Salohiddin Mamajonov. Hamza dindor bo‘lganmi? (1990)

Bu mavzu — hamzashunoslikda atayin bir chetga surib qo‘yilgan masaladir. To‘g‘rirog‘i, tadqiqotchilar Hamzaning dinga bo‘lgan munosabatiga deyarli bir tomonlama yondoshdilar. Ya’ni Hamza dinning ashaddiy dushmani edi va butun ijodi davomida dinga qarshi faol kurash olib bordi, deyilgan fikr-aqida ommaga qayta-qayta singdirildi. Bu soxta, uydirma hukmnomaga ko‘ra Hamzaning diniy ruhdagi g‘azallari, she’rlari va nasriy asarlari, maqolalari, tarjimai holiga doir barcha hujjatlar, dalillar zamonaga moslashtirildi, uning majmualariga, hatto «Mukammal asarlar to‘plami»ga ham kiritilmadi. Uning «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi»dan o‘rin olgan «hamd» — «sano»lar ham yulib olindi va Hamza o‘quvchilarga «silliqlanib» tavsiya etildi. Albatta, bu yerda hamma klassik yozuvchilar, to‘g‘rirog‘i, inqilobdan avval o‘tgan ijodkorlarga nisbatan qo‘llanib kelingan adolatsiz mezon va bu mezonni keltirib chiqargan mafkuramizdagi «sinfiylik» degan tor, bir tomonlama qarash sababchidir. Oqibatda islom madaniyati bilan bog‘liq bo‘lgan qadriyatlar bir chekkaga surib qo‘yildi, ochig‘ini aytganda, oyoqosti qilindi. Islomdagi ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, axloqiy qonun-qoidalar asil mohiyat e’tibori bilan umumbashariy mazmunga ega va ular jamiyatni tartibga solish, boshqarish, insonni ma’naviy barkamol qilishga xizmat etganligi ko‘r-ko‘rona inkor qilindi, shuningdek dunyoda mavjud dinlar mehvarida turgan umumbashariy qonun-qoidalar butun insoniyat tomonidan asrlar davomida yig‘ilgan, to‘plangan, sinovdan o‘tgan axloqiy mezonlar ekanligi ataylab tan olinmadi.

Biroq Oktyabr inqilobidan keyin 1918 yil 23 yanvarda yosh Sovet hukumatining Lenin tomonidan imzo chekilgan «Cherkovni davlatdan va maktabni cherkovdan ajratish haqida»gi dekreti yangi hayot quruvchilarining boshida turgan odamlar tomonidan noto‘g‘ri tushunildi. Ateistik targ‘ibot o‘rniga cherkovlar, masjidlar, madrasalar buzib tashlandi, ruhoniylar quvg‘in va ta’qib etildi. 20-yillarda avj olgan xurofotga qarshi kurash kompaniyasi Sovet hukumatiga qarshi kurashga qo‘shilgan mutaassib ruhoniylargina emas, balki diniy e’tiqodi bor barcha odamlarga nisbatan ham qo‘llandi.

Hamza ham shu oqimga tushib qolgan edi. U badiiy asarlari bilan ham, ijtimoiy faoliyati orqali ham xurofotga qarshi keskin kurashdi. Hamza noma’lum shaxsga yozgan maktublarida (1923 yil, 19 mart va 25 sentyabr) qo‘poruvchilar boshida turgan mutavallini tilga olish bilan birga «O‘zbekistonda bo‘lg‘on 300 dan ortuq mazoratni bitirishni» maqsad qilib qo‘yganini aytadi. Keyingi maktubida «xurofot bilan kurash ishi yuz foiz bajarildi», «xurofot kurashini bir boshim bilan hech bir tomondan yordamsiz» bajardim, deydi. Albatta, xalq eng muqaddas hisoblab kelgan mozorga shakkoklik qilgan odamdan qahrlanishi turgan gap (bu mozorlarning ba’zilaridan yosh Sovet hukumatiga, xalqqa qarshi fitna, ig‘vo, xurofot uyasi sifatida foydalanilganiga shubha yo‘q).

