Feodalizm rivojida yuksalish davri hisoblangan IX—XV asrlarda G‘arbda Ispaniyadan, Sharqda Shimoliy Hindiston va Hoshg‘argacha o‘zaro ma’lum ichki mushtaraklikka ega madaniy-g‘oyaviy olam tashkil topdi. Arabiy, forsiy, turkiy tillarda yaratilgan Sharq klassik adabiyoti ana shu ma’naviy olamning uzviy qismi sifatida maydonga keldi. Alisher Navoiy ijodi ham keng ma’noda ushbu olam takomilidan dalolatdir.
Biz tilga olmoqchi bo‘lgan mavzuning tub mohiyati Navoiyning:
Ishq aro dushvordur bo‘lmoq kishi hamdardi shoh,
Chun de olmas dardini yuz yil yugursa dodxoh,
— matla’li mashhur g‘azalida juda ixcham va yorqin ifoda etilgan.
Firdavsiy «Shohnoma»si va ilk turkiy epopeya — «Qutadg‘u bilik» uchun ham odil shoh g‘oyasi asosiy mavzudir. Butun feodal jamiyati uchun dolzarb bu g‘oya — umumbashariy ma’noda hur fikrli insonlar jamiyati qanday asosda tuzilmog‘i va qanday usulda boshqarilmog‘i lozim, degan savolga feodal madaniy-g‘oyaviy tartibotining taklif etgan javobidirki, uning mehnatkash xalq manfaatlariga qanchalik mos kelishi va uni qanday usullar bilan takomillashtirish masalasi hamisha o‘z davri mutafakkirlari va ijodkorlarining diqqat markazida bo‘ldi.
Agar «Qutadg‘u bilik» muallifi dono maslahatchilar ko‘magida ilm-fanga homiylikni takomillashtirmoqchi bo‘lsa, Nizomiy mehr-muhabbat tuyg‘usini adolatli shohni tarbiyalash vositasi sifatida olg‘a surdi hamda toj va mehr mavzuini boshlab berdi. Ilohiy ishq bilan dunyoviy ishq ixtilofi yoniga toj va mehr ziddiyati qo‘shildi.
Nizomiy oddiy kishilar ichida yashadi, saroy shoiri bo‘lishdan qatiyan bosh tortdi. Axiylar jamoasiga yaqinlik shoir ishonchini yanada mustahkamlar edi. U yaratgan siyrat — shahzoda Xusrav juda o‘zboshimcha, erka-tantiq. Ammo uning hassos qalbi bor, u chinakamiga sevib qoladi. Shirin — hurfikr siyrat. U — Nizomiyning ezgu orzusi. Asli u malika ham emas, qipchoq qizi Ofoq singari pok va ma’sumadir. U o‘z muhabbati ta’siri ostida Xusravni odil va dono hukmdor qilib tarbiyalashga ahd qiladi. Xusrav o‘z qiyofasida toj va mehr ziddiyatini keskin bir tarzda namoyon etadi. Bunday ruh keyingi dostonlarda Bahrom va Iskandar tasvirlarida ham mustahkamlanadi.
Buyuk hind sehrgari deb ta’riflanadigan shoir Amir Xusrav Dehlaviy dostonchiligi gullagan davri XIV asr boshlariga to‘g‘ri keladi. U ilk bor Nizomiyga javob yozib, xamsachilik an’anasiga asos solgan shoir. Uning davri chuqur ijtimoiy silkinishlar davriga to‘g‘ri keldi, mo‘g‘ullar bosqini, ichki urushlar, hind-musulmon nifoqlari avj oldi, sufiy suluklarining saroyga kuchli aksilguruhi shoir ijodiga jiddiy ta’sir ko‘rsatardi. Buning ustiga, Amir Xusrav rasman saroy shoiri sanalib, umrining ko‘p qismini katta va kichik hukmdorlarga u yo bu darajada bog‘liq holda o‘tkazdi, saroyning butun ichki fasodining, fitna va razolatining guvohi bo‘ldi. Shu sababdanmi, Dehlaviy hukmron tabaqa vakillarining asl mohiyatini teran his qildi va ularni «xayli go‘rg» — «bo‘ri galasi» deb atadi. Ammo u oddiy insonlar orasidagi eng oliy va tabarruk tuyg‘u sanalmish mehr qudratini ham qalban his qildi.
Dehlaviy o‘z salafining toj va mehr haqidagi xulosasini tarixiy-ijtimoiy voqelikka mos ravishda — yangicha hal qildi. Uning qahramoni Xusrav tipik hukmdor sifatida ish tutadi. Masalan, isyon ko‘targan Bahrom Cho‘binga qarshi kurashish uchun madad so‘rab, Rum qaysari yoniga boradi. Shirinni sevadi, biroq sharoit taqozosiga ko‘ra, Maryamga uylanadi. Hokimiyatini mustahkamlab olgach, qaynotasi va haloskorining behisob xazinalarini o‘zlashtirishdan tap tortmaydi.
Bunday mulohaza insoniy mehr tuyg‘usi bilan mutlaqo singisha olmaydi. Xusravning ortiq darajada Shirin ishqiga berilishi tufayli Shiruya isyon ko‘taradi, o‘zi toj-taxtdan ajralib halok bo‘ladi. Shuni ham aytish kerakki, shoir haqiqiy mehrni shoh va malikalarga unchalik ravo ko‘ravermaydi.
