Habibulla Olimjonov. Mustaqillik (2011)

Muqaddima

Rossiya telekanallaridan birida “Jahon shaharlari” ruknida Agra shahri haqida ko‘rsatuv namoyish etilayotgandi. Boshlovchi-jurnalist Boburiylarning dunyo tan olgan ulug‘ yodgorligi — Tojmahal to‘g‘risida to‘lqinlanib, hayajon bilan hikoya qilarkan, tarixiy obidaning me’morchiligi, tarixi, Hindiston shohi — Boburiy podshoh Shohjahon uni sevimli rafiqasiga bag‘ishlagani — hamma-hammasini bilimdonlik bilan gapirayotganini ko‘rib, hamkasb sifatida tan berib, tinglab o‘tirgandim, bir payt u jon-jahdi bilan: “Babur xot rodilsya v Fergane, no on vovse ne uzbek!” desa bo‘ladimi.

Endi, hozirgina so‘zamolligiga qoyil qolib o‘tirgan boshlovchidan ijirg‘andim va… o‘zimcha faxrlandim: u bundan bir necha yuz yillar muqaddam yaratilgan, hozirgacha rivojlangan mamlakatlarda ham ancha-muncha iqtidorli me’morning aqli-zakovati yetmaydigan darajada murakkab arxitekturaviy ansambl to‘g‘risida hayratlanib hikoya qilishga majbur, biroq uning muallifi ajdodlarimizdan ekanini tan olishni sira-sira istamayapti! Chunki millatga yuz yildan ortiq hukmronlik qilgan Imperiya saltanati ularning miya­siga mana shu gegemonlik g‘oyasini shunday “ekib” qo‘ygan ediki, hali-hanuz uning “soya”sidan chiqib ketisholmayapti.

…1993 yilda xalqaro dasturlar doirasida amerikalik o‘zbek Munavvar O‘lg‘un mamlakatimizga kelib, ingliz tili chuqur o‘qitiladigan maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilaridan test imtihonlari olib, uning varaqalarini AQShga jo‘natdi. Imtihon natijalariga ko‘ra 48 nafar o‘quvchi Amerikaning turli shtatlarida bir yil yashab, 11-12-sinflarni bitirib qaytishdi. O‘shanda ulardan biri bilan suhbatlashgan edim. U so‘zlab bergan lavha esa hamon ko‘z oldimda muhrlanib qolgan: “Michigan shtatida yashab-o‘qidim, u yerda asli afrikalik musulmon qiz bilan do‘stlashib qoldim, u meni uyiga taklif qildi. Ikki qavatli qasrday joyda yashashar ekan, otasi katta tadbirkor-boy. Dugonamning otasi men qaysi mamlakatdanligimni so‘radi. “O‘zbekistondanman” dedim. Tushunmadi. Hadeganda anglayvermagach, “Rusiyami?” deb so‘radi. Men ilgari Rossiya tarkibiga birlashtirilgan ittifoqda bo‘lganimizni, ikki yil avval mustaqillikka erishganimizni, mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi deb atalishini tushuntirdim.

Bizning bir necha yuz yillar oldin jahon tsivilizatsiyasiga salmoqli hissa qo‘shgan Beruniy, Ulug‘bek, Ibn Sino, Imom Buxoriy kabi bobolarimiz bo‘lganini ingliz tilida anglatdim, haligi kishining savlatidan asar ham qolmadi. Birdan: “Ey qizim, sen Imom Buxoriyning yurtidanmisan!” deya hayratlanib o‘rnidan turib ketdi. Peshonamdan o‘pdi: “Qizim, sen Amerikada boshing­ni baland ko‘tarib yurgin, — ikki qo‘lini tepaga ko‘tarib, — Imom Buxoriy hazratlari butun dunyo musulmonlarining otasi bo‘ladi, axir!”, — dedi hayajonlanib.

O‘shanda sinfdoshlarim ham O‘zbekiston degan mamlakat borligini bilishmas ekan. Bittasi “sizlarda ham avtomobil bormi?” degani sira esimdan chiqmaydi…”

Ha, bu “ittifoqdosh” respublikalar xalqlarini o‘z tarixidan uzib qo‘yish, ahli dunyo­dan yashirish siyosatini olib borgan, o‘zlikni unutishga xizmat qilgan sho‘ro mafkurasining “samara”si edi. Yuz yil muttasil qilingan hukmronlik mafkurasi natijasida o‘z tarixi, o‘z madaniyati bor mamlakatning ham yer yuzidan yo‘q bo‘lib ketishiga bir baxya qolgandi.

