Bahodir Rahmonov. Yesenin bo‘lib gapirmoq baxti

Talant quyoshga o‘xshaydi. Demak, uning nuri barchaga barobar. Mana shu barobarlik esa ezgulikni tug‘diradi. Dunyoda millatlar va turli tillar mavjud ekan, adabiyot osmonida charaqlab turgan quyosh nurlarini ko‘ngil olamiga olib kirmoqlik ham chinakam bir fidoiylikdir.

Golubaya da veselaya strana.
Chest moya za pesnyu prodana.
Veter s morya, tishe duy i vey –
Slыshish, rozu klichet solovey…

Dillarga orom bag‘ishlovchi, ko‘ngillarga nur olib kiruvchi, yuraklarni go‘zal his-tuyg‘ularga to‘ldiruvchi bu kabi dilrabo satrlardan bebahra qolishlik, ya’ni o‘z ona tilingda o‘qiy olmaslik quyosh taftini sezmaganday gap.

Moviy o‘lkam, quvnoq diyorim,
Qo‘shiq uchun baxshida borim.
Tingla, mayin esgan shabboda,
Bulbul gulni chorlaydi bog‘da…

Endi yuragingizga nur to‘liq kira boshladi, butun vujudingizga taraldi, his-hayajon to‘lib-toshdi, go‘zallikka to‘liq oshno bo‘ldingiz. Hatto she’r ruhi o‘zbek musiqa sozlaridan ajib bir navo bo‘lib tarala boshlaydi va xonandaning mayin ovozi so‘zning sehrli ohanglariga aylanadi. Qachonlardir olis Rossiyaning chekka bir qishlog‘idan chiqqan bir dehqon shoirning yurak so‘zlari o‘zbekcha qo‘shiq bo‘lib xuddi o‘zinikiday qalbingizni zavq-shavqqa to‘ldiradi. Ko‘nglingiz orom oladi.
Mana sizga qon bilan kirgan, onaga qiyos qilingan tilning kuch-qudrati. Mana sizga tarjima san’ati, tarjimon mahorati.
Bu kabi san’at namunalari o‘tgan asrning 60-yillarida she’riyat muxlislari qalbiga yangi bir dunyo olib kirgan edi. Yeseninning qalb olami bu – go‘zallik va ezgulikka to‘la, o‘ta muhabbatli, hatto ziddiyatli va nihoyat, fojiali. Aytishlaricha, quyoshga tik qaray oladigan jonzot – bu sher ekan. Quyoshga qiyos qilganimiz – talantlarning tarjimonlarini ham shu jihatdan sherga o‘xshatsak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki tarjimon, avvalo, o‘sha talantning ruhiy olamiga, shu olamning quyoshiga qalb ko‘zi bilan tik boqa olishi kerak, uning har bir nuridan yog‘ilayotgan mehr-muhabbatu nafratni, qalb ko‘zini yosh bilan to‘ldirib, kuydirib yuboruvchi dardu alamlarini o‘ziga singdirib toblana olishi shart va shu holatda qalam tebratishi zarur. Shundagina badiiyat osmonidagi nur zaminning yana bir hududiga boricha yetib keladi.
Tarjimachilikdagi fikr-mulohazalardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Erkin Vohidov Yesenin qalb ziyosini o‘zbek yuragiga bor yog‘dusi va tafti bilan olib kira olgan ezgu-fidoiy va mohir tarjimon sifatida ham tanildi. Nafaqat o‘z she’rlari bilan, balki Yesenin tarjimalari bilan ham o‘zbek adabiyoti sahifasiga nozik hissiyotli va talantli ijodkor muhrini bosa oldi. Shoirning o‘zi tarjimaning ahamiyati haqida quyidagilarni yozadi. “Jahon va qardosh xalqlar adabiyotlaridagi buyuk siymolar tajribasi haqida yozilgan eng yorqin tadqiqotlar ham shoir yoki yozuvchiga bevosita tarjima bilan mashg‘ul bo‘lishda olgan sabog‘u bilimlardan ortiqroq narsa berolmaydi. Axir shoh asarni tarjima qilayotganda, ozgina bo‘lsa-da, ruhan uning muallif darajasiga ko‘tarilasan yoki muallif roliga kirasan, Dante, Shekspir, Gyote, Tolstoy, Chexov, Yesenin bo‘lib gapirasan”.
Shuni alohida qayd qilib o‘tish kerakki, Yesenin bo‘lib gapirmoq baxti, agar o‘xshatish joiz bo‘lsa, Erkin Vohidovning ko‘ngil ayvoniga go‘yo qaldirg‘ochday erta bahorda keldi. “Esimda, ikkinchi kurs studenti edim, – deb xotirlaydi tarjimonning o‘zi. – Paxta terimiga hasharga chiqqan kunlarimiz ishdan so‘ng yotoqda, xira chiroq nurida yarim kechagacha yeseninxonlik qilar edik. O‘shanda “Eron taronalari”ning bir qancha she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi”. (50-bet)

