Azim Suyun. «Dunyo tijorat ila oboddir…» (1991)

Bu so‘zlar jahongir Amir Temurning Farangiston qiroliga javob maktubidan olindi. Darhaqiqat, odamzod paydo bo‘libdiki, oldi-berdi bilan, savdo-sotiq bilan mashg‘ul. Va, tabiiyki, u inson hayotining muhim qismini tashkil qiladi.

Juda ko‘p qadimiy kitoblardan ma’lumki, Sharq xalqlari o‘z farzandlarini 10—11 yoshdanoq savdoga o‘rgatganlar. Tijoratning sir-sinoatidan voqif etishga harakat qilganlar. Bozorlarga birga olib borib, ko‘zlarini pishitganlar. Sarf-xarajatning murakkab tomonlaridan xabardor etganlar. «Pul topish oson, sarfi qiyin» deb qo‘yishardi yoshligimizda keksalar.

Mana, «Toshkent ishbilarmonlar uchrashuvi»ning tugab, amaliy faoliyatga o‘tilganligiga ham ancha-muncha vaqt bo‘lib qoldi. Ammo men g‘oyat muhim bo‘lgan bu uchrashuv haqida hamon o‘ylayaman, mushohada qilayapman. U ona O‘zbekiston uchun nima berdi, nima beradi? Chet ellardan tashrif buyurgan ishbilarmonlarning hammasiga ham ishonsa bo‘ladimi? O‘zimizning ishbilarmonlarimiz lafzlarida tura oladilarmi? Xo‘b, xorijliklarning-ku o‘z erki o‘zida, bizlarniki-chi?.. Holbuki, chet ellar bilan barcha aloqalar erkin asosga qurilmog‘i kerak. Busiz hech bir ish amalga oshmasligi ayon.

Agar to‘g‘ri bo‘lsa, xorijga sotiladigan mahsulotlar daromadining valyuta hisobidagi 40 foizi Ittifoq g‘aznasida qolar ekan. Bu tartib bekor qilinmasa, yana o‘z qozig‘imiz atrofida o‘zimiz aylanavermaymizmi?

Chegaralar-chi? Chegaralar… Hamma qilingan amaliy ishlar natijasi shu yerda barham topmaydimikan? Ittifoq degan mustahkam qo‘rg‘on sarhadlari erkin tijoratga yo‘l ocharmikin? Axir, hali O‘zbekistonning o‘z chegarasi yo‘q-ku?! O‘zbekiston Markaz tasarrufida-ku?.. Qadimgi vaqtlar emaski, Samarqanddan chiqqan tijorat karvoni hech qanday hujjatsiz Termiz orqali istasa Afg‘onistonda cho‘ksa, istasa Eronda, istasa Xitoyda, istasa Makkai Madinada cho‘ksa… Yoki u yerlardan istagan molni olib qaytib Buxoro bozoriga tushirsa…

