Fozila Sulaymonova. Navoiyning mo‘jaz surati (1990)

Alisher Navoiy portreti. Mahmud Muzahhib rasmi. 15-asr

Alisher Navoiyning professor A. A. Semyonov Amerika jurnalidan olib, shoirning 500 yillik yubileyi oldidan 1940 yili chop ettirgan («Portret epoxi Navoi») va yaqin vaqtlargacha yagona deb hisoblangan rasmidan tashqari boshqa tasviri yo‘q edi. Shoirning portret, haykallarini ishlagan san’at sohiblari (V. Kaydalov, A. Abdullayev, L. Abdullayev, Ch. Ahmarov va boshqalar) o‘z asarlarini xuddi ana shu mo‘jaz rasm asosida ishlaganlar.

A. A. Semyonov chop ettirgan rasm 1500 yili Behzodning shogirdi Mahmud Muzahhib tomonidan yaratilgan bo‘lib, bu rasm Eronning Mashhad shahridagi Ostonai quds kutubxonasida saqlanmoqda. 1936 yili Amerikada chop etilgan «Islom san’ati» jurnalining sakkizinchi jildining birinchi qismida Mahmud Muzahhib ishlagan rasm bosilgan.

Yuqorida tilga olingan va hammaga ma’lum bo‘lgan rasmda Navoiy hassaga suyangan, ancha keksa (vaholanki bu vaqtda shoir endi 59 yoshda edi) holatda tasvirlangan. Mo‘jaz rasm imkoni cheklangan bo‘lishiga qaramay, musavvir buyuk insonning ichki qiyofasini zo‘r mahorat bilan bera olgan. Mahmud Muzahhib suratidan sizga fozil, insonlarga mehr to‘la qalb egasi, buyuk mutafakkir, o‘zida eng oliy insoniy xususiyatlarni mujassamlantirgan nuroniy Odam boqib turganini bir qarashdayoq anglaysiz. Afsuski, bizning davrimizdagi birorta ham mo‘yqalam sohibi o‘zlari yaratgan Navoiy portretlarida, XV asr rasmidan kelib chiqqan holda, Muzahhib ishining xuddi ana shu xususiyati, shoirning ichki dunyosini aks ettira olmaganlar.

Mahmud Muzahhib ishlagan rasmning yuqorigi chap burchagida «Suvrati Amiri Kabir Mir Alisher», pastki o‘ng burchagida esa «Amali Mahmud Muzahhib» so‘zlari yozilgan. Yuqoridagi yozuvning pastki qismida, Navoiyning yelkasi ustida muhr bor, ammo undagi yozuvni o‘qib bo‘lmadi. Afsuski, bizga rasmning faqat qora-oq nusxasi ma’lum xolos, ingliz olimi akademik B. Grey ustoz Hamid Sulaymonga yuborgan asli suratdan olingan fotonusxa ham qora-oq tasvirdan iborat.

1965 yili Turkiyada professor Ogoh Sirri Levandning Alisher Navoiyga bag‘ishlangan to‘rt jildlik kitobi bosildi. Ana shu nashrning birinchi jildi Navoiy davri, hayoti va ijodini yoritishga bag‘ishlangan bo‘lsa, qolgan uch jildida shoir asarlaridan parchalar berilgan. Majmuaning birinchi jildida Navoiy ancha yoshlik paytini tasvirlovchi mo‘jaz rasm berilgan. Bu rangli rasm To‘p qopi Revan kutubxonasida 2155 saqlov raqami ostidagi muraqqa’ning 29 b varag‘idan olingan. Afsuski, Levand hech qanday izoh bermaydi. Rasmda bir yosh yigit bilan 30—35 yoshlik kishi tasvirlangan. Suratning yuqori tomonidagi chap burchagida mayda arab yozuvida «Suvrati dilpazir Mirzochuchuk bo Amir be shibhu nazir Nizomiddin Alisher», pastki qismida, o‘ng tomonda esa zo‘rg‘a o‘qibbo‘larlik mayda yozuvda «Amali al-faqir Ali» so‘zlari bor. Demak, rasmda Navoiy tasvirlangani haqida hech qanday shubha tug‘ilmaydi.