Hamza. 1917 yil

Hamzaning inqilobdan keyingi ijtimoiy faoliyati va badiiy ijodi haqidagi bahsni hozircha qo‘ya turib, uning yoshligi, yigitligi, g‘azallari, umuman Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan davrda dinga e’tiqodiga razm solaylik.

Hamza ruhoniy muhitda va ruhoniy oilada voyaga yetdi: eski maktabni bitirdi, o‘zi yozganidek, «1899 yildan 1906 yilgacha madrasada eski usul bilan dars o‘qishda davom etdi». 1907—1908 yillarda ilohiyotga doir ko‘p kitoblarni, ma’lumotlarni, islom dini ta’limotini, qonun-qoidalari, talablarini yaxshi o‘zlashtirdi. 1907 yilda otasini hajga jo‘natgani Qashqarga kelar ekan, u yerda «Vaqt», «Boqchasaroy» gazetalarini birinchi bor o‘qishga muyassar bo‘ladi va o‘zining yozishicha, «shundan boshlab kundan-kun eski xurofotlarni, madrasa o‘qishlarini» tekshirishga kirishadi. Madrasada o‘qigan paytlaridagina emas, balki undan keyin, taxminan 1915 yillarda din tarixi va boshqa har turli kitoblarni, jumladan «Havojin diniya», «Adibi avval», «Adibi soniy», «Mu’omalot», «Badr ul-hisob», «Shifohiya», «Istiftoh», «Istiqmol», «Tarixi muqaddas», «Namunai axloq», «Tajvid», «Munshaot», «Adabiyot» kitoblarini tilga oladi. 1908 yilda va 1909 yilning boshlarida Namanganda tahsil olgan paytlarida ayniqsa arab tilini chuqur o‘rganishga urinadi, bu tildagi kitoblarni ko‘p mutolaa qiladi, hatto otasiga arab tilida maktublar yozadi (1909 yilda arab tilini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida Buxoryuda ham biroz tahsil olgan edi). Hamzaning Namangandan otasiga yuborgan maktublarida «Sharhi mullo»dan dars olayotganini aytib, «Kalomullo» kabi yettita kitobni berib yuborishini iltimos qiladi. Hamza shunday maktublaridan birida: «Bir bedona kafsh sotib olgan edim, ramazon kelib qoldi, yana sotib yubordim. Iftorlik va saharlikka xarjladim», deydi. Hamzaning Namangandan yozgan maktublaridan anglashiladiki, u yerga ota-onasining roziligisiz, nimadandir arazlab ketgan va har safar otasidan kechirim, uzr so‘ragan. Bir maktubida (bular tojikcha bo‘lib, tarjimasi keltirilmoqda) «zeroki hadisi sharifda «Olloh taologa rizo bo‘ladi ul iboratdankim, ota-ona rozi bo‘lsa». «Bu hadisi sharifda aytganiday, yo‘limning berk bo‘lishi janoblarining rozi bo‘lmaganliklari sargardon bo‘lishimning sababi bo‘lsa kerak», deydi. Shu maktubda yetti yildan buyon Madinada istiqomat qilayotgan Abdullo Toshkandiy bilan tanishganini va u o‘z yonidan o‘sha yerga olib ketmoqchi bo‘lganini aytib: «Banda kamoli xursandlikdan sabr-toqat va oromim yo‘q», deb qo‘shib qo‘yadi. Toshkentga qilgan bir sayohatida (1908 yil) o‘nlab hojilar bilan tanishib suhbat quradi, Munavvar qori Abdulmajidxon o‘g‘lini esa «pir, ustozi oliy muallim», deb tariflaydi. Bu yillarda Hamzada haj qilish, chet ellarga sayohatga borish ishtiyoqi qat’iylashib qolgan edi.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, Hamza Islomning talab va aqidalariga, Ollohga, muqaddas kitoblarga, payg‘ambarlar, qiyomat, taqdirning ilohiyligiga e’tiqodda bo‘lgan kalima keltirish, namoz o‘qish, ro‘za tutish, zakot berish, haj qilishga ishongan, hatto xutba hayitlar, juma namozlari to‘g‘risida maxsus maqolalar yozgan. To‘g‘ri, maqolalarining asil mohiyati jaholatni, qoloqlikni, razolatni, xor-zorlikni qoralash, mehnatkash insonni baxt-saodatli qilish, yurtni taraqqiy ettirish uchun kuyunishdan iborat. Biroq bu maqsadga Islom aqidalaridan voz kechish orqali emas, balki uning yordamida erishish mumkin, degan fikrda sobit turadi. «Bid’atmi, majusiyatmi?» maqolasining (1914 yil) butun mazmuni-yo‘nalishini uning so‘nggidagi «bid’at va majusiyat odatlarini yo‘q qilmak uchun yolg‘uz ikki kalima so‘zni yaxshi tushunmak lozim: o‘qimak va o‘qitmak». Maqolaning avvalrog‘ida, harakat qilinmasa, «Islom faqat ismi bor, jismi yo‘q bir holg‘a kelib qolur», degan edi. «Faqirlik nimadan hosil o‘lur?» (1914 yil) maqolasida shu 1914 yilda gadoylar soni yuzga qirq foiz tashkil etishini alam bilan ko‘rsatib, buning ildizi «vahshat, g‘aflat va jaholatda» deb aytadi. Albatta, maqolada xudo «taoloning buyurgan besh vaqt sajdasidan bo‘yin tortgan mard yigitlar»ni tanqid qiladi va «Oh, qani islomiyat ahkomi? » deb savol ham tashlaydi. Hamza «Iydi qurbon» (1914 yil) maqolasida «Ey, qardoshlar!», «Insof qiling… Yetimlarga ehson qiling», «Sizga xo‘r ko‘rinsada janobi haqg‘a azizdirlar, bilasizmi » deb xudoni o‘rtaga qo‘yib, kambag‘allarga yordam berishga chaqiradi. Hamza mazkur maqolani «Sadoi Turkiston» gazetasida qurbon hayiti arafalarida chiqishini orzu qiladi va maqola qo‘lyozmasida gazeta muharririga qarata yozgan maktubida «bu maqolai dil so‘zim millat va islom bayramlaridagi zilli razolatdin, fisqu safohatdin iboratdir», degan alamli so‘zlar bor.

