Alinazar Egamnazarov. Ona matonati (1989)

Urushda besh farzandidan ayrilgan Zulfiya ona haqida

O‘n yetti yil muqaddam G‘alaba bayrami kuni Xonobod qishlog‘idagi o‘rta maktabning so‘lim hovlisida, bahorda to‘lib oqadigan Chirchiqning shovullashi shundoqqina eshitilib turadigan joyda Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan hamqishloqlar xotirasiga o‘rnatilgan obidaning tantanali ochilishi bo‘ldi. Marosimga ko‘p odam to‘plandi. Marhumlar xotirasi, o‘tgan urush mashaqqatlari, Buyuk g‘alabamizning ahamiyati va bugungi tinch hayotimiz haqida yaxshi gaplar aytildi. Pioner va o‘quvchilar urush qahramonlari sha’niga she’rlar o‘qishdi. Ustidagi oq surp olingan, turfa gullarga to‘lib ketgan obida atrofi tushdan keyin jim-jit bo‘lib qoldi.

Oqshom maktab hovlisiga oq shol ro‘mol o‘ragan, nuroniy bir ayol kirib keldi. U obida yoniga asta bordi-da, marmarga zarhal harflar bilan yozilgan ismlarni ko‘zdan kechira boshladi. Nigohi «Xolmatov»lar familiyasiga tushganda beixtiyor tizzalari qaltirab o‘tirib qoldi, ko‘zlaridan shashqator yosh oqdi. «Xolmatov Isoqjon, Xolmatov Ahmadjon, Xolmatov Mamajon, Xolmatov Vahobjon, Xolmatov Yusufjon» — marmarga besh aka-ukaning ism-sharifi ketma-ket yozilgandi. Obida yonida o‘tirib, ularning familiyalarini silab yig‘layotgan ayol esa shu yigitlarning yakkayu-yolg‘iz singlisi edi.

Manzura opa Toshkentda — O‘qchi mahallasida yashaydi. O‘sha kuni u Xonobod qishlog‘idagi obidaning ochilishiga vaqtida yetib kelolmadi. Lekin kech bo‘lsa ham borishga ahd qildi. O‘sha oqshom u obida yonida o‘tirib uzoq yig‘ladi, dog‘i-hasratda o‘tgan mushtipar onasini, navqiron umri xazon bo‘lgan akalarini ko‘z oldiga keltirdi…

Men Xonobodda tug‘ilib o‘sganman. Shu boisdan bu qishloqda eskidan yashaydigan kishilarni yaxshi bilaman. Xonoboddan frontga ketgan yigitlar orasidan qishloqqa birinchi bo‘lib Yo‘ldosh podachi qaytib kelgan. Uni 1943 yilning bahorida Qorasuv raykomi sekretarining «Emka»sida olib kelishgan.

Keyin frontdan birin-sirin boshqa yigitlar qayta boshlashdi. Ammo ular orasida sog‘idan mayib-majruhi, urush tufayli sog‘lig‘idan ayrilganlari ko‘p edi.

Bizning oiladan ikki akam frontga ketgandi. Kattasi Ukraina frontida, kichigi Kareliya-Fin frontida jang qilgan. Urush tugagach, kichik akam qaytdiyu, kattasi — Abdunazar akam qaytmadi…

Onam o‘qimagan, sodda bir ayol edi. Ba’zan sokin saraton kunlarida hovlida yolg‘iz yumush qilib yurganlarida Sergeli tomondan poyezdning, menga qandaydir mungli tuyiladigan cho‘ziq chinqirig‘i eshitilib qolardi. Shunda onam o‘ziga-o‘zi gapirib, «Ha ovozginang o‘chsin-a, qarag‘ayday o‘g‘limni o‘t ichiga olib bordingu, yo‘q qilding-a» deb poyezdni qarg‘ardilar. Ba’zan esa buvim ikkisi supachada gurunglashib o‘tirib, akamni eslab yig‘lashardi.

— O‘tgan hafta Naziranikida sumalak qilganimizda Zulfiya o‘g‘liga yozgan marsiyani o‘qib berdi, — derdi buvim. — Bir ayvon ayolning hammasi yig‘ladi. Voy, bu ayolni bilmas ekanmiz, metin ekan-a! Akobirday besh o‘g‘lidan judo bo‘lib, qaddini tutib yuribdi-ya! Onam buvimning fikrini quvvatlardi.

