Zuhriddin Isomiddinov. Ne qilayin sening bila, ey til…

Davlatli ona tilimiz “davlat tili” bo‘lganidan beri, eh-he, qancha-qancha qovun pishig‘i o‘tdi. O‘shandan beri bu masalada amalga oshirilgan ishlar ham bir talay. Darrov bo‘lmasa ham, qimirlagan qir oshar deganidek, ro‘yobga chiqayotgan ishlar ko‘p. Men o‘zimga tanish bir misolni aytay: hozir yurtimizda kitoblarning mutlaq ko‘pchiligi o‘zbek tilida nashr etiladi. Holbuki, bundan o‘ttiz yilcha ilgari O‘zbekistonda chiqadigan kitoblarning yarmidan ko‘prog‘i ruscha bo‘lar, tiraji ham o‘zbekcha kitoblarga qaraganda bir necha baravar ortiq edi. O‘zbekcha biror asar nari borsa 50-60 ming nusxada chiqsa, rus tilidagi romanlar 120-200 ming nusxa chop etilar, ya’ni “markaz”niki kamday, O‘zbekiston hisobidan ham ruscha kitob nashr etilib, boshqa yoqlarga olib ketilar, odatiy hol shu edi.

Boshqa tarmoqlarni o‘zingiz qiyoslab olavering.

Ana o‘sha og‘ir bir muhitda ona tilimiz bo‘g‘ilayotganini o‘zimiz sezib-sezmay yura bergan ekanmiz. Bag‘rikeng elmiz, birinchi va ikkinchi ona tili bor ajoyib xalqmiz, deb o‘zimizni ovutar edik. Bir hikoya o‘qiganman. Uning qahramoni bo‘lgan hind yigiti Dehliga kelib, hindning hind bilan ingliz tilida gaplashayotganini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lib ketadi.

Ammo… bizning ham shunga yetib qolayozganimiz sir emas-ku!

Ne qilayin sening bila, ey til?
Jihatingdan mening ichim qondur, –

degan edi Bobur mirzo. O‘sha zamonda ham til borasida qay bir qusurlar bo‘lgandirki, shoirning dili o‘rtangan. Ammo u davr­­da odamlar o‘z ismi-sharifini o‘z qo‘llari bilan boshqa tilga moslab bitmagan bo‘lsalar kerak, har holda? Bugun o‘zbek tilidagi bir tibbiy kitobga ko‘zim tushdi. 2005 yili, “Davlat tili haqida”gi qonun chiqqanidan o‘n olti yil keyin chop etilgan risola ekan. Muallifi ikki kishi: Shaagzamov bilan Gulyamova…

Tilbuzarlik

Ori rost, ona tilimiz boy til, uning bugungi taraqqiyotidan ham faxrlansak arziydi. Negaki, jahonning eng mashhur adiblari ijodiga mansub durdona asarlarni o‘z tilimizda o‘qish imkoniyatiga egamiz. Ilm-fanning o‘nlab sohalariga oid bilim ham yoshlar ongiga ona tili vositasida jo bo‘layapti.

Prezidentimiz Sh. Mirziyoyevning “g‘alaba raportlari”ga berilmaslik haqidagi talabini keng jamoatchilik, xalqimiz mamnuniyat bilan kutib oldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu talabni bedorlik bongi deyish mumkin. Biz ham shu qabildagi yashasinchilikdan o‘zimizni sal forig‘ qilib, tilimizning ahvol-ruhiyasiga razm soladigan bo‘lsak, unda birtalay muammolar to‘planib qolganini ham ko‘rishimiz mumkin. Zotan, taraqqiyotning sharti – o‘z ishiga tanqidiy nuqtai nazardan qarab, uni tinimsiz takomillashtirishdir.

Tilni nima boyitadi, ya’ni har bir milliy tilning boyligi nimalarga bog‘liq bo‘ladi? Sodda qilib aytganda, ikki narsaga – tildagi lug‘at boyligi va ifoda imkoniyatlarining ko‘pligiga. Bu ham nisbiy ma’noda, albatta. Muayyan xalq tilining boyligi xususida gap ketganda, o‘sha til taraqqiyotining ayni paytdagi darajasida jamiyat hayotining istalgan sohasidagi bilimni aniq va lo‘nda ifodalash imkoniyati mavjudligi yoki mavjud emasligiga qarab hukm chiqarsa bo‘ladi.