Bunday gaplar bilan men «Toshkent ishbilarmonlar uchrashuvi»ni zarracha shubhalar bo‘roni ostiga qo‘ymoqchi emasman. Gumon imondan ajratar, deyishadi yaxshilar. «Uchrashuv» kunlarida «Saudiya marmar kompaniyasi» prezidenti Abdul G‘affor Nur bilan bir necha bor suhbatda bo‘ldim. U kishi katta umidlar bilan Saudiya Arabistoniga uchib ketdi. Abdul G‘affor aka ba’zi ishbilarmonlar kabi bizdan o‘z mamnuniyatini, fikrlarini yashirib o‘tirmadi: «O‘zbekistondan, qutlug‘ tuproq vatanimdan xursandman, uning o‘ktam, hurmatli Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovdan juda minnatdorman. Prezident tashabbusi O‘zbekiston taqdirida juda katta burilish yasaydi. Faqat bir istihola u kishiga yetkazilsa… Bozorga borgan xaridor ham, sotuvchi ham foydani ko‘zlaydi. Doim katta foydaning payida yuradigan biznesmen hech qachon o‘z raqobatchisining ishlari yurishib ketishini xohlamaydi. Bu yerda eng avvalo xorijda istiqomat qilayotgan va yurtga, ona Turkistonga hurmat-e’tiqodini ko‘nglida avaylab-asrayotgan vatandoshlarimizga suyanilsa!!! Turli xorijiy davlatlarda 5 milliondan ziyod turkistonlik — millatdoshlar istiqomat qilishyapti. Ularning aksariyati jahon taraqqiyoti darajasida faoliyat yuritayapti. Taqriban bo‘lsa-da, 5 million raqam hazilakam emas. Ularning manfaatlarini ham hurmat qilgan holda o‘zaro munosabatlarni hech ikkilanmasdan tiklamoq kerak. Vatan, yurt tuyg‘usi, farzandlik, qarzdorlik, burch tuyg‘usi o‘lmas bo‘lib, bundan hatto jonivorlar ham benasib qolmagan. Chin (Xitoy) og‘ir bo‘hron (krizis)ga tushib qolib, so‘ng dastlab dunyo bozori bilan bog‘lanishda faqat chet davlatlardagi Chin ishbilarmonlariga tayanishganini butun bani bashar biladi. O‘zingniki o‘zingniki-da. Buni hali dunyo rad etgani yo‘q».

O‘sha kunlari Abdul G‘affor Nurning lafziga, ya’ni bergan va’dasining ustidan chiqish uchun qilgan har bir harakatiga guvoh bo‘lib, mutlaq tong qoldim. U kishi qandaydir bilim yurti bilan shartnoma tuzgan, bir qancha bolalarni Saudiya Arabistoniga o‘qish uchun shaxsan o‘zi saralab olishi kerak edi. Abdul G‘affor aka, u kishining yaqin bir tanishi — mening ham do‘stim, uchalamiz «Volga»da ketayapmiz. «Sizga boshdan-oyoq O‘zbekiston marmaridan qurilgan binoni (V. I. Lenin nomidagi muzey binosini nazarda tutdi) birrov ko‘rsataman, axir Siz birinchi galda «Marmar» kompaniyasining prezidentisiz», — dedi do‘stim mashinaga chiqar ekanmiz. U kishi indamadi, o‘tirganimizdan keyin shofyorga va’da qilingan joy nomini aytib: «Haydang!» — dedi. Muzey binosiga yetay deganda chorraha-kesishuvga kelganda do‘stim yana boyagi gapini takrorladi. Abdul G‘affor aka shartta mashina eshigini ochib tushib ketmoqchi bo‘ldi. Zo‘rg‘a ushlab qoldik. «Lafz qildingmi, ustidan chiq. Men falon paytga va’da berganman, borishim kerak. Vassalom», — dedi jahl bilan. Qayta hech kim og‘iz ochmadi.

Men ong-tong qolib o‘ylab ketdim. Lafz… U bizda qoldimi? Biz ham har bir ishimizda o‘z lafzimizning ustidan chiqsak edi, qat’iyatlik bilan va’dalarimizni amalga oshirsak edi… Lafzsiz odamlarga aylanib qolmayapmizmi, ishqilib?! Xudo asrasin! Inson — o‘z lafzi bilan ulug‘! Davlat — o‘z lafzi bilan barqaror. Ayniqsa, tijorat ishlarida pul emas, lafz va ish birlamchidir!

Ha, aytaversang, gap ko‘p. Qayta qurish Yer yuzidagi ijtimoiy ahvolni o‘zgartirib yubordi. Uzoq vaqt davom etgan totalitar tuzum sarhadlari ramziy ma’noda ko‘tarib tashlandi. Sho‘ro fuqarolarining ko‘ksiga erkinlik shabadasi tegdi. Bu erkinlik milliy tuyg‘ularni uyg‘otdi.

