Xalqimiz asrlar davomida yaratgan rang-barang doston, ertak, qo‘shiq, afsona, rivoyatlar singari maqol va matallar ham milliy og‘zaki ijodning eng qadimiy noyob durdonalaridan hisoblanadi. Uzoq yillar mobaynida og‘izdan-og‘izga, nasldan-naslga ko‘chib, pishib, xalq donoligini o‘ziga singdirib, yanada sayqal topib kelgan bunday tafakkur durdonalari muhim tarbiyaviy, ilmiy-madaniy ahamiyatga ega.
O‘lkamizda o‘zbek xalq maqollarini yig‘ish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilish borasida bir muncha ishlar qilindi. Bu o‘rinda «O‘zbek xalq maqollari»ning ikki jildlik (Ma’sul muharrirlar T. Mirzayev, B. Sarimsoqov. Toshkent, «Fan» nashriyoti. 1987—1988 yillar) ilmiy akademik to‘plami quvonarli hodisadir. O‘zbek folkloristikasining taraqqiyotida bunday akademik to‘plamning yuzaga kelishi ayni muddao. To‘plam juda katta manbaga — O‘zSSR Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining Hodi Zaripov nomidagi o‘zbek folklori arxiviga tayanadi. Arxivda saqlanayotgan hujjatlarni jiddiy o‘rganish, ilmiy tahlil qilish va saralash natijasida o‘n uch mingta o‘zbek xalq maqoli ajratib olinib, to‘plamga kiritilgan. Unda asosan xalq og‘zidan yozib olingan, jonli so‘zlashuv nutqida keng qo‘llangan va qo‘llanilayotgan maqollargina o‘rin olib, individual ijodkorlar qalamiga mansub hikmatlar kiritilmagan. Chunki, so‘zboshida aytilganidek, «maqollar ko‘p yillik hayotiy tajribalar asosida yuzaga keladi. Muayyan maqolni qabul qilib oluvchi jo‘g‘rofiy muhit — uni o‘z sharoitida qaytadan sinovdan o‘tkazib olgandan keyingina o‘z mulkiga aylantiradi». Xalq yaratgan maqol va matal ma’nolarining butun nozik jihatlarini qat-qatigacha tushunmoq, bu bebaho mulkni teran idrok etmoq uchun kishi hayotiy voqea-hodisalarni tez ilgab oladigan va keng mantiqiy mushohada yuritish qobiliyatiga ega bo‘lmog‘i kerak.
«O‘zbek xalq maqollari» to‘plami nisbatan mukammal nashr etilganligini qayd etish bilan birga undagi ayrim maqollarning folklor nuqtai nazaridan bahstalab ekanligini ham unutmasligimiz kerak. To‘plamda «Rus tili — do‘st tili», «Rus tili — ona tilim, o‘z tilimga qondosh tilim», «Agitator — elning qulog‘i» kabi shiornamo gaplarning maqol sifatida qayd qilinishi o‘quvchiga erish tuyuladi. Balki bu gaplarning rus tilining millatlararo muomala tili sifatidagi muhim o‘rni va rolini anglashda o‘quvchi uchun ma’lum tarbiyaviy ahamiyati bo‘lsa bordir. Lekin bundan ana shu gaplarni maqol sifatida qabul qilish mumkin, degan xulosa kelib chiqmaydi. Shuningdek, «Noskash — pastkash», «Mastlik — pastlik», «Inson sevgi bilan tirik», «Inson hayosi — odob sadosi»ga o‘xshash so‘z birikmalari ham hali maqol darajasiga ko‘tarilgan deb bo‘lmaydi. Chunki, xalq og‘zaki ijodining boshqa barcha janrlari qatorida maqollarda ham gaplarning maqolga aylanishi uchun qator shartlar mavjud. Birinchidan, «Maqolga aylanuvchi fikr xalq hayotining ko‘p yillik ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tajribasida sinalgan bo‘lishi lozim. Ana o‘shanda bu fikr ibratlilik kasb etadi, kishilarni ishontira oladi. Ikkinchidan, maqolda ifodalangan fikr umuminsoniy xarakter kasb etishi lozim. Uchinchidan, har ikki shartga javob beruvchi ibratli fikr ixcham, mukammal, badiiy jihatdan puxta kristall shaklga ega bo‘lishi kerak». Shunday ekan, yuqorida qayd qilingan biron bir majoziy ma’noga, yaxlitlik shakliga ega bo‘lmagan so‘z birikmalarini maqol emas, balki hikmatli gaplar deb zikr etsak, mazmunan to‘g‘ri bo‘lur edi. Kitobda ayrim maqollardagi ba’zi so‘zlar o‘rinsiz o‘zgartirilgan. Oqibatda maqollarning so‘z qurilishidagi yaxlitlik buzilgan. «Go‘sht shirinligini tashlasa, o‘g‘ri o‘g‘riligini tashlar», «Og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichar» maqollari fikrimiz isbotidir. Xalq tilida «o‘g‘ri» va «suvni» so‘zlari o‘rnida «mushuk» va «qatiqni» so‘zlari qo‘llaniladi. Birinchi maqoldagi «mushuk» so‘zining «o‘g‘ri» so‘zi bilan almashtirilishi maqolning majoziy ma’no aks ettiruvchi xususiyatini g‘alizlashtirgan. Ikkinchisida esa, qatiqning qaynamasligini anglash kifoya. Adabiy tuzatishsiz e’lon qilish imkoni bo‘lmagan maqollarni ilmiy maqsadlarda o‘rganish mumkin, lekin ommaviy to‘plamlarda qayd qilinishning unchalik zarurati yo‘q. Shuningdek, «Avaylab so‘zla so‘zingni, devorning ham qulog‘i bor», degan maqolda «Avaylab so‘zla so‘zingni» jumlasi ortiqcha.