Kecha shunday edi.

Kecha

Kecha, sho‘ro tuzumining chuqur hukmronlik davrida Sovet Ittifoqi degan “bepoyon” o‘lkaga arab mamlakatlaridan birining podshohi rasmiy tashrif bilan kelgandi. Uning tashrifi doirasida O‘zbekiston ham bo‘lib, mehmon Xastimom (Hazrati Imom)dagi xarobgina masjidga borib, namoz o‘qigan va ertaga Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish istagi borligini aytgan. Bugungi avlod uchun lof emas, ertak emas, haqiqat shuki, o‘sha paytda bu nomni O‘zbekistonda, balki barmoq bilan sanarli odamlargina bilishgan, bosh­qalar o‘z tarixidan butunlay mahrum qilingani bois ana shunday allomalar borligini bilmagan: na o‘quvchi, na talaba, na ziyolilar. Mutasaddilar mehmon oldida mulzam bo‘lib qolmaslik uchun darhol tarixchi (islomshunoslar bo‘lmagan) olimlarni chaqirtirib, Buxoriy o‘zi kim bo‘lgani, uning qabri qayerdaligini surishtirishgan. Va tuni bilan Imom Buxoriyning qabrigacha bo‘lgan 7 kilometrli o‘ydim-chuqur yo‘lga asfalt yotqizilib, tashlandiq qabr supurib-sidirib, tuzatib qo‘yilgan.

Xalqni tarixidan uzish, man­qurtga aylantirish mafkurasi ro‘yobi uchun nimalar qilinmagan, deysiz. Yomoni, markazdan kelgan maxfiy, norasmiy topshiriqlarning mahalliy rahbarlar tomonidan “ortig‘i bilan” bajarilishi edi.

O‘sha davr mafkurasi mansabdor kishilarni hatto otasining janozasida qatnashishdan ham mahrum etdi. Mabodo qatnashadigan bo‘lishsa, ular “diniy urf-odatlarga amal qilgani” uchun ayblanib, vazifasidan chetlatilardi. Shu bois amaldor odamlar o‘z ota-onasining janozasida bel bog‘lab turishdan qo‘rqib, “komandirovka”ga ketib qoladigan, qarindosh-urug‘lar yaqin kishisining fotihasiga qo‘rqa-pisa yashirincha boradigan bo‘lib qolishgandi.

Xalqimizning sevimli bayramlaridan biri — Navro‘z eskilik sarqiti — bid’at deya qatag‘on qilindi: gazetalar muharrirlari Markazqo‘mga chaqirilib, Navro‘z haqida bir so‘z yozmaslikka topshiriq oldi va hatto oshxonada ovqat yeb bo‘lib yuziga fotiha tortgan xodimani ko‘rib qolgan muharrir unga majlisda tanbeh berish darajasigacha borib yetdi…

Toshkentdagi “Markaz-27” degan dahada hozir torgina xonalardan iborat bo‘lsa-da, ikki qavatli bir nechta kottej bor, biroq 90 kvadrat metr hovlili to‘rt qavatli, ko‘p xonali uy bittagina. Nomi “eksperimentalniy” deyilgan o‘sha paytda. Negaki, u 1966 yildagi zilziladan keyin nomiga yarasha eksperiment — tajriba sifatida qurilgan. Afsuski, u yagona nusxaligicha qolib ketdi. Boshqa yo‘q, qurilmadi. Sababi, bu daha loyihasini tasdiqlatish uchun Moskvaga olib borilganida (bitta oddiy maktab qurish uchun ham Markazning ruxsati kerak edi-da — H.O.) Ittifoq mamlakatining hukumat raisi Kosigin, bu loyi­hadagi qurilishni hamshaharlarimizga ravo ko‘rmay, “Pust kak vse jivut” deb chekkaga surib qo‘ygan ekan…

Mamlakatimiz ana shunday “temir panja”lardan ajralib, Mustaqillikka erishgach, deyarli yuz yil mobaynida chirmashib-birlashib ketgan “katta oila”dan voz kechib, “qozon-tovoqni bo‘lak qildi”. Shunda suvtekin boyliklardan mahrum bo‘lib qolgan, hukmronligi qo‘ldan ketgan markaz jazavaga tushib, respublikaga tegishli ulushlarni berish o‘rniga, tiklanish, rivojlanishga to‘g‘anoq bo‘lish sa’y-harakatini qo‘llay boshladi. “Paxtani kerak bo‘lsa, Amerikadan olamiz, bilganlaringni qilinglar” qabilida ters siyosat tutdi. “Bular o‘zini o‘nglolmaydi, yalinib keladi” deb o‘ylashdi.

