SSSR xalq deputatlariga bo‘ladigan saylovlar yaqinlashgan sayin mehnat kollektivlari, ijodiy soyuzlarda nomzodlar bilan uchrashuvlar qizg‘in tus olayotir. Yaqinda respublika Yozuvchilar soyuzi va V. I. Lenin nomidagi Toshkent Umumqo‘shin komandalari oliy o‘quv yurtida KPSSdan SSSR xalq deputatligiga nomzod, SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi sekretari, Sovet Ittifoqi Qahramoni Vladimir Karpov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi:
V. Karpov harbiy vatanparvarlnk mavzundagi ko‘pgina roman va qissalar, publitsistik asarlar muallifidir. Uning «Marshallik nishoni», «Sarkarda» kabi romanlarn keng kitobxonlarga ma’lum. Muxbirimiz V. Karpov bilan uchrashib, unga bir necha savol bilan murojaat qildi.
— Vladimir Vasilevich, suhbatimiz avvalida saylovoldi o‘ylaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Bajonidil! Hozir barcha nomzodlar o‘z saylovoldi platformasi, rejalari bilan chiqishayotgan ekan, albatta bu hol meni ham eng muhim va ulkan ishlar haqida, avvalo adabiyotimiz bilan bog‘liq jarayonlar haqida o‘ylab ko‘rishga majbur etadi. Adabiyot — bu, mening hayotim, SSSR Yozuvchilar soyuzi pravleniyesining birinchi sekretarligi esa xizmat lavozimim. Hozir mening xayolimni band etgan o‘ylar ham, bordi-yu deputat kilib saylanadigan bo‘lsam kelgusida amalga oshiradigan ishlarim ham bevosita shu soha bilan bog‘liqdir. Kuni kecha O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda men adabiyotimizning hozirgi muammolari, unda kechayotgan ijobiy va salbiy jarayonlarga o‘z munosabatimni bayon qildim. Shubhasiz, bu jarayonlar umumittifoq adabiyotidagina emas, ayni paytda, boshqa respublikalar, shu jumladan, o‘zbek adabiyotida ham kechmoqda.
Zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlardan foydalanish bilan bog‘liq ekologiya sohasida, milliy tillar ravnaqi bilan bog‘liq ijtimoiy-siyosiy jabhalarda ham muayyan qiyinchiliklar mavjud. Masalan, o‘zbek tili o‘zbek xalqi madaniyatida o‘zining chinakam yetakchilik o‘rnini egallashi kerak. Biz shu xususda suhbatlashgan va uchrashuvda so‘zga chiqib o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan o‘rtoqlar shu narsada tamoman haqdirlarki, til — 6u millatning qiyofasini belgilaydi. O‘z ona tilini sevish, uning tozaligi uchun kurashish — bu, mutlaqo tabiiy holdir. Ayni paytda rus tiliga bo‘lgan samimiy munosabatlar haqida ham haqqoniy so‘z yuritildi.
Ijtimoiy muammolar, xususan, paxta yakka hokimligi haqida ham fikrlashdik. Paxta strategik xomashyo sifatida nechog‘lik qimmatli bo‘lmasin, u xalq turmushiga, uning farovonligiga rahna solmasligi kerak. Axir biz qayta qurishni inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirmoqdamiz…
Biz ushbu muammolarning barchasi haqida juda batafsil gaplashib oldik. Shubhasiz, mazkur keng ko‘lamli muammolar mening programmamdan ham o‘rin oladi. Saylovchilar bilan maslahatlashganimda, ularning orzu-intilishlari bilan qiziqqanimda mana shu uchta yirik masala butun murakkabligi bilan namoyon bo‘ldi. Albatta, biz Yozuvchilar o‘rtaga tashlayotgan va mening ish faoliyatimdan muayyan o‘rin oladigan boshqa masalalar ham yo‘q emas. Chunonchi adabiyotimiz zimmasiga tushayotgan ulkan ishlarga nazar soladigan bo‘lsak, uning qayta qurish va partiya belgilagan rejalarni amalga oshirishdagi roli chinakam beqiyosdir. M. S. Gorbachev aytib o‘tganidek, yozuvchilar turg‘unlik yillarining illatlarini o‘shandayoq ko‘ra olgan va ularni 1985 yil aprel Plenumiga qadar ko‘tarib chiqqan edilar. Adiblarimizning o‘sha yillarda yozgan ko‘plab asarlari va publitsistik chiqishlarida bizni qiynagan, bezovta qilgan masalalar aks etib turibdi.
