Azim Suyun. Mas’uliyat tuyg‘usi (1989)

Taqdir raiyatga yuz burdi! Haqiqat, adolatning bog‘langan ko‘zlari ochildi! Loyqalangan fikrlar sunbula suvlariday tiniy boshladi. Dehqon nazarini ilg‘ayman — ko‘nglida umid uyg‘onishi, cho‘pon nigohiga diqqat qilaman — ruh yangilanishi, elimiz sarvarlari qalbida poklanish kurtaklari, ziyolilarimiz yuragida qayta qurish yog‘dusi… Beixtiyor ko‘ksingda tuyg‘ular junbushga keladi, xalqim, uyg‘onishing, yuz ochishing muborak bo‘lsin, tafakkuringni, ongu tushunchangni qayta qurishing muborak bo‘lsin, poklanishing qutlug‘ bo‘lsin, deging keladi.

Albatta, poklanish hammomga tushib chiqish emas. Ma’naviy poklanish! E’tiqodsiz inson hech qachon ma’naviy barkamol bo‘lolmaydi. Xalqni yuksak ishonchdan, e’tiqoddan ayirmaslik har qanday jamiyat rivoji va uning mustahkamlanishi uchun muhim omildir.

1961 yilning 12 apreli. Butun insoniyatni hayratga solib Yu. A. Gagarin samoga parvoz qildi. O‘shanda 6 sinfda o‘qir edim. Barcha sinf o‘quvchilari, o‘qituvchilar jismoniy tarbiya maydoniga yig‘ildik. Maktabimiz direktori Normurod Qozoqov zo‘r hayajon bilan nutq so‘zladi. U so‘zining so‘nggida: «Siz baxtli avlodsiz, yutuqlarimiz shu darajaga yetdiki, 80-yilda kommunizmda yashaysiz. Ur-ra!» dedi. «Ur-ra!» dedik.

Birdan… «kommunizmda yashash davrimiz»ga kelib hamma narsa boshqacha bo‘lib chiqdi. Bugun xalqimiz, qanchalik achchiq bo‘lmasin, haqiqatni bilishi kerak. Ayniqsa, O‘rta Osiyo xalqlari ko‘p murakkab jarayonlarni boshlaridan kechirgan. Gap shundaki, ular Ulug‘ Oktyabr inqilobi tufayli feodalizmdan sotsializmga «sakrab» o‘tganlar. Bu «sakrash» jarayoniga V. I. Lenin o‘z vaqtida diqqat-e’tiborini qaratgan edi. Ammo dohiyning O‘rta Osiyo xalqlari uchun g‘oyatda muhim bo‘lgan bu fikrlari keyinchalik mutlaqo unutildi. «Sakrab» o‘tganimizni unutish esa O‘zbekistonga qimmatga tushdi. Nega shunday bo‘ldi?

Biz yillar davomida har qanday muammolarni «yashin tezligi»da hal etib keldik. Kichik g‘alabani ko‘zlab, katta g‘alabalarni boy berdik. Frantsuz klassik shoiri Gilvik aytganidek: «…muz saltanatida atirgul o‘stirmoq zarur»ligini unutdik. Butun bir mamlakat buyruqbardorlik bilan boshqarildi. Xalq talabi inobatga olinmadi. Tomorqasiga ham paxta ekkan o‘zbek dehqonining ahvoli tanglashdi: xilma-xil kasalliklar, to‘yib oziqlanmaslik, kamqonlik… tinka-madori qurigan odamlar eshigidagi sigirining tug‘ishini poylashdan, o‘sha buzoqchani boqib besh-to‘rt so‘m xarj puli qilishdan o‘zga chorani o‘ylab topa olmadi. Chorvadorning boshi esa «kamomad«dan chiqmadi. Ozodlikka chiqqan o‘zbek ayoli oq paxtaning qora mehnatchisiga aylandi. Mehnatkashning xo‘jayini shunchalar ko‘pki, o‘ylab yoqa ushlaysan. Qaysidir jurnalda surat bosildi: bir dehqon muk tushib dalada ishlayapti… Uning qarshisida agronom, rais, partiya tashkilotining kotibi, raykom vakili, boshqarma boshlig‘i, obkom kotibi… yana qandaydir taftish a’zolari… qo‘llarini bellariga tiraganicha kuzatib turishibdi. Dehqon ishlayapti…