Milliylik doim baynalmilallikka intiladi. Bugun shunday vaziyat vujudga keldiki, hech bir millat, hech bir davlat o‘z qobig‘iga o‘ralib yashay olmaydi. Amriqo qanchalik taraqqiy etmasin, u baribir o‘zga millatlar, o‘zga davlatlar bilan munosabatga ehtiyoj sezaveradi. Bu xususiyat davlat sifatida O‘zbekistonga ham taalluqlidir.

Totalitar sistemaning qat’iy tartiblari O‘zbekistonni uzoq vaqt ana shu harakatdan tiyib turdi. Respublikamiz o‘zining barcha xalqaro harakatlarini Markaz orqali amalga oshirdi. Bu yerda esa maqsadga nomuvofiqliklar sodir bo‘ldi. Natijada bir paytlar jahonga qomusiy allomalarni bergan O‘zbekiston XX asrda jahon taraqqiyotidan uzilib qoldi. Bu uzilish nochorlik bilan yakunlandi. Iqtisodiy-texnologik va ma’naviy turg‘unlik qashshoqlikni keltirib chiqardi.

Qashshoq o‘lkada esa ilm, fan, madaniyat, san’at tanazzulga yuz tutadi. Biz bugun ana shu inqirozdan qutulmoq uchun ham mustaqil davlat sifatida jahonga chiqishimiz zarur!

Buning uchun O‘zbekistonda qayta ishlash sanoatini jahon standarti darajasiga yetkazish kerak. Vaqt behuda o‘tmasdan, taraqqiy etgan mamlakatlardan unumli texnologiyani O‘zbekistonga keltirish kerak. Ana shunday qilinganda, O‘zbekiston xom ashyo yetishtiruvchi bazadan mahsulot ishlab chiqaruvchi o‘lkaga aylanadi. Ammo bu juda qiyin kechadigan jarayon. Biroq qo‘rqadigan nimamiz qoldi?..

Agar biz yetishtirilayotgan mahsulotlarni qayta ishlashga erishsak, bundan katta miqdorda iqtisodiy naf ko‘ramiz. Agar O‘zbekistonning xazinasida katta miqdorda pul bo‘lsa, biz uchun tanqis hamma narsani raqobatchilarimizdan sotib olishimiz mumkin. Endigi gap qurilish materiallari haqida ketayapti. Agar uning ta’minoti hozirgi darajada qoladigan bo‘lsa, O‘zbekistonda imorat qurilishi masalasi 2000 yilgacha ham ko‘ngildagidek hal bo‘lmaydi. Asosan qishloqlarda qurilishni yaxshilash kerak. Chunki, qishloq obod bo‘lmasa, shahar, demakki, O‘zbekiston obod bo‘lmaydi.

Bundan keyingi qurilishlarimizda Sharq koloriti ustun bo‘lishi kerak. Jumhuriyatning geografik iqlimi ana shuni taqozo etadi. Sovuq o‘lkalarga mos imoratlarni O‘zbekistonda qurib tashlayvergan bilan murod hosil bo‘lmaydi.

«Toshkent ishbilarmonlar uchrashuvi»dagi yana bir suhbatdoshim Anqara universitetining ko‘p yillik rektori, mashhur ikki jildlik «Tarixda Turk davlatlari», «Tarixda turklar» asarlarining muallifi, kimyo fanlari doktori, professor Tarik Somer janoblari bo‘ldi. U yuqoridagi muammolarning hal etilishini misollar bilan isbotlashga harakat qildi.

