Yakshanba kuni avtobus tirband edi. Orqa eshikdan kirgan ayolning ortidan tikilib kelayotgan yigit sumkasini silagandek bo‘ldi. Barmoqlari orasidagi yarimta olmos ochgan «darcha»dan ikki barmog‘ini sukib buklangan bir dasta pulni sekin sug‘urib oldi. Bu ishni ko‘rib kaltirab turgan qizga kissavur ko‘zini olaytirdi. Uning qip-qizil tili ustida turgan olmosni ko‘rib qizcha orqaga tisarildi, qo‘rqqanidan avtobus qaysidir bekatda to‘xtaganida odamlar orasidan sirg‘alib tushib qoldi. Tushgan zahoti yo‘lning narigi tomoniga o‘tib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Men keyingisida ketarman, siz chiqaqoling, xolajon, — ur-yiqit, tiqilinchda o‘zi zo‘rg‘a marshrut taksi eshigiga yetgan, qoramag‘izdan kelgan mo‘ylovli yigit eshikka intilayotgan sumkali ayolga yo‘l berdi.
Bilet deb cho‘ntagiga qo‘l suqqan ayol birdaniga dod soldi: — Ajaling kelgur, o‘g‘irlabdi!
Shaharlararo qatnaydigan avtobusdan tushgan marg‘ilon do‘ppili mehmon 1-nomerli avtobusga chiqdi. To‘rt yigit ham uning orqasidan avtobusga yo‘l olishdi. Tiqilinchda zo‘rg‘a turgan mehmonning fikri-zikri chap tomonida turgan yigitchaning avtobus tutqichiga yuborgan qo‘llariga «ilashib» qolgan iyagini bir amallab chiqarib olish edi. «Ozodlik»ka erishgan mehmon yengil tin olib odamlar oyog‘i ostida qolib ketgan yuk xaltasini tortqilab yaqinroqqa keltirdi. To‘rt yigit odamlar orasidan oldinga intildilar. Avtobusning old eshigiga yaqinlashgunlaricha yana ikki ayol va bir erkak tiqilinchda bezovtalanib, «erkinlikka» intildilar. Orqadagi ikki yigitning panasida turgan sherigining barmoqlari bir zumda yo‘lovchilar cho‘ntagiga kirib «quyruq»ni ilintirgach, ular tag‘in oldinga intildilar. Buni kuzatib kelayotgan barzangi yigitning qoni qaynadi. Hayajondan tizzalarigacha qaltirab kissavurlardan biriga yaqinlashdi va tanbeh uchun og‘iz juftladi. Lekin kissavurning hushyor ikki sherigi ikki yonidan kelib sekin uning ikki qo‘lidan ushladi. Ro‘parasidagi esa kurtkasini ochib «bu yoqqa qara!» degandek ko‘zi bilan botirga im qoqdi. Hozirgina qahramonlik qilmoqchi bo‘lib turgan jasoratga da’vogarning rangi oqarib ketdi. Ro‘parasidagi kissavurning belidagi tasmaga ilingan ikkita tig‘ning sovuq yaltirashi «botir»ning hushini uchirib, qaynagan qonini sovutib yubordi.
U itoatkorona pastga qaradi: to‘rt kissavur oldinga o‘tib ketganini ilg‘adi. Ular «Obkom», «Oblispolkom» bekatida avtobusdan tushib soyabon yoniga o‘tib «daromad»ni sanay boshladilar. «Botir» avtobus derazasidan termulganicha eson-omon ulardan uzoqlashdi…
Shahar markazidagi «Moskva» magazini oldidagi avtobus to‘xtash joyida bir baquvvat yigit, fosh bo‘lgan kissavurlar bilan mushtlashmoqda! To‘xtab turgan avtobus to‘la odam! Hozirgina bir ayolni chirqiratib tushgan kissavurni ushlagan yigitga qayerdandir paydo bo‘lgan uning sheriklari har tomondan chiyabo‘rilardek tashlanishmoqda. So‘kinishib, chiyillashib har tomonidan chang solishmoqda! Yigit ularning birortasini ham yaqiniga yo‘latmaydi. Urgani yiqilyapti. Ammo yigit ro‘parasidan kelgan ikkita kissavurga andarmon bo‘lib turganidan foydalangan uchinchi kissavur uning yuziga qo‘l sermab o‘tdi! Yigit yuzini ushlagancha, engashib qoldi. Barmoqlari orasidan qon sizdi. To‘rtinchi kissavur esa yigitning yuziga tepdi. Beshinchi kissavurdan orqasiga tepki yegan yigit munkib yiqildi. «Tomosha» tugagach, pulini oldirib yoqasiga tuflab o‘tirgan ayol va boshqa yo‘lovchilar bilan to‘la avtobus chayqalib o‘z yo‘liga ravona bo‘ldi! Kissavurlar esa yo‘lning narigi tomonida turgan «Jiguli»ga o‘zlarini urdilar…
Yozi bilan bolalarini yoniga olib paxta dalasida mehnat qilgan gektarchi ko‘p bolali ona «godovoy otchyot» — yillik daromad chiqqanidan xursand. Bir ko‘ngillaridagini olib berayin degan maqsadda jujuqlari bilan bozorga yo‘l oladi. Bozor aylanayotgan kichik o‘g‘li «kabob olib bering» deya xarxasha qila boshlaydi. Kattasini kabobga navbatga qo‘yib yashirib qo‘ygan joyidan pullarini oladi va ichidan bir so‘mlik topib, kichigiga «ma, san bunga non olib kelgin», deb uzatadi. Ehtiyotdan pullarini kamzuli cho‘ntagiga soladi. O‘rta bo‘ylik, mo‘ylovli yigitcha kelib yonida o‘tirgan sariq kurtkali yigitga: «Sal suriling, shu yerda birpas dam olayin», deydi. Naryoqdagi sherigiga «joy bo‘shasa chaqirasan» deb ham qo‘yadi.
Kabob uchun pul to‘layman deb cho‘ntagiga qo‘l solgan ayol bo‘shashib joyidan turolmay qoladi! Yoniga qarasa, haligi mo‘ylovli yigitcha yo‘q!
