Haydarbek Bobobekov. O‘tmish va tasvir (1989)

Xurshid Davronning «Yangi fasllarni kutib…» sarlavhali xatini «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» sahifasida o‘qib xursand bo‘ldim. Menga shoirning quyidagi satrlari juda yoqdi: «Faqat o‘zimizga mos narsalarnigina tarixdan yulib olib o‘rganish, oxir-oqibatda tarixni bilmaslikka, eng dahshatli chalasavodxonlikka olib keladi. Faqat to‘la haqiqatgina tarixning bosh mezoni bo‘la oladi…

Har birimizga bolalikdanoq kasallik varaqasi ochiladi. Haqiqiy shifokor bemorning o‘sha kasallik tarixini o‘rganib chiqibgina to‘g‘ri xulosa chiqara oladi. Tarix insoniyat taraqqiyotining quvonchlari, g‘alabalari-yu mag‘lubiyatlari, yaratuvchilik qudrati-yu barbod etuvchi qora kuchlari, jasorat va xiyonat, oq va qoraning shiddatli to‘qnashuvlari haqida hikoyalar bitilgan kundalik daftaridir».

Men Xurshid Davronning barcha fikrlariga qo‘shilgan holda, yozuvchi bilan tarixchi olimning hamkorligi haqida gapirmoqchiman.

Odatda tarixchi olimlarimizning o‘z ilmiy asarlarini chop ettirishlari nihoyatda og‘ir, nashr etilsa ham juda oz nusxada sotuvga chiqadi. Keng omma tugul, tarixchilarning ham ko‘pchiligiga yetmaydi.

Men bu yerda O‘zbekistonning Oktyabr revolyutsiyasigacha bo‘lgan tarixini nazarda tutmoqdaman.

Yozuvchilarimiz esa tarixiy roman, povest, ocherk kabi asarlarini mashaqqatlar bilan yozib, ko‘pming nusxada chop etib, keng ommaga yetkazadilar. Bu yaxshi, albatta! Lekin masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ayrim yozuvchilar tarixiy voqealarni yaxshi o‘rganmay turib, «asar»lar yaratmoqdalar. Oqibatda, bilib-bilmay, tarixni soxtalashtirish, qorani oq qilib va oqni qora deb ko‘rsatish hollari ro‘y bermoqda. Tarixiy chuqur bilish darkor. Aks holda…

YoZUVChI TARIXNI YaXShI O‘RGANMASA…

Xayriddin Sultonovning «Bir oqshom ertagi» (1983) kitobida «Bunchalar shirinsai, achchiq hayot!» tarixiy etyudida Qurbonjon dodxoh va uning o‘g‘li Qamchibek haqida hikoya qilinadi. Avtorning fikricha, bu voqea 1876 yilning 26 fevralida Yangi Marg‘ilon shahrida Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman va mashhur Abdurahmon Oftobachi ishtirokida sodir bo‘lgan emish.

Haqiqiy tarixga murojaat qilamiz.

1. 1876 yilning 26 fevralida Yangi Marg‘ilon shahri yo‘q edi. (Yangi Marg‘ilon — hozirgi Farg‘ona shahri.) 1876 yili Po‘latxon (Mulla Ishoq) qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchradi, chor Rossiyasi hukumati Qo‘qon xonligini bosib oldi va uning o‘rniga Farg‘ona oblastini tashkil etdi. Qo‘qon shahrini esa markaz qildi. Ammo bu shahar ularni qoniqtirmadi, yangi mamuriy markaz qurish uchum Marg‘ilondan 10 kilometr janubga joylashgan Yormozor va Sim qishloqlari o‘rni tanlandi. 1877 yilning 19 aprelida Rossiya imperatori bunga rozilik berdi va shahar qurilishi harbiy injener I. U. Jilin loyihasi bo‘yicha 1877 yilning iyun oyida boshlandi va Yangi Marg‘ilon (1907 yilgacha) dab nomlandi, keyinchalik Skobelev (1924 yilgacha) deb atadilar.

