Abdunabi Haydarov. Jurnalistika hangomalari

Unutilmas saboq

O‘shanda 1974 yilning kuzi, aniqrog‘i, endigina maktabni bitirib, tuman gazetasida ishlayotgan kezlarim edi. Bir safar ilg‘or mexanizator haqida maqola yozish yuzasidan topshiriq oldim. Shunga ko‘ra, yig‘im-terim avjiga chiqqan dalaga bordim, mexanizatorni ish ustida uchratib suhbatlashdim. Hatto, traktorchilikdan xabarim borligi bois, unga qo‘shilib mashinada paxta terdim. Keyin shu asosda lavha yozdim. U gazetaning shanba sonida chop etildi.
Albatta, bu men – boshlovchi jurnalist uchun katta yutuq edi. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Dushanba kuni ertalab xonada ishlab o‘tirgandim, eshik shahd bilan ochildi-yu, ostonada qahramonim ko‘rindi. U men bilan nomigagina so‘rashdi-da, qo‘qqisdan muddaoga o‘tdi.
– Hov, uka! – dedi ko‘zlarimga qattiq tikilarkan, zardali ohangda. – Men otim Itolmas ekanligini aytgandim, sen nega Yetolmas deb yozding? Xo‘sh, nimaga yetolmas, nimadan quruq qolar ekanman?..
Kutilmagan savoldan avvaliga esankirab qoldim, so‘ngra oldimda turgan gazetaga shosha-pisha ko‘z yugurtirdim. Qarasam, ismi rostdanam Yetolmas yozilibdi. Uni kim, qachon o‘zgartirganini bilolmay, tasodifan xonaga kirgan bo‘lim mudiriga iltijoli boqdim.
– Ha, tinchlikmi? – Bo‘lim mudiri mexanizatorga yuzlandi. Uning dardini eshitgach, masalaga oydinlik kiritdi. – Ayb bu ukamizda emas, – dedi menga ko‘z qirini tashlab. – Aslida sizning ismingiz eskicha va nojoizroq ekan. Shuning uchun gazetaga qo‘l qo‘yishdan oldin muharrir bilan maslahatlashib, sal o‘zgartirdik.
– Nega?!. – Mexanizator battar jahl otiga mindi. – Axir, eskichami-yangichami, yoqimlimi-yoqimsizmi, bu rahmatli ota-onam qo‘ygan ism-ku! Ular mendan oldingi besh farzandi turmagani uchun shunday qarorga kelishgan. Bu bolamiz yashab qolsin, uni Xudo o‘z panohida va yomon ko‘zlardan asrasin, loaqal it ham daxl etolmasin degan ma’noda shunday yo‘l tutishgan. Sizlarga birovning otini buzib yozishga kim huquq bergan? – U bir zum to‘xtab nafas rostlagach, piching aralash so‘zida davom etdi. – Unda, ana, bir hamqishlog‘imning ismi forschada Zarima, o‘zbekchasi – “past, tuban, yomon”, ehtimol, uniyam o‘zgartirib berarsizlar?!.
Xullas, Itolmas aka uzoq tortishdi. Oxiri bizni tavbamizga tayantirib, uzr so‘rattirdi.
Bu voqea men uchun bir umrlik katta saboq bo‘ldi. Shu-shu mudom odamlar ismini to‘g‘ri va to‘liq yozishga, mazmuniga e’tibor berishga odatlandim. Keyinchalik republika miqyosidagi nufuzli gazetalarda ishlagan chog‘larim aynan shi mavzuda birmuncha chiqishlar qildim. Eng muhimi, ismlarga qiziqqanim sayin barchasi o‘ziga xos teran ma’no-mazmunga va “tarjimai hol”ga egaligini chuqurroq anglay boshladim.