Kissavur o‘zini fosh qilgan ayolga qarata peshtaxtada turgan konserva bankani otadi. Boshiga urilgan shisha yorilib yuziga tomat chaplangan ayol yiqiladi. Chidolmagan odamlar o‘g‘rida qurol bo‘lishi mumkinligini ham unutib kissavurga tashlanishadi. Qo‘lini qayirib yaqin atrofda paydo bo‘lgan militsionerga topshiradilar. Kissavurni turtkilab yetaklagan militsioner orqasidan jabrlangan ayol ham ergashadi. Kooperativ do‘koni yonida ayol ularni ko‘zdan yo‘qotib qo‘yadi. Bir vaqt qarasa kissavur hojatxona tomonga ketyapti, militsioner esa do‘kon ortidan chiqib kelyapti. Bozor darvozasiga qarab yonidan o‘tayotgan militsionerdan ayol jahl bilan so‘raydi:
— Nega qo‘yib yubordingiz?!
— Psixakan! Dokumenti bor, qamash mumkinmas. — Militsioner qadamini tezlatadi. Ayol nima deyishni bilmay, tilini tishlab qoladi.
Men yozayotgan bu narsalar biror dedektiv to‘qimalar emas, balki ayni shu kunlarda Jizzax shahrida ro‘y berayotgan ba’zi oddiy voqealar, xolos. Bu voqealarni o‘ylar ekanman, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega bizga onadek aziz Jizzax shahri o‘g‘ri-kazzoblar makoniga aylanib bormoqda?! Nega ular kundan-kunga «urchiyapti?!» Ular kimga ishonadilar? Yoki kishilarning loqaydliklari ularga madad bo‘lib, jazosizlik ularni va ularga havas qilayotgan yengiltaklarni rag‘batlantiryaptimi?! Nega ularning dastlaridan mo‘min‑qobil va soddako‘ngil mehnatkash odamlar jabrlanmoqda?! Bolalarining rizqu nasibasiga, yaxshi kunlariga yiqqan jamg‘armalariga, o‘limligimga biror narsa olib qo‘yayin, deb pensiyalaridan so‘mlab yiqqan pullariga kissavurlar tajovuz qilmoqdalar. Bozorga chiqqan sotuvchilar xuddi «dushman territoriyasi»ga kirib qolgandek xavotirda ko‘zlari javdiraydi! Har bozor bitta‑ikkita sotuvchini «qaqshatib» ketishadi! Nahotki ularning yig‘i ovozlarini sovet militsiyasi eshitmayapti? Xo‘p, organ odamlari shunchalik loqaydlikka borishayotgan ekan, unda odamlarning o‘zlariga nima bo‘ldi? Oriyatchan yigitlar qayerda qoldi?! Ular ham g‘ururlarini yo‘qotib «hayt»ga pusadigan bo‘lib qolishganmi?!
Ko‘p kishilar bilan suhbatlashib men shunga amin bo‘ldimki, Jizzaxda kissavurlar, mol o‘g‘rilari, uy o‘g‘rilari «bolalab» ketgan! Jamoatchilik, militsiya xodimlari, tergovchilarning loqaydligi, xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishlari, yuridik qonun-qoidalarni voqea tafsiliga qarab qo‘llay bilmasligi, kuchli advokat himoyasida o‘g‘rilarning «faktlar tasdiqlanmay» qolib oqlanib ketishlari, sud, prokuratura ishida halol sistema yaratilmaganligi, prokuratura xodimlarining profilaktik ishlarni tashkillashtirmayotganligi, nopok militsiya xodimlari topilib munosib jazo qo‘llab, matbuot orqali e’lon qilinmayotgani, signal kelishini kutib kabinetdan chiqmayotganliklari sabab ham shu hol ro‘y bermoqda!
…7 may kuni navbatchi edim. Ishxonaga ketayotsam, soat beshlar atrofida mo‘ylovli, shevasidan o‘zbekka o‘xshamagan yigit qartani chiylab, o‘yinni do‘ndirib yotibdi. Uning atrofida o‘n-o‘n besh chog‘li kishi to‘plangan, qartavozning yonida turgan uch-to‘rtta sherigi to‘planganlarga «havo» berib turishibdi. Pul mo‘ylovning cho‘ntagiga suvday oqib tushyapti.
Xuddi kelishilgandek, shahardagi o‘ttiz bitta uchastka militsionerlaridan birortasiyam bu yon-atrofda ko‘rinmas edi. Uchastka punktiga telefon qilsangiz hech kim javob bermaydi. Avtobuslarning oxirgi bekati — katta bozor darvozasi oldida «Vodnik» militsiya uchastka punkti ham joylashgan, qimorbozlar xuddi shu yerga makon qurishgan…
Men Jizzax shahar prokurori o‘rtoq Jumayev Eran Jumayevichdan so‘radim:
— Shaharda kissavurlar ko‘payib ketgan deyishyapti, juda ko‘pchilik ekan. Ularning orasida yosh bolalar ham bor emish?..
— Yo‘q, unchalik emas. Kecha bozor kuni bitta kissavurni ushlab keltirishdi. Boshqa yoqdan kelgan ekan…
Jabrlanuvchilar bilan suhbatlashganimda esa butunlay boshqa narsaning guvohi bo‘ldim. Ularning aytishlariga qaraganda, shaharda kissavurlar o‘zlariga yaxshi qulaylik yaratib olishgan ekan. Nashavand, qimorbozlik bilan kun o‘tkazib yuradigan bu bolalar hech nimadan qaytishmaydi! Ularni ko‘pchilik: avtobus shofyorlari, taksi haydovchilari, suv sotuvchilar, bozordagi sotuvchilar, pistachi ayollar, uchastka militsionerlari ham yaxshi tanishar ekan. Endi savol tug‘iladi: nega unda ularni ushlashmaydi yoki ushlab berishmaydi? Bu — mulohazaga undaydigan savol. Bunday kissavur, qimorbozlar shaharga chetdan keladigan «gostrolyorlar»ni sig‘dirishmaydi, agar sezib qolishsa ushlab militsiyaga berishadi. Chunki «ob’ekt» ularniki. Bu sovet militsiyasi bilan kissavur o‘g‘rilar «do‘stlik» aloqasini mustahkamlashga asos bo‘ladi. Kissavurlar jazolanmay hamon ozodlikda bilganini qilib yurishiga mana shu o‘zaro manfaatdorlik sabab bo‘lyapti, deyish mumkin.
