Bu maqolani yozmaslikka ko‘pdan beri o‘zimni majbur qilib yurar, ahvolning yaxshi tomonga o‘zgarishiga, «tariximizning eng kir davri», qolaversa, yaqin o‘tmishda yuz bergan birodarkushlik vasvasasi qachondir bizga saboq bo‘lishiga, nihoyat, kim kimga qo‘l ko‘tarayotganini avval obdon o‘ylab oladigan kunlar yetib kelishiga umid bog‘lab sukut saqlardim. Afsuski, andishaning toptalishi, noshukur chorshanbilarning tobora avjga minishi, yana shunday dolzarb paytda jazavaga tushuvi kishiga alam qilar ekan. Kuni kecha o‘tgan saylov bahona yig‘ilishda ham asosiy muammo bir yoqda qolib, o‘zbek adabiyoti, xalqi uchun jon kuydirib yurgan bir yozuvchi sha’niga aytilmagan haqorat qolmadi. Eng qizig‘i, bu gaplarni bir arava qog‘oz qoralagani bilan hali adabiyotning yaqiniga yo‘lamagan boshqa bir «yozuvchi» bemalol aytaverdi, «oshkoralik namunasi»ni ko‘rsatdi.
Sulaymon o‘lgach, devlar qutulgani-yu, yov qochganda botir ko‘paygani, rost-uydirma o‘tmishda ko‘p bo‘lgandi. Lekin yov qochgandan keyin ko‘paygan «botirlar»ning birdan zahmatkash askar, dushmanni chekinishga majbur qilgan kamtar jangchini lapashanglik va faoliyatsizlikda ayblashi va shu qilmishi bilan zamona qahramoni bo‘lib, boshqaga so‘z bermay yurishlari doim ham uchrayvermasa kerak.
Hozirgi ruhiy inqilobning dastlabki to‘lg‘oqlari boshlangan kezlardayoq uni tayyorlagan, ezilgan xalqni ko‘tarilishga hozirlagan kishilar ziyolilar bo‘lganligi eng yuksak minbarlardan ham e’tirof etildi. O‘zbekiston miqyosida bu vazifani, biz buni tan olishni xohlaymizmi-yo‘qmi, buni tasdiqlash o‘zimizning shaxsiy shuhratimizga soya soladi, deb o‘ylasak ham, o‘ylamasak ham, o‘sha ijodkorlarning shaxsi bizga yoqadimi yoki qachondir ko‘nglimizni qoldirganmi,— bularning hammasidan qat’i nazar, — e’tirof etishimiz kerakki, shu og‘ir vazifani shu jafokash mamlakatda A Oripov, E. Vohidov. O. Matjon, R. Parfi kabi shoirlar, O. Yoqubov, P. Qodirov. Sh. Xolmirzayev kabi yozuvchilar, M. Qo‘shjonov, O. Sharafiddinov, I. G‘afurov kabi tanqidchilar bajardi. Inqilob arafasida ularning yoniga Solihlar, Muhammad do‘stlar, Haqqulovlar avlodi dadil va yangi kuch bilan qo‘shildi. Buni inkor etish yoki bu katta, xalq ishongan kuchni bir-biriga sun’iy ravishda qarama-qarshi qo‘yib, qayta qurishda borayotgan hal qiluvchi janglar oldidan uni bo‘lib yuborishga urinish juda katta iste’doddan ham, katta aqldan ham dalolat bermaydi…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligining yangi yildagi birinchi sonida professor Norboy Xudoyberganovning navbatdagi fosh chiluvchi maqolasi chiqdi. N. Xudoyberganov bu safar tanqidchi N. Xolliyevni E. Vohidov va A. Oripov ijodini asossiz maqtab yuborganlikda ayblab «fosh etadi». O‘quvchilar nomini ro‘kach qilmayman, lekin uning shaxsan mening me’damga tegib ketgan (uzr!) inkor etish yo‘li tubandagicha. «N. Xolliyev fikricha, faqat E. Vohidovgina emas, A. Oripov ham o‘z asarlariga inqilobiy qayta qurish ruhini singdirib yuboribdi, natijada o‘zlarining ijodkor sifatidagi vazifalarini sharaf bilan ado etibdilar. Yana qaysi yillarda deng! Dabdababozlik avj olib, turg‘unlikni yuzaga keltirgan 60—80-yillarda!».
