Miraziz Mirtojiyev. «Toshkent» so‘zining ma’nosi (1981)

Toshkent so‘zi ikki qismdan tarkib topgan: ularning biri tosh, ikkinchisi kentdir. Kent komponenti haqida hech qanday bahs yo‘q. Ammo tosh komponenti haqida fikrlar nihoyatda ko‘p va rang-barangdir. Buning ustiga, bor fikrlarning har biridan ham bir e’tirozli tomonni ko‘rsatish mumkin. Toshkent toponimining tosh komponenti qaysi so‘zdan kelib chiqqanligini aniqlash bunchalik chigal masala ekanligining ham o‘z ob’ektiv sababi bor. Bulardan biri tosh komponentining tosh so‘zi bilan bir xil fonetik strukturaga egaligidir. Toshkent shahri geografik nuqtai nazardan ham, tarixiy nuqtai nazardan ham tosh so‘zining hozirgi ma’nosini oqlay olmaydi. Ikkinchi sabab esa Toshkent shahri o‘zining butun tarixida faqat shu nom bilan atalib kelmaganligidir. U bir qancha nomlar bilan atalib yurgan. Shu shaharning boshqa nomlariga Toshkent toponimi tosh komponentining aloqasi yo‘qmikan? Shunday bo‘lsa, etimologiya bir necha nomlar genezisini bir joydan chiqarishdek jumboqni yechishi kerak.

Tarixchi H. Ziyayev o‘zining «Toshkentning Rossiyaga qo‘shib olinishi» nomli broshyurasida Toshkent shahri eramizdan avvalgi II asrdan boshlab Choch nomi bilan atalganligini qayd etadi. Toshkent toponimining o‘zi dastlab Abu Rayhon Beruniyning «Hindiston tarixi» asarida (Izbrannыe proizvedeniya, II t., 271-bet) tilga olingan. Bundan tashqari Toshkent shahrining yana Shosh, Joj va Chosh nomlari bilan atalganligi ham ayrim yodgorlik va asarlardan bizga ma’lum[1]. Ba’zi manbalarda esa (H. Hasanovning va M. V. Massonning asarlarida) Shosh nomi bilan butun voha nomlanganligi haqida xabar beriladi. Uning markazini Bankat deb atab, hozirgi Toshkentning qadimgi nomi sifatida ko‘rsatiladi (Binkat toponimi esa boshqa manbalarda Binket, Binkent, Binokat variantlarida ham uchraydi, Bu albatta talaffuz natijasida kelib chiqqan). V. Minorskiy esa: «Choch, Shosh va Tosh nomlarining hammasini bir vohaning turli variantdagi atamalari deb biladi. XI asr leksikografi Mahmud Qoshg‘ariy «Devonu lug‘atit turk» kitobida (I t., 414-bet) Toshkent toponimi bilan yonma-yon Tarkant toponimi ham qo‘llanganligini ko‘rsatgan.

Bir qator etimologlarning diqqatini faqat Toshkent toponimi tortgan. Bu toponim dastlab qayd etilgan ikki manba (M. Koshg‘ariyning va Beruniyning asarlari)da uning tosh komponenti tog‘ jinsi ma’noli tosh so‘ziga bog‘lab ko‘rsatiladi. Shuningdek Beruniy mazkur asarida Toshkentni Ptolomey kartasida qayd etilgan Lifos Petros (Tosh minora), ya’ni yunonlarga qarashli bo‘lgan qadimiy shahar deb tushunadi. Shosh toponimini esa tosh so‘zining arablar tomonidan buzib qo‘llangan varianti deb hisoblaydi. M. Qoshg‘ariy devonining mazkur o‘rnida ham «Shosh aslida Toshkand» deb ko‘rsatilgan. Taniqli olim, professor H. Hasanov Beruniy va Ulug‘beklarning geografik tablitsasiga bag‘ishlangan maqolasida Toshkent toponimi qaysi so‘zdan kelib chiqqanligi masalasida yuqoridagi ikki olimning fikrlari tarafdori bo‘ladi. Ya’ni, Toshkent toponimi tosh so‘zidan kelib chiqqanligiga qo‘shiladi.

