Tilimiz o‘z tarixida yangi davrga qadam qo‘ydi, faoliyat doirasi kengayib, yelkasiga g‘oyat ulkan mas’uliyat yuklandi. Yangi Qonun, albatta, tilimizning to‘siqsiz va erkin rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Ammo Qonun va u bergan imkoniyatlar tufayli so‘z qo‘llashda bir oz xilma-xillik, ba’zi an’analarni buzish hollari ham yuz bermoqda. Chindan ham yaqin o‘tmishda domla, dorilfunun, jabha, jumhuriyat, inqilob, mafkura, mahkama, rasta, risola, talaba, Sho‘ro kabi so‘zlarni qo‘llash internatsionalizmga zid deb qaralar va ularni qo‘llagan kishilar turli darajadagi tamg‘alar bilan «siylanar edi, chunki bunday so‘zlarni qo‘llashni man etishga fatvo bergan olimlar va bilib-bilmay ularga ergashgan izdoshlar bor edi.
Hurmatli olimimiz, akademik T. A. Qoriniyoziy «Sovet O‘zbekistoni madaniyati tarixidan ocherklar» nomli asarida (Toshkent, 1956) lison, mushtarak, mafkura, musodira (asarda: musodara), ajnabiy kabi «so‘zlar o‘zbek tili leksikasidan allaqachonlar chiqib ketdi va o‘z o‘rnini o‘zbek xalqi keng ommasiga tushunarli bo‘lgan so‘zlarga berdi» (242-bet), «Eski turmush formalari bilan bog‘liq bo‘lgan, jumladan, quyidagi so‘zlar va iboralar yo‘q bo‘lib ketdi: qozixona, qiroat, bozor shab, shafe, sudxo‘r, gumashta va boshqalar» (243-bet) deb yozib, o‘zbek tili lug‘at boyligining o‘ttiz yillik sovet davriga baho berganlar va qat’iy hukm chiqarganlar. Shuningdek, kitobda «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «Sovet O‘zbekistoni») gazetasining 1940 yil 18 oktyabr sonidagi bosh maqolada ko‘llangan mutlaqo, daraja, ta’min, jiddiy, xotima, qat’iy, manfaat, intizom, qalb kabi so‘zlarga «Keng ommaga unchalik tushunarli bo‘lmagan so‘zlar» deb qaraladi (ommaning bag‘ri qanchalar keng-a!). Yana o‘sha gazetaning ikkinchi betida bosilgan «Xalqaro obzor»dagi 34 ta so‘z ham shu xilda baholangani (252-bet), ularning o‘zbek kitobxoni uchun «unchalik tushunarli bo‘lmagan so‘zlar» deb atalishini aytishga ham og‘iz bormaydi (yuqoridagi kursiv va izohlar bizniki — A. M. ). Olimning fikrlari biror ko‘rsatma yoki tazyiq ostida yozilmagandir, yana kim biladi?
Xo‘sh, modomiki, tilga olingan so‘zlar «keng ommaga unchalik tushunarli bo‘lmagan» ekan, nima qilish kerak? Albatta, ulardan voz kechib, «keng omma tushunadigan» internatsional va sovet internatsional muqobillarini topish lozim. Boshqalar bu fikrlarni davom ettirishdi. 60-yillarning boshlarida o‘zbek tili grammatik qurilishining rivojlanishi va takomillashuvigina emas, hatto shakllanishini ham rus tili ta’siri bilan bog‘lashdi. Bordi-yu, chindan ham tilimizning grammatik qurilishi ilgari shakllanmagan bo‘lsa, bobokalon shoirlarimiz qanday ijod qildi ekan? «Xalq tushunmaydi» shiori ostida yuqoridagi kabi so‘zlar lug‘atdan chiqib ketaversa, nima qoladi? Ba’zilar o‘sha yillari qahr, shahr, zahr so‘zlarini ham (chog‘ishtiring: qahri kelmoq, zahrini sochmoq, Chust shahri) chet el so‘zlari deyishgan bo‘lsa, boshqalari 80-yillarning boshlarida allaqachon o‘z so‘zimizga aylanib, kelib chiqish manbai kishilar ongida unutilib ketgan patnis, so‘qa, xomut, cho‘tka, cho‘t, chor, chorizm, cherkov, pudrat, so‘lkavoy kabi qator so‘zlarni asliga qaytarib, rus tilidagidek shetka, schet, tsar, tsarizm kabi shaklda yozishni tavsiya etdilar! Yana birlari liftchi va lifter, sportchi va sportsmen kabi so‘zlarning birinchisiga andak e’tiroz ham bildirishdi. Tilimizdagi arabcha-forscha va eski o‘zbek tiliga oid so‘zlar qancha kam qo‘llanib, iste’moldak chiqsa, aksincha, ruscha va u orqali yevropa tillaridan kirgan so‘zlar shuncha ko‘p qo‘llansa, tilimizning ravnaqi deb qaraldi va ko‘tarinki ruh bilan hisob-kitob qilib, ilmiy ishlarda qayd etildi.
