V. I. Lenin milliy tillarga kishilar o‘rtasidagi eng muhim aloqa vositasigina deb qaramasdi, balki avvalambor ana shu tillar asosida xalqlar, ularning taqdiri, madaniyatlari, tarixlari va qolaversa insoniy huquqlari borligini to‘la anglab yetgan edi. Shu sababli ham Vladimir Ilich o‘zining milliy masalalarga bag‘ishlab yozgan asarlarida milliy tillar va ularning ravnaqiga alohida e’tibor berdi. U partiyaning oldiga qo‘ygan birinchi vazifa — milliy masala haqida to‘xtalib: «…aholiga o‘z ona tilida ma’lumot olish huquqi berilsin, buning uchun davlat va mahalliy boshqarma idoralari hisobidan kerakli miqdorda maktablar ochilein; har bir fuqaro majlislarda o‘z ona tilida gapirish huquqiga ega bo‘lsin», deb ko‘rsatgan edi (V. I. Lenin. TAT. 7-tom, 315-bet).
Partiyaning II s’ezdi, 1903 yilda qabul qilgan dasturida belgilangan bu vazifalar uning keyingi dasturlarida ham o‘z aksini topganligiga qaramay yaqin tariximizda lenincha milliy siyosatdan chekinish, buzilish hollari sodir bo‘ldi. Bunda ayrim partiya va davlat rahbarlarining noto‘g‘ri olib borgan siyosatlari, xalqlar o‘rtasida baynalmilalchilikni vujudga keltirishdagi shoshma-shosharliklar va ularni nazariy jihatdan rag‘batlantirgan olimlarimizning ham xatolari katta bo‘ldi. «Internatsionalizm bayrog‘i» ostida asossiz, shoshqaloqlik bilan chiqarilgan xulosalar jamiyatimizda milliy masalalarni chigallashtirib yubordi. Natijada kichik xalqlarning milliy maktablarini yopish, yalpisiga rus tilida o‘qitishga majbur qilib qo‘yish millatlarning internatsionallashuvi deb xaspo‘shlandi. 1961 yil 3 yanvarda Moldaviya SSR Maorif Ministrligi tomonidan chiqarilgan buyruqda «Gagauz» tilida o‘qitiladigan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini rus tilida ta’lim olishga o‘tkazish haqida»gi qarori butun boshli bir xalqning ona tili ustidan chiqarilgan o‘lim hukmi bo‘ldi.
Mana shunday qarorlar va turli nuqtai nazarlar natijasida 1926 yilgi aholini ro‘yxatga olish vaqtida qayd etilgan SSSRdagi 194 ta milliy til 1979 yilga kelib 101 taga tushib qoldi. Maorif ishlari esa atigi 52 tilda olib borildi. Butun boshli el va elatlar o‘z ona tillarini butunlay unutishgacha borib yetdilar. Qarang, XII—XIII asrlarda o‘lik tilga aylangan so‘g‘d tilining bir bo‘lagi sifatida namoyon bo‘lib kelayotgan Tojikiston SSRning tog‘li nohiyalarida istiqomat qiluvchi yag‘nobiylar tili davrning shafqatsizligi natijasida ularning turli taraflarga ko‘chirilish oqibatida mangu yo‘qlikka yuz tutdi. Bu xalq tilida muloqot qiluvchilar soni XX asr o‘rtalarida atigi ikki ming kishi atrofida edi. Yoshlar esa umuman o‘z ona tillarini bilmaydilar. Mana shunday hollarni boshqa millatlar taqdirida ham ko‘rishimiz mumkin.