Bobom rahmatlining “vasiyati”

2001 yil ko‘klamida “Xalq so‘zi” – “Narodnoye slovo” gazetalarining o‘sha davrdagi Bosh muharriri Abbosxon Usmonov ajoyib tashabbusga qo‘l urdi: debochasiga tahririyat ijodiy xodimlarining barchasiga bittadan kompyuter olib berdi. So‘ngra soha mutaxassislarini  yollab, bir oy davomida bu texnologiyadan qanday foydalanish lozimligini o‘rgatdi.
Tabiiyki, yoshlar kompyuter saboqlarini tez o‘zlashtirib olishdi. Men tengi qirchillama yoshlilarniing ham ko‘p o‘tmay qo‘llari ancha kelishib qoldi. Faqat yillar osha qo‘lyozmalarini yozuv mashinasida ishlovchi ayollarga terdirishga o‘rgangan yoshi ulug‘larga qiyinroq bo‘ldi. Ular hadeganda bu yangilikka ko‘nika olishmadi. Jumladan, 38 yillik boy tajribaga ega, ko‘pchilik uchun ustoz maqomidagi bir oqsoqolimiz ham ancha mushkul ahvolda qoldi. Ammo qarta o‘ynashni qoyillatadigan, unga azbaroyi ruju qo‘yganidan ko‘pincha shoshilinch materiallarni ham vaqtida tushirmaydigan, ba’zan tushlikka chiqmaydigan bo‘ldi.
Oxiri ahvol shu darajaga borib yetdiki, Abbosxon aka uning kompyuterini oldirtirib qo‘ydi. Baribir foydasi bo‘lmadi. Endi oqsoqol qo‘li ishdan bo‘shadi deguncha, o‘zi boshqarayotgan bo‘lim xodimlarining kompyuterini egallab olib, “qartavozlik” qiladigan odat chiqardi.
Bir kuni o‘sha xonaga bosh suqsam, oqsoqol har doimgidek a’lo kayfiyatda berilib kompyuter o‘ynayapti. Boshqalar o‘z yumushi bilan band. Faqat kompyuterning egasi – yoshi mendan sal kattaroq “akaxon” burchakdagi stulda qo‘lini qovushtirib, qurolini yo‘qotgan suvoriydek xomush o‘tiribdi. Men “Tinchlikmi?” deganday ko‘z urishtirdim. U “Ko‘rmayapsizmi, har kungi ahvol” degan ma’noda teskari o‘tirgan oqsoqol tomonga jur’atsizgina ishora qildi. Boyaqishning ich-etini mushuk tirnayotganini sezib, avvaliga rahmim keldi, keyin qitmirligim tutdi.
– Mening bobom rahmatli xo‘p ajoyib odam edi, – dedim xonaning o‘rtasida g‘oz turib olgancha, ovozimga tantanavor tus berib. – U 1975 yil 5 fevral kuni ertalab soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganda jon berishi oldidan bir etak nabiralari orasidan shaxsan meni qoshiga chaqirib, bir gap aytgan. Aniqrog‘i, “Bolam, kompyuter bachchag‘arning oldida ko‘p o‘tirma, sog‘lig‘ingga zarar!” degan.
Bu gapimni eshitib, boshqalar miyig‘ida kulib qo‘yishdi. “Akaxon” esa “Qachon?.. Qachon dedingiz?” deya o‘rnidan turib ketdi. Men yana takrorladim:
– 1975 yil 5 fevral kuni ertalab soat o‘ndan o‘n besh daqiqa o‘tganda, qor urib yog‘ayotgan paytda!
– I-e! – “Akaxon” battar taajjublandi. – Axir u vaqtlarda bunaqa narsalar yo‘q edi-ku?!.
– E, menga qarang, qanaqa ovsarsiz? – O‘zimni achchiqlanganga solib, uning so‘zini cho‘rt kesdim. – O‘sha paytda nima bo‘lgan-bo‘lmaganining hozir nima ahamiyati bor? Muhimi, sizga  manavi kompyuteringizni olib bersam bo‘ldimi?..
Ilmoqli gapim oqsoqolga endi borib yetdi, shekilli, to‘satdan o‘rnidan qo‘zg‘aldi-yu, “akaxon”ga “Ana, oling, matohingiz boshingizdan ordona qolsin”, dedi. So‘ngra menga xo‘mrayib, “Bildik, bobongiz ja-a aqlli bo‘lgan ekan!” dedi-da, labiga sigareta qistirgancha, tashqariga chiqib ketdi.
Xonada gur-r etib kulgi ko‘tarildi…

