniga hech ishonging kelmaydi! – deb qo‘l silkitgani aniq yodimda qolgan.
Yodimda qolganining yana bir sababi – aynan o‘shanday shirin gumon o‘zimning xayolimdan ham o‘tganida bo‘lishi mumkin.
Darhaqiqat, Qamay degani, cho‘l bo‘lib cho‘lga, tog‘ bo‘lib toqqa o‘xshamaydigan bir g‘o‘jala makonda qaror topgan, biz turgan tepalikdan sersolib qaragan kishiga, qishloq xuddi oftobda uzala tushib yotgan bahaybat ko‘lvorga o‘xshab ko‘rinardi.
– Gapingiz qiziq bo‘ldi-ku! Nima, sizni qishlog‘ingiz bundan avlomidi? – dedi Azim akaning shoirona hayratidan rohatlangan Qozoqboy aka. So‘ng meni ko‘rsatib, dedi: – Bu og‘amniki-chi? Parij emasdir, harholda?
– Shundaylikka shundayku-ya! Faqat, bu – Jumanazar Beknazar degani – baloyi azim-ku! Bilmagan narsasi yo‘g‘-a? – deb saf oldidan o‘tayotgan sardordek u yoqdan bu yoqqa yura boshladi Azim Suyun. – Kechagi gaplarini qarang? – deb o‘ziga xo‘p yarashimli ehtiroslarga ko‘milib davom etdi shoir. – Hujayralarning o‘z ongi, o‘z siyosati, o‘z tushunchasi bor emish. Oltmish yoshga kirgan hujayralar yigirma yoshli hujayralarni ko‘rganda o‘z-o‘ziga savol berib, men nega unday emasman, dermish. Keyin, men ham shularday bardam, kuchli bo‘lishim kerak, deb oldinga intilarmish. Bu tibbiyot nuqtai nazaridan isbotlangan emish.
– Abulqosim az-Zahraviy to‘g‘risidagi gaplari shunchaki bilimdonlik emas, – deb davom etdi Azim aka. – O‘zini ko‘z-ko‘z qilish ham emas, chin millatparvarning dardi, kuyunishi.
– Men bu alloma haqida eshitmagan ekanman, to‘g‘risi, o‘zimdan uyalib ketdim, – dedim taassufimni yashirmay. – Eynshteynning nisbiylik nazariyasi, Mendeleevning davriy jadvali degan yangiliklardan voqif ekanman-u, ammo ajdodlarimiz yaratgan kashfiyotlarning ko‘pidan xabarim yo‘q ekan haligacha. Az-Zahraviy bobo Ibn Sinoga zamondosh bo‘lgan, dedi, to‘g‘rimi?
– Men ham bu hakimni uncha bilmas ekanman, – dedi Qozoqboy aka. Uning ovozida ham xijolatga o‘xshash bir nima sezilib turardi. – Dunyo meditsinasida “Pott kasalligi” deyiladigan umurtqa pog‘onasi sili Persival Pott sharafiga qo‘yilgan. Vaholanki, az-Zahraviy bu kasallik to‘g‘risida Pottdan 700 yil oldin yozib ketgan ekan. “Katarakta” kasaliniyam birinchi bo‘lib az-Zahraviy topgan ekan. Bulardan tashqari, Jumanazar akaning ma’lumoti bo‘yicha, jarrohlik tarixida ilk bor oqma teshiklarni kuydirib davolash, qon tomiridan hosil bo‘lgan o‘smalarni olib tashlash, til osti pufagini kesib olish, tromboflebit deyiladigan tomir kasalini operatsiya qilishniyam az-Zahvariy kashf etgan ekan. Lekin bu kashfiyotlarning barisi yevropalik olimlar nomiga o‘tib ketgani juda achinarli.
– Ayniqsa, anovi, peritonitmidi, qorin pardasining yallig‘lanishi, dedi-ku, shu kasallik bo‘yicha ulug‘ hakimga nisbatan qilingan adolatsizlik menga yomon ta’sir qildi. Xo‘sh, XIX asrgacha Ovro‘po jarrohlari bu kasalning davosi yo‘q deb yurishgan bo‘lsa, Seltsovskiy degan o‘ris jarrohi bir kitobida bu kasalni davolash yo‘lini dunyoda birinchi bo‘lib 1866 yili Pirogov topdi, deb olamga jar solsa-yu, az-Zahraviy bobo bu donolardan sal kam 850 yil oldin, ichaklar jarohati ichakdan qilingan ketgut degan ip bilan tikiladi va qorin bo‘shlig‘iga joylanadi, deb aniq-tiniq ko‘rsatib ketgan bo‘lsa, bu haqsizlikka nima deyish kerak?
– Ibn Sino hazratlariyam ana shunday adolatsizlikka duchor bo‘lgan! – deb yana sardorcha yura boshladi Azim aka. Uning ishonch va dadil qadam tashlashi tortinchoq kishilardan emasligini aytib turgandek bo‘ladi doimo. – Qo­­­­­­­­­vuq bilan peshob chiqarish kanalida tosh turib qolganda kuzatiladigan birinchi belgi farang olimi Bryun nomi bilan atalarkan. Aslida esa, undan 900 yil oldin Ibn Sino bu belgini topgan va davolash yo‘llarini ko‘rsatib, sharhlab bergan. Hatto hozirgi paytga qadar unga bironta yangilik yo izoh qo‘shilmabdi. Lekin hozirgachayam hech kim buni Ibn Sino simptomi deb atamaydi. Jumanazar aka kuyunganiday, axir, buning Ibn Sino qalamiga tegishli ekanini farangistonlik olimlar yaxshi bilishgan-ku? Qariyb XIX asr boshigacha “Tib qonunlari” Ovrupodagi tabobat institutlarida asosiy darslik sifatida xizmat qilgan-ku!
Azim Suyun so‘zlayotganida bir-ikki marta uni bo‘lmoqchi bo‘lganday harakat qilgan Qozoqboy Yo‘ldosh, u pauza qilgan zamonoq, gapga tushdi:
– Jumanazar aka kecha tag‘in bitta zo‘r gap aytdi: insoniyat xazinasiga birinchi bo‘lib kim nimani hadya etgan bo‘lsa, kimning aql shu’lasi, tafakkuri eng avval zimis­tonni yoritgan bo‘lsa, uning huquqini, mualliflik sharafini xalqaro maydonda himoya qilaylik. Har kim o‘zi yaratgan kashfiyotga egalik qilsin. Bobolarimiz yaratgan kashfiyotlar ularning nomi bilan atalsin. Eng muhimi, tarixiy haqiqat tiklanadi. Akaning bu gaplarida katta ibrat bor. Aka bu masalada sizu bizga o‘xshagan qo‘lida qalami borlar ham qo‘l qovushtirib turmasligi kerak, demoqchi bo‘layotir.