2. 1876 yilning 26 fevralida Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman Sankt-Peterburgda edi.

3. 1876 yili Qamchibek o‘ldirilmagan va u 1895 yilgacha sog‘-salomat yashagan.

1876 yilning 1 martida Marg‘ilon shahrida Po‘latxon (Mulla Ishoq) osib o‘ldirildi. Ammo qo‘zg‘olon to‘la bostirilmagandi. Uni Qurbonjon dodxoh va uning o‘g‘illari davom ettirmoqda edilar.

1876 yilning noyabr oyigacha qo‘zg‘olonchilar va chor hukumatining qo‘shinlari o‘rtasida bir necha marta shiddatli janglar bo‘ldi, lekin kuchlar teng emasdi. Shu tufayli Qurbonjon dodxoh general Skobelev bilan uchrashib, barcha oloyliklarning asirlikdan ozod qilinishi va qo‘zg‘olonchilarni jazolamaslik sharti bilan taslim bo‘ladi.

1877 yilning yanvar oyida K. P. Kaufman Sankt-Peterburgga telegramma yuborib, Farg‘ona oblastida tinchlik o‘rnatilganligi haqida xabar beradi.

Qurbonjon dodxohning katta o‘g‘li taslim bo‘lishni istamay, hajga ketadi va yo‘lda halok bo‘ladi. Boshqa o‘g‘illari esa uyezdlarga volostnoy qilib tayinlanadilar va mustamlakachi hukumat bilan hamkorlikda ishlaydilar.

Ammo 1895 yili Qamchibek nohaq qotillikda ayblanib, osib o‘ldiriladi. Uning oilasi esa Sibirga surgun etiladi. Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, qotillik sodir bo‘lgan vaqtda Qamchibek O‘sh uyezdining boshqarmasida, ya’ni u yerdan 150 chaqirim uzoqda bo‘lgan. Bunga guvohlar ham bor edi. Lekin sud ularning guvohligini inobatga olmadi va Qurbonjon dodxohning kichik o‘g‘li Qamchibekni o‘lim jazosiga hukm qildi.

4. Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman Qamchibekning qatlidan 13 yil ilgari, ya’ni 1882 yilning 4 mayida o‘lgan. Abdurahmon Oftobachi ham tirik emas edi. Shuning uchun o‘lgan Abdurahmon Oftobachi guvohlik bera olmaydi, o‘lgan K. P. Kaufman buyruq chiqara olmaydi va Qamchibek qatl etilayotganda ularning o‘sha yerda bo‘lishlari ham mumkin emas.

5. Qamchibek qatl etilgan yili onasi Qurbonjon dodxoh Oloyda bemalol o‘z ishi bilan shug‘ullanib yashar edi. Chor hukumati unga 1881 yili yiliga 300 so‘mdan nafaqa belgilagan edi. Binobarin, avtorning «Boshi uchun o‘n besh ming so‘m assignatsiya tikilganini bilmaydi, shekilli» degan so‘zlari bema’ni gapdir. Chunki 1877 yildan to Qurbonjon dodxohning o‘limiga (1907) qadar barcha Turkiston general-gubernatorlari unga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etardilar va u bilan imkoniyat bo‘lganda uchrashib, suhbatlashib turardilar.

Xayriddin Sultonov o‘z asarini yozishga o‘tirganda bunday tarixiy voqealarni yaxshi bilmasligi mumkin emas edi. Axir tarixiy voqealarni, tarixiy shaxslarni tugal bilmay asar yozish mumkinmi?..

«SINGAN QILICh»NI O‘QIRQAN…

Qirg‘iz yozuvchisi To‘lagan Qosimbekovning «Singan qilich» (Toshkent, 1980) tarixiy romanidagi ayrim tarixiy voqea va mashhur shaxslarning tasvirlanishini ko‘rib chiqaylik.

