Abduqodir Hayitmetov. “Navoiy entsiklopediyasi”ni yaratish tamoyillari (1988)

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining O‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limi 1986 yildan boshlab “Navoiy entsiklopediyasi”ni yaratishga kirishdi. “Navoiy entsiklopediyasi”ni yaratish o‘zbek va boshqa ko‘pgina turkiy xalqlar adabiyoti rivojida muhim rol o‘ynagan ulug‘ shoir va mutafakkir, o‘zbek adabiyoti va adabiy tilining asoschisi Alisher ­Navoiy hayoti va ijodiga mamlakatimizda va undan tashqarida ham qiziqishning ortib borayotgani bilan bog‘liq.

Alisher Navoiy o‘rta asr Sharqining buyuk insonparvari, epik va lirik she’riyatning yirik namoyandasi sifatida hamma vaqt ulkan obro‘ va e’tiborga sazovor bo‘lib kelgan. Shoir hayot vaqtidayoq zamondoshlari uning she’riyati va shaxsiga katta hurmat bilan qaraganlar. Uning asarlari juda ko‘p nusxalarda ko‘chirilgan. Shoirga bo‘lgan muhabbat uning vafotidan keyin yanada kuchaygan. Uning hayot yo‘li haqida maxsus risolalar yozilishi bilan bir qatorda, XVI asrdayoq shoir asarlariga Tole’ Imoniyning “Badoye’ ul-lug‘at”, noma’lum muallifning “Abushqa”, ­Mirza Mahdixonning “Sanglox” kabi lug‘atlari tuzilgan edi. Ko‘p o‘zbek ­shoirlarining ijodi, turli davrlardagi va turli regionlardagi adabiy muhitni aks ettiruvchi qator tazkiralar shundan guvohlik beradiki, ­Navoiy o‘z ijodi, o‘z ilg‘or g‘oyalari bilan adabiyot va madaniyat taraqqiyotiga, ­xalqlarning ma’naviy hayotiga doim o‘zining hayotbaxsh ta’sirini ko‘rsatib kelgan.

Biroq Alisher Navoiy hayoti va ijodini ilmiy o‘rganish XX asrdagina jiddiy tusga kirdi. Shoir adabiy va ilmiy merosini tadqiq etish hamda ommalashtirishda uning tavallud sanalari munosabati bilan 1928, 1948, 1966-1968-yillarda o‘tkazilgan yubileylarning ahamiyati katta bo‘ldi. Navoiy hayoti va ijodini turli jihatlardan yorituvchi o‘nlab ilmiy monografiyalar yuzaga keldi. Rus tilida chop etilgan “Mir-Ali – Sher” (Leningrad, 1928), “Rodonachalnik uzbe­ks­koy literaturi” (Tashkent, 1940), “Alisher Navoiy” (Moskva-Leningrad, 1946), “Velikiy uzbekskiy poet” (Tashkent, 1948), o‘zbek tilida e’lon qilingan “Ulug‘ o‘zbek shoiri” (Toshkent, 1948), “Navoiyga armug‘on” (Toshkent, 1968), besh tomlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” tadqiqotining 2-tomi (Toshkent, 1977), “Navoiy va adabiy ta’sir masalalari” (Toshkent, 1968), “Navoiy va ijod saboqlari” (Toshkent, 1981), “Alisher Navoiy “Xamsa”si” (Toshkent, 1986) kabi maqolalar to‘plamlarini Navoiy haqidagi ­jamoaviy tadqiqotlarning yorqin namunalari deb baholash mumkin. Shoirning “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Sab’ai sayyor”, “Mezon ul-avzon”, “Majolis un-nafois” kabi asarlarining ilmiy-tanqidiy matnlari yaratildi. Oltmishinchi va yetmishinchi yillarda shoir asarlarining o‘zbek tilida o‘n besh tomligi va rus tilida o‘n tomligi nashrdan chiqarildi.

Hozirgi pallada esa O‘zR FA Til va adabiyot instituti bilan H.Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti hamkorlikda Navoiyning “Mukammal asarlar to‘plami”ni yigirma tomda nashrga tayyorlab, chop eta boshladilar. Navoiy hayoti va ijodini o‘rganishga 1957 yildan boshlab O‘zR FA Til va adabiyot instituti tomonidan har yili shoir tavallud topgan kuni – 9 fevralda o‘tkazilayotgan an’anaviy konferentsiyalar ko‘p yangiliklar qo‘shdi.

O‘zbek navoiyshunosligining so‘nggi yillardagi o‘ziga xos fazilatlaridan biri Navoiy hayoti va ijodining keng adabiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy miqyosda o‘rganilayotgani, tadqiq etilayotganidadir. Bu shuning uchun ham to‘g‘riki, avvalo, Navoiy ijodi va ilmiy merosining paydo bo‘lishida fors-tojik, ozarbayjon, arab va bosh­qa xalqlarning adabiyotlari, folklori, adabiyotshunoslik ilmi ham katta rol o‘ynagan. Navoiy merosini ana shu adabiyotlar bilan qiyoslab o‘rganish Navoiy ijodini, uning asarlari manba va manshalarini aniqlash hamda to‘g‘ri baholashga keng yo‘l ochadi.

