Sobit Madaliyev. Shu tuproq oldida javobgarman (1990)

Farg‘ona fojialaridan keyin, garchi oylar o‘tgan bo‘lsa-da, biroq hali xarobalar kuli tamomila sovigani yo‘q. Hali hamon goho tinch, osuda damlarda shahid ketgan o‘g‘illar, aka va otalarning juvonmarg yodini, gohida esa ikki birday xalqni birlashtirgan aziz va yorug‘ xotiralarni esga soluvchi jarohatlardan qon sizib turibdi. Mesxetiyali turklarga, ayniqsa, tuprog‘ida qon to‘kilgan o‘z xalqingga achinasan kishi.

Bu yerda ko‘rganlarim va eshitganlarim meni qattiq tashvishga soldi. Qarindoshlarim va menga tanish odamlarning aziz siymolari, qatag‘on soatlari, yoqilgan uylarning xarobalari, kuydirib, ag‘darib tashlangan mashinalar, kimsasiz, nafasi ichga tushib ketgan Farg‘ona va Qo‘qon, Marg‘ilon va Quvasoy ko‘chalari, bularning hammasi, go‘yo o‘t bilan suv kabi, bir-biriga qovushmay azob berdi.

Ehtimol, mening mulohazalarim kimlargadir g‘oyatda biryoqlama tuyular, nimayam derdim, bu mening dardu alamlarim, qayg‘ularim, mening qarashlarimdir. Qolaversa, bu fojiani hamma o‘z bilganicha talqin qildi va shunday qilmoqda.

Aksari suhbatdoshlarim xalqning sabr kosasini to‘ldirgan, oniy lahzalarga bo‘lsa-da, uning tiniq aqlini loyqalab, jinoyatga boshlagan fojianing ildizlarini millatchilikdan axtarmaslik kerak, deyishdi.

Ha, xalq shunday dedi, (ayrim nashrlarni hisobga olmaganda), butun markaziy matbuot jo‘r bo‘lib, uning teskarisini aytishdan charchamadi. Natijada, bora-bora, bu fojia millatlararo nifoqning mahsulidir, degan fikr paydo bo‘ldi. Hatto matbuotning shunday xabarlaridan bahramand bo‘lgan akademik Ye. M. Primakov ham o‘z so‘zini aytmay turolmadi. U «Literaturnaya gazeta»ning (21.6.1989) Farg‘ona voqealari bo‘yicha savollariga javob berayotib, mana bunday kashfiyot qildi: «…O‘zbekistonda sodir bulgan voqealar garchi o‘tmish xatolarining mahsuli bo‘lsa-da, qonunga mutlaqo xilofdir. U yerda jinoyatchilik elementi — millatchilik hukmron bo‘ldi…»

Ko‘chalardami, choyxonalardami, davlat idoralaridami, mehmonxonalardami, xullas, qayerda bo‘lmay, odamlar ro‘znomalarni burnimning tagiga tiqishtirib, xuddi karga gapirganday, gungga, hammaga ayon haqiqatni uqtirganday baqirib, ommaviy axborot vositalari orqali navbatdagi «o‘zbeklar ishi» tayyorlanyapti, deb gapirardilar. Men, garchi ma’lum asoslar bo‘lsa-da, bunday deb o‘ylamasdim.

Mahalliy ro‘znomalar esa Rossiyaning markaziy tumanlarining har qanday nuqtalariga o‘z uy va dala hovlilarini shoshilinich almashtirishni xohlovchi ruslarning e’lonlarini bosa boshladi. Ko‘pchilik, bu tartibsizliklarga V. Astafevning «Voqealar pardasi ortida» («Krasnaya zvezda» 21.6.1989) degan maqolasi sabab bo‘ldi, deb hisobladi. Unda mualif o‘zining ikki mesxetiyalik turk bilan qilgan suhbatini keltirib, ularning ko‘rsatishicha, o‘zbeklar, turklar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, ruslarni haydamoqqa chog‘langan, deydi. Astafevning xulosasi esa yashin tushishiga teng bo‘lgan: «Mesxetiyalik turklar aytilgan taklifga ko‘nmaganlari uchun voqealar pardasining ortida turgan ba’zi guruhlarning nafratiga duch kelmadimikin? Shu sababli, o‘zbeklar o‘z nashavandlarini, alkogolning qo‘lidagi ba’zi qo‘g‘irchoqlarini mesxetiyalik turklar ustiga tashlamadimikan? Qirg‘in tashkilotchilarining maqsadi majaqlash, bo‘ysunmaslarni haydash, o‘z kuchini ko‘rsatish bilan ba’zilarni qo‘rqitish va ittifoqdosh topish bo‘lib, fojianing ildizlarini shu yerdan axtarish kerak emasmikan?»