Xullas, oddiy mehnatkash yashash uchun yo‘llar axtardi. Qorin qayg‘usi kishini ne ko‘ylarga solmaydi, deysiz. Bugun qanchalab begunoh dehqonlar, cho‘ponlar so‘roq berib yurishibdi. Qayta qurish davrida oq oqqa, qora qoraga ajralishi kerak. Axir ular bitta-ikkita emas, qolaversa, ularning bola-chaqalari ham bitta-ikkita emas. Muhit keyingi 20—25 yil ichida yanada og‘irlashdi. Dehqon bolalari chopiqda, yaganada, terimda… cho‘pon bolalari o‘tarlarda… bolalar tirikchilik uchun bozorlarda… Ularning o‘qishida, bilim olishlarida tayin bo‘lmadi, chalasavod bo‘lib qolishdi. «Katta»larning bolalari esa hatto respublikalarni tebrata boshladi! Xalqning e’tiqodi so‘ndi, hech narsaga ishonmay qo‘ydi. Balki dinga ishonish, «latta-putta»larga ko‘r-ko‘rona sig‘inish, qandaydir «muqaddas joy»larga zir qatnashlar kuchayishiga shu sababdir. Go‘yoki, ular og‘irini yengil qiladiganday, go‘yoki ular imkoniyat yo‘llarini ochadiganday… qayta qurish davrida yuksak e’tiqod poydevorlarini mustahkamlash bilan mehnatga haq to‘lashni to‘g‘ri tashkil qilish zarurat bo‘lib qoladi. Menimcha insonni o‘z o‘tmishi e’tiqodga o‘rgatadi. Bir hayotiy misol keltirmoqchiman. Shu yil Xotira kuni otamning qabriga yodgorlik o‘rnatdik. Qabrtoshga otamning shajarasi, ya’ni 14 bobomning nomini yozdirdim. Yig‘ilib kelishgan butun qishloqdoshlarim uni ko‘rishib, xitob qilisha ketdi:

— Ashirmat bizning ham bobomiz-ku?..

— Norboy bizning ham bobomiz…

— Olloyor «falonchi»larning ham bobosi…

— Yopiray, tubimiz bitta ekan…

— Hammamiz bir otadan tarqalgan ekanmiz-da…

— Begonaday yuribmiz-a?..

— Azimboy, baraka top, butun bir qishloqni birlashtirding!

Tarix — xalqni birlashtiruvchi kuch! Har bir xalq o‘z tarixini bilishi, hurmat qilishi, e’zozlashi kerak. O‘z tarixini nazar-pisand qilmaganning kelajagi yo‘qdir. O‘zbekiston tarixining hali o‘qilmagan sahifalari juda ko‘p. Va yoki sahifalari yolg‘on, chala o‘qitilib kelinmoqda. Bizning tariximizdek boy tarix kamdan-kam xalqlarga nasib qilgan. Va u murakkab, og‘ir kechgan. Shu paytgacha bu haqda mukammal tarix kitobi chop etilmagan. O‘rganilganlari esa ularning chalakam-chatti qirralari xolos… Qadim zamonlardan Ulug‘ Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan tariximiz bir jild, yetmish yillik tariximiz esa uch jildga joylashtirilganligini qanday izohlash mumkin?!