Bepoyon qir-adirlardan ko‘z olmay turgan Azim Suyun ilkis sergaklandi:
– Chekka, ovloq deymiz-u, aslida undaymas! – dedi u.
– Qozoqboy aka, sizga rahmat, hozirgina o‘rinli dakki berdingiz menga. Kim aytadi bu yerlarni xilvat deb! O‘zbekis­tonning beli-ku! Jayhungacha hali qancha-qancha qishloqlar, shaharlar, bog‘-rog‘lar, dala-dashtlar bor. Amudan u yoqdagi mamlakatlarda necha xil millatlar yashaydi. Qolaversa, huv anovi tog‘lar etagida sokin bir qishloqda sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari dunyoga kelgan. Zamonamizning buyuk shoiri Abdulla Oripovni yo‘rgaklagan, quchog‘ida allalab o‘stirgan Neko‘z degan qishloqcha ham bu yerdan uncha uzoq emas. Ha, men boyagi so‘zimni qaytarib oldim: Jumanazar Beknazar degan hodisot yorug‘likni ko‘rgan bu makon ham azal-azaldan avliyolar yurti bo‘lmish aziz vatanimizning hamma qishloqlariga o‘xshagan tabarruk manzildir. Men – Yer yuzining yarmini kezib chiqqan odam aytyapti bu gaplarni!
Azim akaning baland pardalardagi falsafiy xulosalari olimlarning shoiri Qozoqboy akani ham ilhomlantirmasligi mumkin emas edi, albatta.
– Go‘zal! – dedi u quchog‘ini keng yozib, tiniq va bepoyon havoni quchoqlamoqchi bo‘lganday. – Jahonda O‘zbekistonday go‘zal, to‘rt fasli ham bir-biridan maftunkor va boy mamlakat yo‘q. Yurtimizning har qadami muqaddas, har qarichida o‘nlab avliyolar yotibdi.
Xuddi shu xulosani kutib turganday, etakda Olimjon ko‘rindi.
– Ustozlar, choyga! – dedi u yaqinlashib.
– Nega sizning kalla aka­n­g­iznikiday maftunkor emas? – deb hazillashdi Qozoqboy aka uning kelishgan qaddi-basti, akasinikiday porlab turgan ko‘zlari va tortinchoqlik bilan tez-tez jilmayganda yarqirab ko‘rinadigan sadafdek oppoq tishlariga zavqlanib qarab.
– Bitta palakda har xil qovun pishadi-da, ustoz! – dedi yer tagidan Qozoqboy akaga qarab kulib turgan Olimjon, qo‘li bilan og‘zini berkitar ekan.
Hazil-huzul nonushta chog‘ida ham davom etdi. Chakkiga qorilib, qalampir solingan keskan oshni Jumanazar akasiz ichvoldik.
Ana-mana deguncha, choylashib o‘tirgan xona mahalla faollari, maktab o‘qituvchilariyu tuman hokimligidan kelganlar bilan to‘ldi hamki, Jumanazar aka bo‘shamadi. Hamon qabul bilan ovora edi u kishi.
– Endi bizga javob, – dedi mahalla oqsoqoli keskan oshni xo‘rillatib-xo‘rillatib simirib bo‘lganidan keyin, o‘rnidan qo‘zg‘alib. – Borib, u yoq-bu yoqqa qarab turaylik.
– Boring, odamlar yig‘ilib qolgandir, do‘xtir bo‘shashi bilan men ham mehmonlarni olib, orqangizdan yetib boraman, – dedi maktab direktori.
– Ha, aytganday, – deb eshikdan chiqayotgan joyida yarim burildi oqsoqol. – Senariyni do‘xtir bilan kelishib olish esingizdan chiqmasin-a?
– Hoziroq shuni boshlaymiz,– deb direktor kostyumining ich cho‘ntagidan to‘rt buklangan ikki varaq qog‘oz chiqardi. – Sizlar ko‘pni ko‘rgan odamsizlar, – dedi varaqni tizzasiga qo‘yib tekislarkan. – Qozoqboy aka, o‘zingiz bir ko‘z tashlang.
Qozoqboy aka:
– Manovi odamning yarim umri vahimali maylislarda o‘tgan, kiftini keltiradi, – deb direktor uzatgan qog‘ozlarni menga o‘tkazib yubordi.
Men:
– Bu masalada Azim akamizdan o‘tari yo‘q, – deb Azim Suyunni ro‘para qildim. Azim aka bir ko‘z yugurtirib yonboshiga uzatdi.
Xullas, shu asno “senariy” aylanib-aylanib yana Qozoqboy akada to‘xtadi.
Muhokama boshlandi.
– Yilboshini shu reja bo‘yicha o‘tkazadigan bo‘lsak, tag‘in bir hafta Qamayda yotarkanmiz-da, – dedi Qozoqboy aka chordona qurvolib. So‘ng: – Yar­mini ixchamlash kerak, – deb qo‘liga ruchka olgan edi, direktor:
– Sizlar boshlab bersangiz bas, qolganini o‘zimiz jaydarichasiga davom ettiraveramiz, – dedi “qisqartirmang” deganday shoshilinch izohlab. – Odamlarimiz shu bahona bir yayraydi-da, mehmon. Undan tashqari, kessak, Jumanazar do‘xtir xafa bo‘lishi mumkin. Axir, u yigirma yildan beri o‘tkazib keladi bu tadbirni. Qariya­larning boshi osmonga yetadi, duo qiladi, yoshlarning xursand bo‘lishlari-chi?!
