Gulnoza Odilova. Yoshlarni “bola” desak… yoxud tarjimon bo‘lib tug‘iladilarmi? (2012)

So‘nggi yillarda bevosita tarjima amaliyotida sezilarli natijalar ko‘zga tashlanayotir. Yurtboshimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, ­“Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” asarlaridagi ko‘rsatmalar, yo‘l-yo‘riqlar o‘zbek adabiyoti durdonalarini bevosita jahon tillariga, dunyo adabiyoti namunalarini ona tilimizga tarjima qilishdek ulkan ishlarda qanot bo‘layotir. Bu borada milliy adabiyotimizni sevib qadrlaydigan, badiiy ijodga uquvi bor yosh tarjimonlarga katta umid bildirilayotgani, ularni qo‘llab-quvvatlash, imkoniyatlarini yuzaga chiqarishga harakat qilinayotgani quvonarli hol.

Chunonchi, 2010 yili filologiya fanlari doktori Sh.Sirojiddinovning tashabbusi bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Ilmiy kengashida oliy ta’lim muassasalarida “Yosh tarjimonlar maktabi”ni tashkil qilish to‘g‘risida nizom ishlab chiqildi. Tajriba tariqasida boshlangan harakat natijasida Samarqad davlat chet tillari instituti, Qarshi davlat universiteti, Urganch davlat universiteti kabi oliy ta’lim dargohlarida ham “Yosh tarjimonlar maktabi”lari tashkil etilib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mazkur maktablarning ilk ilmu toliblariga tarjimashunos olimlar, taniqli tarjimonlar saboq berib kelishmoqda.

O‘zim ham Qarshi davlat universiteti roman-german filologiyasi fakulteti qoshida ish boshlagan ana shunday maktabda tarjima nazariyasi va amaliyoti, badiiy tarjima asoslari, tarjimonlik mahorati yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlar olib boraman. Mashg‘ulotlarda nafaqat ilmiy adabiyotlardan, balki internet tarmog‘ida mavjud bo‘lgan ingliz tilidagi yirik elektron izohli lug‘atlar, sinonimlar va antonimlar lug‘atlari, she’riy tarjimada qofiya yasashda qo‘l keluvchi inglizcha teskari lug‘atlardan foydalanamiz. Maktabimizga eng iqtidorli, she’r, hikoya mashq qiladigan, ingliz, nemis, frantsuz tillarida bemalol so‘zlasha oladigan talabalarni saralab olganmiz. Ularning har biriga bittadan ko‘p yillik tajribaga ega mutaxasis tilchi va adabiyotshunos biriktirilgan. Oyda bir marta o‘tkaziladigan hisobot yig‘ilishlari, tarjimonlar bilan uchrashuvlar o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.

Shuningdek, talabalarga grammatika, fonetika fanlaridan tashqari, yillik yuklamaning asosiy qismini tashkil etuvchi og‘zaki va yozma nutq amaliyoti fani o‘tiladiki, unda talabalar interaktiv usullar, turli video darslari va lingofon orqali jahon xalqlarining urf-odatlari, madaniyati, tarixi, so‘zlashuv uslubi, etiket normalari bilan yaqindan tanishadilar. Chunonchi, “Ingliz adabiyoti” fanining o‘zi 4 bosqichda 4 kurs davomida o‘tiladi. “Mamlakatshunoslik” fanining asosiy mavzulari esa, ingliz tilli xalqlarning turmush tarzi, madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga mo‘ljallangan. “Tarjima nazariyasi va amaliyoti”, “Badiiy tarjima” kabi tanlov fanlarimizning o‘quv-uslubiy majmualari ham aynan o‘zbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilish amaliyotini kuchaytirishga qaratilgan. Talabalar veb kameralari orqali Angliya va AQShdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan tengdoshlari bilan bajarayotgan ishlarini sotsial tarmoqlarda o‘zaro muhokama qilib turadilar. Ular tarjima qilgan ba’zi hikoyalarni o‘qigan ingliz yoshlari o‘zbek adabiyotiga nihoyatda qiziqib qolishdi…

Bu ishlarimiz hozir o‘zining ilk bosqichida. Xalqimizning: “Qimirlagan qir oshar”, degan hikmatiga amal qilib, kelajakda talabalarimiz orasidan kuchli tarjimonlar yetishib chiqishiga umid bog‘laganmiz. Mana shunday sa’y-harakatlar jarayonida tarjimon kadrlarni tayyorlash masalasida turli xil fikrlar aytilayotgani, bahs-munozara bo‘layotganiga ham tabiiy hol, deb qarash joiz, albatta. Men bu o‘rinda Zuhriddin Isomiddinovning “Kaminaning nomlari…” (“O‘zAS”, 2012 yil 29 iyun) va Adhambek Alimbekovning “…O‘zimizdan qachon chiqadi?” (“O‘zAS”, 2012 yil 6 iyul) maqolalarini nazarda tutayapman.