Militsiya xodimlari xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishga to‘xtalsak, shuni aytish mumkin: birinchidan, nopoklik avj olgan; ikkinchidan, yuridik qonun-qoidalarni yaxshi bilishmaydi: uchinchidan, jonidan qo‘rqib qat’iyatsizlik qilishadi. Yana bitta eng yomon tomoni — tergovchilar ishni oxiriga yetkazmay «dalillar yetishmaydi» deb ishni yopib yuborish hollari ko‘p uchraydi. Agar militsioner pok bo‘lsa-yu, lekin yuridik qonun-qoidalarni bilmasa yoki chala bilsa, unda O‘zbekiston SSRning jinoyat kodeksidagi «Jinoyat to‘g‘risida»gi bo‘limda yozilgan 11-moddaniyam bilmaydi, «Ruhiy kasallik va meditsina xarakteridagi majburiy choralarni qo‘llash» deb yozilgan bu moddada shunday deyilgan: «Jamoat uchun xavfli harakatni qilgan paytda ruhiy kasallik holatida bo‘lgan shaxs, ya’ni doimiy ruhiy kasalligi, ruhiy holati vaqtincha buzilganligi, aqlining zaifligi yoki boshqa xil kasalligi tufayli o‘z harakatlari oqibatida o‘ziga hisob bera olmagan yoki o‘z harakatlarini idora qila olmagan shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bunday shaxsga nisbatan sudning belgilashi bilan meditsina xarakteridagi majburiy choralar qo‘llanishi mumkin.
Aqlan sog‘lom holda jinoyat qilgan, lekin sud tomonidan hukm chiqarishgacha o‘z harakatlari oqibatidan o‘ziga hisob berish yoki o‘z harakatlarini idora qilish imkoniyatidan mahrum qiladigan ruhiy kasallikka yo‘liqqan shaxs ham jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Bunday shaxsga sudning belgilashi bilan meditsina xarakteridagi majburiy choralar qo‘llash, sog‘ayganidan keyin esa uni jinoiy jazoga tortish mumkin».
Demak «psix ekan» deb kissavurni qo‘yib yuborgan militsiya xodimi nohaq. U o‘zining bu qilig‘i bilan jinoyatni yashirgan bo‘ladi. Buning uchun odatda jinoyatchi O‘zbekiston SSR jinoyat kodeksining 111-betida yozilgan «Jinoyatni yashirish», 169-moddasiga asosan ikki yilgacha muddatga axloq tuzatish ishi bilan jazolanadi.
Agarda militsioner jinoyatni, ya’ni kissavurlikni yashirish maqsadida pora olsa mol-mulki musodara qilinib, uch yildan o‘n yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. («Pora olish», 152-moddaning 1-bandi). Pora bergan o‘g‘ri ham uch yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinish bilan jazolanadi. («Pora berish». 153-moddaning 1-bandi).
Lekin biz o‘g‘rilarning qilmishlariga e’tibor bersak, ularning tamomila ruhiy sog‘lom yigitchalar ekanliklarini sezamiz. Chunki ular ruhiy yetishmovchiliklar natijasida adashib mehribon ota-onalari yoki aka-ukalari bergan pullarini bozorga kelgan odamlar cho‘ntaklariga solib qo‘ymaydilar, aql bilan ish qilib, uyushgan holda, faqat odamlar cho‘ntaklaridan oladilar, xolos! Demak, ular tamomila ruhiy sog‘lom yigitchalardir! Ruhiy xastaligi bor degan hujjatlariga kelsak, u o‘zlariga o‘xshagan «olarmon» vrach to‘g‘rilab bergan, nopok ishlari uchun qalqon qilib yuradigan bir patta, xolos! Yuqoridagi izohdan ma’lum bo‘ldiki, jinoyat ustida qo‘lga tushganlaridan keyin og‘zilaridan ko‘pik chiqarib yotsalar ham bu «ruhiy spektakllari» o‘tmas ekan. Darhol qayta meditsina ko‘rigi tayinlanib bilimdon mutaxassislardan tuzilgan komissiya ko‘rib chiqib, o‘z xulosasini bildirar ekan. Qo‘lga tushib, asablari dosh berolmay ruhiy holatlarida o‘zgarish bo‘lgan taqdirida ham odamlardan «izolyatsiya» qilinib davolanadilar. «Kayfiyatlari o‘z holatiga tushganidan keyin» esa ayblariga yarasha jazo muddati belgilanar ekan! Lekin o‘g‘ri «do‘stlarim»ning bir «xislat»lari borki, fosh bo‘lib qolsalar qo‘llaridagi karmanni yoki pulni darhol tashlab yuborib ko‘zlarini lo‘q qilib turaveradilar! Bu ularning aqllari taraqqiy etib jabrlanuvchilardan ancha oldinga o‘tib ketganlaridan! Qo‘lidan ushlay olmaganingizdan keyin, qani tergovchi uning o‘g‘riligini isbot qilib ko‘rsin-chi! Bo‘yniga qo‘ya olmaydi. Qonunlarimiz odil, odamlar noqaq jazolanmasliklari kerak! Mening o‘g‘ri «do‘stlarim» biladilar: ularning qo‘llarini birov o‘z cho‘ntagida ushlab olsa ham bu o‘g‘irliklarini «isbotlay olmaydi». Tiqilinchdagi oddiy xayolparastlik… Maqsad pul o‘g‘irlash emas edi, o‘zining cho‘ntagiga qo‘l solib pul chiqarmoqchi edi, xolos! Jabrlanuvchi sho‘rliklar bu narsalarni bilarmidilar. Yo‘q, albatta. Ular dodlay oladilar, xolos! Ba’zilari militsiyani la’natlaydi. Tergovchiga yuksak his-hayajon, o‘t o‘chiruvchilar mashinasining sirenasidek chinqiriq kerak emas, unga oddiygina dalil kerak, xolos! Yo‘qsa, «dalillar yetishmaganligi» sababli deloni yopishga majbur bo‘ladi. Kissavurlikda dalillar nimadan iborat bo‘ladi? Kesilgan sumka, o‘g‘irlangan pullar, guvohliklar, o‘g‘ri qo‘lidagi yoki cho‘ntagidagi ashyoviy qurollar: olmos, qirqadigan dastaki jihozlar, himoya yoki hujum vositasida qo‘llamoqchi bo‘lib olib yurgan tig‘dor va boshqa sovuq qurollar. Siz uydan olgan pulingizni sanab ko‘rgan bo‘lsangiz, garchi uni o‘g‘ri o‘margandan so‘ng ham qanchaligini to‘g‘ri ayta olasiz. Biroq uning sheriklari bo‘lsa‑chi?