Buyuk inqilobning bizga bergan eng buyuk xizmati shundaki, u turkiy elatlarni, jumladan, o‘zbek elatini xalq sifatida namoyon etdi. Biz xalqimizni bir butun holda ko‘rdik, tanidik. Ilk tarixdan ma’lumki, hozirgi O‘rta Osiyo, zaminida yoki Amudaryo va Sirdaryo oraliqlarida, ularga yaqin bo‘lgan joylarda juda ko‘plab turkiy qabilalar yashaganlar. Saklar, massagetlar, so‘g‘diylar, uyshunlar, toharlar, qanglilar, oq xunnlar, o‘g‘uzlar, o‘zbeklar, tuxsilar, chig‘illar, qarluqlar, yag‘molar, arg‘inlar, jaloyirlar, barloslar, qavchinlar, arlotlar, sulduzlar, nukuzlar. XV asr oxirida Dashti Qipchoqdan kelgan ko‘chmanchi o‘zbeklar — bugungi o‘zbek xalqining ajdodlaridir. Shuni aytish kerakki, bu urug‘, qabilalarning ko‘pchiligi Movarounnahrga har xil davrlarda Oltoy, Yettisuv, Sharqiy Turkistondan kelishgan. Mahalliy turkiy qabila va urug‘lar bilan chatishib ketganlar. Bu chatishishlar hosilasi o‘laroq turkiy qabilalardan qarluqlar, chig‘illar, yag‘molar barpo etgan qoraxoniylar davlati davrida, ya’ni X—XII asrlarda o‘zbek elati to‘liq shakllandi, eski o‘zbek tiliga asos-bo‘lgan qarluq-chig‘il lahjasi yozma adabiyot tili darajasiga ko‘tarildi va u o‘zbek elatining umumiy tili bo‘lib qoldi. Bu davrning «Qutadg‘u bilik», «Devonu lug‘otit turk» kabi yodgorliklari ulug‘ qobusnomalardir. Bu qobusnomalarni bugun hatto kutubxonalardan topish amri mahol. Umuman, olganda bizning xalqimizda o‘z tarixiga qiziqish, uni chuqur bilish, tushunishga harakat g‘oyat sust. Rus muarrixi N. S. Likoshin: «…shunday katta tarixga ega bo‘lgan bu mahalliy xalqda faxr tuyg‘usi juda kuchsiz», deb yozganda ming barobar haq edi. Kim biladi deysiz, ana shu beg‘ururlik, e’tiqodsizlik VIII asrda arab imlosiga yo‘l ochib bergandir, asrlar o‘tib lotin imlosiga o‘tildi va hokazo.

Oilamiz bilan tarixni juda yaxshi ko‘ramiz. Xalqimiz tarixini, to‘g‘risini aytsam, ko‘proq keng bilimli rus, xorij olimlari asarlarini o‘qish orqali o‘zlashtirganman. Bartold, Yakubovskiy, Bertels, Vyatkin, Grekov, Krachkovskiy, Gumilov, Sablukova, Berezin, Barnshtam, Velyaminov-Zernov, Leonov, Masson, Rozenfeld, Sale, Tolstov, Lunin, Petrishevskiy, Gurevich, Stroyeva, Bajenov, Struve, Semenov, Kondratev, Pugachenkova va boshqa ko‘plab turkiy xalqlar tarixining u yoki bu qirralarini teran o‘rgangan bilimdonlarning nashrlarini xalqimiz unutishga haqqi yo‘q! Bundan tashqari N. S. Likoshin, N. P. Ostroumov, D. N. Logofet, A. G. Tumanskiy, M. I. Shreyder, rassom V. V. Vereshchagin, generallar K. P. Kaufman, M. G. Chernyayev kabi har xil qarashdagi siyosiy arbob, tarixchi, sayohatchi, xotirachilarning «yozma ish»larini bilish ham xalqimizning yaqin tarixini bilishda katta ahamiyatga ega. Kavkaz xalqlari tarixida rus tarixchilari, olimlari, sayohatchilari A. S. Pushkin singari shoirlarning xotiralarini eslang… Ozarboyjon SSR FA akademigi Ziyo Musayevich Buniyotov ham buyuk ilmiy ishlar qildi.