Navoiy rasmda kulcha yuzli, qirri burun, kalta qilib olingan qizg‘ish soqol-mo‘ylab, qoboqlari keng etib tasvirlangan. Shoirning libosi ham o‘ziga xos — oq ko‘ylak ustidan yoqasiz moviy kamzul, ustidan uzun yenglik, pushti astarlik jigarrang chakmon, oyog‘ida oq chuvak, boshida esa yashil do‘ppiga oq salla o‘ralgan. Shunisi hayratomuzki, bu rasmda yosh Navoiy Mahmud Muzahhib rasmidagi keksa tasviriga o‘xshab, uzun hassaga suyanib turipti. Bu sirning sababini aniqlay olmadim.

Uchinchi rasm 1970 yili professor Hamid Sulaymon chop ettirgan «Navoiy dostonlariga ishlangan rasmlar» albomida 23-sana ostida berilgan. «Saddi Iskandariy»ga ishlangan bu rasm dostonning 95 b varag‘ida berilgan (hammasi 97 varaq).

Navoiy «Xamsa» ustidagi ishni tugallar-tugallamas valiyahd shahzoda Badiuzzamon uchun badiiy bezaklar, mo‘jaz rasmlari bor nusxa tayyorlanadi. Ushbu qo‘lyozma hozir Angliyada Oksford dorilfununining Bodleyan kutubxonasida saqlanadi. Qo‘lyozmaning xattoti nomi keltirilmagan, faqat «Layli va Majnun» kolofonida 890 (1485) sanasi bor. Demak, qadimiylikda Badiuzzamon qo‘lyozmasi ikkinchi o‘rinda turadi.

Bodleyan kutubxonasi «Xamsa»sida Behzod va uning shogirdlari tomonidan ishlangan 13 ta juda ajoyib mo‘jaz rasm bor. Bizni rasmlarning oxirgisi qiziqtiradi, domla uni «Navoiy buyuk shoirlar o‘rtasida» deb nomlaganlar. Chet el san’atshunoslari (I. Shchukin, Sakisya, B. Grey va hokazo), ularning ketidan ba’zi rus olimlari ham, qo‘lyozmani o‘qimasdan, asarni taxminan tahlil etib, rasmni «Mutasavvuflar bog‘da» deb ataganlar. Vaholanki, ustoz Hamid Sulaymonning asar mazmunidan kelib chiqib aniqlashicha, rasm dostonning so‘nggi epizodlaridan biri, ya’ni Navoiy tugallangan «Xamsa»ni ustozi Jomiy huzuriga olib kelib, Mahdum asar varaqlar ekan, shoir buyuk ilkdoshlarni xayolan bog‘da ko‘rgani tasvirlanadi:

Ko‘rub o‘zni bir toza bo‘ston aro.
Qilib gasht bog‘u guliston aro.

Chu Sa’diyu, Firdavsiyu, Unsuriy,
Sanoiyu, Xoqoniyu, Anvariy.

Anga tegurkim shayxu payrav edi
Ki, ya’ni Nizomiyu Xusrav edi.

Rasmda an’anaviy yarim doirada Nizomiy, Firdavsiy, Xusrav Dehlaviy, Shayx Sa’diy, Sanoiy, Anvariy va Hoqoniylar, Nizomiyning yonida Jomiy va Navoiy alohida o‘ltirishipti, Hasan Dehlaviy esa tik turipti. Osmonda 3—4 kunlik oy, yulduzlar, adirlik, gullab turgan meva daraxtlari, yuqoridan suv oqib kelib, o‘tirganlar yonidan, Anvariy va Xoqoniylar oldidan o‘tadi (shu o‘rinda suvning qora bo‘yoqda berilishini izohlash lozim, deb topdim: dastavval suvni tabiiy kumush bo‘yoqda tasvirlaganlar, vaqt o‘tishi bilan kumush qoraygan). Yuqoridagi o‘ng burchakda doston oxiridan uch bayt berilgan. Pastki bayt jadvali ichida «amali Qosim Ali» so‘zlari qizil siyohda yozilgan (Qosim Ali — Behzod shogirdlarining biri). Ammo ko‘pchilik san’atshunoslar, ayniqsa, I. Shchukin miniatyura bu Muzahhib mo‘yqalamiga mansub emasligi, yozuv esa keyincha bitilganini ta’kidlaydi, men ham shu fikr tarafdoriman.

