Hazrat mir Alisher Navoiy benazir va bebaho «Xamsa» asarlarini yozib tugatib, Husayn Boyqaroga taqdim etganlarida, podshoh shoirga ta’zim qilib: «Siz mening pirimsiz», deb, so‘ng oq otga o‘tqizib, o‘zlari uzangidan ushlagan holda piyoda yurib Hirot ko‘chalarini aylantirgan ekanlar. Men bu holni — oq otdagi ulug‘ shoirni, uzangi ushlab borayotgan dono podshohni tez-tez ko‘z oldimga keltiraman. Bu manzara unut bo‘lgan ajoyib odatlarimizdan biri. Xozir pir tutishga arzirli odamni ham, oq otni ham topish qiyindir. Ammo inson ko‘ngli hamisha shunday pirga muhtoj bo‘ladi. Qadimda har bir hunar egasining o‘z piri mavjud ekan. Hazrat Alisher Navoiy baqo dunyosiga rihlat qilganlaridan so‘ng ham nazm ahli uchun barhayot pir bo‘lib qolaverganlar. Bugungi kunda ham biz hazratning muborak nomlarini tilga olganda dildan chiqarib «pirim» deymiz.
Meni bir narsa o‘yga soladi: yigirmanchi asrda qalam ahli pir tutishga arzirli komil insonlar yo‘qmi edi? Yaqin yillarga qadar, o‘ttizinchi yillar ustiga yopilgan qora parda olingungacha bu savolga aniq javob topish mushkul edi. Mana, endi, Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy… ijodlari, hayotlarining fojiali qirralari bilan aniqroq tanishgach, shunday mo‘tabar insonlar bor edi, deya olaman. Bu ulug‘larning har birini oq otga o‘tqizib, pir tutishimiz mumkin edi. Afsuski, biz ularni oq otga o‘tqizish o‘rniga o‘limga mahkum etdik. O‘limlaridan so‘ng ham uzoq yillar ulardan yuz o‘girib yashadik. Mana endi u tabarruk zotlarni xayolimizdagina oq otga o‘tqizib, pir tutishdan o‘zga ilojimiz yo‘q. Afsus shundaki, zolim zamon qurboni bo‘lgan bu donolarni «pirim» deguvchi tillar ham, dillar ham oz. Biz nomunosib vorislar kabi loqaydlik bilan o‘z jig‘ildonimizni, o‘z manfaatlarimizni o‘ylab xotirjam hayot kechirishga o‘rganib qolganga o‘xshaymiz.
Nohaq qatl etilgan ulug‘larimizning «oqlangan»lariga qariyb qirq yil bo‘lyapti. Shu yil 5 o‘ktabrda Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Elbek…larning otilganiga 53 yil to‘ladi. Yillar o‘tgani sayin bu ulug‘larning o‘rni tobora sezilarli bo‘lyapti. Agar ularning qalamlari bevaqt sindirilmaganida, erkin ijod qilganlarida bugungi o‘zbek adabiyotining mavqei, egallagan cho‘qqisi bir necha karra baland bo‘lishi mumkinligi ham oydinlashdi. Bu ulug‘larning o‘limlaridan so‘ng ham asrlar davomida yashash huquqiga ega ekanliklarini yillar ko‘rsatib turibdi. Mash’um o‘ttiz sakkizinchi yildan so‘ng adabiyot maydoniga necha-necha yozuvchi kelib ketdi. Bularning aksari jismonan o‘lim topgan kuniyoq ma’naviy o‘limlarini ham topdilar, yozuvchi sifatida unut bo‘lib, inson sifatida g‘uborli xotira qoldirdilar. Bulut quyoshni mahv eta olmagani kabi, g‘arazli kimsalar sa’y-harakati iste’dod egalari nomlarini qora chodirga burkab tashlay olmadi. Xaqiqat tantanasi boshlandi!
