Nusrat Rahmat. Biz va xitoyliklar (2014)

Biz anchayin boy va qudratli mamlakatda yashaymiz. Ota-bobolarimiz tejamkor, tadbirkor bo‘lishgan. Shu an’analarni tiklash inqirozga qarshi eng qudratli to‘siqdir. Shu bilan birga peshqadam mamlakatlar tajribasiga tayanib ish ko‘rish bugunning zarur shartidir.

Bundan bir necha yil muqaddam Xitoy Xalq respublikasida bo‘lgandim. O‘ylab ko‘rsam, bugungi iqtisodiy buhron zarbalarini kamaytirish uchun ularning ayrim tajribalari va an’analarini joriy etishimiz foydadan xoli bo‘lmas ekan. Zotan bu mamlakat dunyoviy inqirozga qasdma-qasd yalpi mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirmoqda va jahonda birinchi o‘ringa chiqishga da’vogarlik qilyapti.

Pekin aeroportidan tashqariga chiqish bilan eshik oldida tabassum bilan vizit kartochkalarini uzatib turgan kishilarni ko‘rasiz. Qo‘lingiz va fikringiz anchayin band bo‘lganligi sabab, kartochkalarning ayrimlarinigina olib cho‘ntagingizgi solishga ulgurasiz va andak nafasingizni rostlagach, ularga ko‘z yugurtirasiz. Kartochkalarga atigi bir so‘z va telefon nomeri yozilgan bo‘ladi: “Tarjimon”, “Shofer”, “Mehmonxona” va hakozo. Siz eng avvalo tarjimonga telefon qilasiz. U zum yetmay yetib keladi va muammolaringizni hal qilish osonlashadi.

Bu uzoq yillar davomida shakllangan servis xizmati, albatta. Biz bu tariqa pul topishga ko‘nikmaganmiz yoki or qilamiz.

Tag‘in bir holat: Buyuk Xitoy devori ustida yurganimizda bir kishi avtomobil kalitiga osiltirib qo‘yadigan “brilok”ni olishimni tavsiya qilib qoldi. “ Yo‘q, kerak emas” rad etdim. “ O‘rtoq, dedi u qo‘lingizga olib ko‘ring, u sizga ma’qul bo‘ladi.” Olib ko‘rsam, nariroqdan suratimni olib, haligining ichiga joylashtirgan ekan. Bunday holatda xarid qilmay ilojingiz bo‘lmaydi, albatta. “Sizga sovg‘a qilmoqchiman”, dedi u. Ammo cho‘ntagiga pul suqib qo‘yishdan o‘zga choram yo‘q edi.

Samarqandga qaytgach, Registondagi tanish suratchiga bu holni aytib berdim, aniqrog‘i tavsiya etdim. Ammo bu xizmatni u uddalolmadi. Sayyohlarga halol, zarur xizmat ko‘rsatib, ularning pulini olabilish uchun unda jur’at va zabon yetishmadi.

Xitoy aholisi bir milliard uch yuz million kishidan oshdi. Tasavvur qiling, milliarddan buyog‘i ham Rossiya aholisidan ko‘p. Davlat buncha odamni qanday qilib boqadi, deyishadi gohida. Aslini olganda esa bu mamlakatda boqimondalik yo‘q, har bir kishi o‘zi va oilasini nolimay, zorlanmay boqadi. Tarjimon aytgan bir latifa yodimdan chiqmaydi. “O‘zbekistondan kelgan kishi garillabdi: “Bizda aholi soni yigirma yetti millionga yetdi”. Xitoylik ajablanib surarmish: “Unday bo‘lsa, hammalaring bir-birlaringni tanisalaring kerak-a?” Aslini olganda, aholisi bir million atrofida bo‘lgan davlatlar ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, yigirma yetti million ham hazilakam raqam emasligiga ishonch hosil qilamiz.

Ertasi mehmonxonadan chiqqanimizda, velosipedini rikshaga aylantirib olgan o‘smir qiz-yigitchalar e’tiborimni tortdi. Ulovini rosa bezagan, ikki kishiga mo‘ljallangan orqa o‘rindiqqa baxmal ko‘rpachalar to‘shagan qiz menga yaqinlashib allanimalar dedi. Men najot bilan tarjimon tomon o‘girildim. “O‘rtoq, keling shahrimizni aylantirman, pul bermasangiz ham mayli” deyayotgan ekan. Nabiram tengi bir qizning aravachasida so‘ljayib o‘tirish tabiatimga zid edi albatta. “Yaxshisi sen o‘tirib ol, men haydayin” dedim. Tarjimadan keyin haligi qiz mazza qilib kuldi. Xullas, uyoq-buyoqqa qarab, tanish-bilishlar yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, tarjimon ikkalamiz orqaga o‘tib yastanib oldik. Riksha serqatnov mashinalar oralab oldinlab ketdi. Yengilgina xavotir aralash shaharni tomosha qila boshladik.

