«Humoyunnoma» XVI asrda Boburning nabirasi Akbarshoh davrida Hindistonda Zahiriddin Boburning qizi Gulbadanbegim tomonidan yozilgan. Gulbadanbegimning yozishicha, Akbarshoh o‘z davri tarixini abadiylashtarish maqsadida zamonafning hamma olimlariga, qarindosh-urug‘lari va amirlarga murojaat qilib: «Bobur podshoh va Humoyun podshoh davri haqida nimaniki bilsangiz yozing», deb buyurgan. Shu buyruq asosida Gulbadanbegim ham o‘z otasi Zahiriddin Bobur va akasi Humoyun podshoh haqida yozilgan va eshitgan voqealarni o‘z kitobida bayon qilgan va tarixiy asarning nomini dastlab «Ahvoli Humoyun podshoh» deb atagan. Lekin keyinchalik bu asar «Humoyunnoma» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
O‘rta asrda O‘rta Osiyo va Shimoliy Hindistonda yashagan mashhur tarixchilar — Mirxond, Xondamir, Binoiy, Muhammad Solih, Iskandar Munshi, Muhammad Haydar Abul-Fazl Allomiy, Sunjon Ray Munshilar qalamiga mansub tarixiy asarlardan «Humoyunnoma»da ifoda etilgan tarixiy voqealar ayollarga xos noziklik va sinchkovlik bilan bayon etilgani jihatidan, jozibali tili va tahlili bilan farq qilib turadi.
«Humoyunnoma» satrlariga qaraganda, Zahiriddin Muhammad Bobur vafot etgan yili (1530 yil, 26 dekabr) Gulbadan sakkiz yoshda bo‘lgan. Uning onasi Dildorbegim edi. Gulbadanbegim «Humoyunnoma»da o‘z onasini ba’zan «Dildor og‘acha» desa, ba’zan «Onam hazratlari» deb ardoqlaydi. Lekin Gulbadanbegim yoshlik chog‘idayoq o‘z ukasi Hindol Mirzo bilan birga Boburning katta xotini Mohimbegim tarbiyasiga topshirilgan edi. Shundan so‘ng Mohimbegim vafotigacha (1533) Gulbadan uning o‘g‘li — Boburning vorisi Humoyun Mirzo bilan birga tarbiyalanadi. Lekin Gulbadan har ikkala onasini ham cheksiz hurmat qilgan va ularga o‘ta sadoqatli bo‘lgan.
1527 yil martida Zahiriddin Muhammad Bobur Hindistonning Sikri shahrida Hindiston diyorining Malva rojasi Rano Sangoni yengib, Shimoliy Hindistonda o‘z hukmronligini mustahkamlagach, Kobulga xat yozib, u yerda qolib ketgan hamma qarindoshurug‘lari, din va davlat arboblari, saidlar, olimlar va shoirlar, hamma haram ahli — ayollarni o‘z huzuriga chaqiradi. Gulbadan bu haqda hikoya qilar ekan, ana shu Kobuldan Hindistonga yo‘l olgan maxsus karvon ichida Bobur xonadoniga mansub 96 ayol ham bo‘lganini, o‘zining avval otasi Bobur podshoh saroyida, so‘ng Humoyun podshoh (1530 — 1556) va Akbarshoh (1556—1605) panohida umr kechirganini bayon qiladi.
Gulbadanbegimning bu nodir asari Shimoliy Hindiston xalqlari tarixining Boburdan keyingi podshohi — uning katta o‘g‘li Humoyun hukmronlik qilgan davri (1530—1556) tarixiga bag‘ishlangan. Lekin asarda Gulbadan Bobur zamonidagi voqealar haqida ham qisman hikoya qiladi. Gulbadan otasi vafot etganida nihoyatda yosh edi. Shu sababli u Bobur bilan bog‘liq voqealarni bayon qilar ekan, asosan «Boburnoma»ga tayangan va shu bilan birga, o‘sha davrdagi siyosiy kurashlarda ishtirok etgan yoki guvohi bo‘lgan kishilar hikoyasiga o‘z taassurotlarini qo‘shgan holda aks ettiradi. Bu esa, Gulbadan hikoyalarining qimmati va ahamiyatini oshiradi va ayrim hollarda «Boburnoma»dagi voqealarni nisbatan to‘ldiradi ham. Ya’ni «Humoyunnoma»ni O‘rta Osiyo va Hindiston tarixining XIV asri uchun tengi yo‘q, muhim tarixiy-etnografik va madaniy manba, desak xato bo‘lmaydi.
