Shermuhammad Yusupov. Orol muammosining yechimi bormi? (2004)

Respublikamizda ekologik muhitni yaxshilashning asosiy yo‘li Orol muammosining yechimi bilan chambarchas bog‘liqdir. Orol dengizining qurishi o‘zining ko‘lami va oqibatlari jihatidan shu darajada og‘ir va murakkabki, uning yechimi xususida biron-bir aniq fikrni topish mushkul.

Binobarin, hozirgi kunda eng og‘ir dardga chalingan, ahyon-ahyonda zo‘rg‘a nafas olayotgan “xasta” dengiz “muolajasi” xususida shu qadar ko‘p va xilma-xil fikrlar bayon etilmoqdaki, ularni eshitgan har qanday eng iqtidorli mutaxassis ham gangib qolishi hech gap emas. Chunki ko‘plab taklif va fikrlarni o‘qib yoki eshitib hayratga tushasiz.

Orol to‘g‘risida bildirilayotgan takliflarning son-sanog‘i yo‘q. Aslida, bu borada bahslar bo‘lib turgani ham yaxshi, bular Orolning kasaliga to‘g‘ri tashxis qo‘yishda asqotadi.

Hurmatli Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining 50-sessiyasida hamda Dunyoning 150 dan ortiq mamlakat rahbarlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv hamda o‘tgan yilgi Dushanba shahrida Orol muammosining yechimiga bag‘ishlangan yig‘ilishida so‘zlagan ma’ruzasining asosiy qismi Orol dengizi suvining qurishi oqibatida yuz berayotgan dahshatli voqealar, bu nafaqat O‘zbekiston, yer yuzidagi xalqlar uchun katta fojia ekanligini qayta-qayta gapirib, butun Dunyo xalqiga murojaat qilishlari, bu fojiani eng nufuzli davlatlar va tashkilotlar birgalashib hal qilishi zarurligini ta’kidlagan edilar.

Xo‘sh, Orol muammosi juda katta fojia ekan, buning oldini olish uchun qanday amaliy ishlar qilinmoqda.

Orolni qutqarishga bag‘ishlangan yuzlab nufuzli kengashlar bo‘lmoqda, yuzlab loyihalar ishlab chiqildi, Orolni qutqarishga mo‘ljallangan bir nechta tashkilotlar tuzildi, oqibatda million-millionlab mablag‘lar sarflanmoqda. Son-sanoqsiz mulohazalar, takliflar bo‘lmoqda, ammo Orolning dardi kundan-kunga og‘irlashib, dengiz suvi qurigan maydonlarda qum sahrolar hajmi soat sayin ko‘paymoqda.

Ha, Orol fojiasi haqiqatan eng og‘ir muammodir.

Yarim asrdan ko‘proq davrda respublikamizning butun sug‘oriladigan yerlariga ishlatiladigan kimyoviy o‘g‘itlar, gerbitsidlar, ayniqsa paxtaga samolyotlarda sepilgan zaharli defoliantlarning hammasi yerosti sizot suvlari bilan Amudaryo va Sirdaryo orqali Orol dengiziga borib cho‘kma sifatida o‘rnashib qoldi. Hozirgi kunda Orol suvining qurishi natijasida bu cho‘kma qumlar kuchli shamollar ta’sirida havoga ko‘tarilib, atrof muhitni zaharlamoqda, yerlarga yog‘ilib, tuproqlarni sho‘rlatib yubormoqda, suvlarni yaroqsiz holga keltirmoqda. Insonlarga, ayniqsa yosh bolalarga, ona qornidagi hali tug‘ilib ulgurmagan bolalarga nafas orqali bo‘layotgan ta’siri tufayli har xil kutilmagan og‘ir xastaliklarni keltirib chiqarayotganligi hozirgi kunda hech kimga sir emas.

