Xalqaro YuNESKO tashkilotining 1995 yil bo‘lib o‘tgan bosh konferentsiyasida “Tolerantlik tamoyillari deklaratsiyasi” qabul qilingan edi. Ko‘p o‘tmay bu deklaratsiyaga a’zo bo‘lgan mamlakatlar soni 185 taga yetdi. Vatanimiz O‘zbekiston ham ular safidan o‘rin oldi.
Xo‘sh, tolerantlik nima degani? Bu so‘z qanday ma’no kasb etadiyu, nimaga bugun tinchlik istayotgan barcha xalqlar uni qo‘llab-quvvatlamoqda? Qomusiy lug‘atlarda ta’riflanishicha, “tolerantlik” lotincha “tolerantio”, ya’ni “sabr-toqatlilik”, “keng fe’llik”, “bag‘rikenglik” ma’nolarini anglatar ekan.
Germaniyalik jamoat arbobi, Fridrix Nauman nomidagi xalqaro jamg‘armaning MDH davlatlaridagi vakili doktor Falk Bomsdorf bu haqda shunday yozadi: “2003 yil boshida O‘zbekistondagi hamkor tashkilotlar menga “tolerantlik” mavzusida seminarlar o‘tkazishni taklif etishdi. Ularning aytishicha, O‘zbekistonda hozir bu haqda ko‘p gapirishayotgan ekan. Biroq bu so‘zning ma’nosini hamma ham tushunavermas ekan. Bu menga o‘zimning yoshlik davrimni, o‘tgan asrning 50-yillarini eslatdi. O‘shanda biz ham Germaniyada tolerantlik kontseptsiyasini muhokama qilishga urinardig-u, buning aslida nima ekanligini yaxshi anglamasdik. To‘g‘ri, men o‘zbekistonlik sheriklar xohishlarini darhol qo‘llab-quvvatlaganim yo‘q. Chunki, birinchidan yaxshi bilardimki, hamma narsani ham seminarlarda yoki kitoblardan o‘rganishning iloji yo‘q. Shunday narsalar borki, ularni faqat amaliyotda, faqat shaxsan o‘rganish asosida anglab yetish mumkin. Ikkinchidan, har bir ma’lumotli savodxon nemis singari men ham “tolerantlik” so‘zini eshitgan zahoti Gotxold Efraim Lessingning “Donishmand Natan” dostonini xotiramga keltiraman. Urushdan keyingi yillarda gimnaziyada o‘qigan nemislarning ko‘pchiligi Lessing ta’biri bilan aytganda, bu “dramatik she’r”ni o‘qigan. Yuqori sinflarda bu asarni mufassal o‘rgatishardi” (Qarang: Lessing. Donishmand Natan. Dramatik poema. Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimasi. — Toshkent: O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2005, 2-bet).
Darhaqiqat, doktor Falk Bomsdorf ta’kidlaganidek, Germaniyada 1936 yil natsional-sotsialistlar hokimiyat tepasiga kelgach, Lessingning “Donishmand Natan” pesasini teatrlar repertuaridan olib tashlashadi, hatto uni o‘qishni ham ta’qiqlab qo‘yadilar. Ikkinchi jahon urushining tugashi bilan yozuvchi vatanida fashizm ideologiyasi ham barham topadi va 1945 yilning sentyabrida Berlin teatri o‘z mavsumini aynan Lessingning “Donishmand Natan” pesasini namoyish qilish bilan boshlagan edi. Bu esa tinchlikparvar nemis ziyolilarining fashizm g‘oyalaridan tamomila voz kechganini tasdiqlagandi.
Xo‘sh, biz nemis adibi Efraim Lessing ijodi va uning “Donishmand Natan” dramatik dostoni haqida nimalarni bilamiz-u, bu asarning “tolerantlik”ka nechog‘lik aloqasi bor? Nimaga doktor Falk Bomsdorf “Donishmand Natan” pesasi misolida “tolerantlik” g‘oyasini bizga tushuntirmoqqa urinayapti?