Kissavurlarning «bolalab» ketayotganlariga asosiy sababchilar — o‘z ishlariga sovuqqon militsiya xodimlari! Ko‘rkam kamzul-shim kiyib, yonlariga to‘pponcha taqib, davlat va shaxsiy mashinalarini g‘izillatib yurgan bu kishilarni ko‘pincha kerak bo‘lmagan joylarda uchratish mumkin. Militsionerga yoki GAI xodimiga ko‘rinib turgan «ob’ekt» bilan shug‘ullanish oson. To‘da-to‘da bo‘lib chorrahada mashinalar tutishlar, shag‘al ortib kelayotgan yuk mashinasini quvish, daraxtni panasida turib, tezligini oshirib kelayotgan avtomobilga tayoq ko‘tarib yugurib chiqish, somon payti somon ortgan mashinalarni to‘sish, chanoq ortgan telejkalar yo‘lini poylash, ishdan keyin daladan gektaridan chiqqan to‘rt bog‘ g‘umayni mashinasiga ortib kelayotgan shofyorga «o‘g‘irlik qilgani uchun» jarima solish qanday zavqli!
Uchastka militsionerlari GAI liniyasini aylanib yurishsa bo‘lgani. Formadagilarning barisi kechasi GAI! Tag‘in bu uchastka inspektorlarining yetishmovchiliklarini aytmaysizmi, suhbatlashsangiz qalashtirib tashlashadi. Rahmingiz kelib ko‘zingizga yosh olib yuborishingizga bir bahya qoladi! Ular ko‘pchiligining alohida kabinetlari yo‘q. Stol-stullarining kamchiligi qo‘llarini anchagina kalta qilib qo‘ygan. Bir yoqda xo‘jalik rahbarlarini aytmaysizmi? Uchastka militsioneri byurokrat sovxoz direktori oldida ojiz bir boladek. Ularning pogonlarida yulduzlarining ko‘payayotganligi ham ish bermayapti! Jinoyat kundan kunga, oydan oyga, yildan yilga ko‘payib ketmoqda! Epchil o‘g‘rilar o‘z ishlarida sistema yaratib oldilar!
Shahar militsiyasi qarshisida do‘stim bilan gaplashib turuvdik. Mayordan buyruq olgan serjant avtobus to‘xtash joyiga qarab g‘izillab ketar edi:
— Ha, tinchlikmi?! — so‘radim undan.
— Pistachini quvgani! — shoshilardi u. Ancha turib qoldik. Bir vaqt starshina pista solingan to‘rvani bir tomonidan ushlab, to‘ladan kelgan, g‘aribgina kiyingan ayol ikkinchi tomonidan ushlab kela boshlashdi. Pistachi ayolni ichkariga topshirib chiqqach, serjantga hazillashdim:
— Bu deyman, judayam qiynalib ketdingiz-da! Sizlarniyam ishlaring juda og‘ir!
— Hey, aka — fig‘on qila ketdi u. — Ushlasak boshimizdan oyog‘imizgacha tirillatadi bular. Olib kelganing, qarg‘ish eshitganing bahosi emas! Qo‘limni tishlab oldi!
— Eh-hey! Bitta pistachi bilan olishish shunchalik murakkab bo‘lsa, o‘g‘ri-kazzoblarga umuman teng kelib bo‘lmas ekanda, a?
— Aka, piching qilasiz-da! Mana shu pistachini oladigan bo‘lsak, nimaga yo‘q bo‘lmaydi?! Ilgari gorispolkomdagi «administrativ komissiya»ga olib borar edik. Bir kuni bittasini ushlab bordim. Komissiyaga olib kirsam 10 so‘m shtraf qilishdi! Koridorga chiqqanimizdan keyin ayol: «Ana, nima bo‘lding, boya 25 so‘m berayin desam yo‘q devding», — deb ketib boryapti. Ertasiga qarasam tag‘in o‘sha joyida pistasini pullayotipti! Nima qilishimiz kerak? Bitta militsionerning qo‘lidan nima kelar edi…
Odamlarga hayronman. To‘rttasining boshi biriksa bo‘ldi, o‘tirib olib yurtimizni o‘g‘ri, kissavur bosib ketdi, nopoklarning urug‘i ko‘payib ketyapti, deb nolishadi. Biri bunga militsionerlarni aybdor deb hisoblasa, ikkinchisi dab‑durustdan yurtda ketayotgan oshkoralik, demokratiya hamma yoqni rasvo qildi, deydi. Uchinchisi odamlarning o‘zi noinsof bo‘lib ketdi desa, to‘rtinchisi qonunlarimiz bo‘shashib ketdi, bu ketishda jinoyat kamayishi o‘rniga ko‘payib ketaveradi, bundan keyin battar bo‘ladi, deb kuyinadi. Biri dindorni ayblasa, biri dinsizni ayblaydi. Biri yoshlarni, yana biri — keksalarni ayblaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘p o‘ylayman: xo‘sh, nega shunday bo‘lyapti? Nega jinoyatlar «surati» faqat bizning rayonda, oblastda, respublikamizdagina emas, ittifoq miqyosida kundan kunga tushish o‘rniga o‘smoqda?! Kvartira o‘g‘rilari shaharlar tugul qishloqlarda ham paydo bo‘lmoqda. (Qishloq «madaniyati»ni shahar «madaniyati»ga tenglashtirishga harakat qilishyaptimikin o‘g‘rilar ham?..) Gap kissavur haqida borayotgan edi. Ular kundan kunga ishlariga har xil «ilg‘or» tajribalarni joriy etib, taktikalarini «mukammallashtirib» borishyapti, shekilli. Bo‘lmasa, militsionerlarning o‘zaro gaplari birinchi bo‘lib ularning qulog‘iga yetib kelmas edi! Bo‘lmasa, ular ilg‘or texnika bilan qurollangan, sog‘lom, baquvvat, har kuni tanlarini jismonan chiniqtirib borayotgan militsiya xodimlarini aro yo‘lda qoldirib ketmas edi!.. Xo‘sh, XX asr kissavurlari, mol o‘g‘rilari, uy o‘g‘rilari shunchalik tutqich bermas qaroqchilarmi?! Keling, yaxshisi, tag‘in odamlarning gaplariga quloq solaylik.
— O‘g‘ri qishloqqa chetdan kelmaydi. U shu yerning shart‑sharoitini yaxshi bilgan odam. O‘g‘ri o‘zimizning ichimizda!
— Kasalxonani oldidagi uyga o‘g‘ri tushibdi. Quvib ushlashibdi. O‘g‘ri xonadon egasi o‘g‘lining jo‘rasi ekan!
— Omonni uyiga tag‘in o‘g‘ri tushibdi. Bilib qolib quvishgan ekan, tomiga chiqib ketibdi. Narvonni olib qo‘yib kutib turishibdi. U esa qo‘shnisi tomondan tushib qochib ketibdi.
— Mol o‘g‘risi ko‘payib ketdi. Bu kooperativ bo‘lmadi, bir balo bo‘ldi. Hamma mollarni boshiga yetyapti!
