Sharif Yusupov. Hofizlar sardori (1990)

…Mahalladagi to‘yda, tavonxonada dunyo yuzini ko‘rgan murg‘ak chinqirig‘i to‘y ustiga to‘y qo‘shib yubordi. Xotin-xalaj uni yo‘rgaklab, bir og‘izdan «To‘ychivoy, To‘ychivoy» deb suya ketdilar. Mahalla dasturxonchisi va hammom xodimgaridan tavallud topgan, o‘zi ham er yigit yoshiga yetguncha xodimgarlikdan bo‘shay olmagan bu oddiy o‘zbek farzandi zamonaning zayli bilan faqat Turkiston o‘lkasida emas, aksariyat xorijiy Sharq mamlakatlarida ham o‘z xonishlari bilan o‘n minglarcha, yuz minglarcha tinglovchilar qalbini zabt etdi!

…Toshmuhammad xodimgar o‘g‘li To‘ychivoyni maktab yoshiga yetgach, o‘zlari yashaydigan Gulbozor mahalla masjidi qoshidagi maktabga, Abdulla qori qo‘liga o‘qishga berdi.

Abdulla qori sharq klassiklari kitoblarini ko‘p mutolaa qiladigan zukko ziyoli edi. Buning ustiga Furqatning «Sarguzashtnoma»sida keltirilganidek, eski maktabda Hofiz, Sa’diy, Jomiy, Navoiy, Bedil, Fuzuliy kabi zabardast shoirlarning asarlari o‘rgatilar edi. Bo‘lajak hofizda fors-tojik, o‘zbek, ozarboyjon klassik she’riyatiga ishtiyoq o‘sha vaqtlardayoq tug‘ilgan, keng muhofaza va kuchli xotira quvvatiga ega To‘ychivoy bu tillarda o‘nlarcha g‘azal, murabba’, muxammas va she’rlarni yodlashda boshqalarga ibrat edi.

To‘ychivoy o‘qishdan bo‘sh paytlarida hozirgi Oktyabr kolxoz bozori yonida joylashgan «Do‘ppibozor hammomi»da otasining xodimgarlik ishlariga yordamlashardi. Hammom esa g‘alati joy: unga shoh ham, gado ham keladi. O‘ziga to‘qroq odamlar issiq hammomdan darhol ko‘chaga chiqib, shamollab qolmaslik uchun achchiq choy buyurib, bir-ikki soat hangomalashib o‘tirishardi. Ziyrak To‘ychivoy ularning gaplariga quloq soladi, ayniqsa, qayerda, qachon katta sayil yoki to‘y bo‘lishini bilib oladi. Chunki u yerlarda hamisha hoziru nozir Isahofiz, Mirza qosim, Sayidahmad askiyo, Isoxon askiyo, Abdulla Fonus, shuningdek, Farg‘onadan tez-tez kelib turadigan Madumar puchuq, Abduqahhor, Farzincha, Makaylik va boshqalarning qo‘shiqlari, qiziqchilik va raqslarini tomosha qilish mumkin edi.

Ustozlarning avji falakka yetguchi xonishlari To‘ychivoyning oromini o‘g‘irladi. U o‘sha katta yig‘inlardan qaytar ekan, eshitgan ashulalarini xirgoyi qilar, tengdoshlari esa: «Yana ayt, yana ayt», deb qo‘yishmasdi. Xalqda: «Ovozing ashulaga yarashini bilmoqchi bo‘lsang, hammomda aytib ko‘r, jarangidan bilasan», degan gap bor. To‘ychivoyga esa hammom o‘z uyidek gap. Uni odamlar kelishidan oldin va hamma ketib bo‘lgandan keyin tozalar ekan, ashulani vang qo‘yardi. Bunday qarasa, ovozi usulga tushib, binoyidek yoqimli bo‘lib qopti. Bo‘yi cho‘zilgan sari ovozi ham to‘lishib bordi.

To‘ychi hofiz (birinchi qatorda o‘rtada) o‘z do‘stlari Safo Mug‘anniy (chap tomonda). Hoji Abdulaziz (o‘ng tomonda), Domla Halim Ibodov (ikkinchi qatorda chapdan birinchi), To‘xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy va Sheroziy Yoqubovlar bilan birga (30-yillarning o‘rtalari).