— Kelinlarini yaxshiligini aytmaysizmi. To‘rttoviyam biri-biridan mehnatkash, biri-biriden xushmuomala, qaynonalarini boshlariga qo‘yishadi.

Menda hamqishlog‘im Zulfiya Zokirova va uning kelinlariga hurmat-ehtirom o‘sha yillarda tug‘ilgan. Vaqt o‘tgan sari bu tuyg‘u kuchayib bordi. Hamon xalq boshiga kulfat tushgan o‘sha olis yillarda o‘zining metin bardoshi bilan butun qishloqqa taskin bergan buyuk ayol — Zulfiya ona matonati haqida o‘ylayman.

Zulfiya ona eridan barvaqt ayrildi. Besh o‘g‘il, bir qizini o‘zi ham ona, ham ota bo‘lib o‘stirdi. Urush arafasida o‘g‘illaridan to‘rttasi uyli-joyli bo‘lib, yaxshi turmush kechirishayotgandi.

Isoqjon kolxozda vetvrach, Ahmadjon hisobchi, Mamajon aravakash, Vahobjon ketmonchi edi. Besh o‘g‘ilning orasida Yusufjonning zehni o‘tkir chiqdi. Urush arafasida u Toshkent pedagogika bilim yurtini tamomlab, O‘rta Osiyo Davlat universitetining fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirdi.

Ammo shunda birdan urush boshlanib ketdi.

* * *

Mamajon 1941 yilning iyulida, Ahmadjon undan bir oy keyin frontga ketishdi. Kuzga borib Vahobjon bilan Yusufjonni ham kuzatishdi. 44-yilning mart oyida zsa Isoqjon ham urushga ketdi.

Ahmadjondan atigi bitta xat kelgan. Unda, maktubni yo‘ldan yozayapman, hozircha menga xat yozmanglar. Biz Stalingrad tomonga ketayapmiz. Yetib borgach, aniq adres bilan yana xat yozaman, degan edi. Shundan keyin u kishidan dom-darak bo‘lmadi.

Mamajondan ora-sira xat kelib turdi. U «Moskvani himoya qilayapmiz, otash-olov ichidaman», deb yozardi. 1943 yilning oxirida yarador bo‘lib qaytib keldi. Biroz o‘ziga kelgach, kolxozda brigadir bo‘lib ishladi. 1944 yilning yozida yana frontga ketdi. U kishidan oxirgi maktub urush tugashidan sal avaal kelgan. «Karnay-surnay»ning tovushi kelib turibdi, hademay, oxirgi katta «to‘y»ga kiramiz. Shundan omon chiqsam, diydor ko‘rishib qolamiz», degandi o‘sha maktubida. Shundan keyin ko‘p o‘tmay u kishidan qora xat keldi.

— 1943 yilning yoz oqshomlaridan birida uyimga kolxoz buxgalteri Rahim Jovilboyev kirib keldi, — deb eslaydi Zulfiya buvining ikkinchi kelini Hamroniso Xolmatova. — U: «Hamroniso, darvozani berkit, singlim, senda bir muhim gapim bor», dedi. Aytganini qildim.

— Kenja qayning Yusufjon Leningradda halok bo‘libdi, mana, idoraga qora xat keldi, — dedi u. Yig‘lab yubordim.

— O‘zingni tut, yosh bola emassan, — dedi Rahim aka, — kampirga bu xabarni qanday yetkazamiz, sen bilan shuni maslahatlashgani keldim.

— Mamajon akamni chaqiray.

Katta hovliga chiqib, Mamajon akamni sekin imlab chaqirib keldim. U kishi kirgach, yana darvozani tambaladim. Rahim aka, qora xatni ko‘rsatdi. Uchovlashib yana yig‘ladik. Shunda birdan oyim xavotir olib chiqib qolsa-ya, degan fikr keldi. Lip etib turib borib eshikni ochib keldim. O‘ylaganimday bo‘ldi. O‘rnimga kelib o‘tirishga ulgurmasimdanoq, qaynonam kirib keldilar.

— Ha, tinchlikmi, uch kishi to‘planib nimani maslahatini qilayapsizlar, — dedilar.