Gotxold Efraim Lessing (Gotthold Ephraim Lessing. 1729–1781) nemis mumtoz adabiyotining yirik vakili, g‘arbiy Yevropa ma’rifat falsafasi va adabiyoti salaflari Monteskyo, Didro va Volterlarning safdoshi va maslakdoshi bo‘lgan. Lessing kambag‘al ruhoniy oilasida tavallud topdi, cherkov maktabida savodini chiqardi. So‘ngra Leyptsig va Vittenberg universitetlarida tahsil oladi. Unda badiiy ijodga bo‘lgan istak sohibjamol aktrisa Karolina Neyber bilan tanishuvidan boshlandi. Keyinchalik, Lessing teatrlar uchun ma’rifat g‘oyalarini targ‘ib etuvchi pesalar yoza boshlaydi. 1750–1760 yillarda Lessing dramaturglik faoliyatini jurnalistika bilan bog‘lab olib boradi. U o‘zining “Yangi adabiyot” jurnalini nashr qildirarkan, ma’rifatchilik adabiyotini shakllantirish maqsadida astoydil mehnat qildi, o‘sib kelayotgan yangi avlodni himoyasiga oldi, ular ijodini qo‘llab-quvvatladi. Ayni paytda adib millatchi, aqidaparast ruhoniylarni, mamlakatni parchalab, mayda knyazliklarga bo‘lib yuborishga urinayotgan feodallarni, qolaversa, betayin qirol Fridrix II siyosatini o‘z maqolalarida keskin qoraladi.
1767–1769 yillar Lessing Gamburg teatrida dramaturg va adabiy emakdosh lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Bu yillar adib ijodida barkamollik davri bo‘ldi. U teatr sahnasida o‘ynalgan pesalarga taqrizlar yozdi, ularni tahrir qilib “Gamburg dramaturgiyasi” nomi bilan alohida kitob holida nashr ettirdi. Bu kitob o‘sha davrda katta voqea bo‘lib, yosh qalamkashlar ijodining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etgan edi. 1769 yildan boshlab Lessing Vena teatrida dramaturg lavozimida faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda mashhur Volfenbyuttel kutubxonasida ilmiy xodim lavozimida ishlab, uning fondida saqlanayotgan qadim qo‘lyozmalarni o‘rganadi, ularga tartib berib, nashr ettirish bilan mashg‘ul bo‘ladi.
Eng muhimi, adib bu yillarda o‘zining mashhur asari “Emiliya Galotti” (1772) dramasini yozib tugatadi. Asarda muallif Germaniyada hukmdorlik qilayotgan knyaz va feodallar sulolasining tajovuzkorligi, o‘zboshimcha g‘ayri-insoniy harakatlarini keskin qoralaydi. Bu drama nafaqat Lessing ijodida, balki nemis dramaturgiyasi tarixida ham muhim voqea bo‘lgan edi. Qolaversa, u Shiller dramaturgiyasining yuzaga kelishiga zamin hozirladi. Ulug‘ Gyote o‘z davrida bu dramaga baho berarkan, “u tiranlar razolatiga qarshi qo‘yilgan ilk dadil qadam bo‘ldi”, degan edi.