Hamza. 1915 yil

Hamzaning «Jum’a qandoq kun?» («Kengash» oynomasining 1-sonida) va «Xutbadan murod nima?» («Hurriyat» oynomasining 2-sonida) maqolalari uning diniy marosimlarga bo‘lgan ijobiy munosabatini anglashda muhim hujjatdir. Ikkalasi ham 1917 yilda yozilgan. (Keyingisi «Kengash»ning ikkinchi sonida bosilishi kerak edi, Hamza oynomadan ishdan ketishi tufayli «Hurriyat»da bosildi). «Jum’a qandoq kun?» bosh maqola tarzida berildi. Avvalo shuni ta’kidlash kerakki, Hamza shu davrgacha yozgan g‘azal, she’rlari, «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar majmuasi»da, «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», « Qiroat kitobi», «Yangi saodat» kabi nasriy asarlari va publitsistik maqolalarida millatni yaxlit idrok etdi, sinfiy ayirmachilik yo‘lidan bormadi. Uning o‘z iborasi bilan aytganda, hammani «o‘z xalqini bir ko‘zda ko‘rish»ga da’vat etdi, dinni, musulmonchilikni oyoqosti qilganlarni «o‘z oramizdan chiqqan din xoinlarining xiyonatlari», degan ibora bilan tanqid qildi. «Sariq gul» to‘plamiga kirgan bir she’rida «Birlashsun emdi boshimiz, maslakda qari-yoshimiz», «Qalbga bilimning yo‘lini ochaylik» nomli tugallanmagan maqolasida (undagi «Sho‘roi islom» iborasidan 1917 yilda yozilgan bo‘lishi mumkin) «albatta, davlat ittifoqdadir», deb ta’kidlaydi.

