Xorijda chekuvchilarning sonini kamaytirishga bo‘lgan harakat shunchalik kuchayganki, Buyuk Britaniyaning yetakchi Guardian gazetasi 2004 yil Amerika kuchlari Iroqqa bostirib kirgani haqida yozar ekan, maqolaga «Iroq yonyapti, biz esa sigaret olovini o‘chirish bilan o‘ralashib qolganmiz» degan g‘ayrioddiy sarlavha qo‘ygandi.
Buni biroz izohlash uchun o‘sha vaqtda Yevropada «sigaretaga qarshi kurash» hukumatlar diqqat markazida turganini va endi ikkinchi masala sifatida «AQShning Iroqdagi tinchlikparvar harakatlari» kun tartibiga kiritilganini aytish kifoya. Ammo ming afsuski, ikkala urush ham to hozirgacha muvaffaqiyatsiz davom etmoqda. Iroqdagi olov ham, chekuvchilarning lablaridagi sigaret olovi ham hanuz o‘chirilgani yo‘q.
Sigaret haqida roman yozsa bo‘ladi. Chekuvchilarga qarshi olib borilayotgan kurash haqida hikoya qilish uchun esa, rosti, roman ham kamlik qilsa kerak hozir.
Xo‘sh, sigaret chekuvchilarga qarshi urushda qachondir g‘alaba qozonish mumkinmi o‘zi?
Bu jang hozir shu qadar ayovsiz tus olganki, o‘sha Angliya hojatxonalarida ba’zan quyidagicha yozuvlarga ko‘zingiz tushishi mumkin: «Iltimos, sigaretingizni unitazga tashlamang, nam tortib, yondirishga qiyinlashib qoladi».
«Angliyada-ya?! Kim ham uni unitazdan olib chekardi?» deb ajablanarsiz. Ajablanish o‘rinsiz, inglizlarning istehzosini to‘g‘ri tushuning – yangi sigaretni chekish nima-yu, unitazdan olinganini chekish nima?!
Rasmiy hisobkitoblarga qaraganda, hozirgi paytda voyaga yetganlar orasida har uch kishidan biri sigaret chekar ekan. Yer aholisining rostmana kashandalari soni esa 1,3 milliard kishini (1,1 milliard erkak va 230 million ayol) tashkil qilarmish.
Sigaret bilan aloqador kasalliklar natijasida jahonda har yili 5 milliondan ortiq odam vafot etadi. Agar tamaki sanoati hozirgi rivojlanishida o‘zgarishsiz davom etadigan bo‘lsa, 2010 yilga borib sigaret bilan aloqador kasalliklar sababli vafot etadiganlar soni yiliga 10 million kishini tashkil qiladi. (Butunjahon sog‘likni saqlash tashkiloti ma’lumotlari).
Faktlar qancha mahalliylashsa, shuncha qiziqarli bo‘ladi, deyishadi. Keling, internetdan o‘g‘irlab gazetaga bosish oson sanalgan «jahon statistikasi»ni boshqa nashrlarga qoldiraylik-da, aholisining aksar qismini balog‘atga yetmagan yoshlar tashkil qiladigan O‘zbekistonda kashandalikka munosabat qanaqa ekani bilan tanishaylik.
1994 yildan beri O‘zbekistonda ommaviy joylarda, tibbiyot maskanlarida, jamoat transportida va maktablarda chekish rasman ta’qiqlangan. Boshqa binolarda esa chekish faqat maxsus ajratilgan joilardagina mumkin, xolos. Poytaxtimiz Toshkentning barcha yetakchi mehmonxonalari chekuvchilar va chekuvchi bo‘lmaganlar uchun alohida qavatlarga ajratilgan. Qimmat restoranlarning umumiy xonalari chekish ta’qiqlangan joy hisoblanadi, O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasi esa jahonda birinchi bo‘lib «barcha samolyotlarida chekish rasman ta’qiqlangan» aviakompaniya sifatida nom qozondi. Bizda davlat tomonidan moliyalashtirilgan «Chekmasdan yoshlik gashtini sur!», «Men o‘z yo‘limni tanladim», «Chekishga qarshi kurash – sog‘lom yashash tarzi» kabi harakatlar amalga oshirilgan va hatto sigaret reklamasini chegaralash masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2002 yilgi «Reklama to‘g‘risida»gi qonunidan beri tamaki mahsulotlari reklamasining 5 foizdan kam bo‘lmagan joyi uning zararli ekani haqida ogohlantirishga ajratilishi shart qilib belgilangan. Reklamada shuningdek sigaret chekish jarayonini ko‘rsatish, va uni foydali deb targ‘ib qilish qat’iyan ta’qiqlangan. Sigaretni reklama sifatida balog‘atga yetmaganlarga bepul tarqatish ham O‘zbekistonda mumkin emas. 2005 yil O‘zbekistonda «Sihat-salomatlik yili» deb e’lon qilinganida esa chekishga qarshi kurash davlat dastur-lari orasidan joy oldi. Ammo mamlakat Sog‘likni saqlash vazirligi xavotirlanayotganidek, chekish baribir bizda ko‘payishdan to‘xtayotgani yo‘q.