Ikkinchidan, Navoiy faoliyati shoirlik bilangina cheklanmagan. Navoiy o‘z davrining yirik siyosiy arbobi, madaniyat homiysi, donishmand olim sifatida ham fan, san’at, ijtimoiy fikr taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Bu sohalardagi ko‘p yutuqlar uning nomi bilan bog‘langan. Ijtimoiy-siyosiy hayotda u Sulton Husayn Boyqaroning vaziri va eng yaqin kishisi (“muqarrabi sultoniy”) sifatida doim mamlakatda hunar­mandlik, kosiblik, qishloq xo‘jaligi, savdoni rivojlantirishga, boshqa davlatlar bilan tinch qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatishga, temuriylar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkam etishga harakat qildi.

Navoiyshunoslarning katta avlodiga mansub V.V.Bartold, Ye.E.Bertels, O.Sharafuddinov, S.Ayniy, A.K.Borovkov, Oybek, A.Sa’diy, V.Zohidov, M.Shayxzoda, P.Shamsiyev, S.Mutallibov, H.Sulaymonov, O‘.Karimov, N.Mallayev, navoiyshunoslarning keyingi avlodiga mansub olimlardan A.Qayumov, A.Rustamov, A.Abdug‘afurov, S.Erkinov, B.Valixo‘jayev, S.Narzullayeva, S.G‘aniyeva, R.Vohidov, Yo.Ishoqov, T.Ahmedov va boshqalarning ilmiy tadqiqotlari navoiyshunoslik fanimizni ancha boyitdi. Bu olimlarning Navoiy haqidagi kitob va maqolalari ulug‘ shoir hayoti hamda ijodini har tomonlama o‘rganishga, uning lirik, epik, nasriy va ilmiy asarlarining tarixiy va estetik ma’nosi, ahamiyatini chuqurroq bilib olishga xizmat qildi va xizmat qilmoqda.

Navoiy ijodi Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Tatariston, Qoraqalpog‘iston kabi respublikalarda ham sevib o‘rganilmoqda. Bugunda navoiyshunoslikni H.Orasliy, A.Mirzoyev, B.Qoriyev, E.Shodiyev, J.Nagiyeva, Sh.Abilov kabi olimlarning tadqiqotlarisiz tasavvur etish qiyin. Keyingi yillarda navoiyshunoslik tadqiqotlariga jahon mamlakatlarining sharqshunoslari ham kirishdilar. Bu sohada Afg‘oniston respublikasi olimlari keyingi yillarda mahsuldor ish olib bormoqdalar. Xorijiy olimlarning Navoiy haqidagi tadqiqotlari ham hammaga ma’lum. Navoiy haqida Frantsiya, Italiya kabi jahon mamlakatlarida qiziqarli tadqiqotlar e’lon qilingan. Bular hammasi ­Navoiyni o‘rganish bo‘yicha qilingan ishlarni endilikda entsiklopediya doirasida umumlashtirish zarurligini va bunga fursat yetganligini ko‘rsatadi.

“Navoiy entsiklopediyasi”ning bosh vazifasi kitobxonni shoir hayoti va ijodi, u yashab ijod qilgan davr bilan hamda o‘sha davr adabiy va madaniy jarayoni bilan batafsil, detalma-detal tanishtirish, shoir dunyoqarashining insonparvar va taraqqiyparvar xarakterini, uning ijodining o‘z salaflari va zamondoshlari ijodi bilan bog‘lanishini ko‘rsatish, uning o‘zining adabiyot, san’at va madaniyatning kelajak taraqqiyotiga ta’sirini yoritib berishdan iboratdir. “Navoiy entsiklopediyasi”da mamlakatimizdagi navoiyshunoslikning ahvoli, tarixi, uning yetakchi namoyandalari haqidagi ma’lumotlar tegishli o‘rin tutishi kerak.

“Navoiy entsiklopediyasi” Sharq shoiri haqidagi birinchi entsiklopediya bo‘lgani uchun bu jamoaviy ish ilk tajriba sifatida qaralishi zarur. Shuning uchun, tabiiyki, mazkur entsiklopediya mutlaq to‘lalikka, mukammallikka da’vo qilmaydi. Binobarin, mazkur asardan Navoiy hayoti va ijodi bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etib berish, barcha faktlarni qayd etish ham talab etilmaydi. Bu entsiklopediya, avvalo, hozirgi o‘zbek navoiy­shunosligi darajasini o‘zida aks ettirishi lozim. Ushbu asar, avvalo, keng kitobxonlar ommasiga, ­Navoiy ijodi, xususan, she’riyati muxlislariga mo‘ljallanadi.