«Jum’a qandoq kun?» maqolasi, aftidan, fevral inqilobidan keyin yozilgan. Chunki unda «Istibdod, zulm va monelar ko‘tarildi», «Mana, biz bu vaqtda o‘zimizning huquqimizga xo‘ja bo‘la olamiz», degan so‘zlar bor. Hamza shu vaziyatni nazarga olib jum’a kunini katta, doimiy milliy bayramga aylantirish va bu bayramga insonparvarlik, adolatparvarlik mazmunini chuqur singdirishni nazarda tutadi. Hamza «Lekin nodon ovom xalq orasiga bir bid’atni naqadar ijro qilmoq oson bo‘lsa, diniy bir amalni taratmoq ming-ming chandon ortuq mushkul va mashaqqatdur. Mushkul va mashaqqat, deb turamizmi? Yo‘q, bilgonimiz bilmagonimizga tushuntiramiz, tashviq qilamiz» va «Diniy va milliy ulug‘ muborak bu bayramimiz oz fursatda rasm-odatga kiritamiz», deydi. Xo‘sh, Hamza nega jum’a nomozini bunchalik astoydil himoya qildi? Uni «dini islomimiz torafidan buyurulgon har birimizning eng birinchi muhim burchimizdir», deb ta’kidladi? Unga amal qilmay qimor o‘ynash, fisq-fasod bilan shug‘ullanishni «din buyruqlariga butun xiyonat va jinoyatdur», deb qoraladi? Hamza xalqning «katta jomelariga jamoat bo‘lub» namoz o‘qimoqdan maqsad bu yerda «diniy va milliy kamchiliklar» xususida, xalqning ahvoli, taqdiri, bugungi va ertasi to‘g‘risida fikrlashish, bahslashishdan, zillat va jaholatdan qutilish yo‘llarini axtarmoq, ayniqsa beva-bechoralar, majruhlarni «tarbiya qilmoq yo‘llarin izlamoq», «o‘quv-o‘qituv usullarin zamonga muvofiq tahsil qilmoq choralarini axtarmoq»dir, deydi. Har haftada bo‘ladigan bu yig‘inning e’tiborini «din va millat uchun kerak bo‘lgan zaruriyat»ga tortishni orzu qiladi. Odamlarning o‘zaro gina-kuduratni unutib, bir-birini izlash, bir-biridan xabar olish, kasallar va bechoralarga yordam berish, ayniqsa «jamiyati xayriyaga» ko‘mak berishga chorlaydi. «Bugungi qadrlik kunlar» (1917 y.) maqolasida ham millat va islom to‘g‘risida kuyunib so‘zlaydi. Hamza «Islom millatiga na xizmat qilding?» degan savol berilganda qizarib qolmaslik uchun «ulamomi, boymi, gadomi, yoshmi, qarimi — kelsun, bu xizmatga otilsun», deydi. «Xutbadan murod nima?» maqolasida Hamza xutbani arab yoki fors tilida emas, balki turkiy tilda o‘qilishi masalasini ko‘taradi. U to‘ppadan-to‘gri «turkiy tili makruh» degan asossiz xitoblarga sukut etamizmi?» deb savol qo‘yadi. Shoir fevral inqilobi bergan imkoniyatdan foydalanib, o‘zbek tilining jamiyatdagi qonuniy haq-huquqini tiklashga urinishdan tashqari, katta yig‘inlardagi nutq, va’zlar turkiy tilda bo‘lsa, odamlarning bir-biri bilan «ittifoq va ittihoda bo‘luvi»ga katta yordam berajagini ham o‘ylaydi.

Hamza ilk ijodining mahsuli bo‘lgan «Devon»ida va 1914 —1915 yillarda nashr etilgan «Engil adabiyot», «O‘qish kitobi», «Qiroat kitobi»da diniy yo‘nalish salmoqli o‘rinni egallaydi. «Devon»dagi diniy yo‘nalishni shoirning klassik g‘azalchilik an’anasi yo‘lidan borishi bilan hosil bo‘lgan narsadir, deb izohlash u qadar to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Albatta, mavzu, timsol, g‘oya va shaklda an’anaviylik muhri yotadi. Biroq «Devon»dagi diniy qatlam, darsliklardagi diniy chiziqlar va ayniqsa axloqiy-falsafiy ma’nodagi «Qiroat kitobi»dagi diniy mushohadalar Hamzaning shu davrlardagi dunyoqarashi, hayotni, turmushn idrok etish yo‘sini-darajasi, maqsad-amali va bularni ifodalash tarzidagi o‘ziga xosligi bilan tug‘ilgandir. Uning siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, falsafiy mushohadalari bilan badiiy tafakkuridagi mushtaraklik, yagonalikning boisi ham shunda. O‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas edi.

