Abduhamid Muxtorov. Tanbalbek nima deydi?.. (hajviya)

Otamgayam hayronman, endi yetmish beshga kirdiyu nafaqaga chiqaman, deb xarxasha qilgani-qilgan. “Hoy boboy, siz nafaqaga chiqsangiz bizlarni kim boqadi, bu yoqda nevaralaringizning kantrakt pulini to‘lash kerak”, deydigan odam yo‘q. Ana, Jobir o‘rtog‘imning otasi to‘qsonga kirdi, nafaqa haqida g‘iring deb og‘iz ochgani yo‘q. Eshagini minib olganicha g‘imir-g‘imir qilib nevaralarini boqib turibdi. Shularga qarab turib otamning xarxashalaridan jinim qo‘ziydi. O‘tkan kuni “Meni ishlatgani uyalmaysanmi yaramas, tambal?!”, deb tanbeh berdi. “Nega endi faqat sizni ishlatarkanman, yoningizga nevaralaringizni ham qo‘shib qo‘yibman-ku”, desam battar jahli chiqadi-ya.

Nima, men atay ishlamay yuribmanmi? O‘zimga qolsa hoziroq ishlagan bo‘lardim, lekin vaqt yo‘q. O‘rtoqlarim bilan har kuni tushdan keyin yig‘ilishamiz (tushgacha uxlaymiz), biror joyda to‘planib, ko‘ngilxushlik qilamiz, shundan so‘ng yarim kechagacha qarta uramiz. Bu “udum”ni buzib bo‘ladimi?.. Agar buzsam, ulfatlarim “Uni qara, otasi tirik turib, sag‘ir boladay ishlab yuribdi”, deb kulishlari mumkin.

Qolaversa, endigina qirq beshga kirdim. Hali yoshman, odamlar bilan ishlashib ketishga ko‘zim yetmaydi. Bola ko‘rishadi-da, meni. Undaymas, deysizmi? Bekor aytibsiz. Bir gal boboyning ta’nalari hiqildog‘imga kelganda, o‘g‘illarim bitirgan maktabga qorovul bo‘lib ishga kirdim. Mendan tashqari yana ikkita qorovul bor ekan. Ikkovi ham allaqachon saksonni urib qo‘ygan…

“O‘zbekning kichigi bo‘lguncha, kuchugi bo‘l”, derdi rahmatli Abdurayim bobo. Bu maqolning mag‘zini o‘shanda chaqdim. Ikki sherigim “Hoy bola, uni obke”, “Hoy bola buni obket”, deb tinka-madorimni quritib yubordi. Har gal, bas, endi aytganlarini qilmayman, deb ahd qilamanu, ammo maqtashganda erib ketaman: “E falonchiboy, otangga rahmat. Endigina qirqdan oshganingga qaramay ishlab yuribsan-a, otang peshonasi yaraqlagan odam ekan. Bizzi o‘g‘illarni ko‘rmaysanmi, ellikdan oshganu ishla desang, hali kichkinaman deydi”.

“Kam bo‘lma, aqlli bolaliging shunday yuzingdan bilinib turibdi. Katta bo‘lsang, yomon odam bo‘lmaysan”.

Baribir, bir kun bunday maqtovlar ham jonga tegar ekan. Bor-e, dedimu ishdan bo‘shab ketdim…

Shundan beri ishlaganim yo‘q. Umuman, ishlash niyatim ham yo‘q. Otam baqirib-chaqiravermay yana ozgina ishlab tursa, birin-ketin ikki o‘g‘lim o‘qishni bitirib keladi, ishlay boshlaydi. Mayli, shundan so‘ng otam nafaqaga chiqsa chiqaversin. Axir, biz ulfatlar o‘zimizning shiorimizga qattiq amal qilamiz: “Ellikgacha otam boqsin, ellikdan keyin bolalarim!”.