Seylovoldi rejalarim orasida meni o‘ylantirayotgan yana bir muhim jihat bor. Adabiyotda, matbuotimizda hozir shunday bir jarayon kechmoqdaki, biz nuqul salbiy hodisalarii yoritishga mahliyo bo‘layapmiz. O‘tmishdagi xatoliklar, Stalin va uning atrofini qurshagan to‘dalarning kirdikorlarini fosh qilishga judayam berilib ketdik. To‘g‘ri, bu illatlar va ularning asoratlarini yozishimiz kerak. Toki, hayotimizda shu snngari qusurlarga mutlaqo o‘rin qolmasin. Ammo bizning tariximiz, hayotimiz faqat xatoliklardangina iborat emas-ku? Hozir esa markaziy va respublika gazeta-jurnallarining qaysi birini o‘qimang, deyarli ijobiy hodisalarga ko‘zingiz tushmaydi. Axir, mamlakatni jahondagi eng qudratli davlatlardan biriga aylantirgan, fashistlar Germaniyasidek dushmanga bas kela olgan buyuk ishlarimizdan ko‘z yumib bo‘ladimi? Qayta qurishning o‘tgan to‘rt yili mobaynida qanchadan qancha mehnat qahramonlari yetishib chiqdi. Ular shubhasiz O‘zbekistonda ham oz emas. Buiday qahramonlarni xalqqa tanitish, tajribalarini ko‘pchilikning mulkiga aylantirish, yangi mohiyatini ko‘rsatishda bizning zimmamizda ham katta vazifalar turibdi. Chunki olg‘a siljishlar osonlik bilan kechayotgani yo‘q. Erishilgan har bir qadam bu bizning boyligimiz. Men ana shu natijalarni mustahkamlash, yangiliklarni hayotga tadbiq etishga baholi qudrat hissa qo‘shish niyatidaman.
— O‘zbekiston SSR Yozuvchilar soyuzida respublika adabiy jamoatchiligi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda millatlararo munosabatlar, xususan, o‘zbek tiliga davlat statusini berishga doir savollarga javob berib, Siz har bir milliy tilning to‘kis ravnaqi uchun shart-sharoitlar yaratish zarurligi haqida gapirdingiz. Shu xususda batafsilroq to‘xtalsangiz.
— O‘z respublikasida ona tilining mavqei bilan bog‘liq masalalarni hozir barcha respublikalarning ahli ilgari surishmoqda. Mening fikrimcha, til har bir xalqning madaniyatini tayin etadi va u asrlar osha xalq tomomidan sayqal topib boradi. Shu ma’noda til millatning qiyofasini belgilovchi ma’naviy boylik. Va o‘zbek adiblari bugungi kunda o‘zbek tili hayotimizda bosh, yetakchi o‘rinni egallashi kerak deb hisoblayotgan ekanlar, men shaxsan bu istakda hech qanday millatchilik harakatlarini ko‘rmayman. Bu tabiiy hol, tabiiy istak, til qadri va boyligi haqidagi g‘amxo‘rlikdir.