«Humoyunnoma»ning Zahiriddin Muhammad Bobur davrining Hindiston tarixiga bag‘ishlangan qismi faqat 38 sahifadan iboratdir. Fors-dari tilida yozilgan «Humoyunnoma» uslubini va voqealar bayonini «Boburnoma» bilan solishtirsak, har ikkala nodir asar uslub yo‘nali shi jihatidan bir-biriga yakinligining guvohi bo‘lamiz. Zahiriddin Bobur Gulbadanbegim uchun faqat sevimli ota bo‘lib qolmay, balki o‘sha davrda butun Sharqda ayollar orasidan chiqqan yagona tarixnavis olima bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutgan ustoz hamdir. «Humyunnoma» sahifalaridan birida biz Gulbadanbegimning: «Garchi bu voqealar otam hazratlarining kitoblari «Voqeanoma»da yozib qoldirilgan bo‘lsa ham, biz ularni tabarruk bilib keltirdik», degan iboralarini o‘qiymiz. Bu hol Gulbadanbegim «Boburnoma»ning o‘zbek tilidagi eng dastlabki nusxalaridan birini qayta-qayta o‘qib chiqqani va o‘zining ona tilini — o‘zbek tilini nihoyat yaxshi bilganidan dalolat beradi. Bu fikrni «Humoyunnoma»da tasodifan uchrab qoladigan o‘zbek tilidagi ayrim iboralar ham tasdiqlaydi.
Lekin, shu bilan birga «Humoyunnoma»da «Boburnoma»da uchramaydigan shunday hikoyalar ham borki, ularda Gulbadanbegimning o‘ziga xos ilm-idroki salmog‘ining bezagi bo‘lmish ta’sirchan qalbining harorati sezilib turadi. Masalan, u o‘zining Boburning katta xotini Mohimbegim bilan birga Kobuldan Agraga kelishi tarixi haqida to‘xtab, shu jumlalarni yozadi:
«Rano Sango fathidan bir yil o‘tgach, onam hazratlari — Mohimbegim Kobuldan Hindistonga keldilar. Men ham podshoh bobomni ko‘rgani, u kishi bilan birga onalarimdan oldin keldim. Onam hazratlari ko‘lga yetganlarida, podshoh hazratlari uch otlik muhofa yubordilar. Biz ko‘ldan Agra tomon tez yo‘l oldik, podshoh hazratlari bizni Jaloliy ko‘lida uchratishni mo‘ljallagan edilar. Nomozshom payti bir kishi kelib: «Hazratni ikki kurva narida qoldirib keldim», dedi. Podshoh bobom hazratlari to ot keltirgunlaricha toqat qilmay, piyoda yo‘lga tushib, Nincha Mohim uyi oldida biz bilan uchrashdilar. Onam hazratlari otdan tushmoqchi bo‘ldilar, lekin podshoh bobom kutmasdan o‘zlari onamning otlari jilovidan ushlab, o‘z uylarigacha kelguncha piyoda keldilar.
Onam hazratlari podshoh bobomning oldiga kelganlarida menga, kunduzi kelib hazrat bilan uchrashgin, deb buyurdilar…»
«Humoyunnoma»ning Zahiriddin Bobur davriga bagishlangan qismi Bobur vafoti voqealari bilan yakunlanadi. Gulbadanbegim ko‘zi to‘la yosh, alam to‘la qalbi zardobi bilan otasining vafoti tarixini yozar ekan, shu mudhish voqeaning ro‘y berayotgan daqikasida otasi o‘limi arafasida qadrdonlari, qarindosh-urug‘lari, oila a’zolarining kechirgan musibat va yurak dardlarini shunday bayon qiladiki, bu satrlarni o‘qiyotgan har bir kishi, xuddi o‘sha daqiqalarda shaxsan o‘zi ishtirok etayotgandek his qiladi. Bunday yuksak mahorat faqat Gulbadanbegimning o‘zigagina xosdir.