“Senariy”, haqiqatan ham, bag‘oyat uzun va keng ko‘lamli edi. Unga ko‘ra, dastlab mehmonlar, ya’nikim biz birin-ketin ma’ruzalar qilishimiz, she’rlar o‘qishimiz kerak; keyin qishloqning yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlariga, so‘ngra 66-maktabning eng a’lochi o‘quvchilari va respub­likaning turli oliy o‘quv yurtlarida a’lo baholarda o‘qiyotgan qamaylik talabalarga sovg‘alar topshiriladi. So‘ngra kam ta’minlangan va muhtoj oilalarga tuhfalar berilishi, undan keyin kontsert, mushoira, sumalak, aytishuv, sport musobaqalari, chillik, bazbarak, zuv-zuv, quloq cho‘zma, suyak otar, kurash, ko‘pkari deydigan qadimgi o‘yinlar…
Muhokama avjiga chiqqanda, nihoyat, xonaga Jumanazar aka kirib keldi.
Uning mijjalari qizargan, ammo ruhi tetik, kayfiyati har doimgiday baland edi.
– Donishmandlardan biri, dunyodagi eng og‘ir narsa zerikishdir, degan ekan, – de­di eshikdan kirishi bilan baland ovozda. – Sizlarni zeriktirib qo‘ymadikmi?
– Abu Ali ibn Sino bobomiz jon chiqar paytida: “Biz o‘lamiz va o‘zimiz bilan birgina narsani olib ketamiz, u ham bo‘lsa: “Biz hech narsani bilmadik!” degan tuyg‘udir”, degan ekan, – dedi Qozoqboy aka hozirjavoblik bilan. – Biz ham necha ming yillardan beri siz bilan davradosh esak-da, sizni mutlaqo bilmas ekanmiz. Siz bizga o‘xshaganlar uchun ulkan universitet, butun boshli entsik­lopediya, zamonamiz qahramoni ekansiz-ku!
– Maqtov degan holvaytar faqat qizlargamas, bizgayam yoqadi! – deya yayrab-yashnab kuldi Jumanazar aka. – Ayniqsa, sizday zukko sinchiniki.
– Men hazillashayotganim yo‘q! – dedi sinchi. – Professorman deydiganlarning ko‘pi o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ining yo‘lini esidan chiqarib yuborgan – yillab qadam bosmaydi, hamqishloqlarini mensimaydi, davlati siznikidan o‘n barobar ko‘p, betidan moy tomib turgan esa-da, ming joyiga pichoq ursang, bir tomchi qon chiqmaydi. Aka, ibrat olishimiz shart bo‘lgan xislatlarning hammasi sizda jam ekan.
Qozoqboy aka mehru muhabbat bilan shu so‘zlarni aytayotganida, mening xayolimga Toshkentning Qorasuv mavzesidagi to‘rt qavatli “dom”ning uchinchi qavatidagi uch xonali uy keldi. Jumanazar aka shu manzilda o‘g‘illarini uylantirdi, nevaralar ko‘rdi. Shu xonadonda yashab, doktorlik dissertatsiyasini yoqladi, tibbiyotga doir 300dan ortiq ilmiy maqolalar, 60 ga yaqin ilmiy ixtirolar hamda ratsio­nalizatorlik takliflarining muallifi bo‘ldi.
“Tosh balosi”, “Guldek nozik”, “Bolangiz nega bezov­­ta”, “Ona va bola tayanchi”, “Qamay dostoni”, “Yoniq yuragim”, “Mehr quyoshi”, “Iztirob­lar komida”, “Vatan – yoniq yuragim”, “Manzildan keyingi yo‘l” kabi qator-qator ilmiy va badiiy asarlar yozib, kitobxonlar yuragidan joy egalladi. “Shuhrat” medaliga sazavor bo‘ldi. Televizor va matbuot­dagi tibbiyotga oid dolzarb mavzulardagi mazmunli chiqishlari bilan esa butun respublikaga tanildi, hurmat qozondi. Dang‘illama imoratlar qurish, eng oxirgi rusumdagi mashinalar minish, har yili Antaliya, Bali degan dunyoga mashhur joylarni aylanib, huzur qilib dam olish qo‘lidan keladi uniyam. Lekin bunday hoyu havaslardan tiyiladi, odmigina ro‘zg‘oridan ortganini xayrli yumushlarga sarflaydi, sarflayotir. Bugun ham, “senariy”dan ko‘rinib turibdiki, shu maqsad yo‘lida bir necha million tuhfa qilinadi. Sinchi akamiz aytganidek, zamonamizning chin qahramoni, aslida, shunday insonlar emasmi?!
– Siz tezroq taomlanib oling, vaqt bo‘ldi, u yoqda xaloyiq kutib qolmasin, – deb qistadi direktor. Va shu zahoti to‘satdan o‘ta muhim gap esiga tushib qolganday:
– Menga qarang? – dedi Jumanazar akaga. – Nima uchun ba’zi bir ayollar hadeb qiz tug‘averadi? Narigi guzardan ikkitasi: birida uch, birida ikki qiz bilan ajralib ketdi. Ikki quda, ikki qarindosh – bir-birini ko‘rsa, tishini g‘ijirlatadi, yuz ko‘rmas bo‘lib o‘tiribdi.
– Siz bir emas, bir nechta savol berdingiz. – Eshikdan kirgan joyga cho‘kkalayotib shoshilmay javob bera boshladi Jumanazar aka. – Birinchidan, shu narsani yaxshi bilib olishimiz shartki, farzandning o‘g‘il yoki qiz bo‘lishi faqat erkakka bog‘liq. Bu masala hozirgi paytda fan tomonidan aniq isbotlangan. Bu holatni soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsam, odam hujayrasining yadro qismida xromatin deb atalgan modda bo‘ladi. Hujayra ko‘payishi oldidan ana shu xromatin alohida tanachalar hosil qiladi va ular xromasomalar deb ataladi. Xromasomalar insonda 23 juft bo‘ladi. Ularning oxirgi bir jufti erkaklarda boshqacha, ayollarda boshqacha bo‘ladi. Erkaklarda bu juft ikkita har xil xromosomadan tashkil topadi, ularning biri X, ikkinchisi esa Y xromosoma deb ataladi. Ayollarda Y xromosoma yo‘q. Urug‘lanish natijasida xromosomalar soni 46taga yetadi. Agar spermatozoidda X xromosoma bo‘lsa, bo‘lajak farzand qiz bo‘ladi, agar Y xromosoma bo‘lsa, o‘g‘il bola dunyoga keladi. Demak, XX – qiz, XY – o‘g‘il bola degani. Bu qonun. Shuning uchun qiz bola tug‘ilishiyam, o‘g‘il bola tug‘ilishiyam erkakka bog‘liq. Agar qiz farzanddan keyin yana qiz tug‘ilsa-yu, uydagilar: bu ayolning ichi to‘la qiz ekan, uyga kemasin, o‘shayag‘dan onasinikiga ketavursin, deb xarxasha qilishsa, yo‘-o‘q, og‘am, aybni kelindan emas, kuyov to‘radan izlang, deyish kerak.