Xo‘sh, Orolning og‘ir ta’siri, fojiasi shu bilan chegaralanib qoladimi yoki boshqa oqibatlarga ham olib keladimi? Ha, xuddi shunday. Orol dengizining qurishi natijasida yanada dahshatliroq voqealar sodir bo‘lishi tabiiydir.

Bu yana qanday ofat bo‘lishi mumkin?

Bizning respublikamiz hududida joylashgan 25 mln.gektarga yaqin bo‘lgan Qizilqum vohasining asosiy qismi qumliklardan iborat bo‘lib, shundan 5 mln. gektardan oshig‘i xavfli, 1 mln. gektari esa o‘ta xavfli ko‘chma qum barxanlaridan iborat. 1940 yillargacha ushbu vohada kuchli shamollar, bo‘ronlar tez-tez ko‘tarilib turgan va 30-40 metr balandlikda ko‘chma qumlar shamol yo‘nalishiga qarab doim harakatda bo‘lgan, o‘sha paytlari aholining bu vohada aniq bir joyda makon qilib yashashi yoki dehqonchilik qilishi, qishloq ho‘jalik ekinlari ekish imkoni bo‘lmagan, chunki kutilmagan paytda millionlab tonna qum barxanlari ostida qolib ketmaslikka hech kim kafolat bera olmagan. Hatto Amudaryo, Sirdaryolar qum bosish oqibatida bir necha marotaba o‘z o‘zanini o‘zgartirgan. Varaxsha, Vardanze kabi yodgorlikka boy shaharlar qum ostida qolib ketgan. Bu voha respublikamizning 70 foiziga yaqin maydonini egallaydi. 1924 yillardan boshlab Qizilqum vohasidagi bu dahshatli talafotlarning oldini olish maqsadida qum barxanlarining harakatini to‘xtatuvchi tadbirlar ishlab chiqilib, uni bajaruvchi o‘rmonchi guruhlar tashkil qilingan, asta-sekin bu guruhlar Qorako‘l, To‘rtko‘l va Shofirkon o‘rmon ho‘jaliklariga aylantirilib, bularning asosiy vazifasi ko‘chib yuruvchi qum barxanlarini to‘xtatib qolishdan iborat bo‘lgan. U paytda minglab tuya, ot, eshaklarda ko‘llar atroflarida o‘suvchi yulg‘un va qamishlarni yuzlab kilometrlarga tashib borib, qum barxanlari atroflariga to‘siqlar qurib, ular atrofiga cho‘l o‘simliklari hisoblangan saksovul, cherkez, kandim kabilarning tabiiy o‘sganlarini topib, urug‘idan va qalamchasidan ekib, juda katta qiyinchilik bilan asta-sekin cho‘l o‘rmonzorlari paydo qila boshlaganlar.

Ota-bobo o‘rmonchilarimizning bu mashaqqatli va tinimsiz mehnatlari 1960 yillarga kelib o‘zining ijobiy samarasini bera boshlagan.

Ko‘chma qum barxanlari asta-sekin yam-yashil o‘rmonzorlar orasida qolib keta boshlagan va qumlar o‘z-o‘zidan tep-tekis yerga aylanib qolgan.

Hozirgi kunga kelib bir paytlari har qanday narsani bir zumda domiga tortib ketgan Qizilqum vohasida 6 mln. gektardan oshiq maydonda saksovul, cherkez, kandimzor o‘rmonlari barpo qilinib, yam-yashil vohaga aylanib qolgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining bir qismi asosan qumli hududlardan iborat bo‘lib, respublikamizning qishloq xo‘jaligi ekinlari, g‘alla, paxtachilik va chorvachilikning ham asosiy qismi shu hududlarda yetishtirilishi hammaga ma’lum.

Demak, bu viloyatlar hududlaridagi bir paytlar katta ofat hisoblangan qum barxanlarini o‘rmonchilarimiz sa’y-harakati bilan barpo etilgan; cho‘l o‘rmonlari tufayli hozirgi kunda bu katta ofat — ko‘chma qumlar harakati to‘xtagan.

