Shuhrat. Otashnafas shoira (1971)

Jahon adabiyoti tarixi atoqli shoiralarga juda ham boy emas. Shu jihatdan maqtansa arziydigan shoirasi bor xalq adabiyoti omadlidir. Lesya Ukrainka ukrain klassik poeziyasining munosib namoyandalaridan biri. Hatto uni Ivan Franko: “O‘z davridagi ukrain adabiyotining birdan-bir erkak shoirasidir… Shevchenkodan keyin hech kim Ukrainada shu zaif va bemor qizchalik qudrat va otashnafas bilan shoirona so‘z aytolmagan edi”, – degan.
Lesya Ukrainka (asl ismi Larisa Petrovna Kosach) buyuk ukrain qo‘bizchisi Taras Shevchenko vafotidan o‘n yil keyin – 1871 yilning 26 fevralida tug‘ilgan, o‘z xalqining she’riyat bayrog‘ini dast ko‘targan va yangi bosqichga olib chiqqan. U ham o‘z salafidek ukrain xalqining tutqunligini, dard-alamini, zabunligini yonib kuylagan.
Ukrainaga bo‘lgan otashin sevgi shoira lirikasining mag‘zini tashkil etadi. Lekin bu muhabbat baxtsiz ona yurtning qora taqdiridan nola chekish, oh-voh urish, faryod ko‘tarishdangina iborat emas. Uning muhabbati isyonkor, faol va oyoqqa turg‘izadigan muhabbat. Chernishevskiy tili bilan aytganda, “oliy patriotizm”. U vatan sha’ni-shukuhi uchun kurashda yengilishni ayb sanamaydi, balki dushman qoshida taslim bo‘lishni, kurashdan chekinishni kechirilmas gunoh hisoblaydi. Vatan dushmanlari bilan murosasozlikni, qullik va erksizlikni olib keladigan yuraksizlik, jur’atsizlik, loqaydlik va xoinlikni jon-jahdi bilan la’natlaydi. Fidoyilik, matonat, izchillik, sabr va bardosh – uning oliy niyati. Shuning uchun shoira Prometeyni o‘ziga sevimli obraz qilib oladi, uni Vatan ozodligi va nomusi uchun kurashchi sifatida talqin qiladi.
Lesya Ukrainkaning lirikasi ijtimoiy lirika edi. U o‘zining ijodini ijtimoiy kurashdan chetda tasavvur etolmaydi. “Shoir qalbini yondirib turgan narsalar haqida sukut saqlashi mumkin emas”, degan edi shoir. Chindan ham u o‘zi “sukut saqlab” turmagan. Zamonining eng dolzarb mavzularida va butun vujudi bilan, his-hayajon bilan barcha mahoratini ishga solib astoydil ijod qildi. Keng kitobxon qalbiga erkin yetib borish uchun turli shakllar izladi, hatto o‘z niyatlarini erkinroq ifodalash uchun qo‘shni xalqlarning she’riy shakllaridan ham foydalanishni lozim topdi. Shu maqsadda ko‘plab tarjimalar qildi.
Shoirning ijodiy yuksakliklarga ko‘tarilishi besabab emas edi. U ziyoli oilasida dunyoga kelgan, ota¬si taniqli ma’rifatparvar, onasi “Olena Pchelka” laqabli adiba edi. Bu ahil oila bolalikdan bedavo dardga chalingan qiziga (Lesya suyak sili edi) mukammal tarbiya beradilar, bir necha tillarni o‘rganishiga ko‘maklashadilar. Shoira Bayron, Shiller, Myusse, Lishkevich, Geyne asarlarini aslida mutolaa qildi, shu tariqa fikri kengaydi, dunyoqarashi o‘sdi.
Bo‘lajak mashhur shoira ijodga yoshligidan kirishadi. Uning ilk she’ri matbuotda chiqqanida endigina 13 ga qadam qo‘ygan edi. Shu yoshdan boshlab to umrining oxirigacha beto‘xtov ijod qildi: she’rlar, poemalar, pesalar, turli mavzuda maqolalar yozdi. Garchand kasalligi tufayli uning hayoti tashqi voqealarga boy bo‘lmasa ham, uning ichki dunyosi benihoya keng va tiyrak, yuksak g‘oyalarga to‘liq bo‘lgan. Uning hayoti esa, sabr-matonat va qahramonlikning ajoyib namunasi: u umr bo‘yi mamlakatma-mamlakat yurib o‘z dardiga davo izladi va umr bo‘yi betinim ijod qildi.
Shoira uzoq yashamadi, lekin o‘zidan uzoq yashaydigan asarlar qoldirdi. Bu asarlar xalqining gavhar merosiga aylangan. Vatandoshlari uni o‘qiydi, o‘rganadi va buyuk mamnuniyat bilan xotirasida saqlaydi. Shu kunlarda nishonlanayotgan tug‘ilgan kunining yuz yilligi ana shu hurmat va ehtiromning bir ko‘rinishidir.
Bu sana O‘zbekistonda ham shoira xotirasiga katta hurmat bilan nishonlanmoqda. Chindan ham shoira bunday e’tiborga loyiq ijodkordir. Uning otashnafas she’rlari, poemalari va pesalarida ukrain xalqining o‘sha paytdagi tutqunlikdan chekkan nolalari, hasrat-alamlari yangraydi, milliy mustaqillik uchun kurashchilarning jangovar nidolari jarang­laydi. U o‘z asarlari bilan kishilarda yaxshi niyatlar, kelajakka umid uyg‘otadi, ularni poklikka va samimiylikka chaqiradi.