Lug‘at, ya’ni so‘z xazinasidan foydalanish to‘g‘risida mulohaza qilar bo‘lsak, bilasiz, har bir so‘zning o‘ziga yarashur yuki bor – so‘z ma’no tashiydi. Demak, har bir so‘zga o‘z holiga yarasha ma’no ortish kerak. Bahaybat “KamAZ”ga bitta oynavand javonni yuklasangiz, manzilga borgach, bir arava o‘tin tushirib olasiz. Bil’aks, o‘n qop sholg‘om “Neksiya”ga ortilsa, mashina abgor bo‘ladi. So‘z ham shunday. Buni hisobga olmasak, “KamAZ”lik chog‘i bor so‘zlar quruq arava opqochganday shaldirab, ma’nosiz tovushga aylanadi, birvarakay ikki-uch ma’noga mas’ul qilingan so‘zlarning esa so‘log‘i chiqadi.

Yozuvchilar, olimlar, jurnalistlarning ijodiy faoliyati davomida tilga yangi so‘z va ifoda shakllari ko‘p kirib keladi. Ilmda bular neologizm deyiladi. Biroq har qanday neologizm ham tilni boyitib, ijobiy hodisa bo‘lavermaydi. Qalamkashlar ba’zan so‘zning tub ma’nosini bilmasligi yoki o‘zi yuklamoqchi bo‘lgan yangi ma’noni ifoda etadigan boshqa bir so‘z borligidan bexabar bo‘lishi ham mumkin ekan.

Shoirlarimizdan biri yozadi:

Qadim tiyin topsak, quvonar edik,
Nogoh xazinaga kelgandek duchor.
Endi-chi? Million-million o‘pirib,
Na nomus qilamiz, va na undan or.

O‘zbek tilida xazinaga… duchor kelinmaydi, duch kelinadi! Baloga, qirg‘inga, yomonliklarga duchor kelish desa, boshqa gap. “Duch” bilan “duchor” so‘zlaridagi shakliy va ma’noviy yaqinliklarni farqlash o‘rniga ularni qorishtirish nomaqbul neologizmni yuzaga chiqargan. Yoki shu to‘rtlikdan yana bir misol: millionlab pulni o‘marish mumkin, o‘pirib bo‘lmaydi, toshqin suv esa qirg‘oqlarni o‘piradi, o‘marmaydi!. Nainki, xalq tilini xalq shoiridan himoya qilishga to‘g‘ri kelsa?

Hozirgi kunda so‘zlarga o‘zgacha ma’no yuklash, so‘z bilaman deb ko‘krakka urish kasali avj oldi. Nafaqat oddiy jurnalistlar, hatto yozuvchilarning asarlarida ham g‘alat ifoda shakllari bodrab ketdi.

“Ancha” degan so‘z bor. “Xiyla”, “ko‘pgina” degani. Ammo dilidagi tuyg‘ular to‘lib-toshib ketgan palla ba’zi qalamkashlar “ancha”ga qanoat qilmay, uning ma’nosini yanada orttirish maqsadida “anchayin”ni qo‘llashadiki, bu aldoqchi shakldir, chunki “anchayin” “ancha” degani emas. Aksincha, shuning teskarisini – “shunchaki”, “arzimas” degan ma’nolarni bildiradi.

Misol ko‘p, maqsad esa ularni keltira berib, sizni zeriktirish emas.

Siz aytishingiz mumkin: ayrim holatlarga qarab xulosa qilmang, deb. To‘g‘ri, ammo ana shunaqa “ayrim holatlar” yil sayin ko‘payib, tilbuzarlik, til bilmaslik ommalashib borayotgan bo‘lsa-chi?

O‘zbek tilidagi o‘zbekcha emas gaplar

Telefon jiringlaydi. Ko‘tarasiz. “Dilnozani mumkinmi?” deb ovoz beradi bir qiz. Dilnozani… mumkinmi… Bu nima degani? O‘zbekcha qilib, “chaqirib bersangiz” yoki “uydamidi” desa… ayb bo‘ladimi? Qarindoshlar xayrlasharkan, “Mayli, biz tomonga ham kelinglar”, deb bir-biriga tayinlaydi. Birinchisi ruscha “ladno” (bo‘pti)ning nobop tarjimasi. Aslida, “mayli” – biror nimaga ruxsat berishdir. O‘zbekchada “kelinglar” (prixodite) emas, “boringlar”, deyiladi.

