Shaxsga sig‘inish oqibatlarining tugatila boshlashi bilan 30—40-yillar begunoh repressiya bo‘lgan ko‘plab sovet partiya, davlat rahbarlari, fan, madaniyat namoyondalari qatori respublikamizning ham Akmal Ikromov, Fayzulla Ho‘jayev, Abdulla Qodiriy, Ziyo Said, Otajon Hoshimov kabi qator atoqli arboblari, yozuvchi va olimlari reabilitatsiya qilindi. Asarlari qayta nashr etildi. Nomlariga ko‘chalar qo‘yildi. Shulardan biri Toshkent shahar Oktyabr massividagi Otajon Hoshimov ko‘chasidir. Hoshimov o‘zi kim?
Otajon Hoshimov toshkentlik. 1905 yili tavallud topgan. 1919—1921 yillari Toshkentdagi o‘zbek bilim yurtida, 1921 —1924 yillar Moskvadagi ishchilar fakultetida o‘qigan. 1924 yil MGUning ijtimoiy fanlar fakultetiga o‘qishga kirib, 1927 yil tugatadi. So‘ng O‘zbekiston maorif komissarligi qoshidagi ilmiy kengash (keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasi) raisi bo‘lib ishlaydi. O‘sha yili Samarqandda O‘zbekiston Oliy pedakademiyasini tashkil qilib, mamlakatning turli markaziy o‘quv yurtlaridan mashhur olim va professorlarni Pedakademiyaga ishga jalb etadi. Otajon Hoshimovning rafiqasi marhuma Zaynab Hoshimovaning aytishicha u shu yillari pedakademiyaga dars berish uchun pedagogikadan professor — Chexanovich, fizikadan professor Titov, astronomiyadan professor Nefedov, zoologiyadan professor Zavodovskiy, tarixdan Leskovskiy, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston tarixidan professor Bo‘lat Soliyev, Vyatkin, o‘zbek adabiyoti tarixidan professor Fitrat, o‘zbek tilidan — dotsent Abdulla Alaviylarni taklif etgan. O‘zi esa siyosiy iqtisod va falsafadan dars bergan. 1929—1933 yillar Leningraddagi SSSR Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti aspiranturasida o‘qib va ishlab, akademik A. Samaylovich rahbarligida O‘zbekistonda filologiya fanining aktual masalalari bo‘yicha ilmiy ish olib borgan. O‘rta Osiyo respublikalaridan borgan faylasuf tilchi, adabiyotshunos olimlar tayyorlash ishiga rahnamolik ham qilgan. Otajon Hoshimovning o‘sha yillari Leningraddagi bunday yordamlarini bevosita ko‘rgan, Tojikiston Fanlar akademiyasining akdemigi, tarixchi olim Zarif Rajabov bu haqda shunday hikoya qiladi:
«Men Leningradga 1933 yilning sovuq fevral kunlarining birida yetib keldim. Bu vaqtda SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining direktori akademik S. F. Oldenburg edi.
Sharqshunoslik institutiga men o‘sha vaqtda institut ilmiy ishlari bo‘yicha kotib bo‘lib ishlayotgan, O‘zbekistonning taniqli adabiy tanqidchisi, faylasufi va jamoat arbobi Otajon Hoshimov oldiga kirdim. U aspiranturani tugatib, vaqtincha ilmiy sekretar vazifasida ishlab turgan ekan.
Otajon Hoshimov mendan hujjatlarni olib S. F. Oldenburg bilan suhbatlashishga maslahat berdi. Ertasi kuni Otajon Hoshimov bilan birga S. F. Oldenburgning uyiga bordik. Oldenburg o‘sha kunlarda betob bo‘lib, bizni uzun qizil kravotida, kasal yotgan holida qabul qildi. Ko‘z o‘ngimda samimiy inson turar edi. Olim Tojikistonga aloqador barcha masalalar bilan qiziqardi. Uning sharq xalqlarining tarixi, arxeologiyasi, etnografiyasi va qadimiy tillari bo‘yicha bunchalik chuqur bilimga egaligi meni hayratga soldi. U menga O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha bir necha savollar berib ko‘rdi, savollariga o‘rtacharoq javob bergan bo‘lsam kerakki, suhbat so‘nggida Otajon Hoshimovga yuzlanib: yigitchani aspiranturaga qabul qilsa bo‘ladi. Lekin u kishi o‘z ustlarida ko‘p ishlashlari kerak bo‘ladi, — dedi.
O‘rta Osiyolik aspirantlarga Sharqshunoslik institutida O‘rta Osiyo bo‘limi rahbari, mashhur sovet turkolog olim, akademik A. N. Samoylovich rahbarlik qilar edi».