Yashirmayman, Z.Isomiddinov o‘z maqolasida haqli e’tiroflar (“…badiiy tarjima to‘lig‘icha badiiy ijod, hech kami yo‘q”) bilan birga bir qatorda e’tiroz tug‘diradigan fikrlarni ham bildirgan. Ularni umumlashtirib aytadigan bo‘lsak, maqola muallifi iqtidorli talabalar orasidan tarjimonlar tayyorlashga samarasiz mashg‘ulot, deb qaraydi: “Chunki tarjimonlik o‘ta milliy va… sartaroshlikka qaraganda ming chandon teranroq narsa, u faqat shu millat kishisining badiiy tafakkuri mevasi bo‘lib yuzaga chiqadi”. Haqiqatan ham, Z.Isomiddinov yozgandek, “duch kelgan o‘zbekka, sen o‘zbekchani bilasan-ku, kel endi hikoya yo she’r yoz, asakang ketmaydi desak” badiiy ijodga “sartaroshlikka qaragan”day yondashgan bo‘lamiz. Bugun oliy o‘quv yurtlarida jahon tillarini puxta o‘rganayotgan, badiiy ijodga iqtidori bor, tarjimonlikka intilishi, layoqati sezilib turgan talabani “duch kelgan o‘zbek”dan farqi bordir, axir? Bunday “bola”larga yo‘nalish berish, ularning izlanishlarini, mashqlarini qo‘llab-quvvatlash lozimmi yoki sening tarjimangni “birov badiiy asar sifatida o‘qimaydi», deb qanotini qayirish kerakmi?

Bu borada men yana o‘z tajribalarimdan kelib chiqib, universitetimiz qoshidagi “Yosh tarjimonlar maktabi” mashg‘ulotlarining, albatta, samara berishiga ishonishimni ta’kidlashni istayman.

Darvoqe, maktabimizdagi mashg‘ulotlarda tarjima amaliyotini tarjima tanqidi bilan birga qo‘shib olib borish maqsadida keyingi yillarda amalga oshirilgan bevosita tarjimalarni asliyat bilan solishtirib, tarjima asarda asliyatning badiiyligi, ruhi va mazmuni qay darajada aks etganini muhokama qilib boramiz. Misol uchun, mashg‘ulotlar davomida “Kaminaning nomlari…” maqolasi muallifi Z.Isomiddinov muharrirlik qilgan tarjimon Abduqahhor Iminov tomonidan ingliz tilidan bevosita o‘zbekchaga o‘girilgan Vilki Kollinzning “Oq kiyingan ayol” (Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010 yil) romanini katta qiziqish bilan mutolaa qildik. Muharrirning bu kitobga yozgan so‘zboshisidagi ayrim fikrlari yuqorida tilga olingan maqolasidagi qarashlariga mos emasligi bizni ajablantirdi. Shu so‘zboshidan ba’zi jumlalarni keltirsak: “Endi qisqacha roman tarjimasi haqida. “Oq kiyingan ayol” — o‘zbekchaga ingliz tilidan bevosita o‘girilgan to‘ng‘ich roman. Uning mutarjimi Abduqahhor Iminov esa professional tarjimonlikka da’vogar odam emas. U ma’muriy lavozimlarda ishlagan, ingliz tilini puxta biladi (men o‘tgan yili uning Berlinda yashaydigan nevarasiga tavallud kuni bilan tabriklab, ingliz tilida she’r yozib jo‘natganiga guvoh bo‘lganman)…”. Bilmadik, 650 betlik tarjima asarini nashr qilgan ijodkorni “tarjimonlikka da’vogar emas”, deb e’tirof etishni qanday tushunish mumkin? Z.Isomiddinov tarjimonni “muzyorar kema”ga qiyoslab, o‘quvchini tarjimada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan ko‘z yumishga undaydi: “Albatta, asliyatning biron jihati ushbu tarjimada boshqacharoq aks etib qolgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo uning dastlabki yirik tarjima — ko‘lamli tajriba ekanligini hisobga olib, uncha-muncha nuqsonlardan ko‘z yumsak, hech bokisi yo‘q. Illo, birinchi bo‘lib yo‘l ochganlardan hamma narsada badastirlikni talab qilish noo‘rin ham. Muzyorar kemaning ishi — muzni yorib yo‘l ochish, naft tashish va baliq ovlash boshqalarga tan”.