Ha, sobiq ittifoq davrida “Paxta — o‘zbek xalqining milliy iftixori” deb jar solinsa-da, aslida u xalqning kulfati bo‘lganini keyin, Mustaqillikka erishib ko‘zimiz ochilgach bildik. Chunki yil-o‘n ikki oy tinimsiz og‘ir mehnat evaziga yetishtiriladigan bu “milliy iftixorimiz”ning 95-96 foizi shundoqqina xom­ashyo holida Rossiyaga, boshqa respublikalarga Moskvaning taqsimoti bilan jo‘natilardi. Bir kilo paxta uchun o‘zbekka 70 tiyin to‘lanardi. Holbuki, bir kilo paxtaning 300 gramm tolasidan to‘qiladigan gazmoldan ikkita erkaklar ko‘ylagi tikilardi. Har biri 20 so‘mdan — 40 so‘m. 70 tiyin qayoqda-yu, 40 so‘m qayoqda! O‘zning jaziramasi ostida tongdan tungacha mehnat qilgan, barmoqlarini “kuf-kuflab” isitib qorning ostidan ham paxtani yig‘ishtirib olgan o‘zbek soya-salqinda soatiga qarab to‘qiydigan va tikadigan “qardosh”lardan 40-50 baravar kam haq olgan!

Shuning hisobiga bu xalq “boqimanda” bo‘lib qolgan. Bu gapni savodsiz bir kishi emas, balki o‘sha paytda respublikaga birinchi rahbar bo‘lib qolgan odamning og‘zidan, baland minbardan eshitish o‘lganning ustiga chiqib tepgan bilan barobar edi…

Bugun ijtimoiy hayotni tinch va osoyishta yo‘lga solish, iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasidan namuna olishga ochiqdan-ochiq da’vatlar bo‘layotganini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Esingizdami, Rossiya televideniyesining mashhur jurnalist-boshlovchisi V.Listev otib o‘ldirilganida, mamlakatning o‘sha paytdagi prezidenti B.Eltsin telestudiyaga kelib ta’ziya izhor qilarkan, o‘z so‘zida jinoyatchilikka qarshi kurashda O‘zbekistonning samarali usulidan ibrat olish haqida eslatgan edi. Yaqinda Rossiya telekanallaridan birining mamlakatda avtomobil o‘g‘irlash, olib qochish nihoyatda ko‘payib ketganiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvida ham “bu illatning ildiziga bolta urish uchun O‘zbekiston tajribasini qo‘llash kerak, u yerda odamlar mashinasini kaliti bilan qoldirib ketishaveradi, hech kim tegmaydi” deb ta’kidlandi.

Darhaqiqat, o‘shanda bunday jinoyatlarga barham berish, hayotni tinch-osoyishta o‘zanga solish, oldinda aniq ko‘rinib turgan qirg‘inbarot va qon to‘kilishlarning oldini olish uchun keng idrok, zo‘r qat’iyat va o‘rni kelganda qattiqqo‘llik bilan ish yuritish talab etilardi. Respublika miqyosida ish boshlaganiga ikki yil o‘tmasdanoq, hali markazning mustahkam changalidan hech bir ittifoqdosh respublika ozod bo‘lmay turib O‘zbekistonni mustaqil mamlakat deb e’lon qilishga jur’ati va jasorati yetgan Yurtboshimiz tashabbusi va topshirig‘i bilan jinoyat qonunchiligiga qator o‘zgartirishlar kiritildi.