Turli mish-mishlaru yolg‘on-yashiq gap-so‘zlarni qonunday qabul qilish ham to‘g‘ri bo‘larmikan?

«Bizda o‘zimizning fitnachilarimiz yetarli, — deyishdi menga birinchi navbatda ruslarning o‘zlari, — poytaxtliklar uni yana to‘ldirib nimayam qilishardi?»

O‘rtoq Astafev harbiy kishi bo‘lgani uchun ham, urush paytida mish-mish to‘qigan va tarqatgan askarlar tribunalga berilganligini bilishi kerak edi. Shu kunlarda esa «muhtaram podpolkovnik» «odilligi, uddaburonligi, materiallari keng o‘quvchilar orasida katta qiziqishga sabab bo‘lgani uchun» SSSR ichki ishlar vazirligi tomonidan, general polkovnik Yu. A. Shatalinning buyrug‘iga binoan, bir guruh jurnalistlar qatorida, ikkinchi darajali «A’lo xizmatlari uchun» nishoni bilan mukofotlandi (Ferganskaya pravda», 27.61989). Nimayam derdik, tabriklaymiz. Agar uyalmasangiz, taqib yuravering, o‘rtoq podpolkovnik!

«Nega bizning rahbar xodimlarimiz jim turibdi?— deb so‘rashardi mendan suhbatdoshlarim. — Nega ular markaziy nashrlarda turli fitnalarga, yolg‘on-yashiqlarga qarshi chiqishlar qilishmayapti? Nima uchun o‘zbek xalqi nashavand va millatchi emasligini aytishmayapti?» Axir, o‘shanda gazetalarda, tele va radiolavhalarda: «Ularning ko‘pchiligi mast-alast edilar», qabilidagi gaplar tinmay takrorlanishi natijasida yong‘inlarda, to‘polonlarda, shuningdek, paxta yakkahokimligini tugatish va yig‘ilib qolgan muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilish uchun chaqirilgan ko‘p ming kishilik mitinglarda ham ekstremistlar, nashavandlar, millatchilaru ilgari sudlanganlar qatnashdilar degan, tushunchalar paydo bo‘la boshladi.

FARG‘ONA VILOYaTI SUD MEDEKSPERTIZA KURSATMALARIDAN:

«Sud-ximiya bo‘limida 1989 yilning 3 iyunidan 27 iyunga qadar keltirilgan yuzta murda yuzasidan olingan materiallar. Murdalarni tekshirish jarayonida, ularda narkotik moddalarga duch kelinmadi. O‘n to‘rt kishining oz miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilgani, o‘lishidan oldin shirakayf bo‘lgani qayd etildi, bular bitta o‘zbek, uchta mesxetiyalik turk, bitta rus, bitta arman millatiga mansub kishilardir. Yetti murdaning qaysi millatga mansubligi aniqlanmadi.

Xuddi shu davr ichida yana Toshloq, Rishton, Bag‘dod nohiya kasalxonalarida va Marg‘ilon shahar markaziy shifoxonasida davolanayotgan 61 yaradorning qoni hamda peshobi tekshirildi. Ulardan uchtasining oz miqdorda spirtli ichimlik iste’mol qilganligi ma’lum bo‘ldi. Narkotik moddalar esa umuman qayd etilmadi».

Shu gaplardan keyin fojianing boshlanishida xalq emas, balki dramatik holat aybdorligi kunday ravshan bo‘ladi. Yana bu narsada chidab bo‘lmaydigan hayot tarzi, shuningdek, odamlar ongining loyqalanishi, ularning ko‘ru kar bo‘lib qolishi, nafrati bosh sabab ekanligini ham ochiq aytish kerak. Men bu bilan kimlarnidir oqlamoqchi emasman. Albatta, aybdorlar bor va ular munosib jazolanadilar.