Men Bosforda bo‘lmaganman hech,
Uni suylab berolmam senga.
Lekin moviy ko‘zlaring har kech
Dengiz bo‘lib ko‘rinar menga.

Qilmaganman Bog‘dodga safar,
Karvon bilan eltmadim xino,
Ammo bir zum tin olsam netar
Tizzangga bosh qo‘yib, dilrabo!

Shafqat ayla, jonginam, derman,
Ham qilurman qancha iltijo,
Rossiyada mashhur shoirman,
Nechun zarra qilmaysan parvo?!

Bu kabi she’rlarning qadr-qimmatini, ahamiyatini, ta’sirini yurakdan his qilish uchun XX asrning ushbu tarjimalari paydo bo‘lgan ma’lum bir davrini qisman bo‘lsa ham tasavvur qila olishimiz kerak bo‘ladi. 1937 yilgi va 50-yillar boshidagi qatag‘on… Urush va urushdan keyingi og‘ir yillar… Shaxsga sig‘inish… Sho‘ro siyosati va adabiyotidagi partiyaviylik… Bularning hammasi 50-yillarning ikkinchi yarmi va 60-yillar adabiy muhitida biroz erkinlik bo‘lishiga qaramay adabiyot zaminiga ehtiyotkorlik urug‘ini sepib ulgurgan edi. Qolaversa, siyosat qobig‘ini yorib chiqib yurakni haqiqat nuriga tuta oladigan erkinlik – bu faqat orzu-xayol. Shunday muhitda adabiyot qalb go‘zalliklarini, orzu-istaklarini, yurak va jamiyat, inson va zamon o‘rtasidagi ziddiyatlarni boricha ochib tashlay oladigan chinakam ko‘ngil adabiyotiga aylana olmasligi tabiiy. Qalblar esa haqiqiy she’riyatga, samimiy muhabbatga, go‘zal his-tuyg‘ularga tashna… Mana shunday paytda, kutilmaganda Yesenin she’rlari o‘zbek tilida jaranglay boshladi:

“Xurosonda bir darboza bor
Ostonasi gulga ko‘milgan.
Unda yashar bir pariruxsor…”

“Shahinam, o, mening Shahinam,
Bilsang, shimol Vatandir manga.
Dalalardan so‘ylaymi senga…”

“Kel, jonginam, qo‘shiq ayt, Xayyom –
Kuylab o‘tgan qo‘shiqlardan ayt
Bog‘da gullar javlon urgan payt…”

“Nechun ma’yus taratar ziyo
Oy Xuroson chamanlariga…”

“Oqshom menga hijob ostidan,
Dilbar ko‘zin suzmadi bekor…”

Qancha tashna ko‘ngillar huzur qilib orom oldi ekan bu tarjimalardan!
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Tarjima ham “Ehtiyoj farzandi”mi? Hammamizga ma’lumki, sevimli shoirimiz A.Oripov she’riyatni “Ehtiyoj farzandi” deb atagan edi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, qalbi davr bilan hamnafas urib turgan, davrga kerakli so‘zni aytmoqchi bo‘lgan ijodkorning tarjimalari ham, albatta, “Ehtiyoj farzandi” yanglig‘ tug‘iladi. Ayniqsa, tarjimon o‘sha ijodkorga yurakdan bog‘langan bo‘lsa. Yesenin tarjimalarining xuddi shu holatda paydo bo‘lganligi ham shoir qaydlaridan ma’lum: “Eseninga xuddi o‘z o‘rtog‘imdek, goho ko‘chada sho‘xlik qilib yuruvchi o‘spirindek… qattiq bog‘lanib qoldim. Ana shu mehr tufayli tarjimaga o‘tirdim. Uni tarjima qilishga meni hech kim undagani yo‘q edi”. (172-bet). Bundan har xil fikr-mulohazalarga borish mumkin. Balki endigina she’riyatga kirib kelgan, qalbi ezgu his-tuyg‘ularga to‘lib-toshgan yosh qalamkashning bir shoirga bo‘lgan mehr-muhabbati vositasida o‘z ko‘ngil istaklari va armonlarining hamohang ekanligiga ishoradir. Aytolmagan dardlarini mana shu tarjimalar orqali ayta olishlikdir. Birgina misol:

