Abduhamid Muxtorov. Adashgan fikr (hajviya)

Uyga kelib fikrimni javonga qo‘ydim. Xudoga shukure, bir mazza qildim, bir mazza qildim. Bu xuddi hammomning parxonasiga qamalib qolgan odamning ozodlikka chiqishidan ham yoqimliroq edi. Ana endi, gazeta varaqlab, telivizor tomosha qilgancha achchiq ko‘k choyni simirib uyqu vaqtigacha yalpayib yotish mumkin. Shunday ham qilib endi cho‘zilganimni bilaman xotin diydiyosini boshlab qoldi:

– Dadasi. Non olib kelmabsiz-ku. Uning ustiga go‘sht ham tugaganiga ikki kun bo‘ldi. Mana bu tishlarimni shundoq sug‘urtirib ikkita tilla tish qo‘yib olsam bormi naq suv qunduziday bo‘laman. Shunga pul olib keling degan edim, uniyam esingizdan chiqargan bo‘lsangiz kerak. Mundoq bir xotinniyam o‘ylash kerakmi yo‘qmi o‘zi. Kiyaman demasam, yuraman demasam…

Qaysidir sho‘ri qurigan faylasuf aytgan ekan: Xotinlar avval gapirib, keyin o‘ylashadi, deb. Ba’zan o‘sha faylasuf mening xotinimni taniganmikan, degan shubhaga borib qolaman.

Tovba xuddi qo‘shni xotinga o‘xshab javraydi-ya. Falokat bosib fikrlarini almashtirib olishmaganmi ishqilib. Darhol oldini olmasam ozgina hordiq ham onasini uch qo‘rg‘ondan ko‘radi shekilli. Shart o‘rnimdan turdimu xotinning fikrini yulib oldim. Akumlyatori o‘tirgan qo‘l telefoniday chakagi o‘chdi-qoldi. Menga bir pas tikilib turdida, nimadir esiga tushganday, –  Oshxonaga o‘ting, ovqat suzaman, – degancha chiqib ketdi.

Javon yoniga kelib xonimning fikrchasini o‘z fikrim yoniga qo‘yishdan oldin salmoqlab ko‘rdim. Yengil, kichikkina, yaltiroq. O‘zimning fikrimni salmoqladim. Og‘ir, katta va dag‘al. Xotinimning boshiga sig‘ishi dargumon. Uniki esa… mening boshimda xumga tashlangan yong‘oqdek bo‘lib qoladi. Nobodo jin urib almashib qolsa bormi, kechgacha kallangda u yoqdan-bu yoqqa shaldirab jonga tegishi aniq.  Ha mayli, har kimga o‘ziniki aziz…

Yarim tungacha zangori ekran oldida o‘tirib uyqudan qolganim uchunmi, ertalab o‘rnimdan zo‘rg‘a turdim, uyquga to‘ymagan ko‘zlarim yumilib-yumilib ketar, qovoqlarim achishib, atrofimda nimalar bo‘layotganini idrok qilolmasdim. Bir amallab ishga otlandim. Mashinaga o‘tirmoqchi bo‘lib tursam xotin “To‘xtang, fikringiz qolib ketayaptiku”, deb ehtiyotdan lattaga o‘ralgan fikrimni berdi.

Uni olishim bilan boshimga joyladim. Keyin esa… Keyin esa, negadir mamnun bo‘lib ketdim. Yuvilganidan yaltirab turgan mashinamga qarab yosh boladay suyundim. Qo‘lginasi dard ko‘rmagur xotinim yuvib qo‘ygan. Meni xijolatda qoldirib nuqul shunaqa qilib yuradi. Orqamni bir silab mashinaga o‘tirdimu ishga jo‘nadim. Yo‘lda oynaga ko‘z tashladim. Qoshlarim juda beo‘xshov. Lablarim ham bir oz qovjiragan. Voy. Sochimga ham bir-ikkita oq tushibdi.

Go‘zallik saloniga yo‘l oldim.