— O‘g‘lim, — dedi menga Qo‘qonda o‘zini Qumri xola deb chaqirishimni so‘ragan bir kampir,— men ruslarni, tatarlarni, mesxetiyalik turklarni, koreyslarni, xullas, kim bilanki yetmish to‘rt yil yonma-yon yashagan bo‘lsam, hamma-hammasini hurmat qilaman. Faqat ruschani yaxshi bilmayman, bolaligimdan yaxshi o‘rganmaganman, tag‘in millatchi deb o‘ylamagin, men ona tilimda ham hijjalab o‘qiyman. Bu gapni shunchaki, o‘zim aytyapman-da. Bilasan-ku, hatto yaqin-yaqinlargacha har kim o‘z ona tilida gapirsa, millatchi sanalardi. — Ichimda, bunaqalar hali ham kam emas, deb qo‘ydim. — Shunday ekan, nega endi hozir ham,— deb davom etdi so‘zamol suhbatdoshim,— jumhuriyatimizning o‘zbek millatiga mansub ba’zi rahbarlari o‘z ona tillarini bilmaydilar? Shu kunlarda bir katta boshlig‘imizning gaplarini eshitib qoldim. U televizorga chiqib, rus tilida xalqqa murojaat qildi, aytadigan gaplari oldindan qog‘ozga tushirilgan ekan, ko‘rsatuvning avvalidan oxirgacha boshini ko‘tarmadi, o‘qib berdi. Ertasi kuni u o‘sha nutqni o‘zbekchalab o‘qibdi. Men televizorni o‘chirib qo‘ygan edim, ko‘rmadim. Agar yozmoqchi bo‘lsang, aytganimning hammasini yoz, endi hech narsadan qo‘rqmayman,— to‘rimdan go‘rim yaqin qolgan. — U yana chuqur alam bilan: — Hech qursa, ona tilida, yurakdan chiqarib, ikki og‘iz gap aytganda edi. Uning o‘z xalqiga achinmasligi shunday ko‘rinib turibdi-ya! Hay, mayli, xudoga soldim,— dedi. Keyin jim qoldi. Men o‘rnimdan turib, Qumri xola bilan xayrlashdim. Unga nimayam deyishim mumkin edi?

O‘sha olatasir kunlarda olomon quloq solgan partiya va sovet rahbarlarini barmoq bilan sanasa bo‘ladi. Ularning ayrimlari umuman xalqdan yashirinib yurgan. Ammo yuqorida aytganimday, barmoq bilan sanarli bo‘lsa-da, halol, xalq bilan til topisha oladigan rahbarlar mavjud.

«Olinglar, yenglar, bolalarim, atay sizlar uchun pishirdim, uyalmanglar,— deb edi Farg‘ona yonidagi ko‘chalardan birida bir keksaroq o‘zbek ayoli ikkita sariq sochli askar yigitga, somsalarini sal bo‘lmasa majburlab tutqazishga urinarkan, — qo‘rqmanglar, zaharlanmagan». Askarlarning taklifni yaxshi tushunmay biroz ehtiyot bo‘lib turgani uchun u menga: «Ularga tushuntir, jon bolam, yeya qolishsin,— deb zorlandi,— atay tayyorladim. Kuni bilan yurib, och qolishgan».

Men tarjima qildim. Shunda askarlar, tasodifan zaharlanib qolishdan qo‘rqqanlari uchun, uyalganlaridanmi yoki bu mehribon ayolni xafa qilgisi kelmaganlaridanmi, negadir ishonchsizlik bilan avtomatlarini yelkalariga tashlab, bir donadan somsa oldilar. Va kulganlaricha yeya boshladilar. Ayol ham kulardi. Keyin u ters o‘girilib oldi. Men ham o‘z yo‘limga ketdim. Ammo orqamga o‘girilib, ayolning ro‘molini uchlari bilan ko‘z yoshlarini artayotganini ko‘rdim. Uning o‘sha lahzalarda nima uchun yig‘laganini hech qachon bilolmasam kerak!

Fojianing sababi nimada axir? Bunga sabab sekinlik bilan tugatilayotgan iqtisodiy tanglik, ishsizlik, og‘ir ekologik sharoit, qashshoq turmush tarzi va shu kabi ko‘plab muammolar, deyilmoqda. Aslida bu narsalarning hammasini ochofat paxta yeb bitirdi-ku. Farg‘ona fojiasi — milliy fojialardan kelib chiqqan qonli jilg‘alar bo‘lib, bu paxta yakkahokimligining ishidan boshqa narsa emas. Ha, aynan paxtaning rejalashtirilmay, pala-partish ko‘payishi ba’zilarning aqlini yeb qo‘yishiga sabab bo‘ldi! O‘z xalqini talon-toroj qilishga o‘rgatdi va o‘shalar hozir ham xalqini sotib, odamlarni urishtirib va nihoyat, kerak bo‘lsa, tinch qishloqlarni qonga to‘ldira oladilar.

Fojianing boshlanganiga ancha bo‘lgan. Yil sayin odamlar tuproqning saxiyligiga, o‘z yerining yedirib, to‘ydirishiga tobora kamroq ishona boshladi. Qayoqqa qaramang, paxta, paxta, paxta… Sho‘r bosgan pastgina devorlarning poyidan boshlanib, olis ufqlar qa’riga singgan paxtazorlar insonning butun kuch-quvvatini so‘rib olib, o‘rniga ming xil kasallik, yuqori ko‘rsatkichli bolalar o‘limi, yersizlik, ishsizlik va og‘ir mehnatni bergan.

