Dadam onalariga juda mehribon edilar. Josiyat bibim biz bilan turardilar. Bibimning uch kelinlari: Robiya, Rahbar (mening onam), Marhamat opoqilar edi. Kelinlar bir oilaning farzandidek ahil yashashardi. Eng sevikli kelin mening onam bo‘lsa kerakki, bibim: — Rahbar qizim, deb murojaat etardilar. (Bibimning qizlari bo‘lmagan).
Josiyat bibim hayotlarining so‘nggida juda qarib qolgan, tez-tez nafaslari qisar, harsillab turardilar. Bibim shifokorlarning dorisi kor qilmagach, tabiblar bergan qora dorini iste’mol qilardilar. Esimda, shunda dadam bibimni ayab: “Oyimga dorini ko‘p beravermanglar” deb tayinlar edilar. Dorining ta’siri susayishi bilan bibim, ismlarimizni birma-bir aytib, dadamni so‘rar, dadam ijodxonalaridan chiqib kelib: “Ha, oyi, nafasingiz bezovta qilyartimi?” deb so‘rardilar. Bibim: “Haligi qurg‘urdan bermasang bo‘lmaydi”, – der edilar. Shunda dadam bibini ayab, qora saqichni dumaloqlab berar, bibim duo qilib pinakka ketardilar.
Ertasiga nonushta paytida: — Abdulla, kechagi qurg‘uringni qaysi tabibdan olganding? — deb so‘rardilar. Dadam kulimsiray: — Nima edi? — derdilar. Bibim bechora entikib: — Oldingisi yaxshi edi. Tez ta’sir qilib, jonimga oro kirardi. Keyingisining ta’siri sust. Kechasi uxlolmay qiynaldim, — deb shikoyatlanar edilar. Dadam: — Mayli, bugun boshqasini olib kelaman, — deb onamni ovqat yeyishga undar, bibim yemasalar: — Ko‘nglingiz nima tusaydi? Keliningiz aytganingizni tayyorlab beradi, — derdilar.
1936 yil yozda Josiyatbibim vafot etdilar. Bibimni peshinda dafn qiladigan bo‘ldik. Qavm-qarindoshlar yig‘ilgach, onamiz jasadlari solingan tobutni qo‘lma-qo‘l olishib, Komolon qabristoniga yo‘l oldik. Tobut oldida bibimniig barcha yaqinlari: Rahimberdi, Qudratilla amakilarim, ularning o‘g‘illari, kuyovlari qo‘llarida hassa, bellarida belbog‘ “onam”lab yig‘lab borishardi. Ularning safida men ham hassa ushlab boraman. Dadam esa hassasiz tobutni damba-dam ko‘tarish bilan bandlar.
Dafn marosimining ikkinchi kuni, dadam yozuvchilar uyushmasining topshirig‘i bilan (Tatariston yozuvchilar qurultoyiga) Qozonga ketadigan bo‘lib, eshikda bel bog‘lab turgan yaqinlarga va mahallamizdagi (dadamizdan yoshi katta) Mulla Yusuf domlaga ham uzrlarini aytdilar. Mulla Yusuf domla dadamga: — Mulla Abdulla, ko‘nglingiz xotirjam bo‘lsin. Mening vaqtim bisyor. O‘rningizni bildirmay, marosimlarning oxiriga qadar shu shiyponda o‘tiraman. Oy borib, omon qayting, — deb duo qilgan edilar.
Yusuf domlaning ilgari ham shiyponda dadam bilan tez-tez suhbatlashib o‘tirganlarini eslayman. Domla bir kuni dadamga: — Mulla Abdulla, meni bilasiz, Ollohning faqir bandasviman. Keyingi yillarda ro‘zg‘orda qiyinchiliklar bo‘lib turibdi. Eshitishimcha, bog‘ ishlariga uncha-muncha odam yollab ishlatar ekansiz. Shular qatori meni ham yo‘qlab tursangiz. Kuch-quvvatimiz bor, — degan ekanlar. Shundan so‘ng dadam bog‘da ish bo‘lsa, bo‘lmasa domlani chaqirib, non-choy va ovqat bilan siylab, ketishda pul ham berar ekanlar.
Dadam ketgach, uyda marakalarga Mulla Yusuf domla bosh bo‘lib qoldilar.
— Abdulla hukumat ishi bilan ketdi. Meni «o‘rnimni bildirmang», — deb tashlab ketdi, — deb kelganlarning ism-familiyasini, kasb-korini so‘rab qolardi. Ba’zi tanishlarga: — Taqsir falon kuni payshanbalik, — deb qolardnlar. Kech kirishi bilan qarindoshlarni shiyponga o‘tqazib, Qur’on o‘qir, amri ma’rufdan so‘zlardilar…
Keyinchalik «Kalvak Maxzum xotira daftaridan» hajviy hikoyalaridagi Kalvak domla obrazini o‘qiganimda Mulla Yusuf domlaning ezma, poyma-poy gaplari yodimga tushardi.
Dadam bibimning yigirmalariga yetib keldilar. Maraka o‘rtacha o‘tdi. Dadamdan Qozon shahri haqida so‘radik.