Tepada “surishtiruv”, pastda “urishtiruv”

Jurnalistikada ish kuni, ish haftasi degan gaplar nisbiy tushuncha. Chunki bu kasb egalari uchun vaqt oltindan-da qimmat. Aksariyati kechqurun uyiga borgach, apil-tapil ovqatlanadi-yu, yarim tungacha ijod bilan shug‘ullanadi. Shanba-yakshanba kunlari ham dam olish o‘rniga dolzarb mavzuga bag‘ishlangan yaxshi maqola yozish ilinjida qog‘oz-qalamga oshno tutinadi. Tahririyatdagi ahvol esa ma’lum: ishga erta kelish boru, erta ketish yo‘q!..
Hamon esimda, o‘shanda avji yoz chillasi edi. Soat sakkizdan oshgan, ammo gazetaning ertangi sonini tayyorlash hali nihoyasiga yetmagandi. Shu bois rahbarlar, navbatchilar va musahhihlar o‘z o‘rinlarida edi. Men esa ijodiy xodimlarga ajratilgan hayhotdek zalda tanho o‘zim ishlab o‘tirardim. Bir mahal o‘rtadagi chor tarafi ochiq dahlizdan kotibiyat tomonga o‘tayotgan Abbosxon aka meni ko‘rib, yurishdan to‘xtadi:
– Ha, Abdunabi, bugun navbatchimisiz?
– Yo‘q, – dedim hozirjavoblik bilan, – sizning topshirig‘ingiz bo‘yicha bir haftadan  buyon navbatdagi “Jurnalist surishtiruvi”ni yozayotgandim. Hozir shuni davom ettirayapman. Har qalay, hech kim yo‘q, tinchgina. Xayol bo‘linmaydi…
– Hm-m, tushunarli, – Abbosxon aka negadir lablarini qimtib, sirli jilmaydi. – Demak, bugun tepada surishtiruv, pastda urishtiruv ekan-da.
Bu “xushxabar”dan ilkis hushyor tortdim. Chunki boya maosh olayotganimizda kimdir “Bugun bir otamlashamiz. Har kim ataganini chiqaradi. Uchrashuv joyi – pastdagi oshxona, vaqti – ishdan keyin!” deganday bo‘luvdi. Shuni esladimu, oromim yo‘qoldi. Abbosxon aka kotibiyat tomonga burilishi bilanoq kompyuterni o‘chirib, lash-lushlarimni yig‘ishtirdim-da, pastga shoshildim.
Liftning oldiga yetganimda ortimdan tanish ovoz yangradi:
– Hov, afandi, yo‘l bo‘lsin? Yo pastdan “vahiy” keldimi, bunchalar shoshmasangiz…
Men “Yo‘q, uyga ketayapman! Kutilmaganda mehmonlar kelib qolishibdi. Hozirgina keliningiz telefon qilib aytdi!” dedimu, eshigi lang ochilgan liftga o‘zimni urdim.
 
“Statistika janrining piri, oshxona palovning zo‘ri”