— O‘g‘rilar militsionerlarning shaykasi emish…
— Kunduzi «Jiguli»da kelib «razvedka» qilib, kechasi «KamAZ» mashinada kelib ortib…
Hayron bo‘laman. Ishchi-dehqon Sovet militsiyasi dekretiga 1919 yilda qo‘l qo‘yganida, 1920 yilda Ishchi-dehqon militsiyasi ishi to‘g‘risidagi qo‘llanmani tasdiqlaganida Vladimir Ilich Lenin bir nuqtaga tikilib Sovet militsiyasining 70 yildan keyingi faoliyatini qanday tasavvur etganikin? Revolyutsiyaga e’tiqodli bu kadrlar avlodini 70 yildan so‘ng oyda ham tartib o‘rnatib yuborsa kerak deb o‘ylagan bo‘lsa kerag-ov…
Yana kuyayotgan odamlar gaplariga e’tibor qilaman:
— Militsiya o‘zini ishchan ko‘rsatish maqsadida faqat ochilgan yoki ochilishi ehtimoldan holi bo‘lmagan jinoyatlarni hisobga oladi. Ochilishiga ko‘zi yetmasa, iloji boricha daftariga qayd ettirmaslikka harakat qiladi.
To‘g‘riligiga ishonmayman. Bo‘lishi mumkin emas-da, axir. Bu jinoyat-ku! Lekin ikki molini o‘g‘irlatgan Chorvador posyolkasidagi Qudrat aka kelib: «Uka, qo‘y o‘sha militsiyangni, ilojini qilolsang, «uzun tomda» ishlaysan, yordam ber, otangni arvohi qo‘llagur», deganida siltab tashlayman:
— Ariza yozib keling. Ertaga ikkimiz birga militsiyaga boramiz.
U xo‘p deb chiqib ketadi. Lekin haftalar, oylar o‘tadi, ariza yo‘q. Tasodifan yo‘lda uchratib qolaman.
«Hey, qo‘yaver, — deb qo‘l siltaydi, — baribir militsiya izlamaydi…»
Militsionerlarning operativliklari shunchalikka borib yetdiki, oxirgi ikki yil badalida 76-ot zavodiga qarashli Tangli qishlog‘ining o‘zidan 21 ta molni olg‘irlar ilib ketishdi, nima, ularda vertolyot bormi deb o‘ylab qolasan odam… G‘allaorol rayonida esa bundan ham ko‘p. Jizzax shahri atroflarini-ku, qo‘yaverasiz! Qani uni sanashdan erinmagan mard topilsa!
Navoiylik Ahmad aka Abdullayev va uning ham 3 yoshlardagi ho‘kizi «Misha»ning tarifi sobiq O‘zbekiston SSR ichki ishlar ministri general Rahimovga ham borib yetdi. Ahmad akaning ho‘kizi to‘g‘risida «Mushtum» jurnalida ham yozishdi. Lekin olarmonnikida pashsha qo‘rib yotgan «Misha»ni yetaklab kelishga bu maqola bir no‘xtayam bo‘la olmadi. Ichki ishlar ministrligidagilar «Mushtum»ga yo‘llagan javoblarida Ahmad akaning ho‘kizi to‘g‘risidagi satrlarniyam o‘g‘rilar «urib» ketibdi!
Yaqinda Ahmad akani uchratib qoldim. Aniqrog‘i, u meni qidirib ishxonamga kelgan ekan.
— Uka, men sizni to‘g‘ri odam deb yursam sizam o‘shalarni biri ekansiz. Haqiqat bormi o‘zi?! Qachon Jizzaxda tartib bo‘ladi?! Qachon bu organning odamlari mehnatkashga sal e’tibor qiladi?!
— Ahmad aka, bularning ham ishi qiyin-da…
— Hech, qo‘ying, uka. Bularni «xudosi»gayam ishonmay qoldim. Generallariningam qabulida bo‘ldim, yozmagan joyim qolmadi! Yuguraverib ikki ho‘kizning puli ketdi. Tag‘in o‘ylamang, Ahmad aka tentak bo‘lib qolganmi, deb. Man bilmoqchiman: qani, bizda haqiqat bormi-yo‘qmi? Radio-televizorda kuniga ertalabdan kechgacha tinmay gapirilayotgan o‘sha qayta qurish, qani, qayerdan boshlangan ekan, men bir ko‘ray?! 2 mayda ho‘kizimni o‘g‘irlab ketishganiga ikki yil bo‘ldi. Hali o‘sha iflosnikida turibdi. Bular barining o‘g‘rilar bilan tili bir!
U kishining qo‘lidagi papkani olaman. Har xil instantsiyalardan kelgan javoblarning o‘zi bir ho‘kizga yuk bo‘libdi! Hammasi quyi organga yuboravergan…
Televideniyedan va redaktsiyalardan kelgan javoblar bir xil: «Ichki ishlariga yuborildi… So‘raldi…»
Ichki ishlardan kelgan javoblar ham bir xil: «…faktlar tasdiqlanmadi… sizning o‘g‘irlangan ho‘kizingizni topishda sovuqqon, loqaydlikka yo‘l qo‘ygan ichki ishlari xodimlari jazolandilar. Ish qayta qo‘zg‘atildi. Keyin o‘zimiz xabar qilamiz…»
Ahmad aka ko‘k muqovali daftarini ko‘rsatdi. Uning birinchi betida: «O‘zbekiston SSR ichki ishlari ministri Uchqun Rahimov qabulida 26 iyun 1988 yilda bo‘ldim;
O‘zbekiston SSR ichki ishlari ministrining o‘rinbosari Uspenskiy qabulida 13 mart 1988 yilda bo‘ldim;
O‘zbekiston SSR ichki ishlari ministri o‘rinbosari To‘xtayev qabulida 14 iyun 1988 yilda bo‘ldim;
O‘zbekiston SSR ichki ishlari ministrining o‘rinbosari G‘afur Rahimov qabulida 14 iyul 1988 yilda bo‘ldim», deb yozib qo‘yibdi.