Shoirning Namangandan padari buzrukvoriga yozgan maktublaridan quyidagi parchalarga diqqat qilaylik: «Nima qilayki, xudoi taolo men bechorani bu qadar baxtsiz va iqbolsiz qilib yaratgan ekan. Hech kimga yoqmayman va hech kim yaxshi ham ko‘rmaydi. Xususan janoblariga istaram aslo issiq tovlanmaydi. Shundan gumon qilamanki, men nima yomon ish qilgan ekanmanki, doimo men bechoraning bo‘lishimni xohlashmaydi. Xudoi taolo ixtiyorni menga berganda yoki bandai duosini tez ijobat qilganda, bunday hayotdan o‘limni afzal ko‘rar edim. Nima iloj qilayki, qudrat qalami bilan jang qilib bo‘lmas ekan». Ikkinchi misol: «Illo, o‘sha vaqtlarda banda yoshlik qilgan ekanman. Umid qilamanki, albatta, bandani avf etgaysiz. Xudoi taborak bandalariga qanday kulfat va qanday rohat bermoqchi bo‘lsa, avvalo o‘sha purgunoh bandaning diliga o‘sha narsaning ishqu muhabbatini solar ekan va hech narsa uni yo‘ldan to‘xtata olmas ekan. Bas, shunday ekan, bandaning qanday ixtiyori bo‘ladiki, xudoi azza va jalla o‘zining fazlu karami bilan uning ko‘ngliga o‘zining muborak ka’basini va mutabarrik payg‘ambarining ravzasini (qabrini) ko‘rishni bu yuzi qora va purgunoh bandasining diliga solgan bo‘lsa».

Ana shu ruh, ana shu kayfiyat va tuygu Hamzaning g‘azallari, muxammas, musaddaslaridagi «Munofiqlar aro yo‘q menchalik hech ro‘ siyah hargiz. Dilimda tavba, tilda ayturam hamdu sano, yorab», «Banimdek osi ummatni payambar yo‘qlagaylarmu?», «Kechgaymusan, xudoyo, bu xasta zor, tavba. O‘tgan gunohlarimga qilsam hazor, tavba», «Xudoyim, ne qilarmiz, kelmagay hech ish qo‘limizdin, o‘ziga yolborurmizda, falakning gardishi shundog‘» kabi misralarga hamohangdir. Haj qilish orzusi she’rlarida ham ifodalangan:

Sizi xotiringiz xudo barchani
Nasib aylasun bormoqa Ka’bani,
Qabul aylasin lutf ila tavbani,
Tavob aylashaylik borub ravzani,
Budur muddao, yo hayotan nabi.

Yoki:

Ilohi, tavba qildim, dargahingdan ko‘p xijolatman.
Gunohim kechmasang sharmandai ro‘zi qiyomatman,
Eturgil Ka’baga muhtoji mushtoqi ziyoratman,
Qaro yuzni borib bir surmasam besabru toqatman,
Gunohim loyiga bo‘g‘zigacha botgan falokatman,
Yo‘lim och bormoqa, yo rab, qabul aylab bu ohimni.

Hamza juma bayrami, xatna, ramazon to‘g‘risida publitsistik maqolalarida olg‘a surgan g‘oyani «Biz va jum’a bayramimiz», «Ramazon» kabi she’riy asarlarida ham ifodalaydi: «Ittifoq, ittihod o‘lgaydi barpo jum’adan», «Xutbalar turkiy o‘qilsa, anglasa yoshu qari» misralaridagi hatto so‘z birikmalari ham aynan.

