1. BOLALIKDA
Hamma onalar ham alla aytadi. Mening onamning allasi boshqa – juda hazin va alamli bo‘lardi. Har gal yurak-bag‘ri to‘lib-to‘lib aytar, so‘zi ham, ohangi ham tinglovchini qattiq mutaassir qilardi.
– Opa, nega siz alla aytsangiz yig‘lagim keladi? – deb so‘raganimda, – Men ham sendayligimda Tog‘a-buvamdan so‘ragandim:
“Tog‘a-buva, men nega sal narsadan yig‘layman, arzimagan voqeadan ham ta’sirlanib ko‘zimdan yoshim suv bo‘lib oqadi?” – deb so‘ragandim. Tog‘a-buvam meni chaqaloqlikdan bilarkan, shunday degandi:
– Sen bir darz ko‘zaga o‘xshaysan, ko‘za darz bo‘lgach, undan tomchilab suv oqadi-da… Sening darz ko‘zaliging shuki, yetti kunlik chaqaloqligingda onang o‘lgan, seni boshqa bir, bolasi o‘lgan, emadigan bolaga muhtoj xotin emizib katta qilgan. Sen bu boqib olgan onangning qo‘lida yayrab o‘sding, bu onangga ko‘pdan-ko‘p rahmat, ammo o‘z onangdan ayriliq sening yuragingda darz qoldirgan. O‘sha darz yuragingdan yosh oqib ketaveradi…
Onam menga bu hikoyasini aytib bergandan keyin shunday degandi:
– Senga mendagi ta’sirchanlik o‘tgan. Otang ham urushda o‘ldi. Otasizlik sening yuragingni ikki karra darz qildi. Lekin sen irodali bo‘l: yaxshi narsalarni, quvonchli hodisalarni o‘yla ko‘proq…
Biz uch bola: opam, men va ukam adabiyotga yutoqib oshiq bo‘lgan esak, buning bosh sababchisi onam – pedagog Xatirabegim bo‘ladi…
2. O‘SMIRLIKDA
Bizda kitob o‘qishlar Ikkinchi Jahon urushidan keyin, 1947-49 yillarda boshlangan. Qish oqshomlari tanchaga tiqilib, o‘rtaga lampamoy (kerosin) bilan yoqiladigan 7-chiroqni qo‘yib olib, Go‘ro‘g‘li turkumidagi “Hasanxon”, “Xon Dalli”, “Avazxon”, “Rustamxon”, keyinroq “Alpomish” dostonlarini va bir daf’a “Armug‘on” degan katta bir kitobdan Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” fojiasini o‘qiganlarimiz yodimda. Kitobni mendan uch yosh katta Naima opam o‘qir, men, Saydamin tog‘am, Nasiba xolam va Mirvali ukam doimiy tingchlovchilar edik. 6-sinfda o‘qiyotganimda til-adabiyot o‘qituvchimiz Qamariddinov Nuriddin aka o‘sha paytlarda endi-endi nashr etila boshlagan va jahon yozma adabiyoti namunalari – Andersen ertaklari, “Gulliver”, “Myunxauzen” kitoblarini o‘qishga qiziqtirdi. O‘shanda “kitob jinnisi” bo‘lib, ovqat puli deb berilgan mayda pullarimni yig‘a-yig‘a kitob sotib olishlarni boshlaganman. Keyin 8-10 sinflarda rus tili o‘qituvchimiz Mixail Dmitriyevich Bogomolov bizda rus adabiyotiga muhabbat uyg‘otdi. Eng muhimi, u bizga rus tilida o‘qishni o‘rgatdi. Shu tariqa bizning hayotimizga Pushkin, Lermontov, Turgenev, Tolstoy, Mayakovskiy va Yeseninlar kirib keldi. Mayakovskiyning pasport haqidagi she’rini yod o‘qiganimda, u ko‘zlarini yumib eshitar va albatta meni alqab qo‘yardi.