Mutaxassislarning hisoblashicha, dehqon chopiq davrida kunlik normasini bajarish uchun og‘irligi besh kilogrammdan ortiq ketmonni 50 ming marta ko‘tarib tashlashi lozim bo‘lib, faqat 159 marta yerga ketmon urgani uchun oltin tanga emas, bor-yo‘g‘i o‘zimizning misdan zarb berilgan bir tiyinimiznigina olar ekan.

Menimcha, yerda quldorlik paydo bo‘lgandan beri, hech bir qul bunchalik haq olmagan chiqar. To‘g‘risini aytganda, paxtakor uchun har bir tiyin oltinu kumushdan ko‘ra, qimmatga tushmoqda. Shunday ekan, mamlakatning paxta mustaqilligi bir halqning qulligi evaziga bunyodga kelmayaptimi?! Menimcha, shuncha gaplardan keyin, xalqining taqdiriga befarq, o‘z to‘kinligini o‘ylaydigan chinovnikninggina tili paxta o‘zbek xalqining iftixori, deyishga aylansa kerak. Bir qarashda, bu so‘zlar ko‘p jarangdor. Aslida chinovniklarning to‘kin-sochin hayoti uchun o‘ylangan, shuningdek, achchiq haqiqatni bekitadigan ana shu jarangdorlik olib tashlansa, paxta xalqning g‘ami, kambag‘alligi va nihoyat, Farg‘ona fojiasining bosh sababchisi ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi.

«Pravda Vostoka» gazetasining 1988 yil sakkizinchi dekabr sonida «Paxta quli» («Ogonyok», 1988 y., 43-son) maqolasiga javoban respublikaning bir qator mashhur kishilari yozgan «Haqoratlovchi pozitsiya» degan ochiq xat e’lon qilindi. Ular orasida O‘zbekiston xalq yozuvchilari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari, ittifoq miqyosidagi shaxsiy pensionerlar hamda O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining raisi bor edi. Xatning nusxalari KPSS MKga va «Ogonyok» jurnali redaktsiyasiga jo‘natilgan. Xatda, etak taqqan, g‘amgin bola surati aks etgan o‘sha maqolaning e’lon qilinganligi uchun jurnaldan tavba qilish, kechirim so‘rash talab etilgan edn. Bugungi kunga kelib esa etak taqqan o‘sha g‘amgin bolaning o‘rnida katta odam tursa, haqiqatga yaqinroq bo‘lishi hammaga ayon!

Qadrdon yurtdoshlarim, aslida qarshisida o‘zingiz ham, davlatingiz ham hech nimaga arzimaydigan xalq manfaatini unutib, davlat qiziqishlarini himoya qilish yo‘lida qanchalar jonbozlik ko‘rsatdingiz!

Men o‘zbekman, o‘z xalqimni uyushtirilgan o‘sha ommaviy xat mualliflaridan kam sevmayman va bugun respublika hukumatining rahbarlari qayg‘urayotgai iftixor, o‘zbek xalqining milliy iftixori to‘g‘risida so‘zlamoqchiman. «O‘zbek xalqi,— deyiladi «Haqoratlovchi pozitsiya» maqolasida, — paxta yetishtirishni va mamlakatni bu qimmatbaho xomashyo bilan ta’minlashni hamma vaqt o‘zining milliy iftixori va Vatan oldidagi birinchi internatsional burchi, deb hisoblab kelgan». Bugun bu so‘zlarning ortida qanchalab yolg‘on-yashiqlar, qanchalab fido bo‘lgan jonlar, umri davomida paxtadan boshqa hech narsani ko‘rmayotganlarga qanchalik befarqliklar bor!

Respublika sha’niga ag‘darilgan qanchalab yolg‘on-yashig‘u kulfatlarning bosh sababchisi uzoq yillar davomida hokimligi keng rivojlantirilgan va natijada uning poy-poyonsiz yerlariga minglab ildizlari bilan yopishib olgan paxta emasmi? U emasmi axir, rahbarlarga hurmatu shon-shuhrat, dehqonlarga esa kambag‘allik keltirgan dardi bedavo?!

Bugungi kunda har bir o‘zbekistonlik (ittifoqdagi o‘rtacha ko‘rsatgichga nisbatan) go‘sht, sut, tuxumni yarim barobar, kartoshka va baliqni to‘rt barobar, qandni esa uch barobar kam iste’mol qiladi. Meva va sabzavotni iste’mol qilishda esa respublika ittifoqda beshinchi o‘rinda turadi. Ko‘pchilik tumanlarda paydo bo‘lgan ichimlik suvi, muammosini ham shu paxta keltirib chiqarmadimi? Hozirgi kunda 9,5 mln. odam, to‘g‘rirog‘i, respublikaning yarim aholisi chidab bo‘lmas darajada ifloslangan suvni ichmoqda.