Nega sovetlarni ayblagayman,
Nega undan rizo bo‘la olmadim?
Chunki o‘zgalarning kurashida men
Porloq yoshligimni ko‘ra olmadim.

So‘z erkinligi, fikr erkinligi bir siyosat doirasi bilan chegaralangan va qattiq nazoratda bo‘lgan Sovetlar mamlakatining, ayniqsa, o‘sha 50-60-yillarda qaysi bir ijodkor yoza olardi bunday satrlarni. Boshini kundaga qo‘yish bilan barobar emasmidi. Faqat o‘tgan shoirlar ijodidan qilingan tarjimalardagina qisman imkon bor edi, xolos. Balki davr ehtiyoji Yeseninday jur’atli shoirni bir o‘zbek ijodkorining qalbiga madad berish uchun ruhan yuzma-yuz qilgandir. Nima bo‘lganda ham bor haqiqat shu: Yesenin she’riyati o‘zbek adabiyotida o‘zining munosib tarjimonini topdi.
O‘zbek kitobxonlari 60-yillarning boshidayoq Yesenin she’rlarini o‘z ona tillarida ilk bor kitob holida o‘qiy boshladilar. Bu o‘sha davr adabiy hayotida katta hodisa sifatida qabul qilindi. Bu hayrli ishning davomi o‘laroq 1965 yilda Yeseninning “Tanlangan she’rlar”i, 1971 yilda “Zamin darg‘asi” kitoblari yangi tarjimalar bilan to‘ldirilgan holda she’riyat muxlislariga yetib bordi. 1981 yilda Yeseninning “Lirika” nomli o‘zbek tilidagi barcha tarjimalari jamlangan navbatdagi kitobi chop etiladi. O‘sha yillarda biz – ToshDU talabalarining shoir va tarjimon Erkin Vohidov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Esimda, o‘shanda talabalarimizdan biri shunday savol bilan murojaat qildi: – Yesenindan qilgan tarjimalaringiz o‘zingizning nazaringizda qay darajada amalga oshirilgan deb o‘ylaysiz, o‘zingiz qanday baho bergan bo‘lardingiz? Erkin Vohidov shunday javob bergan edi: – Garchand she’riyat muxlislari ushbu tarjimalarimni sevib o‘qib, hayratlanib, yuraklari his-tuyg‘uga to‘lib tarjimonga maqtovlar yoqdirishayotgan bo‘lsa ham, Yeseninday noyob talantning yuragidan uzilib tushgan umrboqiy satrlardagi dardli ma’no-mazmunni, voqelikdan junbushga kelgan his-tuyg‘ularni, iztirobli yurak kechinmalarini, qolaversa, badiiylikni, jozibadorlikni, go‘zallikni boricha, o‘sha darajada o‘zbek tilida badiiy ifoda eta oldimmi, ololmadimmi, o‘zim bir aniq bir xulosaga kelolmayman. Lekin bir narsa ko‘nglimga taskin beradi, agar Yesenin o‘zbek bo‘lganida, albatta, shunday yozgan bo‘lar edi.
Tarjimani san’at deb bilgan va amalda buning uddasidan chiqa olgan ijodkorgina o‘ziga ishonch bilan shunday javob bera oladi. Tarjimashunoslik tarixidan shu narsa ma’lumki, bir tildan ikkinchi tilga badiiy tarjima shunchaki til bilgan har qanday odamning kundalik ishi emasligi, balki u sof ijodiy-badiiy jarayon, ya’ni san’at yaratish jarayoni ekanligi doimo nazariy qoida bo‘lib kelgan. Shuning uchun ham har bir davr tarjimachiligida mana shu qoida talabi bilan bog‘liq muammolar kelib chiqavergan. Ayniqsa, badiiy asarlarning so‘zma-so‘z tarjimasidan kelib chiqadigan kamchiliklar avvaldan to shu kungacha davom etib kelayapti. XIX asrning ikkinchi yarmidayoq rus tanqidchisi V.G.Belinskiy shunday yozgan edi: “Originalga yaqinlik asarning harfini berish emas, balki uning ruhini saqlab qolishdan iboratdir… Tarjima qilingan ifodaning ichki hayoti originalning ichki hayotiga mos kelishi lozim”. Bizning tarjimalarimizda ko‘pincha originalning Belinskiy aytgan “ichki hayoti” yo‘qqa chiqib ketadi, chunki tarjimon faqat asarning so‘zlarinigina tarjima qiladi, uning