3. TALABALIK YILLARI
1953 yilda Toshkentdagi 28-maktabni oltin medal bilan bitirganimda oldimda keng ufqlar ochildi. Chunki u paytlarda maktabni bunday bitirganlar oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz kirar, kumush medal bilan bitirganlar faqat bitta imtihon topshirardilar. Men qayerni tanlashni bilmay, Toshkentdagi hamma uriversitet va institutlarni aylanib chiqqach, (hozirgi O‘zMUning) filologiya fakultetiga hujjat topshirdim.
Universitetda Fozila Sulaymonova, Shavkat Rahmatullayev, Yakov Romanovich Simkin, Ozod Sharafiddinov kabi zamonning eng ilg‘or shaxslaridan dars oldim, Naim Karimov singari nozik didli, madaniy saviyasi yuksak, o‘zimdan uch-to‘rt yosh katta zukko insonlar bilan tanishuv, do‘stlashuv mening shaxs sifatida shakllanishimda katta rol o‘ynadilar. Ular hammasi meni antik davrdan tortib XX asrgacha bo‘lgan jahon adabiyoti dunyosiga kiritib yubordilar. Talabalik yillarimda Pushkin, Yesenin she’rlarini yaxshi ko‘rar va ayniqsa Haynening lirikasi mening yoshlik kayfiyatlarimga monand kelgani uchunmi, “Lirik intermatstso” degan turkumidan 65 she’rini tarjima qilib yurganlarim esimda. Keyinroq nimadir sabab bo‘lib (anig‘i yodimda yo‘q), turk adabiyotiga qiziqib qoldim.
U paytlarda bizda turkcha kitoblar sotilmas, rus tiliga tarjima qilingan turk yozuvchi va shoirlarining kitoblarini bitta qo‘ymay “Turon” kutubxonasidan surishtirib olib o‘qib chiqqandim.
4. MENING FE’LIM
Bir o‘zi yig‘layotgan bolani ko‘rsam, chidolmayman: bolani xo‘rlaganlar odam emas, deyman. Ba’zan men yashayotgan uyga tilanchilar keladi. Ularning aksariyati lo‘lilar. Zarari yo‘q. Yelkasiga xurjun tashlab olgan, kelbati mendan ikki baravar katta yigitlar yoki yuzlaridan qon tomib turgan, ammo bola yetaklab olgan sog‘lom ayollar… Ha, mayli, tilanchilik ularning kasbi, deb qo‘ya qolaman.
Ammo oyda uch-to‘rt marta har xil tilanchi bolalar – ruslar, o‘zbeklar kelishadi va qornimiz och, non bering, deyishadi, shunda nomusdan o‘lgim keladi. Bolalarni bu holga solganlardan nafratalaman.
5. YoZIShLARIM
Men hech she’r yozish haqida o‘ylamasdim. Bir ora 6-sinfda o‘qirkanman, o‘pka kasaliga uchrab, olti oy davolanish uchun Sanatoriy-O‘rmon Maktabiga o‘tdim, u yerda Saidov familiyali bir o‘qituvchi ham adabiyotdan dars berar, ham adabiyot to‘garagiga rahbarlik qilarkan. Uning ta’limlaridan so‘ng bahor va may oyi to‘g‘risida bir-ikki she’r yozgan edim, ular devoriy gazetada chiqarilgandi. Ammo yozuvchi odam o‘z she’rlarini matbuotda chiqarishga harakat qilishi mumkin va kerakligi to‘g‘risida hech o‘ylagan emasman. Gazetalarda faqat katta, judayam taniqli odamlargina she’r chiqaradi, degan tasavvurda edim. Olti oy ichida shifolanib, yana o‘z maktabimga qaytganimda, she’r yozish xayollari mendan yiroqlashdi.
Filfakda o‘qib yurgan kezlarimda yoshlik va muhabbat savdolari meni yana she’r yozdira boshladi. Ammo bularning ba’zilarida Hayne va Yesenin ta’sirlari borday tuyular, ularni hech kimga o‘qib bermas, ko‘rsatmas edim. Daftarlarda qolib ketardi. Filfakning jurnalistika bo‘limini bitirib, Toshkent Telestudiyasida ishlay boshlaganimda, ish taqozosi bilan qozoq va qirg‘iz she’riyatidan tarjimalar qildim, ular TV ko‘rsatuvlarida berildi.
