Tariximizning guvohlik berishicha, XX asrning boshlarida — inqilobga qadar va undan keyingi dastlabki yillarda Turkistonda yuzdan ortiq shoiru adib ijod etgan. Bu ro‘yxatning avvalida Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy, Fitrat, Avloniy, Hamza, Nozimaxonim, Sidqiy Xondayliqiy, So‘fizoda… qatori samarqandlik shoir Siddiqiy-Ajziy ham turadi.
Saidahmad Siddiqiy-Ajziy Samarqand viloyatining hozirgi Jomboy nohiyasidagi Halvoyi qishlog‘ida 1864 yilda tavallud topgan. Barvaqt yetimlik, muhtojlik Saidahmadni hayot dorilfununidan erta saboq olishga majbur etdi. Tiriklik tashvishi uni dehqonchilik, soatsozlik, tikuv mashinalarini sozlash, tikuvchi va to‘quvchilikka undadi. Lekin u qaysi kasb bilan shug‘ullanmasin, barchasida kamolotga erishdi. Imkon topganida o‘qidi. Yangasi qo‘lida xat-savodini chiqarib, Samarqandu Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rdi. Arabu fors, ozaru o‘ris tillarini o‘rgandi, musiqa san’ati bilan shug‘ullandi. Dastlab Sharq she’riyati an’analarida she’rlar mashq qildi. Havas va g‘ayrati bois, zamonasining yetuk, bilimdon ziyolilaridan biri bo‘lib elga tanildi.
Biroq Siddiqiyni o‘z davrining buyuk kishilaridan biri sifatida e’tirof etilishiga sabab bo‘lgan omil — bu uning ma’rifatchilik faoliyati va ijodidir.
90-yillarning oxirlarida Siddiqiy otasidan qolgan kichkinagina bog‘ni sotib, Makka safariga otlanadi. Uch yil mobaynida arab mamlakatlarini kezadi. Jidda shahridagi Rusiya elchixonasida bir muddat tilmochlik qiladi. Undan so‘ng Rossiyaning markaziy shaharlariga boradi. Nihoyat Tiflisga kelib, bu yerda mashhur ozar jadid-inqilobchilari Jalil Mamadqulizoda va Aliakbar Tohirzoda Sobirlar bilan tanishadi. Mazkur safar Siddiqiy dunyoqarashining tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Millat, ma’rifat, ozodlik tantanasi uchun kurashmoqni hayot maslagi, umr mazmuni deb belgilaydi.
Ma’rifatparvar Siddiqiy 1901 yilda Halvoyiga qaytib, usuli jadid maktabi ochadi. Bu maktabda turli millat va turli tabaqa bolalariga tabiiy fanlar, arabu rus tillari o‘qitilardi. Siddiqiy ana shu maktabda o‘qitish uchun bolalarbop asarlar yozdi, rus adabiyotidan, xususan Lev Tolstoyning qator hikoyalarini, I. A. Krilov masallarini, Gogolning «Shinel» qissasini o‘zbek va tojik tillariga tarjima qildi, shular orasida darsliklar tuzdi. 1914 yilda bu ma’rifatparvar o‘z tashabbusi bilan «Zarafshon» nomli maktab kutubxonasi tashkil qiladi. Kutubxonada mahalliy adabiyot va matbuot namunalari qatorida Kavkaz va Turkiyada chiqib turgan ilg‘or adabiyotlargacha jamlangan edi. Mana shular Siddiqiy nomi va maktabini mashhur qilib yubordi.
Shu davr ma’rifatparvar shoir ijodining ham ayni gullagan yillari edi. 10-yillarda shoir «Aynul adib» («Odob ko‘zi») va «Ganjinai hikmat» («Hikmatlar xazinasi») nomli o‘zbek ham tojik tillaridagi ikki she’riy to‘plamini hamda «Mir’oti ibrat» («Ibrat oynasi») va «Anjumani arvoh» («Ruhlar yig‘ini») nomli dostonlarini e’lon qiladi. Har ikki doston ham o‘tkir ijtimoiy masalalarga qaratilgan edi. Birida ikki ruh — Buxoroning ikki marhum amiri samodan tushib, yurtni vayron, fuqaroni xoru muhtoj qilganlaridan so‘zlayealar, «Mir’oti ibrat»da shoir o‘sha vayrona yurtga nisbat o‘laroq, xayoliy bir mamlakat manzaralarini chizadi. Ilmu fani, fazlu adabi ustivor o‘lgan orzudagi Samarqandni tasvir etadi. Samarqand misolida esa zahmatkash Turkistonni nazarda tutadi. Shu yurtning bir sodiq farzandi o‘laroq elu ulusining ravnaqini o‘ylab kuyunadi, adadsiz iztiroblarini yashirmaydi.