umumiy ruhini berishga intilmaydi”. Bu fikrlar 1961 yilda nashr qilingan “Tarjima san’ati” kitobidan olindi. Aynan shu yili Sergey Yesenin she’rlari ilk bor o‘zbek tilida kitob holida chop etiladi. Bundan tashqari ukrain shoirasi Lesya Ukrainkaning “O‘tmish ertagi” she’rlar to‘plami ham Erkin Vohidov tarjimasida o‘zbek kitobxonlari javonidan o‘rin oldi. Bu kitoblar o‘sha davr tarjima san’atiga putur yetkazayotgan so‘zma-so‘z o‘girishning yaroqsiz ekanligiga qarama-qarshi o‘laroq san’at darajasidagi erkin badiiy tarjimaning yuksak namunasi bo‘lib adabiy jarayonda paydo bo‘ldi, qad ko‘tardi. “She’riyatda so‘zma-so‘z tarjima nima?” Shu savolni qo‘yib, E.Vohidovning o‘zi javob berar ekan, yozadi: “ – U buzilgan imoratning uskunasi xolos”. Yana quyida davom etib: “Mehrsiz, yolg‘iz qalam haqi umidida qilingan tarjima muhabbatsiz nikohdan tug‘ilgan yetim boladay mung‘ayib turadi”, – deydi. (31-bet).
Badiiy tarjimaning mukammal namunasini yaratish, umuman olganda, tarjimon iqtidoridan tashqari yana ko‘p jihatlarni, izlanishlarni talab qiladi. Avvalo, shoir shaxsini, so‘ng o‘sha davrni, siyosatni, ijtimoiy va adabiy muhitdagi ziddiyatlarni, asarning yozilish sabablarini, maqsad va g‘oyasini, nima demoqchi ekanligini zukko olim kabi o‘rganish va nihoyat, shoir dardlarini va uning zamon ziddiyatlari ichra urib turgan yurak holatini butun nozikliklari bilan his qila olishi kerak. Bularning hosilasi esa she’r ruhiyatini qay darajada aniq bera olganlikda bilinadi. Erkin Vohidov tarjimalarining yutug‘i ham aynan shunda.
Esenin she’rlarining ruhiyatini anglab yetishga yordam beruvchi yana bir faktga qisqagina to‘xtalib o‘tishni joiz deb bildik. Mutaxassislarga ma’lumki, taqdiri ziddiyatli kechgan rus yozuvchisi Ivan Buninning ijodi lirizmning kuchliligi bilan ajralib turadi. Chunki u jamiyat va inson taqdiri masalasiga qalb dunyosi bilan qaragan. Insonning yashashdan maqsadi va umr mazmunini, tiriklik mohiyatini uning ko‘ngil dunyosini izlagan. Ijtimoiy o‘zgarishlarning ahamiyati va qimmatini qalb ehtiyojlari doirasidan turib baholagan. Afsuski, har bir davr, har bir tuzum siyosatining poydevori esa asosan iqtisod bo‘lib kelgan, albatta, ko‘ngil emas. Endi tasavvur qilavering, ko‘ngil odamlarning dardu armonlarini. Shuning uchun ham inson qalbi oyoq osti qilingan o‘sha vahshatli yillarda Bunin uchun “San’at inson qalbining qo‘shig‘i, musiqasi va munojoti” bo‘lganligini o‘zi qayd qilgan.
Esenin ham Bunin kabi o‘sha vahshatli davr ijodkori. Qolaversa, shoir va o‘ta lirik. Lirikaning vatani esa yurak. Talantlar yurak atalmish mana shu vatanga xiyonat qilmaganlar. Tuzum bilan talant o‘rtasidagi ziddiyat ham aynan shundan kelib chiqqan. Mana shu sadoqat tufayli ularning taqdiri og‘ir kechgan. Bu kabi jihatlar Yesenin va Buninning ruhan yaqin ekanliklaridan ham dalolat beradi. Shuning uchun ham Yesenin so‘z san’atini tushunish va ayniqsa, tarjima qilishda yuqorida keltirganimiz Bunin qaydlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik foydadan holi emas. Albatta, talantli tarjimon mahorati bilan berilgan shoir she’r­larining ruhi oxir-oqibatda shunga olib boradi va shunday bo‘ldi ham. Yesenin she’rlari o‘zbek tilida “inson qalbining qo‘shig‘i, musiqasi va munojoti” bo‘lib yuraklarni hayrat va larzaga solib kelmoqda.