Ammo, ming afsuski, hozirgi kunda Orol dengizining qurishi Qizilqum vohasidagi qum barxanlarini tinch-osoyishta ushlab turgan yam-yashil o‘rmonzorlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Agar yastanib yotgan 5-6 mln. gektardagi qum barxanlari qayta harakatga kelsa, buni hech bir kuch to‘xtata olmasligi va respublikamiz iqtisodiyotiga katta zarar yetkazilishi mumkin.

Bu dahshatli ofat qanday sodir bo‘lishi mumkin va uning sabablari nimada?

Orol dengizi suvi qurigan maydonlardan hozirgi kunlarda yuz millionlab zahar-zaqqum chang, tuzlar ko‘tarilib, atrof-muhitni zaharlamoqda, yerlarni sho‘rlatmoqda.

Bu, birinchi navbatda, Qizilqum vohasiga, undagi o‘simlik dunyosiga o‘zining katta ta’sirini o‘tkazmoqda.

Aslini olganda yer yuzida o‘simlik dunyosining asosiy qismi tabiiy holda ko‘payadi, qolgan qismi insonlar qo‘li bilan yaratiladi.

Oroldan ko‘tarilayotgan tuzlar Qizilqum vohasidagi o‘simliklar ayni gullagan paytida ular ustiga yog‘ilmoqda, natijada gullagan novdalar urug‘lamasdan qurib-qovjiramoqda. Osmondan yog‘ilayotgan zararli tuzlar ta’sirida katta-katta maydonlarda qum barxanlarini to‘sib turgan cho‘l o‘rmonlari yo‘qolib bormoqda.

Agar ahvol shu yo‘sinda davom etaversa, cho‘l o‘rmonlari qurib qolishi natijasida tinch yotgan qum barxanlari qayta uyg‘onishi va yana harakatga kelishi, paxtachilikka, qishloq ho‘jaligi ekinzorlariga, aholi yashaydigan hududlarga, katta-katta inshootlarga kutilmaganda talafotlar yetkazilishi mumkin.

Biz faqat Qizilqum vohasi bilan bog‘liq bo‘lgan misolni keltirdik, ammo boshqa hududlarda ham bo‘layotgan bu ta’sirlar turli xil salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Orol fojiasining oldini olish mumkinmi?

Butun yer yuzida o‘simlik dunyosini ko‘paytirmasdan, borini asrab qolmasdan turib hech vaqt ekologik muammo hal bo‘lmaydi. Chunki o‘simlik, o‘rmonzorlar, bu toza kislorod va toza suv demak, bu hayot degani, shunday ekan, birinchi navbatda o‘rmonchilikka katta ahamiyat berilmog‘i va bu sohani qo‘llab-quvvatlamoq zarurdir.

Mamlakatimiz kam o‘rmonli hududlardan hisoblanadi, ammo tog‘ va cho‘l o‘rmonlarining ahamiyati shu qadar kattaki, dangal qilib aytganda bu o‘lkamiz taqdirini hal qiluvchi asosiy manbalardan biri hisoblanadi.

Biz, o‘rmonchilar, Orol dengizi suvi qurigan maydonlarda 1990-2000 yillar mobaynida olib borgan izlanishlar natijasida shuni aniq isbotladikki, Orol dengizi fojiasining oldini olishning faqat ikki yo‘li bor.

Birinchi yo‘li — Orolni suvga to‘lg‘azish, lekin buning iloji yo‘q.

Ikkinchi yo‘l — aniq sinalgan yo‘l, dengiz suvi qurigan maydonlarni tezlik bilan yashil o‘rmonzorlarga aylantirish.

Ushbu ikkinchi yo‘l aniq, bizningcha eng ishonchli va Orolning asosan atrof-muhitga ko‘rsatayotgan ta’sirini butunlay to‘xtata oladigan yo‘ldir.