O‘zbek tarixchilari ham ko‘p ish qildilar, Ammo bu «ko‘p» ham kam. Yahyo G‘ulomov, Ibrohim Mo‘minov, Bo‘riboy Ahmedov, Hamid Ziyoyev kabi keng qamrovli olimlarimiz xizmatlarini juda qadrlayman. Abdurazzoq Samarqandiy, Narshaxiy, Zayniddin Vosifiy, Davlatshoh Samarqandiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchi olimlarimizning ayrim asarlari, «Abdullanoma»ning ikki jildi, «Vasiqalar to‘plami», «Shayboniynoma», «Irq bitig» va boshqa bir qancha adabiy, tarixiy yodgorliklarni xalqimiz bugungi kunda sevib o‘qimoqda. Ammo ag‘darilmaganlari qancha?.. Ular arab, rus tilida harakatsiz yotibdi.

O‘tgan yillar ichida «O‘zbekiston tarixi» bir necha bor har xil hajmda nashr etildi. «Samarqand tarixi» (II jild), «Xorazm tarixi» (I jild), «Buxoro tarixi» (I jild) o‘zbek, rus tillarida chop etildi. Bu albatta — xayrli ish. Lekin shuni aytish kerakki, bu «Tarix»lar hali mukammal emas. Juda ko‘p soxtaliklar mavjud. Chalkashliklar qalashib yotibdi. Bir nashr faktlari ikkinchi nashr faktlariga to‘g‘ri kelmaydi. Menimcha, o‘zbek xalqi tarixi turkiy xalqlar tarixidan uzilib olinmagan holda tartibga solinishi kerak. U juda qadimdan boshlanadi. Bor manbalar o‘rganilib chiqilsa ham… ko‘p narsa oydinlashadi. Mendan uchrashuvlarda: «Bobur kim bo‘lgan, u o‘zbek emasmi?» deb so‘rashadi. «Bu qanaqasi?» desam: «Bobur Shayboniyxonni «o‘zbak» deb so‘kadi-ku?» deyishadi. To‘g‘ri. Bu savolga tarixchilarimiz aniq-tiniq qilib o‘zbek tarixiga javob yozishi kerak-ku! Men buyuk rus tarixichisi Vasiliy Osipovich Klyuchevskiydek o‘zbeklar tarixini izchil o‘rganib, o‘zbek xalqining mukammal tarixini yaratuvchi bir zotning paydo bo‘lishini faqat orzu qilaman.

Bizning maktablarda o‘rganilayotgan «O‘zbekiston tarixi» g‘oyat qashshoq, g‘arib. Yolg‘oni ko‘p. Gruzin xalqi o‘z tarixi haqida «yolg‘on» nashr chiqib qolgudek bo‘lsa, uning birortasini ham qoldirmay topib gulxanga tashlar ekan. O‘quvchilarimiz o‘ninchi sinfni bitiradi-yu, kimning bolasi ekanligini anglamay institutlarga yo‘l olishadi. Mahmud Zamaxshariyning «Asos ul balog‘a», «Muqaddamat ul adab», Ahmad Yassaviyning «Devoni hikmat», Sulaymon Boqirg‘oniyning «Bibi Maryam kitobi», «Oxir zamon kitobi», o‘g‘uz qahramonlik dostoni «Qo‘rqut Ota kitobi», «O‘g‘uznoma», Xerman Vamberi ta’rif-tavsifini keltirgan Abulg‘oziy Bahodirxonning «Shajarai turk», «Shajarai tarokima» kabi asarlari tarixiy jihatdan ham juda qimmatlidir. Keyingi yillarda ingliz tarixchisi M. Boysning «Otashparastlar» to‘plami, «Qadimgi sharq adabiyoti» matnlari,

«O‘zbekiston tarixi manbalari» (B. V. Lunin to‘plagan) matnlari, Fasix Xavofiyning «Mujmali Fasixiy», «XV—XVI asr Samarqand hujjatlari», «Tavorixi guzida Nusratnoma» kabi to‘plamlar rus tilida nashr etildi, ular o‘zbek kitobxonlariga ham yetkazilsa, sevilib, talashib-tortishib o‘qilishiga shubham yo‘q. Shu fikrimni alohida ta’kidlaymanki, Bartold, Bertels, Tolstov, Vyatkin, Semyonov kabi rus tarixchilarining O‘rta Osiyo tarixi, ilmi, adabiyotga oid asarlarini albatta o‘zbek tilida chop etish zarur. Ular tariximizdagi asl manbalarni chuqur o‘rganishib chiqishgan va qarashlari ham xalqimiz manfaatlariga mos tushadi…