Mamajon akam hozirjavoblik qildilar.

— Frontda birga jang qilgan piskentlik qadrdon oshnam bor edi, O‘sha xat yozgan ekan, shuni o‘qidik.

— Yo‘q, yolgon gapirayapsan, dedilar qaynonam. — Bir noxushlik bo‘lgan, yuragim sezib turibdi.

Biz sir boy bermaslikka qarakat qildik. Ertasi kuni yana kengashib, kampirdan xabarni yashirmay aytish kerak, degan xulosaga keldik. Kenja, sevimli o‘g‘li halok bo‘lganligini eshitib, qaynonam faryod ko‘tardi, bir pastda katta hovli qiy-chuv bo‘lib ketdi.

Keyin boshqa o‘g‘illari halok bo‘lganligi, bedarak yo‘qolganligi haqida xabarlar keldi, ularni kampirga bildirmadik. Kampir hammadan ham Yusufjonga ko‘p kuydilar. To‘rttasidan «tuyoq» qoldi, Yusufjonim benishona ketdi, deb yig‘lardilar.

* * *

Xonobod qishlog‘ida urush yillari ancha dong taratgan Mavlon Qo‘shayev degan odam kolxozga rais bo‘lgan. Bundan besh-olti yil avval vafot etgan bu kishining uyida — mehmonxonasining to‘rida yaqin vaqtlargacha ham oynavand ramkaga solingan tashakkurnoma ilig‘liq turardi. Unda to‘rtta tankka yetadigan mablag‘ to‘plab berib, G‘alabamizga munosib hissa qo‘shgan, frontni zarur narsalar bilan ta’minlash uchun kunni tunga ulab mehnat qilayotgan kolxoz mehnatkashlariga qizg‘in minnatdorchilik izhor etilgandi.

O‘sha paytlarda kolxoz dalalarida mehnat qilganlar kimlar edi? Qari-qartanglar, o‘smir bolalar, eri frontda jang qilayotgan beva ayollar edi. Zulfiya buvining to‘rt kelini — Lazokat, Hamroniso, Hidoyat, Rixsi Xolmatovalar bitta brigadada mehnat qilishgan. Qishloqda erkak zoti kam, eng og‘ir ishlar ayollarning zimmasida edi. Shuning uchun ham bu ayollar vaqti kelganda xotin boshlari bilan arava mingan, oqsoy qo‘shgan, gektar-gektarlab suv sug‘organ paytlar bo‘ldi. Bolalariga esa qaynonalari qaradi.

— Bir kuni dalada paxta terayotgandik, — deb hikoya qiladi kelinlardan biri Hamroniso Xolmatova. — Bir yigit Hidoyatga ikki marta ko‘rak otdi. Fig‘onim osmonga chiqib ketdi. Agar shunda vaqtida dakki bermasangiz, boshqa hunarni ham qiladi. Shartta paxtamni yerga qo‘ydimu, haligi errayimning oldiga bordim.

— Ha, imonsiz! — dedim uning ko‘ziga tik qarab. — Ko‘ngling Hidoyni tusab qoldimi?! Eri yo‘q buni, nima xohlasam, shuni qilaman, deb o‘yladingmi?! Yanglishasan, shunday o‘ylasang! Hidoyning xo‘jayini men bo‘laman. To‘rt ovsin erlarimiz kelguncha bir-birimizga qorovulmiz. Keyin ixtiyorimiz erlarimizga o‘tadi. He, ko‘nglingni ko‘chasiga o‘t ketsin, seni!

Haligi yigit nima deyishini bilmay so‘rrayib qoldi. Unga boshqalar ham dashnom berishdi. Shu-shu bizga hech kim qing‘ir ko‘z bilan qaramaydigan bo‘ldi.

— Qaynonam hamisha men bilan yashaganlar, — dedi Mamajonning rafiqasi Hidoyat Xolmatova. — O‘g‘illari dom-daraksiz ketgach, u kishi qattiq kuydilar. Lekin buni bizga sezdirmaslikka harakat qilardilar. Kelinlarimning o‘z tashvishi o‘ziga yetarli, yana ularni ko‘z yoshim bilan ezib nima qilaman, deb o‘ylagan bo‘lsalar kerak-da, rahmatli, esli kampir edi. Lekin biz uning kuyib jizg‘anak bo‘layotganini sezib turardik, qanday bo‘lmasin ko‘nglini ko‘tarishga, tasalli berishga harakat qilardik.