— Nega bularning hammasi bir-biridan ko‘chirib javob yozadi?! — kuyinadi Ahmad aka. — Nega o‘g‘rilarni uch kun qamab, keyin qo‘yib yuborishdi?! «Ho‘kizingiz buguncha shu yerda tura tursin, o‘zimiz eltib beramiz» degan militsiya xodimlari nega meni ikki yildan beri sarson qilishadi?! Nega birinchi deloga tikilgan, ho‘kiz topilgan kuni tushirilgan rasmlar yo‘q qilingan?! «Otpechatka»sini olamiz deb olib ketilgan zanjirni yo‘qotishdi! Ho‘kizni tanigan beshta guvohning imzosi bilan yozilgan tushuntirish xatlari deloda yo‘q! Nega? Uka, o‘zi bu davlatning so‘raydigani bormi yo kun faqat puldoru tovlamachilarga, amaldoru o‘g‘ri-kazzoblarga tug‘adimi?| Gapiring! Bularingizning yana zo‘r hunarlariyam borakan! Tinchlik bermay, ho‘kizimni topasanlar, deyaverganimdan keyin o‘g‘rilar qolib, o‘zimga po‘pisaga o‘tishdi! O‘n yil avvalgi PMKda master bo‘lib ishlagan joyimdan bahona topishga harakat qilishib, biror nima chiqib qolar degan umidda bir odamga ariza yozdirib olib ustimdan ish qo‘zg‘atishdi! Qancha tentiratib, asablarimni qaqshatib so‘roq qilishdi! Men baribir bularning po‘pisasidan qo‘rqmayman! Ministrlikka boraverganimdan keyin bir tekshiruvchini ichki ishlar ministrligidan yuborishibdi deb eshitib, oblast ichki ishlar bo‘limiga bordim. Lekin u odamni topa olmadim. Hech natija bo‘lavermaganidan keyin tag‘in ministrlikka borib ministr o‘rinbosari To‘xtayev degan odam qabulida bo‘ldim. U kishi: «Tekshiruvchi Jizzaxga borib keldi-ku. Hammalaringiz bilan uchrashib suhbatlashibdi, tekshirib ko‘rib, tushuntirib kelibdiku», dedilar. Hayron bo‘lib qoldim. Kelib ketgan xodim 3-bo‘limdan, shu qidiruvchilarning kattasi Abdullayev Yuriy Removich degan yigit ekan. To‘xtayev uni chaqirtirdi. U qarshimga kelib o‘tirdi.
— Bu odamni taniysizmi?!
— Yo‘q.
— Unda Jizzaxga borib nimani tekshirib, kimga uchrashib keldingiz?!
O‘sha kirim-chiqim daftarini ko‘rishsa № 16(A-25ning) to‘g‘risiga «Ot pismennogo otveta otkazalsya» deb yozib qo‘yibdi. To‘xtayevning jahli chiqib ketdi. «Hozir chiqib bu kishining ishini oxiriga yetkazib keling!» deb ikkalamizni chiqarib yubordi.
Bu Abdullayev Yuriy degani o‘sha ministrni ham «bordim, ko‘rdim, hammasi bilan gaplashdim, suhbat o‘tkazdim, ishni hal qilib, keldim. Bo‘ldi, rahmat sizga, endi shuni o‘zi bizga ovora bo‘lib xat orqali javob qaytarib o‘tirmasalaring ham mayli deb aytishdi», deb aldagan ekan! Keyin o‘sha qayd qilish daftariga yuqoridagilarni yozgan ekan!
Abdullayev Yuriy degani 1988 yilning may oyi oxirida kelib ketgan ekan, men 14 iyunda ministr o‘rinbosari To‘xtayev xonasida u bilan uchrashuvdim. «Bo‘ldi, kechirasiz, ayb menda, o‘zim borib hal qilaman», deganiga ishonib kelaveribman. Uch oydan keyin tag‘in borib o‘sha Abdullayevga uchrashdim. Ancha o‘zini bosib olibdi. «Bir ilojini qilamiz, siz boravering», dedi. Tag‘in qaytib keldim. Olti oylar o‘tganidan keyin «Yuriy Removich kelibdi» deb eshitib, xotinim bilan yugurgilab oblast ichki ishlar bo‘limiga keldik. Eshikdan chiqib ketayotgan ekan.
— Yuring, o‘g‘irlangan joyni, ho‘kizni turgan joyni ko‘rsataylik desak, «Sizni ishingiz bilan kelganim yo‘q, men boshqa ish bilan kelganman», deb ketvordi. Bularingiz o‘sha boshidan buzilgan ekan, uka! Nahotki shunchalikka borishsa? Ishonging kelmaydi kishi. Bunday bo‘lishi mumkin emas! Tartib posbonlari tartibni buzishda «rekord» qo‘yib o‘tirsalar-a?! Iloj qancha, faktlar oldida har qanday ehtiros ham ojiz! Nega unda «ho‘kiz so‘yilmasin, sotilmasin deb raspiska olganman» degan o‘rtoq Abdullayev Yuriy Removich shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham ishni chuvalashtirmoqda? Yoki tag‘in ishonuvchan generallarini aldaganmikin?
Oddiy bir xo‘jalik tashkilotiga shikoyat tushsa, aybdor jazolansa, ismi-familiyasi ko‘rsatiladi, jazoning me’yori aytiladi, bundan keyin bu ishni hal qilishni kimga yuklatilgan bo‘lsa uning ismi, familiyasi yoziladi, bu ishni bajarish muddati aytiladi, lekin hurmatli tartib posbonlari yo‘llagan javoblarda bu narsalar yo‘q. Bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Yoki hukmdorlik, oddiy mehnatkashlarni mensimaslikning bir ko‘rinishimi bu? Jabrlanuvchilar aldov qog‘ozlariga termulib yuraveradilar, vaqt esa o‘taveradi. Ko‘pchilik esa sarsongarchilikdan keyin hammasini «xudoga solib», qo‘l siltab, etagini yig‘ishtirib qo‘yaqoladi. Davlatimiz kuch-qudratiga, uning olib borayotgan siyosatiga ishongan ba’zilar formadagi kishini ko‘rsa umidvor bo‘lib yugurib yuraveradi. Oxiri bir kuni laqillatishayotganini, hech natija chiqmasligini bilib «davlat odamlarimning qilayotgan bu loqaydliklarini, silliqqina, nihoyatda madaniyatga o‘rab yoki ochiq-oydin aldayotganliklarini sezib qolib, «hey sani o‘sha beburd davlatingni…» deb so‘kishadi! To‘rt yildan beri qayta qurish haqida tinmay javrayotgan radio-televizorni g‘ijinib eshitishadi. Bundaylarni biz shu holatga o‘zimiz olib kelib keyin tentakka, surbetga, «yozuvchi»ga chiqaramiz! Odamlar o‘rtasida ularni yomonlab gap tarqatamiz. Shunday emasmi hurmatli mol o‘g‘rilarini so‘roq qiladigan tergovchilar?! Topib berganini olib berolmagan organ organmi? Nahotki odamlar gapirayotganidek har bir «delo»ning o‘z narxi bo‘lsa?! Nahot qonun faqat quruq qo‘l bilan qo‘lga tushganga qonun bo‘lsa-yu, puldorlar «moylab sirpanib» chiqib ketaverishsa?! Odamlardagi sud, tergov, prokuratura organlariga ishonchsizlik qachon va nima uchun tug‘ilgan?! Nega ishimizni qayta qurib endi katta yo‘lga chiqib oldik deb kerilayotgan paytimizda odamlarda baribir bu oliy davlatni davlat qiladigan qonun himoyachilari, huquq posbonlariga bo‘lgan ishonchsizliklari kamaymayapti? Chunki baliqning qanoti harakat qilgani bilan dumi yo‘nalishini boshqa yoqqa burib yuboryapti.