Shoirning «O‘lsun» radifli musaddasidagi «Kezib Qashqar, Xo‘tan, Kashmiru Hindistonu Afg‘onni, Adan, Beyrutu Izmir, Shomu Hayfo, arzi Eronni, Madina, Makkayu Jadda, Rumu Istambul, Xurosonni…» misralaridan haj qilish va sayohat etish orzusini amalga oshirgani ko‘rinib turibdi.

Hamzaning ba’zi g‘azal, muxammas, musaddaslari bevosita diniy mavzuda bo‘lsa, qator she’rlarida diniy ohang ishtirok eta di. Bularda xudo, nabiylar, anbiyolar, jannat, qiyomat, me’roj, «qalam qudratiga chora yo‘qligi», «bu — bir bevafo jahonga mehr qo‘ymaslik» haqida, «ilohning ma’rifat qilishi», gunohkor bandasini «haqiqat yo‘liga solishi» haqida so‘zlaydi. Diniy shaxslar ismlari, diniy afsonalar tilga olinadi: Odam ato, Muhammad, Havo, Yusufi Kan’on, Zulayho, Mosiho, Sulaymon, Hizr, Adham devona, Azroil, Karbalo, Ka’ba, Ayyub, Mustafo, Rasul, Yoqub, Nabiy, Ali, Nuh va hokazo. Shoirning «Yo iloho, sangadur hamdu sano» misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalida 254 ta so‘z ishlatilgan, shundan 96 tasi diniy so‘zlardir (Iloho, qodiro, kulhu vallohu ahad, shahodat, ruh, rabbano, lomakon, xudo, lamyazal, arshu a’lo, nuri pok, anbiyo, avliyo, kofir, Hotami kulli rasuldir Ahmado, xoliq, fano, imon, jannatul a’lo, osiy, shayton, mahshar, gunoh, yaratding…). «Xudovando, sanga yig‘lab qilarman arzi dodimni» misrasi bilan boshlanuvchi musaddasida ham yetmishdan ortiq diniy so‘zlar uchraydi. Bu so‘zlarning aksariyati yuqoridagi g‘azaldagi so‘zlar — tushunchalar takrori emas (osiy banda, shafig‘, daryoyi rahmat, ashobi murtazo, shayx, ibodat, qiyomat, hol, do‘zax, tavba, karam, ishq, kishti kori ma’siyatdin (gunohdan iborat ishlar), yovm ul-jazo (qiyomat kuni) va boshqalar)…

Hamzaning xudoga hamd-sano o‘qishining ostida ham mehnatkash inson taqdiri to‘g‘risida qayg‘urishi — uning mushkulini oson qilish uchun xudodan madad kutishi, haqiqatni qidirishi, ma’rifatga intilishi yotadi. Otasiga yuborgan maktublaridan birida: «Shoyad janoblarining duolari sharofati bilan bu bechoraga xudoyi taborak karamidan ato qilib o‘z orzusiga yetkazsa va ilm samarasidan nasibi ro‘zi qilsa», deydi. Bir g‘azalida «Boshida posboni yo‘q, deb yetim ahlini qaqshatma, oning hech bo‘lmasa yo‘qdin bino qilgan xudosi bor», deydi. «Navro‘z» nomli tugallanmagan yana bir she’rida ochiq bunday yozadi:

Hamd o‘qiylik sidqi dil birla xudoga barchamiz.
Ham durud aytib Muhammad Mustafoga barchamiz,
Din rivojichun ochaylik qo‘l duoga barchamiz,
Shoyad ul yetkursa yetsak muddaoga barchamiz…