— Qozon chiroylik shahar ekan. Odamlari yaxshi hayot kechiradi, bir-biriga mehribon, mehmondo‘st ekanlar. Men Lenin tahsil ko‘rgan dorilfununda bo‘ldim. Qozon atrofidagi qishloqlarda bo‘ldik, — deb ta’rif bergandilar dadam. Suhbat oxirida men: — Dada, nega siz bibimning dafn kuni bizdan ajrab tobut ko‘tarib bordingiz? — deb so‘radim. Dadam: — Eng savobli ish odamlar ichida bo‘lish. Odamni yelkada ko‘tarib, qabristonga eltib qo‘yish. Yumushning eng savoblisi va xosiyatlisi shudir, — deb javob bergandilar.
Dadam uyda ba’zan tansiqroq ovqat bo‘lsa, Qudratilla amakimni chaqirtirib chiqar, ovqatdan oldin qo‘lbola musallasdan ichishgach, suhbat qizirdi. Qudratilla amakim ozgina qizishib olgach:
— Rahbar opa, qoziqdagi dutorni bering. O‘zingiz ham o‘tiring, – deb dutorni sozlab, dadam va oyim sevgan «Navoi ajam»ni chalar edilar. Esimda, xuddi shunday o‘tirish Qudratilla amakimnikida ham bo‘lgandi. Yemak-ichmoqdan so‘ng, Qudratilla amakim dadamga: — Aka, keyingi kunlarda negadir xomush ko‘rinasiz? — deb savol berdilar. Dadam: — Zamon biroz notinch, “qora bulutlar” bizning jumhuriyatimiz osmoniga ham yopirilib kelmoqda. “Qora bulut” yuqori hukumat a’zolarini bosdi. Erta-indin biz adabiyotchilarni ham tinch qo‘ymasa kerak, deb ma’yuslandilar. Keyin “uf” tortib davom etdilar: — Qiladigan ishlarim ko‘p. Biroq, qo‘lim yozuvga bormaydi. Xayol meni yengadi. Ko‘z oldimdan o‘zbek xalqining atoqli yosh-qari, yozuvchi, shoirlarini hibsga olinajagi ketmaydi. Shular qatori men ham chetda qolmasam kerak. Habibullo xasta, qolgan bolalarim yosh, ularning holi nima kechadi?..
— Aka, ko‘p o‘ylamang. Axir, bitgan kitoblaringizda hukumatga g‘araz yo‘q-ku. Yozganlaringiz shohu gadoga barobar. Xalq sizni hurmat qiladi, — dedilar Qudratilla amakim.
Suhbatga Rahimberdi amakim qo‘shilib: — Qo‘y, Abdulla, seni hukumat bilmadimi, bundan buyog‘iga kitob bitma. Bir kuning o‘tar. Yering yaxshi, bog‘ing bor. Dehqonchilikda ilming durust, — dedilar. Dadam bashorat qilgan “qora bulutlar” bizning xonadonimizga 1937 yil 31 dekabrda kechqurun kirib keldi…
1936 yillarda dadam bog‘dorchilik bilan ovunib, yaqin do‘stlari Inog‘om ota ko‘magida 10-15 quti asalari boqdilar. Keyingi yil asal juda yaxshi hosil berdi. Hosil bir yilda ikki marta: bahor va kuzda olinardi. Dadam hosilni idishlarga ini bilan solar, mo‘mini siqib olib, kelasi yil hosili uchun zamin tayyorlar edilar. O‘sha yili asalni ko‘p iste’mol qilganimiz uchun bo‘lsa kerak, dadam va mening terimda suvli pufakchalar paydo bo‘ldi, qichishib behuzur qila boshladi. Shifokor va tabiblar yordamida men tez tuzaldim. Dadamning xastaliklari tuzalmadi.
Dadamning orzulari bo‘yicha akam va men shifokor bo‘lib yetishdik. Keyinchalik «dadamdagi xastalik — asab buzilishi natijasida yuzaga kelgan» degan xulosaga keldim. Inson tug‘iladi, vaqt soati bitgach, bu dunyodan xayrlashadi. O‘lim haq. Lekin inson o‘z tug‘ilgan xonadonida, o‘z tug‘ishganlari ichida qarib (yoki betoblanib) dunyodan o‘tsa bir nav. Biroq ko‘z oldingizda bola-chaqasi bilan vidolashtirmay, qora kursiga o‘tqazib o‘lim toptirishsa yomon ekan. Mana 53 yildirki, dadamning: — Menda ayb yo‘q. Bu tushunmovchilik. Erta-indin qaytib kelaman, — degan so‘zlari hamon qulog‘im ostida jaranglaydi…
Men esa yumushning eng savobli va xosiyatlisini ado etolmaganimdan armondaman.
Redaktsiyadan: muallif Abdulla Qodiriyning ikkinchi o‘g‘li. 1926 yil tug‘ilgan. Kasbi bolalar shifokori. Shaxsiy pensioner. Otasini olib ketishganda 11 yoshda bo‘lgan.
“Yosh leninchi” gazetasi, 1990 yil, 12 yanvar