Xonada yengil kulgi ko‘tarildi.
– Endi bir-biriga qarindosh bo‘lgan mahalda naslning nuqsonli bo‘lib tug‘ilishi va bu holat keyingi naslga berilishi haqida, – davom etdi doktor. – Bu masalada dunyoning hamma olimlari betinim ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib boryapti. Faqat O‘zbekistonning o‘zida shu mavzuda yigirmadan ortiq doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalari yoqlangan.
Bilasizlar, inson organizmida diyenka, ya’ni riboksin kislotalari deyilmish kislotalar bo‘ladi. O‘shalarning har bir aylanasida to‘rtta aminokislotalar bo‘lib, bu aminokislotalar, agarda bir-biriga o‘xshash zinapoyalarda joylashgan bo‘lsa, o‘shalarda ko‘proq nuqson paydo bo‘ladi. Agar ular qanchalik begona bo‘ladigan bo‘lsa, nogironlik yoki nasl suradigan kasallik o‘shancha kam bo‘ladi. Balkim, deyarli bo‘lmaydi. Shuning uchun qarindosh-urug‘dan qiz olganda ham qiz bolaning tug‘ilishi begonalar bilan quda bo‘lgan mahaldagidan 5,2 marta ko‘proq bo‘ladi. Oqibatda, hozir siz aytganday, ajralish tufayli eng yaqin og‘aynilar ham yuz ko‘rmas bo‘lib ketadi.
– Boshqa savol bo‘lmasin! – dedi direktor davradagilarning bitta-­yarimtasi Jumanazar akani yana so‘roqqa tutib qolmasin degan ohangda. – Odamlar mahtal bo‘lib qoladi.
– Masala menda qolgan bo‘lsa, – de­­­­­di Jumanazar aka. – Bitta qorinni ko‘chada yurib ham to‘ydirib ketaveraman.
– Unday bo‘lsa, yo‘lga tushaylik. Qani, omin!
Hamma shu ishorani kutib turgan ekan – baravariga qo‘zg‘aldik.
Bir ko‘cha bo‘lib ketib boryap­miz.

III

Yo‘lda ketib borayotib, negadir, kutilmaganda, bir yilcha avval taniqli adib va adabiyotshunos olim, professor Pirmat Shermuhamedov boshchiligida bir guruh adiblar bilan ustozimizning qishlog‘iga borganimiz va xuddi mana shu ko‘chaga o‘xshash ko‘chalarni to‘ldirib uchrashuvlarda yurganimiz esimga tushib ketdi. Pirmat akamizning bolalardek beg‘ubor kulgisi quloqlarim ostida jarang­lab, hazil-huzullarimizga javoban: “qo‘ymaysiz-qo‘ymaysiz…”, deya bosh liqillatishlari va hatto ohista-ohista tashlayotgan qadam tovushlarigacha eshitib-ko‘rib turgandek g‘alati bo‘lib ketdim. Ustozimiz bu yorug‘ dunyoni tark etganidan beri oradan bir yilcha vaqt o‘tdi. Naqadar tez o‘tar ekan umr deganlari: bugun bor odam – ertaga yo‘q. U bilan qancha voqealar yo‘q bo‘lib ketadi. Xotiralar, faqat xotiralar qoladi undan.
Pirmat Shermuhamedovga alohida to‘xtalayotganimning yana bir sababi bor: u kishi – Jumanazar Beknazarovga tug‘ishgani singari qadrdon og‘a edi, o‘z inisidek suyardi. Bizni, ya’nikim Jumanazar aka bilan meni tanishtirgan ham shu kishi bo‘ladi.
Tanishuvimiz tarixi esa mana bunday: o‘tgan asrning saksoninchi yillari. Bolalar gazetida ishlayman. Tahririyat qoshidagi “Yosh qalamkashlar” to‘garagi mashg‘ulotlarini o‘tkazish ham bizni zimmada.
Mashg‘ulot o‘tadigan kunlarning biri edi. Hali bolalar yig‘ilmagan payt­­da, xonamizga o‘rta bo‘yli, qirra burun, oq sariqdan kelgan, sochi silliq taralgan, chiroyli kiyimlari o‘ziga yarashgan o‘ttiz – o‘ttiz besh yoshdagi bir ziyoli kishi shaxdam kirib keldi. (O‘rni kepqoldi, taqqoslab ko‘rishga qulay bo‘lsin uchun, akamning hozirgi ko‘rinishi borasida ham ikki og‘iz gapiray. Diqqat qiling: bo‘y o‘sha – o‘rtacha va tik, peshona – keng, burun – qirra, oq-sariq yuzlar – qotma va silliq, salgina oq tushgan sochlar yigitlarnikidek qalin, egnida kuyovbolalarning tim qora kastyum-shimi, oq kuylagu qizg‘imtir galstuk uzukdagi ko‘zdek libosiga yarashgan. O‘rtacha qalinlikdagi qoshlar ostida chaqnab turuvchi mo‘g‘il ko‘zlar o‘ychan boqadi. Ko‘rinishi – serjahl, serg‘ayrat, kuydi-pishdi, qiziqqon odamga tortadi-yu, ammo shoshilmay qadam tashlashi, har bitta harfni torozida tortib ko‘rayotgandek salmoqlab gapirishi buni inkor qiladi va sersalobat odamga aylantiradi. Yetmishga yetayotgan esa-da, ellikdan yuqori yosh berolmaysiz. Lo‘nda qilib aytganda, ko‘ngli toza, imoni but odam aslo qarimaydi, degan naqlga tiniq misol.)
Bir suhbatda Pirmat aka: “ Jumanazar haqida gap ketganda, kishi beixtiyor ravishda sergap bo‘lib ketadi, xuddi otasiga “besh”larini tezroq ko‘rsatgisi kelgan boladay, suhbatdoshiga uning hamma ibratli fazilatlarini aytgisi keladi. Birini aytsang, ikkinchisi undan ajoyib tuyulaveradi”, degan edi.