Yo‘lda tag‘in bir ibratli hol ro‘y berganini ta’kidlab o‘tishim kerak. Ko‘chaning narigi betida ikkita riksha to‘qnashib ketdi. Rikshachilar bir-biri bilan ziddiyatga bormay, tushasolib bir-birining velosipedini tuzatishga kirishishdi. Bizning rikshachimiz ham velosipedini to‘xtatib, yordamga shoshildi.

Shaharni aylanib, mehmonxonaga kelgach, haligi qizga uch dollar uzatdim. U jonu holimga qo‘ymay ikki dollarini qaytarib berdi.

Sayohat davomida ko‘proq qishloq hayoti bilan qiziqdim. Pekindan Buyuk Xitoy devorigacha bo‘lgan masofa milliy boqqa aylantirilgan ekan. Ana shu daraxtzorlar orasida bir necha uylarni ko‘rib, o‘sha tomonga burildik. Bu yerni qishloq deb ham bo‘lmasdi. Hammasi bo‘lib o‘nga yaqin xo‘jalik istiqomat qilarkan. Asosiy yumushlari boqqa qorovullik qilish ekan. Uylar yog‘ochdan qurilgan, pastak. Hovli sathi ham kattaroq xona hajmida. Birorta uyda avtomashina ko‘rinmaydi, hamma velosiped minarkan. Biz kirgan xonadon sohibi qorovullikdan tashqari bedana tuxumi ham yetishtirarkan. Allaqanday restoranga olib ketisharkan. Mezbon, garchand O‘zbekiston degan yurtni eshitmagan bo‘lsa-da, jonu-holimizga qo‘ymay bedana tuxumi qovurib keldi, soya qaynatmasi bilan siyladi.

Hamrohlarim veterinariya dori-darmonlari savdosi bilan shug‘ullanadigan kishilar edi. Ular sabab bo‘lib, shahar chekkasidagi farmatsevtika korxonasiga ham bordik. Bu yerda asosan yigit-qizlar ishlasharkan. Tushlik payti bo‘lganligi uchun bizni oshxonaga taklif qilishdi. Ishchilar vaqtdan qizg‘anib bo‘lsa kerak, tikka turib, tushlik qilishardi. Bizni esa stol bezatilgan alohida xonaga olib kirishdi.

Shu o‘rinda mavzudan andak chekinishimga ijozat bersangiz. Men dunyoning ancha mamlakatlarida bo‘ldim va dunyoda mehmondo‘st bo‘lmagan xalq yo‘q ekan, degan xulosaga kelganman. Ammo har bir xalqning mehmondorchilik taomillari o‘ziga yarasha. Shuning uchun ham “Biz dunyodagi eng mehmondo‘st xalq”, deyishdan tiyilishimiz kerak. Bu gapni boshqalar aytgani ma’qul.

Farmatsevtika korxonasining rahbari o‘rta yoshlardagi ayol ekan. Jurnalist ekanligimni eshitib, men bilan ko‘proq gurunglashdi. U Samarqand, Buxoroda bo‘lgan ekan. Obidalarimiz va odamlarimiz haqida iliq gaplarni aytdi. Meni esa uning tadbirkor va ishbilarmonlarimiz haqidagi fikr-mulohazalari ko‘proq qiziqtirardi. Aytishicha, u Samarqand yo Buxoroda chorva mollari uchun dori-darmon ishlab chiqaradigan korxona tashkil etmoqchi bo‘lgan ekan, ammo qo‘llab-quvvatlashmabdi. Ammo bu tashabbusga kim monelik qilganini aytgisi kelmadi.

– Ko‘pgina tadbirkorlar topgan mablag‘lariga avval chet mashinasini olish, hashamdor imorat qurishga sarflasharkan.- dedi u,- ammo eng avvalo ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Qolgani keyin ham bo‘ladi.

Ibratomuz gap. Shunday emasmi? Samarqandda shu tariqa ish yuritib, singan yoki qamalgan ancha-muncha tadbirkorlarni bilaman.

– Farzandingiz nechta, so‘rab qoldi u bir mahal.
– Beshta. Uch o‘g‘il, ikki qiz,- javob berdim.

Ammo shundan keyin suhbatimiz qovushmay qoldi. Chunki ayol nogahonda ko‘ziga yosh oldi. Ma’lum bo‘lishicha, atigi bir qizi bo‘lib, u ham kasal ekan. Achinib ketdim boyaqish ayolga va bizda inson huquqlarini cheklaydigan ana shunday qonunlar yo‘qligidan ichki bir mamnuniyat tuyganday bo‘ldim.

XXRdan bir tajribani o‘rganib kelib, avvvalo, o‘z uyimda joriy etganim va endilikda tanish bilishlarni targ‘ib qilib yurganimni, bugun sizni ham shunga da’vat etish niyatim borligini aytib o‘tishim kerak. Bu yerda korxona, idora va xonadonlardan 100-200 Vt kuchlanishga ega bo‘lgan volframli lampalar allaqachon iste’moldan chiqib ketgan, uning o‘rniga besh-olti baravar kam energiya talab qiladigan spiralsimon neon lampochkalarga o‘tishgan ekan.