Ba’zi bir yurtdoshlarim esa markaziy matbuotda chiqqan maqoladan xafa bo‘lib, o‘zbek millatining iftixorini, «bu respublikada kechayotgan tozalanish jarayonining obro‘sini to‘kishga urinishdir», deb himoya qilayotib, afsuski, g‘o‘za hazrati oliylarining — oq ofatning oqibatlarini ko‘rmaganga olib, o‘zlarining obro‘larini to‘kib qo‘ymoqdalar.

O‘zbekiston Kompartiyasi MK komissiyasining «Pravda Vostoka» ro‘znomasida, 1989 yilning 30 iyul sonida e’lon qilingan xabarida, fojiaga olib kelgan ko‘plab sabablar sanalgani holda, asosiy aybdor — paxtaning shunchaki gapirilib o‘tilishi ba’zi rahbarlarimizning fojiadan to‘g‘ri va to‘la xulosa chiqarolmaganligini ko‘rsatib turibdi.

O‘zbek xalqini sudlanganlaru bezorilardan iborat bo‘lgan, xalqning millionlarini talagan, ommani bor narsani yoqishga, qotillik va o‘g‘rilik qilishga, zo‘rlashga chaqirgan qandaydir jinoyatchi guruhlar bilan chalkashtirishga nuqta qo‘yish vaqti kelmadimikan? Aslida bunaqalarga milliy belgi, milliy iftixor, qiynalish va mehr ko‘rsatish tuyg‘ulari yot, bunday la’natilar har qanday millat orasida ham uchrab turadi.

1914 yili V. I. Lenin o‘zining «Velikoruslarning milliy iftixori» degan maqolasida shunday deydi: «Bundan yarim asr ilgari velikorus demokrati Chernishevskiy o‘z hayotini revolyutsiyaga fido qilib: «Ayanchli millat, qullar millati, boshdan-oyoq hammasi qullardir», degani esimizda. Velikoruslar orasidagi oshkora va niqoblangan qullar (podsho monarxiyasining sodiq qullari) bu so‘zlarni esga olishni yomon ko‘radilar. Ammo, bizning fikrimizcha, bu so‘zlar vatanga chin muhabbatni, velikorus aholisi ko‘pchiligida revolyutsion ruhning yo‘qligidan qayg‘urgan muhabbatni izhor qilgan so‘zlardir» (TAT, 26-tom).

Vladimir Ilichning so‘zlarini bekorga keltirmadim. Bu so‘zlar, respublikamizning ayrim hurmatli kishilarini xafa qilgan o‘sha «Paxta quli» maqolasi tufayli, qayta yodimga tushdi. Va men, agar kimki o‘z xalqining iftixori uchun kuysa, bu maqoladan xafa bo‘lmaslik kerak, deb o‘yladim.

«Bolalar mehnatini ekspluatatsiya qilish davom etyapti, deb sizga kim aytdi? — deya baqirdi vodiyda bir chinovnik. — Biz ijara pudratiga o‘tganmiz. Bordiyu bolalar dalada ishlayotgan bo‘lsa, o‘z xohishlari bilan ota-onalariga yordam berish niyatida ishlayapti. Biz ularni majbur qilganimiz yo‘q».

Balki butun xalq o‘zining axmoqligi uchun holdan toyyapti, shekilli, deb so‘ragim keldi o‘shanda undan. Ammo so‘ramadim. Endi shunday qilganimga achinyapman va bu pudrat degani nima o‘zi, kimlarningdir asl niyatlarini xalqdan pana qilayotgan «parda» emasmi, deb o‘ylayapman. Ilgarilari hech narsani yashirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bolalar ishlashga majbur etilgan, endi esa ota-onalarning o‘zlari tirikchilik o‘tishi uchun, kattalar qilolmaydigan yumushlarni o‘z farzandlarining zimmasiga yuklamoqdalar. Shunaqa, ota-onalar yomon chiqib qolishdi. Rahbarlar esa yaxshi, bolalar haqida o‘ylashyapti!..

Biz endi paxta sababli tushib qolgan chohimizning chuqurligini anglamasdan turib, Farg‘ona voqealarini to‘la anglab yetolmaymiz. Chohga qachon tusha boshlaganimizni bilish uchun esa tarixni varaqlaymiz. Rossiya imperiyasining harbiy ministri chor hukumati premer ministri graf Vittega 1906 yili qilgan nutqining yakunlovchi qismida mustamlakachilik siyosatining niyatini qisqa, lekin keskin ifodalagan: «Turkiston o‘lkasi Vatanga paxta berishi, faqat berishi emas, balki uni bosib olishdagi yo‘qotishlar o‘rnini to‘ldirish uchun ham, ikki barobar oshirib berishi kerak». Ammo 1913 yili hozirgi O‘zbekiston hududidan 350 ming tonna, 1933 yili 800 ming tonnadan sal ortiq, yaqin-yaqinlargacha esa qo‘shib yozishlar bilan 6 million (ishonishning o‘zi qo‘rqinchli) tonna paxta yig‘ib olindi!..