E’tibor qiling-a, men baralla «Haqiqat tantana qildi!», deb shodlanmayapman. Chunki haqiqatning to‘la tantanasiga vaqt borga o‘xshaydi. Avval bu tantanaga ayrim kimsalar qarshilik qildilar, endi bunga o‘zimizdagi loqaydlik, bepisandlik, xudbinlik… to‘g‘anoq bo‘lyapti. Avvallari u quyosh nuridan ko‘rquvchi ko‘rshapalakka o‘xshash nodon, iste’dodsiz kimsalar o‘ttiz yettinchi yilda to‘qilgan bo‘htonlarni qalqon qilib yashardilar. Endi qalqon singan. Endigi niqobimiz «O‘ylashib ko‘raylik, shoshilmaylik», degan quruq so‘zlardan iborat.
Qariyb qirq yil muqaddam biz ularning begunoh qatl etilganliklarini tan oldik. Oradan qirq yil o‘tyapti, ammo hali ularning qabrlari yo‘q. Jasadlarini topish amri maholdir, to‘g‘ri, ammo otilgan yerlari aniq, jigar qonlari to‘kilgan o‘sha yerdan bir kaft tuproq olib ramziy qabr tiklash nahot mashaqqat bo‘lsa? Nahot shu masala ham yillar bo‘yi o‘ylab, kengashib ko‘riladigan ish bo‘lsa? O‘ylayverib, o‘ylayverib miyalarimiz shishib ketmasmikin? Yaxshi hamki Abdulla Qodiriyning rahmatli Habibulla akaday fidoyi farzandlari, Usmon Nosirning Nodira kabi tinib-tinchimas jiyanlari bor ekan. Shularning harakati tufayli qabristonga esdalik lavhasi qo‘yilgan.
Men ba’zan: «Balki ularning ramziy qabrlari ham bo‘lmagani ma’quldir, ular o‘lmagan, tirik deya qalbimizda e’zozlab yurarmiz», deb ham o‘ylayman. Ammo ularning otilgani, sovuq o‘rmonlarda jon taslim qilganlari aniq ekan, biz — muridlar uchun bu pirlarga sig‘inib boradigan joy — ziyoratgoh lozim-ku? Ko‘p yillardan beri turli darajadagi kengashlarda, davralarda repressiya qurbonlari otilgan yerda — Toshkentning qadim «Alvastiko‘prik» deb atalgan joyida, ya’ni hozirgi teleminora atrofida yodgorlik tiklab, xotira uyi tashkil etish haqida gapirilyapti. Bu gaplar devorga aytilsa, devor tars yorilib ketardi. Ammo shahar hokimlariga nima uchundir gap ta’sir etmaydi. Shahar hokimlari paranji tashlagan ayolni unutishmadi — eng ko‘rkam joyga ko‘p behuda xarajatlar qilib, ko‘kraklari ikki pudli qozonday keladigan ayolning haykalini qo‘ndirishdi. Ammo millat faxri bo‘lgan ulug‘ insonlarning xotirasini o‘ylashga jur’at qila olmayaptilar. Qarang, Toshkentda O‘ktabr deparasi bor. Abdulla Qodiriy shu deparada tug‘ilgan, o‘sgan, ijod qilgan va o‘ttiz yettinchi yilning so‘nggi kunida qamoqqa olib ketilgan. Shu depara Abdulla Qodiriy nomi bilan atalishi kerakmi — kerak. Depara ijroqo‘mining raisi (R. Xo‘jayev) biz kabi faqirlarning so‘zlarini nazarpisand qilmasliklari aniq. Biroq Abdulla Qodiriy yashagan uyda bo‘lgan yig‘ilishda hukumat rahbarlari tomonidan berilgan topshiriqqa ham e’tiborsiz qaragani, bu masalani depara deputatlari e’tiboriga havola etmayotgani ajablanarli. Siz «Rais qo‘rqayotgandir», deyishingiz mumkin. Nimadan qo‘rqadi? Deparaga ulug‘ odamning nomini berish masalasini deputatlar kengashiga qo‘yganim uchun ishdan olib tashlashadi, deb qo‘rqadimi? Haq ishga qo‘l urgani uchun ishdan olib tashlangan taqdirda qam qo‘rqish emas, «Men shunday savob ishni amalga oshirdim», deb faxrlanish kerak-ku?!