Keksa va o‘rta avlod vakillari — biz o‘zimiz ko‘rib guvohi bo‘ldikki, mamlakat mustaqilligiga xavf solgan u yer-bu yerda ketma-ket “sodir etilgan” millatlararo mojarolarni bostirish ancha og‘ir kechdi. Yurtboshimiz qo‘shni davlat xalqi bilan ro‘y bergan mojaroni bosiqlik, mushohada, tinch yo‘l bilan hal qilgani uchun mintaqada vaziyatni mutlaqo izdan chiqarib yuborishi ehtimoli aniq bo‘lgan muammo bartaraf etildi. Far­g‘ona, Qo‘qon, Bo‘ka, Parkent­dagi taloto‘plar ham shu tariqa, ba’zan Yurtboshining bevosita voqea joyiga borib muloqotga kirishishi natijasida tinch yo‘l bilan barham topdi.

Ikkinchi jahon urushida bir oyog‘ini qoldirib kelgan, yaqinda olamdan o‘tgan dehqon otam televizor ko‘rib o‘tirib, mamlakatimizda har sohada amalga oshirilayotgan katta va ulug‘ ishlardan to‘lqinlanib, Prezident nutqini maroq bilan tinglayotib takrorlagan bir gaplari yodimdan chiqmaydi: “Baraka topsin shu Inson, bu kishini qilgan ishlari uchun avliyolar ruhi qo‘llayapti, o‘g‘lim!”

Otam bunda, albatta, aziz avliyolarimiz — Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Al-Far­g‘oniy va boshqalar xotirasiga ko‘rsatilgan izzat-ikrom, ularga qurilgan saroy-yodgorlik majmualarini nazarda tutayotgan edilar.

Yuqorida mamlakatimizda yetishtiriladigan paxta masalasida, uning xalqimiz turmush tarzida tutgan ahamiyati haqida qisman fikr bildirdik. Haqiqatan ham uning dunyo miqyosidagi o‘rni beqiyos. Shunday manbadan ajrab, pirovardida, yirik-yirik sanoat korxonalari to‘xtab qolish ehtimoli yuqori bo‘lgan qizil imperiya qo‘l qovushtirib o‘tirishni istamasdi. Umuman olganda, bosqinchilikning hiylayu hunarlari ko‘p.

Chor rossiyasi ham, sho‘rolar ham muttasil yurtning ilg‘or fikrli ziyolilarini jilovlash, xalqning ko‘zini qo‘rqitib, mutelikda saqlash uchun turli bahonalar bilan vaqti-vaqti bilan xalqlarni qatag‘on qilib turgan. Unda, odatda, xalqni hurlik-ozodlikka yetaklashga ongi-idroki yetadigan ziyolilar qamalgan, surgun qilingan, qatl etilgan. Xususan, 1917-1924 yillarda, 1933-1938 yillarda, 1952 yilda va o‘tgan asrning saksoninchi yillari o‘rtasida markaz tomonidan O‘zbekiston, o‘zbeklar uchun boshlangan qatag‘on ham ilgarigilardan kam kulfat keltirmadi. Moskvadan yuborilgan Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhi “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomlari ostida paxtakor dehqonlarni, rahbar kadrlarni qamash kampaniyasini boshlab yubordi. Ne mashaqqatlar bilan yetishtirilgan 6 million tonna paxta kamlik qilgandek, uni yetishtirish sir-sinoatlaridan mutlaqo xabari bo‘lmasa-da, “Paxta ishi” bilan shug‘ullanib, yetishtirilgan hosil “cho‘g‘i”ni hisob-kitob qilishdi. Oddiy tabelchi-hisobchidan tortib brigadir, kolxoz raisi, raykom va obkom sekretarigacha soxta ayblov bilan sudlandi. Nafaqat huquq, xalqning ori tahqirlandi.

…Ofat oloviga O‘zbekistonning o‘zida suv sepildi. 1989 yilning yozida respublika bosh­qaruviga yangi rahbar Islom Karimov kelgach, dast­labki ishni bo‘rilar to‘dasini kelgan joylariga qaytib ketishga “ruxsat berish”dan boshladi. Respublika qishloq xo‘jaligi xodimlarining yig‘ilishida Yurtboshimiz “Po xlopkovim delam bil vulgarniy podxod” dedi hammani lol qoldirib. Gazetalar buni “soxta yondashuv” deb tarjima qilishdi. Aslida esa bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi kengroq — “qo‘pol”, “zo‘ravonlarcha”, “surbetlarcha” tushunchalarining yig‘indisi ma’nosini beradi. Keyinchalik qamalgan bir necha o‘n minglab odamlarning jinoyat ishi qaytadan ko‘rib chiqildi, moddiy manfaatdorligi tasdiqlanmagan insonlarni oqlash, bosh­qalarga nisbatan “majburiy chora” bandi qo‘llanilib, qamoqdan ozod etish masalasi qo‘yildi. Yigirma mingdan ortiq kishi qamoqdan chiqarildi, uch ming kishi batamom oqlandi.

