Inson dunyoga kelib tilga kirganidan beri quyidagi bir so‘zni takrorlaydi — «Meniki!» Ajab, nima uchun aynan shunday?! Bu so‘zda qanday kuch, qanday mo‘jiza zohirki, kishi undan voz kecha olmasa…
Aslida, «Meniki!» deb aytishga arziydigan biror narsasi bor odam baxtli. Demak, nimaningdir sohibi. Egasi.
Taniqli avar shoiri Rasul Hamzatov otasi haqida yozgan quyidagi lavha balki bizni mushohadaga undayotgan savolga javob bo‘lar: «1947 yili Maxachqal’a teatrida Hamzat Sadasa 70 yoshga to‘lishi munosabati bilan katta tantanali kecha o‘tkazildi. Ko‘plab tabrik nutqlari so‘zlandi, she’rlar o‘qildi, sovg‘alar taqdim etildi. Nihoyat, tavallud to‘yini nishonlayotgan shoirga so‘z navbati berildi. Hamzat xotirjam minbarga yaqinlashdi, xotirjam ko‘krak cho‘ntagidan bir kun oldin tayyorlab qo‘yilgan nutq matnini oldi, xotirjam ko‘zoynagini olish uchun ikkinchi cho‘ntagiga qo‘l soldi… Xotirjam turgan odam birdan bezovtalandi, shoshib-pishib boshqa cho‘ntaklarini kovlay boshladi. Hamma bildiki, Hamzat ko‘zoynagini uyda unutib qoldirgan. Darhol ko‘zoynakni olib kelish uchun uyga odam jo‘natildi. Lekin Hamzat minbarda nima qilishini bilmay qarab turardi. Vaziyatdan chiqish uchun do‘sti Abutolib unga o‘zining birmuncha mos tushadigan ko‘zoynagini uzatdi. Hamzat uning ko‘zoynagini taqib, matnni o‘qiy boshladi. U she’r o‘qirdi, ammo ovozida, turishida qat’iyatsizlik yaqqol sezilar, go‘yo u o‘zining she’rini emas, birovnikini o‘qiyotganday, go‘yo birinchi bor she’rni ko‘rib turganday hayajonlanardi. Ikkinchi she’rini o‘qishga chog‘lanayotgan paytida ko‘zoynakka ketgan bola zalga kirib keldi. Hamzat darhol Abutolibning ko‘zoynagini yechib, o‘zinikini taqdi. Birdan uning qomati rostlandi, ovozi dadil jarangladi. Zaldagilar shoirni endigina minbarga chiqqanday, gulduros qarsaklar bilan olqishlashdi. Go‘yo bungacha minbarda Hamzat Sadasa emas, unga o‘xshash odam turgandi.
— Ko‘zoynagim to‘yimni buzishiga sal qoldi, — dedi jilmayib Hamzat.
— Mening ko‘zoynagim senga yoqmadimi? — deya gapini bo‘ldi Abutolib.
— Sening ko‘zoynaging ham yaxshi ekan, lekin u seniki-da. Har bir odamning o‘z ko‘zi bor, demak ko‘zoynagi ham o‘ziniki bo‘lishi kerak».
Ha, hatto ko‘zoynak-da o‘zingniki bo‘lgani ma’qul. Chunki o‘zingniki bo‘lganinigina «Meniki!» deb aytolasan. Har kimning o‘z boshi, o‘z fikri, o‘z dunyosi, o‘z uyi bo‘lsin ekan. Va g‘urur bilan «Meniki!» deb ayta oladigan Vatani. Vatanki, chin qalbingdan suyganing, tashvishi-la kuyganing, hamisha mehrini — ohanrabosini tuyganing, har harfini yurakka o‘yganing, kindik qoning tomgan va bir kuni o‘sha qoning tomgan aziz tuprog‘iga bosh qo‘yadiganing. Vatanki, bobolaring, momolaring-da «Meniki!» deb aytgan zamin. Vatanki, har farzandi unda unib va o‘ziga qaytgan zamin! Vatanki, har zarrasini, bo‘lagini, parchasini o‘zingniki bilganing: tuprog‘iyu bayrog‘ini, kuyini, kechasi, buguniyu ertasini, xirmoniyu armonini, asrlardan oshib kelayotgan karvonini ham va inchunin, sarbonini ham. Ustoz Abdulla Oripov aytganidek, meniki, saylagan Prezidentim ham!
Bu shunday suyishga arzirli karvon, jon bag‘ishlashga arziydigan xalqki, tamaddunlar beshigini tebratgan, dunyolarni uyg‘otgan xalq. Beruniy, Sino, Forobiy, Farg‘oniy, Buxoriy, Termiziy, Nasafiy, Shoshiylarni tuqqan xalq! Arastuni, Esxilni, Maarriyni, Konfutsiyni, Firdavsiyni uqqan xalq!