Ochig‘i, Z.Isomiddinovning ushbu so‘zboshisi bilan “Kaminaning nomlari…” maqolasini solishtirib hayron bo‘ldik: maqolada u tarjimaning benuqson chiqishi uchun qayg‘urib, yosh tarjimon bunday mas’uliyatni uddalay olmaydi desa, so‘zboshida yoshi ulug‘ tarjimondan mas’uliyat talab qilmang, degan ma’noda so‘z yuritadi. Yoshlarni “bola” desak, keksalarni “ayaylik” desak… Xo‘sh, badiiy tarjimaning estetik zavq bera oladigan darajada chiqishi tarjimonning keksa yoki yosh ekaniga bog‘liqmi? Bizningcha, tarjimaning badiiy yetuk chiqishi tarjimada retseptor pragmatikasi bilan hisoblashilganiga va boshqa ko‘plab ekstralingvistik omillarga ham bog‘liq. To‘g‘ri, milliy adabiyotimiz namunalarini ingliz tiliga tarjima qilayotgan yoshlarimiz g‘arbcha fikrlay olmas. Lekin bu masalani tarjimaning oxirgi bosqichida g‘arblik mutaxasis bilan hamkorlikda qayta ko‘rib chiqib, tarjimani tahrirdan o‘tkazish orqali yechish mumkin-ku. Buning uchun zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlarida imkoniyatlar yetarli nazarimizda. Tarjimon Dinara Sultonovaning o‘zbek adabiyotidan ingliz tiliga qilgan tarjimalari Amerikaning www. poetry.com saytida reytingning eng yuqori o‘rinlarini ancha vaqt qo‘ldan bermay kelganiga guvoh bo‘lganman. Izlagan imkon topadi, muhimi ishonch va ko‘mak.

Endi ingliz tilidan o‘girilgan dastlabki romanning ayrim jihatlariga e’tibor qaratsak. Asarning hajmi va matnining murakkabligi, haqiqatdan ham, tarjimon mehnatiga tahsin aytish uchun yetarli asos bo‘ladi. Ammo tarjimada noo‘rin ishlatilgan tasviriy iboralar (“shinam sumka”, “nodir mato”, “shaffof va go‘zal”(qiz), “qilich burun” kabi), uslubiy g‘alizliklar, so‘zlar takrori kitobning deyarli har betida uchraydi. Tarjimon “ilterlamaot” degan so‘zni juda ko‘p ishlatadi. Ba’zida bu so‘z qanday ma’noda kelayotganini anglash mushkul: “Uning shu ilterlamaotiga dastlab javob bergan men edim” (130-bet), “…ilterlamaot yuzasidan o‘z zimmangizga olishingizni iltijo qilardim” (133-bet), “Uning jentlmenlik ilterlamaoti iltimosimni rad etishga ojiz edi”(139-bet), “Menga bo‘lgan ilterlamaotingiz va men uchun jon kuydirib qilayotgan harakatlaringizga yarasha xizmatingizda bo‘layin (143-bet). Bu so‘z izohli lug‘atda ham uchramagach, uni tarjimon “iltifot” ma’nosida qo‘llagan, degan taxminga bordik. Ammo “…itterlamaoqdoshingiz ayol kishi-ya!” (48-bet) degan jumla bu taxminimizni rad etdi.

Roman tarjimasidan o‘qiymiz:

“Oyijonisi – parivash, baqaloq; uch yosh qizaloq – parivash, baqaloq; ikki yosh o‘g‘il – parivash, baqaloq; dadajonisi esa hammasidan ham parivashroq, baqaloqroq (13-bet). O‘zbek tilida semiz so‘zining “to‘lachadan ­kelgan”, parivash so‘zining “xushro‘y” “kelishgan” kabi muqobillari mavjud, qolaversa, erkak kishiga nisbatan “parivashroq” deyish o‘zini oqlaydimi?