Xodimgar To‘ychi hofizning xalq o‘rtasida shuhrati kundan-kunga ortib, u o‘zining ota kasbi bilan xayrlashdi, jiyanlari Shojalil, Shorahim va Chimkentdan kelgan tanburchi Shobarotni yoniga olib, yangi-yangi qo‘shiqlar ijro etib, tez orada butun Turkiston o‘lkasining mashhur hofiziga aylandi. Kishilar katta yig‘inlarga uzoq shaharlardan uning xonishlarini tinglashni orzu qilib keladigan bo‘lib qoldilar. Uning xonishlarini turli davralarda eshitgan Muqimiy, Furqat kabi shoirlar birin-ketin uning ijrosi uchun g‘azal, murabba’, muxammaslar bitib beradigan bo‘lishdi. Shuningdek, To‘ychi hofizning o‘ziga bag‘ishlangan ko‘p va xo‘p she’rlar bitildi. Furqat, Nodim, Xislat, Mutiiy, Abulqosim Lohutiy, G‘afur G‘ulom, Chustiy merosidagi ayrim namunalar shular jumlasidandir.

Furqatning 1890 yilda yozgan g‘azallaridan biri To‘ychi hofiz nomiga muvashshah qilingan. Yosh hofizning nikoh to‘yida shoir shaxsan ishtirok etgani manbalarda qayd etiladi. O‘zbek demokratik adabiyotining yirik namoyandalaridan Nodim Namangoniy esa, To‘ychi hofizga ehtirosli muxammas bag‘ishlagan va bu muxammas shoirning «Tanlangan asarlar»idan o‘rin olgan.

Hofizning mashhur shogirdlaridan biri Halima Nosirovaning keyinchalik To‘ychi hofizga «XX asrning buyuk qo‘shiqchisi» deya bergan bahosining haqqoniyligiga tan berasan kishi.

Asrimizning boshida Riga gramplastinkalar zavodi tarixda birinchi marta o‘zbek kuy va qo‘shiqlarini ommaviy tarzda chiqarishga bel bog‘lab, Toshkentga maxsus ovoz yozuvchilar brigadasini yuborganida, brigada a’zolari, tabiiyki, o‘sha davrning eng yirik xonandasi To‘ychi hofizga kelib uchrashgan, Turkiston bo‘ylab qilinajak safarda hamrohlikni taklif etgan edilar. To‘ychi hofizning fidoyiligi tufayli Shojalil, Shorahim, Shobarot, Hamroqul qori, Abdulla fonuschi, Nabixo‘ja singari san’atkorlarninggina emas, balki Adolxonim, Mohzodaxon, Netayxon va boshqa o‘nga yaqin ayol xonandalarning ijrolari ham grammofon plastinkalariga yozilib, Turkiston, Buxoro, Xorazm va ko‘pgina xorijiy Sharq mamlakatlariga ham tarqalgan edi. Yirik san’atkor ijodining tadqiqotchilaridan biri haqli ravishda ta’kidlaganidek, Sharqiy Turkistonga Furqat birinchi bo‘lib gazetalar olib borgan bo‘lsa, To‘ychi hofiz rus texnikasi mo‘jizasi bo‘lmish grammofon va plastinkalarni ilk bor yetkazgan edi.

To‘ychi hofiz o‘sha yillarda o‘zbek san’ati va adabiyotini keng targ‘ib etishning boshqa yo‘llarini ham topdi. Dastlab chinni idishlar tayyorlovchi zukko tabiatli kishilar bilan birgalikda minglarcha piyola, kosa va laganlarga o‘zi ijro etadigan qo‘shiqlardan parchalar yozdirib, ularning har bir xonadonga kirib borishiga erishdi. Keyinroq esa, shoir do‘stlari Xislat va Sidqiy Xondayliqiy yordami bilan o‘zi ijro etadigan qo‘shiqlarning matnini to‘la keltirgan holda qaysi kuyda ijro etilishini aytib, 238 sahifadan iborat noyob kitob nashr ettirdi. To‘ychi hofizning tashabbuskorligi, fidoyiligi tufpyli chiqarilgan bu noyob kitob musiqashunoslar va adabiyotshunoslar tomonidan qunt bilan o‘rganilsa, bu ko‘pgina masalalarda yangi ilmiy to‘xtamlarga kelinishiga yordam berishi mumkin, deb o‘ylaymiz.

Benazir san’atkor, san’at va adabiyotning fidoyi targ‘ibotchisi To‘ychi hofiz xalqning aksar qismi och yashayotgan sharoitda xonandalikdan kelgan daromad bilan kamsuqumgina hayot kechirar, uning butun boyligi qo‘shiqlari edi. Buning ustiga shunday bir sharoitda uning umr yo‘ldoshi Zebiniso olamdan o‘tdi. Oiladagi besh farzandga u ham ota, ham ona bo‘lib qoldi. Endi hofiz xazinasida «Bayot», «Ushshoq», «Girya», «Nolish» kabi yuraklarni zardobga to‘ldiruvchi qo‘shiqlar ko‘payib bordi.