O‘tgan yillarda nafaqat kichik xalqlar, balki ayrim jumhuriyatlarda yashovchi tub aholining vakillari ham o‘z ona tillarida ta’lim olish huquqidan mahrum bo‘ldilar.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1989 yil 20 oktyabr kungi sonida tarixchi olim P. G. Kim tomonidan e’lon qilingan «Uydirma va haqiqat» nomli maqoladagi bir manba e’tiborimizni tortdi. Olimning olib borgan tadqiqotlari natijasi shuni ko‘rsatadiki, Rossiya imperatori tomonidan berilgan farmonga ko‘ra o‘tkazilgan ro‘yxatga olish davrida aholining savodlilik darajasi birgina Farg‘ona viloyati harbiy gubernatorining ko‘rsatmasiga binoan anketa varaqasiga kiritilgan bo‘lib, u ham «Rus tilida gapira oladimi?» degan savolga javob tarzida o‘tkazilgan va shunga qarab savodxonlik darajasi aniqlangan. Demak, mana shu manbalarga asoslangan holda aytishim mumkinki, birgina Farg‘ona vodiysining o‘zida aholining ikki foizdan ko‘prog‘i rus tilida muloqot qila olgan. Ammo mana shu ko‘rsatkich yaqin-yaqinlargacha ham: «Ulug‘ Oktyabr inqilobigacha O‘zbekistonda atigi ikki foiz aholi savodli bo‘lgan», degan majhul fikrni tug‘dirishga asos bo‘lib xizmat qildi va u o‘zbek xalqining madaniy hayoti tarixiga ayovsiz bosilgan tamg‘a vazifasini o‘tadi.
O‘zbek xalqining rus tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish ixtiyoriylik darajasidan chiqib niqoblantirildi. Baynalmilalchilikni, millatlararo birdamlikni vujudga keltirish uchun rus tili birinchi darajali vosita, deb hisoblandi, bu tilda o‘qitish soatlari ko‘r-ko‘rona oshirilgandan oshirib borildi, rus tili kunlari vujudga keldi. 1970 yillarning oxirlariga kelib bu tilni o‘rganish darajasi viloyat partiya qo‘mitasi kotiblarining yozma hisobotlariga kiritildi va ular o‘quvchilarning til bilish miqdorini raqamlar bilan belgilashgacha borib yetdi. Mana shunday dastaklarga asoslangan holda lenincha milliy masalani hal etishda erishilgan natijalar mutloqlashtirildi, milliy munosabatlarga, til masalalariga chinakamiga ma’muriy ko‘z bilan qaradilar. Hatto partiya va davlat idoralarida ishlovchi kishilar o‘zbek tilida gapirishdan uyaladigan bo‘lib qoldilar. Ular atrofdagilarning hammasi o‘zbeklar bo‘lsa-da, rus tilida gapirishni o‘zlariga mansab bildilar. Mana shuning uchun ham ayrim sobiq rahbarlarning bugungi kunda tutgan fojiali ahvoliga hech kimning ichi achimayapti. Chunki ular xalqdan, Vatanidan uzoqlashgan edilar.
KPSS Markaziy Komitetining 1985 yil Aprel plenumi tomonidan ilgari surilgan va mamlakatning barcha jabhalarida partiya olib borayotgan qayta qurish siyosatida lenincha milliy til siyosati har qalay o‘z aksini topdi. KPSS XIX Butunittifoq konferentsiyasi tomonidan qabul qilingan «Millatlararo munosabatlar to‘g‘risida»gi qarorida «SSSRdagi barcha grajdanlarning ona tillarini erkin rivojlantirish va ulardan teng huquqli foydalanish — ko‘p millatli davlatimizning eng muhim printsipidir», deb ta’kidlandi. Mamlakatda lenincha milliy siyosat g‘oyalarining qayta tiklayishi natijasida qator milliy jumhuriyatlar, shu jumladan, O‘zbekistonda ham jumhuriyat nomi bilan yuritiladigan tilga Davlat tili maqomi berildi.