Qanday dard Boburni o‘limga mahkum qilganini Gulbadan aniq yozmaydi. Lekin u o‘g‘li Humoyun og‘ir kasal bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotgan chog‘ida uning joniga o‘z jonini fido qilib, «jonga jon» berishga tayyor ekani haqidagi hikoyani keltirib: «Menki Boburman, umri jonimni o‘g‘lim Humoyunga bag‘ishlayman», deb qasd qilganini va shundan so‘ng Boburning o‘zi kasal yotib qolgani va Humoyun esa o‘sha kuniyoq o‘rnidan turib ketganini hikoya qiladi. «Bobur nihoyat ozib ketgan va tabiblar qancha harakat qilmasinlar, hech qanday chora topolmaganlar. So‘ng Bobur o‘z huzuriga amirlar va yaqinlarini chaqirib, ko‘p yillardan beri, Humoyun Mirzoga podshohlikni topshirib Zarafshon bog‘ining bir burchagida o‘tarsam, degan niyatim bor edi. Lekin, mana shu maqsadimni sog‘ vaqtimda bajara olmadim. Kasal meni ezib qo‘ydi, deydi va so‘zini shunday yakunlaydi: «Endi sizlarga vasiyatim shuki… hammangiz Humoyunni mening o‘rnimda deb bilinglar. U bilan muvofiq va hamjihat bo‘linglar…»
Bu (so‘zlardan) u yerda o‘tirganlarning hammasi yig‘lab yuborishdi. (Bobur) podshohning muborak ko‘zlari ham yoshga to‘ldi. Bu voqeani haramdagilar va tashqaridagi kishilar eshitdilar, yig‘i-sig‘i, to‘polon bo‘lib ketdi. Uch kundan so‘ng (hazrat podshoh) o‘tkinchi dunyodan abadiy dunyoga ketdilar. 937 yil hijriy jumodil avval oyining beshinchisi — dushanba kuni (1530 yil, 26 dekabr) vafot tarixlaridir», deb yozadi Gulbadanbegim.
Gulbadanbegimning «Humoyunnoma»da keltirgan ma’lumotlari orasida otasi Zahiriddin Muhammad Bobur va akasi Humoyun davridagi Hindistonning ichki va tashqi siyosiy hayotiga oid hikoyalari nihoyatda muhimdir. Masalan, uning Agradan Depalpurga qilgan safari tafsiloti yoki uning Gvalior, Sikri (hozirgi Fatxpur Sikri), Agra shaharlarida olib borgan qurilish ishlari bayoni shular jumlasidandir. Yuqorida qayd qilganimizdek, Bobur 1527 yili mart oyida Sikri shahrida Hindiston rojasi Rano Sangoni yengib, o‘z davlatini mustahkamlab olgach, Gulbadanbegim yozishicha, Kobulga maxsus xat yozib u yerda qolib ketgan barcha yakinlarini Agraga chaqiradi. Xuddi shu karvon safida Gulbadanbegim Agraga katta onasi Mohimbegim bilan birga yetib keladi. To keyingi karvon yetib kelguncha Gulbadan Bobur xalifasi uyida to‘xtaydi. Shu voqeani eslab Gulbadan yozadi: «Men bobom xalifasining uyida o‘tirdim, bizga har xil ovqatlar tortdilar. Ellikka yaqin qo‘y so‘yilib qovurdoq pishirilgan edi. Non va har xil mevalar, shira va sharbatlar ko‘p edi. Ovqatlanib bo‘lgach, muhofaga o‘tirib, hazrat podshohni borib ko‘rishib, oyoqlariga o‘zimni tashladim. Hazrat ko‘p holu ahvol so‘radilar. Bir necha vaqt tizzalariga olib o‘tirdilar. Shu vaqtda o‘zimni shunday baxtli his qildimki, uni tasvir qilib bo‘lmaydi».
Gulbadanbegim yana davom etadi: «Agraga kelganimizdan keyin uch oy o‘tgach podshoh hazratlari Depalpurga ketdilar. Hazrat Mohimbegim bilan men ham sayr qilish maqsadida Depalpurga jo‘nadik. Depalpurda bir butun toshni o‘yib o‘n gaz hajmlik hovuz yasalgan edi. U yerdan Sikriga jo‘nadilar. Ko‘lning o‘rtasiga katta supa yasashni buyurdilar. Bu supa tayyor bo‘lgach, kemaga o‘tirib, u yerga borib sayr qilar va supada o‘tirar edilar. U supa hozir ham saqlangan. Sikrida bog‘da shiypon bino qilgan edilar. Bu shiyponda «Turxona» (yuqori hujra) bino qildirib, unda o‘tirib kitob yozar edilar».