Yana bir misol:

“Qaddi-qomati shunchalik kelishganidan uni chillashirlar jinsidan deb bo‘lmasa ham, nazarimda ajoyibxonalardan boshqa biron yerda ko‘zim tushgan odamzod mittisi xuddi shu edi” (9-bet). Bu o‘rinda tarjimon qo‘llayotgan “chillashir” so‘zi asar qahramoni professor Peskaning tashqi ko‘rinishini mutlaqo noto‘g‘ri ko‘rsatayotir. Sabab “chillashir” — izohli lug‘atda “ozg‘in” degan ma’noni anglatishi keltirilgan. Ozg‘in kishi uzun bo‘yli ham bo‘lishi mumkin. Asliyatda esa Peska dwarf – o‘ta pakana, ya’ni karlikka o‘xshashi aytilgan. Ma’lumki, karliklar tsirk va tomoshagohlarda o‘z san’atlarini namoyish etishadi. Bu o‘rinda asar qahramoni Hartrayt “men karlik tomosha ko‘rsatadigan tomoshagohdan ­tashqarida ko‘rgan odamlarim orasida eng mittisi Peska edi”, demoqda. Ammo negadir tarjimon show-roomni – ajoyibxona deb olgan. Show-room so‘zma-so‘z tomoshaxona deb o‘giriladi. “Tomoshagoh” so‘zi kontekst ma’nosidan kelib chiqib show-roomning ekvivalenti bo‘lishi mumkin. Ajoyibxona o‘zbek retseptori tasavvurida aslo tsirk tomoshasi va pakana odamlar bilan bog‘liq asotsiatsiyaga ega emas.

Asar matnida uslubiy g‘alizliklar ham ko‘zga tashlanadi. “Maktub yozilishini mis Halkomb uzoqqa cho‘zmadi. Keyin o‘rnidan turib, murojatnoma varag‘ini ser Persivvalga uzatdi. U ta’zim bilan uni qo‘liga oldi, mazmuniga qaramasdanoq shartta buklab, uni muhrladi. Ustiga adresni yozdi va miq etmay uni miss Halkombning o‘ziga qaytardi”(132-bet). Zero, tarjima amaliyotida sodda va ravon nutqni yaratish maqsadida qo‘llanadigan almashtirish, tushirib qoldirish kabi tabdil usullari mavjudki, bu tarjimaning o‘qishli ­chiqishiga xizmat qiladi.

Umuman, kamchiliklariga qaramay, mazkur katta hajmdagi, tili murakkab asarning ingliz tilidan tarjima qilingani o‘zi voqea, deyish mumkin. Roman syujeti, mazmuni va voqealar rivoji tarjimada aniq aks etgan. Qahramonlar Laura Ferli va Anna Katerik qismatlarining bir-biriga bog‘liqligi siri roman mutolaasi davomida o‘quvchining diqqatini ushlab turadi. Mazkur tarjima, shuningdek, ilmiy tadqiqotlarga ob’ekt bo‘lishi mumkinligi bilan ham qimmatlidir. Sababi, so‘nggi yillardagi tarjima muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda asosan (bevosita tarjimalar yo‘qligi sabab) vositachi til orqali qilingan tarjimalar ob’ekt qilib olinmoqda.

Shu o‘rinda Z.Isomiddinovning “Kaminaning nomlari…” maqolasida tilga olingan o‘zbek adabiyotidan bevosita chet tillariga tarjima masalasiga qaytadigan bo‘lsak, aytish joizki, o‘zbek tilidan badiiy tarjima qilishdek mashaqqatli ishni chet ellik tarjimonga to‘la ishonib bo‘lmaydi. Bu fikrimizni 2000 yili “Sharq” nashriyotida chop etilgan “Ummondan durlar” to‘plamidagi Navoiy g‘azallarining xorijlik mutarjim L.Kmetyuk tomonidan qilingan tarjimadan bir namunani asliyat bilan qiyoslash orqali dalillashga urinib ko‘ramiz. Navoiyning “qizil, sorig‘, yashil” radifli g‘azalidagi:

Faqr aro beranglik dushvor erur behad, va lek,
Hirqada tikmak erur oson qizil, sorig‘, yashil —

baytining inglizcha tarjimasidan anglashiladigan ma’no juda g‘arib:

The poor can hardly afford clothing even of a single shade,
Still they can easily sew into their robs stripes of red, yellow and green.

(So‘zma-so‘z tarjimasi: “Kambag‘allar yolg‘iz o‘zlarinigina kiyim bilan zo‘rg‘a ta’minlaydilar, shuning uchun ular hirqa, ya’ni chakmonlariga qizil, sariq va yashil yamoqlarni osonlik bilan tikadilar”.)