Ma’lumki, o‘zbek tiliga Davlat tili huquqi berilishi arafasida ham ayrim shaxslar bunga qarshi turib o‘z qarashlarini Lenin g‘oyalari bilan niqoblashga urindilar. Turli bahonalarni ro‘kach qilib, Davlat tili haqidagi qonunni qabul qilish ishini paysalga solib keldilar. Va bu bilan o‘zlarining xalq bilan hisoblashmasliklarini yana bir bor namoyon etdilar. Masalaning qiziq tarafi shundaki, V. I. Lenin ko‘p millatli Rossiyada milliy tillarning erkin rivojlanishini qo‘llab-quvvatlab chiqqanligi sababli ham Gruziyada Sovet hokimiyati o‘rnatilgach, 1922 yilda qabul qilingan jumhuriyat konstitutsiyasiga gruzin tilini rasmiy ravishda Davlat tili deb kiritilishiga qarshi chiqmadi. Armaniston SSR, Ozarbayjon SSRda va hatto 1918 yili Turkiston Kommunistik partiyasining birinchi s’ezdida yerli xalqlar tili davlat tili darajasiga ko‘tarilganida ularga xayrixoh bo‘lgan edi. U Sovet davlatining birinchi hujjatlaridayoq «Rossiya xalqlari haq-huquqlari Deklaratsiyasi», «Rossiya va Sharqning musulmon mehnatkashlariga murojaat»i, RSFSRning 1918 yilda qabul qilingan birinchi Konstitutsiyasi va qolaversa partiyaning X s’ezdida velikorus bo‘lmagan xalqlarning o‘z ona tillarida matbuot, maktab, teatr, da’vatxona ishlarini va umuman madaniy-oqartuv muassasalarini rivojlantirish, ona tilida ham umumiy, ham hunar-texnika ta’limi beradigan kurs va maktablarni keng miqyosda yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda yordam berish vazifalarini qo‘ydi hamda chekka o‘lkalarda ishlayotgan, «hokim» millat bo‘lib yashash sharoitida o‘sgan va milliy zulm ko‘rmagan velikorus kommunistlarining partiya va sovetlar ishida milliy xususiyatlarning ahamiyati ko‘pincha kamsitishlari va bu ular bilan hisoblashmaslik, o‘z ishlarida millatlarning sinfiy tuzilishi, madaniyati, turmushi va tarixiy o‘tmishining xususiyatlarini nazarga olmaslik partiyaning milliy masalada tutgan siyosatini siyqalashtiradi va buzadi», deb ko‘rsatgan edi.
V. I. Lenin ko‘p millatli davlatda milliy masalada milliy tilning tutgan o‘rnini juda ziyraklik bilan ko‘ra bildi. Mana shuni inobatga olgan holda u o‘zining so‘nggi xat va maqolalaridagi vasiyatlarida: «Milliy tilni ittifoqimizga kirgan o‘zga milliy jumhuriyatlarda ishlatish haqida juda qat’iy qoidalar joriy qilish va bu qoidalarni juda puxta tekshirib turish kerak. Shubha yo‘qki, temir yo‘l xizmatining birligi bahonasi bilan, qonun-qoidalar birligi va shu kabilar bahonasi bilan bizda, hozirgi apparatimiz sharoitida ko‘pdan-ko‘p g‘irt ruscha taxlitdagi suiiste’mollar bo‘lishi turgan gap. Bu suiiste’mollarga qarshi kurashmoq uchun alohida mohirlik zarur. Bunda batafsil ishlangan qonunlar majmuasi kerak bo‘ladi, bu qonunlar majmuasini faqat shu jumhuriyatlarda yashovchi kishilargina bir qadar muvaffaqiyat bilan tuza oladi», deb ta’kidlagan edi. Lenin g‘oyalarining naqadar to‘g‘ri ekanligini hayot yana bir bor isbot qilib berdi.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi, — deyishadi jumhuriyat hukumati tomonidan qabul qilingan «O‘zbekiston SSR Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonunni amalga oshirish haqidagi davlat dasturida, — bog‘liq masalalar hal etilganligini bildiradi. Ayni vaqtda boshqa millat vakillarining o‘zbek tilini o‘rganishlariga yordam berish va ularni rag‘batlantirish O‘zbekiston SSRda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning tillartsni saqlash va rivojlantirish to‘g‘risida davlat hamda jamiyat g‘amxo‘rligi bilan uyg‘unlashtiriladi. Partiya va hukumat tomonidan jumhuriyatda yashayotgan millat va elatlarning madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Aholining ona tilida ta’lim olish xususidagi ehtiyojlari to‘laroq qondirilmoqda. Bugungi kunda 259 maktabda bolalarga tojik tilida, 491 maktabda qozoq tilida, 52 maktabda turkman tilida, 40 maktabda qirg‘iz tilida, 12 maktabda yunon tilida, 7 ta sinfda koreys tilida ta’lim berilmoqda va ularning soni kundan-kunga oshib bormoqda. Toshkent va Samarqand shaharlaridagi oliy o‘quv yurtlarida, Samarqand va Nukus dorilfununlarida tojik, qozoq, qrimtatar, koreys tillarida ta’lim berilmoqda. Bundan tashqari sovet koreyslari, Buxoro yahudiylari, uyg‘urlarning va boshqa millat vakillarining milliy-madaniy jamiyatlari o‘z ona tillari va madaniyatlari ravnaqi yo‘lida ish olib bormoqdalar.