Mana shuning uchun ham hozirgi adabiy tilda so‘z qo‘llash dolzarb masalaga aylandi, binobarin, o‘zbek tilshunosligidagi barcha nazariy masalalarni, jumladan, adabiy tilda so‘z qo‘llash va adabiy norma, umumiy lug‘at. fondi, internatsional va sovet-internatsional so‘zlar masalasini zamon talabi ruhida qayta ko‘rib chiqish, qator ilmiy-tadqiqot ishlarimizni tanqidiy baholash payti keldi. Aks holda tilshunosligimiz masalalarini eskicha talqin qilishdan qutulmaymiz, ayrim ishlarimiz saviyasi talab darajasida emasligi aniq. Ayniqsa, ba’zi lug‘atlarimizga haqli talab bor, jumladan «Izohli lug‘at»imizdagi turli-tuman izohlar qator so‘zlardan foydalanishga to‘siq bo‘lmoqda. Masalan, «diniy so‘z», «eskirgan so‘z», «dialektal so‘z», «kam qo‘llanadigan so‘z» kabi izohlar ko‘pchilikning qo‘lini bog‘lab qo‘yadi. Deylik, gunoh, savob, nikoh, sayyod, sayyor kabi so‘zlarga berilgan izohlar, albatta, ularning erkin qo‘llanishini (masalan, tarjimada cheklab qo‘yadi, ba’zilarni cho‘chitadi. Biz bunday izohlar g‘oyat zarur hollardagina berilishini istaymiz, axir, odamlar ongining uzoq yillar davomida din, eskilik, qoldiq kabi tushunchalar bilan to‘ldirib tashlanganini unutmaylik. Shu o‘rinda men atoqli yozuvchimiz Abdulla Qahhorning 200 yil bir yerda yashab, zanjirdan ozod bo‘lsa ham o‘z qozig‘idan nari ketolmagan fil haqidagi hikoyasini eslagim keladi.
Lug‘at adabiy til xazinasi, oynasi. Undan tilshunos ham, tilni o‘rganuvchilar ham, boshqa har qanday soha kishilari ham foydalanadi, binobarin, har bir izohni aynan qabul qiladiganlar ham, tanqidiy qaraydiganlar ham topiladi. Kishilarni ikkilantirmaslik uchun so‘z ma’nolarini o‘shanday chegaralovchi izohlarsiz ham bersa bo‘laveradi. Qizig‘i shundaki, aytaylik, abadiyat so‘ziga «kitobiy so‘z», «kam qo‘llanadigan so‘z» deb izoh beriladi-yu, adad so‘ziga bunday izoh berilmaydi yoki umumlashib ketgan aya «dialektal so‘z» deb qaraladi-yu, ada so‘zi adabiy norma sifatida baholanadi. Umuman, shevalarning adabiy til lug‘at boyligini boyituvchi asosiy manbalardan biri ekanligi hammaga ayon. Ayniqsa, o‘zbek shevalari, xususan shahar shevalari, yuz minglab, millionlab aholining nutqidir.
Turkiy tillardan birortasi o‘zbek tilichalik ko‘p dialektli emas. Jonli so‘zlashuv, jumladan shevalarni, tariximizni yaqindan o‘rgansak, tilimiz naqadar boyligini yaqqol ko‘ramiz. Hozirgacha turkona so‘zini qayd etamiz-u, turkana so‘ziga o‘rin bermaymiz. To‘g‘ri, ikkovi bir so‘z, ammo adabiyotda turkona qo‘llansa, xalq tabobatida «qo‘lbola» ma’nosida ko‘proq turkana deyish (masalan, turkana dori birikmasida) uchraydi. Shu kabi Namangan tip shevalarida hayat so‘zi bor. Bu so‘z na izohli, na imlo lug‘atlarida aks etmagan bo‘lsa, 1959 yilgi «O‘zbekcha-ruscha lug‘at»da hayot so‘zining ma’nolaridan biri deb qaraladi. Hayat uyga tutash joy bo‘lib, adabiy tildagi tomorqa ma’nosini ifodalaydi. Uychi rayonidagi O‘nhayat qishlog‘i nomi shundan olingan, lekin uning matbuotda O‘nhayot shaklida yozilishi lug‘atlarga asoslangan.