Farg‘ona yonidagi kichik bir qishloqda, tutning ola-chalpoq soyasida o‘tirganimcha, kaftimga bir siqim tuproq oldim, u tuzlar va zaharli ximikatlar ko‘p solinganidan, tuproq bo‘lib tuproqqa ham o‘xshamasdi. Men kaftimga olgan, o‘layotgan, g‘ozi yo‘q shu tuproqni yengilgina shamol uchirib ketdi. Ariqning narigi betidan boshlangan paxtazorlarning goh u, goh bu yeri tuzdan oqarib, ishdan chiqib,— g‘o‘zalarsiz, yalang‘och ko‘zga tashlanardi. Endi u yerlarda hech narsa unmasligi shundoqqina ko‘rinib turardi. Shunda Vasiliy Selyunining («To‘lg‘oq» degan maqolasida) yurtdoshlarimga g‘oyatda achinib aytgan achchiq so‘zlari yodimga tushdi. To‘g‘ri, maqola turkman bolalari haqida edi, ammo o‘sha so‘zlarni tojik, qoraqalpoq va o‘zbek bolalariga ham qarata aytish mumkin. «Ba’zi hollarda,—deb yozadi Selyunin— ota-onalarning o‘zlari bolalarini maktabga yubormaydilar. Albatta, ularni tushunish mumkin. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, og‘ir mehnatga, kattalar organizmi chidash berolmaydigan turli zahri qotillar bilan to‘lgan, kamqonlilik, sariq, distrofiya, shirzada kasalliklari avj olgan sharoitga hali unchalik qotmagan yosh organizmlar qanday chidash bersin? Iloyo, shu baloi ofatlarga qo‘shilib paxtangiz ham, maktabingiz ham yo‘q bo‘lsin, axir, bolaga sog‘liq aziz-ku!»

Paxtachilikda yaqin orada biron o‘zgarish bo‘lmasligini, ana shu og‘ir mehnatdan qutulolmasligini yaxshi bilgan dehqonlarning o‘zlari men bilan bu haqda ezilib, g‘amgin suhbatlashdilar. So‘nggi umidimiz, deyishdi ular, deputatlarimizdan edi. Ammo ular Moskvaga shunchaki, o‘tirib qaytgani borgan shekilli, bizning dardu alamlarimiz haqida kam so‘zladilar.

Oxir-oqibatda, shuni anglab yetishimiz kerakki, paxta o‘zbek xalqiga qimmatga tushmoqda, uning asoratlari og‘ir va azobli kechyapti. O‘zlaricha o‘zbek xalqining sha’nini himoya qilmoqchi bo‘layotgan yurtdoshlarimdan shuni so‘ragim keladi, xo‘sh, nega endi siz noreal davlat buyurtmalarining bajarilishi va yerni xarob, elni g‘arib qilgan paxta yakkahokimligi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligini qardosh respublikalardagi ba’zi tashkilotga isbotlab berishga kuch topolmayapsizlar?

Agar respublika o‘zi yetishtirgan paxta tolasining 90 foizini chetga chiqarib ham qarzdan qutulmasa, u butunittifoq tashkilotlari plantatsiyalari aro bo‘krayib yurgan paxta qulini eslatmaydimi?

Paxtaning xarid narxi oshirilmoqda. Ammo bu endilikda suvga ham, yerga ham, o‘g‘itga ham pul to‘laydigan dehqonga nima beradi? Nima qolyapti unga? Menimcha, hech narsa! Bordiyu terilgan bir kilogramm paxta uchun qandaydir tiyinlar emas, balki ilgari bo‘lgani kabi, so‘mlar to‘langan taqdirda ham, oxir-oqibatda, ekin maydonlari kamaytirilmasa, paxtakor yana ertadan qora kechgacha dalada qolib ketaveradi.

O‘zbek xalqi garchi ximiyaviy zararlar mo‘l bo‘lsa-da, jismoniy tarafdan ko‘ra, ko‘proq ruhiy talofotlar ko‘rmoqda. Avlodlar sog‘ligini, ehtimol, amallab yaxshilasa bo‘lar, ammo naslga o‘tib ketgan ruhiy majruhlik odamni hayvon darajasiga tushirishi mumkin.

Paxtaga narx belgilashni, uni qancha yerda yetishtirishni dehqonning o‘zi hal qilishi lozimligi qonun yo‘li bilan tasdiqlab qo‘yilishi kerak.

