Tohir Malik. Xalqqa haq gap kerak (1989)

Farg‘ona viloyatidagi fojialarning tafsiloti haqida gapirish niyatim yo‘q. Qanday mudhishliklar sodir bo‘lgan bo‘lsa — ko‘rsatildi, aytildi. Men fojia yuz bergan yerlarda ko‘rganimni emas, odamlardan eshitganimni siz, azizlarga yetkazmoqchiman. Men yurtimizdagi baobro‘ odamlar bilan Farg‘onada, Marg‘ilonda Toshloqda, Komsomolskda bo‘ldim. Marg‘ilonda bir necha mahalla ahli bilan suhbat qurdik.

Ko‘pni ko‘rgan qariyalar, yoshlar ham bo‘lib o‘tgan qora ishlardan norozi. Uchrashuvlarda ular boshqa bir narsadan ham norozi ekanliklarini aytdilar. Farg‘ona viloyati ahli berilayotgan axborotlardan, aytilayotgan gaplardan norizo. Dastlabki noto‘g‘ri axborotlar ko‘pgina yoshlarni yomon yo‘lga yo‘llagan bo‘lishi ham ehtimol. «Ittifoq» mahallasida «Nima uchun faqat nashavandlar, giyohvandlar, aroq ichganlar» deyishadi, «Nima uchun faqat o‘zbeklarni ayblashadi?» deb g‘azab bilan gapirdilar.

Biz bo‘lib o‘tayotgan voqealarga o‘z vaqtida to‘g‘ri baho berishni hanuz o‘rganmagan ekanmiz. E’tibor qiling-a, Sumgait, Qorabog‘, Tbilisidagi voqealar ham dastlab «bir guruh ekstremistlar…» kabi iboralar bilan izohlangan edi. O‘sha yerlarning aholisi ham haq gaplar yashirilganidan, kechikib aytilganidan qattiq norozi bo‘lishgan edi. Farg‘ona fojiasi ham shunday kaltabin iboralar bilan bayon qilindi.

Muxbirlarimiz hamon o‘sha iboralarga suyanib ish ko‘rishyapti. Axir o‘ylab ko‘raylik, ko‘chalarga 5 —10 minglab odam chiqsa, nahot shularning hammasi nashavand bo‘lsa, nahot hammasi aroq ichib olgan bo‘lsa? Besh ming odamni birdaniga mast qilish uchun qancha nasha kerak, qancha aroq kerak? Undan tashqari besh ming odam ekstremistik guruh emas, to‘da ham emas. Ko‘chaga chiqqan minglab odamlarning bari turklarga qarshi emasdir, boshqa dardi ham bordir. Oshkoralikni bayroq qildik degan matbuotimiz, radio va televideniyemiz nahot shu oddiy narsalarni mulohaza qilmasa?

Markaziy televideniyeda berilgan birinchi hikoya oddiy xalqni ham, rahbarlarni ham qattiq ranjitdi. O‘sha hikoyada «shahar partiya komiteti o‘zini qo‘riqlayapti» degan gap bor edi. Marg‘ilon shahar partiya komitetida biz 7 iyun kuni bo‘ldik. Vaziyat o‘sha kuni ham tarang edi. Ammo shahar partiya komiteti binosi atrofi qurshalmagan edi. Televideniyedagi hikoya sababini so‘ragan edik, o‘rtoqlar aniq tushuntirib berishdi. Televideniye suratga olgan kuni chindan ham askarlar bino atrofini o‘rab olishgan, chunki binoning uchinchi qavatida mish-mishlardan qo‘rqib qochib chiqqan o‘zbek ayollari, bolalari, birinchi qavatda esa turk ayollari, bolalari bo‘lishgan. Rahbarlar o‘zlarini emas, ana shu odamlarni himoya qilishgan.

Televideniye, radioda, matbuotda murojaatnomalar, chaqiriqlar, nasihatlar ko‘payib ketdi. Nazarimda, bu eskicha ish usuli. Ko‘chaga chiqqan odamlar bularni eshitadi, o‘qiydi, amal qiladi, deya olmayman. Hozirgi sharoitda xalq unvonlarga, mansablarga, yoshga, oqargan sochga qaramaydi. Ularga faqat bir narsa — haq gap kerak. Nashavand, aroqxo‘r degan gaplar bilan o‘zimizni o‘zimiz aldamaylik. Xalqning dardiga ham quloq tutaylik.

Yo‘rmado‘z mahallasida odamlar paxta narxining kamligi, turmush sharoitining og‘irligi, azot zavodi atrof-muhitni zaharlayotgani, odamlar yosh bo‘la turib mayib-majruh bo‘lib qolayotganlarini katta bir dard bilan aytdilar. O‘ninchi sinfni bitirgan yigitchalar «bir yildan keyin harbiy xizmatga ketib qoladi» deb ishga olinmas ekan. Bahonani qarang! O‘sha yigitcha bir-bir yarim yil badalida nima bilan mashg‘ul bo‘ladi, qorni ovqatga to‘yadimi, ust-boshi butmi, kim o‘ylaydi bularni?

Yoshlarning berahmligi sababini ham qariyalar aniq aytishdi. «Avvalo videosalonlarning faoliyati, qolaversa, televideniyening ayrim ko‘rsatuvlari yoshlar tarbiyasini buzyapti, «oilada yosh kelinchak qizlar bo‘lsa televizor qo‘yishga uyalib qoldik», deyishdi.

Bugun «Kim aybdor, turklarmi, o‘zbeklarmi?» degan savolga aniq javob berib bo‘lmaydi. Bu savolga tergov organlari halol javob beradilar, deb o‘ylayman. Fojiani boshlab berganlar ham aniqlanadi, jazoga tortiladi, deb umid qilaman. Fojiani keltirib chiqargan ijtimoiy sabablarni esa birgalikda o‘rganishimiz, tahlil qilishimiz, xatolarni tuzatishga birgalikda kirishishimiz lozim. Ijtimoiy sabablar bir kunda tug‘ilmagan, birdaniga hal bo‘lmaydi. Barchamizdan donishmandlik, sabot, matonat talab qilinadi. Xalq buni tushunib turibdi. Bugun esa ularga haq gap suv bilan havoday zarur.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 16 iyun