Mahalla fuqarolari yig‘ini (sxod grajdan maxalli)ga chiqasiz. Bu yerda sizga ertaga kelishni tayinlashadi: allaqaysi imoratning ochilish marosimi bo‘larkan, u hashar yo‘li bilan (put+yom xashara) qurilgan ekan. Qarang, mahalla o‘zbekniki, hashar o‘zbekniki bo‘lsa-yu, mahalla idorasi deb aytmaymiz, hashar qilib qurilgan demaymiz. Shunaqa oddiy, o‘zbekona qilib aytsak, asakamiz ketadi, shekilli.

To‘lovlar esa “pul o‘tkazish yo‘li bilan” amalga oshirilar ekan, “pul o‘tkazib” desangiz, savodsizga chiqasiz. Chunki uning go‘yoki asli “put+yom perevoda deneg” ekan.

Gap oddiy so‘zlashuv nutqidagi xatolar haqidagina emas. Matbuot tili xiyla duduq bo‘lib qoldi, radio va televideniye vakillarining nutqidagi saktaliklar esa qonuniyday tus oldi. Chunonchi, sport sharhlovchisi to‘rt futbolchi deyish o‘rniga, “to‘rt nafar futbolchilar” deb sayraydi. Sababi, ruslarda “chetvero futbolistov” bo‘ladi. “To‘p bilan Farhod Tojiyev” degani ham “s myachom…”ning o‘girmasi, chamasi, to‘p Farhod Tojiyevda desa, go‘yo o‘xshamay qoladi.

“Sen ertaga kel, yaxshimi?” deydi o‘rtog‘i­ngiz (Zavtra prixodi, xorosho?). Buning o‘rniga “xo‘pmi” (durustmi, bo‘ptimi, tuzukmi…) desa, nima qiladi? “Viloyatimizda bu yil ellik ikkita maktablar ta’mirdan chiqarildi”, “Yigirma uch nafar mutaxassislar ish bilan ta’minlandilar”, “qaror ijrosini ta’minlash”… Bularning bari rus tilidan no‘noq tarjima, ajabki, birov bunaqa “tarjimon”ning mushugini pisht demaydi.

“Pod rukovodstvom”, “pod redaktsiyey” kabi kalimalar xuddi o‘shandoq shaklda “rahbarligi ostida”, “tahriri ostida” deb ag‘darib qo‘yiladi. Axir, rahbarlik yoki tahrirning osti bo‘lmas edi-ku o‘zbekchada?! Usti ham. “Tekshirishlarni hisobga olish kitobi”ni varaqlang, daftar ekanini ko‘rasiz. Rus tilida kitobga… yozish mumkin, bizda esa kitob o‘qiladi, daftarga yoziladi. Bunaqa misollar urchigandan-urchib yotibdi.

Bular o‘zbek tilidagi, ammo o‘zbekcha bo‘lmagan ifoda shakllari. Ajab, o‘zbek tilida bo‘lsa ham ayb topaveramizmi? Albatta. Chunki “Davlat tili haqida”gi qonun chin ro‘yobga chiqishi uchun ish yuritish qog‘ozlarining matni o‘zbek tilida bo‘lishining o‘zi ham kifoya qilmaydi. Bu – ishning dastlabki, quyi bosqichi. Ular o‘zbek tilidagina emas, o‘zbekcha – o‘zbek odam ona tilida yozganiday bo‘lishi ham shart. Buning uchun Oliy Majlis chiqaradigan (qabul qiladigan emas!) qonun lo­­yihalaridan tortib, to ko‘cha-ko‘ydagi e’lonlarga qadar – bari avvalboshdan o‘zbekona ifoda tarziga to‘liq rioya qilgan holda tayyorlanishi kerak.

Bu qay tarzda amalga oshadi? Nazarimda, buning uchun butun yurtimizda O‘zbek tili muhiti yuzaga keltirilishi kerak.

Xo‘sh, “o‘zbek tili muhiti” nima degani?

Buni anglash uchun bir-ikki tanish manzarani yodingizga solay. Istalgan taksi yoki “marshrutka”ga chiqing, darrov magnitofondan ajnabiy qo‘shiq qo‘yib berishadi, mashinasidagi audiouskuna gumbur-gumburidan ko‘chalar larzaga keladigan yigitlar ham aslo o‘zbekcha kuy-qo‘shiq eshitmaydi, uni zamonadan orqada qolganlar uchun, deyishadi. Ikkala qulog‘iga besh-oltitadan zirak taqib, qolmishiga “sotka”ning shnurini tiqib olgan qizlar o‘zbekcha kuy-qo‘shiqlarni tinglab ketyapti, deysizmi? O‘ylab qolaman: millatimning ko‘pchiligi qanday kuy-qo‘shiqlarni eshityapti? Mana shunga qarab xalqning mentalitetini, bu mentalitet qayoqqa qarab burilayotganini aniqlasa bo‘ladi.