Kunlardan birida Shahrixonga katta yig‘inga taklif etildi. U ijro etgan xonishlar muxlislarini shu qadar sarxush etgan ediki, mashhur kosib Ziyafarang o‘rtaga chiqib: «Xaloyiq, o‘zlaringiz bilasizlar, bo‘yi yetgan zebo zaifam bor, sovchilar eshigim zulfini buzishayapti. Hammasiga rad javobini berib keldim. Endi shu qizimni, agar rozi bo‘lsa, To‘ychixonga uzataman. Qizim yo‘q demasa kerak. Bundan ortiq qalliq qayoqda deysiz», deb yuborganini o‘zi bilmay qoldi. O‘sha davr taomiliga bir tarz zid hisoblangan bu gapni eshitib, olomon bir lahza hayron bo‘ldi. Shunda o‘ziga to‘q bir keksa odam: «Xo‘p bo‘ladi. Men qaynota bo‘lib, kelinni uyimga tushiraman. Barcha to‘y xarajatlari ham zimmamda. To‘ychixon Shahrixonga kuyov bo‘lib, tez-tez kelib turishi hammamiz uchun katta baxt», dedi.

Uch-to‘rt kundan so‘ng to‘y bo‘ldi. Shahrixon go‘zali Otinchaxon To‘ychi hofizning farzandlarini oq yuvib, oq taradi. Ular yana uch o‘g‘il, ikki qiz ko‘rdilar.

Inqilobdan so‘ng mashhur xalq hofizi o‘zbek sovet san’ati beshigini tebratganlardan biri edi. Uning Hamza Hakimzoda, Mannon Uyg‘ur, Qori Yoqubov, Safo Mug‘anniy, Hoji Abdulaziz, Domla Halim Ibodov va boshqa san’atkorlar, V. Uspenskiy, N. Mironov, R. Glier, S. Vasilenko kabi rus bastakor va musiqashunoslari bilan hamkorligi ajoyib samaralar berdi. U dastlabki o‘zbek muzikali dramalari va operalarining yaratilishida asosiy maslahatchilardan biri bo‘ldi, o‘zining va boshqa xonandalarning ovozlarini notaga yozib olishda jonbozlik ko‘rsatdi, inqilobdan keyingi dastlabki o‘n yil ichida teatrda, 1927 yildan umrining oxiriga qadar O‘zbekiston radiosida yetakchi xonanda bo‘lib ishladi.

To‘ychi hofizning shogirdlarini sanab ado qilish qiyin. Afsonavor maqom ustalari Yunus Rajabiydan tortib Muhammadjon Karimovgacha, ovozi falak avjini ko‘zlagan Jo‘raxon Sultonovdan tortib Akbar Haydarovgacha bo‘lgan yalla ustalari, xalq kuylarining tengsiz ijrochilari aka-uka So‘fixonovlardan tortib Nazira Ahmedovagacha, Rizqi Rajabiy va Orif Qosimov singari soz sehrgarlarigacha — bari-bari To‘ychi hofiz yaratgan ulkan maktabning iste’dodli talabalaridir.

Hofizning xalq oldidagi ulkan xizmatlari partiya va hukumatning hamisha e’tiborida bo‘ldi. Shuni aytish kifoyaki, Hamza Hakimzodaga O‘zbekiston SSR xalq yozuvchisi unvoni berilgan yili To‘ychi hofizga O‘zbekiston SSR xalq hofizi, Mehnat Qahramoni faxriy unvonlari berildi.

To‘ychi hofiz boshlagan ishni uning jiyanlari Shorahim, Shojalil Shoumarovlar, Shoqosim, Shoolim, Shoakbar Shojalilovlar, Abdumutal Abdullayev iftixor bilan davom ettirdilar. Ulug‘ hofizning farzandlari Abulqosim va Erkin o‘zbek davlat kontsert birlashmasida, nevaralari O‘tkir To‘ychiyev o‘zbek akademik opera teatrida, Ma’mura Jabborova «Shodlik» ansamblida, Temur Mahmudov Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansamblida xizmat qilmoqdalar.

O‘zi qoldirgan hayratomuz boy qo‘shiq merosi bilan, yetishtirgan yuzlab shogirdlari, nevara-shogirdlari bilan To‘ychi hofiz hanuz xalq nazdida hofizlar sardori bo‘lib qolmoqda.

Sharif Yusupov

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 1-son