Bu birodarimiz roppa-rosa o‘ttiz yildan buyon muxbirlik qiladi. Lekin kitob o‘qimaydi, qo‘shiq tinglamaydi. Boshqalar tugul, loaqal hamxonalari ijodiga ham qiziqmaydi. Inchunin, so‘z boyligi ham shunga yarasha, qalami to‘mtoqqina. Yakkash dehqonchiligu chorvachilikdan ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash, nuqul g‘ij-g‘ij raqamlardan iborat allambalolar yozib yuradi. Yana deng, yosh bolagayam ma’lum narsalarni so‘rayverib g‘ashga tegadi, sal yordamlashvorsangiz, o‘zidan-o‘zi “Bitta oshxona palov mendan!” deb katta ketvoradi-yu, amalda lafzida turmaydi. Shuning uchun biz uni hazillashib, “Statistika janrining piri”, “Oshxona palovning zo‘ri” deymiz.
Bir safar xonasiga kirsam, “pir hazratlari” dasta-dasta hisobotlarni oldiga qo‘yib olib, odatdagidek “statistik ijod” qilayotgan ekan. Uni sinamoqchi bo‘lib, so‘z qotdim:
– Menga qarang, do‘stim, siz iqtisodiyotning o‘ng yengidan kirib, chap yoqasidan chiqqan jurnalistsiz. Modomiki, shunday ekan, bir savolimga javob bersangiz: sholini kim yaratgan?
U maqtovimdan taltayib qaddini kerdi, zukko faylasuflardek, ma’nodor qilib, “Ha-ha, ha-ha”, deb qo‘ydi. Biroq javob berishga kelganda kalovlanib qoldi. “Bilardim-bilardim… Qayerdadir o‘qigandim. Faqat shu… hozir… hozir eslolmayapman” deyishdan nariga o‘tolmadi.
 Uning yolg‘on gapirayotganini sezib, men ham yolg‘onga o‘tdim:
– Unda eshiting, yodingizga solaman: allazamonlar Koreyada Sho Li degan zo‘r dehqon yashagan. U g‘allaning yangi turini yaratish ustida tinimsiz izlangan. Har xil boshoqli donlar urug‘larini o‘zaro chatishtira-chatishtira, oxiri sholini ixtiro qilgan. Shunga ko‘ra, kashfiyoti uning nomi bilan “Sho Li” deb atalgan. Keyinchalik bizning ajdodlarimiz ham bu ekinni yetishtiradigan bo‘lishgan. Shu asno ikki so‘zli nomini bitta qilib, sholi deb qo‘ya qolishgan. Tushundingizmi?
– Bo‘ldi-bo‘ldi, tushundim-tushundim. Rahmat, rahmat sizga! – U yana yaltoqlandi.
Men tashakkurni “bajonidil” qabul qilib, “ilmiy nutq”imni tag‘in-da zo‘raytirdim:
– Davomini surishtirsangiz, o‘sha Sho Lining Su Li degan jiyani bo‘lgan. U tog‘asi izidan borib, keyinchalik o‘z ism-sharifi berilgan sulini yaratgan. Qoyilmisiz?
– Qoyilman-qoyilman, rahmat sizga, rahmat! – “pir” oyoqqa qalqib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi.
Men temirni issig‘ida bosib qolishga intildim.
– E, shoshmang! – dedim ko‘zlariga sinchkov tikilib, – Nima, siz mendan keng ommaga noma’lum  shuncha qimmatli ma’lumotlarni bilib olib, quruq rahmat bilan qutulmoqchimisiz? Yo‘q, bunaqasi ketmaydi. Bozor sharoitida mushuk ham tekinga oftobga chiqmaydi. Uqdingizmi?
– Bo‘ldi-bo‘ldi, uqdim-uqdim. – U rang-ro‘yi oqarib, xona burchagidagi soatga bir qarab qo‘ygach,  – Obedda bitta oshxona palov mendan, – dedi.
Qisqasi, tushlikda ikkimiz notanish Sho Li “yaratgan” mo‘jiza ne’matdan tayyorlangan oshxona palov yedik. Biroq “pir” qurumsoqligiga borib, bu safar ham va’dasiga vafo qilmadi. Men “bebaho o‘gitlarim” zoye ketganiga achina-achina, o‘zim olgan oshning pulini o‘zim to‘ladim.

“Chunonchi” dorisini bilasizmi?