Toshkentning G‘afur G‘ulom metro bekati yonidagi internet-kafega bir ish bilan bosh suqqan edim, ortimdan yetmishlarga yaqinlashgan opaxon kirib keldi. Kompyuterchi yigitdan bir xat yozib, elektron pochtadan jo‘natib berishini so‘radi.

Yigit “Bizda bunaqa xizmat yo‘q, ammo gap bunda ham emas, odam ko‘p, shuning uchun iloji yo‘q, kechirasiz”, deb sharhi hol qildi. Shundan keyin bu o‘zbek kampir “A chego…” deya o‘rischalab so‘roqqa tutib, paydarpay savol yog‘dira boshladi. Vaqt ketyapti, desangiz. Oxiri men aralashib, “Opaxon, hech jahonda o‘zbek o‘zbekka o‘rischa gapiradimi, o‘zbekcha so‘rayvering, ­g‘alati-ku?” deya tanbeh beruvdim, opa yana o‘rischalab bir nimalar deb to‘ng‘illadi-da, kompyuterxonani tark etdi.

Tashqariga chiqsam, o‘rindiq qo‘yilgan ekan, o‘tirdim. Yonginamdagi muzqaymoq do‘konining bozori chaqqon. Shim kiygan, qorni qopday osilgan kampirlaru bo‘yalgan tirnoqlari bir enlik qizlar yaxakijon yalab o‘tmoqdalar. Ikkala qo‘liga bittadan “sotka” ushlagan o‘ta ishchan qiyofadagi yigitlar ham oralab qoladi. Bari o‘zbek, barining gapi ajnabiy…

Tavba, deyman o‘zimga o‘zim. Qayerda yashayap­miz? To‘g‘ri, “Til bilgan – el biladi” degan ajoyib maqolimiz bor. Ammo “el bilish” uchun, avvalo, o‘z ona tilimizni yaxshi bilishimiz, uning hurmatini joyiga qo‘yishimiz lozim emasmi?!

…O‘n uch-o‘n to‘rt yoshlarda edim. Bobom shahar chetidagi dalaga qovun-tarvuz ekkan, yozgi ta’til mahali kunim o‘sha yoqda o‘tardi. Yo‘lning narigi tomonida, sal ichkariroqda ko‘proq boshqa millat vakillari yashardi. Bir kuni shom payti o‘sha uylar tomonda shovqin ko‘tarildi. Ketmonni tashlab, chopib borsam, bir qirg‘iz ayol bilan bir tatar xotin aytishib yotibdi. Atrof to‘la odam. Tekin tomosha-da. Naq biror soat urishishdi. Oxiri janjalkashlarning jag‘i toldi, charchashdi, hangomatalablar ham birin-sirin tarqadi. Bu ikki “xo‘roz” ayol ham pirovardida bir-birini eng achchiq qarg‘ishlar bilan “siylab”, uy-uyiga kirib ketdi. Qorong‘i maydonda bir o‘ris kampir yolg‘iz qoldi. Men orqaroqda turgan edim, kampir payqamadi. Boyagi janjal og‘ir ta’sir qildi, shekilli, turdi-turdi, keyin bir uh tortib, “Tavba!” deb qo‘ydi-da, uyiga yo‘l oldi.

Bu voqeaning xotiramda qolganiga sabab, boyagi o‘ris kampir “Boje moy!” demadi, “Gospodi!” ham demadi, “Tavba!” deb yuragini bo‘shatdi. O‘zbeklar ichida tug‘ilib, umri o‘zbeklar ichida o‘tgan bo‘lsa, nima ham desin?! U yog‘ini so‘rasangiz, oralari buzilgan anovi tatar xotin bilan qirg‘iz ayol ham bir-biriga tushunarli bo‘lishi uchun o‘zbekcha urishgan, ikkovi ham beixtiyor shuni tanlagan edi. Ana shu – o‘zbek tili muhitining bir lavhasi.