Bu fikrlar eng qadimgi manbalardan olingan va ularga asoslanib aytilgan. Biroq shunda ham, ularga to‘la qo‘shilish uchun, bir necha e’tirozlar mavjud. Avvalo Toshkentda tosh minora bo‘lganligini tasdiqlovchi hech qanday arxeologik topildiqni ko‘rsatib bo‘lmaydi. Buning ustiga keyingi vaqtda ko‘pgina yevropalik olimlar Ptolomey kartasidagi Lifios Petrosni Pomirning janubidagi Toshqo‘rg‘on deb ko‘rsatishmoqda. Buni M. Ye. Masson (Izv. AN UzSSR, 1954, 2-son, 107-bet) ham qayd etgan.

Sh. Qodirova o‘z maqolasida («Toshkent oqshomi» 1969, 22 dekabr) Toshkentning eng keksa vakillari bilan suhbatlashganini keltiradi. Qadimgi Toshkentda tosh yo‘nuvchi hunarmandlar yashagan emish. Ehtimol, shahar nomi ham shundan kelib chiqqandir? Ammo bu haqiqatga mos kelmaydi. Chunki har bir kasb xom ashyo bazasi bilan bog‘liq holatda yaraladi va taraqqiy etadi. Yana, shu hunarmandchilikka xos iz ham shu shaharda qolishi shart edi. Toshkent shahri bularning birortasini ham tasdiqlamaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Sh. Qodirovaning o‘zi ham maqolasida shu fikrga shubha bilan yondashgan.

Tarixchi olim M. Vahobovning Toshkent tarixiga bag‘ishlangan asaridagi fikri (Toshkent uch revolyutsiya davrida, Toshkent, 1958, 7-bet) ham shunga mos keladi. Uning aytishicha, Toshkent savdo punkti sifatida rivoj topgan. Ya’ni, karvonlar o‘tadigan yo‘llarning tutashadigan joyida bir necha karvon saroylari bunyod etilgan. Qo‘nib o‘tuvchilarni turli narsalar bilan ta’minlash uchun saroy atrofida xonadonlar paydo bo‘lgan. Bir necha yo‘llar boshiga sochilgan karvonsaroy atrofidagi xonadonlar ko‘paya borgan. Ular o‘zaro tutasha borib, kentni tarkib toptirgandir. Kentning nomi esa uning mana shu tarkib topish jarayoni bilan bog‘liq holatda yaralgan bo‘lishi kerak. Demak, dastlab Choch («sochilgan», «yoyilgan», «tarqoq» ma’nolarida) deb atalgan.

Sh. Qodirova o‘z avtoreferatida (11-bet) Choch (uning chosh, josh, joj variantlari bilan) so‘ziga B. V. Miller va L. Z. Budagovlarning lug‘atlarida berilgan izohni keltiradi. Mazkur so‘z B. V. Miller ko‘rsatishicha (Persidsko-russkiy slovar, M., 1953) yelpilgan don qoldig‘i, L. Z. Budagov ko‘rsatishicha (Sravnitelnыy slovar turetsko-tatarskix narechiy, I t., SPB., 1869) yanchilgan bug‘doy yoki sholidan qolgan mayda somon, to‘pon ma’nosini anglatadi. Agar biz chuqurroq qarasak, bu izohlarda ham sochilib yotgan narsalar haqida tushuntirish berilgan. Afsuski, Sh. Qodirova shu keltirgan faktlarini e’tiborsiz qoldirib ketgan. Shuningdek, choch so‘zining kelib chiqishini so‘g‘dcha deb ko‘rsatgani (o‘sha avtoreferat, 11-bet) ham asossiz. Uning strukturasi faqat turkiy tillarga xos.

Toshkent nihoyati 35 yil ilgari bog‘lar, jarlar, qabrlar bilan bir necha bo‘lakka ajralib yotgani ham yuqoridagi fikrimizni bir qadar quvvatlaydi. Shuningdek, H. Ziyayevning Choch toponimi eramizdan avval II asrdan boshlab mavjud deb qayd etishi ham biz uchun yana bir quvvatlovchi faktdir.