Tangli qishlog‘ilik Yunusov Abdurahmon aka alamidan yorilib ketmaganiga hayron qolasan.
— O‘g‘rilar qolib bu militsiyadagilar ikki yildan beri faqat mening uyimni tekshirishadi. Lagerda zavxoz bo‘lib ishlayotgan ukamni ham tekshirishgani-tekshirishgan! O‘g‘rilarni aniq ushlab bo‘yniga olganlaridan keyin bir kun ushlab turishib tag‘in yuborishdi! Biz endi haqiqat qaror topadi deb yurgan edik. Tag‘in OBXSSini yuborib o‘zimizni tekshirtiradi! Milisasini yuborib o‘zimizni tekshirtiradi! Kattaroq suyoving bo‘lsa bizda o‘g‘rilikka yo‘l keng ekan-da!
Oxiri qing‘irliklar davom etib, aholi o‘rtasida norozilik kuchaygach, oblast ijroiya komitetining sobiq birinchi muovini o‘rtoq Huranov Nikolay Azamatovichning so‘roviga binoan oblast Davlat Xavfsizligi komitetining boshlig‘i o‘rtoq Martinov oblast Davlat va huquqiy organlari doimiy komissiyasi raisi sifatida tekshirib o‘g‘rilarni aniqladi.
Militsiya xodimlari bilan gaplashsangiz ko‘proq odamlarni beparvolikda ayblashadi. Molini mahkam qilsin, og‘ilini qulflab qo‘ysin, nima endi, biz har bir odamnikiga borib qorovullik qila olmaymiz-ko‘, deyishadi.
Navoiy nomli kolxoz A. Ikromov ko‘chasida yashovchi Po‘latov Sulton akaning ikki sigirini og‘ilxonasining qulfini buzib olib chiqib ketishgan. Buzishgan qulfni Sulton akaning amakisining o‘g‘li Asqarnikiga tashlab, uning ham bir ona-bola sigirini olib ketishgan. Shu kolxozdagi Kalinin nomli maktab o‘qituvchisi No‘monova Matlubaning ham o‘sha tunda sigiri bilan buzog‘ini o‘g‘irlab ketishgan. Bu voqealarni qanday izohlash mumkin?! Idorama-idora sargardon bo‘lib yurgan bu jabrlanuvchilarning gaplarini eshitib hayron qolasan kishi. Chet el filmlarida politsiyachilar boshliqlari bilan kelishib olib ish yuritadigan mafiyachilarni ko‘rgan edik. Jizzaxdagi ommaviy o‘g‘rilikdan xuddi shunday holning hidi sezilib turibdi. Yo‘qsa, ko‘p sonli jabrlanuvchilarning arzini tinglaydigan biror odil kishi topilar edi.
O‘g‘ri, kissavurlardan jabrlangan kishilar militsiya, sud, prokuraturaga qatnayverib charchashgandan so‘ng noumid shayton deb folbinlarga, romchilarga yugurishmoqda, ulardan madad so‘rashmoqda.
Men militsiya xodimlari orasidan o‘z qahramonimni qidiryapman. Hozircha topa olmadim. Lekin noumid emasman. Militsiya xodimlarining ishi og‘ir, tushunaman, ammo sharafli. Ammo shuni tan olish kerakki, keyingi yillarda sovet militsiyasi bilan xalq o‘rtasida chuqur jarlik paydo bo‘ldi. Aniqrog‘i, hurmatli qonun himoyachilarimiz kishilarning jinoyatga qo‘l urishini kutib yashashga o‘rganishdi. Endilikda buning oldini olish mushkullashmoqda. Militsiya, huquq, sud organlari ishini tez orada qayta ko‘rib chiqish, xalq bilan militsiya o‘rtasida jarlikka barham berish kerak. Yo‘qsa, jinoyatchilikni tugatish, kishilarning osoyishtaligini saqlash to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas. Bugungi kunda harakatdagi militsiyani xalq militsiyasiga aylantirish zarur. Toki, bola ham, katta ham har bir militsionerga bir jazolovchi predmetga qaraganday qaramasin! Har bir inson — bolami, kattami u, oldida himoyachi murabbiysi-militsioner borligini his etishi uchun avvalo har bir militsiya xodimi axloqan mukammal inson bo‘lishi kerak! Poklikning o‘zi ularni xalqqa yaqinlashtiradi! Formada bo‘lsa ham cho‘ntagidan do‘ppisini chiqarib mahallasidagi qayg‘uga botgan oila tobutini ko‘tarishsa, elning yaxshi‑yomon kunlariga aralashsa, ommaviy joylarda yurakdan sux,batlashib bir piyola choy ichishsa, keksalar gap-so‘zlariga quloq ossa, yoshlarga do‘st bo‘lib, aka bo‘lib, ota bo‘lib peshonasini silasa, g‘ariblardan, bemorlardan xabar olsa, mana shularning o‘zi uni xalqqa yaqinlashtiradi! Lekin ba’zi militsionerlar shunchalik kekkayib ketishganki, xuddi o‘zlarini amir Olimxonning qo‘riqchisidek his qilishadi.
Mana hozir qayta quramiz deb ko‘pchilik xato-kamchiliklarni tahlil qilib ishni to‘g‘ri tashkillashtirish uchun taklifmulohazalar bilan chiqmoqda. Oddiy santexnik yoki paxta brigadiri to‘g‘risida bosilayotgan maqolalarni kunda bo‘lmasa ham hafta aro matbuotda o‘qiymiz. Lekin hozirgi davrda muammoga botib qolgan militsiya ishiga kelganimizda faqat qancha jinoyat bo‘lgani, uning bir kvartalga qancha oshgani haqida axborot berishdan nariga o‘tmaymiz!