Pirmat akaning Jumanazar aka haqida aytgan yana bir gapini hozir yozmasam bo‘lmaydi: “Jumanazar juda shirali, obrazli qilib gapiradi. O‘xshatishlarni topadi, juda aniq, sodda, tushunarli bo‘ladi ifodalari. Gohida xiyol cho‘zib yuborgandek tuyulishi ham bor gap. Lekin aylantirib-aylantirib, xuddi yoyilib ketgan iplardan arqon eshganday fikrlarini yana bir nuqtaga jamlaydi. Ochig‘i, bunchalar otashin ehtiros va quyuq fikr bilan turtinmay, to‘xtamay, qoqilmay, o‘ylanib qolmay gapirish hech birimizning qo‘limizdan kelmaydi. Qoyil qoladiganim yana shundaki, fikrlari avvaldan bir ipga tizilgan marjon singari eshilib, pishib, navbati bilan, tartibni buzmay oqib kelaveradi”.
Bo‘ldi.
Endi – orqaga qaytamiz: kirib keldi. Yonida quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshab turgan to‘qqiz-o‘n yoshlardagi bola.
– Assa-lo-mu alaykum! – dedi hijjalab va burro qilib. – Siz Abusaid mirzosiz, shundaymi? Bizni huzuringizga Pirmat domla yubordilar. Pirmat Shermuhamedov.
Ismimni buzib yoki chala aytgan, yo bo‘lmasa, qanaqadir sifatlarni qo‘shadiganlarni yomon ko‘raman: shu nafasdayoq javobini bergim keladi. Ammo bu odamning shashti, eski tanish­lardek o‘zini emin-erkin tutishi ta’sirimi yoki Pirmat Shermuhamedovning nomi o‘rtaga tushganimi, bilmadim, ishqilib, unga qo‘rs­lik qilolmadim. (Hozirgacha “Abusaid mirzo” deydi, faqat shu kishiga indolmayman, ko‘nikib ketdim, shekilli.)
– Mana bu yigitcha bizning to‘ng‘ichimiz bo‘ladi. Oti – Zoir. Jurnalist bo‘lmoqchi. Hozircha bir nimani qotirib tashlagan joyi yo‘q. Lekin bir-ikkita tarjimasi bor, ruschadan, o‘qituvdik, Pirmat domlaga ma’qul tushganday bo‘ldi. Gazetada to‘garak borliginiyam shu kishidan bildik. Qisqasi-kalom, shu yigitchaga muallimlik qilsangiz, deb oldingizga yetalab kelavurdik. Nima deysiz?
– Nima derdik – to‘garakning eshigi xamma uchun lang ochiq, – dedim, garchand o‘rtada Pirmat akadek suyumli ustozim turgan bo‘lsa ham uncha xushlamay.
Xushlamasligimning yana bir sababi: hali tanishib ulgurmagan odamlarning, tasir-tusur gapirishlari, menga – maqtanchoqlik bo‘lib ko‘rinadi va g‘ashimni keltiradi.
Ammo Qozoqboy akaga o‘xshaganlar uchun bu holat “bezbet”lik emas, dadillik – odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchining belgisi hisoblanadi. “Vijdonli, lafzi halol, birovdan tili qisiq joyi bo‘lmagan jasur odamlar hech kimdan cho‘chimaydi va fikrlarini dadil bayon qiladi, Jumanazar aka ana shunday mardlar toifasidan, – deydi u kishi. – Men shu fikrning tasdig‘ini ko‘p ko‘rdim. Jumanazar akadagi ochiqchasiga va jo‘shib bahslashish xususiyati uning chuqur ma’rifiy bilim egasi ekani bilan izohlanadi. Va, uning tabiatida chaqmoqdek qudratli nimadir borligidan dalolat beradi”.
Nimayam derdik, bir odamni har kim har xil ko‘radi.
Faqat, “chaqmoqdek qudratli nimadir borligi…”ga qo‘shilib, yana quyidagilarni aytgim keladi: men ham o‘tgan yillar davomida bu odamning tarix, meditsina, filologiya, sharqshunoslik, astranomiya, qadimshunoslik, botanika va yana boshqa fanlar bo‘yicha bahs va munozaralarda hamisha faol ishtirok etgani va boshqalarni og‘ziga qaratganini ko‘p kuzatdim. Shuning uchun ham Qozoqboy akaning: “U mudroq, behafsala yuraklarga tog‘u toshlarni gumbirlatib, o‘zaniga sig‘maylar ketgan bahorgi sel misoli kirib boradi.
U o‘z fikridan boshqalarni ham bahramand qilish yo‘lida hech narsadan qaytmaydi.
Uning so‘zlari ko‘rmagan narsalaring­­ni ko‘rishga, bilmagan narsalaringni bilishga undaydi.
U ochilib-sochilib suhbatlashganida ham, katta minbarlardagi ilmiy munozaralarda ham hech qachon bosiqlik chegarasidan chiqmaydi, bahs odobini buzmaydi, “o‘tlab” ketishdan tiyiladi…” deyilmish fikrlariga yuz foiz qo‘shilaman.
Ha, mayli. Bular, endi, keyingi gaplar.
Xullas, Zoir shu kundan boshlab, ko‘p qatori mashg‘ulotlarga qatnab yurdi. Ancha uquvli, qobiliyatli ekan: hademay gazetada xabarlari, maktab hayotidan yozilgan maqolalari chiqdi, tarjimalari e’lon qilindi. Ammo, maktabni bitirganidan keyin jurnalist bo‘lmadi – otasining izidan ketdi.
Biz esa, bir yoqda o‘g‘li, bir yoqda Pirmat aka bahona turli-tuman sabab­lar bilan uchrashadigan bo‘ldik.
Jumanazar akani birinchi ko‘rganimda birorta institutning domlasi bo‘lsa kerak, deb taxmin qilgan edim, uning doktor ekanini keyin bildim. Bir qancha tanish-bilishlarim, qarindosh-do‘stlarim bu odamning qo‘lida davolanib, sog‘ayib ketdi.
Jumanazar aka o‘sha mahalda O‘rta Osiyo pediatriya institutida ishlar, hali ilmiy darajasi ham yo‘q, ammo institutdagi obro‘yi eng e’tiborli professornikidan kam emasdi.