Gulbadan o‘z akasi Humoyun podshoh, so‘ng Akbarshoh davrida Hindistonda davlat ishlariga faol aralashgan, ayrim hollarda esa saroydagi o‘zaro munosabatlarni hal qilishda uning fikr va mulohazalari katta ahamiyat kasb etgan. Farg‘onada Boburning buvisi Esondavlatbegim, Hindistonda Humoyun va Akbar saroyida Xonzodabegim, Mohimbegim, Dildorbegim va Badaxshon hokimi Sulton Ibrohimning onasi ham alohida nufuzga ega bo‘lganlar.
Gulbadanbegim o‘z asari «Humoyunnoma»da qiziq hikoyalarni ham keltiradi. Masalan, Boburning buvisi Esondavlatbegim Farg‘ona hokimi Boburning otasi Umarshayx Mirzo vafot etgach (1494), amirlar, saidlar, harbiy sarkardalarga bosh bo‘lib, Farg‘onaga qarshi otlangan tashqi dushmanlar hamlasini ustalik bilan barbod qiladi. Gulbadanbegim keltirgan ma’lumotlarga qaraganda, xuddi shunday hol Badaxshonda ham ro‘y bergan. Bu yerda garchi Sulton Ibrohim hukmron bo‘lsa ham, lekin u yosh bo‘lgani uchun davlatni uning onasi Hurrambegim boshqargan, shu sababli bo‘lsa kerak, zarur bo‘lib qolganda Humoyun podshoh Sulton Ibrohim nomiga emas, Hurrambegimga murojaat qilgan.
Masalan, 1548 yili Humoyun nodshoh ko‘pchilikning qattiq noroziligiga e’tibor bermay, Balxga — Shayboniylarga qarshi otlanadi. Tongda Humoyun askarlari mag‘lub bo‘ladilar. Humoyunning o‘zi esa qattiq yaralanadi. Xuddi shu vaqtda paytni g‘animat bilgan Komron Mirzo Kobulni qo‘lga kiritadi. Shunda Humoyun Kobulni Komron qo‘lidan tortib olish uchun Badaxshon hokimi Ibrohim Mirzoning onasi Hurrambegimga elchi yuborib, Badaxshon lashkarining unga yordamga kelishini iltimos qiladi. Gulbadanbegimning yozishicha, Hurrambegim ayol kishi bo‘lishiga qaramay, juda qisqa muddat ichi da Badaxshon lashkarini to‘plagan va uni tog‘ oralig‘igacha o‘zi boshlab olib kelib qo‘ygan.
Gulbadanbegim «Humoyunnoma»da Humoyun davrida Hindiston va Kobul ulusida ro‘y bergan siyosiy kurashlar va aka-ukalarning o‘zaro taxt uchun olib borgan janglari tafsili orasida o‘sha zamon ijtimoiy hayoti haqida, uy-ro‘zg‘or buyumlari, to‘y va aza munosabatlari haqida boshqa tarixiy asarlarda uchramaydigan nodir ma’lumotlar keltiradi, lekin shaxsan o‘zining hayotini alohida yoritmaydi, uning asosiy maqsadi Zahiriddin Muhammad Bobur vafotidan so‘ng akasi Humoyun podshohning Hindistonda davlatni mustahkamlash choralarinigina yoritish qiziqtirgan. O‘zi haqidagi nihoyatda nodir ma’lumotlar ana shu siyosiy voqealar bayonida kamdan-kam uchraydi. Gulbadanbegimning «Humoyunnoma» asari Akbarshohning maxsus buyrug‘i bilan tarixnavis olim Abul Fazl Allomiy tomonidan yozilishi lozim bo‘lgan asar «Akbarnoma»ga qo‘shimcha manba tarzida mo‘ljallangan edi. Lekin «Humoyunnoma» o‘sha zamon tarixchilari Zahiriddin Muhammad Bobur, Jaxor oftobachi, Abul Fazl Allomiy, Sunjon Ray Munshi va boshqa ko‘p mashhur tarixchilar qatoridan munosib joy olganini ko‘rsatadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur vafotidan keyin Hindistonda ichki va tashqi kurashlar yana boshlanib avj olib ketdi. Natijada mamlakatda qimmatchilik, ayrim hollarda ochlik avjga chiqdi. Gulbadanbegim mamlakatda ro‘y bergan iqtisodiy qiyinchilik va qashshoqlikning asosiy sababi o‘zaro feodal urushlar oqibati ekanini ochiqdanyuchiq yozadi. Siyosiy va iqtisodiy jihatdan zaiflashgan mamlakatni Humoyun uzoq ushlab turolmadi. U uzluksiz kurashlardan keyin 1540 yili Hindistonni Shershohga qoldirib, Kobulga ketdi. Lekin o‘z ukalari Komron Mirzo bilan Askariy Mirzo uni Kobulga qo‘ymadilar, shundan keyin u Eron shohi Shoh-Taxmasp saroyidan boshpana so‘rashga majbur bo‘ldi. Bu paytda Gulbadanbegim Kobulda qolgan edi, lekin u Shoh-Taxmasp saroyidagi Humoyun podshoh ahvoli haqidagi o‘z hikoyalarini uning xotini Hamidabegim va boshqalar hikoyasi asosida yozadi.