Ma’lumki, salkam takroriylik folklorning aksariyat janrlariga xos bo‘lgan xususiyat hisoblanadi. Mualliflar «Bir xil leksik birlikdan tuzilgan, ammo fonetik jihatdangina farq qiluvchi, turli joylardan yozib olingan, lekin bir-biriga aynan mos keluvchi namuna»larni qayd etishmagan. Bu to‘g‘ri. Ammo: «Xotinsiz o‘tish — xato, bolasiz o‘tish — jafo», «Xotinsiz o‘tish — xato, farzandsiz o‘tish — jafo» kabi maqollardan faqat bittasi berilishining o‘zi yetarli edi. Chunki «bola», «farzand» so‘zlari ma’nodosh so‘zlar bo‘lib, «bolasiz» o‘rniga «farzandsiz» so‘zining qo‘llanishi bilan maqolning poetik va struktural qurilishida sezilarli o‘zgarish yuzaga chiqmaydi.
Ko‘p o‘rinlarda o‘zbek xalq maqollarining keng ommalashgan ba’zi namunalari to‘plamga kiritilmay, mualliflar e’tiboridan chetda qolgan. «Yomonning yaxshisi bo‘lguncha, yaxshining yomoni bo‘l, Qoramug‘ donasi bo‘lguncha, bug‘doyning somoni bo‘l», «Qiz bola o‘nga kirsa, tentak xotin songa kiradi», «Bir qizga qirq uydan tiyuv», «Xotinlarda xotin bor, boshlarida oltin bor. Erkaklarda erkak bor, hisobda yo‘q tentak bor» kabi maqollar shular jumlasidandir.
Xalq maqollarini yig‘ish, o‘rganish juda qadimiy tarixga ega. Mahmud Koshg‘ariy XI asrdayoq qadimiy xalqlarning hikmatli iboralaridan to‘rt yuzga yaqinini o‘zining «Devon»iga jamlagan. Shulardan ikki yuz ellikdan ortiqrog‘i mazmun jihatdan ham, shakl jihatdan ham hozirgi o‘zbek tilida bugungidek yangrab turibdi. Masalan: «Arslon qarisa — sichqon inini poylar», «Besh barmoq barobar emas», «Suv ko‘rmay etik yechma», «Oziqli ot horimas», «Mehnat zoye ketmas» kabilar. XIX asrning boshlarida o‘zbek xalqining zabardast masalchisi Gulxaniy ikki yuzga yaqin ibratli iboralarni to‘plab, «Zarbulmasal» asarini yaratgan.
To‘plamga yozilgan kirish so‘zida M.Koshg‘ariy, Gulxaniy, N. Ostroumov tomonidan ilk bor qayd etilgan maqol va matallar ham risolaga kiritilganligi aytiladi. Ammo manbalar ko‘rsatkichida ularning nomi keltirilmagan. Qolaversa, shu paytgacha chop etilgan mavjud barcha maqollar to‘plami ham manba sifatida qayd qilinish kerak. Shuningdek, mazkur to‘plam atigi ellik ming nusxada chop etilgan, xolos.
Holbuki, jumhuriyatimizda o‘n besh mingdan ziyod turli xil kutubxonalar faoliyat ko‘rsatayotganligi, ular kamida bu xildagi kitoblardan ikki-uch nusxadan qabul qilib olishi nazarda tutilsa, bu juda ozdir. Umuman, «O‘zbek xalq maqollari» ikki jildligining nashr etilishi alohida ahamiyatga molik voqeadir.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 12-son