Bunday quruq xitoblarni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, asl ahvolni — E. Vohidov va A. Oripovning hozirgacha yaratilgan asarlarini, hech bo‘lmasa yuzakiroq tarzda bir esga olaylik-chi, ularda dabdababozlik avj oldirilib, turg‘unlik yuzaga keltirildimikan? Masalan, Abdulla Oripovning «Munojotni tinglab…», «Yuzma-yuz», «Bahor», «O‘ylarim», «Yozvjakman», «Mo‘min Mirzo», «Malomat toshlari», «Sharq hikoyasi», «Olomonga», «Nozim Hikmat» kabi yuzlab she’rlarini, «Jannatga yo‘l» dramatik dostonini, nimagadir o‘sha yillari qo‘l urilgan «Ilohiy komediya» tarjimasini yoki Erkin Vohidovning «Arslon o‘rgatuvchi», «Chumolilar jangi», «Bizlar ishlayapmiz», «O‘zbegim», «Inson» kabi she’rlarini, o‘ta nozik badiiy did mevasi bo‘lmish g‘azallarini, «Ruhlar isyoni» dostonini eslaylik. Bu asarlarni xalqning yodidan, uning ozmi-ko‘pmi orttirgan ma’naviy mulkidan ayro tasavvur qilish yoki hozirgacha saqlab kelayotgan va abadiy saqlayajak badiiy ta’sir kuchini seza-bila turib inkor etish mumkinmi? Qolaversa, she’rni, adabiyotni bu ikki shoir faol tanqidchimizdan boshqacharoq tushunishlari, ularga bong, hayqirig‘u yalang‘och fikrlash tarzi tabiatan, yot bo‘lishi mumkin emasmi? Nuqul o‘tgan davrni la’natlayverishdan ko‘ra, boshcha bir masalani o‘ylab boqsak qalay bo‘larkan. Ya’ni, turg‘unlik davri ijod erkinligini bo‘g‘gani, «haqiqatni baralla aytishga» (agar bu adabiyotning bosh vazifasi bo‘lsa…) yo‘l qo‘ymaganligi bu, meningcha, nishonning faqat bir tomoni. Xo‘sh, bunday sharoit ijodkor tafakkuriga, fikrni ifoda etish usullariga, kosa tagida nim kosa ma’nosidagi san’atiga qanday ta’sir qildi, jilg‘a yo‘liga tashlangan to‘g‘on uni quritib qo‘ydimi yoki to‘plana-to‘plana to‘g‘onni yorib o‘tgan dengizga aylantirdimi? Xususan, «Jannatga yo‘l» sahnalariga nima uchun arosat dekoratsiyalari tanlandi? «Ruhlar isyoni» dostoni faqat Hindistonning, faqat bangol shoirining erksizligi haqida edimi? Shoirlarimizgina emas, yozuvchilarimiz ham o‘tmishdan yoki chet el hayotidan lavhalarni ko‘proq material sifatida olganlarini zamon bilan kelishish edi, desak to‘g‘ri bo‘ladimi? Bu hodisalar badiiy ijod rivojiga, o‘quvchi fikrlashining murakkabroq kombinatsiyalarga ko‘nikuviga, qolaversa, uslubiy rang-baranglikka yo‘l ochmadimi? Axir M. Bulgakovning ko‘pchilikka ma’qul bo‘layotgan «Usta va Margarita», «It yurak», «Chichikovning sarguzashtlari» asarlari ham, Gulxaniyning mashhur «Zarbulmasal»i ham turg‘unlikdan battarroq sharoit mevalari edi-ku! Adabiyotshunoslikning asosiy shug‘ullanadigan va o‘z haqiqatini isbot etadigan ob’ekti nishonning mana shu tomoni emasmi?