T. Qosimbekovning fikricha, «Buxoro amiri Nasrulloxon esa to‘batdan hujum qilib, Madalini Xo‘jand shahrining yonida tor-mor qildi. Qo‘qonni qo‘lga olib, Madalini vahshiylarcha qatl etdi. Shaharning taqdirini o‘zining beklaridan biriga topshirdi…» (42-bet).

Aslida esa Buxoro amiri Qo‘qonga to‘satdan hujum qilgani yo‘q. Madali (Muhammad Ali) u vaqtda xon bo‘lmagan.

1841 yili Muhammad Alixon va uning atrofidagilar mehnatkash xalq qizlarining nomuslariga tekkanlari uchun Qo‘qon shahri aholisi qo‘zg‘olon ko‘taradi. Xon O‘rdadan qochib ketadi. Qo‘zg‘olonchilarning talablariga binoan bir necha aybdor shaxslar qatl etiladi. Ammo Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonga yurish qilganini bilib, qo‘qonliklar qo‘zg‘olonni to‘xtatadilar. Muhammad Alixon esa taslim bo‘lmoqchi bo‘ladi. Xalq norozi bo‘lib, xonning oldiga Xo‘ja Qalandar misgarni kiritadi va u bir kunlik xon huquqini oladi. Xalq Qo‘qonni himoya qilishga tayyorgarlik ko‘radi. Olomon bir necha nadimni o‘ldiradi, xonni, ikkita qo‘shmachi ayolni qidirib topolmaydi, lekin ularning uylarini talon-taroj etadi. Boy-feodallar esa bu harakat xalq qo‘zg‘oloniga aylanib ketishidan qo‘rqishib, Muhammad Alixonga murojaat qiladilar va Xo‘ja Qalandarni qamoqqa olishib, xalqni aldaydilar, bir qancha va’dalar berib, zo‘rg‘a tinchlatishga muvaffaq bo‘ladilar. Muhammad Alixon esa amir Nasrulloga qimmatbaho sovg‘alar yuborib o‘z taxtini saqlab qoladi. Bundan tashqari, Muhammad Alixon dadasi Umarxon uylanmoqchi bo‘lgan qizga uylanishga muvaffaq bo‘ladi, xalq ichida «o‘gay onasiga uylandi» degan mish-mishlar tarqaladi va Buxoro amiri bilan yana nizo chiqishiga bahona topiladi.

Amir Nasrullo Qo‘qon xonidan bu nikohning bekor qilinishini va taxtdan voz kechishni talab etadi. Ammo Muhammad Alixon bunga rozi bo‘lmaydi. Oqibatda bir necha marta Qo‘qon—Buxoro urushlari bo‘lib o‘tadi.

1841 yilning noyabr oyida Muhammad Alixon taxtdan voz kechadi va uning ukasi Sulton Mahmud xon bo‘ladi. Shunga qaramasdan, 1842 yili Buxoro amiri Nasrullo Qo‘qonni bosib oladi va Sulton Mahmudxon, Muhammad Ali, Mohlaroyim (Nodira) va boshqalarni qatl etadi. So‘ngra Ibrohim xayolni Qo‘qon hokimligiga tayinlab, Nasrullo Buxoroga qaytadi. Lekin hech qancha vaqt o‘tmasdan qo‘qonliklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, Sheralini xon qilib taxtga o‘tqazishadi. Bu voqea «Singan qilich»da bunday bayon etiladi: «Baquvvat qo‘llar uning (Ashirning — H. B.) ikki bilagini orqasiga qayirib, mahkam ushladi. Yana bir beshafqat qo‘l uning hali mo‘y chiqmagan jag‘ini sal yuqori ko‘tardi, halqumiga muzdek keskir bir narsa urilib, vujudi titrab ketdi…

Beg‘ubor oq kigiz ustida qon tomchilari qizil gulday tovlanardi. Sheralini Yusuf bir qo‘ltig‘idan, Musulmonqul ikkinchi qo‘ltig‘idan olib, asta-sekin Ashirning yerda ayrilib yotgan boshi uzra hatlatib, kigizning ustiga o‘tqazishdi.