Men o‘sha uchrashuvda shunday bir misolni keltirib o‘tdim. Masalan, hatto lo‘lilar ham o‘z territoriyasi, ma’muriy markazlari bo‘lmasa-da, bizda va chet ellardagi turli mamlakatlarda tarqoq yashayotgan bo‘lsalar-da, millat sifatidagi, xalq sifatidagi qiyofasiii saqlab qolishgan. Aynan milliy tilini unutmay kelishayotgani uchun ham o‘z xalqining qiyofasnni saqlab kelishyapti. Shuning uchun ham til haqidagi bunday g‘amxo‘rlik, uni qadrlash tabiiy ehtiyojdir. Yana bir bor takrorlayman, bu narsada hech bir millatchilik ko‘rinishi yo‘q. Ammo til haqidagi munozaralarda, o‘z tilining qadr-qimmatini himoya qilaman deb boshqa tillarni chetga suradigan, ba’zan esa haqoratlaydign kishilar ham topilib qolmoqda. Masalan, rus tilini olib ko‘raylik. Rus xalqi o‘zbek xalqi madaniyatiga ozmuncha hissa qo‘shdimi? Dohiymiz Leninning tashabbusi bilan tashkil etilgan dorilfununni, o‘zbek xalqi madaniyati asoslarini mustahkamlash uchun bu yerga ilk bor kelgan olimlarni eslatib o‘tish kifoya. Bu jarayonda rus tilining yordami juda katta bo‘lgan edi. O‘zbek adiblarining asarlarini ommalashtirish borasida ham rus tilidan yuz o‘girib bo‘lmaydi. Chunki o‘zbek adiblarining asarlari aksariyat hollarda rus tili orqali jahon yuzini ko‘rmoqda, turli tillarga tarjima qilinmoqda. Buni ham tushunish, qadriga yetish kerak. O‘z tilini sevish mutlaqo tabiiy hol. Ammo shu bilan barobar ona tiliga mehr-muhabbatni rus tiliga nohalol munosabat bilan chalkashtirib yubormaslik karak. Millatchilik mana shu joyda tug‘iladi. Va bu o‘zbek xalqining rus va boshqa xalqlar bilan do‘stligiga rahna solishi mumkin. Buni hech qachon e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.
V. I. Lenin har bir xalqning ona tili uning o‘z milliy tili bo‘lmog‘i kerak deb juda to‘g‘ri ko‘rsatgan edi. Rus tili esa umummuloqot tili sifatida e’tibor va ishonch bilan foydalanilishga munosibdir. Men shu narsaga aminmanki, O‘zbekistonda ko‘p yillardan buyon yashab kelayotgan kishilar albatta o‘zbek tilini o‘rganishlari zarur. Faqat xizmat taqozosi uchungina emas, balki o‘zing orasida yashayotgan xalqqa hurmating uchun ham o‘sha xalqning tilini o‘rganishing shart. Bu o‘rinda o‘zaro hurmat va mehr-muhabbat namoyon bo‘lmog‘i kerak. Men o‘zbek tilida ham xuddi rus tilidagi singari erkin gaplasha olaman. Bu men uchun juda qulay. O‘zbek do‘stlarim bilan muloqotda bo‘lishga aslo qiynalmayman. Til bilganim do‘stlarimning safini ham kengaytiradi. Maqtanmoqchi emasmanu, ammo rus yozuvchilaridan birortasining O‘zbekistondagi do‘stlari ehtimol meniki singari ko‘p emasdir. Buning birdan bir sababi — o‘zbek tilini bilganim. O‘zbek do‘stlarim bilan uchrashganda hamma vaqt o‘zbekcha gaplashamiz va men bundan zavq olaman. Shuning uchun ham bu yerdagi rus o‘rtoqlar o‘zbek tilini o‘rganishlari kerak.
Yana bir narsa, biz o‘zbeklar, ruslar, armanlar, ozarboyjonlar va boshqa xalqlarning vakillari nazarimda juda dangasamiz. Chet tillarini o‘rganish bobida unchalik epchil emasmiz. Biz nafaqat o‘z tilmmizmi, shu bilan birga, ingliz, nemis, frantsuz tillarini ham bilishimiz kerak. Garchi asarlarni asil originaldan o‘qish imkoniga ega bo‘lmasak ham ulkan madaniyatdan bahramand bo‘lish, hech bo‘lmasa o‘z hamkasblarimiz, Yozuvchilar, jurnalistlar bilan erkin muloqotda bo‘lish uchun o‘sha tillarni egallash lozim. Men tez-tez xorijda sayohatlar, ijodiy komandirovkalarda bo‘laman. Ayrim yozuvchilarimizning chet ellik yozuvchilar, jurnalistlar yonlariga kelib «parle franse?» deganida yelka qisishib, «shprexen dedoich?», «du-yu spik inglish?» deya jovdirab turishganini ko‘rganimda noqulay bo‘lib ketaman. Kap-katta nomdor yozuvchiniig, madaniyat sohibining birorta chet tilini bilmasligi, hamkasblari bilan suhbatga qovusholmay turishi, bu bizning umumiy nuqsonimizdir. Xalqaro aloqalarimizni kengaytirish uchun ham chet tillarni o‘rganish kerak. Bu bizning ma’naviy kamolotimizmi yanada yuksaltiradi, xolos.