Dramaturg va teatr nazariyotchisi Lessing hayotining oxirgi o‘n yilligi Volfenbyuttel knyazligida kechadi. Adib g‘aribona hayot kechirganiga qaramasdan, badiiy ijod bilan muntazam shug‘ullanadi. U hayotining so‘nggi damlarigacha faqat adabiyotgina insoniyatga ro‘shnolik keltiruvchi, jamiyatni o‘zgartira oluvchi, zulmat va razolatga qarshi kurashuvchi qodir kuchdir, degan ishonch bilan yashaydi. Bu ishonch Lessingning diniy razolatlarga yetaklovchi cherkov qonuniyatlariga, diniy mazhablar o‘rtasidagi xunrezlik urushlarga qarshi murosasiz kurashuvida madad bo‘ldi. Shu mavzuda adib o‘zining “Anti-Getse” (1779) falsafiy pamfletini, “Donishmand Natan” (1779) dramasini, “Inson nasli tarbiyasi” (1780) risolasini yaratdi. Bu asarlarida Lessing odamlarni diniy murosaga, sabr-toqatli bo‘lishga, bag‘rikenglikka chaqirdi. Shu o‘rinda, yozuvchining “Donishmand Natan” (Nathan der Weise, 1779) she’riy dramasi o‘sha vaqtda Germaniyada murakkab ijtimoiy-siyosiy hayot jarayonini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan edi. Dramaturg cherkov va uning peshvolari bilan irqiy va diniy tenglik hamda tafovutlar mavzusida olib borgan bahs-mulohazalarini asar mazmuniga singdirarkan, “cherkovning ko‘hna minbari (kafedrasi)dan so‘zamollik qilgandan ko‘ra, teatr sahnasidan ularga zarba bermoq ma’qulroq ko‘rinadi”, degan mulohazaga keladi. Sababi o‘sha kezda ruhoniy-olimlar jam bo‘lishib, diniy bag‘rikenglik tarafdori bo‘lgan Lessingni siquvga ola boshlagan edilar.
“Donishmand Natan” pesasi mazmunida O‘rta asr diniy tafovutlar zamirida kechgan salb yurishlari (1096–1270 yy.) bilan bog‘liq voqealar tasvirlangan. Aniqrog‘i, dramada yevropalik ritsarlarning sharqqa, islom olamiga qarshi uyushtirishgan uchinchi salb yurishi (1189–1192 yy.) va bu yurishda ularning sulton Salohiddin tomonidan mag‘lub etilib, muqaddas Quddus shahri xalifalik ixtiyoriga o‘tgan davr voqealari aks ettiriladi. Sahnada uchala din peshvolari-yahudiy Natan, cherkov peshvosi arxiyepiskop va musulmonlar sultoni Salohiddin to‘qnash keladilar.
Sulton Salohiddin valine’matlik qilib, o‘z asiri yosh nasroniy yigitni ozod qiladi va vatani Germaniyaga ketishiga ruxsat beradi. Daf’atan yahudiy Natanning uyi yonayotgan mahalda ritsar yigit o‘z hayotini xavf ostiga qoldirib bo‘lsa-da, uning yolg‘iz qizi Rexani olov ichidan olib chiqadi. Qiz o‘z xaloskori olijanob ritsar yigitni ko‘rishga nechog‘lik ishtiyoqmand bo‘lmasin, u qizdan o‘zini olib qochib yuradi. Nihoyat, qiz ritsar yigit bilan uchrasharkan, uni nechog‘lik sevib qolganini tushunib yetadi. Yigit ham qizni yoqtirib qoladi. lekin u bilan birga bo‘lolmasligini yaxshi biladi. Sababi, Rexa va u turli dinga mansub kishilar edi. Nasroniy din himoyasiga jonini tikkan, qasamyod qilgan jangovar, ammo mag‘lub ritsar qizaloqning sevgisini qabul qilishi aslo mumkin emasdi. Qolaversa, uni qallig‘ o‘rnida vatani Germaniyaga olib ketishga haddi ham sig‘masdi.