— Baxtimiz muborak! — dedi Yusuf kulimsirab.

— Baxtingiz qutlug‘ bo‘lsin! — dedi Musulmonqul erkalatib…

Musulmonqul qo‘sh tig‘li og‘ir qilichni Ashirning qoniga bulab oldi-da, uchidan qonini oqizib, Sheralining beliga taqdi.

— Qurolingiz qutlug‘ bo‘lsin! Dushmanlar undan o‘lsin!.. Elu yurtni qo‘riqlasin!.. Badbaxt dushman sasin o‘chirsin!..

Karnay va do‘llar sadosi ostida osmonga qarata miltiqlardan o‘q uzildi.

— Kimning, kimning zamoni Sheralixonning zamoni!

Yusuf, Musulmonqul bosh bo‘lgan ahli donishlar, oqsoqollar qonli kigizni bir chekkasidan ushlab yerdan dadil ko‘tarishdi» (48-49-betlar).

Sheralining bunday xon qilib tayinlanishi o‘zbek va qirg‘iz xalqining qadimgi urf-odatlariga shakkoklikdir. Qo‘qon xonligining tarixida necha xon o‘tgan bo‘lsa, birortasini ham oq kigizga o‘tqazishdan avval odamni so‘yib qurbonlik qilishmagan.

Urf-odat bo‘yicha tayinlanayotgan xonni beg‘ubor, toza oq kigizga o‘tqazishib, kamondan to‘rt tarafga o‘q-yoy ottirishar edi.

Sheralixon taxtga o‘tirayotgan kunlari Musulmonqul Buxoro amiri Nasrulloning qo‘shinida edi, U keyinchalik qo‘qonliklar tomoniga o‘tib, Qo‘qonni mudofaa qilishda faol qatnashadi.

Mashhur «Ansob as-salotin va tavorix-i alxavoqin» nomli tarixiy qo‘lyozmada bu voqea haqida shunday deyilgan: «Ho‘qanddin bir necha hushyor va aqlli odamlar maslahat qilib jamoa qirg‘iz va qipchoq va turk va qoraqalpoq va tojik va junbag‘ish tog‘alik va afg‘on va alqorlar so‘zni bir arga qo‘yub Talos mavzeiga bir necha hushyor odam yuborub Sheralixonni To‘raqo‘rg‘onga solib kelib oq kigizga olib xoi ko‘tordilar ersa tamoman Xo‘qand ahliga oftob chiqqandek ravshanlik paydo bo‘lib, daf’atan jamoat bo‘lub, Kal Yusuf qirg‘izni miigboshi aylab, Mahammad Nazarbekni Amir lashkar aylab va Kuchibiyni botur-boshi aylab, va yana har jamoadan xudoychi, dasturxonchi, ponsadboshi, yuzboshi yasovulboshi tayyor qilib baabod daryodin o‘tub sur’at birla Xo‘qandg‘a dohil bo‘lub mang‘itlarni o‘rdaga tang qildilar. Ersa Xo‘qand olomonlari rahnadin va anburdin kirib mang‘itlarni o‘ldurub va bandi qilib erdi.

Ibrohim xayol bikbora qalmoq darvozasidin… Qamish mozor tarafidin qochib ketdi…

Yana boshqadan oq kigizga solib xon ko‘tardilar, taxt murusig‘a o‘lturg‘izdilar, necha so‘qum va qo‘y so‘yub to‘y va xudoyi qilib va yana sarupoi olib tayyor qilib har kimga muvofiq hol libos munosib berib barcha xalqlarni sarafroz aylab ul kecha farog‘at tobtilar» (O‘zFA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma, inv. raqami 3753-, 33 — 34-varaqlar).

T. Qosimbekov buxoroliklar bilan qo‘qonliklar o‘rtasida bo‘lgan jang haqida shunday yozadi: «Ko‘p yillar mobaynida sarvlangan, yaxshi qurollangan amir askarlari bir kundayoq safdan chiqdi. Nasrulloxon yigitlarining yarmini zo‘rg‘a qutqarib, «Buxoro qayerdasen» deb qochib qoldi» (76-bet).