IV

Bir ko‘cha bo‘lib qishloqning kun chiqar betidagi yashil maysa bilan qoplanayotgan keng sayhonlikka yetdik. Atrof chumoliday odam – yurib bo‘lmaydi. Qamay emas, tuman, butun Qashqadaryo ko‘chib chiqqanday go‘yo. Bir necha joyda o‘tov-chaylalar tiklangan, chaylalarda xonzodalar kabi bezangan biri-biridan go‘zal kelinchaklar su­zilib turibdilar, samavorlar qaynab yotibdi, kaboblarning yoqimli hidi dimoqni qitiqlaydi, qirq quloqli qozonlarda sumalaklar suzilmoqda, ko‘chma magazinlarda savdo-sotiq avjida, baland simdorda ota-bola darbozlar hayratli tomoshalar ko‘rsatmoqdalar, karnay-surnay, o‘yin-kulgi, lakalak bazm avjida. Osmonu falakni to‘ldirib yuborgan son-sanoqsiz varraklar esa xuddi bir to‘da qaldirg‘ochlardek goh zuvillab ko‘kka ko‘tariladi, goh shuvillab u yoqdan – bu yoqqa shox tashlaydiki, o‘sha lahzalarda yeru osmon bolalarning quvnoq qiyqirig‘iga to‘lib ketadi. Nariroqda ot choptirib yurgan o‘n-o‘n besh chog‘li o‘smirning “hayyo huv”i ularga jo‘r bo‘ladi.
O‘sha kuni, bunday manzarani ko‘riboq sevinchdan esankiragan har qanday odam kabi biz ham deyarli baravariga: “Voy-vo‘y!” deb yuborganlarimiz hanuz esimda.
Maydonga yaqin borganimizda bir to‘da qizlar chopqillab kelib, hammamizga gullar ulashdi. Teparoqdagi taxta-yog‘ochdan yasalgan sahnaga ko‘tarilganimizda esa… bo‘ldi qarsak, bo‘ldi qarsak!
“Senariy”da belgilanganidek, bayramni Oqguzar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi qisqacha kirish nutqi bilan ochib, birinchi so‘zni Toshkentdan kelgan mehmonlarga berdi. Dastlab professor Qozoqboy Yo‘ldosh gapirdi. Keyin Azim Suyun she’r aytdi. Men ham bir nimalar dedim. Alisher do‘xtir “Meniki gapga yo‘q”, deb so‘zga chiqmadi. O‘zimiz bilan olib kelgan kitob­larni – yuztacha bor edi – shu yerning o‘zida maktab kutubxonasiga topshirdik.
Shundan so‘ng qishloqdagi yoshi ulug‘ nuroniylarga, 66-maktabning Sabina O‘rolova, Og‘abek Maxatov, Ro‘zimurod Do‘rmonov, Shahlo Ulashova, Javohir Mixliyev kabi o‘n olti a’lochi o‘quvchisiga va oliy o‘quv yurtlarida yuqori ko‘rsatkichlar bilan o‘qiyotgan qamaylik to‘qqiz talabaga sovg‘alar topshirildi.
Illo, bu yerda gap masalaning moddiy emas, ma’naviy jihatdan bebaholigida. Qishloqdoshlarining minnatdorlik so‘zlarini eshitgan har qanday inson bunga qayta-qayta iqror bo‘ladi.
– Xudo xohlasa, katta bo‘lsam, albatta, Jumanazar Beknazarovday vrach bo‘laman!
– Men Jumanazar Beknazarovday hamma havas qiladigan odam bo‘lishni orzu qilaman. Maktabdayam, institutdayam a’lo baholarga o‘qiyman.
Bu so‘zlar – 66-maktabning to‘rtinchi va beshinchi sinf o‘quvchilari Suxrob Ochilov va Madina Rahmonovaning orzulari edi. Jumanazar Beknazarovning murg‘ak va beg‘ubor yuraklarga sepgan ezgulik urug‘larining hozirdanoq nish urib, quyoshga tomon intilayotganidan dalolat edi bu. Maydonni to‘ldirib turgan yuzlab katta-kichik qalblarni to‘lg‘antirayotgan mana shu muqaddas tuyg‘ular, vaqti-soati bilan albatta ko‘karadi, sersoya, serhosil azamat daraxtlarga aylanadi.

V

– Siz Jumanazar akadan qarzdorsiz, – dedi bayramdan qaytayotganimizda Qozoqboy aka xuddi tomdan tarasha tushganday qilib menga. – Bu odam haqida bir narsa yozishingiz kerak. Ammo oldindan aytib qo‘yay, – deb davom etdi mo‘ylovini chimdib, bir nimalarni o‘ylab va negadir kulimsirab, – Jumanazar Beknazar degan hodisot to‘g‘risida yozish qiyin: u shiddatkor, jo‘shqin va otashin inson. Hayot unga ko‘tarinki va tantanavor ehtiroslarni o‘ta saxiylik bilan vagonlab bergan. Bilasizmi nima, Jumanazar aka birovlarda ko‘rgan ijobiy xislatlarning hammasini oshirib ko‘rsatadi – maqtaydi. Yomon illatlar yaqiniga bormasin, deb shunday qiladi, hatto bijg‘igan qalblardagi havoniyam tozalab, nafis va otashin orzularga to‘ldirib yuboradi, qalblarga o‘t yoqadi. Arzon mulohozalar girdobiga o‘ralashmaydi. Uning so‘zlarini bir marta eshitgan odam maftuni va oshig‘i bo‘lib qoladi.
Umuman, Jumanazar Beknazarda odamlarga aytadigan, aytmasa bo‘lmaydigan fazilatlar shunchalar ko‘pki, bunday alloma to‘g‘risida bir yoqlama gap aytib qo‘yish xavfidan cho‘chimoq kerak. To‘g‘risi, faqiringiz bir urinib ham ko‘rgan. Uzoq yili, 60 yoshga to‘lganida, bir maqola yozganman, lekin ko‘nglim to‘lgan emas. Yozmoqchi bo‘lib qalam olsam, desangiz, so‘zlar hurkitilgan ohu galalaridek tutqich bermaydi, voqealar ummoni ichra adashib, gangib qolavuraman.