«Yashil gul» to‘plamida ham «Din xizmatiga kirsak, bo‘lsak millat qurboni», degan jumla bor! «Engil adabiyot» kitobi birinchi sinf talabalariga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, qirq besh darsdan beshtasini xudo ta’rifiga bag‘ishlagan, qolgan darslarda ham teztez xudo mavzuiga qaytib turgan. Shuni aytish kerakki, bu an’anaviy «hamd-sano» talabi bo‘yicha yozilmagan. «O‘qish kitobi»ning birinchi darsi va «Qiroat kitobi»ning kichik kirish qismi shunday an’anaviy «hamd-sano» yo‘lida yozilgan. Hamza «Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar»ning ikkinchi bo‘limi «Oq gul» to‘plamining boshlanishida birinchi to‘plami munosabati bilan kitobxonlardan maktublar olganini va bularda «Bism, hamd, na’t» yozilmaganini tanqid qilganini aytib, «lekin bu risola mo‘tabar bir kitob o‘lmay, bori milliy ashulalardangina iborat bo‘lib, doimo qorilarning cho‘ntaklarida yuradurgan bir risola bo‘lgani uchun (bism, h., n.) yozilmagan edi», deb kechirim so‘raydi. «Engil adabiyot»da «xudo birdir», unga ishonmaganlar «kofirdir», u «bizga bergan qur’onni», uning amriga bo‘ysinmaganlar qiyomatda «ketar do‘zax qa’riga», «dinga bo‘ling qurbonlar» deydi va so‘ng asosiy niyatini aytadi: «Ilm — jannat eshigi», «Jahl — do‘zax eshigi». «O‘qish kitobi»da esa «Qur’on» va «Hadis»dagi ota-onaga hurmat, ular oldidagi burch xususidagi o‘gitlar ruhiga suyanadi. «Kim ato ham onoga xizmat qilur, O‘lmasdan joyini jannat qilur». Ayniqsa «Qiroat kitobi»da axloq-odob to‘g‘risida so‘zlar ekan, «Qur’on», «Hadis»lardan ko‘plab dalil keltiradi. Masalan, «Zolimni haqiga xudoyi taollo o‘z kalomida «Men tahqiqi zolim qadamlarni bandam demasman» yoki «Janobi paygambarimiz: «Yolg‘onchi mani ummatim emas», — dedilar». Hamza «Yangi saodat» nasriy asarining «Xotima»sida lirik chekinish qilib, butun aybni xudoga qo‘yish e’tiqodini qoralaydi va «Xudo zolim emas, birovga berub birovga bermay qo‘ymas. Xudoyi taborak va taollo saodat — ilmda, razolat — jahlda, har bir ish bandaning o‘z harakatiga muvofiq, deb o‘z kalomida takror xabar bergani bor», deydi.

Hamzaning tasavvufga munosabati masalasiga kelsak, shoir ijodida uning ayrim ranglarinigina ko‘rish mumkin. Hamza inson hayotdagi, jamiyatdagi o‘z o‘rni, vazifasini anglashi, o‘zligini tanishi va barkamollikka intilishi to‘g‘risida qayg‘uradi. Xuddi shu nuqtada u tasavvufning ayrim tomirlariga tutashib ketadi. Uning she’rlarida uchrovchi tasavvufga doir ayrim timsollar, jumladan zohir — botin, sabr — shukr, fano — baqo kabi antiteza juft obrazlar aslida «Qur’on»dan kelib kirgandir. Darvoqe, Hamza she’rlarida bir yerda tasavvufning yirik vakillaridan biri Mansur al-Xallojning ismi uchraydi. Shunda ham uning taqdirini timsol vositasi sifatida ishlatadi: «Pilai maydin sunib ketmog‘i ul Mansur kabi, Dora taklif etmoq erkan maqsadi taxmirda» (May piyolasini uzatib ketishdan maqsadi Mansur hukm etilganidek dorga taklif qilish ekan). Mansur al-Xallojda «Qur’on»dan olingan va ayniqsa juft timsollar ko‘p uchrarkan. Hamzada tasavvufning to‘rt bosqichidan, ya’ni shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat bosqichlaridan birinchisi bo‘lmish «shariat» mavjud. Chunki buning asosida Islomning beshta qonuni yotadi: kalima keltirish, besh vaqt nomoz o‘qish, ro‘za tutish, haj qilish, zakot berish. Tasavvufchilar uchun bu tariqat bosqichiga tayyorgarlik zinasidir. Hamza o‘zi ham shu «shariat» qoidalariga amal qildi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi. Hatto «Qiroat kitobi»ning birinchi maqolasi bo‘lmish «Ilm» bobida «Ilmsiz kishini ibodatida, saxovatida, ro‘za, haj, zakotida, kasb, hunar, tijoratida, zuhd, taqvo, riyozatida savobidan nuqsu zarari ko‘p bo‘lur», deydiki, bunda «shariat» talablarining asosiysi mavjuddir.