Asliyatda muqobala, ya’ni qarshilantirish san’ati qo‘llangan bo‘lib, bu san’at bir-biriga zid tushunchalar orqali muayyan g‘oyani ta’kidlash, ta’sirchan ifodalash maqsadida ishlatiladi. Tarjimon “faqr”dagi “beranglik” va hirqadagi “rang-baranglik” tushunchalari orqali ishlatilgan muqobala san’atiga e’tibor bermagani uchun bayt ma’nosini jo‘nlashtirib qo‘ygan. Natijada, tarjimada g‘azaldagi teran falsafiy hikmatga ega shohbayt oddiy mulohazaga va ma’nosiz misralarga aylanib qolgan. Faqr (faqrlik) so‘fiylik martabasidagi bir maqomdir. Abdurahmon Jomiy faqrni ikki turga bo‘ladi: rasmiy va haqiqiy. Rasmiy faqr deb mol-dunyoga ega bo‘lmaslik va faqir yashashlikka aytiladi. Haqiqiy faqr esa, har qancha davlati bo‘lsa ham, har qanday sharoitda ham mol-dunyoga berilmaydi va nihoyatda oddiy yashaydi. Ba’zi shayxlar xalqni Haq yo‘liga ergashtirish uchun faqr suratida targ‘ibot ishlarini olib borganlar. Ular boy bo‘lsalar ham dunyo hoyu havaslariga loqayd qaraganlar (beranglik shunga ishora). Inson nafs iskanjasidan xalos bo‘lar ekan, ilohiy mohiyatni chuqurroq idrok eta boshlaydi. Zohirdagi faqr alomati bo‘lmish turli yamoqli libos botinan faqrga aylanganlik dalolati emas, deydi ­Navoiy. Bu o‘rinda tarjimon “faqr” so‘zini “poor” deb emas “fakir” deb bersa bo‘lardi. Ingliz tiliga dastlab transliteratsiya qilib kelingan bu Sharq realiyasi endilikda inglizcha izohli lug‘atlarda – “fakir – Moslem holy beggar” (qalandar yoki darvesh ma’nosidagi musulmon muqaddas tilanchisi) tarzida uchramoqda. Demak, faqr so‘zining leksik ma’nosi ingliz kitobxoniga tanish. Tarjimada faqr so‘zining tasavvufiy ma’nosi va baytdagi mazmuni, ya’ni Navoiy haqiqiy faqir bo‘lib yashash mushkul ekanligi, ammo chakmondagi rang-barang yamoqlar orqali faqrlikka da’vo qilish oson ekanligiga ishora qilayotganligi va riyokorlikni qoralayotgani qisqa izohda tushuntirib ketilsa, baytning botiniy mazmuni ingliz o‘quvchisiga ayon bo‘lgan bo‘lardi. Xorijlik tarjimonlar amalga oshirgan yuqoridagi kabi tarjimalarga ko‘plab misollarni keltirish mumkin.

Xo‘sh, bundan qanday xulosa kelib chiqadi: qaysi xorijlik tarjimon o‘zbekdan ko‘ra o‘zbek adabiyotini yaxshiroq tushuna olardi? Tarjimada she’riyatimiz, badiiyatimiz malohati, yozuvchi va shoirlarimiz iste’dodi sharqona tafakkuri-yu uslubi namoyon bo‘lmas ekan bu tarjimani xorijlik tarjimon amalga oshirganidan nima naf? Bizning nazarimizda bu maqsadga erishishning yo‘li, birinchidan, tarjima ilmiga, badiiy adabiyotga iqtidori bor yosh talabalarni shu sohaga yo‘naltirish, “Yosh tarjimonlar maktabi”lari faoliyatini respublika miqyosida yo‘lga qo‘yish; ikkinchidan, ko‘p yillik tajribaga ega tarjimashunos olimlarni yosh tarjimonlarga ustozlik qilishlari va ob’ektiv tarjima tanqidchiligini yo‘lga qo‘yish; uchinchidan, mutaxasis (tarjima tili vakili) bilan hamkorlik qilib, tarjimani sayqallab tahrirdan o‘tkazishdan iborat.

Mana shu yo‘ldagi sa’y-harakatlar bugun bir qadar jonlanayotgani quvonarlidir. Shu ma’noda, umid bilan qadalayotgan nihollar bir kun yaproq chiqarib meva berishiga ishonaylik. Zero, ishonch va ezgu maqsad hech qachon samara bermay qolmagan.

Gulnoza Odilova,

filologiya fanlari nomzodi

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 40-son