Muhammad Ahmad. Maqol, voqelik va tarbiya (1990)

Adabiy-tarixiy yodgorliklarimizning har bir zarvarag‘ida, keksalarimizning ikki gapini birida xalq maqollari va ibratli so‘zlarga duch kelaverasiz. Bu tushunarli, albatta. Chunki turmush tajribalari asosida shakllangan maqollar tarbiya masalalarida hamisha muhim o‘rin tutgan. Bugun esa qalin-qalin kitoblarda ham, zamondoshlarimiz nutqida ham ular juda kam qo‘llaniladigan bo‘lib qoldi. Ayni paytda andishasizlik, imon-e’tiqodning yo‘qligi kabi g‘ayriinsoniy xislatlar ko‘paydi. Bu ikki hodisaning bir vaqtga to‘g‘ri kelishi tasodifmi yoki ularning oz bo‘lsa-da, o‘zaro bog‘liqligi bormi?

Biz bilamizki, maqollar ma’lum davr va shu davr odamlari xatti-harakatiga, e’tiqodu tushunchasiga mos tarzda yuzaga keladi. Masalan, Oktyabr inqilobigacha ibratli maqollar bilan bir qatorda xotin-qizlarga past nazar bilan qarashning natijasi bo‘lgan: «Xotin kishi uyning cho‘risi», «Oltin boshli xotindan baqa boshli er yaxshi» kabi maqollar «ijod» qilingan. So‘nggi yillarda esa «Qishloqda yashaysanmi, texnikani bil», «Dala shiyponi — dehqonning ikkinchi uyi», «Qirg‘iz xalqi mol bilan, o‘zbek xalqi bog‘ bilan», «Rus tili — ona tilim, o‘z tilimga qondosh tilim», «Oq oltin»ni oltin qo‘llar yaratadi» kabi iboralar ommaviy ravishda ishlatila boshlandiki, ularning ma’nosini kelajak avlodlarimiz qanday izohlashi bizga qorong‘u.

Bunday mantiqsiz, shiornamo gaplarni «maqol» deb tan olinib o‘zbek xalq maqollari to‘plamiga kiritilganligini qanday izohlashni bilmaysan kishi. Axir, qardoshlarimizning maqollar to‘plamlarida bunaqangi «kattalar»ning og‘zidan ilib olingan gaplar yo‘q-ku! Nega endi biz bu so‘zlarni qishloqlik va dala ishchisi ko‘nglini hisobga olmasdan qo‘llayveramiz?

Fikrimizcha, shu o‘rinda topganlarimizdan yo‘qotganlarimiz afzalroq ekanligi o‘z-o‘zidan sezilib turibdi. Quyida xalq jonli so‘zlashuv tilida paydo bo‘lib, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelgan, ammo bizning davrimizga kelib yuqorida aytilgan sabablar bois asossiz ravishda unutilgan (ba’zilari «O‘zbek xalq maqollari» to‘plamida ham qayd etilmagan) xalq maqollarini izohlashga, (chunki ularning ba’zilari matbuotda ilk bor e’lon qilinyapti), ular haqidagi ba’zi fikrlarimizni bayon etishga jazm qildik. (Maqollarning ma’nosini aniqlashda Uchqo‘rg‘on rayonidagi «Kommunizm» kolxozida yashovchi Saltanatxon aya Uralova ham o‘z fikrlarini aytganlar).

«Xotinlarda xotin bor, boshlarida oltin bor,
Erkaklarda erkak bor, hisobda yo‘q tentak bor».

«Xotinlarda xotin bor…» — «Xotinlar orasida ham shundaylari (maqtov ma’nosida) borki… «Erkaklarda erkak bor» — «Erkaklar orasida ham shundaylari (yomon ma’noda) borki».

«Qiz bola o‘nga kirsa, tentak xotin songa kiradi».

Bu maqolda qiz bolaning oiladagi o‘rniga baho beriladi. Qiz bola ulg‘aya borgan sayin, unga e’tibor orta boradi. Uning chiroyi, aqli-hushi haqida gap ketadi. Oshiqu beqarorlar, kelin qilishga ishtiyoqmandlar paydo bo‘ladi. U haqdagi gap-so‘zlarda onasi ham tilga olinadi, el nazariga tushadi, ya’ni u ham songa kiradi.

«Jonimning jononasi — xotinimning qaynonasi».

Bu maqolda erning mustaqil emasligi, xotinining haq-nohaqligidan qat’iy nazar faqat o‘z onasi tomonga og‘ib ketishi (qaynona va kelin munosabatlarida) nazarda tutiladi.

«Ayolning ko‘ngli buzilguncha shixti buzilsin».

Azaldan behayolikni katta fojea deb bilgan xalqimizning bu maqoli, aslida behayo ayolga mos jazo — hukmi surovdir. Ya’ni ayol xayolida behayolik tuyg‘ulari paydo bo‘lgandan ko‘ra, bunga sabab bo‘lgan yuzi, qaddi-qomati buzilishi ravo ko‘riladi.

«Kampir aytar qiz bo‘lay deb, baqa aytar men olay deb».

Bu maqol o‘z yoshiga mos tarzda ish ko‘rmaydiganlar ustidan achchiq kulgu, kinoyaning obrazli ifodasidir.

«Bir qizga qirq uydan tiyuv».

Mazkur maqoldagi «tiyuv» so‘zining — maslahat, ko‘z-quloq bo‘lib turuvchi, javobgar kabi so‘zlar ma’nosiga to‘g‘ri kelishini bilib olsak, uning asl ma’nosi ayon bo‘ladi-qoladi. Nafaqat mazkur maqol, balki shu maqol ifoda etgan holatning oramizdan yo‘qolib borayotganligi achinarli hol. Ha, ilgari bir balog‘atga yetgan qizga — ota-ona, aka-uka, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni… xullas hamma pand‑nasihat qilardi, uning taqdiri uchun hamma o‘zini mas’ul hisoblardi. Endi-chi… Endi kimning kim bilan ishi bor, oqibat esa hammaga ayon.

Xozirga kelib ayrim maqollar mazmuni noto‘g‘ri talqin qilinmoqda. Masalan, hozirgi yoshlardan «Otangni o‘ldirganga onangni ber» maqolining mazmunini so‘rab ko‘ring-chi. Albatta, hamma, hatto senga dushmanlik qilganga faqat yaxshilik qil, degan javobni aytishadi. Afsuski, bu borada keksalarimizdagi fikr tamomila o‘zgacha.

Umuman, maqollar va voqelik o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblik tasodifiy bo‘lmaydi. Jumladan, so‘zimiz avvalida tilga olingan ikki hodisaning o‘zaro bog‘liqligi ham tasodifiy emas, qonuniy hol. Shu bois bu to‘g‘rida jiddiy o‘ylaydigan payt keldi.

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 8son