Mening dadam umrining salkam oxirigacha futbol nimaligini bilmagan edi, ammo turmush taqozosi bilan Toshkentga kelib, futbolga «ishqiboz» bo‘lib qoldilar. U kishi 1959-1963 yillari stadionda futbol o‘yinini ko‘rib yurib, o‘zlaricha tepma so‘zini o‘ylab topdilar va futbol kunlari «Bugun tepma bor ekan, men tepmaga boraman» deb yurdilar. (Biz bu bilan tilimiz imkoniyati boyligini aytmoqchimiz, xolos. Bu so‘zni qo‘llash-qo‘llamaslik boshqa masala. Malaka va ko‘nikma bo‘lsa, har qanday so‘z ham qo‘llanaveradi.)
O‘zbekcha muqobili mutlaqo yo‘qdek ko‘ringan so‘zlarning biri frantsuzcha menyu atamasi bo‘lib, lug‘atlarda tarjimasiz aynan yoki izohlab tushuntiriladi. Uning o‘zbekcha ekvivalenti haqida gap yuritilgani bizga ma’lum emas, 80-yillarning boshida «Guliston» restoranida «Menyu» o‘rnida «Ovqatnoma» yozilganini ko‘rdik, ammo bu so‘z hanuz lug‘atlardan joy topolgan emas. Shuningdek, keyingi paytlarda mer so‘zi keng qo‘lanayapti: «Shahar merlarining xalqaro konferentsiyasi tugadi» (gazetadan). Agar biz shahar ijroiya komitetining raisi atamasi o‘rnida oddiygina shahar hokimi desak, eski davr tiklanib qoladimi? Buni ham o‘ylab ko‘rish kerak.
Dorixonalar bor, ammo u yerda savdo qiluvchi xodimni nima deb ataymiz? Ommaviy lug‘atlardagi aptekachi – aptekar — dorixonachi so‘zlari to‘g‘ri kelarmikin? Biz dorichi so‘zini tavsiya etmoqchi edik, biroq unda ohangdorlik yetishmagandan tashqari, hodisa jarayoni ham aniq ifodalanmaydi, ammo dorifurush so‘zi har jihatdan to‘liq javob beradi. Dori tayyorlovchi shaxsni dorigar — dorisoz so‘zlariga nisbatan doripaz birmuncha to‘liq ifodalaydi. Agar mazkur ilm, sohani maxsus o‘rganish ko‘zda tutilsa, dorishunos ayni muddaodir. Shu oxirgi tushunchadan kelib chiqib, dorigarlik — dorisozlik so‘zlari o‘rnida dorishunoslik terminini afzal ko‘ramiz. Shu asosda hozirgi farmatsevtika institutini dorishunoslik instituti deb atashni tavsiya etamiz. Xullas, dorifurush, doripaz, dorishunos, dorishunoslik so‘zlari lug‘atlardan o‘rin olmog‘i kerak.
So‘z qo‘llashdagi nuqsonlarning biri so‘zlarning leksik-semantik ma’nolariga e’tibor bermaslikdir. Masalan, Toshkentning qayeriga bormang, soch-soqol oldiriladigan joyda «Sartaroshlik» degan lavhani ko‘rasiz. To‘g‘ri, «sartaroshlik» orqali «Sartaroshxona» tushuniladi va shunga ko‘nikib ketildi. Ammo joy oti bilan kasb otini farqlash lozim.
Ko‘rinadiki, lug‘atlarga qarab tilga baho berish til hodisalaridan uzoqlikdir. Agar har kim o‘z sohasida qunt bilan ish olib borsa, yo‘q deb kelingan anchagina kerakli so‘z va iboralar topiladi. Albatta, hech bir til o‘z ehtiyojini o‘zi qoplamagan. Hamisha tildan tilga so‘z o‘tib kelgan va o‘tadi. Zaruriy va kerakli so‘zlarning kirib kelishi, boshqasining iste’moldan chiqib ketishi bizning istak-xohishimizga bog‘liq emas.
Aminjon Mamatov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent
“Sharq yulduzi” jurnali, 1990 yil, 3-son