Tulada Lev Tolstoyning yerlari xotira bog‘-uyga aylantirilgan. Rusiya o‘z farzandlarining hurmatini o‘rinlatishga usta. Qayerga bormang, «Pushkin uyi», «Chexov uyi»… singari muzeylar mavjud. Bizda na Navoiy, na Qodiriy, na Cho‘lpon… uy-muzeylari bor. Hazrat Navoiyning uylari Hirotda edi, muzeyga imkonimiz yo‘q. Bizda faqat Qodiriy uy-muzeyini qurish imkoni bor. Habibulla Qodiriy shu muzey orzusida dunyodan o‘tib ketdilar. Rahbarlar kelib ketaverdi, qarorlar qabul qilinaverdi. Ammo muzey xotinlarning mish-mish gapiday hamon havoda muallaq osilib turibdi. Ikki yil burun jumhuriyatni boshqarayotgan yangi rahbarlik Abdulla Qodiriyning 100 yillik to‘ylariga tayyorgarlik xususida qaror qabul qildi. Qarorda muzey masalasi ham zikr etilgan. Qarorga qaraganda, muzey qurilishi bundan ikki yil burun boshlanib, yana uch yildan keyin bitkazilishi kerak. Holbuki, hali loyiha ishi nihoyasiga yetkazilgani yo‘q. Me’morlar uyushmasi, madaniyat vazirligining boshqarmasi (boshlig‘i — Feruz Ashrafiy) kechirib bo‘lmas darajada loqaydlik qilyaptilar. Hatto hukumat boshliqlaridan birining jon kuydirishlari ham shu o‘rtoqlarning loqaydligi tufayli yaxshi samara bermayapti.
Bu poytaxtdagi ahvol. Buxoroda, Andijonda, Namanganda ahvol bundan ham battar. Abdurauf Fitrat Buxorodagi uylarini musiqa maktabiga bo‘shatib bergan ekanlar. So‘ng hukumat u kishiga boshqa kichikroq uy bergan. Har ikki uy saqlanib qolgan. Lekin buxorolik fidoyilarning muzey masalasidagi urinishlari ko‘p yillardan beri shahar hokimlarining to‘g‘oniga borib urilyapti. Eshitishimizcha, bu uy hozir puldor bir odamga sotilayotgan emish. Buxoroday «kambag‘al» shahar ulug‘ farzandiga muzey tiklay olmasa, na iloj!
Andijonda ikki marta Cho‘lponxonlik o‘tkazildi. Bizning umidimiz Cho‘lponxonlikni Rusiyadagi «Pushkinxonlik», «Lermontovxonlik», «Nekrasovxonlik»… kabi yuqori saviyada o‘tkazish edi. Andijonga borib kelgan Ozod Sharafiddinov «Andijonliklar Cho‘lponni bilmas ekanlar», deb qattiq ranjidilar. Ozod akaning ranjishlari o‘rinli. Andijon rahbarlari Cho‘lponning ramziy qabrini tiklash haqidagi taklifimizni ma’qullashgani holda, ayrim sabablar bilan bu ishni bir necha yil keyinga surdilar. Noumid — shayton. Salkam qirq yil kutgan yana bir necha yil (balki bir necha o‘n yildir?) kutsak, osmon uzilib yerga tushmas. Ikki yil muqaddam viloyat ijroqo‘mida Cho‘lpon xotirasini abadiylashtirish masalasi ko‘rilgan va Tillar institutiga shoir nomini berish tavsiya etilgan edi. Masala demokratlarcha hal etilgan, ya’ni bu masalani institut jamoasi yechishi kerak. Institutdagi Cho‘lponxonlikda biz bu masalani hatto ovozga qo‘ygan, tolibi ilmlar, muallimlar ma’qullagan edilar. Fakatgina institut rektori: «Hali vaqt erta, oldin studentlarimiz Cho‘lpon kim ekanini bilib olishsin», degan edilar. Ittifoq xalq deputatining bu «nozik» masalaga davlat ishi nuqtai nazaridan qarashi yaxshi. Ammo Tillar instituti toliblari Cho‘lponning kim ekanini bilishlari uchun necha yil kerak ekan, shunga aqlimiz yetmay garangmiz. Yana bir narsaga hayronmiz: institutga Cho‘lpon nomini berishni jamoa hal etadimi yo rektormi? Namangan haqida uzoq gapirishning hojati yo‘q, chunki u yerda Usmon Nosir muzeyini tashkil qilish haqida umuman gap yo‘q.