Yahudiy Natanning o‘zi kim, uning hayotida ne voqealar kechgan? Aslida bu donishmand yahudiyni ham taqdiru azal dinlar o‘rtasidagi murosasizlik qurboniga aylantirgan. Savdogar Natan salb yurishlari paytida o‘z oilasi, farzandlaridan judo bo‘lgan, dinlar to‘qnashuvidan aziyat chekkan odam. Shunday bo‘lsa-da, u o‘zga dinga mansub kishining zurriyodi, nasroniy qizaloq Rexani asrab oladi va o‘z farzandidek tarbiyalab voyaga yetkazadi. Qizaloq ham yahudiy Natanni, o‘z otasi deb biladi, uni hurmat qiladi, farzandidek sevadi. Bu sirdan faqat Natan va qizaloqning egachisi nasroniy ayol Dayyagina xabardor edi. Voqealar davomida sir ochila boradi. Undan voqif bo‘lgan Quddus shahri cherkovi peshvosi arxiyepiskop yahudiy Natanga bu o‘zboshimchaligi uchun oliy jazo, tiriklayin o‘tda kuydirishga fatvo beradi, o‘z hukmini amalga oshirish uchun sulton Salohiddindan izn so‘raydi. Sabr-toqatli, haqni qaror toptirish istagida bo‘lgan sulton avvalo voqealar zamiriga yetmoq uchun yahudiy Natanni o‘z huzuriga chorlaydi. Suhbat chog‘ida donishmand Natan unga uch uzuk haqidagi rivoyatni so‘zlab beradi. Hikoyada keksa ota bisotida ajdodlari ramzi bo‘lgan oltin uzukni uch o‘g‘lining qaysi biriga meros qoldirishni bilmasdan zargarga yana unga o‘xshash ikki uzuk yasatibdi-da, o‘limi oldidan uchala uzukni uch o‘g‘liga tortiq qilibdi. Uzuklar bir-biriga chunonam o‘xshar ekanki, ularni hech kim ajrata bilmabdi. Aka-ukalarning har qaysisi o‘z uzugini asl deb, da’vo bilan qozining oldiga kelibdi. Uzuklarni sinchkov qozi ham farqlay olmay, aka-ukalarga quyidagi maslahatini beribdi:
… Maslahatim esa mening
Shundayin: kim nimaga ega bo‘lsa,
Shu bilan qanoat aylasin. Uzuk
Har kimda bor va mayli, har kim
Haqiqiy deb bilsin o‘z uzugini.
Balki padaringiz hech istamagan
Har kim o‘zidagi uzuk sehrini
Qanchalik qudratga ega ekanin
Anglashga intilsin hamisha, har vaqt!
O‘zingizga ishonch ortmog‘i uchun
Kattaroq bo‘lingiz some va komil
Yorug‘ yuzli bo‘ling xudo oldida!..
Bundan chiqdi, uzuklarning qaysi biri sehr-sinoatga ega bo‘lgan asl nusxayu, qaysilari soxta ekanligini biron kimsa aniqlashga qodir emas. Donishmand Natan uzuklar voqeasini so‘zlarkan:
… Na taftish, na-da arz,
Na bahsu talab — ojiz edi bunda:
Qaysi uzuk asl — isbotlamoqlik,
Dalillab bermoqlik mumkin emasdi.
(Sulton javobini kutib, sukunat saqlaydi.)
Xuddi shuning kabi qaydin haqiqat —
Bizga bilmoq mushkul, deya kalimasini kunlaydi.
Va nihoyat, yahudiy Natan uzuk hikoyasida nimaga sha’ma qilayotgani o‘quvchiga ayon bo‘ladi. Donishmand Natan aytmoqchi, yahudiy dini ham, nasroniy va musulmon dinlari ham o‘z bandalari uchun uzuklar kabi muqaddas va mo‘tabardir, odamzod esa qaysi dinga mansub bo‘lmasin, yagona Yaratgan Egamning quli hisoblanadi.