— Xususan, — dedi u, — O‘zbekiston paxta yetishtirar ekan, to‘qimachilik fabrikalarini mutloq qayta qurishi va texnologiyasini o‘zgartirishi zarur. Bu borada Turkiya katta yordam berishi mumkin. Chunki Turkiyada ham — Adana, Marashda, Egey dengizi sohillarida paxtadan mo‘l hosil yetishtiriladi. Ovrupo davlatlari, Amriqo, Pokiston, Xitoy, Koreya, Yangi Zelandiya kabi mamlakatlar bilan uzviy aloqalarda bo‘lganligi sababli paxtadan unumli hosil olish va uning texnologiyasini mukammallashtirish borasida katga tajriba to‘plagan. Qolaversa, tilimiz bir, dinimiz bir — bitta xalqmiz. Bir-birimizga yordam berish, hamkorlik etish, tijorat — savdo-sotiq ishlarini bihamdilloh rivoj toptirish barchamizga farz ham qarz.

Professor O‘zbekiston Qurilish vazirligi Turkiyadagi dunyoga dong‘i ketgan «Turk» qurilish shirkati bilan shartnomalar tuzsa, tijorat ishlari hisob-kitobini hamkorliqda ishlab chiqsa, uy-joy tiklash masalalarini hal etish mumkin, deb hisoblaydi. Uning gaplarida jon bor: axir «Turk» shirkatidan hatto Moskva ham bir necha yildan buyon foydalanayapti-ku.

Ha, takliflar ko‘p. Ammo hamma narsaga pul, mablag‘ kerak. Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi. Tijorat lozim. Savdo-sotiq rivoji kerak. Aytaylik, men Istanbul universiteti Sharqiy Turkistondagi asosiy ilmiy markaz va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tezda o‘zaro shartnomalar tuzishib, yagona turkshunoslik ilmiy markazi tashkil qilishni zaruriyat, deb bilaman. O‘sha ilmiy markaz qoshida umumturkiy madaniyat obidalarini muhofaza qilish fondini tashkil etish lozim bo‘ladi.

Hozir jahon taraqqiyoti shu darajaga erishdiki, uni kompyutersiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Yaponiya, Koreya kabi davlatlar bilan O‘zbekiston kibernetika ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi hamkorlikda maxsus kompyuterlar ishlab chiqaradigan korxona, zavodlar tashkil qilsin, deyman. O‘zbekistonda maxsus yapon tili kurslarini ochish lozim, axir Yaponiyada yaponcha-o‘zbekcha lug‘at allaqachon tuzilgan.

Amerikadagi «Boing» samolyotsozlik kompaniyasi bilan Chkalov nomidagi aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi hamkorlikda tijorat masalalarini kun tartibiga qo‘yishlarini taklif qilaman. Bundan ikki yil oldin «Boing» samolyotining asbob-uskunalarini tayyorlab, yetkazib beruvchilardan biri juda katta zavod egasi o‘zbek edi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi iqtisodiy ilmiy instituti Angliyadagi (AQSh, Shveytsariya) iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi biror ilmiy markaz bilan aloqa o‘rnatib, kapitalizm iqtisodiyoti nazariyasi va amaliyotidagi ibratli, muhim tomonlarni jumhuriyatimizda tagbiq etishga kirishsinlar, degim keladi. Axir Yevropa mamlakatlari bilan barcha aloqalarimiz Amir Temur davridan keyin to‘xtab qoldi-ku?!

O‘zbekistonda g‘o‘zapoya va paxtadan qog‘oz ishlash texnologiyasini ishlab chiqish hamda yo‘lga qo‘yishni tezlashtirish zarur, deyman.

Chet elga chiqayotgan vatandoshimiz tilmochning yordamiga muhtoj bo‘lmasligi, buning uchun O‘zbekiston chet tillarni o‘rganishni hozirgidan bir necha barobar kuchaytirishi lozim. Ammo bu juda qiyin. Shuning uchun Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon singari yirik shaharlarda chet tillarni (birvarakayiga ingliz, frantsuz, arab va boshqa) o‘rgatishga ixtisoslashgan maxsus maktablar ochish, uni bitirish muddatlarini siqiqlashtirish kerak. Bundan tashqari lotin alifbosini o‘rgatadigan qisqa muddatli kurslar darkor. Lotin alifbosini o‘rganish Amerika, Olmoniya, Angliya, Farangiston (Frantsiya), Italiya, Avstraliya, Kanada, Turkiya va boshqa davlatlar bilan aloqamiz kuchayishida ko‘prik, ya’ni harf tanish, til o‘rganishga zina bo‘ladi, deyman. Texnika, meditsina va hokazo sohalarda lotin alifbosi qo‘llaniladi, axir.