Kel, jonim gitaram,
Kuylagin bukun.
Faqat shod ohangda bo‘lsin kuylaring.
Toki chiqib ketsin
Yodimdan butun
Zarra orom bilmay o‘tgan kunlarim.

Bu satrlar 1971 yilda chop etilgan “Zamin darg‘asi” kitobidan olindi. Undan o‘n yil keyingi nashrda esa tarjimon tomonidan qayta ishlanganligining guvohi bo‘lamiz:

Kel, jonim gitaram,
Yangragin bugun!
Lo‘li qiz, sho‘x bo‘lsin chalgan kuylaring.
Toki unutayin
Og‘uga to‘la
Ardoqsiz, oromsiz o‘tgan kunlarim.

Qayta ishlashdan, o‘zgartirishlardan maqsad ham “qalb munojoti” bo‘lib to‘kilgan bu kabi satrlarning ruhini o‘sha darajaga yetkazishlikdir. Lirik qahramonning ichki kechinmalarini yanada aniq va to‘liqroq ochib berishdir.
Inqilob kishilar taqdirini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Yoshlar yangi davr siyosatiga jo‘r bo‘lib shiddat bilan odim tashlamoqdalar. Keksalar esa g‘amgin. Ba’zilarga tarozining toshi qay tomonga bo‘lsa, bas. Dehqonlarga esa kartoshka va non kifoya. Lirik qahramon-chi, eski tuzumdan ko‘ngli to‘lmagan, yangi tuzumni esa faqat buyuk g‘oyalar bilan qabul qilishga tayyor. Shuning uchun ham azobda. “Men-chi, men yoshmasman, qari ham emas – chirib yo‘qolgudek bu zamonada. Shunning-chun ham balki sharobxonada Gitara ohangi qilar meni mast”, – deydi. Lirik qahramon mana shunday iztiroblar girdobidan chiqish uchun gitaradan va lo‘li qizdan madad olmoqchi. Uning iltijosi eng og‘ir ruhiy holat. Bu holat she’rning yuragi. Agar shu yurak urishi kardiogrammadek to‘g‘ri va aniq ko‘rsatilsagina butun she’rning ruhiyati saqlanadi. O‘zgartirilgan variantda tarjima shu darajaga ko‘tarilgan. Qiyos qiling: “Gitara milaya Zveni, zveni!” – “Kel, jonim gitaram, Yangragin bugun!” Oldingi nashrdagi “kuylagin” so‘zi “yangragin” deb o‘zgartirilgan. Bu so‘z ruscha “zveni” so‘zining ma’nosiga mos keladi. “Yangramoq”da boshqa ovozlarni bosib ketadigan kuchlilik, atrofni butunlay egallab olishlik mavjud. Lirik qahramonga aynan shu kerak. Toki eshitilmasa yuragini zada qilgan zamon shovqin-suronlari… “Sыgray tsыganka” – oldingi nashrda murojaat lo‘li qizga qaratilganligi tushirib qoldirilgan. “chto nibud takoye” – “faqat shod ohangda bo‘lsin kuylaring”. O‘zgartirilganda: “Lo‘li qiz, sho‘x bo‘lsin chalgan kuylaring”. Mana endi shu misradan kelib chiqadigan tag ma’no va shoir dardi haqida gapirish mumkin. Shunday maqol bor: “Kimning aravasiga tushsang, O‘shaning nog‘orasiga o‘ynaysan”. Lirik qahramon mana shunday holat arafasida. Shuning uchun ham iltijo aynan Lo‘li qizga qaratiladi. Chunki lo‘lilarda erkinlik bor. Ular birovlarning emas, faqat o‘zlarining nog‘oralariga o‘ynaydilar. Chalganlarida ham bor kuch bilan chaladilar, kuylaganlarida ham bor ovoz bilan kuylaydilar. Dunyoni unutadilar, yurakdagi bor g‘uborlarini chiqarib yuboradilar. Keyingi satrlarning ham ma’no-mag‘zini, hayotiy