«Saddi Iskandariy» 1485 yili, shoir 44 yoshda ekanida tamomlangan, qo‘lyozma ham o‘sha yili ko‘chirilgan, rasm ham shu vaqtda ishlangan. Lekin shunisi qiziqki, kuch-quvvatga to‘lgan shoirning soqol-mo‘ylabi oppoq etib tasvirlangan. Vaholanki, Nizomiy «Xamsa»sidagi rasm bundan o‘n yil keyin chizilgan bo‘lsa-da, Navoiy keksa etib tasvirlanmagan. Fikrimcha, shoirlar davrasidagi Navoiyning oqsoqol etib tasvirlanishi yetuklik ramzi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.

«Saddi Iskandariy»dagi rasmda shoir o‘z asarini buyuk ustozlar muhokamasiga olib kelgan va ularga hurmat yuzasidan boshini quyi solib, ehtirom bilan o‘ltiripti, Nizomiy bilan Jomiy esa qo‘llarini harakatga keltirib so‘zlashmoqdalar. Bu suratda Navoiy uzun yenglik yashil chakmonda (engining uzunligi so‘fizm ta’limotiga amal qilib, dunyo tashvishlaridan qo‘l silkitishning belgisi.) Bu rasmdagi Navoiyning qiyofasi Mahmud Muzahhib ishlagan mashhur tasvirga ancha o‘xshaydi. Miniatyurani Behzod shogirdlarining biri, demak shoirning o‘zi voyaga yetkazgan musavvir ishlagan.

Dehlidagi milliy muzey zallarining birida «Navoiy va Jomiy. Behzod ishi» deb atalgan rasm topildi. Uning rangli slaydini 1977 yili Hamid Sulaymon Hindistondan olib keldilar. Rasmda oq soqolli ikki nuroniy shaxs suhbatlashib o‘ltiriptilar. Pastroqda, hovuzcha atrofida, chap tomonda ikkita va o‘ng tomonda bitta odam o‘ltiripti. Eshik oldidagi panjara to‘siq oldida qora tanli g‘ulom bola va yosh o‘g‘lon turiptilar. Rasmda hammasi bo‘lib 9 shaxs tasviri berilgan. Bular orasida gilamchada o‘ltirgan ikki keksa bizning diqqatimizni jalb etdi. Ular yuz tuzilishi, kiyim-kechagi, o‘ltirish usuli va umuman hamma tomonlama olganda XV asrda Hirotda yashagan ikki buyuk shaxs — Jomiy va Navoiyga o‘xshaydi. Har ikkala qiyofa yuqorida aytilgan «Saddi Iskandariy» oxirida berilgan «Navoiy buyuk shoirlar o‘rtasida» deb nomlangan rasmdagi Jomiy va Navoiyga juda o‘xshaydi. Ammo san’at, mahorat, bo‘yoqlar, chiziqlar nafisligi jihatidan XV asr miniatyuralaridan ancha tuban turadi. Rasmda hech qanday yozuv yo‘q, «Navoiy va Jomiy. Behzod ishi» degan ma’lumotni qayerdan oldinglar, degan savolga muzey xodimlari javob berolmadilar. Fikrimcha, bu miniatyura XV asrda ishlangan biror asardan ko‘chirma yoki keyingi davrda unga taqlidan ishlangan bo‘lsa kerak.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning Vindzor qasri kutubxonasida Navoiy asarlarining Sulton Ali Mashhadiy ko‘chirgan ikki qo‘lyozmasi saqlanayotganini 1968 yili professor Hamid Sulaymon aniqladilar va ulardagi rasmlarning rangli slaydini olib keldilar. Bu asarlarning biri terma devon, ikkinchisi «Xamsa», har ikkalasida ham badiiy bezakli va mo‘jaz rasmlar bor edi. Devonni 1872 yili Buxoro amiri Hindistondagi ingliz gubernatori orqali qirolicha Viktoriyaga tortiq sifatida yuborgan, «Xamsa» esa Boburiylar kutubxonasidan chiqqan edi. Bizni «Xamsa» qo‘lyozmasi qiziqtiradi.