O‘zbek tilida so‘nggi tovushning kuchsiz talaffuz etilishi (reduktsiyaga uchrashi) hodisasi Choch toponimi Chosh holida talaffuz etilishi uchun sabab bo‘lgan. Ya’ni: Choch>Chosh>Choch varianti fors-tojik talaffuziga mos bo‘lgani uchun, ularning qo‘lyozmalarida saqlanib qolgan. Masalan, Firdavsiyning «Shohnoma»sida «Bamolik Chochi kamonro ba dast (Zarb berish uchun qo‘lda Choch kamonini tutib)» deyilgan. Taniqli o‘zbek tilshunosi S. Mutallibov ham xuddi shu fikrni «Devonu lug‘atit turk»ka kiritgan izohida (Mahmud Qoshg‘ariy, Devonu lug‘atit turk, 1, Toshkent, 1960, 498-bet) qayd etadi.

Choch toponimi fors-tojik qo‘lyozmalari orqali arab tiliga o‘tgan. Arablarda ch tovushi bo‘lmagani uchun, uni j tovushiga almashtirib qabul qilganlar. Ya’ni: Choch>Shosh (شاش). Arablar uning Shosh va Tosh variantlarini o‘zgarishsiz qabul qila olar edi. Chunki bu ularning talaffuziga mos. Demak, ba’zilarning Shosh va Choch arablar tomonidan buzib talaffuz etilgan variant deb da’vo qilgani asossiz.

Chosh toponimi shimol tomonda (qozoq va qipchoqlar tomonidan) Shosh variantiga o‘zgartirib yuborilgan. Ya’ni: Chosh>Shosh. Chunki ular so‘z boshidagi ch tovushini sh tovushiga almashtirib yuboradilar, Masalan, Chimkent>Shimkent, Chirchiq>Shirshiq, choy>shay va hokazo.

Chosh toponimi mazkur kent egalari va ularning avlodlari tomonidan Tosh variantiga o‘zgartirib yuborilgan. Ya’ni: Chosh>Tosh. Chunki so‘z boshidagi ch tovushini t tovushiga o‘zgarishi ular tilidagi fonetik taraqqiyotga xosdir. Masalan, chish>tish, chizmoq>tizmoq, Chust>Tus va hokazo.

Demak, Toshkent toponimining kelib chiqishi va taraqqiy etishi quyidagicha variantlarda bo‘lgan: Choch>Joj, Choch>>Chosh>Shosh; Choch>Chosh>Tosh-kent.

Tarkent toponimi haqida nima deyish mumkin? Bizga ma’lumki, tara so‘zi choch so‘ziga o‘xshash ma’noga ega. Ular taxminan bir davrda Toshkent shahrining nomi sifatida yaratilgan. Ammo Tarkent toponimi Choch toponimi kabi uzoq yashay olmagan. U X asrdayoq passivlashib, iste’moldan qola boshlagan.

Binkat toponimini Toshkent bilan bog‘lab bo‘lmaydi. U A. Abdurahmonovning «Urgutda mesopotamiyaliklar manzili» nomli maqolasida («Fan va turmush», 1971, 8-son, 22-bet) qayd etishicha, Toshkent yonida xristianlar kenti bo‘lgan.

Choch va Shoshni Toshkent vohasining nomi bo‘lgan edi, degan fikrga biz boshqacharoq yondashamiz. Toshkent toponimining barcha varianti mazkur shahar nomi bo‘lishi barobarida vohaning ham nomi bo‘lgan. Bu esa Ohangaron toponimi ham kent, ham voha nomi, Farg‘ona toponimi ham kent ham voha nomi bo‘lgani kabidir.

Miraziz Mirtojiyev,

filologiya fanlari kandidati.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1981 yil 2-son.

______________

[1] Mahmud Qoshg‘ariy. Devonu lug‘atit turk, I tom, Toshkent, 1960, 498-bet, M. Vahobov, Toshkent uch revolyutsiya davrida, Toshkent, 1958, 7-bet, H. Hasanov, Geograficheskiye tablitsы Biruni i Ulugbeka, to‘p. «Voprosы fizicheskoy i ekonomicheskoy geografii Uzbekistana», Tashkent, 1967, 4-bet, M. Ye. Masson, Proshloye Tashkenta Izvestiya AN Uz SSR, 1954, 2-son.