Shubha yo‘qki, “Navoiy entsiklopediyasi” O‘rta Osiyodagi eng qadimiy milliy adabiyotlardan birining asoschisiga bag‘ishlangani uchun o‘ziga xos xususiyatlarga ham ega bo‘ladi. Unda o‘zbek va barcha Sharq xalqlari adabiyotlariga xos xususiyatlar va materiallar o‘zining munosib o‘rnini hamda talqinini topishi darkor. Bu deganimiz, unda shoir asarlarining ko‘pgina o‘ziga xos tomonlari, janr xususiyatlari – qahramonlari, til va uslub belgilari o‘zining ilmiy izohini topadi, demakdir. ­Masalan, Navoiy ijodida g‘azal janri alohida o‘rin tutadi. Ma’lumki, ­Navoiy o‘zbek tilida 2600, fors tilida 600 dan ortiq g‘azal yozgan. G‘azal yozish bilan shoir umrining so‘nggi kuniga qadar shug‘ullangan. Shuning uchun Navoiy g‘azaliyotining barcha g‘oyaviy-mavzuviy va badiiy xususiyatlari, xarakterli detallari, belgilari, bundagi shoir mahorati bilan bog‘liq masalalar yaxshi sharhlanishi, bundan o‘quvchi boy bilim va taassurot olmog‘i zarur. Shoir tasviridagi o‘ziga xoslik va shartli xususiyatlar, g‘azallarning adabiy-tarixiy, badiiy-estetik qadr-qimmati xarakterli misollar orqali berilishi kerak.

“Navoiy entsiklopediyasi” oxiriga Navoiy asarlarida uchraydigan geografik nomlar, qayd etilgan ilmiy, adabiy, diniy, tarixiy asarlar ro‘yxati, arabiy iboralar ro‘yxati, Navoiy devonlaridagi g‘azal va bosh­qa she’r turlari matlalarining to‘la ro‘yxati, “Majolis un-nafois”, ­“Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi muluki ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlariga kirgan va izohlangan kishi nomlariga oid har bir asar bo‘yicha alohida-alohida ro‘yxatlar, Navoiy o‘z she’riyatida qo‘llagan she’riy vaznlarning ro‘yxati va boshqalar ilova qilinadi.

“Navoiy entsiklopediyasi”dan tarixiy-nazariy xarakterdagi bir qancha muammoli maqolalar o‘rin oladi. Ularsiz hozirgi ijtimoiy fanlar rivojlangan vaqtda navoiyshunoslik fani erishgan yutuqlarni umumlashtirish qiyin.

“Navoiy entsiklopediyasi”, “Pushkin entsiklopediyasi” haqida taniqli adabiyotshunos B.S.Meylax yozganiday, uning yaratuvchilaridan, “So‘zlik”ni tuzuvchilaridan “materiallarni joylashtirishda mutanosiblikka ahamiyat berishi”, “entsiklopediyani ko‘mib yuborishi mumkin bo‘lgan keraksiz tafsilotlarga berilmaslikni, diqqatni mumkin qadar muhim masalalarga qaratishni talab qiladi”.

“Navoiy entsiklopediyasi”ni yaratish g‘oyat murakkab ish. Uni bir-ikki muassasa mutaxassislarigina yarata olmaydi. Bu qutlug‘ vazifani bajarishga Respublikadagi va undan tashqaridagi barcha mutaxassislarni tortish, mushkul muammolarni jamoaviy jips­likda hal qilish shart. Bunda biz “Lermontov entsiklopediyasi” (Moskva, 1981), ikki tomlik “Shevchenko so‘zligi” (Kiyev, 1978), bir tomlik “Yanka Kupala” entsiklopediyasi (Minsk, 1986) tajribalaridan unumli foydalanishimiz zarur. Navoiy ijodi o‘zbek adabiyotida muhim bir davrni tashkil etadi. Binobarin, “Navoiy entsiklopediyasi”da ulug‘ shoir hayoti va ijodi jahon adabiyotining eng muhim bir qismi sifatida yoritib berilishi kerak…

Abduqodir Hayitmetov, filologiya fanlari doktori, professor

 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 11-son

Atoqli navoiyshunos olim, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, filologiya fanlari doktori, professor ­Abduqodir Hayitmetov “Navoiy entsiklopediyasi”ni ­yaratish g‘oyasining asoschisi va tashabbuskori edi. U paytlar hali Markaziy Osiyo mintaqasida adabiy qomus yaratish tajribasi yo‘q edi. Olim qisqa muddatda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutining o‘zi rahbarlik qilgan O‘zbek adabiyoti tarixi bo‘limi ilmiy jamoasi bilan “Navoiy entsiklopediyasi” so‘zligini tayyorlab, olti yarim bosma taboq hajmida 200 nusxada “O‘zbek entsiklopediyasi” Bosh tahririyati tomonidan muhokama uchun 1988 yilda nashr ettirgan edi. “So‘zlik”ning A.Hayitmetov tomonidan yozilgan kirish maqolasida bo‘lajak “Navoiy entsiklopediyasi”ning g‘oya va tamoyillari, maqsad va vazifalari ifodalangan. Ushbu maqola matbuotda birinchi marta e’lon qilinmoqda.

Maqola filologiya fanlari doktori Nusratullo ­Jumaxo‘ja tomonidan nashrga tayyorlandi.