Amir Nasrullo Qo‘qonga ikkinchi yurishida Qo‘qonni 40 kun qamal qilib, atrof qishloqlarni talon-taroj etdi. Ammo shaharni ololmadi. Shu bilan birga ular o‘rtasida janglar ham bo‘lib turdi. Qo‘qonliklar ustun chiqdi. Lekin bu janglar T. Qosimbekov yozganidek bo‘lmadi. Amir Nasrullo bunchalik talofatga uchrab qo‘shinining yarmini yo‘qotgani yo‘q.

O‘sha kunlarda xevaliklar Buxoro amirligi chegarasidan o‘tib bir qancha qishloqlarni vayronaga aylantirdi. Bundan xabar topgan Nasrullo (Qo‘qonni qayta bosib ololmasligiga aqli yetgan holda) o‘z davlatining chegarasini himoya qilish uchun Buxoroga qaytdi.

«Singan qilich» «tarixiy» romanida avtor o‘ta vahshiyona voqealarni yozadi. Bularni o‘qiyotganingda o‘tmishdan nafratlanasan, yurak-bag‘ring qonga aylanadi. Nahotki, bir asr avval o‘zbeklar va boshqa O‘rta Osiyo xalqlari shunchalik vahshiylarcha yashagan…

Barcha mavjud qo‘lyozmalarda va arxiv materiallarida Musulmonqul dorga osib o‘ldirilgani haqida aytilgan, ammo T. Qosimbekov yozganidek vahshiylarcha qiynashmagan.

«Singan qilich»ning 123-betida avtor 1865 yilgi voqeani bayon etayotib, «nihoyat, Olimqul otaliqni Toshkentning shundoqqina biqinida general Chernyayev qo‘shinlariga yaqin yerda ayg‘oqchilar otib o‘ldirishdi», deydi. Romanning boshida esa bu suiqasdni batafsil yozib, udaychi tomonidan otilganligini hikoya qiladi (3-, 9-betlar).

Aslida esa Olimqul rus qo‘shinlari tomonidan otilgan o‘qdan yaralanadi. Uni Toshkentga olib ketishadi va u Toshkentda vafot etadi. Masalan, «Tarixi Turkistoni» nomli kitobda (Toshkent, 1915) bunday yozilgan: «Shul urush asnosida Mullo Olimquli suvora har qaysi qo‘shun dastasig‘a goh to‘pchilarni va goh piyoda mergan va otliq askar oldig‘a borib har qiyuvlariga o‘zi amr berib turg‘on holda biqinidak o‘q tegib otdin yiqildi. Darhol uni ot avzosig‘a olib qo‘shunni nazarig‘a sog‘ odamdek ko‘rsatib darhol qo‘shung‘a amr berildi… Mullo Olimquli ilan barobar Toshkand shahrig‘a salomat kirguzub shahar darvozasini berkitdilar. Rusiya qo‘shuni ularni ketidan kelib Toshkandg‘a qarab bir necha to‘p otib, uidin o‘zi turg‘on joylari Sho‘rtepa mavzeig‘a qarab ketdilar. Urush vaqtida olisdan nazorat qilib turg‘on qipchoq-qirg‘iz qo‘shunlari shaharga kirmasdin Qo‘yluq yo‘li ilan Chirchiq labiga borib qo‘nub to‘g‘ri Xo‘qandg‘a jo‘nab ketdilar. Xonzoda va Mullo Olimquli ilan andaqgina qo‘shun Toshkandg‘a dohil bo‘lub, Olimqulini bir do‘kong‘a yotquzub qo‘ydilar. Mullo Olimquli yor-do‘stlarini chaqirib vasiyatlar qilib jon bahaq taslim qildi. Uning jasadini o‘shal kechasi uch-to‘rtgina odam Hazrat Shayxondtahur qabristonig‘a kelturub, janoza o‘qub dafn qildilar. Bu voqeadin keyin Toshkand shahridag‘i hukumatdorlar hayron va sarosima bo‘lub nima qilur ishlarini bilmay maqom hayratda qoldilar. Chunki asar sarkardalar Toshkandin tashlab Xo‘qand tarafg‘a qochib ketgan, xonzoda bo‘lsa yosh go‘dak edi» (156—157-betlar).