Jumhuriyatda istiqomat qiluvchi boshqa millat vakillarining o‘z ona tillari bilan bir qatorda o‘zbek tilini o‘zlashtirishlari bu xalqning mahalliy millat vakillari bilan yanada yaqinlashishlariga, bu xalq urf-odati, madaniyati durdonalaridan to‘la ravishda bahramand bo‘lishlarida yangi ufqlar ochib beradi.
Bugungi kunda o‘zbek bo‘lmagan aholi orasida o‘zbek tilini o‘rganishda zavod, fabrika va joylarda tashkil etilgan to‘garaklar ma’lum miqdorda ish olib bormoqdalar. Ko‘p hollarda bu borada vujudga kelayotgan muammolar iqtisodiy masalalaga borib taqalmoqda. Mana shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Nima uchun aksariyat hollarda bu to‘garaklarning xarajati kasaba uyushmalari zimmasiga tushmoqda. Axir aholining o‘zbek yoki rus tilini o‘rganishi ular orasidagi baynalmilalchilik munosabatlarini vujudga keltiradi-ku. Baynalmilal tarbiya esa partiya va komsomol tashkilotlarining birinchi darajali vazifalari emasmi? Shunday ekan, ularni bu to‘garaklarning faoliyat ko‘rsatishi uchun sarflanadigan xarajatlarni o‘z zimmalariga olishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Ma’lumki, hozirgi davrda mamlakatimizning iqtisodiy ahvoli juda og‘ir. Mana shunday sharoitda davlat va xo‘jalik ishlarini Davlat tiliga o‘tkazish ko‘plab sarf-xarajatlarni talab qiladi. Masalan, O‘zbekiston SSR Nozirlar Kengashi qoshida Davlat tilini amalga oshuvini nazorat qiluvchi komissiyaning 1990 yil 5 yanvarida bo‘lib o‘tgan majlisida birgina Maishiy xizmat ministrligida bu ishlarni amalga oshirish uchun 7 million so‘m atrofida mablag‘ lozimligi ta’kidlandi. Shunday ekan, hozirgi sharoitda qonunni iqtisodiy yo‘l bilan to‘la amalga oshirishi ancha uzoqqa cho‘zilishi aniq. Mana shuning uchun ham jumhuriyatda Davlat tilini amalga oshirishni iqtisodiy tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘arma fondini tashkil etish lozim. Nahotki, bir yilda bir marotaba bo‘lsa ham xalqimizning tarixan sinalgan an’analaridan foydalanib hashar yo‘li bilan tushgan mablag‘ni mana shu xayrli ishga sarf qilishning iloji bo‘lmasa?!
Qonunning tezroq amalga oshishi aholiga o‘z ona tilini puxta egallashiga to‘la imkoniyat yaratadi. Bu esa, o‘z o‘rnida rus va boshqa jahon xalqlari tilini yanada chuqur, puxta egallashga zamin yaratib beradi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 10-son