1917 yil Fevral inqilobi shabadalari ta’sirida boshlangan Turkiston mustaqilligi masalasi bu davrdagi ko‘pgina mahalliy va markazdagi Rossiya musulmonlari matbuotining diqqat-e’tiborida turdi. 1917 yilning 28 noyabrida Qo‘qonda Turkiston muxtoriyati e’lon qilingandan so‘ng matbuotda chop etilgan, ayrimlari e’tiboringizga havola etilayotgan xabar, she’r maqolalar bugungi kunda ko‘pgina voqealarni oydinlashtirishga, ziyolilarimizning (Fitrat, Hamza) munosabatini aniqlashtirishga va tarixiy haqiqatni tiklashga xizmat qiladi.
TURKISTON MUXTORIYaTINING MUVAQQAT HUKUMATI TARAFINDAN
Ko‘p millionli Turkiston xalqiniig tilagina muvofiq demokratiya revolyutsiyasining ulug‘ asoslari bo‘lg‘on xalqlarning hurriyatin ham millatlarning o‘z yozmishlarii o‘zlari tayinlovlarin vujudg‘a keturuvi yo‘linda Turkistondag‘i umummusulmonlarning favqulodda Krayevoy s’ezdi Turkistonni Rusiya Federatsiyasi jumhuriyatining birlik muxtoriyatli bir qismi deb e’lon etdi.
Turkistondag‘i hama uyushma qavatlarning hozirgi kunning bik muhim va mas’uliyatli masalalari oldinda turg‘onlig‘in anglag‘ani holda Turkistonda turli millatlarning madaniy suratda taraqqiylarin va alar orasindag‘i do‘stliqni ta’min etar uchun Turkistonning har yerinda haqqoniyatli suratda tartib va intizom o‘rnashdirurg‘a intilib, Krayevoy s’ezd muvaqqat Turkiston xalqi Sho‘rosi (Millat majlisi) sayladi. Bu Sho‘ro hay’atindan Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumati vujudg‘a kelturilib, alarg‘a ushbu xizmatlar topshirildi: mumkin qadar tez orada Turkiston Uchreditelniy sobraniyasin chaqiruv. Turkiston xalqin ovqat jihatindan ta’min etuv choralariga kirishuv, buning uchun muvaqqat o‘laroq Sharqiy-Janubiy soyuz birla munosabat yasov, Turkiston muxtoriyatining moliya ishlarin ta’sis qilurg‘a kirishuv, xalq militsiyasi vujudga keltiruvchi hamda Turkistonda yerlashgan millatlarning huquqlarin saqlov uchun tegishli tadbirlar qiluv (askar tashkil qiluv).
Umummusulmonlarning favqulodda Krayevoy s’ezdi Rusiyaning buyuk revolyutsiyasi tarafindan e’lon etilg‘an birlik, hurriyat, tegizlik ham tug‘onlik asoslarin tasdiq etub, Turkistonning hamma grajdanlarin, musulmonlarni, rus yahudiylarin, rabochiy, soldat ham krestyanlar va krayda o‘rnashqon hamma urug‘, xalqlarni, shahar va zemstvo idoralarin, siyosiy, ijtimoiy va sinfiy (professionalniy) muassasa ham soyuzlarni, hamma davlat maqkamalarini, umumiy va xususiy muassasalarni Turkiston xalqi idorasi tegrasinda jiynalib, alarg‘a ustina yuklangan ovur (og‘ir) ishlarda yordam qilurg‘a da’vat etadi…
Hozir har bir zanjirlardan qutilg‘an Turkistong‘a o‘zining yerina o‘zi xo‘ja bo‘lib, o‘z tarixin o‘zi vujudga ketiruv soatin so‘qdi. Biz oldimizda turg‘on masalalarning muhimligin va ulug‘ligin komil suratda anglab, ham ishlagan ishlarimizning haqlig‘ina ishonib, xudodan madad tilab ishga boshlaymiz.
Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumat a’zolari: Tanishboyev, Cho‘qayev, Xo‘jayev, Burali Og‘ayev, Mahmudov, O‘razayev, Shoaqmedov, G‘irtasfild.