1959 yili “G‘uncha” jurnaliga ishga o‘tdim. Jurnalning 1960 yilgi birinchi sonida mening she’rim ilk bora matbuotda chiqdi. “Chakki qilibman” nomli biroz yumorga yo‘g‘rilgan bu oddiy she’rim haqida bir qancha mualliflar muharririyatga kelib ijobiy fikrlar aytishdi. Shundan keyin bosh muharririmiz mendan tez-tez she’r yozib berishni so‘raydigan bo‘lib qoldi.
O‘zim bu yillarda ikki o‘g‘illik bo‘lib, ham oilada, ham ishim tufayli maktab va bog‘chalarda bolalar ichida bo‘laverib, o‘z-o‘zidan bolalar dunyosidan she’rlar bitardim. G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Mirtemir, Quddus Muhammadiylar bilan tez-tez ko‘rishardim. Yozuvchilar Uyushmasida turli adabiy anjumanlarga qatnovim faollashdi. Respublika bo‘ylab turli shahar va tumanlarga borardim. Shu tariqa xalq hayoti manzaralari ko‘z o‘ngimda muhrlanib qolar, ichimda faqat hayotni yozish fikri qat’iylashib borardi.
She’r, menimcha, o‘z ichiga insonni, hayotni oladi, yaltiratmasdan, o‘z holida, yaxshi va yomon jihatlari bilan birga aks ettiradi. Shoir, modomiki, atrofiga, insonlarga, insonlarning hayotiga bog‘liq yashar ekan, boshqacha bo‘lishi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. She’r insonning quvonchi, ko‘zyoshlari, zavqlari va og‘riqlarini, ozodligi va erksizligi, tirikchilik mashaqqatlari va go‘zal orzulari, umidlarini kuylaydi. Katta qayg‘ularga tasalli beradi. Faqat shunday shoirlargina hurmatga loyiq, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, “san’at hayotga ta’sir ko‘rsatish uchun emas, san’at uchun” degan shior ostida yoki faqat o‘zining ichki olamidagi harakatlarnigina tadqiq etuvchi shoirlar bor. Men adabiyotning xalq manfaatidan boshqa manfaati yo‘q deb hisoblovchilar sirasida turaman. Shoir o‘z ichinigina tadqiq qilib she’r yozsa, doim muvaffaqiyatli bo‘lmaydi. Shoirning ichi jamiyat hayoti bilan parallel kelgandagina bu o‘zini oqlaydi. She’r hayotdan orqada qolishi mumkin emas. Agar she’r orqada qolsa, umuman oldinga yurish bo‘lmasa kerak, taxminimcha.
Jadidlar adabiyoti yuragimning to‘rida yashaydi. Ular bitta xalq uchun yozish va millat uchun yashash qanday bo‘lishini namuna qilib qoldirganlar. Ulku (ideal)lariga vafo qilmaslik g‘ayrishoirlikdan boshqa narsa emas, deb o‘ylayman.
Hozir modernchilar bor, ular she’riyatda o‘zlarini namoyon etayotirlar. Men bironta oqim, bironta yo‘nalishga qarshi emasman. Modern yo postmodernchilar dunyoning hamma iqlimlarida katta ishlar qilib, jamiyat hayotida chuqur izlar qoldirayotir. Bundan ko‘z yumish mumkin emas. Faqat hamma gap shundaki, ularning qalbini yondirayotgan narsa nima, chindan yondirayotirmi – shunisi aniq bo‘lishi kerak. O‘tgan asr rus adabiyotidagi oqimlar, futurizm Mayakovskiyni, imajinizm Yeseninni, akmeizm Axmatovani jahon she’r xazinasiga berganini unutib bo‘ladimi? Syurrealizm, kubizm, dadaizm, naturalizm buyuk shaxslarini bermadimi? Men o‘zim realizm va romantizmni yaxshi ko‘raman. Ammo modernistlar realistlarning o‘n varaqlik tasvirini bitta ta’sirchan jumlada yo bitta metaforada bera olishlari mening zavqlarimga juda yaqin. Faqat menga har qanday shoir xalq dardi bilan og‘rishi kerakday ko‘rinadi. To‘g‘ri, madh shoirlari ham bor, ular hayotdagi yangi o‘zgarishlardan zavqlanadilar va madhiya va qasidalar bitadilar. Aslida bu ham kerak, lekin madh va qasida samimiy bo‘lmog‘i kerak. XIII asrda yashagan Qatron ismli shoir qasidalar ustasi edi, bir daf’a o‘sha davr podshohi qasidalari tufayli, unga eng katta maosh belgilagan ekan, Qatron ertasigiyoq yo‘qolib qolibdi. Amaldorlar uni ko‘p axtaribdilar, faqat oradan bir necha yil o‘tgandan keyingina topibdilar. Undan ketib qolish sabablarini so‘raganlarida:
– Podshohim meni manfaat uchun yozgan buni, deb o‘yladilar, men yurtimizdagi katta o‘zgarishlarni she’r uchun, o‘zim uchun madh etganman. Menga alohida ehtirom ko‘rsatish boshqa shoirlar ichida meni uyaltiradi, – degan ekan.