Bu shunday izzatga arzirli sarbonki, millatga yelkadosh, sirdosh, yo‘ldosh. Zero, Prezidentimizning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan vazifasini xolisanillo anglash uchun birgina «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida» kitobida keltirilgan ushbu so‘zlarga quloq tutmoq kifoya: «…Qaysi bir kitobda o‘qigan edim. Emishki, Amir Temur yarim jahonni zabt etib, olis o‘rmon qabilalariga borib yetibdi, xullas, ularni ham o‘ziga bo‘ysundiribdi. Qaysar va jangari, ozod va samimiy bu qabila boshlig‘i chorasizlik tufayli Temurga qurollarini topshirar ekan, quyidagi gaplarni aytibdi: «Ey, Amir! Sen bizni qurol kuchi bilan yenga olding. Biroq senga aytadigan shartlarimiz bor. Agar sen qassob bo‘lsang, bizni so‘yib tashla, agar sen savdogar bo‘lsang, sotib yubor, agar podsho bo‘lib kelgan bo‘lsang — bizga baxt ato et!» Bu rivoyatning sinfiy, tarixiy yo‘nalishi ayni chog‘da bizni qiziqtirayotgani yo‘q. Bu hikoyatda ajoyib bir hikmat barq urib turibdi. Ya’ni, elga peshvoman, deb o‘rtaga chiqdingmi, uning ishonchini qozondingmi — bu ishonchni endi asl vijdon bilan, pokiza faoliyat bilan oqlamoq kerak bo‘ladi. Bu talabni eskichasiga aytsami, yangichasigami — baribir, mohiyati bir xil bo‘lib qolaveradi. Ya’ni, xalq vakili xalqning posboni, xalq rahbari bo‘lib, xalqning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lg‘uvchi sirdoshiga aylanishi shart».
Yurtboshimizning o‘z oldiga qo‘ygan ana shu buyuk maqsadning ro‘yobini bugungi kunda turmushimizning barcha jabhalarida erishilayotgan ulkan yutuqlarda yaqqol ko‘rish mumkin. Shularning barchasini — buyuk zafarlarni-da, o‘sha ulkan g‘alabalarning qo‘lga kiritilishiga hissa qo‘shayotgan yurtning asl farzandlarini-da, kamtarin ota xalqni-da, muborak ona Vatanni-da qaddingni g‘oz tutib, «Meniki!» deb ayta olishning o‘zi esa sharaf, beqiyos baxt. Ammo…
Shu o‘rinda ajoyib bir rivoyat esga tushdi. Xullas, qadim zamonlarda bir kishini shaharning qozisi etib tayinlabdilar. Bir kuni uning oldiga ikki kishi kirib kelibdi. Ular o‘rtasida yer xususida nizo kelib chiqqan ekan.
— Janob, — debdi ulardan biri, — men haqiqat izlab keldim! Bu yer mening yerim, u menga otamdan qolgan. Ajdodlarim bu yerga o‘z qonlari va peshona terlarini to‘kkanlar. Men bu yerda bir necha yil bo‘lmadim. Bu kishi esa o‘zboshimchalik bilan mening yerimni egallab, xuddi o‘zinikidek unga xo‘jayinlik qilyapti.
Qozi ikkinchi kishining arziga quloq tutibdi.
— Nima ham derdim, — debdi ikkinchi arzgo‘y. — Mazkur yer unga yoki otasiga ko‘p yillar ilgari tegishli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Lekin men bu tashlandiq, tikan bosib yotgan dalani tozaladim, daraxt ekdim. Unga juda katta kuch va mehnatimni sarfladim. Shu bois, u endi meniki.
Qozi uzoq o‘ylab, «Murakkab masala, o‘zim borib, o‘sha yerni ko‘rishim shart», — debdi. So‘ng nizoga sabab bo‘lgan yerga boribdilar. Yetib kelgach, qozi engashib, qulog‘ini yerga qo‘yibdi.
— Nima qilyapsiz? — deya so‘rashibdi arzgo‘ylar.
— Men yerning nima deyishini eshitishni istayman, — debdi qozi.
— Yer nima deyapti?
Qozi boshini ko‘tarib, jilmayibdi:
— Yer aytyapti: «Ikkalasi ham meniki…»
Rivoyatdan kelib chiqadigan katta ma’nolar ko‘p. Agar uning tagma’nosini jahon ahli — barcha-barcha anglaganda edi, bugun dunyoda ro‘y berayotgan barcha katta-kichik nizolar, xunrezliklar, birodarkushliklar barham topgan bo‘lardi.
Biz hammasini «Meniki!» deymiz: yerni-da, osmonni-da, xalqni-da, Vatanni-da. Ammo haqli savol tug‘iladi: ular-chi?! Ana shu yeru osmon, xokisor xalqu muqaddac Vatan bizni ham «Meniki!» deya oladimi?! Deydi! Ha, baralla aytadi: «Mening farzandim!» deb. Qachonki, biz shunga arzisak. Albatta, «Meniki!» deganlaring seni-da «Meniki!» deyishi uchun bunday ulug‘ sharafga arzish kerak. Munosib bo‘lish lozim.
Buyuk orzu va muddao shuki, ajdodlarimiz ruhi, ota-onamiz, xalqimiz va ming asrlar dovonidan oshgan, ammo navqiron Vatanimiz — sohibi Istiqlol — O‘zbekiston biz avlodlarni hech tortinmay, hech og‘rinmay, ikkilanmay, aksincha, mehr va iftixor bilan «Meniki!» desin!
“Hurriyat” gazetasidan olindi (2012).