Mo‘jaz rasmlar odatda «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Sab’ai Sayyor» va «Saddi Iskandariy» dostonlariga ishlanib, «Hayrat ul-abror»ga kamdan-kam rasm ishlangan. Vindzor qo‘lyozmasida esa aksincha, faqat shu dostongagina to‘rt rasm ishlangan. 7a varaqdagi suratda Sulton Husayn huzurida bazm tasvirlanib, saroy ahllari, chet ellik mehmonlar, ovchilar, sozandalar, ziyofatga hozirlik ko‘rayotgan g‘ulomlar… Adir etagidagi maysazorda shohona chodir tikilgan, uning tagida so‘ri, uning ustida oddiygina taxtda qo‘lida kosa ushlagan Sulton Husayn o‘ltiripti. Uning oldida qo‘lida ochiq kitob ushlagan, qaddi bukilgan, oppoq soqolli keksa yalangoyoq odob saqlagan holda Sultonga nimadir demoqda. O‘ng tomonda oq soqolli, jigarrang kamzul ustidan moviy chakmon kiygan keksa va yashil to‘nli odamlar o‘ltiripti.

Rasmning yuqorisida 5 bayt matn bor, unda:

Xon kelibon ham ato, ham ot anga.
Faqr oti birla mubohot anga.
Turki mo‘g‘ul qullari xonlar aning.
Mulk dihi, mulksitonlar aning.
Qullug‘i xonlarga kelib farzi ayn,
Xonlaru shahlar shahi Sulton Husayn, —

misralari bor, lekin so‘nggi misradagi Sulton Husayn nomi o‘chirilgan.

Rasmdagi bizni qiziqtirgan shaxslarga kelsak, kim Sulton huzurida bo‘lishi mumkin edi, degan savol tug‘ildi. Navoiy davridagi eng keksa va atoqli shoir Lutfiy bo‘lishi kerak. So‘rining o‘ng tomonida o‘ltirgan ikki kishiga kelsak, «xonlaru shahlar shahi» huzurida bemalol suhbatlashib o‘ltirish huquqiga kim ega bo‘lishi mumkin edi, faqat ustoz, pir va eng yaqin do‘st. Saroy adabiga ko‘ra, shoh huzurida o‘ltirish faqat ma’lum darajadagi shaxslarga iltifot etilgan, xolos. Ana shu mulohazalardan va oqsoqol keksaning Jomiyning ko‘pchilik tasviriga aynan o‘xshashligini nazarda tutib, uning Jomiy ekanligini aniq deb topdik. Endi hazrati mahdum yonida Navoiydan boshqa kim bemalol suhbatlashib o‘ltirishi mumkin? Bundan tashqari, Sulton Husayn bazmi mamlakatdagi shohdan keyingi e’tiborli shaxs va eng yaqin do‘st bo‘lgan Alisher Navoiysiz o‘tishini tasavvur etib bo‘lmaydi.

Qo‘lyozmani sinchkovlik bilan o‘rgangan professor Hamid Sulaymon qo‘lyozmaga bergan tavsifda «bu ajoyib qo‘lyozma Hindistonda Boburiylar kutubxonasining mulki bo‘lib, avloddan avlodga o‘tib kelgan. 1a varaqda «sohibqiron Shahobiddin Muhammad Shohijahon podishohi G‘oziy, 1038» deb yozilgan, o‘sha varaqdagi muhrda «Olamgir podishoh» (ya’ni Avrangzeb) so‘zlari bor, deyilgan. Demak, nusxani Boburiylar kutubxonasidan inglizlar olib ketgan. Kolofonda yozilishicha, kitob Sulton Husayn «Shoh Abulg‘oziy» uchun tayyorlangan. Afsuski, XV asrda Hirotda Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari tomonidan ishlangan mo‘jaz rasmlar Hindistonda o‘z uslublariga moslashtirib qayta ishlangan, lekin asosiy shaxslar — Sulton Husayn, Lutfiy, Jomiy, yevropalik mehmon eski holaticha saqlanib qolgan. Fikrimning isboti sifatida quyidagi dalillarni keltiraman: sahifaning pastki qismida qo‘pol xatda «shoh Sulton Husayn, amali Dahanroj» va rasmdagi zinapoyada «amali Dahanroj» yozuvlari bor. Ma’lumki, Hirot san’atkorlari o‘z nomlarini hech qachon bunday bo‘rttirib, qo‘pol ravishda yozmaydilar, aksincha, kamtarona yashiradilar, yoki umuman ko‘rsatmaydilar. Haqiqatan, pastda turgan oq rangli ov iti yopinchig‘ining guli orasida «Rahimiy» ismini topdim. Demak, rasmning asli ijodkori Rahimiy. Bundan tashqari, qo‘lyozmadagi boshqa rasmlar ham (hammom tasviridan tashqari) xuddi ana shunday «tuzatilgan», ularda keyingi bo‘yoqlar biroz to‘kilib, ostidan Hirotda ishlangan tasvir ko‘rinib turipti.