Qayta qurish barcha xalqlar oldiga juda ko‘p masalalarni qayta ko‘rib chiqishga, deylik, daraxtning faqat shox-shabadalarigagina nazar tashlashga emas, ildizlariga ham sinchiklab qarashga olib keldi. Kishilik jamiyati o‘zi shunday yaralgan. U hamisha yangilanib, bir holatdan ikkinchi bir holatga o‘tib, o‘zgarib turish asosiga qurilgan.

Maktablarimiz ahvolini tubdan yaxshilamas ekanmiz, ma’rifatchilik g‘oyalarini har bir yurakka singdirmas ekanmiz, boshimiz nodonlikdan, jaholatdan chiqmay qolaveradi! Buning yo‘li bormi? Bor! Ammo hamma yo‘llar iqtisodiy shart-sharoitlarga borib taqalaveradi!.. Biz tariximizdan uzilib qolgan xalqmiz. Buni bugun hamma biladi. Hayotning pastu balandini tushunganimiz sari bu masala yuzaga chiqib qolayapti. U chuqurlashib boraveradi. Til bilguvchilar keksayayapti, o‘rinbosarlar yo‘q, qo‘lyozmalar esa o‘qilmay sarg‘ayayapti… Hay, bu uzoq tarix… Ammo bugungi ona tilimiz kay ahvolda, savodimiz joyidami? Qo‘limiz nimalarga yetdi? Qaysi yulduzni uzib oldik? Avvalo, shuni aytishim kerakki, bugungi o‘zbek tili sezilarli darajada qashshoqlashdi, ohorsizlandi, ta’bir joiz bo‘lsa «so‘lim»ligini yo‘qotdi. Nazarimda, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Mirtemir tillarining salmog‘i kamaygandek… Til masalasi bilan kadrlar masalasi chambarchas bog‘liq, deb bilaman. Nega milliy kadrlar yetishmayapti? Yetishmayapti emas, juda ko‘p. Lekin ularning ko‘pchiligi «til» bilmasligidan, ya’ni rus tilini puxta egallab ololmaganidan yuqorilab ketolmayapti. Ma’lum nuqtalarga borib, taqqa to‘xtab qolishmoqda. Vaholanki, milliy kadrlar masalasi, ularning xalqqa rahbarlik qilishlari — g‘oyat muhim. Milliy kadrlarning joylarda turishi muhim. Ular — xalqning kelajagi. Bir yunon faylasufi qaysi xalqning o‘z yo‘lboshchilari, daholari bo‘lmas ekan, o‘sha xalq yer yuzidan supirilib, yo‘q bo‘lib ketishga mahkum, deb yozgan.

Bizning rahbarlarimiz faqat «o‘rindiq»larinigina o‘ylamasdan, xalqimiz taqdirini o‘ylashlari lozim bo‘lgan vaqt keldi. Ular xalqning buguniga mas’ul, kelajagiga javobgardirlar. Vijdon, imon ko‘krak qafasini yorib chiqishi lozim bo‘lgan zamon yetdi!

Jamiyat o‘suvchan. Tabiatning o‘zi singari hamma g‘oyalar, uslublar o‘zgaruvchan. Yangi kunlar keladi, yangi avlodlar yetishib chiqadi, yangi g‘oyalar paydo bo‘ladi. Ularni yaratishda xalqimizning ham o‘z o‘rni bo‘lishi shart.

Bugungi taraqqiyot shunga olib keladiki, hech bir xalq boshqa xalqlar ustidan hukmronlik qilishdek imtiyozlar berilmasligini dunyo xalqlari birgalikda hal etishlari zarur! Har bir xalq erkin, ozod, tinch-totuv yashashlari hayotiy zaruriyatdir.

«Guliston» jurnali, 1989 yil, 7-son