Qaysidir yozda tahririyatimizga amaliyot o‘tash uchun bo‘y-basti kelishgan, qoshu ko‘zlari popukdek ikki nafar talaba qiz keldi. Ularga rahbarlik qilish menga topshirildi. Dastlab ikkalasini gazetamiz yo‘nalishi, tahririyatning ish tartibi, bo‘limlarning vazifalari bilan tanishtirib, maqola yozish va tahrir qilish mahoratidan baholi qudrat saboq berdim. Ammo oradan hech qancha o‘tar-o‘tmas, sezdimki, bu qaqajonlarning kasbimizga qiziqishlari haminqadar. Chamamda, ular jurnalistika fakultetiga adashib kirib qolishganga, amaliyotni ham nomigagina o‘tash uchun kelishganga o‘xshaydi. O‘zlariga qo‘yib bersangiz, ertadan kechgacha kompyuter o‘ynash-u telefonda chaq-chaqlashishdan bo‘shamaydilar.
Shu bois ularni vaqtni behuda o‘tkazmaslikka, ishga mas’uliyat bilan yondoshishga, jilla qursa, jamoamizdagi taniqli qalamkashlar tajribasini o‘rganishga undadim. O‘z navbatida,  tanishib chiqib, fikr bildirishlari uchun qo‘llariga bittadan maqola berdim. Qizlar maslahatlarimni to‘g‘ri qabul qilib, o‘qishga kirishdilar.
– Domla, – dedi bir mahal novcharog‘i xayolimni bo‘lib, – “chunonchi” qanaqa dori?
Men uning dabdurustdan bergan savolidan hayron bo‘lib qoldim. Shu asno “chunonchi” asli forscha so‘z bo‘lib, shunday, shunday qilib, shunchalik, shuncha, shu qadar, rosa ma’nolarini anglatishi, grammatik jihatdan so‘zlovchining bayon qilinayotgan fikrga munosabatini, gap kimga tegishliligini, fikrning umumiy bahosini yoki oldingi fikr bilan aloqasini bildiruvchi “darhaqiqat”, “darvoqe”, “haqiqatan”, “menimcha”, “sizningcha”, “aytganday”, “aytgancha”, “albatta”, “shubhasiz”, “so‘zsiz”, “shekilli”, “chog‘i”, “chamasi”, “aftidan”, “ehtimol”, “balki”, “xullas”, “umuman”, “demak”, “nihoyat”, “zero”, “binobarin”, “qisqasi”, “aksincha”, “avvalo”, “avvalambor”, “zotan”, “xususan”, “ayniqsa”, “zora”, “koshki”, “yaxshiyamki”, “xayriyat”, “attang”, “afsus”, “ajabo”, “taajjub”, “ya’ni”, “ehtimol”, “balki” singari gap bo‘laklari bilan sintaktik bog‘lanmagan kirish so‘z vazifasini o‘tashi, uning “jumladan”, “masalan” kabi arabcha muqobillari borligi yodimga tushdi. Shu bois endigina “Chunonchi” – dori nomi emas”, deya gap boshlamoqchiydim, talaba qiz shoshqaloqlik qildi:
– Yo‘q, bu dorining nomi ekan. Ishonmasangiz, mana, ko‘ring, shunaqa deb yozilibdi…
Maqolada “Qon quyuqlashganda uni suyultiruvchi dori vositalari, chunonchi, indapamid, metokard, atoris, kardiomagnil iste’mol qilish tavsiya etiladi” degan jumla bitilgan ekan. Demak, qizi tushmagur gap ma’nosini fahmlamay shoshilinch xulosa chiqargan. Bir niyatim bu ketishda undan jurnalist chiqmasligini aytib, tanbeh bermoqchi ham bo‘ldimu, ammo dugonasining oldida uyaltirgim kelmadi.
– Agar shubhalansangiz, – dedim bosiqlik bilan, – o‘sha so‘z o‘rniga tire qo‘yib qo‘ya qoling.
Shu payt ikkinchi qiz ajablangan ko‘yi suhbatga aralashib:
– I-ya, unda bemorlar bu doridan bexabar qolishadi-ku, domla! – dedi.
“Fotima-Zuhro”larning savodi bunchalar g‘ovlaganiga kulishimni ham, kuyushimni ham bilolmay, birpas jim qoldim. Pirovardida yo‘lini topdim.
– Bo‘lmasa, bunday qilamiz, – dedim jiddiy ohangda. – Hozir sizlar biror kutubxonaga borib, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” hamda “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”dan shu “dori” nomining asl ma’nosini bilib kelasizlar. Keyin uni maqolaga kiritib, gazetada e’lon qilamiz. Qarabsizki, odamlar olamshumul yangilikdan bir zumda voqif bo‘lishadi. Qani,  endi shaxdam qadamlar bilan olg‘a!
Gapimdagi pichingni ham, kosa tagidagi nimkosani ham ilg‘amagan qizlar sumkachalarini yelkalariga ilib, kutubxonaga shoshilishdi. Men chuqur xo‘rsinib, ishimga tutindim.