(Manovi o‘xshashlikni ko‘ring! Menda ham aynan shunday bo‘lgan – Qozoqboy akaning kuni boshimga tushgan. Men ham bir maqola yozay deb rosa uringanman, bir necha kun o‘ylanib yurganman. Ammo, qaysi voqeadan boshlab, qaysisida tugatishni bilolmay, axiyri, “Doktor Jumanazar Beknazarovning armoni” degan manavi sakkizlikni yozish bilan ko‘ng­limni ovutganman:

Oltmish yoshdan o‘tib, mundoq qarasam,
Uch mingdan oshibdi jarrohlik ishim.
Kimningdir koriga shodsan – yarasang,
Va xasta lablarda ko‘rsang tabassum.
To‘yu tomoshada ehtirom bisyor,
Shukur, do‘stlarim ko‘p, ko‘plar taniydi.
Ammo, qani edi, bo‘lmasa bemor,
Men boshqa ish izlab yursam, qaniydi…

– Endi, siz bir urinib ko‘ring, – dedi Qozoqboy aka “topshiriq”qa nuqta qo‘ygan bo‘lib. – Balki, hammaga suyumli odamni bor bo‘y-basti bilan tasvirlash qo‘lingizdan kepqolar.
– Sizdek yozarman uddalamagan ishga bizga yo‘l bo‘lsin! – dedim Qozoqboy akaga “urinib” ko‘rganimni bildirmay.
– Haqiqatan ham, yaqinlaring haqida yozish oson emas, – deb suhbatga qo‘shildi halidan beri Qozoqboy akaning so‘zlarini jimgina eshitib kelayotgan Azim Suyun. – Mundoq qarasang, Jumanazar Beknazar haqida hech nima aytilmagandek. Ammo “bir nima” yozmoqchi bo‘lsang, hamma gap aytib bo‘linganga o‘xshaydi. Qolaversa, tinib-tinchimas bu ShAXS – o‘zi to‘g‘risidagi hamma gapni radioyu televideniyedagi chiqishlari, gazetayu jurnallarda e’lon qilgan maqolayu suhbatlari orqali allaqachon aytib bo‘lgan.
Shu vajdan “bir nima” yozmoqchi bo‘lganda takrorlar va umumiy tafsilotlar joy olish xavfi paydo bo‘lishi ayon haqiqat. Unga muhabbat izhori – eng iliq ifodalarimiz yetmay qoladigandek bo‘laveradi. Umuman, akaning jarrohligi, adibligi to‘g‘risida ancha-muncha yozuvlar, maqolalar mavjud. Ammo fazilatlarimizga fazilatlar qo‘shadigan xususiyatlari to‘g‘risida kam yozilgan.
Mana, masalan, u kishidagi xislatlarning o‘zimizga yaqin qirrasi – shoir va yozuvchiligini olib ko‘raylik. Qozoqboy aka, siz – mashhur adabiyotshunos, ayting-chi, men oshirib aytyapmanmi, a?
– Juda to‘g‘ri, Jumanazar Beknazarni o‘ziga xos fikrchan she’riyati, boshqalarga o‘xshamaydigan yoqimli prozasi bor. She’rlarida ehtirosu tuyg‘ular to‘foni bir qadar vazmin va bosiq, shoshqin hayajonlar izga tushgan. Prozasida aql bilan ijod qilayotgan nasr ustalari singari xotirjam o‘ylab yozish dunyosiga kirgani sezilib turadi. Ehtiros barobarida zakovat va ilm birinchi planga chiqqanday tuyuladi. Muhimi, yozganda, shunchaki ko‘ngil chigilini yozish uchun qalam ushlamaydi, odamzotning ruhiy holatlarini kavlashtiradi, mungli qatlamlarni topishga intiladi, jimjimabozlik qilmaydi.
Xalqchil soddalik, folklor priyomlariga moyillik ham o‘z iste’dodining tabiatidan, so‘zga sodda bir mo‘jiza deb qarashidan kelib chiqqan fazilatdir.
Yana, o‘ta kuzatuvchanlik, sezgirlik va tasviriy jihatdan behad go‘zal bitilgan publitsistik maqolalariyam borki, ularning qimmatiyam uncha-muncha badiiy asardan kam emas.
– Haligi… “Vatan – yoniq yuragim” dostoni shu kishiniki edi, a? – deb Qozoqboy akaning so‘zini bo‘ldi Azim Suyun. – Esimda qolgani, o‘z vaqtida ancha shov-shuv bo‘luvdi. Favqulodda fikr evrilish­lari, kutilmagan tashbehlar, rassomlarga xos tasvirlar ko‘p edi. Yaqinda “Manzildan keyingi yo‘l” degan kitobi qo‘limga tushib qoldi. G‘alati, noan’anaviy uslubda yozilgan. Real hayot tasvirlari fantastika unsurlari bilan qorishib ketgan ajabtovur asar ekan. Yarmi nasr, yarmi nazm. Ammo har ikkisi bamisoli oltin halqalar kabi ijodkor g‘oyasini bus-butun ifodalashga xizmat qilgan. She’r­lardagi to‘lqinli, dardli misralar, fojialar aro mumtoz olamni orzu qilgan ezgu nurlar elas-elas ko‘zga tashlanadiki, bu muallifning zamonaviy adabiy usulda yoza bilish mahoratidan dalolat berib turadi.
– E’tibor qilgan bo‘lsangiz, kamina – ana shu kitobga mas’ul muharrir, – dedi Qozoqboy aka g‘ururlanganday bo‘lib. – Asar garchand hammamizning ustozimiz, mashhur alloma Begali Qosimov hayotiga bag‘ish­langan esa-da, unda ilm mashaqqatlarini boshidan kechirgan va kechirayotgan juda ko‘plab zahmatkash insonlarning taqdirini ko‘rish mumkin.
Azim aka, siz hozir bu asarni “noan’anaviy” deb to‘g‘ri aytdingiz, hatto ta’kidlash mumkinki, bir qadar sirli.