Biz, o‘rmonchilar, buni o‘n yil mobaynida to‘liq o‘z sinovimizdan o‘tkazdik va amalda isbotladik, hozirgi kunda bundan boshqa hech qanday yechim yo‘q.

1990-2003 yillar ichida bir paytlar suvi qalqib yotgan Orol tubida hozirgi kunga kelib 180 ming gektardan oshiq yerda yam-yashil, bo‘yi 4-5 metr keladigan saksovulzorlar barpo qilindi. Mana shu o‘rmonzorlar barpo qilingan yerga borgan kishining u yerdan ketgisi kelmaydi. To‘liq ekotizim tiklana boshlandi, o‘rmonlar ichida har xil o‘t-o‘lanlar ko‘paydi va ko‘plab yovvoyi hayvonlar paydo bo‘la boshladi, o‘rmonzorlar maydoni qanchalik ko‘paysa, yer osti suvlarining ko‘tarilishi to‘xtaydi, ikkinchidan sho‘rlanishning ham oldi olinadi. Eng asosiysi, havoga ko‘tariladigan zaharli chang-tuzlar butunlay to‘xtab, paydo bo‘lgan qum barxanlar tep-tekis yerga aylanib qoladi. O‘tmishda Qizilqum vohasida ota-bobolarimiz qilgan ishlarni biz hozirgi kunda Orol tubida takror amalga oshirdikki, bu qilingan ishlar o‘zining katta ijobiy ta’sirini yana bir bor isbotladi.

Orol tubida har bir gektar yerdan havoga ko‘tarilayotgan zaharli chang-tuzlar ko‘plab kishilarni, yosh bolalarni, o‘simlik va hayvonot olamini zaharlayotganini hisobga olsak, bugungi kunda o‘rmonchilar sa’y-harakati bilan 180 ming gektar yerda barpo qilingan o‘rmonzorlar tufayli bu yerdan millionlab tonna zaharli chang tuzlarning havoga ko‘tarilishi batamom to‘xtatilishi, bu biz sezmagan holda minglab, yuz minglab kishilarning, minglab gektar unumdor yerlarning zaharlanib, sho‘rlanib ketishidan saqlab qolinganligini yaqqol isbotlanib turibdi.

Bu ishlar, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lmayapti, chunki cho‘lda o‘sadigan — saksovul, cherkez, kandimlar suvsiz 50-60 daraja issiqlikda ham yam-yashil bo‘lib turadigan mo‘jizaviy o‘simliklardir. Asosan cho‘l hududlarida o‘rmon barpo etish uchun millionlab ko‘chat yetishtiriladi, yuz tonnalab cho‘l o‘simliklari urug‘lari tayyorlanadi va ming-minglab kub metr qamish o‘rilib, har bir ko‘chatni shamol uchirib ketmasligi uchun yoniga jaydari to‘siq qilib qo‘yiladi. Bu ishlar asosan ayni izg‘irin sovuq – noyabr, dekabr, yanvar, fevral, mart oylarida yerto‘lalarda yashab turib bajarilmoqda.

Qurigan Orol ta’sirida insonlar aziyat chekayapti, og‘ir dardlarga chalinayapti. Bunday salbiy ta’sirlarning oldini olish uchun mamlakatimizda juda katta ishlar qilinmoqda, chet el investitsiyalari va o‘z mablag‘larimiz sarflanmoqda. Orol hududida yashovchi xalqlar salomatligi uchun vagonlab dori-darmonlar yetkazib berilmoqda. Yangi-yangi shifoxona va ambulatoriyalar qurilmoqda, ichimlik suvlarini ko‘paytirish, tozalash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ammo bir savol tug‘iladi: salbiy oqibatlarni keltirib chiqarayotgan, insonlar sog‘lig‘iga katta ta’sir qilayotgan, yerlarga tuz bo‘lib yog‘ilayotgan, insonlarda kutilmagan xastaliklarni keltirib chiqarayotgan asosiy manba—Orol dengizi suvi qurigan maydonlardan ko‘tarilayotgan zaharli chang-tuzlar emasmi? Xo‘sh, asosiy zaharni tarqatayotgan manbani to‘xtatmasdan turib, u yerdan ko‘tarilib, ustimizga yog‘ilayotgan ajal zarrachalarini bartaraf etmasdan turib, har xil mulohazalar qilish, vagonlab dori-darmonlar tashish, beqiyos mablag‘lar sarflashdan qanchalik foyda kelishi mumkinligini o‘ylab ko‘rish vaqti kelmadimikan?