Drama yakunida nasroniy ritsar yigit va yahudiy Natanning asrandi qizi Rexa aslida bir ota va onaning zurriyodlari ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ularning otasi sulton Salohiddinning daraksiz ketgan va Yevropaga borib yashab qolgan ukasi Asad bo‘lib chiqadi. Darvoqe, tarixiy manbalarda qayd etilishicha, sulton Salohiddinning ukasi salb yurishlari va diniy murosasizliklarning oldini olish maqsadida Damashqda Angliya qiroli, salb yurishi qo‘mondoni Richard I Sheryurak bilan muzokaralar olib borgan, u bilan do‘stlashib, sulh tuzishga erishgan. Kelishuvga binoan, sulton Salohiddin qirol Richard fuqarolarining muqaddas Quddus shahriga uch yil ziyoratga kelib-ketishlari uchun ruxsat bergan (Qarang: Istoriya srednix vekov — M.: Prosveщeniye, 1980, s.186). Bundan chiqdi, Lessing dramasidagi voqealar tasviri jarayonida bu tarixiy haqiqatni ham e’tiborga olgan.
Demak, sulton Salohiddin donishmand Natanning olijanobligi tufayli o‘z tug‘ishgan inisi Asadning farzandlarini topishga muyassar bo‘ladi. Ularning jismida musulmon va nasroniy bandalarining qoni oqib, tarbiyasida yahudiy urf-odatlari mujassam ersa-da, bag‘rikeng sulton Salohiddin jigargo‘shalaridan tonmaydi, aksincha, ularni bag‘riga bosib, muruvvat ila otalik mehrini bag‘ishlaydi.
Qissadan hissa, yahudiy Natandagi sabr-toqat, odamiylik va bag‘rikenglik dinlar o‘rtasidagi nizoga barham beradi, sulton Salohiddinda esa adovat shuurini uyg‘otadi, nasroniy din peshvosi arxiyepiskop o‘z g‘ayriinsoniy xatti-harakatidan mulzam bo‘lib qoladi. Hatto, dinlar o‘rtasidagi g‘ov-to‘siq ramzida qurilgan sahnadagi “Yig‘i devori” borgan sari nurab, oxiri qulab tushadi. Asardagi bosh g‘oya — tolerantlik g‘oyasi ekani uning so‘ngida o‘z yechimini topadi, tomoshabin sahna oxirida buni anglab yetadi.
Darhaqiqat, doktor Falk Bomsdorf tolerantlik haqida gap ketganda ne sababdan Lessingning “Donishmand Natan” pesasini yodiga olgani, asarni o‘zbek tiliga tarjima qildirib, Milliy akademik teatrda sahnalashtirishni orzu qilganini endi tushunsa bo‘ladi. Bu olijanob ishni ro‘yobga chiqarishda doktor Bomsdorfga Toshkentdagi Gyote instituti yaqindan ko‘maklashdi. Pesani o‘zbek tiliga taniqli shoir Mirpo‘lat Mirzo tarjima qildi. Uni iqtidorli rejissyor Avliyoquli Xo‘jaquliyev Milliy akademik teatrda sahnalashtirdi. Bosh rollarni taniqli artistlar Jamshid Zokirov (donishmand Natan), Mahmud Ismoilov (sulton Salohiddin), Tesha Mo‘minov (arxiyepiskop) ijro etdilar. “Donishmand Natan” pesasining premerasi 2003 yilning 16 sentyabrida Milliy akademik teatrda bo‘lib o‘tdi. 2004 yil uni Samarqanddagi Sherdor madrasasining ochiq sahnasida ko‘rsatishdi. O‘tgan yillar davomida dramani Farg‘ona, Xiva, Buxoro, Marg‘ilon, Termiz, Qarshi va boshqa shaharlarda ham xalqimiz tomosha qildi. 2005 yil asarning ruscha va o‘zbekcha tarjimalari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyotida alohida kitob holida bosilib chiqdi. Kitobga doktor Falk Bomsdorf so‘zboshi yozgan.
Xulosa qilib aytganda, “Donishmand Natan” dramasini o‘qigan, uni sahnada ko‘rgan tomoshabin tolerantlik, ya’ni hayotda sabr-toqatli bo‘lish, o‘zgalar fikriga ham quloq osish, eng asosiysi, diniy qadriyatlarni hurmat qilish kabi insoniy fazilatlarga ega bo‘lishni ko‘ngliga tugadi.
Muhammadjon Xolbekov, filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 7-son