— Hozir bizning respublikamizda paxta yakka hokimligi va bu ekin o‘stiriladigan maydonlarni ilmiy asoslangan muayyan me’yorgacha qisqartirish zarurligi xususida qizg‘in munozaralar bo‘lmoqda. Ammo bu muammolarni, shuningdek, ekologiya va paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish masalasini ko‘tarib chiqayotgan yozuvchilarni ko‘pincha millatchilik va ekstremistik kayfiyatga berilganlikda ayblash hollari ham yuz bermoqda. Holbuki, bu masalalarni faqat o‘zbek yozuvchilarigina emas, ayni paytda mamlakatning taniqli olimlari va adiblari ham o‘rtaga tashlamoqdalar. Biz SSSR Yozuvchilar soyuzining tashabbusi bilan tashkil etilgan «Orol — 88» ekspeditsiyasi O‘rta Osiyoda yashovchi xalqlarning turmush darajasi va salomatligini yaxshilash uchun paxta maydonlarini, ularda ishlatiladigan zaharli moddalarni keskin kamaytirish zarur degan fikrga kelganidan ayniqsa mamnunmiz. Bu fikr SSSR Yozuvchilar soyuzining yaqinda bo‘lib o‘tgan ekologiya masalalariga doir plenumida ham bir necha bor qayd etib o‘tildi. Shunga qaramay, turg‘unlik yillarining siyqasi chiqqan aqidalariga yopishib olgan, sog‘lom mantiqqa zid o‘laroq yozuvchilarga «inson qalbining santexniklari», «safsatabozlar to‘dasi» va shu singari haqoratomuz yorliqlarni yopishtiruvchi kishilar hamon uchrab turibdi. Qayta qurish va oshkoralik davrida yuz berayotgan bunday surlik kishilarni g‘azablantirmoqda. O‘zaro tushunmovchiliklarga olib kelyapti. Siz bunday hollarga qanday qaraysiz?
— Bu, menimcha, munozara madaniyatini bilmaslik natijasi. Yozuvchilar o‘z plenumlarida Orol taqdiri uchun bezovta ekanliklarini aytdilar. Va bu Orol o‘zbek yoki qozoq xalqiga yaqin bo‘lgani uchungina emasdi, albatta. Orol — bu bizning umumiy dardimiz, umumiy dengizimizdir. Tabiatning taqdiriga ma’muriy yo‘llar bilan aralashish oqibatida kelib chiqqan asoratlar va kirdikorlarni yozuvchilar haqli ravishda tanqid qilmoqdalar. Orolni asrab qolish xususida o‘z nuqtai nazarlarini ilgari surmoqdalar. SSSR Yozuvchilar soyuzi mana shu hayotiy zaruratdan kelib chiqib, «Orol — 88» ekspeditsiyasini uyushtirdi. Bu ishga Sergey Zaligin, Yuriy Chernichenko kabi adiblarni safarbar etdi. Yozuvchilar soyuzimiz sekretarlari bu rejani amalga oshirish uchun katta kuch-g‘ayrat ko‘rsatdilar. Yil davomida amalga oshirilgan tadbirlarning natijasiga ko‘ra plenumga ekologiya haqidagi masalani kiritdik. Va unga soyuzimiz sekretari Yu. Chernichenko asosiy ma’ruzachi qilib tayinlandi.