Kechqurun daladan charchab kelmasmidim, ovqatni yeb bo‘lgach, boshimni yostiqqa qo‘yishim bilan dong qotib uxlab qolardim. Qaynonam esa ko‘pincha uxlamasdi. Yarim kechada hovlini aylanib, xuddi birov eshitib qolishidan qo‘rqqanday, past ovoz bilan o‘g‘illarining nomlarini bir-bir aytib yig‘lab yurganlarini uch-to‘rt ko‘rganman. Shunda men o‘rnimdan turardim-da u kishini ovutib, o‘rinlariga olib kelib yotqizib qo‘yardim. Ba’zida qo‘ni-qo‘shnilar uyimizga kirib «kampir bechoraga qiyin bo‘ldi-da», deb boshlarini sarak-sarak qilib chiqib ketishardi.

Lekin boshiga tushgan kulfat qay darajada og‘ir bo‘lmasin, kampir chidadi, ko‘z yoshlari bilan atrofidagilarning dilini xufton qilaverishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Yuragi keng, sabr-bardoshli, qanoatli ayol edi — dardini ichiga yutdi…

Urushdan keyin bir kun kampir to‘rt kelinini yoniga o‘tqazdi-da, shunday dedi:

— O‘rgilib ketay, senlardan, men barchangdan roziman. Lekin bir qarz gapni o‘zimdan soqit qilmoqchiman. To‘rtoving ham erdan yosh qoldilaring. Endi joyi chiqsa turmush qillaring, mingdan-ming roziman. Meni hech o‘ylamanglar, og‘irligimni yer ko‘taradi, rizqimni xudo beradi.

Shunda hamma ovsinlar yig‘lab yuborishdi.

— Yo‘q, oyi, — dedi Hidoyat opa. — Biz bolalarimizni begonalarga mute qilmaymiz. Doim sizning panohingizda yashab, farzandlarimizni ham ota, ham ona bo‘lib tarbiyalaymiz. Bolalarimiz voyaga yetib, o‘zlaridan ko‘paysa, yuragimizdagi yaralar bitib ketar…

Shunda kampir kelinlarini yig‘lab duo qilgan ekan.

Zulfiya buvi hali yana yashashi mumkin edi. Lekin umrining so‘nggi yillarida ketma-ket ikki falokat ro‘y berdi. 1957 yilda ikki kelini bilan shaharda turadigan qizinikiga ketayotganda, tramvay zinasidan yiqilib, beli sindi. Shunda uch yil shiftga qarab yotdi. To‘rt ovsin kampirga navbatma-navbat qarashdi. Endi qo‘ltiq tayoqda yuradigan bo‘lganida yana bir ko‘ngilsiz hodisa ro‘y berdi: yakkayu-yagona qizining eri avtomobil falokatida halok bo‘lib, Manzura opa olti farzandi bilan beva qoldi. Kampir shu kulfatni ko‘tarolmay yotib qoldi.

O‘shanda 1960 yilning mayi, Zulfiya buvi 77 yoshda edilar.

— Qaynonam og‘ir yotgan kezlar ipak qurti boqilayotgan kunlar edi — dedi Hamroniso opa. — Bosh qashishga vaqt yo‘q. Shunday bo‘lsa ham tez-tez kampirning oldiga chiqib turdim. Oldilarida birpas o‘tirsam, u kishi: «Bor bolam, qurtingga qara, tezroq ko‘mishni payidan bo‘l, men tuzukman», derdilar.

Uziladigan kezlari yana oldilariga chiqdim. Yonlariga o‘tirib:

— Oyi, tuzukmisiz? — dedim.

— Shukur, tuzukman, — dedilar. Keyin so‘radilar: — Qurtingni ko‘mib oldingmi?

— Ko‘mdim, oyi, qutuldim, — dedim.

— Haytovur, — dedilar.

Keyin hovli tomonga xiralashgan ko‘zlari bilan qaradilarda: — Birontasi kelmadiya… — dedilar.