«Ulug‘ Turkiston», 1917, 8 dekabr.
MUXTORIYaT
Turkiston muxtoriyati… Timur hoqonining chin bolalari yoninda, turkistonli tubchak turklari orasinda, mundan ug‘urli, mundan muqaddas, mundan suyunchli bir so‘zni borlig‘iga ishonmayman.
Turkiston turkning qonini qaynatuvchi, imonini yuksaltguvchi bir quvvat bor esa yolg‘uz shu so‘zda bordur: Turkiston muxtoriyati!
Elli(k) yildan beri ezildik, tahqir etildik, qo‘limiz bog‘landi; tilimiz kesildi, og‘zimiz qopondi, yerimiz bosildi, molimiz talandi, sharafimiz yumuruldi, nomusimiz g‘asb qilindi, huquqimizg‘a tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyog‘lar ostig‘a olindi, to‘zimli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyrug‘ga bo‘yunsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashunturdik, imonlarimizga avrab saqladik: Turkiston muxtoriyati!
Mahkama eshiklaridan yig‘lab qaytganda, yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtg‘uvchi jandarmaning tepgusi bilan yiqilg‘anda, yurtlarimiz yondurulg‘anda, dindoshlarimiz osilg‘anda ongimiz yo‘qoldi, miyamiz buzuldi, ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi, biror narsani ko‘ralmadik. Shul chog‘da, tushgun ruhimizni ko‘tarmak uchun shul qop-qorong‘u dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab tura edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘ra edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati!
Biz aniq bila edikkim, zolim Nikolay hukumati qancha yasharsa yashasun, adolat oshiqi bo‘lg‘an… rus demokratiyasi, haqg‘a tayang‘an bir inqilob chiqarib, har millatning o‘z haqlarini qaytarur.
Inqilob bo‘ldi. Rusiyaning «qo‘shma xalq jumhuriyati» usuli bilan idora etiluri jarlandi (e’lon qilindi). Shul e’lon uzra yasalg‘an Ukraina, tatar va boshqa millatlar muxtoriyatlari tasdiq etildi. Ko‘nuq (navbat) Turkistonniki edi. Turkistonning tarixi xonbaliqlarindan (poytaxtlaridan) ikkinchisi bo‘lg‘an Xo‘qand shahrinda to‘plangan Turkiston qurultoyi 27 noyabrning (milliy laylatulqadrimiz bo‘lg‘an) yarim kechasinda Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi.
Lekin shunisi borkim bir millatning muxtoriyati yolg‘uz bir s’ezdning e’loni bilan tamom bo‘lmas. Muxtoriyatni olmoq va saqlamoq kerakdur. S’ezd o‘z ishini qildi. Qolganlari butun millatning vazifasidur. Muxtoriyatni saqlamoq uchun kuch lozim. Muxtoriyatni bajarmoq uchun aqcha kerakdur. Bunlarni millat hozir qilsun.
Fitrat
«Hurriyat», 1917, 5 dekabr.
MILLIY QO‘ShIN HAQIDA
Ushbu yanvarning to‘qqizida Ho‘qandda Turkiston muxtoriyati hukumatining askarina manyovr yasalg‘an. Bir ming qadar musulmon askar tuzulgan ekan, hammasi mulla Abdurazzoqboyning bog‘iga yig‘ilganlar. Hukumat a’zolaridan harbiya noziri Abdullaxo‘jayev ila moliya noziri Islom Shoahmedov borib askarni tabrik qilg‘onlar. Otashli nutqlar so‘zlag‘onlar.
Bu manyovrdan so‘ng, naq bir mingga yaqin askar yig‘ilib, hozir muvaqqat hukumat qaramog‘ida ikki ming qadar muntazam milliy armiya bor ekan.
«Ulug‘ Turkiston», 1918, 21 yanvar.