asoslarini anglab yetganingiz sayin shoirning oddiy bu murojaati emas, balki chorasiz bir dardli yurakning iltijosi ekanligiga ishonch hosil qilasiz: “Chtob ya zabыl” – “Toki chiqib ketsin Yodimdan butun”. Qayta ishlanganda: “Toki unutayin”. “…otravlennыe dni, Ne znavshiye ni laski, ni pokoya” – “Og‘uga to‘la Ardoqsiz, oromsiz o‘tgan kunlarim”. Endi qiyos qiling: “Yoddan chiqarmoq” va “Unutmoq” – sinonim so‘zlar. Lekin “unutmoq”da dard va nola kuchliroq ifodalanadi. Agar so‘nggi satr faqat “…oromsiz o‘tgan kunlar” bilan kifoyalanib shunday qoldirilganda, lirik qahramonning aynan shoirlik bilan bog‘liq eng muhim ijtimoiy darajadagi yurak dardi ochilmay qolgan bo‘lar edi. Axir shoir boshidan uning shirin orzularini, go‘zal his-tuyg‘ularini, ezgu g‘oyalar umidini o‘ldirgan og‘u to‘la kunlar o‘tmadimi?! Yangi tuzum allaqanday his-tuyg‘usiz, quruq maqtovlardan iborat chaqiriq, shiorlar to‘lgan inqilobiy she’rlarni, qo‘liga asl she’riyat qalamini emas, siyosat qurolini olgan shoirlarni ko‘klarga ko‘tarib ardoqlamadimi?! Bular shu davrning, shu siyosatning boshlanishi edi-ku! Shoir o‘tgan kunlarini unutishga urg‘u bergan bo‘lsa ham, lekin lo‘li qizga iltijosi orqali bundan keyin butunlay erkin, bor ovoz bilan kuylay ololmasligiga, bir siyosiy qobiq ichida qolib ketish xavfi borligiga ishora qilayotganday. Uning ruhiy holati shunday xulosaga olib keladi. Tarjimonning keyingi o‘zgartirishi natijasida mana shu ruhiy holat nozik ishoralargacha tiklab berilgan. Bunday o‘zgartirishlar biz qayd qilib o‘tgan nashrda 50 dan ortiq o‘rinda uchradi. Ayrim joylarda bir so‘zdangina iborat bo‘lsa, ba’zi o‘rinlarda bir satr, hatto butun bir band qayta ishlangan.
Ha, Yesenin bo‘lib gapirmoq bu juda katta mas’uliyat. Chunki talantlar har bir so‘zni xalq ko‘z yoshi to‘kilgan tuproq misoli olib, uni yurak qoni bilan qorib, badiiyat xumdonida pishirib, sayqal berib, so‘ng tiklayotgan she’riyat qasriga mustahkam va qoyilmaqom qilib terib qo‘yadilar. Tarjimon, avvalo, shu qasrning go‘zalligidan hayratlanishi, uning har bir g‘ishtiga yuragini quloq qilib bosishi kerak. Shunda uning butun bir ruhiy dunyosiga mana shu qasrning sirli ohangi quyila boshlaydi. Tarjimon ana shu ohangni yetkazishi kerak ekan kitobxonga. Bizning qat’iy xulosamiz – shu. Yesenin she’rlarining o‘zbekcha tarjimasini o‘qiganimizdan keyin shu xulosaga keldik: Yesenin she’rlarining ruhi yuragimizni butunlay egallab olgandan keyin, Yesenin she’rlarining ajib ohangi ko‘nglimizni butunlay hayajonga solib tashlagandan so‘ng.
Shuning uchun ham o‘zbek adabiyoti va o‘zbek kitobxonlari fidoyi, jonkuyar, talantli tarjimon Erkin Vohidovdan doimo minnatdor bo‘lib kelganlar va shuni ishonch bilan ayta olamizki, bu minnatdorlik Yesenin she’rlari kabi umrboqiydir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son