Hamza inqilob kunlarigacha yozgan she’rlari, dramatik asarlarida shariat qoidalari va dinning millatni rivojlantirishdagi o‘rniga ijobiy baho berib keldi. To‘g‘rirog‘i, ilgor shariat peshvolari, ulamolar va johil, qoloq ruhoniylar, din peshvolari mavjud degan pozitsiyada turdi. Shuning uchun «xoin dinchilar» degan iboralarni ishlatdi. «Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari» asarida Maryamxon «Shariatda jabr harom!», «Shariatda adolat bor», «Islomiyat o‘ldimi?!» deydi. «Istibdod qurbonlari»da Sanobar «haqiqiy ulamo bo‘lsa edi», undaylar «go‘rda yo onasining qornida», deydi. Hamza chet el safaridan keyin va inqilob arafalarida ijtimoiy hayotda yuz berayotgan o‘zgarishlarning ta’sirida voqelikka yanada teran ko‘z bilan qaray boshlaydi. «Topmadim» (1917 y.) radifli g‘azalida «Osiyosin, Ovropasin — bosdim ushbu kurrani, hech millatni bizimdek taxti zillat topmadim», «Bu na dunyo, bu na hilqat, bu na din, bu na hayot, vahshiy hayvon olaminda bo‘yla badbaxt topmadim», «Kurrai insida kezdim nafsi sihhat topmadim», deb yozadi. Shoir endi «pora olib, dindan kechib», xalqni aldaganlarni ko‘rib qahr-g‘azabi oshadi, ularga bo‘lgan ishonchi sarob bo‘lib chiqqach, ularda «milliyat hissi yo‘q» ekan, «ulamoyu shayxu eshonu boyu imomu qozi, mingboshilar, hammasi erkan bir domu kaman ichra», degan xulosaga keladi. Inqilobdan keyin esa bosmachilarga qo‘shilgan mulla-eshonlar guruhini ko‘rgan Hamza barcha she’rlari piyesalarida, nutqlarida mulla, eshonlarni shafqatsiz tanqid qilish-qoralashga o‘tdi: «Mulla, eshonlar quturdi, din, shariatning ismidan «g‘oziylik» degan yolgonga adashgan erlar sotildi». Endi Hamza faol ateistga aylanib: «do‘zaxni pisand etmadi kufrinda Niyoziy», domlaga karab: «Oxiratga safar qilish uchun kamarni bog‘la», paranjiga murojaat etib, «Makkaga safar qil», dedi. Juda ko‘p dramatik asarlariga, albatta, mulla, eshon obrazi kiritildi (kamdan — kamining ismi — sharifi bor), hammasi bir xilda salbiy personajlardir («El quzg‘unlari»da eshon, imom, mufti, a’lam obrazlari ham qora bo‘yoqda chizilgan). «Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari» asarida din vakillarining ramziy timsoli sifatida «Ruhoniy» ishtirok etadi. Asar oxirida Ruhoniy «Dinsiz dunyo obod» bo‘lmaydi degan fikrni aytganda Arkon General, Podshoh, Zulm bilan birga qo‘lga olinib haydab ketilayotgan shu Ruhoniyga qarab: «Sizni o‘zingiz yaratqon jahannamga olib borur», deydi.

Inqilobdan keyin dinga ishonuvchilarga, munosabatda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xato — do‘st-dushmanni ajratmasdan hammasini yangi jamiyatning dushmani bilish va quvg‘in, qatog‘on qilish ham, tuzumimiz ham, mafkuramiz ham, axloqimiz ham adabiyot va madaniyatimizga ko‘p kulfatlar keltirdi.

Salohiddin Mamajonov, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston FA muxbir a’zosi

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 12-son