Ommaviy o‘g‘riliklar, tartibsizliklarning oldini olishni mamlakatimizdagi Leningrad hamda Gorkiy shaharlari tajribasidan o‘rganib, amalda qo‘llashimiz kerak. 02 dan tashqari qo‘shimcha telefonlar nomerlari ajratilsin. Odamlar gavjum, ko‘zga tashlanadigan joylarga katta-katta qilib yozib qo‘yilsin. Hamma joylarda aholining faol qismidan militsiya xodimlari, kommunistlar va kommunist bo‘lmaganlar yetakchiligida ishonch postlari tashkil etilsin. Tutilgan o‘g‘rilar mol-mulklari musodara qilingach, ma’lum protsenti, masalan, jabrlanuvchilarning topilgan mollari qiymatidan 10 foizi tutib bergan ishonch posti jonkuyarlariga moddiy rag‘batlantirish maqsadida berilsin. Chunki kim bilan gaplashmayin, men shu narsani so‘rasam, hamma: «Qaniydi agar o‘g‘irlangan narsamiz yoki pulimizni, molimizni topib berishsa jonimizdan sadaqa, suyunchisini berardik», deb aytishadi. O‘shanda o‘g‘irliklar kamaygani sari ishonch postlari sostavi ham o‘z-o‘zidan parallel kamayib, keraksiz paytida hammayoqda tinchlik o‘rnatilganidan keyin o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Hozircha bu variantni «ishchi postlari» deb respublikamizning Qo‘qon shahrida tashkillashtirilgan. Lekin u yerda ham bu ishga jalb qilingan odamlar ish joylari saqlanib oyliklari berib borilmoqda. Biz yuqorida aytganday, ishni tashkillashtirsak mablag‘ masalasi ham o‘z-o‘zidan hal qilinib, korxona ishlariga ham xalaqit bermasdi. Moddiy manfaatdorlik bu ishonch gruppalarining avangardligini oshirib, xuddi Gorkiy shahridagidek o‘sha aytayotgan bandaning boshliqlari bilan ushlash imkoniyatiga ega bo‘lishardi. Buning uchun faqat oblast xalq deputatlari soveti ijroiya komiteti va oblast partiya komiteti chiqargan qaror va ishning borishida nazoratni tashkillashtirishi ham katta rol o‘ynaydi. Busiz quruq tashviqot bilan ishni uyushtirish mumkin emas.
Bizning eng katta xatomiz xalq fikriga befarqligimizdir! Odamlarning sodda, jaydari suhbatlariga quloq solsangiz, ular juda ko‘p narsalarni bilishlariga amin bo‘lasiz. Hatto qaysi rahbar qandayligiyu uning yaxshi va yomon tomonini, shaharning qaysi burchagida qanday nopok ayol yoki erkak yashashini, qaysi rahbar ishdan olinadi, o‘rniga kim keladi, qaysi rahbar poraxo‘r, qaysisi yengiltak, qaysisi… Xullas, xalqdan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Faqat odamlar qalbiga yo‘l topib gaplasha bilish kerak va ularning oltin fikrlarini qadrlay bilish kerak. Bekorga chet ellarda xalqning fikrini o‘rganadigan qator-qator ilm dargohlari, institutlar ishlamayapti-da, axir! Bizda, garchi ancha kech bo‘lsa ham buni tushundilar. SSSR fanlari akademiyasi qoshidagi sotsiologiya instituti direktori, falsafa fanlari doktori V. Yadov: «Hozirgi qayta qurish davrida odamlar fikri bir xazina. Biz bular fikrlarini o‘rganmay turib Oliy Sovet ham, Kommunistik Partiya Markaziy Komiteti ham qonun chiqarishda, sotsial siyosatni, mamlakat ekonomikasini rivojlantirishda to‘g‘ri yo‘nalish ola olmaydi», deb bejizga aytmadi! Qani endi hech bo‘lmasa har bir oblastda xalq fikrini o‘rganadigan sotsiologik laboratoriya bo‘lsa! Biz ko‘p narsalarga erishgan bo‘lar edik!
Yana shu narsaniyam aytishim kerakki, inson birdaniga buzilmaydi! O‘g‘ri, kissavur onasining qornidan shunday bo‘lib tug‘ilmagan! Biz ularga ham so‘z bera bilishimiz kerak! Mayli, oshkoralik zamoni ekan, ular ham matbuotda chiqishlar qilishsin. Nega ilgari soppa-sog‘ bo‘lgan odam birdaniga yoki asta-sekinlik bilan bunday nopoklik ko‘chasiga kirib qolgan ekan. Nahot u insonga bir marotaba berilgan umrni insonlar qarg‘ishiga uchrash uchun sarf etmoqchi? Balki ularning ba’zilari majburan, ba’zilari yetishmovchilikdan, ba’zilari sho‘xlikdan, ba’zilari to‘qlikdan bu yaramas ko‘chaga kirib qolib, endi undan chiqishni bilmayotgandir. Men bir Sovet grajdani sifatida dehqon o‘g‘li bo‘lganim uchun gapning dangalini yozib qo‘yaqoldim. Men bu maqolani birovga hasad qilib yoki birovdan jabrlanib yozganim yo‘q. Yon-atrofimdagilarni ko‘rib, eshitganlarimni tahlil qilib, qalban qiynalganimdan, odamlar taqdirini o‘ylaganimdan yozdim. Biz ongli jamiyat tarafdorimiz. Shuning uchun ham birovlar aytayotgandek ushlagan o‘g‘rining qo‘lini kesib, qulog‘ini, burnini kesib jismonan jazolashni jinoyat kodeksi moddalariga kirgazmaganmiz! Biz yomonni yomonlik, zo‘rlik bilan davolamoqchi bo‘lib diydasini qotirib yanada insoniy histuyg‘ulardan mahrum etmoqchi emasmiz. Shuning uchun ham jamiyat oldidagi burchlarini unutib o‘zlarining ko‘ngillaridek yashash uchun hamma narsaga tupurib o‘z qiliqlarini oqlash uchun xudbinona aqidalarga o‘ramoqdalar! Lekin buning jazosi bor. Bu faqat sudning qarori bilan beriladigan jazodan farqli o‘lar vijdon jazosi, nigohlar jazosi, behuda o‘tgan umr jazosi, nohaqdan jabrlanganlar qarg‘ishi jazosi! Bular baribir inson ruhiyatiga ta’sir qilmay qolmaydi! Bir kuni hiqildog‘idan oladi! Ko‘z oldida gavdalanadi! Uning sovuq yeli yuzlarini siypaydi! Quloqlari oldida g‘ashli shivirlaydi. Har bir inson to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi uchun o‘zida qudrat topa bilishi kerak!
“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 1-son