Na rahmatga qalbimiz munosib,
Na jannatga ruhimiz munosib.
Amoma ila libosga mag‘rur,
Bu tiynatu suvrat ila masrur.
Kofi biza bo‘yla shakl marg‘ub,
Inson orasinda bizda mahsub!
Shoir bu ahvoldan qutulish choralarini izlaydi va yagona chora ma’rifatda, degan xulosaga keladi. Chunki yurtning shu holga kelishiga bois istibdod zulmida ezilgan xalqning jaholatga mahkum etilgani edi. Biroq shoir ma’rifatni faqat ilmu fanni egallashdan iborat deb bilmaydi. Hammaslak zamondoshlaridan bir qadar ilgarilab, Siddiqiy ilmu fan orqali siyosiy, huquqiy maslaklar uchun kurashish g‘oyasini olg‘a suradi. Ilm bilan birga ilm orqali «davlat»ni, «lison»ni va «zakun»ni egallash, qo‘lga kiritishni targ‘ib etadi. Istiqbolni faqat ana shu «maqsud»larning amaliyotida ko‘radi.
Nuqsoni jaholat etdim insho,
Maqsudi buning-la etdim ifsho.
Durd ish bana bundan erdi maqsud,
Bundan o‘la xalqa baxti mas’ud.
Ilm ila olmoq va fununni,
Davlatni, lisonni va zakunni,
Har qavm bulardan o‘ldi mahrum,
Istiqboli holidan o‘lar shum.
Bu shoirning o‘zi aytmoqchi nafaqat nayeihati, balki navbatdagi avlodlarga vasiyati ham edi. Chor tsenzurasi har ikki asarni chop etishni ta’qiqlaydi. Siddiqiy o‘z asarlarini 1912 yilda Mamadqulizoda va Aliakbar Sobir ko‘magida Tiflisda nashr ettiradi. Faqatgina ikki yil o‘tib, «Mir’oti ibrat»ning o‘zbekcha nusxasini Samarqandda bostirishga muvaffaq bo‘ladi.
1914 yili Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasining masjidida mutaassiblar 5-6 ming musulmonlarga qarata jadidlarni va usuli jadid maktablarida o‘qiyotgan va bolalarini o‘qitayotganlarni kofir deb e’lon qiladilar. Bu paytda Siddiqiy Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan «Samarqand jadidlarining boshida» (Vadid Mahmud) turar, jadidchilik Turkiston bo‘ylab keng yoyilgan katta kuch edi. O‘sha vaziyatda samarqandliklarni Toshkent jadidlari, kavkazlik taraqqiyparvar kuchlar himoya qildilar.
Fevral inqilobi bilan Siddiqiy hayotida yana muhim voqealar sodir bo‘ldi. U bolsheviklarning «Ittifoq» nomli ishchilar uyushmasiga a’zo bo‘lib kirdi. Oktyabr inqilobidan keyin esa Samarqand viloyatining adliya ishlariga rahbarlik qildi. 1919—1920 yillarda Turkistonga markazdan yuborilgan «Turkkomissiya» va «Turkbyuro» «faoliyati»ning boshlanishi bilan mahalliy kadrlarga, xususan rahbar kadrlarga munosabatning yomonlashuvi, ishonchsizlik ko‘pgina milliy ziyolilarning sa’y-harakatlari susayib so‘nishiga, ularni ijtimoiy faoliyatdan bir qadar chekinishga majbur etdi. Bizningcha, ana shu sharoit taqozosi bilan, Siddiqiy ham 1922 yili o‘z qishlog‘iga, o‘z maktabiga qaytadi va umrining oxiriga qadar mudir hamda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Siddiqiy garchi siyosiy faoliyatdan voz kechgan bo‘lsa ham, ijodiy ishdan to‘xtamadi. «Mashrab», «Mulla Mushfiqiy» kabi satirik jaridalarda, «Zarafshon» ro‘znomasida maqolalari, she’rlari, hajviy asarlari bilan muntazam ishtirok etib turdi. «Mayna», «Shashpar», «Tir», «Gumnom», «Olmos» degan taxalluslar bilan matbuot orqali turli illatlarga qarshi kurashdi. Bu asarlar Siddiqiyni o‘zbek sovet hajviyotining asoschilaridan biri sifatida e’tirof etishga to‘la huquq beradi.
Saidahmad Siddiqiy 1927 yil 15 iyunda Halvoyi qishlog‘ida vafot etadi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son