Endi paxta yakka hokimligi masalasida shuni aytmoq kerakki, har bir respublikaning mamlakat umumiy xalq xo‘jaligiga qo‘shadigan o‘ziga xos hissasi bor. O‘zbekistonda aynan paxtachilik rivojlantirilganining boisi ham shundaki, paxta bu yerda an’anaviy dehqonchilik sohasi hisoblanadi. U azaldan ekib kelingan. Tabiiy shart sharoitlarga ko‘ra paxta na Sibirda, na Boltiq bo‘yida o‘sadi! Bu esa muayyan darajada O‘zbekistonda paxta yakka hokimligiga olib keldi. Ammo hadeb paxta maydonlarini kengaytiraverish, o‘zni ko‘proq va yanada ko‘proq paxta xomashyosi olish istagidan tiya bilmaslik biz hozir kuyunib aytayotgan keskin muammolarni keltirib chiqardi. To‘g‘ri, paxta yuqorida aytganimdek, strategik xomashyo. Bu naq oltin — valyuta. Mamlakatga shunday valyuta kerak. Ammo u nima uchun kerak? Kishilarning farovonligini, shu jumladan, o‘zbek xalqining farovonligini oshirish uchun ham kerak emasmi? Biroq bir tomondan xalqning farovonligini oshiraman desak-da, ikkinchi tomondan paxta maydonlarini odamlarning eshigigacha taqab borsak? Bog‘lar va boshqa ekinlarni yo‘q qilib, ularning o‘rniga ham paxta eksak, yana buning ustiga odamlarning ostonasida ham zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlarni ayamasdan ishlatib yotsak?.. Mana shunday ishlarning oqibatida noqulay vaziyatlar kelib chiqdi. Yo‘q, paxta dalalarini hududsiz kengaytiravermaslik kerak. Jo‘yali bir chegara, me’yor ham bo‘lishi lozim. Bunday me’yor esa — biz aytayotgan va qayta qurish rejalarimizda aks etib turgai xalq farovonligi darajasidir. Paxta yetishtirishning shunday bir chegarasida to‘xtashimiz kerakki, ham mamlakatning umumiy iqtisodiga foyda keltirsin, ham o‘zbek xalqi amalda ko‘p tarmoqli dehqonchilikka ega bo‘lsin.
Men urushga qadar bu yerda yashaganman. Ajoyib bog‘lar, uzumzorlar gurkirab yotardi. Sarxil mevalarni aytmaysizmi. Men butun dunyoni aylanib chiqib, O‘zbekistondagidek shirin-shakar meaalarni sira ko‘rmadim. Bu ne’matlarni saxiy quyosh, bebaho zamin, asriy bog‘dorchilik san’ati va ajoyib mehnatkash qo‘llar yaratardilar. Bugun esa ana shu meva-chevalar kamayib, yo‘qolib borayotir. Menimcha, bu adolatdan emas. Saxovatli o‘zbek zaminida dehqonchilikning barcha turlari teng va keng ko‘lamda jamuljam bo‘lmog‘i kerak. Bizning qayta qurishga doir endigi rejalarimizda bu yo‘nalish — paxta maydonlarini muayyan chegaraga qadar qisqartirish ham ko‘zda tutilmoqda. Ehtimol hosildorlikni oshirish, yerning unumdorligini ko‘tarish, dalaga ishlov berish usullarini takomillashtirish orqali zavod va fabrikalar ehtiyojiga yarasha xomashyo yetishtirishni ta’minlash mumkin bo‘lar… Ammo baribir paxta maydonlarini kamaytirish kerak.
Paxta bilan bog‘liq muammolarni ko‘tarib chiqayotgan kishilarga haqoratomuz yorliqlarni taqash singari haddan oshishlarga kelganda shuni aytish kerakki, bu memimcha munozara olib borish yo‘rig‘ini eplay olmaslik natijasi. Bu bir. Ikkinchidan, o‘sha odamlarning madaniy darajalari, saviyasi pastligi, uchinchidan esa, mazkur masaladan yaxshi xabardor bo‘lmaslik, yuzaki mulohaza yuritish mahsulidir. Albatta, ularni ma’muriy yo‘l bilan jilovlab bo‘lmaydi. Ammo matbuot orqali tegishli javob berish kerak. Oshkoralik shuni taqozo qiladi. Har kim o‘z nuqtai nazarini ishonchli dalillar bilan asoslab bersin. Ko‘p hollarda shunday bo‘ladiki, yozuvchilar ham, olimlar ham munozara saviyasini tushirib, bir-birlarini aybsitib, haqoratlashgacha borib yetadilar. Hatto munozara nimadan boshlanganini unutib qo‘yadilar. Bunga faqat afsus deyish mumkin. Men shuni xohlardimki, va maslahat berardimki, munozaraga kirishuvchi tomonlar xalq farovonligi, xo‘jalik manfaatlarini himoya qilishda hammaga maqbul tushadigan yakdil fikrga kelishlari kerak. Faqat shu yo‘l bilangina asosli ravishda muayyan tadbirlarni olg‘a surish mumkin. Bunda yozuvchilar boshqalarga ibrat bo‘lishlari lozim.