Kerakli “tochka”

Gazetada jiddiy xato ketdi. Bosh muharrir vazifasidan olinib, o‘rniga boshqa odam tayinlanadigan bo‘ldi. Avvalgi rahbarning “o‘ng qo‘li” bo‘lib yurgan, yangisini orqavarotdan o‘ta qattiqqo‘l va talabchan deb eshitgan xo‘ppa semiz, tepakal muxbirning paytavasiga qurt tushdi.
– Endi men nima qilaman? – dedi u uch-to‘rt hamkasbiga qarata oshkora xavotir bilan. – Ishdan haydalamanmi?..
Xodimlar bir-biriga ma’noli qarab, jim qolishdi. Faqat ozg‘in-qotmadan kelgan feletonlar bo‘limi muharriri jahlini bosolmadi.
– Yo‘q, taqsir, siz ishdan haydalmaysiz, – dedi kesatiq aralash istehzoli kulib. – Xushomad hammagayam yoqadi. Eski hunaringizni qo‘llasangiz, yangi boshliq uchun ham “lyubimchikka” aylanasiz-qolasiz.
– Qanday qilib? – Muxbirga jon kirdi. – Ayting, aka, xo‘jayindi ko‘ngliga yo‘l topishdi kerakli tochkalarini ayting, jon aka!..
– Sizga o‘rgatishning hojati yo‘q, shusiz ham o‘zingizga kerakli har qanday odamning pinjiga kirib keta olasiz. – Bo‘lim muharriri shunday deya, jiddiy qiyofaga kirdi. – Maslahatim, odatdagidek, maqtovga zo‘r bering. Mana, masalan, yangi boshlig‘imizning akasi adabiyotshunos, katta olim ekan. Mavridini topib, ana o‘sha kishini bir-ikki davralarda rahbarimizning qulog‘iga yetadigan qilib maqtang. Iloji bo‘lsa, yozgan asarlarini nomma-nom eslab qolib, parchalar yodlang. Qarabsizki, har doimgidek oshig‘ingiz olchi bo‘ladi-qo‘yadi.
– E, ming rahmat sizga! – Muxbir xonadan chiqib ketarkan, qo‘shimcha qildi. – Bu yaxshilingizni unutmayman. Xudo xohlasa, o‘n karra ortig‘i bilan qaytaraman.  
 Bo‘lim muharriri to‘g‘ri aytgan ekan. Ko‘p o‘tmay muxbir rostdanam Bosh muharrirning eng ishonchli, eng sodiq kishisiga aylandi. Hatto jamoada o‘tkazilgan “tozalash” jarayonida ham faol qatnashib, kimni olib qolish kerakligini, kimning javobini berish lozimligini aniqlashda qimmatli “maslahat”ini ayamadi.
Tunov kuni bo‘lgan navbatdagi yig‘ilishda u so‘zga chiqib, shunday dedi:
– O‘rtoqlar, mana, hammangiz guvoh bo‘lib turibsiz, so‘nggi to‘rt-besh oy ichida gazetamiz avvalgiga nisbatan tubdan o‘zgarib, mutlaqo yangicha qiyofa kasb etdi. Berilayotgan maqolalar har jihatdan pishiq-puxta, saviyasi baland. Mavzulari ham rang-barang. Bunda shaxsan Bosh muharririmizning xizmatlari katta. Biz u kishidan qanday ishlash kerakligini o‘rgandik. Eng muhimi, shuncha yillar o‘tib, haqiqiy rahbarga endi yolchidik.
Bu gap Bosh muharrirga moydek yoqdi shekilli, u miyig‘ida kulib, ma’nodor tomoq qirib qo‘ydi. Biroq boshqalarning hafsalasi pir bo‘ldi.
– Menga qarang, sizda ozgina vijdon bormi o‘zi? – dedi feletonlar bo‘limi muharriri o‘tirgan joyida chidolmay. – Yaqinginada aynan shu gaplarni eski boshlig‘imizga qarata aytardingiz, endi bunisigami?..
– Tavba, men nima dedim? – Muxbir zarracha xijolat chekmay yelka qisdi. – Bor haqiqatni aytdim, xolos. Axir, yangi Bosh muharririmiz kelishi bilanoq jamoamizga toza havo kirib, gazetamiz rostdanam o‘zgardi-da…
Bo‘lim muharriri shahd bilan boshini ko‘tardi. “Sanga o‘xshagan laganbardorlarga jurnalistika hayf!” deganday, jahl bilan qo‘l siltadi. Buni ko‘rib, boshliqnig qovog‘i osildi. Hamon o‘rtada tik qotib turgan muxbir esa ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, u tomonga jilmayib boqdi:
– Men sizga bu akamizning o‘zi cho‘rtkesar, tili zahar, kezi kelganda, otasini ham ayamaydi, desam, ishonmovdingiz. Tili qanaqaligidan qat’i nazar, qalami o‘tkir bo‘lsa bo‘ldi, gazetamiz obro‘si uchun uning o‘zi emas, maqolasi kerak devdingiz, mana, ahvol…
…Bir haftadan so‘ng tahririyatda yana juz’iy o‘zgarishlar bo‘ldi. Ushbu gazetaning ta’mal toshini qo‘yganlardan biri hisoblanmish feletonlar bo‘limi muharriri o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shab, boshqa gazetaga o‘tib ketdi. Uch yilgina burun ish boshlagan muxbir esa uning o‘rniga bo‘lim muharriri etib tayinlandi.  
 
