Yaxshi yozuvchilarimizdan Said Ahmadning «Ufq» kitobi tengqurlari orasida yarqirab turibdi. Bu kitobni kitobxon boshdan-oyoq shavq bilan, hech qayerda turtinmasdan, diqqati susaymasdan, ishtahasi bo‘g‘ilmasdan o‘qib chiqadi.
O‘qishlik kitob yozish, uning har sahifasini, har satrini kitobxonga manzur qilish, kitobxonni quvontirish, uning ko‘nglini topish oson emas. Bunday kitobni yozish uchun yozuvchining mahorati, kitob yozishga havasi, hatto yengib bo‘lmaydigan xohishi ham kifoya qilmaydi, bularning ustiga, dard, hayot bergan ilhom, kalla va qalbdan boshqa har qanday mayda orzu-havasini, har qanday manfaat-g‘arazni quvib chiqaradigan yirik-yuksak g‘oya mavj uradigan ilhom kerak. Ilhom bilan mahorat topishgandagina kitob yozuvchining qalbidan qo‘shiqday otilib chiqadi, kitobxonning qalbida aks sado yangraydi. Shuning uchun «kitob badiiy jihatdan ancha ishlangan, lekin g‘oyaviy jihatdan bo‘shroq» yoki «g‘oyaviy jihatdan pishiq, lekin badiiy jihatdan bir oz oqsaydi» degan «adabiy-tanqidiy tahlil»ni adabiyot badanidagi jarohat deyish mumkin. Bu jarohat asta-sekin bo‘lsa ham bitib boryapti.
«Ufq» kechagi kunimizning kattakon va yaxlit parchasidir. Bir mamlakat, bir xalqninggina emas, butun insoniyat olamining hayot-mamoti hal bo‘layotgan, odamlarni, mamlakat boyligini komiga tortayotgan buyuk xunrezlik. Urush bo‘layotgan joylarda xarobalar orasidan, qurbonlar ostidan qon sizib oqayotipti. Mamlakat ichkarisida peshona teri, ko‘z yoshi, marhumat, qarg‘ish, na’ra… «Ufq» mana shu kunlardagi o‘zbek qishlog‘i hayotini tasvir qiladi.
Bunda yozuvchining «oshib-toshib» aytgan «qo‘shimcha» so‘zlari yurakka ta’sir qilmaydigan, demak, aqlda iz qoldirmaydigan «otashin» chekinmalari yo‘q. Bu – sof hayot, yozuvchining qalbini o‘rtagan, ardoqlagan, unga ilhom bergan hayot tasviri, og‘ir va, shu bilan birga, go‘zal, mungli va, shu bilan birga, farahbaxsh, musibatga to‘la va, shu bilan birga, odamga quvvat beradigan umid, uning boshini «toshdan» qiladigan ishonch barq urib turgan haqiqiy hayot manzarasidir.
Kitobda qimirlagan har bir jonning qayg‘usi, quvonchi, qilish-qilmishi, muhabbati, g‘azabi, og‘zidan chiqadigan har bir so‘zi rost: birov urush kasofatidan tor-mor bo‘lgan muhabbati xarobasi ustida ko‘z yosh to‘kadi; urush bo‘roni ko‘z ochirmayotgan vaqtda birovning qalbida muhabbat g‘unchasi yaproq yozadi; ota askarlikdan qochgan farzandini otadi va, shu bilan birga, «xayriyat, o‘q tegmadi» deydi; qishloqdan qahramon chiqqanda butun qishloqning ko‘kragi ko‘tariladi, har bir xonadonga fayz kiradi: farzandga mehr urush kasofatidan onaning o‘limiga sabab bo‘ladi; oddiy odam mehnat frontida katta jamoatchi bo‘lib ketadi; odamlar qo‘lidagi bir burda nonning yumshoq joyini jangchilarga ilinadi. Nayman yo‘llarida dushmanga qarshi yana bir mehnat fronti ochadi.
Kishining ko‘z oldiga beixtiyor birinchi jahon urushi yillaridagi o‘zbek qishloqlari, frontga emas, frontdan uzoq joylarda ishlash uchun safarbar qilingan mardikorlar keladi. Dod-faryod, g‘alayon, o‘t qo‘yilgan mahkamalar ustida burqsigan tutun, mingboshilarning majaqlangan kallasi, politsiya o‘qidan qonga belangan odamlar. Kishi o‘ylab qoladi: nahot, «Ufq»dagi odamlar o‘sha mardikorlar, o‘sha xalqning avlodi bo‘lsa!
«Ufq»da tasvir etilgan qishloq hayotini, odamlarini ko‘rib har bir o‘zbek katta iftixor bilan: «Biz – o‘zbeklar!» – deydi, qardosh xalqlar o‘zbekni mehr bilan: «O‘zbek og‘aynim», – deb ataydi.
Said Ahmad bundan ko‘p yillar muqaddam qo‘liga adabiyot tanburini olib chertganida qo‘li kelishganini ko‘rib yaxshi sozanda bo‘lib, yaxshi-yaxshi mashqlar chalishini orzu qilgan edik. Shu orzumiz ushalib kelayotibdi.
«Ufq» uning ilhom va mahorat bilan chalgan mashqidir. Sozanda ba’zi pardalarga ortiqroq nolish berib yuborgan bo‘lsa, buni hayajon natijasi deyish kerak.
1965 yil