— Qayta qurish davrida barcha gazeta-jurnallar, ayniqsa adabiy nashrlarning o‘quvchilari soni bir necha barobar oshdi. Xususan bizning haftalik gazetamiz o‘quvchilari so‘nggi bir ynlning o‘zida salkam ikki barobarga ko‘payib, 650 ming kishini tashkil etdi. Boshqacha qilib aytganda, gazetamiz tiraji jihatidan Ittifoqda «Literaturnaya gazeta»dan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Obunachilar sonining ortib borayotgani bir jihatdan xursand qilsa, ikkinchi tomondan tashvishga soladi. Chunki o‘quvchilar soni bilan barobar xatlar, mukammal javob olishni talab qiluvchi va yordam so‘rovchi shikoyatlar oqimi ham muttasil ortib bormoqda. Ammo qachonlardir belgilangan juda kichik ish shtatlari ijodiy kollektiv ishini murakkablashtirishi ham shubhasiz. Bu borada adabiy nashrlarning faoliyati bilan bog‘liq biron bir o‘zgarishlar ko‘zda tutilyaptimi?
— Bu Ittifoq miqyosidagi muammodir. Sizlar hali ham bir qadar yaxshiroq ahvoldasiz. Moskvada nashr etiladigan bizning markaziy gazeta-jurnallarimizning tirajlari 100 yoki 200 ming emas, balki bir necha barobar oshib ketdi. Masalan, «Drujba narodov» jurnali o‘quvchilari soni besh barobar oshdi. «Literaturnaya gazeta» o‘tgan yildagiga qaraganda uch milliondan ortiqroqqa ko‘paydi. Bu adabiyotimizga e’tibor, yozuvchi so‘ziga ishonch, bizni eshitishga xohish-istak tobora ortib borayotganidan dalolat bermoqda. Bu bizlarni mamnun etadi. Ammo ikkinchi tomondan mamlakatda qog‘oz muammolari ham kelib chiqayotir. Afsuski qog‘oz ishlab chiqarish sanoatimiz juda eski. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan yili obuna paytida qancha shov-shuvlar bo‘ldi. Xalq o‘z manfaatlarini, sevib mutolaa qiladigan nashrlari manfaatini qattiq turib himoya qildi. Natijada qog‘oz topish imkoniyatlari ham hal bo‘ldi. Ko‘plab ministrliklarning ichki, axborot nashrlari to‘xtatildi. Va umuman qog‘ozbozlikni qisqartirish talab qilindi. Buning hisobiga yana obunani chegaralanmagan miqdorda tashkil etish mumkin bo‘ldi.
Endi sizlarning muammolaringiz esa shu yerda, respublikada, ijodiy soyuzlaringizda hal etilmog‘i kerak. Ichki xo‘jalik hisobi tadbirlari umumiy ish haqi fondidan ortib ketmaydigan darajada ayrim shtatlarni qisqartirish va ba’zi bir lavozimlarni o‘zgartirish imkonini beradi. Masalan, ayrim yirik markaziy nashrlarga («Novыy Mir», «Znamya» va boshqalar) xalqaro aloqalarning kuchayganligi munosabati bilan qo‘shimcha redaktorlik o‘rinlari berildi. Va albatta, ko‘p hollarda, bu ichki o‘zgarishlar hisobiga qilindi. Endi respublika nashrlari masalasi esa, birinchi navbatda, shu yerning o‘zida hal etilishi, buning uchun muammoni asoslash, isbotlash ishontirish talab etiladi.
— Vladimir Vasilevich, ijodiy rejalaringiz haqida ham so‘zlab bersangiz.