Millatning izzat-nafsi, nomus-ori toptalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Tarixiy voqea — el-yurt himoyasi bobida ulug‘ ajdodlarimizga monand, Amir Temurga xos jur’at qilindi. Qizil imperiya birinchi bo‘lib O‘zbekistonda ana shu taxlit arxiv­ga uloqtirildi.

Bugun

Bugun O‘zbekistonni Mustaqil davlat sifatida dunyo yaxshi biladi. Endi nima qurish, qanday qurish birovdan so‘ralmaydi, ruxsat olinmaydi. Yuzlab yangi masjidlar barpo etildi. Dindorlarga ehtirom ko‘rsatilmoqda. Qatag‘on etilgan Navro‘z tiklandigina emas, umumxalq bayramiga aylandi. Unutilayozgan bosh­qa udum va qadriyatlar qayta qaror toptirildi.

Bugun Amudaryoga ko‘priklar qurayapmiz, tog‘lardan temir yo‘l o‘tkazib poyezdlarni yurgizayapmiz, neftni qayta ishlaydigan zavodlarni ishga tushirayapmiz. G‘alla mustaqilligiga erishildi, yonilg‘i quvvatimizdan xorijiy mamlakatlar ham bahramand bo‘lmoqda. Mamlakatimiz ko‘cha va yo‘llari o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarga to‘la. Samolyotsozlik rivojlanmoqda.

Yigirma yil avvalgi O‘zbekiston boshqa, bugungi O‘zbekis­ton boshqa: yupun kiyingan, bo‘ynini qisib “katta aka”dan muruvvat kutib, uning ko‘ziga mo‘ltirab qarab turadigan erksiz-bechorahol kishi o‘tmishda qoldi. Savlati ko‘zni quvontiradigan, ko‘zlarida hamisha aql-idrok shu’lasi va g‘urur-iftixor nuri chaqnab turgan, “Men O‘zbekman!” deya baralla jahon bilan bo‘ylashayotgan 20 yoshli yigit-qizlarni ko‘rish nasib etganidan nafaqat mening, balki katta va o‘rta yoshli zamondoshlarimizning qalbi g‘ururga to‘la.

Poytaxt Toshkentdagi keng va ravon yo‘llar, muhtasham saroysifat o‘nlab-yuzlab inshootlar, shahar va qishloqlardagi qasrmonand kollej va litseylar — bular bari Mustaqillik sharofati, farovonlik inshootlaridir! Bularni xayolan ko‘z oldimga keltirar ekanman, beixtiyor bir voqea yodimga tushdi. Mustaqillikning dast­labki yillari Sag‘bon ko‘chasida yashaydigan hamkasb do‘stimning o‘g‘li armiyadan kelganida yo‘qlab borishga to‘g‘ri keldi. Uning uyiga oxirgi marta ikki oygina ilgari borgandim. Endi u uyni rosa izladim. Sababi — eski shaharning bu ko‘chasi ikki-uch oyda qayta qurilib, tanib bo‘lmaydigan darajada yangilangan edi. Va, mana yigirma yildirki, butun mamlakat o‘sha sur’atda yangitdan bunyod etildi, bunyod etilmoqda.

Ushbu maqolada mamlakatimizdagi bunyodkorlik haqida birma-bir, batafsil hayajonli satrlarni qog‘ozga tushirishni rejalagan edim. Biroq yuqoridagi kechagi tarixning qora va xira lavhalaridan ke­yin yorqin va go‘zal manzaralarni bunga qo‘shish hayfdek tuyuldi. Zotan, Mustaqillik manzaralari alohida, tom-tom asarlarga munosib hodisa!

Yigit yoshing muborak, Mustaqillik! Umring boqiy, hayoting go‘zal bo‘lsin, yomon ko‘zlardan Yaratganning o‘zi asrasin!

“Hurriyat” gazetasidan olindi (2011).