Yaltoqlik, munofiqlik, mushriklikni adabiyot yo‘lidagi to‘siqlar deb bilaman. Yaltoqlik, laganbardorlikning zararlari ko‘pchilikka ayon. Munofiqlik esa so‘zda turmaslik, omonatga xiyonat illatlaridir. Bizda bu faqat shaxsiy kamchilik emas, bizda, nazarimda, munofiqlik illati ko‘p…
…Mening oilamga kelsak, xotinim Qutlibeka Rahimboyeva shoira, qayerdaki she’riy turkumi bosilgan bo‘lsa, o‘sha gazeta va jurnalning yillik mukofotiga sazovor bo‘lgan, hatto ruscha tarjimasi chiqqanda, “Molodost” jurnali ham shunday mukofot bergan, “Shuhrat” medali sovrindori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. Hozir dramaturgiya va nasrda ham faol ijod qilib kelmoqda. To‘rt o‘g‘lim va bir qizim bor. Biri bevaqt vafot etdi. Ikkinchisi Mirvosil kichikligidan yaxshi hikoyalar yozib keladi, hikoyalari “Gulxan”, “Yosh kuch”, “Guliston” jurnallarida, ayrimlari bayozlarda, “Ma’rifat” va boshqa bolalar gazetalarida bosilgan. Amerika yozuvchisi Reks Stautning bir romanini tarjima qildi va u “Jahon adabiyoti” jurnalida e’lon qilindi. Uchinchi o‘g‘lim Mirahmad va kenja o‘g‘lim Najot tijorat yo‘lidan ketishdi. Qizimiz Orzu – Kamoliddin Behzod nomidagi Tasviriy san’at va dizayn institutini bitirib “Jannat-makon” jurnalida muharrir bo‘lib ishlamoqda.
Rejalarim: yoshim 75 ga qarab ketdi. Yozganlarim sochilib yotibdi, ularni jamlab nashrga tayyorlayotirman. Bu yil, Xudo xohlasa, “Kuzgi yaproqlar” nomli devonim va Farididdin Attor, Nizomiy Ganjaviy, Jaloliddin Rumiy va Abdurahmon Jomiydan qilgan tarjimalarim bir kitob holida G‘afur G‘ulom nomidagi Nashriyot-matbaa Ijodiy Uyida chiqariladi. Yana umrim davomida ko‘p mamlakatlarda bo‘lganman: Rossiya, Ozarbayjon, Moldova, Tatariston, Qibris, Turkiya, Makedoniya va Afg‘oniston… Ana shu safarlarim haqida “Yo‘llar va esdaliklar” nomli safarnomamni yozib bitkazayotirman. Zamondosh ustozlar, o‘qituvchilar, safdoshlar haqida (G‘afur G‘ulom, Oybek, Shayxzoda, Mirkarim Osim, Ozod Sharafiddinov, Ma’ruf Jalil, Rauf Parfi) xotiralarim ham bir kitob bo‘ladi.
Undan tashqari “Dunyo bolalar adabiyoti” degan antologiya ham tuzganman va hokazo… Xudo bergan umrimni yashayveray-chi, balki, bir narsalarga muyassar etar.
“Yoshlik” jurnali, 2010 yil, 4 (233)-son.