* * *

Lesya Ukrainka ilk she’rlaridanoq o‘z oldidagi maqsadini ochiq-oydin va oshkor bayon etadi:

Ne foyda yig‘lamoq zulm ichra yonib?
O‘tmishga boqishdan ne foyda, nechun?
Yaxshisi qo‘llarga tig‘, qurol olib
Hujumga kiraylik porloq ish uchun!

Ha, u ozodlik uchun chinakam kurashga chorlardi. Lekin shoira quruq kurashga chaqirishning o‘zi bilan cheklanib qolmay, nima uchun kurashmoq kerakligini ham badiiy izohlab beradi. Bu shoiraning achchiq alam, o‘kinish bilan to‘la g‘amgin she’rlarida o‘z ifodasini topgan. Lesya Ukrainkaning lirikasi ukrain xalqining qalbida ishonch va umid uchqunlari uyg‘otgan. Bu achchiq hayotni butun fojiasi bilan fosh etish, yonib kuylash T.Shevchenkodan keyin faqat unga nasib etdi.
To‘g‘ri, o‘tmishdagi boshqa ukrain shoirlarida ko‘zyoshi, faryod ko‘p uchraydi. Ammo ularning ko‘pchiligida zaiflikdan nola chekishga, majolsizlikdan yig‘lashga o‘xshaydi. Lesya Ukrainka ana shunday ko‘zyoshi bilan satrlarini to‘ldiradigan zaif shoirlarga qarshi chiqqan:

Yaramiz qaytadan o‘tlanar, yonar,
Bitishga qo‘ymaydi achchiq ko‘zyoshi,
Ko‘zyoshdan zanjirlar battar zanglanar,
Lekin u uzilmas tugab bardoshi.

Ukrain xalqining bo‘ynidagi tutqunlik va zulm zanjirini ko‘zyoshlari bilan uzib tashlash mumkinmasligini yaxshi bilgan shoira, uni chinakam ijtimoiy kurashga chaqiradi.
Milliy ozodlik uchun kurash – Lesya Ukrainka ijodining o‘q tomiri degan edik. Bu mavzu shoiraning jo‘shqin lirikasida emas, uning poemalari va pesalarida ham o‘z ifodasini topgan. Shoira ukrain xalqining o‘z tarixidan ozodlik uchun kurash lavhalarini kuylash bilan chegaralanib qolmay, ilg‘or xalqlar hayotidagi voqealardan olib, kitobxonga ibrat qilib ko‘rsatadi, milliy ozodlik uchun kurash har bir o‘zini tanigan xalqning muqaddas burchi ekanini ta’kidlaydi.
Chindan ham shoiraning qalbi xalqning qalbi, uning niyati xalqning niyati, uning orzusi xalqning orzusi edi. O‘z ijodining samarasi bir kun kelib barq urib yashnashiga uning imoni komil bo‘lgan:

Suyagim – qilich, jangchi tayyor erta-kech,
Biz bekorga halok bo‘lib ketmaymiz hech.
Balki seni men bilmagan aziz do‘stlar,
Yov boshiga qilich qilib, erkni ko‘zlar!