Arxiv manbalarida ham Mullo Olimquli yarador bo‘lgandan keyin Toshkentga olib ketilgani va u yerda vafot etganligi haqida yoziladi. Rus qo‘shini tomonidan otilgan to‘p Mullo Olimquli yonida portlaydi va metal parchasi uning biqiniga tegib og‘ir yarador qiladi.

Yozuvchi shu voqeani haqiqatga yaqin qilib yozsa bo‘lardi-ku!

«Singan qilich»da yana «Xudoyorxon bir ming sakkiz yuzu oltmish sakkizinchi yili Toshkentga general-gubernator huzuriga salomga bordi.

…Tomonlar tezda shartnoma tuzishga muyassar bo‘lishdi…» (179-bet) deb yozilganligini o‘qiysiz.

Bu yerda gap diplomatik munosabat haqida ketmoqda. Aslida esa voqea bunday bo‘lgan.

1867 yili chor Rossiya qo‘shinlari bosib olgan yerlarni boshqarish maqsadida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etildi. General-gubernator qilib K. P. Kaufman tayinlandi. U O‘rta Osiyo xonliklarini bir-biri bilan yaqinlashtirmaslik va o‘ziga vassal darajasiga bo‘ysundirib olish siyosatini yuritdi. Qo‘qon xonligining ko‘p yerlari bosib olingani tufayli uni qonunlashtirib olish, rus savdogarlariga keng imkoniyatlar yaratib berish maqsadida Qo‘qon xoni bilan shartnoma tuzishga intildi. Shu bilan birga, u Qo‘qon xonligi haqida ma’lumotlar to‘plash maqsadida 1868 yili polkovnik Shaufus boshchiligida elchilar jo‘natadi.

Rus elchilari Qo‘qonga yetib kelishadi va Xudoyorxon 1868 yilning 13 fevralida savdo-sotiq shartiomasiga imzo chekib, muhr bosadi. Bu shartnomani Turkiston general-gubernatori general-ad’yutant K. P. Kaufman 29 yanvarda Toshkent shahrida imzolab polkovnik Shaufus orqali xonga jo‘natgan edi.

Bu rasmiy shartnomadan tashqari Qo‘qon xonligi haqida ko‘p razvedka ma’lumotlarini ham to‘plab ketishadi. Arxiv ma’lumotlariga qaraganda, bu rezvedka ma’lumotlariga K. P. Kaufman juda katta baho beradi.

Shunday qilib, Xudoyorxon 1868 yili Toshkentga general-gubernator huzuriga salomga borgani yo‘q. Xudoyorxon general Kaufman bilan faqat 1875 yili uchrashadi.

T. Qosimbekovning fikricha, «Xudoyorxon Sirdaryo sohilidagi hosildor yerlarni, yozlik va qishlik yaylovlarni forslarga, tojik, arab va yahudiylarga ijaraga berib o‘troqlashtirdi» (230-bet). Demak, Xudoyorxon davrigacha ular ko‘chmanchi bo‘lganlarmi? Vaholanki, ular Qo‘qon xonligi territoriyasida bir necha asrlardan beri o‘troq holda yashar edilar-ku?

«Singan qilich» romanining asosiy qismi 1873—1876 yilgi qo‘zg‘olonga bag‘ishlangan. Asosiy qahramoii Mullo Ishoq — Po‘latxondir.