— Men bir necha yildan beri Jukov haqida kitob yozyapman. U «Marshal Jukov», deb nomlanadi. Marshal Jukov shunday figuraki, u haqda so‘z borganda butun urush haqida fikr yuritishga to‘g‘ri keladi. U keng ko‘lamdagi sarkarda edi. Barcha frontlarda Jukov oliy bosh qo‘mondonning birinchi o‘rinbosari bo‘lib kelgan. Jukov to‘g‘risida yozish, Stalin haqida ham so‘z yuritish demakdir. Stalin figurasi esa juda murakkab. Ehtimol, shaxs va arbob sifatida yanada murakkabroqdir.
Jukov ham inson va jamoat arbobi sifatida bir xil tasavvurga sig‘maydi. U sarkarda sifatida juda ko‘plab ajoyib ishlarni amalga oshirgan, bizga g‘alaba keltirgan ko‘pgina harbiy operatsiyalarning tashkilotchisi edi. Ammo shu bilan birga u xatolardan ham xoli emasdi. Men yozayotgan asarimda uni farishta qilib emas, balki hayotda qanday bo‘lsa, shundayligicha haqqoniy tasvirlamoqchiman. U buyuk sarkarda edi. Bunga hech qanday shak-shubha yo‘q. Jukovning Ulug‘ Vatan urushi yillarida qurolli kuchlarimiz rahbarlaridan biri bo‘lganligi, bu — bizning baxtimiz. Tabiat bunday shaxslarni bizga hamma vaqt ham ato etavermaydi…
Bundan tashqari, men asarda Vatanimizga bostirib kirgan qarama-qarshi lager — juda kuchli va puxta tayyorlangan Gitler armiyasi haqida ham yozmoqchiman. Ilgari bizning adabiyotimiz dushmanga yengil-elpi qaragan, Gitlerni yefreytor deb atab, masxaraomuz tasvirlagan, unga haqoratli yorliqlar yopishtirgan edi. Gitlerga bunday yondashuv biz uchun ham obro‘ keltirmaydi. O‘sha «efreytor» Volgaga qadar kirib bordi-ya! Yo‘q, Gitler yefreytor emasdi, u uddaburon tashkilotchi edi. Atigi yetti yil ichida butun Yevropani bosib oladigan armiya tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Qanchalik achchiq bo‘lmasin, u har holda, Stalingradgacha bora oldi-ku. Nemis sarkardalari ham keng bilimli, katta tajribali kishilar edi. Germaniya bilan 4—5 yillab urush olib borgan Frantsiyani bir yarim oy ichida tor-mor keltirdi. Men bu jarayonni haqqoniy tasvirlamoqchiman va bu hol bizning kuchimiz, qudratimizni ham bor bo‘yi va salmog‘i bilan ko‘rsatadi. Biz kimni buka oldik! Qanday bahaybat yovni yengdik! Biz butun Yevropa sanoatiga tayanib ish ko‘rgan armiyani tiz cho‘ktirdik. Butun Yevropa sanoati bu armiyani qurol-yarog‘ bilan ta’minlagan edi.
Mana shularning hammasini aslida qanday bo‘lsa, shundayligicha ro‘y-rost ko‘rsatishgina tasavvurimizni tiniqlashtirishi mumkin. Men Germaniya, Angliya, Amerika va o‘zimizning arxivlar da ancha ish olib bordim. Shunga amin bo‘ldimki, hali biz Ulug‘ Vatan urushi haqida ko‘l narsalarni bilmas ekanmiz. To‘g‘risini aytish kerak, Vatan urushining avval yozilgan tarixida soxtalashtirilgan o‘rinlar oz emas. 1953 yilga qadar Stalin barcha g‘alabalarning ilhomchisi va tashkilotchisi qilib tasvirlangan edi. So‘ngra Nikita Sergeevich g‘alabaning ilhomchisi bo‘ldi… Undan ham so‘ng esa Brejnev o‘zining 18-armiyasi bilan hammani «engdi» va «tor-mor» qildi.
Mana shu soxtagarchiliklarni oradan olib tashlashimiz kerak. Urush haqidagi bor haqiqatni, nihoyat, endi aytaylik-da. Men Jukov obrazi orqali shu haqiqatni aytishga harakat qilmoqchiman.
— Mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat. Saylovoldi va undan keyingi faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Suhbatni M. Abdullayev olib bordi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 10 mart