O‘zbekistonda yetishtirilayotgan, jahonning turli nuqtalarida noyob hisoblangan mahsulotlarni tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanadigan maxsus mahkamalar bo‘lishi shart, degim keladi.

Xullas, istaklarimiz, takliflarimiz, orzularimiz mo‘l-ko‘l. Ular inobatga olinib bosqichma-bosqich amalga oshirilib borilsa, xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilsa, illo O‘zbekistonimiz istiqboli yomon bo‘lmas, deyman.

Har qanday davlatning bosh rahbari bugun uchun emas, kelajak uchun ham ishlaydi (Pyotr I ning ko‘zlagan maqsadlari qadim Turkistonda XIX asrning ikkinchi yarmida amalga oshdi). Yaqinda haftanomamizda bir ajoyib istak bildirildi. Uning qisqacha mazmunini beraman: jumhuriyatimiz jug‘rofiy jihatdan jahon okeaniga yaqin yerda joylashgan. Okeanga chiqish uchun Eron yoki Turkiya hududi bo‘ylab janubga temir yo‘l qurishimiz kerak. Agar shu ish amalga oshsa, O‘zbekistonni jahon bilan bog‘laydigan yo‘l bir necha bor qisqarishi mumkin. Hozirgi kunda Yer yuzi aholisining salkam yarmi jahon okeaniga 200 kilometr radiusdagi yerlarda yashamoqda. Tashilayotgan yuklarning 60 foizi dengiz transporti ulushiga to‘g‘ri keladi. Jahonda O‘zbekistonga o‘xshash davlat ko‘p emas. Dengizga chiqish uchun xalqaro huquqdan foydalanishimiz lozim. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan 1028 (X1)-sonli rezolyutsiyasi shunga imkon beradi. Agar kelishilsa, bu yo‘l Turkiya va Eron uchun ham foydali. Port qurish uchun yer kerak. Kelishiladi. Va nihoyat, o‘z milliy flotimiz uchun kadrlar tayyorlashni ham yo‘lga qo‘yish payti keldi.

Qolaversa, Termiz orqali mahsulotlarimizni Afg‘oniston, Pokiston, Hindistonga — dengizga olib chiqolsak, nur ustiga nur bo‘lardi. Yoki Turkmaniston orqali: Mari — Mashhad yo‘li bilan Eronga, Turkiyaga — dengizga chiqish kerak.

Va nihoyat: narx hukumat monopoliyasidan chiqishi, davlat mulkining xususiylashtirilishini tezlashtirish lozim bo‘ladi.

Ushbu ishlarni iqtisodiy, siyosiy, sotsiologik, ma’naviy jihatlardan qattiq amalga oshirishda Prezidentimiz milliy kadrlarga tayanishi joiz, deb bilaman.

Xulosa qilib aytganda, biz dunyoga talpinmoqdamiz, dunyo esa bizga intilmoqda. Qars ikki qo‘ldan. Hurmatli mushtariylarimiz meni kechirsinlar… ammo bugun do‘stlik ham quruq qo‘l bilan bo‘lmaydi. Tijorat yo‘li — yashash tarzi! Nachora. XXI asr bo‘ylamoqda. Lekin har qanday asrda ham inson inson bo‘lib qolajak! Binobarin, «Dunyo tijorat ila oboddir!»

«Xalq so‘zi», 1991 yil 18 iyul.