E’tiborimni yana romandagi shu tasvir tortdi: «O‘tgan yili Qutlug‘said Sher dodxoh uch kishini ergashtirib, Xudoyorxondan va Toshkentdagi genaral-gubernator fon Kaufmandan yashirincha Samarqandga kelgandi. Ahrorxo‘jaga bildirmay Po‘latbekni topib, omadi ketib turgan Xudoyorxonga qarshi kurashda isyonchilarga boshchilik qilishni taklif etishgandi…

— Bor-may-man!.. Odamxo‘rlar! — dedi Po‘latbek burchakka tikilib…

O‘sha kuni tunda vakillar Samarqanddan chiqib ketishdi, bir necha kun yo‘l yurib, horib-tolib, ozib Toshkentga kelishdi va qurama Abdulmo‘minbekning uyiga tushishdi» (39—240-betlar).

Keyin bu yerda vakillar Mullo Ishoq bilan tanishdilar va uni Po‘latbek nomi bilan atab qo‘zg‘olonchilar oldiga olib ketilgani bayon qilinadi.

Aslida esa Sher dodxoh emas, balki Musulmonqul-qirg‘iz xonzodani qidirib ketadi.

Qo‘qon xonligining aholisi juda og‘ir ahvolda edi. Boy-feodallar mehnatkash xalqni qattiq ekspluatatsiya etardilar. O‘zaro urushlar tez-tez bo‘lib turardi. Buning ustiga chor Rossiyasi qo‘shinlari Oqmachit, Turkiston, Chimkent, Toshkent va ular atrofidagi boshqa shaharlaru qal’alarni bosib olib, 1867 yili Turkiston general-gubernatorligini tashkil etdilar. Xonning daromadi kamayib ketib, Xudoyorxon qo‘shimcha soliqlar joriy qildi. Xalq ichida norozilik juda kuchaydi.

Qo‘qon xonligining Andijon va Namangan viloyatlariga qarashli joylarda qo‘zg‘olonlar bo‘ldi. Bir guruh boy-feodallar bu vaziyatdan foydalanishga urinib xonzoda qidira boshladilar.

Mullo Ishoq Mullo Hasan o‘g‘li 1844 yili Marg‘ilon shahriga yaqin O‘hna qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Marg‘ilondagi Oqmadrasada mudarrislik qilgan. Dastlabki ma’lumoti Mullo Ishoq uyida olgan. Keyin Qo‘qondagi Tunqator madrasasida o‘qigan. 1867 yili o‘qishni tashlab So‘x atrofidagi ko‘chmanchi qirg‘izlar orasida ikki yil yashagan, so‘ngra o‘z qishlog‘ida, keyin Andijondagi masjidlardan birida imomlik qilgan, savdogarlik bilan ham shug‘ullangan. U Toshkantda Abdumo‘min dodxoh bilan tanishadi va shu yerda qoladi. Yuqorida aytilganidek, Mullo Ishoqga soxta Po‘latxon bo‘lishni taklif etadilar. U rozi bo‘ladi va qo‘zg‘olonchilarga qo‘shiladi.

Umuman olganda, «Singan qilich»da tarixiy chalkashliklar ko‘pgina. Tarixni chalkashtirib, yolg‘on qo‘shib badiiylashtirilsa, «tarixiy roman», «tarixiy asar» deb ataladimi? Buning o‘rniga yozuvchilarimiz tarixchi olimlar bilan birgalikda hamkorlik qilib haqiqiy tarixiy romanlar yozib xalqimizga taqdim etishsa yaxshi bo‘lmasmikan!

To‘g‘ri, ba’zi yozuvchilarimiz ayrim tarixchi olimlardan maslahat olmoqdalar-ku! Bu yaxshi. Ammo bir narsani unutmaslik karak. Har bir olim barcha davrlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lolmaydi. Masalan, har bir tarixchi olim o‘zining ilmiy mavzui bo‘yicha chuqur mutaxassis hisoblanadi. Ular faqat o‘zlarining davr va ilmiy sohalari bo‘yicha mulohazalarini bildirsalar, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Agarda hurmatli yozuvchilarimiz tarixchi olimlar bilan izchil hamkorlik qilsalar, adabiyotimiz yutar edi.