Albatta, bu ikki shoirning ijodini, yuqoridagi masalalarni «haqiqiy ilmiy-estetik tahlil qilish»dan ko‘ra (N. Xudoyberganovning boshqalardan talab etadigani!) «har ikkalasi, aytaylik, Ye. Yevtushenko yoki A. Voznesenskiy bilan ijodiy musobaqaga kirishib, Butunittifoqdagina emas, jahon miqyosida shuhrat qozonmasmidi?!» — deya bong urish, meningcha, ham oson, ham ko‘proq shov-shuv qo‘zg‘aydigan gap. (Ochig‘ini aytsam, shu taxlit gaplar E. Vohidovning Matmusasini, uning uch oyda tug‘ib, hammani musobaqaga chaqirgan shaharlik xotinini yodimga tushiraveradi!) Biroq, shunaqangi qiyoslash o‘rinlimikan, o‘zini oqlarmikan? Tanqidchini to‘g‘ri tushunishga intilib, u xoh Yevtushenkoning, xoh Voznesenskiyning biror asarini, kichkina bo‘lsin biror she’rini o‘zbek adabiy tanqidchisi, olimi didi bilan haqiqiy tahlil qilganmi? — deb o‘zimga savol beraman. Hurmatli adabiyotshunos yo E. Vohidovning, yo A. Oripovning ijodidan loaqal biror asarni ob’ektiv, chinakam badiiy tsayta yaratish ko‘lamida estetik tahlil va tahlilda tasdiqlay yoki inkor eta olganmi? Bunga intilganmi?
To‘g‘ri, Ittifoqda ham, jahon miqyosida ham o‘quvchilar ommasi faqat A. Oripov bilan E. Vohidovnigina emas, Navoiy va Boburni ham, Ogahiy va Qodiriyni ham Yevtushenko va Voznesenskiychalik bilmasliklari mumkin. Biroq bu ijodkor haqida hukm chiqarishda, uning dunyo adabiyotidagi o‘rnini belgilashda mezon emasligini, bu juda omonat gap bo‘lib, ilmiy tahlil o‘rnini bosa olmasligini N. Xudoyberganov bilmasligi mumkin emas. Masalan, tanqidchi og‘zidan qo‘ymay maqtab yuradigan Voznesenskiyning «Xandaq» dostoni materiali agar o‘zbek shoirlaridan birortasining (o‘sha E. Vohidovning yoki X. Davronning bo‘lsin) qo‘liga tushib qolganida, mavjud asardan ko‘ra badiiyroq, falsafiyroq narsa yozilishi mumkin edi, deb o‘ylayman. Chunki bunday fantaziyaga, boshqa xalqlar hozircha yetarli tanimayotganligidan qat’i nazar, o‘zimiz ichki quvvatini yaqindan his qilib turganimiz o‘zbek adabiyoti, asos beradi. Qanday bo‘lmasin, bu asarlarni batafsil o‘rganib, keyin xulosa chiqarilsa, bir shoirni so‘zsiz osmonga olib chiqib, boshqasini u bilan «musobaqaga kirishmagan»likda ayblashga zarurat qolmas edi.
Esingizdami, hali o‘spirin Muhammad Solih, tanqidchimiz, bugun «emish,
emish…», deya qo‘l siltayotgan avlod iztirobini yuragi va tanasida his etib, uning dardiga oshno bo‘lishga intilgandi:
O‘layotgan odam labiga
Ko‘zgu tutgan kishi kabi, vahm
Bosmaydimi, ko‘zguni tutsang
Haqiqatning labiga
sen ham?..
(«So‘z dardi» she’ridan. Ta’kid bizniki R. Q.)