Biz, o‘rmonchilarning, takliflarimiz quyidagilardan iborat:

Bizningcha, changib yotgan maydonlarni tezlik bilan yashil o‘rmonzorlarga aylantirishda o‘rmonchilarga barcha sharoitlarni yaratib, ularga har tomonlama ko‘maklashish, texnika, mablag‘ masalasini yetarli miqdorda hal qilib, bu ishga Davlat miqyosidagi asosiy masala sifatida yondashish, u yerda barpo qilinayotgan o‘rmonzorlar hajmini bir necha barobarga ko‘paytirish va qumloqlarni yashil maydonga aylantirishni tezlatish uchun barcha choralarni ko‘rishdir.

Chunki Orolning suvi qurigan maydonining 1 mln. 300 ming gektarga yaqini mamlakatimiz hududiga to‘g‘ri keladi, shu maydonning ichida asosan 600 ming gektarga yaqin maydonidan zaharli chang-tuzlar havoga ko‘tarilib, atrof-muhitni zaharlayotgani aniq. Biz, o‘rmonchilar, hozirgi kundagi bor imkoniyatlarimizni ishga solib, mablag‘imiz va texnikamizning kuchi yetganicha, og‘ir sharoitlarda har yili 18 ming gektardan yangi o‘rmonzorlar barpo qilmoqdamiz. Agar har yili 18 ming gektardan o‘rmon barpo qilinsa, demak 600 ming gektarni 30-35 yilda tugatish mumkin, shuncha yil mobaynida Orolning qanday salbiy ta’siri bo‘lishini yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Shu sababli — birinchidan, har yili suvi qurigan Orol dengizi tubida ishlash uchun barcha sharoitlarni yaratib, mablag‘ va kuchli texnikalar muammosini hal qilib, yiliga 50-60 ming va undan ham ko‘proq maydonda ish bajarilishini ta’minlash — hozirgi kunning eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘lishi lozim.

Orol dengizining suvi qurigan maydonidan ko‘tarilib, havoni zaharlayotgan zararli ta’sirlari kamaytirilsa yoki butunlay to‘xtatilsa, birinchi navbatda shu mintaqada yashayotgan xalqlar uchun ko‘rsatilayotgan tibbiy va boshqa yordamlar natijasi ham ijobiy tomonga o‘zgaradi, unumdor yerlarga, o‘simlik dunyosi ustiga yog‘ilayotgan zaharli tuzlarga barham beriladi, bu o‘z respublikamiz iqtisodiyotiga katta ijobiy ta’siri ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, hozirgi kunda Orol dengizi tomonidan bo‘layotgan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun qo‘shimcha eng zarur tadbiriy choralardan biri — barcha sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari atroflarini kamida har 300-400 metr oraliqda 4-6 qatordan ihota daraxtzorlarini barpo etmoqlik ham muhimdir. Chunki bu tadbir, agar aniq reja, loyiha asosida ko‘ngildagiday amalga oshirilsa, buning evaziga hosildorlik ko‘tariladi.