O‘zbek tilida gapirish boshqa-yu, o‘zbekcha gapirish boshqa, jumlaning so‘zi o‘zbekcha, ammo shakli ruscha bo‘lsa, eng yomoni mana shu. Shuning uchun ham o‘ziga o‘zi “Tavba!” deb aytgan hov o‘sha o‘ris kampirni men internet-kafeda uchratganim yetmish yasharli suyagi o‘zbek, ammo dili begonalashib ketgan “uzbechka”ga qaraganda o‘zbekroq deb bilaman, millatim vakili deb sanayman.

Bunday muhitda odamlar ona tili stixiyasi bag‘rida yashaydi, shu til tabiatiga muvofiq fikrlaydi va bir-biriga o‘zbekona iborayu ifodalar bilan muomala qiladi. Bunday muhitda taqdim etilayotgan axborotning o‘zbek tilida bo‘lishi yoki asl o‘zbekcha bo‘lishi esa allaqachon bosib o‘tilgan bosqichga aylanadi. Bunday muhitda til barq urib rivojlanadi, odamlar istalgan joyda o‘z tilida gapirishdan iymanmaydi, o‘zgalar tushunarmikin deb istihola qilmaydi, balki huzurlanib nutq irod etadi.

Maqom qaysi tilga berilgan?

Bu savolni kimga bermang, hamma bilittifoq o‘zbek tili davlat tili maqomiga ega, deb aytadi. To‘g‘ri, shundoq, ammo bir ammosi bor. O‘zbek tili degani katta tushuncha. Xorazm shevasi ham o‘zbek tiliga kiradi, Toshkent lahjasi ham. Davlat tili degan maqom esa umuman o‘zbek tiliga emas, o‘zbek adabiy tiliga berilgan. Faqat adabiy til davlat tilidir.

Shunday ekan, barcha davlat tashkilotlarida o‘zbek tilidagina emas, adabiy tilda ish yuritilishi shart. Namanganlik muallim namangancha shevada dars o‘ta boshlasa, toshkentlik aktyor sahnada toshkentcha shevada so‘zlasa, milliy yaxlitlikka putur yetishi turgan gap.

Ajabki, ilgari – elimiz mute, tilimiz zabun bir zamonda ham adabiy tilda saboq o‘qitilar, san’atkorlar umummiliy tilda gapirar edi. Hozir esa har kim o‘z shevasi maqomiga yo‘rg‘alaydigan bo‘lib qoldi, shunga yarasha, saviya ham tushib, mulla bilganini o‘qiydi qabilidagi hodisotlar ko‘paydi. Millat umumo‘zbek adabiy tilida gapirishga o‘ta borishi kerak. Chunki adabiy til elni birlashtiruvchi kuch bo‘lsa, shevaga ruju qo‘yish esa mahalliychilikni kuchaytirishi tayin.

Yana bir toifa borki, ular nazdida, lotin alifbosi – davlat tili degani, shekilli. Chunonchi, xudoning bergan kuni qo‘l telefonimizga bir necha marta SMS xabar jo‘natishadi. Har biri ikki tilda – avval ruscha keladi, so‘ng o‘zbek tilida takrorlanadi. Ammo rus tilidagi matn ham lotin yozuvida bitilganki, nazarimda, uni o‘ris ham o‘qiy olmaydi. Axir, bizga rus tilini ham lotin yozuviga o‘tkazish vakolati berilmagan-ku! Nega shunaqa qilishadi, bilasizmi? Ular nazdida, lotin yozuvida matn tayyorlash til haqidagi qonunni bajarish bo‘lsa kerak. Davlat tili – boshqa-yu, lotin alifbosiga o‘tish – boshqa narsa, buni anglash shunchalar qiyinmi?

* * *

Til – dilning kaliti. Demak, tilning buzilishi millat tiynatiga ham ta’sir qiladi. Evohki, bunga ancha befarq, loqayd munosabatdamiz, o‘rganib qolganmiz. Holbuki, O‘zbekiston – milliy qadriyatlarimizni asraydigan, rivoj­lantiradigan yagona davlat. O‘zbek tili faqat shu zaminda unib-o‘sishi, nash’u namo topishi mumkin. Buni qonunni bajarish yo‘sinidagina emas, chin dilimizdan ham e’tirof etadigan bo‘lsak, til haqida qonun chiqarish bilanoq ish bitmasligini tan olishimizga to‘g‘ri keladi – butun mamlakatda o‘zbek tili muhitini yuzaga keltirish kerak. Bu muhitni har kuni, har soatda qo‘riqlab-­asrashimiz, parvarishlab kuchaytirishimiz lozim.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son