Umri boqiy, g‘oyatda nafis, jozibador obidalar necha asrlardan buyon ko‘hna Samarqand ko‘rkiga yarashib turibdi. Ne baxtki, bugungi avlod ular bilan haqli ravishda faxrlana oladi. Xorijdan tashrif buyurgan har bir sayyoh esa, bu obidalarni bir bor ko‘rmoq, ulug‘ bobolar qadamjosi bo‘lgan Samarqand zaminini ziyorat qilmoq ilinjida bo‘ladi.
Bu gal biz ana shu bobomeros osori atiqalardan biri — Sherdor madrasasi peshtoqidagi yozuvlar siri haqida, uni qurdirgan va qurgan ajdodlarimiz — musavvir va muhandislar haqida hikoya qilmoqchimiz.
Sherdor madrasasi 1618 yilda Samarqandning o‘sha davrdagi hokimi Bahodir Yalangto‘sh amri bilan qurdirilgan. Madrasa peshtoqidagi Sher, Ohu va Quyosh tasvirlarining ma’nosi shuki, quyosh shamsiy yilining beshinchi oyi — asad (sher), o‘ninchi oyi esa jaddiy (kiyik-ohu)dir. Asad o‘n ikki burj oylarining burji otash, ya’ni yoz oylari turkumiga kirsa, jaddiy burji ob — qish oylariga to‘g‘ri keladi. Demak, madrasaning qurila boshlanishi va tugallanishi shu davrda kechgan. Madrasani muhandis (usta) Abdujabbor va musavvir Muhammad Avaz bunyod etganlar. Uning peshtoqida sher aksi bo‘lganligi uchun Sherdor (sher aksi bor) deb nom qo‘yishgan. O‘sha zamonning yetuk shoiri Mir Hoji Samarqandiy tomonidan fors-tojik tilida yozilgan qasida madrasa peshtoqiga chiroyli qilib ko‘chirilgan:
Amir safdari odil Yalanggo‘sh, ki omad.
Pay madehi kamolash zaboni notiqa durdur.
Binoi madrasa kard onchunonki zaminro
Ba lavhi charx rasonid az on livoi tafoxur.
Bu sopho narasad bar farozi toqi ravesh,
Harifi purfani andesha bo kamandi tafakkur.
Bo qarnho narasad bo sari manori manlash,
Uqobi aql ba neruyu sa’yu boli tadabbur.
Chu rast kard muhandis namunai hami toqash
Falak zi mohi nav angusht megazad zi tahayyur.
Yalangto‘sh Bahodir chu dar bonkash omad:
Hisobi soli banoyash «Yalangto‘sh Bahodur».
Qasidaning ma’nosi quyidagicha:
«Dushman saflarini buzuvchi odil Yalangto‘sh keldi. Uning madhiga zo‘r notiq kerakki, u yer yuzida shunday bir madrasa qurdiki, charxi osmon bu jilodor binoyi ko‘rib hayratda qoldi. Necha yillarda ham tafakkur arqoni ila dono harif (ayyor o‘g‘ri) bino ustiga yetolmas; necha qarn (1 qarn 30-35 yilga to‘g‘ri keladi)larda ham aql burguti ne tadbir bilan tirishmasin, madrasaning porloq quyoshiga yetolmas; Me’mor uni shunday qurubdurkim falak bu yerdagi oyni ko‘rib ko‘kdagi oyga nisbatan xushro‘yligidin barmoq tishlab qoladi; Uni barpo etgan Yalangto‘sh Bahodurdurkim va uning qurilgan yilini ham abjad hisobida «Yalangto‘sh Bahodur» deb bilingizlar».
Yalangto‘sh Bahodir so‘zlarini abjad hisobi bilan sonlarga aylantirsak 1028 hijriy yili yoki 1618 milodiy yili kelib chiqadi, Demak, madrasa 1618 yilda qurila boshlagan.
Umuman Samarqand shahri Temur, Ulug‘bek va Yalangto‘sh Bahodur hokimligi davrida obodonlashtirilgan; ilmu fan va me’morchilik rivojlangan bo‘lib, «Tillakori», «Ulug‘bek», «Bibixonim» singari betakror machit va madrasalar o‘sha davrda sayqal topgan. Tabiiyki bunday serhasham, umriboqiy va salobatli obidalarni qurish oson bo‘lmagan, negaki o‘sha paytda qurilish ishlari asosan qo‘l kuchi bilan bajarilar edi.
Bino devoridagi o‘chmas bo‘yoqlarning-ku ta’rifi yo‘q. Ko‘zlar lol, aql hayron. Lekin, eng achinarlisi shu bo‘layaptiki, keyingi yillarda qarovsizlik oqibatida «Sherdor» madrasasining suvoqlari palaxsa-palaxsa bo‘lib ko‘chib tushayotibdi. Qayta ta’mirlangan joylari esa bir yil-yarim yil nari-berisida nurab ketayapti.
Endi ta’mirlashning pishiq-puxta yo‘lini o‘ylab topish obidalarning betakror bezaklarini shu holda saqlab qolishga, nodir meros — madrasalarning umrini yanada boqiylashtirishga harakat qilish kerak. Buning uchun albatta katta miqdorda mablag‘ zarur. Shu o‘rinda bir tadqiqotchi sifatida nafosat timsoli bo‘lgan shahrimizni tomosha qilishga tashrif buyurgan sayohatchilardan tushgan mablag‘ning bir qismini ta’mirlash ishlariga sarflashni yo‘lga qo‘yish har qachongidan zarurligini ta’kidlamoqchi edim…
Komilxon Kattayev, tadqiqotchi tarixchi
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 8-son