Muhammadjon Qodirov. Uyg‘unlik zarur (1990)

Qani, biron xolis kishi bo‘lsa aytsin, bugun O‘zbekistonni qidirganda, yozma savodxonligi mukammal bo‘lgan birorta odam topilarmikan?! O‘zim tilshunos olim bo‘la turib, shu maqolaning matnida ham bir qancha uslubiy yoki imlo xatolariga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam, ehtimol. Mendagi xatolarni boshqalar topadi, boshqalardagini — men. Nega shunday? Bugun mazkur haqqoniy savolga (jumboqqa) javob beruvchi «kalit»ni, eng avvalo, hozirgi o‘zbek alifbosi holatidan qidirishga majbur bo‘lamiz…

O‘zbek alifbosi SSSRdagi turkiy xalqlar alifbolari ichida eng g‘aribi va yozuvda imloning to‘g‘riligini tan olmaydigan «qaysari»dir.

Biz savodsizlikda bir-birimizni ayblayveramiz. Lekin maktabda bir necha yillar ona tili o‘qitib, savodxonlikda tuzukroq samaraga erisha olmayotganimizning, kitob, matbuot tili va boshqa xil matnlardagi ko‘p sonli imlo nuqsonlarining, hatto og‘zaki nutqdagi ko‘plab talaffuz buzilishlarining bosh «aybdori» — hozirgi alifbomiz ekanligiga e’tiborsiz qaraymiz.

Millatning savodxonligi alifboga ko‘p jihatdan bog‘liq. Har bir til alifbosida shu tilning tovushlar qurilmasi hisobga olinishi, ya’ni nutq tovushlari to‘laroq va to‘g‘riroq aks etishi kerak. Alifboning ongli va to‘g‘ri tuzilishi (qabul qilinishi) orfografiyadagi muvaffaqiyatni ta’minlaydi.

O‘zbek alifbosidagi eng katta nuqson o‘zbek tili nutq tovushlari bilan ularni yozishga mo‘ljallangan harflar o‘rtasida mutanosiblik yo‘qligida ko‘rinadi. Hozirgi alifbomizda o‘zbek tilidagi ba’zi nutq tovushlarini aks ettiruvchi harflar yo‘q. Boshqacha aytganda, o‘zbekcha burun tovushi ng, portlovchi J va sof o‘zbekcha (boshqa turkiy tillarda yo‘q bo‘lgan) O tovushlariga harf olinmagan. Ba’zi harflarga yozuvda ikkitadan tovushni ifodalash vazifasi yuklatilgan, ya’ni o, o‘, u, i, j harflarining har biri ikkitadan tovushni ifodalash uchun yoziladi. Bundan tashqari, bir nutq tovushini yozishda ikki harfning qo‘shilmasidan ham foydalanamiz: o‘zbekcha burun tovushining ng, ruscha щ ni shch birikmalari bilan ifodalaymiz. Mana shular o‘zbek imlosidagi juda ko‘p chalkashliklar, nuqsonlarning bosh sababchilaridir.

O‘zbek alifbosida ng tovushini ifodalovchi alohida harf bo‘lmaganidan, tong, keng, so‘ng, ko‘ngil, tanglay kabi so‘zlarda bir burun tovushi uchun ikkita (n va g) harfni biriktirib yozamiz. Buning natijasida, imlo xatolari o‘z-o‘zidan kelib chiqadi. Oxiri ng bilan tugaydigan tong, keng, so‘ng kabi so‘zlarga g bilan boshlanuvchi qo‘shimchalarni qo‘shib yozganda, ikkita g ning biri tushirib qoldiriladi: tongi shabada, so‘ngi ish, kengina xona kabi. Aslida tong, so‘ng o‘zaklariga sifat yasovchi – gi qo‘shilmoqda: tong-gi — tonggi (shabada), so‘ng-gi — so‘nggi (ish), keng so‘ziga forma yasovchi – gina qo‘shilmoqda: keng-gina — kenggina (xona). Bundan tashqari, so‘z o‘rtasida kelgan bir nutq tovushini (uni ikki harf bilan yozayotganimiz sababli), o‘zimiz sezmagan holda ikkiga ajratib, noto‘g‘ri bo‘g‘in ko‘chiryapmiz: ko‘n-gil, ken-gash, sin-gil kabi. Imlo qoidasida ko‘-ngil, ke-ngash, si-ngil tarzda bo‘g‘in ko‘chirish kerakligi ko‘rsatilgan.

O‘zbek tiliga o‘zlashgan ruscha so‘zlaridagi qattiq щ tovushini ikki harf bilan (shch) yozayotganimiz oqibatida, u ikki tovushga sh va ch ga aylanganday bo‘lib qoldi. Natijada bo‘g‘inlarga ajratish va bo‘g‘in ko‘chirishda mesh-chan, pomesh-chik kabi sun’iylik yuzaga keldi: bir nutq tovushi ikkiga ajraldi. Bunday sun’iy holat talaffuzda ham ko‘rinadi: Shchors, Shcherdin, Shcherbakov kabilarda so‘z boshidagi bir nutq tovushi щ ikki tovush sifatida aytiladi.

Turkiy tillar oilasi ichida faqat o‘zbek tilidagina mavjud bo‘lgan o (bosh, bobo) unlisi alohida harfga ega emas. O‘zbekcha yozuvda bu tovush uchun ham ruscha opera, zavod kabi so‘zlardagi o harfidan foydalanamiz. Boshqacha aytganda, rus va o‘zbek talaffuzlarida o‘ ga yaqin tovushni ifodalaydigan bu harf o‘zbek tilining o‘ziga xos o (bosh, bobo kabi so‘zlardagi) tovushi uchun ham yoziladi. Bu holat, birinchidan, til va nutq uchun zararli bo‘lgan omograflarni (bir xil yozilib, ikki xil talaffuz qilinadigan so‘zlarni) yuzaga keltiradi. Natijada yozilishi, bir xil bo‘lgan so‘zlarni o‘qishda (talaffuz qilishda) ortiqcha diqqat va e’tibor talab qilinadi: tom (uyning tomi) — tom («jild»), tok («uzum») — tok («energiya»), tort (tortmoq) — tort («emish») kabi; ikkinchidan, bir harfning tubdan farqlanuvchi ikki xil nutq tovushini ifodalashi o‘zbek maktabi o‘quvchilariga opera, zavod kabi so‘zlarni, rus o‘quvchilariga bosh, bobo kabi o‘zbekcha so‘zlarini to‘g‘ri talaffuz qildirishda katta qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. O‘zbek o‘quvchilari uzoq vaqt opera, zavod larni o‘zbekcha o bilan, rus o‘quvchilari esa bosh, bobo so‘zlarini O‘ bilan (bo‘sh, bo‘bo‘) talaffuz qiladilar.

O‘zbek tilidagi jarangli portlovchi j tovushi uchun harf olinmaganligi sababli, jurnal, javob kabi so‘zlarda bir xil harf yozamiz. Bu hol talaffuzda, ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari talaffuzida salbiy iz qoldirmoqda: o‘zbek o‘quvchilar jurnalni portlovchi j bilan – jurnal tarzida, rus o‘quvchilar javob so‘zini sirg‘aluvchi j bilan talaffuz qiladilar. Imlo va talaffuzimizda bu kabi murakkabliklar, chalkashliklar anchagina bo‘lib, ular o‘zbek alifbosini qayta qurish kerakligini va yangi imlo qoidalari tuzilishini talab etadi. Zero, mukammal alifbo yorug‘ kelajakni ta’minlashi shubhasiz.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 9son