Londondagi Britaniya muzeyida badiiy qo‘lyozmaning ajoyib namunasi bo‘lgan Nizomiy Ganjaviy «Xamsa»sining Hirotda ko‘chirilgan nusxasi saqlanadi. Unda Behzod va uning maktabiga mansub bo‘lgan 21 mo‘jaz rasm, shams, lavha va unvonlar bor. 1b va 62b varaqlardagi yozuvlarga binoan kitob saroy amaldorlaridan bo‘lgan Amir Ali Forsiy barlos buyurtmasi bilan tayyorlangan. Qo‘lyozma Boburiylar saroy kutubxonasidan chiqqan bo‘lib, o‘z davrida Jahongir podishoh (1605—1628) va keyinchalik san’atshunos olimlar qo‘lyozma rasmlari ustida ko‘p tadqiqotlar olib borganlar.

«Nizomiy «Xamsa»siga ishlangan rasmlar» muraqqa’si ustida ish olib borar ekanman, diqqatimni 214a varaqdagi rasm jalb etdi. Qizig‘i shundaki, 214a va 37b varaqdagi (men uni «Sulton Husayn huzurida yosh jangchi qasamyod etmoqda» deb nomladim) rasmlarning Nizomiy dostonlari mazmuniga hech qanday aloqasi yo‘q, shuning uchun bo‘lsa kerak, shoh Jahongir ham, san’atshunoslar ham ularni tadqiqotlaridan chetda qoldirganlar. 1969 yili Angliyada chop etilgan otkritkada esa 214a varaqdagi rasmni «Iskandar donishmandlar davrasida» deb atadilar.

Miniatyura ustida ishlar ekanman, unda tasvirlangan uch shaxs juda tanish tuyuldi. Bog‘, gullagan daraxtlar, gullar, hashamatli bino, panjara devor, eshik nimtasvirida gilamlar ustida an’anaviy yarim doira shaklida sakkiz nafar nuroniy keksalar suhbatlashib o‘ltiriptilar. Oldilarida kitoblar, asturlab asbobi, markazda suuba (isituvchi moslama). Bizni markazdagi nastarin (siren) rang ko‘rpachada bolishga suyangan holda o‘ltirgan 40—50 yoshlar chamasidagi odam qiziqtirdi. Ustida uzun yenglik yashil chopon, ichida qizil kamzul, guldor do‘ppi ustiga bejirimgina salla o‘ralgan. U kishi chap tomonda o‘ltirgan, jigarrang to‘nlik, gapirayotgan oq soqol keksani diqqat va ehtirom bilan eshitmoqda. Jigarrang to‘nlik bu keksa Jomiyning boshqa aniq rasmlariga aynan o‘xshaydi. Yashil to‘nlikning o‘ng tomonida esa qora chopon kiygan, oppoq soqollik juda qari odam o‘ltiripti. U Vindzor «Xamsa»sidagi, «Sulton Husayn huzurida bazm» suratida shoh oldida tik turgan odam, ya’ni Lutfiyning aynan o‘zi.

Yarim doirada o‘ltirganlarning markazidagi yashil chopon kiygan odam tasvirini ko‘rar ekanman, o‘sha ondayoq ko‘z oldimga Levand nashr ettirgan rasm keldi. Bu rasmdagi odam qiyofasi, yoshi, soqol-mo‘ylabining shakli, rangi Turkiyadagi rasmning aynan o‘zi bo‘lsa, kiyim-kechagi, o‘ltirish usuli Badiuzzamon qo‘lyozmasidagi Navoiy suratiga o‘xshaydi. I. Shchukinning ma’lumot berishicha, Mahmud Muzahhib ishlagan portretda ham shoirning soqol-mo‘ylabi qizg‘ish.