O‘zbekiston ayni paytda chekuvchilarning mamlakat aholisi nisbatiga ko‘ra jahonda 35 o‘rinni egallab turibdi (chekuvchilar soni voyaga yetgan aholining 49 foizini tashkil qiladi). O‘zbekiston Sog‘likni saqlash vazirligi esa yurtimizda har oy 50 million quti sigaret sotilishi haqida rasmiy ma’lumot bergan. Endi bunga metrodan chiqaverishda «Sigaret!», «Sigaret!» deb baqirib turadigan ayollarning savdosini ham qo‘shib hisoblasak, ancha vahimali manzara namoyon bo‘ladi ko‘z o‘ngimizda.
Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti axborotiga ko‘ra, O‘zbekistonda chekilayotgan sigaretlar soni kishi boshiga yiliga 361 donani tashkil qiladi, boshqacha qilib aytganda, O‘zbekistonda har bir odamga har kuni bittadan sigaret chekish to‘g‘ri keladi (365kun, 361 dona sigaret). Garchi bu jahon miqyosida past ko‘rsatkich sanalsa-da, KUNIGA MAMLAKATIMIZDA 25 MILLION DONA SIGARET ChEKILAYoTGANI shu sigaret tutunini hidlab yashashga majbur bo‘layotganlar sifatida men va menga o‘xshash chekmaydiganlarni ko‘proq vahimaga solishi turgan gap.
«Hozir O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida 350 ta shirkat tamaki yetishtirish bilan shug‘ullanyapti, ishlab chiqarilayotgan xomashyo hajmi esa yiliga 6300 tonnani tashkil etadi» deb yoziladi mamlakatimizning yetakchi «Xalq So‘zi» gazetasida (26 tsentyabr 2006 yil). Bir kilogramm tamakidan taxminan 60 quti sigaret tayyorlanishini hisobga olsak, O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yiliga 378 million quti sigaret ishlab chiqarishga yetarli xom-ashyo tayyorlanmoqda. Eksport, import natijasida bu raqam boshqacha ko‘rinish aks ettirishi tabiiy, ammo xomaki hisob-kitobga ko‘ra, bu – kishi boshiga 15 quti, yoki 302 dona sigaret degani. Yana o‘sha raqam – 365 kunga 302ta sigaret! Har birimizga!!
Yaqinda mamlakatimiz nashrlari u yerdagi «ommaviy joylarda chekish 1000 singapur dollari (taxminan 760 AQSh dollari) miqdoridagi jarima bilan jazolanishi»ni havas qilishga arziydigan jihat deb ta’riflab yozishdi. Ammo bizda chekish uchun kimdir, qachondir, qaerdadir jarima to‘laganini eshitganmisiz? Jarimani qo‘ya turaylik, o‘sha rasmiy ma’lumotlardagi O‘zbekiston ayollarining chekuvchi besh foiz qismiga «Mening oldimda chekmang!» deb, «Iltimos» so‘zini qo‘shmasdan va ovozingizni yumshatmasdan gapirib ko‘ring, lug‘at zahirangizni ancha boyitib olasiz!
Esimda bori – 2002 yil 31 may kuni mamlakatimizda kechki soat 8 dan 9 gacha «sigaret chekilmaydigan soat» deb rasman e’lon qilingandi. Chekadigan hamkasblarim «yaxshiyam Jahon chempionati Osiyoda o‘tkazilyapti, yo‘qsa musobaqaning ilk uchrashuvida Frantsiyaning Senegaldan mag‘lubiyatga uchraganini sigaretsiz tomosha qilgan bo‘larmidik» deb hazil qilishgandi o‘shanda. Lekin biz uchun, voyaga yetgan aholisining 49 foizi chekishni odat qilgan mamlakatuchun «Sigaret chekilmaydigan soat» kam! «Sigaret chekilmaydigan kun» ham yetarli hisoblanmaydi. «Sigaret chekilmaydigan umr!» degan shiorni o‘rtaga qo‘yish vaqti keldi! Aks holda, hazilkash amerikaliklarga o‘xshab «Bizda har kuni mingta odam chekishni tashlaydi chunki har kuni shuncha odam vafot etadi!» deb zo‘rma-zo‘raki fakt yasashga odatlanib qolamiz.
Avaz Berdiqulov
“Odamlar orasida” gazetasidan