«MUSTAFO ChO‘QAEV XATI»DAN
31 yanvar kunduz soat 12 da Ho‘qand bolsheviklarining bizg‘a bergan ultimatumin tekshirib o‘tirg‘animizda bir to‘xtovsiz miltiq otaboshladilar. Bu miltiq otuvchilar bolsheviklar bo‘lib chiqdi. Bolsheviklarning ultimatuminda bizga 2 soat muddat tayin etilgan va ul muddat 2 soat 20 minutda to‘lar edi. Ne uchundir alar o‘z shartnomasina xilof harakatg‘a kirishib, muomila yo‘lin kesdilar.
Sho‘royi islomiya yurtinda hukumat kishilarindan boshqa xalqda jiyilg‘an edi. Bolshevik soldatlari yaqinlashib kelarlar, degan xabarni eshitub boshqa xalq tarlag‘an kibik, hukumat kishilarida ikkinchi bosh qo‘shurg‘a yo‘l qolmagach, taralishdilar. Chunki xalq muvaqqat hukumatning «alida bo‘lsa kelushurmiz, bolsheviklarga qarshi qurol ko‘tarmangiz», — degan so‘zina quloq solmay, har qaysi borincha so‘g‘ish asboblarin olib o‘ramg‘a chiqdilar. Bolsheviklarning vadalarindan ilk ota boshlovlari xalqning ko‘nglina, alar muvaqqat hukumatina tugil, butun xalqqa qarshi harakat boshladilar, degan qo‘rquv soldi. Bul vaqt muvaqqat hukumatning yo‘li butunlay kesilgan edi.
Ho‘qandda bo‘lg‘on bu ko‘ngilsiz voqeaning siyosiy sabablarin boshdan oyoq yozuvni hozirgi zamon ko‘tarmiy…
«Ulug‘ Turkiston», 1918, 2 mart.
TURKISTON MUXTORIYaTINA
To‘rt yuz yillik Romanov bitgach davlati,
Ko‘tarildi asorat, xo‘rlik zillati,
Nasib o‘ldi millata qaytib shavkati,
Qutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Xor uchun:
Yashasun endi birlashib islom millati,
Bugun qaysi bir ko‘ngil dilshod o‘lmasun,
Bugun qaysi bir mironsholar obod o‘lmasun,
G‘ofil qolmang, bul fursat barbod o‘lmasun,
Qutlug‘ bo‘lsun Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub, islom millati!
Bugun (Chingiz, Temurdek) shohlar arvohi,
Dunyo yuzin titratgan askar silohi
Qichqirub der: Turk o‘g‘li! O‘lmang siz sohi!
Qutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub, islom millati!
Qichqirub der: (qurbonlar) Ulug‘ Turkiston!
Unutmangiz qonmamiz, boqing qabriston,
Birlashingiz, arab, turk… Kobil, Hindiston,
Qutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub islom millati!
(Ahmad) ruhi qichqirub der: hoy ummatim!
Bukunda ham xo‘r qolsa, din, millatim,
Haq shohiddir, kerakmas sizdek ummatim,
Qutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub, islom millati!
G‘oyibdan kelsa nidolar, Iso muslimin,
Mahrum qolmang, rahmati tangridir yaqin,
Tordur bundan so‘ng siza bu ro‘yi zamin,
Kutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub islom millati!
Keling endi birlashing, islom millati,
Ketsin sunniy, shialik, nifoq illati,
Bir sanjoqqa to‘plansin islom davlati,
Kutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun emdi birlashub, islom millati!
Keldi muborak bizga yangi bir zamon,
Yangi davr kechurmak endi filamon,
Yod etmakka ismimiz tarixi jahon,
Qutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashub islom millati!
Kutlug‘ bo‘lsin ey yoshlar to‘kub qoningiz,
Bergan qurboningizga olgan shoningiz,
Mangu qoldi dunyoda xush unvoningiz,
Kutlug‘ bo‘lsin Turkiston muxtoriyati!
Yashasun endi birlashib islom millati!
Yashasun bu turk o‘g‘liniig mangu davlati!
Hamza Hakimzoda
«Ulug‘ Turkiston», 1918, 11 yanvar
Nashrga tayyorlovchi Sh. Turdiyev