Ko‘ryapsizki, aytaman desak, hasratdan chang chiqaveradi. Bir necha yozuvchining jon kuydirishi, majlislarda gapirishidan foyda kam bo‘lyapti. O‘ylay-o‘ylay biz bir karorga keldik: nomlari zikr etilgan (va zikr etilmagan) ulug‘ insonlar xalqimizning fidoyi farzandlari edilar. Xalq ularga nisbatan to‘qilgan «dushman» degan bo‘htonga ishonmay, tabarruk farzandlari nomini unutmadi. Biz — qatag‘onlar, qatli om va vahshiyliklarga guvoh bo‘lmagan avlod bu nomlarni unutsak, tarix va kelajak bizni kechirmaydi, la’natlaydi. Shu uchun birlashib harakat qilishimiz, haqiqatning to‘la tantanasi uchun kurashishimiz lozim.
Davlat xavfsizligi ko‘mitasidan olgan xabarimizga qaraganda, Fitrat, Cho‘lpon, Qodiriy, Elbeklar bir kunda — 1938 YIL 5 O‘KTABRDA otilganlar. «Yoshlik» jo‘rnali ana shu kunni «MILLIY MOTAM KUNI» deb e’lon qilishni taklif etadi. Jo‘rnal Siz, aziz mushtariylarning qo‘llariga yetib borguncha o‘ktabr oyi oxirlab qolgan bo‘ladi. «Vaqt o‘tib ketibdi-ku», deyishingiz tabiiy. Yo‘q, azizlar, bunday xulosa chiqarishga shoshilmang. Milliy motam kunini 5 o‘ktabrga belgilayapmiz, to‘g‘ri. Ammo uni bir kunda o‘tkazib bo‘lmaydi. Jamoatchilik bu kunga astoydil tayyorgarlik ko‘rishi kerak, hukumat maxsus qaror yoki qonun qabul etishi lozim. Shuning uchun ham biz bir yil avval e’tiboringidni shu masalaga qaratyapmiz. Biz faqatgina yozuvchilar otilgani uchun bunday motam kunini belgilashni tavsiya etayotganimiz yo‘q. Yaqin tariximizga sinchiklab razm solaylik: quloq sifatida surgun qilinganlarning kanchasi Vatan hajrida uzoqlarda vafot etdi? Qancha odam beayb qamaldi, otildi? Qancha bo‘z yigitlarimiz miltiq otishni o‘rganmayoq urushga kirib shahid bo‘ldilar. Urushda bir millionga yaqin askar yigitlarimiz jon berdilar. Biz bu shahidlar ruhini hech bo‘lmasa yilda bir marta yodga olishimiz kerakmi yo yo‘qmi? Yiloykun(kalendar)ga bir qarang — qizil bilan belgilangan bayramlarimiz ko‘p. Bayramning ko‘p bo‘lgani durust. Lekin odamzotda yilda bir martagina motam kuni ham bo‘lishi kerak emasmi? Agar quloq tugatish qurbonlari, repressiya qurbonlari, urush qurbonlari, Afg‘on urushi hamda Farg‘ona, Qo‘kon, O‘sh, O‘zgan fojialari qurbonlarini, harbiyda shahid ketgan va shahid bo‘layotganlarning har birini alohida-alohida eslasak, motam kunlarimiz bayramlardan ko‘payib ketar. Shuni nazarda tutib katta qurbonliklarni boshlab bergan kunni — 5 o‘ktabrni tanladik. Siz, azizlar, bunga nima deysiz? Taklifimiz bo‘yicha mulohazalaringizni kutamiz.
“Yoshlik” jurnali, 1991 yil, 10-son