Keling, rahnamo organlarning yo‘lidan og‘ishmay borayotgan o‘rtoqlarni ham, ularning qarashlarini ham tushunishga urinib ko‘raylik. Axir, o‘shalar paxtaning ishi og‘irligini bilgani holda, tinmay mahsulot planini oshirar ekanlar, demakki, o‘z qarashlari bordir, ehtimol, ularni tamomila oqlay olmasak-da, maqsadlarini tushunarmiz.

Mamlakat ortiqcha sarf-xarajat qilib, chetdan paxta sotib olmasligi kunday ravshan. Chunki ortiqcha valyutamiz yo‘q, shundoq ham nonni oltinga sotib olyapmiz. Bundan tashqari, hech bir davlatda bizdagiday ko‘p yerga paxta ekilmaydi. Eng shimolda o‘sadigan paxta ham bizning paxtamizdir. Paxta Amerikaning o‘n yettita shtatida o‘stirilgani holda, bizda faqat Qozog‘iston va O‘rta Osiyo respublikalari hamda Ozarbayjonda kam miqdorda yetishtiriladi. Boshqa paxta ekadigan yerimiz yo‘q.

Ha, davlatga juda ko‘p paxta kerak, lekin davlat o‘sha paxtani yetishtirib berayotgan xalqning turmush tarzi uchun muhim narsalarni muhayyo qilmog‘i lozim. Agar bu vazifani u uddalamasa, paxta tufayli ham ruhiy, ham jismoniy talofotlar ko‘rgan xalqning oldida hech qanday bahona bilan o‘zini oqlay olmaydi.

Tinkasi qurigan yerni davolay olmasak, halokat yoqasiga kelgan ekologik sharoitni yaxshilamasak, eng asosiysi esa, mamlakat paxta mustaqilligini ta’minlab turgan odamga yordam berolmasak, hatto to‘rt million (!) tonna paxta haqida ham gap bo‘lishi mumkin emas. Hali ham kech emas, shoshilinch tarzda planni kamaytirish, xarid narxini ko‘tarish yo‘lidan borish kerak.

…Endi men yosh bo‘lishiga qaramay, sochlari deyarli oqarib ketgan, mungli ko‘zlarida quloqni teshguday bir og‘riq aks etib turgan o‘sha ayolni hech qachon unutolmayman. U asrlarga teng bo‘lgan ikki yil davomida Afg‘onistondan yolg‘iz o‘g‘lining qaytishini kutgan ekan. Ammo o‘sha yigit dushman o‘qidan emas, balki Farg‘ona fojialarining ilk kunlaridayoq, o‘z ona yerida shahid ketibdi!..

O‘sha yigitning ancha vaqt ishga joylasholmay, iztirob chekib yurganligini aytishdi. Uni o‘z ahvolidan qoniqmaslik tuyg‘usi, boshqa o‘nlab ishsiz yurgan tengdoshlari qatorida, fojianing girdobiga yetaklamadimikan?

Aytgancha, ortiqcha ishchi kuchlari haqida. O‘zbekistonday uncha katta bo‘lmagan respublikada mavjud, oz emas, ko‘p emas, 1,5 million ishsizni haligacha shunday yolg‘on so‘zlar bilan atab kelyapmiz.

Umuman olib qaraganimizda, bizda ishsizlar yo‘q hisobi, dedi bir gal menga respublika chinovniklaridan biri. Uning mulohazalari nihoyatda hayajonli bo‘lsa-da, o‘rtamizda kechgan suhbatni keltirmay o‘tolmayman. «Birinchidan,— deb boshladi u suhbatni, — bizda mehnat birjalari yo‘q, demak, ishsizlarni rasman ro‘yxatga olish ham yo‘lga qo‘yilmagan». — «Ortiqcha ishchi kuchlari-chi?» — deb so‘radim men. «Bor, — deb javob qaytardi u, — faqat bir yarim million emas, sal kamroq. — U atrofga olazarak nazar tashladi-da, so‘ng yana davom etdi. — 700—800 mingdan oshmasa kerak, deb o‘ylayman». — «Qolganlar-chi?» — deb so‘radim o‘ylamasdan. «Qolganlari, — deb davom etdi chinovnik, — uylarida o‘tirib, bolalarini tarbiyalayotgan qahramon onalardir. Men ularni ishsizlar soniga qo‘shmagan bo‘lardim».