Shunday fikrlash tarzidan borganda, tanqidchi o‘z-o‘zidan, «Yong‘in», «O‘yin» singari asarlarni so‘zsiz durdona sifatida qabul qilib, maqolalarida namuna darajasida ko‘rsatadi-da, o‘zbek adabiyotida paydo bo‘lgan «Lolazor» romanini bee’tibor qo‘l siltash bilan kutib oladi va bu yana bir «dadillik», «murosasizlik» bo‘lib uning biografiyasiga yoziladi. Butun boshli roman haqida ijodiy fikr (u xoh ijobiy, xoh salbiy bo‘lsin!) yuritmay turib, bu ishga imkon darajasida uringan boshqa bir tanqidchini «mash’um dabdababozlik, ko‘zbo‘yamachilik, yuzakilik kabi «kasallik»lardan qutula olmagan»likda ayblaydi. Axir, U. Normatov fikrlari yoqmasa, yoqadigan darajada tahlil qilib harifni qoyil qoldirib qo‘yishdan ko‘ra, «Baxtin polifoniya faqat Dostoyevskiy ijodiga xos edi, degan» qabilida masaladan qutulish osonroqda! Biroq Baxtin polifonik tasvir imkoniyatlari Dostoyevskiy ijodi bilan o‘z umrini yashab bo‘ldi, deb aytmagan-ku! Iqtisodchi bo‘lmaganligi uni mazkur sohaning «mohiyatini yoritishdan» qutqarar, biroq adabiyot sohasida mohiyatni yoritib fikr yuritish adabiyotchi-olimga majburiy emasmi?..
Bu fikrlarim olimning faqat bir maqolasi haqida emas, keyingi uch-to‘rt yil ichida chiqargan maqolalarini kuzatib bildirilayotir. Tanqidiy maqola ham o‘ziga xos san’at asari; badiiy tafakkur mahsuli bo‘lmog‘i kerak. Muallif gapni nimadan boshlab, nima bilan davom ettirish, eng asosiy fikrni maqolaning qaysi nuqtasida aks ettirish kabi kompozitsion yumushlarni ham hisobga olmog‘i, asar haqidagi asarni o‘qigan kishi yaxlit bir quvvat, ruhiy ta’sir his etmog‘i, o‘zini maqoladagi fikriy hodisalarning ishtirokchisi, deb o‘ylamog‘i kerak va hokazo. N. Xudoyberganov buni yaxshi biladi, lekin o‘z chiqishlarchda (ayniqsa, o‘zbek tilida yozilgan maqolalarida) bunga ko‘pda rioya qilavermaydi. Maqolalarning ko‘pchiligi, kuzatishimcha, bir gap bilan boshlanib, umuman bu mavzuga aloqasi yo‘q boshqa bir «fosh qilish» bilan yakunlanadi, maqolalar oralig‘idagi vaqtda tanqidchiga nimaiki ma’qul bo‘lmasa, navbatdagi chiqishga bahona bo‘laveradi. Uslubiy g‘alizliklar, salmoqli va mayda masalalarning bir-biriga qorishtirib yuborilishi, qolipga aylanib qolgan «talablar»ning bir maqoladan boshqalariga ko‘chib o‘taverishi adabiyotshunos chiqishlarining estetik qimmatini pasaytirib yuborayotgandek. Eng achinarlisi bo‘lsa — aksariyat maqolalarda «yo‘q» degan tushunchadan bo‘lak arzirliroq yukning yo‘q ekanligi, asossiz, tahlilsiz inkor printsipi oshib-toshib yotadi. Balki bu tanqidchining ta’sir qurolidir. Lekin men shakkoklikka borib ba’zan o‘ylab olaman: agar o‘sha «yo‘q» degan quruq gapdan voz kechilsa, tanqidchining keyingi yillar ijodi mag‘zidan qaysi jihatni ibrat uchun ajratib olishimiz kerak?
Gap faqat sermahsul tanqidchining fikr yuritish, baholash tarzi ustida emas, boya aytganimizdek, xalqning badiiy ijod kishilaridan kutgan umidi, ularga ishonchi haqida, bu umidni ro‘yobga chiqaruvchi kuchning jipsligi haqida ketayotir. Necha zamonlar ilgariyoq xalqni parokandalikka duchor qilgan oramizdagi noittifoqlik haqida o‘ylab, toshlarga «Ulug‘ bitig» zarb qilgan ekan:
«Tepadan osmon bosmagan bo‘lsa, pastda yer yorilmagan bo‘lsa, ey turk xalqi, davlatingni, hukumatingni kim buzdi?!»
Nahotki, o‘tmishdagi achchiq tajribalar bizga yetarli saboq bermagan bo‘lsa?! Ta’sirchanlikka teranlik bilan erishilmaydimi?
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 17 fevral