Suyunchi

Kasb bayramimiz arafasida televideniyega suhbatga taklif qilishdi. Bordim. Ko‘rsatuv boshlovchisining sohamizga doir savollariga qurbim yetganicha javob berdim.
Ertasi ertalab muloqotimiz efirga uzatildi. Uni ko‘pchilik hamkasblarimiz ham ko‘rishgan ekan. Ishxonaga kelishim bilanoq tabriklashdi. Ayniqsa, uzoq yillardan buyon yonma-yon xonada birga ishlab kelayotgan, o‘zini sal kattaroq tutadigan bo‘lim muharriri og‘zidan bol tomib gapirdi:
– Ammo-lekin qoyilman, jo‘ra! Barchamizning ko‘nglimizdagi gaplarni ro‘y-rost aytdingiz. Jurnalistikamiz muammolari sabablarini aniq dalillar asosida isbotlab berdingiz. Malades, ofarin sizga!
U qo‘limni qayta-qayta qisib, xonamdan chiqib ketdi. Xuddi shu payt to‘rt oycha burun safimizga qo‘shilgan yosh xodimimiz menga yuzlandi:
– Ustoz, shu akamiz sal ikkiyuzlamachiroqmi deyman?
– Nega? – ajablanib unga tikildim.
– Negaki, boya – siz kelmasingizdan sal oldinroq dahlizda turib olib, mutlaqo teskarisini aytuvdi. “Televizorga chiqish uchun shundan boshqa odam qurib ketganmi? U na Bosh muharrir, na bo‘lim mudiri, bor-yo‘g‘i oddiy muxbir bo‘lsa, butun jurnalistlar nomidan gapirishga qanday haqi bor?” deyayotgan edi. Endi esa…
Bu “xabar”ni eshitib, xafa bo‘lib ketdim. Yo‘q, shusiz ham fe’l-atvorini o‘zim yaxshi biladigan narigi hamkasbimdan emas, uning gapini oqizmay-tomizmay menga yetkazib, suyunchi olmoqchi bo‘lgan yosh xodimimizdan…

Abdunabi HAYDAROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.