Otajon Hoshimov Leningraddan kelgach, O‘zbekiston Fanlar komiteti raisi, 1934 yildan to 1937 yil o‘rtalarigacha Til va adabiyot instituti direktori va O‘zbekiston yozuvchilari soyuzi rahbariyatida ishlab turdi. Bu davr ichida u rus adabiyoti klassiklari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima va targ‘ib qilishning faol rahbari va mualliflaridan bo‘ldi. Bu sohada uning o‘zi «Dialektika va dialektik usulda o‘ylash», «Davlatsiz jamiyat», A. S. Pushkinning «Evgeniy Onegin» tarjimasi haqida maqolalar yozdi. Marks va Engelsning san’at to‘g‘risidagi asarlarini Oybek, H. Olimjon, Uyg‘un, M. Shayhzoda, H. Yoqubov va boshqalar ishtirokida tarjima qilib nashr ettirdi. Oybek tarjima qilgan Pushkinning «Evgeniy Onegin»iga so‘zboshi yozib, Pushkin asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish qiyin deguvchilarga zarba berib dedi: «Ba’zi odamlar Pushkin asarlarini o‘zbekchaga to‘la-to‘kis va ravon qilib tarjima etish mumkin emas desalar, bu bilan faqat o‘zlarining til bilmasliklarini va madaniyatsizliklarini oshkora qiladilar xolos. O‘zbek xalq adabiyotining namunalari, adabiy meroslarimiz va bugungi usta yozuvchilarimizning asarlari yaqqol ko‘rsatadiki, Pushkin kabi ulug‘ adiblarning asarlari, barcha xususiyatlari bilan o‘z tilimizga ko‘chirila oladi. Oybek va Usmon Nosir kabi o‘rtoqlarning tarjimalari ham bunga bir dalildir».
Otajon Hoshimov respublikada birinchi bo‘lib klassiklar asarlari, ayniqsa, ularning adabiy-madaniy meros haqidagi qarashlarini o‘zbek tiliga tarjima qilibgina qolmay, ularning boy ilmiy-nazariy merosi asosida o‘zbek klassik adabiyoti va folklori, tili va madaniyati, yangi sotsialistik adabiyotning yaratish yo‘llari haqida ham original ilmiy asarlar yaratdi.
Afsuski, bu talantli olim va taniqli tashkilotchi rahbar o‘zining tadqiqotchilik va tashkilotchilik ishlari ayni gullayotgan bir paytda shaxsga sig‘inish qurboni bo‘ldi. 1937 yil 9 avgustda qamalib, 1938 yil 5 oktyabrda halok etildi va u faqat partiya XX s’ezdidan keyingina oqlanib, o‘zbek sovet adabiyotining klassigi Abdulla Qodiriy kabi xalqimizga kechikib bo‘lsada qaytarildi. Otajon Hoshimovning jiyani, hozirda respublika yurist xodimlari malaka oshirish kursining direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Jonrid Qosimovning hikoya qilishicha, tog‘asi Otajon aka qamalgach ham uning oilasi va yaqin qarindoshlariga tinchlik bo‘lmagan. Otajon Hoshimov hibsga olingach, 52 kundan so‘ng uning rafiqasi Zaynab Hoshimova ham begunoh qamalgan. «Ayniqsa, — deydi Jonrid Qosimov, — tog‘amning farzandi bo‘lmaganidan meni juda sevar, ismimni ham o‘sha davrda «Dunyoni titratgan o‘n kun» asarining muallifi, mashhur Amerika yozuvchisi Jonridga taqlidan «Jonrid bo‘lsin» deb o‘zlari qo‘ygan ekanlar. Kelajagim haqida g‘amxo‘rlik qilib, maktabda yaxshi o‘qish, ona tilimiz va rus tili, adabiyoti va madaniyatiga ilk muhabbat uyg‘otganlar ham shu kishi».
O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi, professor Izzat Sultonovning xotirasiga ko‘ra uning ko‘pgina kursdoshlari Yusuf Sultonov, M. Afzalov, J. Sharipov, Sh. Abdullayeva va boshqalarni 1935—1936 yillar Moskvadagi Kommunistik Akademiyaga dars tinglashga yuborgan, o‘zi esa ilk bor ularga falsafadan dars bergan. O‘zbekistonda birinchi bor Fanlar komiteti raisi, A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutining direktori sifatida falsafa, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, folkloristika sohalariga bevosita rahbarlik qilgan. Va o‘sha vaqtdayoq bu entsiklopedik (qomuschi) olim sifatida ziyolilarimiz orasida haqli ravishda o‘zbeklarning «Plexanovi» degan faxriy nom ham olgan edi.
Otajon Hoshimovning hayoti va ijodini yanada chuqurroq o‘rganish, uning asarlarini izlab topish va eng muhimlarini qayta nashr etish, uning nomini abadiylashtirish hozirgi avlodning muhim vazifalaridan biridir.
Sherali Turdiyev, filologiya fanlari kandidati.
“Yosh kuch” jurnali, 1989 yil, 11-son