XV asr oxirgi choragida Hirotdagi tarixiy sharoitni ko‘z oldimizga keltirsak, Navoiydan o‘zga kim o‘zidan yosh jihatdan katta bo‘lgan ulamo-fuzalo, olim, shoirlarni o‘z huzuriga to‘plashi mumkin edi? Agar shu o‘rinda biror amaldor bo‘lsa, u hech qachon shunchalik kamtarona kiyinmagan, atrofidagilarga shunchalik diqqat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lmas edi. Yuqoridagi hamma mulohazalardan kelib chiqib, Britaniya Muzeyidagi Nizomiy «Xamsa»sining 214a varag‘ida hazrat Alisher Navoiyning yetuklik davri tasviri berilgan, degan xulosaga keldim.

Qo‘lyozma yaxshi saqlangan, unda xattot nomi va yaratilish tarixi ko‘rsatilmagan, lekin 214a varaqdagi rasmda tasvirlangan binoning ikkinchi qavati oynasi peshtoqiga mayda yozuv bilan «tarix sana somoniya» deyilgan. Agar bu abjad hisobini sanaga aylantirsak, 900 hijriy, ya’ni 1494 yil hisobi chiqadi. Demak, rasm Navoiy 53 yoshda ekanida chizilgan.

Britaniya Muzeyidagi «Xamsa» 214a varag‘idagi suratga o‘xshagan rasm Amir Xusrav Dehlaviyning Leningraddagi Saltikov-Shchedrin nomli Davlat xalq kutubxonasida saqlanayotgan «Layli va Majnun» dostoni 5a varag‘iga ham ishlangan. Bu qo‘lyozma ham Hirotda XV asr oxirida kitobat etilgan, afsuski, tarixi yo‘q. Kitobni Sulton Ali Mashhadiyning shogirdi Sulton Muhammad Hiraviy ko‘chirgan. Kitobdagi badiiy bezaklar va yetti rasmni Behzod va uning yaqinlari yaratganlar. Yetti rasmning birinchisi 5a varaqqa ishlangan. Chinor daraxti, qizil panjara, shinam bino oldida olti kishi yarim doira bo‘lib o‘ltiriptilar. Ularning oldida ochiq kitob ustida bosh egib izzat saqlab bir yosh yigit o‘ltiripti. Yarim doira markazida yashil choponda, qora do‘ppi ustiga oq salla o‘ragan 45—50 yoshlar chamasidagi kulcha yuzlik, qoboqlari keng, qizg‘ish soqol-mo‘ylablik bizga tanish odam o‘ltiripti. Chamamda, yosh shoirning asari muhokama etilmoqda. Markazdagi odam Turkiya va Britaniya muzeyi miniatyuralaridagi portretning aynan o‘zi. Har uchchala rasm buyuk shoirga yaqin bo‘lgan, o‘zi tarbiyalab yetishtirgan musavvirlar tomonidan chizilgan. Natijada, Navoiyning oltita tasviri borligi aniqlandi.

Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida Navoiyning «Navodir un-nihoya» devonining XV asrning 80-yillarida Sulton Husayn uchun tayyorlangan qo‘lyozmasi saqlanadi. Devonni Sulton Ali Mashhadiy ko‘chirgan, ammo uni bezagan, rasmlar ishlagan san’atkorlarning oti yo‘q. Kitob badiiy bezaklik, 6 mo‘jaz rasm ham bor, ammo ular yaxshi saqlanmagan, ko‘p joylarga bo‘yoqlar to‘kilgan. 29a va 97a varaqlarda bir yosh, kulcha yuzlik yigit tasvirlangan, har ikkalasida ham oy yuzlik go‘zal shoir surati chizilgan. Bularni ham Navoiyning yigitlik chogi, deb taxmin qilish mumkin.

Izlanishlar va topilmalar natijasida insonparvar, olijanob, faylasuf, olim, tengi yo‘q shoir, buyuk Inson Nizomiddin Alisher Navoiyning o‘zidan chizilgan va u kishi nazaridan o‘tgan tasvirlari topildi. Ishonamizki, zamonamiz mo‘yqalam sohiblari bundan keyin ana shu mo‘jaz rasmlar asosida shoirga arzigulik portret va haykallar yaratadilar.

Angliyada saqlanayotgan va Navoiyning o‘zidan ishlangan tasvir, deb oynaijahon orqali e’lon qilingan rasm XVI asr Sheroz maktabiga taalluqli bo‘lib, «Majolis un-ushshoq»qa ishlangan, uning shoirga hech qanday aloqasi yo‘q.

Fozila Sulaymonova, filologiya fanlari doktori

«Guliston» jurnali, 1990 yil, 2-son