Gulbadanbegim o‘z asari «Humoyunnoma» satrlarida nozik ta’bli, o‘tkir did va farosatli, o‘z davrining murakkab ijtimoiy-siyosiy holatiga aql-idrok bilan baho bera oladigan olima sifatida gavdalanadi. U Humoyunga aka-ukalarini birga ahillikda ko‘rish orzusida ekanligini tinmay izhor qilib kelar edi.
Nihoyat, Humoyun 1549 yili — besh yillik judolikdan so‘ng Eron shohi Taxmaspning yordami bilan Kobulni qayta egallagach, o‘z huzuriga ukalari tashrif buyuradi. «Shu majlisda Hazrat (Humoyun) bu haqirni yodga olib, o‘z ukalariga Loxurda Gulbadanbegim hamma birodarlarimni bir yerda ko‘rsam deb orzu qilganliklarini aytibdilar, o‘tirishimiz bilan ertalabdan o‘sha gap esimga kelib turibdi… Men (hech vaqt) musulmonlar ziyonini istagan emasman va nahotki (o‘z) ukalarimning ziyonini talab qilsam… dedilar».
Boburning nabirasi Akbarshoh hukmronlik qilgan davrda Hindiston markazlashgan katta davlatga aylangan.
Gulbadanbegimning bu nodir asari 962 yil hijriy (1554— 1555) yillar voqealari bayonida uzilib qolgan. «Humoyunnoma»ning qolgan qismi yo‘qolib ketgan. Uni topish niyatida Hindiston, Pokiston, Afg‘oniston, Angliya va boshqa mamlakatlardagi qo‘lyozma jamg‘armalariga qilgan murojaatlarimiz, Sharq va G‘arbning yirik olimlari, davlat arboblari bilan bu haqdagi olib borgan shaxsiy suhbatlarimiz, afsuski, haligacha natija bergani yo‘q.
Gulbadanbegim uzoq umr ko‘rgan. Humoyun vafotidan keyin Akbarshoh saroyida yashagan, uning mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan. Tarixiy asarlarda u 1576 yili Makkaga Portugaliya orqali yetib borgani va qaytishda Adan qirg‘og‘ida kemasi g‘arq bo‘lib, bu yerda uzoq qolib ketgani va nihoyat 1582 yili Agraga sog‘-salomat qaytib kelgach, uzoq umr ko‘rgani va u 80 yil yashab, 1603 yili vafot qilgani haqida ma’lumot bor. Uning tobutini Akbarshoh katta hurmat bilan o‘g‘il o‘rnida o‘z yelkasida ko‘tarib dafn qilgan.
Aql-zakovat, ziyrak ta’b va tafakkur, chuqur ilm va unumli mehnat hosili — «Humoyunnoma» Gulbadanbegimning nomini abadiylashtirdi. U ayol kishi bo‘lishiga qaramasdan, Zahiriddin Boburning haqiqiy farzandi ekanligini jahonga namoyon qilgan O‘rta Sharq olimasidir.
Sabohat Azimjonova, O‘zSSR FAning muxbir a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 11-son