Ma’lumki, balandligi 1 metr keladigan ihota daraxtlar o‘zidan orqada ekilgan 10 metr yerdagi ekinni har qanday tabiiy ofat, issiq garmsel shamollardan asraydi, agar ihota daraxtlarining balandligi 15-20 metr bo‘lsa, ular 150-200 metr va undan oshiq maydondagi qishloq xo‘jaligi ekinlari, g‘allazor va paxtazorlarni har xil ofatlardan, hattoki zang kasalining havoda bir daladan ikkinchisiga o‘tib, tarqalib ketishining oldini oladi. Yerosti zax suvlarining ko‘tarilishi kamayadi, yerning nami saqlanadi, havo haroratining oshishiga, garmsel shamollar kuchayishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hozirgi kunda iqlimning yildan-yilga salbiy tomonga o‘zgarishi hamda juda ko‘p viloyatlarda iyul, avgust oylarida bo‘ladigan kuchli issiq germsel shamollar natijasida katta miqdorda paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi keskin kamaymoqda. Shuning uchun ham ihota daraxtlarini ko‘paytirishga bir kun bo‘lsa ham oldinroq kirishilsa, bu tadbir kelajakda muhim samarasini beradi.

Bu tadbirni tez va qisqa muddatda sifatli qilib amalga oshirish uchun nima qilish kerak? — degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Buning uchun hozirgi kunda sug‘oriladigan va lalmi ekinlar ekiladigan yerlar asosan dehqon fermerlar qo‘liga o‘tmoqda, mana shu fermerlar avvalambor dala ihota o‘rmonlarining ahamiyatini to‘liq tushunib yetishlari lozim, chunki ihotazorlar, yuqorida ta’kidlanganidek, har qanday qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini 6-8 tsenter va undan ham ko‘proqqa oshiradi. Ayrim kishilar ihota o‘rmonlari ekinlarga soya soladi, 3-4 metr joyda hosil bo‘lmaydi, degan fikrga boradi, bu mutlaqo noto‘g‘ri, aksincha, hosildorlik oshadi. Shuning uchun har bir fermer o‘z yeri atrofini mutaxassislar ko‘rsatmasi asosida ihotazorlashtirishi kerak bo‘ladi. Agar fermer kelajagini, o‘z iqtisodini tubdan yaxshilashni o‘ylasa, bu tadbirni, albatta, amalga oshirishi lozim.

O‘ylaymizki, har bir tadbirkor fermer o‘z foydasini o‘ylagan holda bu ishga tezlik bilan kirishadi, kerak bo‘lsa zarur ko‘chatlarni sotib olmasdan o‘zida yetishtirishi ham mumkin.

Bu ishlarni davlat o‘zi qilib beradi, degan eski o‘ylarni miyadan chiqarish vaqti keldi, chunki bu tadbir, agar davlat tomonidan amalga oshirilsa, o‘nlab yillar kerak, fermerlar uchun esa atigi 1 yil kifoya qiladi, xolos, ortiqcha xarajat ham talab etilmaydi.

Uchinchidan: Qizilqum vohasida 200 ming gektarga yaqin maydonda Buxoro “yashil qalqoni”ni barpo qilish hamda Orol dengizi tubida o‘rmonzorlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan tadbirlarni katta miqyosda amalga oshirish uchun davlat investitsiya dasturiga bu masalani ham kiritish zarur. Bu borada Respublika Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilinsa, maqsadga muvofiq ish bo‘lur edi.

Qachonki insonlar toza havodan nafas olib, toza suv ichmas ekan, uni har qancha dori-darmon bilan davolash behudadir, buni hammamiz ham yaxshi tushunamiz.

Xulosa qilib aytganda, Orol fojiasining bartaraf qilinishi mamlakatimiz iqtisodiyotining yanada yuksalishiga, xalqimiz salomatligining tubdan yaxshilanishiga, o‘simlik va hayvonot dunyosining saqlab qolinishiga, eng asosiysi, kelajak avlodimiz uchun ona tabiatimizni butunligicha asrab qolib, xayrli va savob ish qilishimizga olib kelar edi.

Shermuhammad Yusupov, Respublika O‘rmon xo‘jaligi

Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2004 yil, 4-son