Nimayam derdik, juda to‘g‘ri gap, men ham xuddi shunday qilgan bo‘lardim. Ammo o‘zining o‘nta bolasini tarbiyalayotgan ayol bog‘cha tarbiyachisinikidan ko‘ra og‘irroq ishni bajaradi, oladigan nafaqasi esa bolasi uchta paytda qanday bo‘lsa, shundayligicha qolaveradi. To‘g‘ri, bu paytda uni davlat «Qahramon Ona» nishoni hamda SSSR Oliy Sovetining Faxriy Yorlig‘i bilan taqdirlaydi, biroq o‘sha ayol, hech bo‘lmaganda, bir marta bolalarini yaxshilab to‘ydirish uchun o‘z mukofotlarini sut, go‘sht va turli meva-chevalarga almashtirishga tayyor turadi. Men bunga qattiq ishonaman. Biz yana, nega endi o‘zbek ayollari o‘zlarini yoqyaptilar, deb o‘ylanib yuramiz. Bu haqda obro‘li, bir tanishimga aytganimda, unga gap ta’sir qilmadi, shuning uchun qisqagina qilib: «Hadeb tug‘avermasinlar», dedi. Men azbaroyi biron narsa deb yubormaslik va gunohdan yiroqroq bo‘lish uchun burildim-da, undan uzoqlashdim.

Hozir o‘zbeklar qayerlarda yo‘q, deysiz, Sibirda ham, Noqoratuproqda ham, Moskvada ham ishlayapti. To‘g‘ri-da, ular internatsional burchlarini bajaryaptilar, qardoshlarga yordam beryaptilar. Ammo bu,—uzr so‘rayman,— ko‘rning gung odamga bergan yordamiga o‘xshab ketadi. Bir chinovnikdan SSSR Davlat Mehnat komiteti menga qayerda qancha o‘zbekistonliklar ishlayotgani to‘g‘risida aniq ma’lumot bera oladimi, deb so‘radim. U qo‘llarini silkib: «Berolmaydi, chunki, bu ro‘yxatlarga «maxfiy» degan muhr urilgan bo‘ladi», dedi. Men bunga hayratlanmadim, hatto bu bir tomonlama yaxshi ekan, deb o‘yladim. Axir, u sho‘rliklar o‘zlarining «ortiqcha kuch» ekanligini bilib nimayam qilishardi?

Men bir narsaga hech tushunmayapman. Go‘yo barcha kelishib olganday. Axir, o‘zbek dehqonining bor tirikligini quritayotgan yuho — narxi arzon paxta ekanligini hamma biladi, ammo yana sukut saqlaydi. Gapirgan taqdirda ham, ishoralar qiladi, maslahatlar beradi, nari borsa, taklif kiritadi. «Paxta ekishni, — deyishadi pastdan ishonchsizlik bilan,— sal-pal kamaytirsakmikan…» — «Yo‘q, — deyishadi yuqoridan keskin,— bizga kerak».

Tuzog‘iga laylak ilingan qariya haqidagi «Ur, to‘qmoq» degan o‘zbek xalq ertagi yodimga tushib qoldi. Laylak juda boy bo‘lib, qo‘yib yuborsa, cholga mukofotlar berishini aytadi. Chol laylakni bo‘shatadi-da, ertasi kuniyoq mukofot olgani boradi va avvaliga sirli qozon so‘raydi, uni o‘g‘irlatgach, ochildasturxon. Ammo chol ochildasturxonniyam o‘g‘irlatgach, laylak ur to‘qmoq desa duch kelganni savalaydigan sehrli to‘qmoqni beradi.

O‘zbek paxtasi bilan ham xuddi shu hol sodir bo‘ldi. Oziga qoniqmadik. O‘zimizga to‘qmoq so‘rab olmagunimizcha, barcha shartlarga rozi bo‘ldik. Endi u butun respublika bo‘ylab ko‘nglini yozmoqda. Kimniki qattiqroq ursa — u ishsiz, nimagadir sal tegsa — chirsillab qurigan. Odamlar undan qochib, ammo qutulib ketolmay holdan toymoqda. U ham endi tobora g‘azabga minayotganidan, hatto aka-ukalar bir-biriga ko‘z olaytirib qaramoqda. Hozir xalq ham o‘ziga urto‘qmoq so‘rab olganidan xursand emas, ammo endi kech!..

To‘g‘ri, ertaklar yaxshi xotima bilan tugaydi: Chol urto‘qmoq yordamida, sehrli qozoni va ochildasturxonini qaytarib oladi. Ammo bu faqat ertakda. Hayotda qanday bo‘lar ekan? Toki, o‘zbek dehqonining boshida to‘qmoq osilib turar ekan, u hech qachon baxt nimaligini bilmaydi.

O‘z xalqim oldidagi, qoraqalpoqlar va turkmanlar oldidagi, «oq ofat»ning azoblariga dosh berayotgan boshqa xalqlar oldidagi aybdorlik tuyg‘usi, xuddi onalar bolalariga zaharli sut berayotganligi uchun men gunohkorday, qadrdon tuprog‘imdagi ayanchli ahvol uchun men ham sababchiday, yurak-bag‘rimni ezaveradi, ezaveradi…

«Fitna san’ati» (1-kitob, «Fan» nashriyoti, Toshkent, 1993) kitobidan olindi.