Sirliligi – bu dunyoda yashab o‘tgan insonning ikkinchi umri tasvirlanganida. Asarni shunchaki o‘qib bo‘lmaydi, shunchaki o‘qigan o‘qirman yozuvchining maqsadini tushunmaydi. Bunday asarlarning tagma’nosi va asl g‘oyasini anglash, ijodkor fikrining sehri va so‘z muzikasi jaranglarini qalbdan sezib, uning nafis ohanglar bilan to‘lib-toshgan jozibasini his qilish uchun avvaldan bir qadar tayyorgarlik ko‘rishdan tashqari, yana sabr bilan, mag‘zini chaqib-chaqib o‘qish kerak bo‘ladi. Diqqat qilgan bo‘lsangiz, asarning har sahifasida insonning jo‘shqin, sertashvish va notinch hayoti haqida chuqur falsafiy xulosalar bor.
– Asarda she’r va musiqa singari ichki ohangdorlik ham mavjud. Ona tilimizni a’lo darajada bilgan va nozik his etgan yozuvchigina shunday muvaffaqiyatga erishadi, – deb uni quvvatladi Azim aka. – Men daryo-daryo so‘zlar orasidan eng jozibador, kuchli, go‘zal va o‘ziga eng keraklisini topib tanlaganiga qoyil qoldim. Faqat, janri… Bu dostonmi, povestmi…
– Doston ham, povest ham, roman ham emas, – deya darrov javob berdi Qozoqboy aka. – Yangi janrdagi asar. Avtobiografiya emas, hozircha, insoniyat iztiroblarining quyma jamlamasi, desak ham bo‘ladi. Xuddi qadimgi xalq dostonlari singari, unda poeziya bilan proza qo‘shilib, uyg‘unlashib, yangi bir ajoyib janrni vujudga keltirgan.
– Gleb Gorbovskiymidi, shu bo‘lishi kerak, aniq shu, – dedi Azim aka. – Ruslarning shu shoiri, men she’riyatni telbalik deb hisoblayman. She’riyat bu – darveshlikdir. U Parvardigorning in’omi, degan. “Parvardigorning in’omi” degani rost, lekin telbalik, darveshlik degani bizga o‘xshashlarga to‘g‘ri kelsa kelar-u, – deb bu so‘zidan o‘zi zavqlanib ketdi-yu, xo-xolab yubordi. – Lekin Jumanazar akaga to‘g‘ri kelmaydi. – dedi kulib bo‘lgach. – Jumanazar Beknazar asarlarini o‘qigan, uni bilgan odam Gorbovskiyning fikrlarini tamomila inkor qilishi turgan gap. To‘g‘ri, aka hech qachon yozuvchilikni da’vo qilgan emas. U kishi besh mingdan ortiq jarrohlik operatsiyasi qilgan zo‘r jarroh, qarindosh-urug‘lariga mehribon, do‘stlariga sodiq, davragir. Xalqimizga xos donishmandlik, odamshavandalik, ezgulik, olijanoblik tamoyillariga rioya qilib yashayotgan bunday insonlarni alloma deb ulug‘lash lozim. Shuning uchun ham aka, – dedi butun gavdasi bilan men tomon o‘grilib.
– Qozoqboy akaning “Bu odam haqida bir narsa yozishingiz kerak”, degan gapini men ham quvvatlayman.
– Ana ko‘rdingizmi?! – dedi Qozoqboy aka ruhlanib. – Madomiki, Azim akangizday shoir ham shu fikrda ekan – kasbi-kori shifokorlik bo‘lmish odamning shoirona qalbi, hayratli tuyg‘ulari haqida tezda bir nima yozmasangiz bo‘lmaydi. Bilib qo‘ying, birovlarning shuhrati shu’lalaridan nurlanishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan, asl odamlar hamisha kamyob bo‘lgan.
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deydilar Navoiy hazratlari. Jumanazar aka shu bugunning o‘zida qancha odamning ko‘nglini shod aylab, duosini oldi.
– So‘zingiz – bizga ma’jun. – dedim itoatkorona.
– Jumanazar aka komil va komron inson, dabdabali hoyu havaslardan tiyilib, “yurak farmoyishi” bo‘yicha hayot kechiruvchilarning timsoli.
– Xudo xohlasa, hammamiz – galalashib – bir nima yozarmiz…
To‘g‘risiyam shu-da: vaqti kelib, albatta, Qozoqboy akaning ta’rifi bilan aytganda, “Jumanazar Beknazar degan hodisot” to‘g‘risida nimalardir yoziladi. Agar o‘shanday “bir nima”ni men yozadigan bo‘lsam, Jumanazar akaga qanchalik ehtirom va mehr bilan qaragan va uning xususida nimaiki o‘ylagan bo‘lsam, barisi o‘sha maqolada ifodalanadi. Bunday maroqli “narsa”ni hozir yozolmayman. Hozir… tasavvurlarim, xulosalarim baayni sirli tuman ichida qolganday qorishiq va betizgin.
Gap-gap bilan qishloqqa olib kiruvchi ko‘cha boshiga yetganimizda, boya hamqish­loqlari qurshovida qolib ketgan Jumanazar aka oppoq “Kaptiva”da orqamizdan yetib keldi.
– Sizlarga rahmat! – deb birma-bir qo‘limizni siqib chiqdi mashinadan tushgan zahoti. – Sizlarsiz bayram behad g‘arib bo‘lib qolgan bo‘lar edi.
– Bunday yoqimsiz gaplarni qo‘ying. Biz nima qippizki… – qo‘llarini nochorona yozdi Qozoqboy aka. – Xo‘sh, maqsadga o‘taylik, suv omborga ketdikmi?
Jumanazar aka taraddudlandi.
– Sizlarga hamray bo‘lolmayman-ov… – dedi xijolatomuz. – Bahromnikiga to‘rt-beshta hamyurtlar kepqopti. Olisroqdan ekan…
– Judayam vaqtida kelishipti-da, baraka topishsin. O‘zi, siz bizga ortiqchalik qilayotuvdingiz, – kulgiga oldi masalani darrov ilg‘agan Qozoqboy aka.
– Ulgursam, izingizdan yetib boraman.
Shofyor “g‘ir” etib tashlab kelaman, deyishiga qaramay, Jumanazar aka shogirdi Alisher Tojiboyevni yoniga olib, piyoda-piyoda jo‘nadi.
Biz “Kaptiva”ga mindik.
– Bu dunyoda shunday yashasang-da… – dedi Qozoqboy aka havas bilan Jumanazar akaning ortidan.
Aslida, hozir hammamizning ko‘nglimizni charog‘on qilib, nurli shu’lalar sochib turgan aziz tuyg‘u ham xuddi shu edi.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 3-son