Lesya Ukrainkaning jangovar, otashnafas she’rlari uning vafotidan keyin ham milliy istiqbol uchun mardonavor jangga kirgan ukrain xalqining ruhiy quroliga aylandi.
Shoira “Mening yo‘lim” she’rida:

Qo‘shiq bilan boshlagandim yo‘lni ilk bor,
Qo‘shiq bilan tugataman uni zinhor, –

degan ekan. U so‘zining ustidan chiqdi. Xasta hayotining so‘nggi damigacha yonib ijod qildi. Lekin shoira:

Erku tengmi, qardoshimning oltin nurli,
Koshki edi bulut osha ko‘rsam bir bor,

degan oliy niyatini ko‘rolmay ketdi. Shunday bo‘lsa ham, shoira hayotining butun mazmunini tashkil etgan bu oliyjanob niyatni u jonidan sevgan, butun umrini bag‘ishlagan ukrain xalqi ro‘yobga chiqardi. Shuning uchun ukrain xalqi shoiraning yuz yilligini keng ko‘lamda ulug‘vorlik bilan nishonladi.

* * *

Lesya Ukrainkaning she’rlarini eshitganimda hali uning to‘plamini ko‘rmagan, shuning uchun ijodidan bexabar edim.
Bu 1941 yilda bo‘lgan edi.
Men Bokudagi harbiy maktabning kursanti edim. Mikola Zubenko degan kursdoshim bor edi. O‘zi iqtisodchi, lekin juda ko‘p she’rlarni yod bilardi. Shevchenkoni to‘liq yod o‘qirdi desam, ishonavering!
Bir kuni u mendan:
– Senda shoiralar ko‘p o‘tganmi, – deb so‘rab qoldi. Men bilgan shoiralarimni sanab berdim. Mikola bundan mamnun bo‘lib, o‘ziga xos mayin va yoqimli tovush bilan qisqagina bir she’r o‘qidi. Keyin dedi:
– Tushundingmi?
Men chala-chulpa tushungan edim, ochig‘ini tan oldim. Zubenko yana bir she’rni sekinroq, men tushunadigan qilib o‘qidi. Oxirida:
– Lesya Ukrainka, – dedi.
Garchand yaxshi tushunmagan bo‘lsam ham, bu ikki she’r nimasi bilandir meni maftun qilib qo‘ygan edi. U Ovcharenko degan ukrain do‘stiga ham she’r o‘qib berganini ko‘rdim. So‘radim:
– Shoira juda mashhurmi?
– Mashhur bo‘lganda qanday? Shevchenkodan keyin shuni o‘qishadi. Lekin bechora nogironlikda umr kechirgan.
Zubenko uning qisqa, ammo sermazmun hayotini achinib hikoya qilib berdi. Shunda menda ham notanish shoiraga achinish uyg‘ondi. Imkon bo‘lishi bilan uning kitobini topib o‘qishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim, lekin tezda buning imkoni bo‘lmadi. Urushga kirib ketdim. Mikola halok bo‘ldi, Ovcharenko yarador bo‘lib gospitalga ketdi. Sal vaqtdan keyin men ham yaralandim… Gospital bir maktabga o‘rnashgan edi. Maktabda kutubxona bo‘lishini eslab, Lesya Ukrainka kitobini surishtirdim. Baxtimga bor ekan. Miriqib o‘qidim. Zubenko yodlab yurganicha bor ekan, chinakam shoir ekan.
Urush tugadi. Yana ijodga kirishar ekanman, bu otashnafas shoira kitobini topib qayta o‘qidim. Yana o‘shanday taassurot qoldirdi. Mavridi kelib uning she’rlaridan tarjima qildim. Bu safar uchun uning ijodini yana ham sinchiklab o‘rgandim. Chunki chin shoirni ko‘z ilg‘amas fazilatlari tarjimalarida yuzaga chiqadi, o‘sha vaqtida sezilmagan ingichka va nozik his-tuyg‘ulari tarjima chog‘da bo‘rtib ko‘rinadi, shoir ruhini chuqurroq anglash imkonini beradi.
Shu tariqa Lesya Ukrainka qalbining chuqurligiga, fikrining teranligiga, zavqining balandligiga qoyil qoldim. Bunday shoira nainki, bir xalqning, butun bashariyatning faxridir.

1971 yil, fevral.