Ishxonaga kirishim bilan hamkasblarim o‘rab olishdi.

– Vuy, qoshingizni “zebra”da terdirdingizmi?

– Lab bo‘yoqni yanayam ochidan surmabsizda o‘rtoq. Sal bilinib qopti.

– Ammo sochni zo‘r ximiya qilibdi. Biram ochilib ketibsiz-ey. Tuf-tuf-tuf iloyo ko‘z tegmasin.

Xijolatdan qizarib ketdim. Shunday ajoyib hamkasblarim bor-a. Men bo‘lsam gohida ularga qo‘rslik qilib, xafa qilib o‘tiraman-a. Voy mengina o‘lib qo‘ya qolay, qo‘rslik ham evi bilandee.

– O‘rto-o-o-o-q, jon o‘rtoq. Men o‘lgurni kechiring sizni juda yomon xafa qilib qo‘ydim-a, – dedim kecha janjallashib olgan hamkasbimga qarata.

U bo‘lsa yuzimdan cho‘lpillatib o‘pib oldi. Kechirdi, shekilli…

Kun ajoyib o‘tdi. Allaqayerdan kelgan maqolalarni tahrir qilib bosh og‘ritib o‘tirmadim. Hamxonalarim bilan rossa gaplashdik. Tushlik deb eshikni yopib olib uch soat laqillashdik. Bir birimizga kiyimlarimizni, uzuklarimizni, dazmol va kir mashinalarimizni hatto… hatto… Odam aytgani hijolatu, mayli aytaveraman. Ichkiyimlarimizniyam maqtanibmiz. Voy, mengina o‘lib qo‘ya qolay…

Shuncha yil ishlab bunchalik xotirjam, bugunchalik xushchaqchaq bo‘lmagan edim. Kechqurun hamkasblar o‘pishib xayrlashgancha uyga tarqadik.

Odatdagidek uyga kelib fikrimni yechsam xotinim javrab qoldi.

– Dadasi, sizga ertalab o‘zimni fikrimni berib yuboribman. O‘rniga siznikini ishlatib turay desam o‘lgur hech boshimga sig‘madi. Kun bo‘yi fikrsiz o‘tirishimga oz qoldi-ya. Xayriyatki kallam ishlab qoldi. (Fikrsiz kallaning ishlashini birinchi eshitishim!) Nima bo‘lsa – bo‘lar dedimu, bittayu bitta tovug‘imizning fikridan foydalana qoldim…

Nogahon qalampir chaynab yuborganday bo‘ldim.

Ie. Bu qanaqasi bo‘ldi. Hali men kun bo‘yi xotinimining fikrini ko‘tarib yurdimmi? Xudo urib qo‘yibdiyu. O‘zimam o‘ylovdima, nega kun bo‘yi maydaqadamlarga o‘xshab jilpanglab qoldim deb. Agar birov eshitsa bormi!

Xotinimni koyidim. Keyin o‘ylanib qoldim. Har yomonning bir yaxshisi bor. Bordiyu ertalab xotin adashmaganda, er kishining erkak fikridan ko‘ra xotinning fikri bilan yashashi osonroq ekanligini qayerdan bilardim?

Shularni o‘ylar ekanman, o‘z fikrim bilan yonma-yon turgan xotinimning fikriga mehrim tovlandi.

Yana bir yaxshi tomoni xotinimning fikri o‘zida qolganda kechgacha bir arava bo‘lar-bo‘lmas rejalarni tuzib, hozir boshimni qotirayotgan bo‘lardi. Fikrlayolmagani uchun mana ming‘ir-ming‘ir ham yo‘q…

Ertalab har kungidan ertaroq turib ishga otlandim. Fikrimni boshimga joylab olgach, xotinning ko‘zini shamg‘alat qilib uning fikrini ham qo‘ltiqqa urdim.

Har holda, mudom bo‘lmasa ham asqotadi.

Xotinning esa fikrlamagani tuzuk…