Shoir «Xamsa» epopeyasida tojni Xusravga va mehrni Majnunga munosib ko‘radi. «Shirin va Xusrav»da asosiy g‘oya toj-taxt intilishlari bilan asl insoniy mehr intilishlari bir-biriga mohiyatan zid ekanligini, ularni aslo kelishtirish mumkin emasligini ta’kidlash edi. Oshiq Farhod toj-taxtdan butkul voz kechib, toshkesarlik hunarini tanlaganligi tufayligina chin insoniy mehrga qobildir. Ammo Amir Xusravning barcha chin oshiqlari, hayotda ijtimoiy jihatdan anchagina sust va shoir mehrni deyarli doim maishiy yo‘nalishda tasvirlaydi.
Navoiy o‘z salaflari ijodini chuqur o‘rgandi, 25-26 yoshli chog‘laridayoq ular tajribasini to‘liq o‘zlashtirdi. Nizomiyu Dehlaviyga arzigulik javob aytish darajasiga yetdi, biroq bu ishga faqat o‘n olti yil o‘tgach kirishdi. Nazarimizda, bu davr uning uchun o‘z ijtimoiy farazlarini hayot sinovidan o‘tkazib ulgurish uchun kerak bo‘ldi.
Navoiyni biz romantik deymiz. Bu xulosa, nazarimizda yetarli emas. Farhod, — biroz erkin tashbeh etsak, — shoirning o‘zi. Aniqrog‘i — ezgu orzusi. Faqat uning Shiringa ishqi — majoz. Chunki Navoiy «Xamsa»da mehrni maishiy yo‘nalishda emas, avvalo ijtimoiy asnoda talqin etadi.
Feodalizm jamiyati uchun u — xayolot, biz uchun — to‘g‘riso‘z, ya’ni uning g‘oyalari kelajakka qaratilgan edi. Farhod — mehr yo‘lida toj-taxtdan kechgan shahzoda. Ammo bu ishq zohidona sust «ishqi haqiqiy» emas. «Hayratul abror»da bunga ham muqoyasa mavjud. Ma’lumki, dostonning 2-maqolati so‘ngida mashhur sufiy Ibrohim Adham haqida rivoyat beriladi. Bu sufiyning mashhurligi shundaki, u shohlik taxtidan kechib, taqvo yo‘lini tanlagan, ya’ni shu harakati bilan tashqi jihatdan Farhodga o‘xshab ketadi. Lekin Navoiy hikoyatda uning ajib holatini tasvirlaydi. Bu ulug‘ shayx o‘n to‘rt yil azob chekib, cho‘lu sahro kezib, toat-ibodat bilan Ka’bani tavof qilishga yetib borsa, Ka’ba o‘z o‘rnida yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, Ka’ba o‘zi Robiayi Adviyani tavof qilishga ketgan ekan. Robiya esa tasavvufga ishqni olib kirganligi bilan mashhurdir.
Farhod — feodal tabaqa nuqtai nazaridan emas, mehnatkash nuqtai nazaridan ijtimoiy faol shaxs. Otasi uning ko‘nglini yozish uchun qasr qurdiradi, u esa bundan hunar o‘rganish uchun foydalanadi, shunda ham ishni Boniy va Moniylarning nozik san’atlarini emas, Qoranning toshkesarligini, ya’ni puxta ish quroli yasashni o‘rganishdan boshlaydi. So‘ng dunyoviy ilmlar o‘chog‘i hisoblangan yurt sari yo‘l oladi. Eng ahamiyatlisi shundaki, Farhod o‘rgangan kasb va o‘zlashtirgan barcha bylimlarini xalq manfaati yo‘liga safarbar etadi. Navoiy Farhodi — yengilmas qahramon. Faqat uni yolg‘izlik zabun etadi, firib va yolg‘on halok qiladi. Farhod oddiy mehnatkash kabi bardoshli, jasoratli, mehrli, shu bilan birga ishonuvchan shaxs. Ba’zan Shirin siyratining biroz sust ekanligini aytadilar. Bu — ushbu obraz mohiyatidan kelib chiquvchi tabiiy hol. Chunki Farhod — hayotiy qahramon, Shirin esa — baxt haqidagi orzu.
Shunday qilib, Nizomiy shohni ham oddiy inson kabi mehrga qobil deb bilsa, Dehlaviy toj va mehr ziddiyatini yuzaga chiqardi. Navoiy ushbu tajriba asosida o‘zgacha yechim qidirdi: uni taxtu tojni rad etish va mehr yo‘lida ijtimoiy faollik ko‘rsatish zarurati sifatida hal qilib berdi. Navoiy mehr tushunchasini ijtimoiy tuyg‘u darajasiga ko‘tardi.
Doston fojiaviy yakunlanadi. Bu ham ulug‘ shoirning badiiy haqiqatga sodiqligidan namuna edi. Albatta, o‘sha davr uchun Farhod singari hurfikrli qahramonning g‘olib chiqishiga imkon yo‘q edi. Ammo bunday tabarruk siymolar quyosh yanglig‘ har tong yana charxi davron uzra bosh ko‘taraveradiki, bu ham haqiqatdir.
Muhammadjon Imomnazarov, filologiya fanlari nomzodi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 5-son