Muhtaram gazetxon! Garchand zerikarli bo‘lsa hamki, andak batafsil gapirsam, meni ezmaga chiqarmassiz? Bu dunyoning tagiga yo ezma yetadi yo kezma, degan naqlni eshitgan chiqarsiz.

Atigi bir lampa hisobiga elektr energiyasini 5-6 bor tejash mumkinligi va bu oila byudjetiga, mamlakatga qanchalik foyda keltirishini o‘ylab ko‘rganmisiz?

Respublikamizda elektr energiyasining tanqisligi sezilib qoldi. Shaxsan o‘zim o‘tgan qish bir necha qishloqlarda bo‘lib, maktab va kollejlarga davlat tomonidan katta mablag‘lar sarflanib olib berilgan kompyuterlar ishlatilmayotganini ko‘rdim va o‘ksib ketdim. Chunki elektr energiyasi tanqisligi sabab ayrim tuman va qishloqlarga sutkasiga atigi 2-3 soat davomida elektr energiyasi berilayotgan ekan. Bizda yangi GRESlar qurilmayapti. Agar yoppasiga kam energiya talab qiladigan lampalarga o‘tsak, hammaning uyida chiroq yonadi, bolalarimiz kompyuterni mukammal o‘rganishadi.

Boshqa joylarni bilmayman, ammo Samarqanddagi do‘konlarga Xitoy va Turkiyadan keltirilgan 15-25 Vt kuchlanishli zamonaviy spiralsimon lampalar ko‘plab sotilmoqda. Shaxsan mening xonadonimda ular ikki-uch yildan beri kuymay nur sochayabdi. Biz Ilich chiroqlari deb ataydigan lampalar o‘rta hisobda 100 Vt quvvat talab qilishini bilamiz. Mana sizga oddiy arifmetika: atigi bir dona lampani almashtirish bilan qancha mablag‘ni tejar ekanmiz.

Bu ulkan imkoniyatni ishga solish uchun soha mutasaddilari chinakamiga kurash olib borishmayotganligi meni taajjubga soladi. Xomaki hisob-kitoblarimga ko‘ra Respublika energetika va elektrlashtirish vazirligi hamda uning joylardagi bo‘linmalari o‘z hisoblaridan bo‘lsa hamki, barcha korxona, muassasa, xonadonlarga kam quvvat talab qiladigan lampalar o‘rnatib chiqishsa, bu xarajatni atigi uch-to‘rt oyda qoplashlari mumkin ekan. Shunday qilinganda qanchadan-qancha tabiiy gaz, mazut, ko‘mir tejalishini ular ham hisoblab ko‘rishgan bo‘lishsa kerak. Ammo bu tashvishga qo‘l urishlariga ishonqiramay turibman. Yumushlari boshdan oshib yotganligini vaj qilishar, ehtimol, buni mayda-chuyda deb hisoblashar. Aslida esa mayda-chuydalarga e’tibor berilmagan joyda uni katta joylardan ham izlamaslik kerak. Hukumatning inqirozga qarshi kurash choralarining biri esa: “Elekroenergitika tizimini modernizatsiya qilish, energiya iste’molini kamaytirish va energiyani tejashning samarali tizimini joriy etish” deb ataladi.

Bu tadbirni amalga oshirishimizga o‘zimiz, aniqrog‘i, har birimiz bugundanoq kirishishimiz zarurdan-zarur. Aniqrog‘i, ishdan qaytishda do‘kondan ikkita spiral lampa xarid qilsak bo‘lgani. Uning yorug‘ligi, tejamkorligi, qizib ketmasligini, xullas, har tomonlma afzalligini his etamiz… Keyin tag‘in xarid qilamiz. Qo‘shnilarga, qavmlarga maqtaymiz, targ‘ib qilamiz..

Chalg‘ib ketdim, uzr! Xitoylik bir tadbirkor Samarqand bozoridan ikki juft jiyak xarid qilgan ekan. Ayollar uyda qo‘lda to‘qiydigan, lozimini jozibador qiladigan jo‘n jiyak. Yo‘q, xotini uchun yoki yodgorlik uchun emas. Yurtiga qaytgach, jiyak to‘qiydigan stanokni ishga tushirib, bozorlarimizni arzon, sifatli, chidamli qoqmaga to‘ldirib tashladi. Minglab ayollarimiz bekor qolishdi. Keyin o‘sha tadbirkor ishbilarmonlarimizga jiyak to‘qiydigan stanoklarni sotdi. Ammo biznikilar uni ko‘ngildagidek ishlatisholmadi. Mahsulotlari sifatsiz bo‘lishi ustiga tannarxi qimmatga tushdi. Xitoydan jiyak olib kelish davom etyapti.

Bular yashirinib yotgan imkoniyatlarimizning bir qismi, xolos. Ekin maydonlaridan yarim-yorti foydalanishimiz, meva-sabzavotni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymaganligimiz, kichik va o‘rta biznesning oqsoqligi…

Bu va boshqa imkoniyatlarni ishga solib, inqirozdan zudroq, poklanib, tejamkor, ishbilarmon va sarbaland bo‘lib chiqishimiz shart.

Bu borada Xudo madadkorimiz bo‘lsin!