Shundan keyin ko‘pam vaqt o‘tgani yo‘q. Ikki ko‘zlaridan ikki tomchi yosh oqdi-da, «puf» etib jonlari chiqib ketdi.

* * *

Agar hozir Zulfiya Zokirova bir mo‘jiza bo‘lib ko‘z ochsa, besh azamat o‘g‘li urushda halok bo‘lganiga ishonmasdi. Sababi, kampirning besh o‘g‘li o‘rnini besh nevarasi — Turg‘unjon, Rahimjon, Anvarjon, Mannopjon, Rahmatjonlar bosishdi. Ularning voyaga yetib, elga qo‘shilganiga ancha yillar bo‘ldi. Hammasi ham otalari singari kelbatli, mehnatsevar, odamgarchilikni biladigan yigitlar bo‘lishdi. Ahmadjonning nevarasi Shuhrat esa harbiy xizmatni Afg‘onistonda o‘tadi. Farzandlar buvilari, urushdan qaytmagan otalari xotirasini hamisha hurmat bilan tilga olishadi.

— Bizni buvim katta qilgan, desam noto‘g‘ri gapirmagan bo‘laman,—deydi Turg‘un Muhammadjonov. — Har kuni onalarimiz dalaga ketishardi. Biz nabiralar esa katta hovlida buvim bilan qolardik.

Maktabni bitirgach, buvimning daldasi bilan Eski shaharda ochilgan haydovchilarning olti oylik kursiga kirdim. Har kuni ertalab o‘qishga ketayotganimda buvim qo‘limga bir so‘m berardi. U kishi ofitser bo‘lib halok bo‘lgan kenja o‘g‘illariga 22 so‘m nafaqa olardilar. Har kuni menga shu nafaqadan bir so‘mini berardilar… Mana hozir ishim yomon emas. Ammo buvimning menga qilgan yaxshiliklarini qaytara olmaganim armon bo‘lib qoldi.

Men kampir haqidagi shunday minnatdorchilik so‘zlarini boshqa nabiralaridan ham eshitdim.

Turg‘un ilgari otasi so‘nggi bor yozgan xatga qarab, Berlinda halok bo‘lgan bo‘lsalar kerak, deb yurardi.

1970 yilda u turistik sayohat bilan Germaniya Demokratik Respublikasiga bordi. Berlinda bo‘lishganida ularni sovet jangchilari dafn qilingan «Olshanskiy» qabristoniga olib borishdi. Vaqt ziqroq edi. Turg‘un katta qabristonga qariyb yugurgilab aylanib, otasining qabrini qidirdi. U yerda yuzlab «Xolmatov»lar yotibdi, biroq ular orasida Xolmatov Mamajon yo‘q edi. Lekin Turg‘unning quruq qaytgisi kelmadi, qabriston tuprog‘idai bir hovuch olib qaytdi.

Qishlog‘iga kelgach, mahalla qozonida osh damlab, mo‘ysafidlarni, dadasining o‘rtoqlarini chaqirdi. Germaniyadan olib kelingan tuproqni qutichaga solib, baxmal yostiq ustiga qo‘yib, qarindosh-urug‘lari bilan birga buvisining qabri yoniga olib borib ko‘mdi.

1975 yilda esa Turg‘un kenja amakisining qabrini qidirib topdi. Leytenant Yusuf Xolmatov Leningraddagi Piskarov qabristoniga dafn etilgan ekan.

Yaqinda Mamajon Xolmatovdan kelgan va so‘ngra yo‘qolgan qora xat topildi. U 1945 yil 24 fevral kuni Polshaning Vembrandava rayonida halok bo‘lgan ekan. Endi Turg‘un o‘sha yerga onasi bilan bormoqchi bo‘lib yuribdi.

* * *

Farzand dog‘i og‘ir! Bunday fojia ota-onani g‘am-hasrat o‘tida kuydirib, adl qaddini dol qilib, umrini qisqartiradi. Kishi bitta farzandidan judo bo‘lsa shu ko‘yga tushadi… Ammo birdan besh azamat o‘g‘lidan ayrilgan beva ona qay ko‘yga tusharkin? Men ilgari bunday fojiani faqat bir ona — Toshkent oblast, Kalinin rayon, Xonobod qishlog‘ilik Zulfiya Zokirova boshidan kechirgan, deb yurardim. Lekin yanglishgan ekanman. Ikki yil avval turistik yo‘llanma bilan Belorussiyaga borgandim. Bizni Minsk oblastidagi mashhur «BelAZ» avtomashinalari chiqadigan Jodino shahriga olib borishdi. Shunda Moskva— Minsk avtomobil yo‘li yaqinida qurilgan, bronzadan ishlangan mahobatli bir monumentni ko‘rsatishdi.

…Uncha baland bo‘lmagan granit supada ona turibdi. Dehqon kiyimida, qo‘llari qadoq. Ayolning oldida, gullar o‘sib turgan yo‘lda yelkasiga miltiq osgan besh yigit borayapti. Ularning oxirida borayotgani onasiga qayrilib qarab, nimadir deyapti. Bu besh yigit shu ayolning o‘g‘illari. Ularning hech biri frontdan qaytmagan…

Mazkur Monument 1975 yilda Minskda xotin-qizlarning urushga qarshi, tinchlikni himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro kongressi bo‘lib o‘tgan kunlarda ochilgan ekan.

— Bu monumentga vatanparvar ona Anastasiya Fominichna Kupriyanova asos qilib olingan, — deb izoh berdi bizni boshlab yurgan ayol. — O‘g‘illarining eng kichigi — Sovet Ittifoqi Qahramoni Kupriyanov — dushman dzoti ambrazurasini ko‘kragi bilan berkitib, mislsiz jasorat ko‘rsatgan.

Bu haqda monumentga ham yozib qo‘yilgan. Uni o‘qiyotganimda xayolimga o‘zbek Kupriyanovasi — Zulfiya Zokirova keldi.

Biz hayotimizdagi qahramonlar, turmushimizning nurli tomonlari haqida ko‘p gapiramiz. Ammo chinakam qahramonlar bir chekkada qolib, soxta qahramonlarga ko‘proq qarsakbozlik qildik. Vaqt kelib, musaffo epkinlar esdi-yu, bu «qahramonlar» yuzidagi niqobni olib tashladi… Ammo u yillarning mash’um soyasi yoshlarning e’tiqodlarida o‘z muhrini qoldirgan ekan.

Agar shunday bo‘lmasa, Usmon Nosirday otashnafas shoirimiz xokini qidirib topishga, uning pok nomi oqlanganidan so‘ng o‘ttiz yil o‘tgach kirisharmidik? Agar shunday bo‘lmasa, Abdulla Qodiriyday buyuk adibning bog‘ hovlisi xarobaga aylanib yotarmidi? Agar shunday bo‘lmasa, xalq boshiga kulfat tushgan yillarda o‘zining sabri, bardoshi bilan odamlarga ibrat bo‘lgan, butun hayoti bilan o‘zbek ayolining ruhiy kuchi, qalb go‘zalligini ifodalagan, buyuk urush mashaqqatlarini o‘zining nozik yelkalarida ko‘targan Zulfiya Zokirova va uning kelinlari taqdiri el-yurt nazaridan chetda qolarmidi?!

Ha, turg‘unlik yillari biz ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘ydik. Endi esa bu xatolarni tuzatish payti keldi. Shunday ekan, bugun biz matonatli ayol Zulfiya Zokirovaga o‘rnatilgan haykal qani, uning nomi bilan atalgan ko‘cha qani, deb baralla aytishga haqlimiz. Biz bu ishni faqat marhumlar xotirasi uchungina emas, balki kelajak avlodni o‘ylab ham qilishimiz kerak. Yoshlar soxta qaramonlardan emas, haqiqiy qahramonlarimizdan namuna olib o‘ssin. Ana shunda turmushimiz yanada go‘zal, sermazmun bo‘ladi. Ana shunda hayotimizda o‘zaro izzat-hurmat, vafo, sadoqat degan ezgu fazilatlar olis ufqdagi sharpaday bo‘lib qolmaydi. Ana shunda bo‘lar-bo‘lmasga o‘z farzandini yetimxona eshigiga tashlab ketish hollari ham kamroq yuz beradi.

Suratlarda: Zulfiya ona, Mamajon, Isoqjon, Ahmadjon, Yusufjon va Vahobjon Xolmatovlar.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 1989 yil, 5 may