Qadim madaniyatlar yurti bo‘lgan O‘zbekiston diyori dunyoga ko‘plab o‘z sohasining bilimdon allomalarini yetkazib bergan. Ma’lumki, ajdodlarimiz bag‘rikeng, adolatli, tafakkuri kuchli insonlarni ummonga o‘xshatganlar. Cheksiz ummonga qarasangiz, uning ulug‘vorligi-yu zalvori sizga ham ko‘chib, Yaratgandan o‘zga hech qanday kuch uni to‘xtata olmasligiga beixtiyor iymon keltirasiz. Yana bir haqiqat shuki, inson umrini oqar suvga ham qiyoslaydilar. U shiddat bilan oqadi, ko‘z ochib-yumguncha, kechagi o‘spirin – bugun mo‘ysafid inson qiyofasida. Shunday ekan, yashamoqda ham yashamoq bor. Umrni suv kabi oqizib yurganlar qancha… Ammo o‘tayotgan har bir on, lahzaning-da qadriga yetib, nafaqat o‘zi uchun, balki, odamlar, jamiyat uchun biror naf keltirishga intilgan bezovta qalbli insonlar ham anchagina.
Ana shunday insonlardan biri O‘zbekiston Kahramoni, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, atoqli adabiyotshunos olim va jamoat arbobi, professor, munaqqid, mohir tarjimon va noshir Ozod Sharafiddinov edi.
Ozod domla keng ma’nodagi murabbiy inson, donishmand suhbatdosh edi. U kishi qaysi gapni qachon va qanday aytishni juda yaxshi bilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, domla biror masalada kim bilandir suhbatlashsa, bu muloqot, albatta, suhbatdoshlarning xotirasida bir umrga saqlanib qolardi va ularda zukko olim bilan qayta-qayta uchrashish ishtiyoqi paydo bo‘lardi. Binobarin, men ham domla bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarimizda teran mulohazalar, tesha tegmagan gaplar eshitardim va qimmatli hayotiy saboq olardim.
Ozod domlaning fikricha, hayot tarzimizni puxta o‘ylangan andozalarga moslasak, odamlar harom-xarishdan hazar qiladigan bo‘lsa, ular o‘rtasida adovat va hasad yo‘qolib, shafqat va muruvvat qaror topsa, har bir odam o‘zining insoniy sha’nini har narsadan yuqori qo‘ya bilsa, vijdonini pok saqlasa, iymon-e’tiqodli bo‘lsa, jamiyat ma’nan boy, mamlakat esa qudratli bo‘ladi. Lekin bu fazilatlar jamiyatga osmondan tushmaydi. Buning uchun mehnat va harakat qilmoq kerak. Inson ma’naviy dunyosini boyitadigan, aqlini peshlaydigan vositalar esa ko‘p. Shulardan biri kitobdir. Kitob bilan sirlashmoqni inson o‘zi uchun hayotiy zaruriyatga aylantirmog‘i zarur.
“Lekin ming afsuski, – degan edilar domla, – hozirgi kunda adabiyotga, kitobga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada pasaygan.” Joiz bo‘lsa, aytish kerakki, domla ayniqsa yosh avlod orasida, kitobga qiziqishning so‘nib borayotganidan qattiq tashvishda edi. Albatta, zamonaviy texnik vositalar kino, video, kompyuter, telefon va boshqalar orqali yoshlar ancha-muncha ma’lumot oladi. Ammo kitob odamni fikrlashga, mushohadaga o‘rgatadi. Kitob o‘qimagan odam texnik vositalar orqali muayyan ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin, biroq u quyulib kelayotgan fikrlarni ifodalay olmasligi, olgan bilimlaridan to‘g‘ri xulosa chiqara bilmasligi u kishini juda bezovta qilardi. Demak, insonni fikrlashga undaydigan vosita bu – kitob! Kitob mutolaasi, fikrlash – bu mehnat. Domlaning nazarida, yoshlar aynan ana shu mehnatdan qochishayapti. Bilishmaydiki, kitob inson ongi, tafakkurini tarbiyalaydi, zehnini, nutqini rivojlantiradi.
Shundan bo‘lsa kerak, domla, nabiralarining kitobga ixlos qo‘yishini juda-juda istar edi. Shu o‘rinda bundan bir necha o‘n yillar oldin bo‘lib o‘tgan, bir voqea esga tushib ketdi. Men o‘g‘lim Muzaffar bilan buvasining huzurlariga borgan edik. Biz anchagacha yangi kitoblar, bola tarbiyasida kitob, aniqrog‘i, undagi ibratli hikoya va ertaklar haqida suhbatlashib o‘tirdik. Suhbat oxirida buvasi o‘sha kezlarda chop etilgan “Hayot bilan hamnafas” kitoblaridan bittasini olib birinchi betiga “Nabiram Muzaffarga! Hozir podshosan, lekin bora-bora odam bo‘larsan, deb buvang Ozod”, degan dastxatini yozib, uning qo‘liga berdilar. Bu dastxatning tagida bo‘lib o‘tgan suhbatimizning butun mazmuni yotardi. Bu bilan buvasi ota-ona farzandining yoshligidanoq emin-erkin o‘sishiga monelik qilmaslik bilan birga, asta-sekin qalbiga ezgulik, ya’ni, kitobga muhabbat, kitob bilan do‘st bo‘lish xislatlarini singdirish kerakligiga va “bora-bora odam bo‘larsan”, deya biz, ota-onalar mas’uliyatiga ham ishora qilayotgan edilar.
Ma’lumki, Ozod Sharafiddinovning bebaho xazinalari u kishining kitoblari edi. Kitobni jonu dildan sevgan alloma deyarli barcha viloyatlardagi katta-kichik kitob do‘konlarini yaxshi bilar edilar. Sotuvchilar qishloq sharoitida zarurati kamroq bo‘lgan, lekin mutaxassis ehtiyoji uchun kerak kitoblarni domla uchun, albatta olib qo‘yardilar. Domlaning kutubxonalarida Sharq va G‘arb badiiy adabiyoti, adabiyotshunoslik, tarix, falsafa, san’at, madaniyat, bolalar adabiyoti, shaxmat va boshqa ko‘plab sohalarga oid kitoblar kitob javonlaridan o‘rin olgan edi.
Domlaning kutubxonalarida Qur’oni Karim (o‘zbekcha izohli tarjima, tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur) va Hadislar to‘plami hamda ularga oid adabiyotlar ham jamlangan. Ular orasida ikki jildlik “Tarixi Muhammadiy” kitobi ham bor (T., 1991 y.). Asar muallifi arab, fors tillari, ham qadimiy qo‘lyozmalarning katta bilimdoni, din va jamoat arbobi, ulamo, Buxoro va Madina madrasalarida tahsil olgan Alixonto‘ra Sog‘uniydir. Bu alloma shuningdek, “Temur tuzuklari”, Ahmad Donishning “Navodir-ul vaqoye”, Darvish Ali Changiyning “Musiqa risolasi” kabi asarlarni ham tarjima qilgan.
Kutubxonadagi kitob javonlaridan joy olgan kitoblar orasida XX asrning 30-50 yillarida nashr qilingan kitoblarni ham ko‘rishimiz mumkin. Ana shunday kitoblardan biri akademik I.Yu.Krachkovskiy tomonidan “Qur’on”ni adabiy manba sifatida rus tiliga tarjima qilingan nusxasi ham shu yerdan joy olgan. Bundan tashqari shu muallifning rus sharqshunosligi, rus-arab aloqalari tarixini yoritib beruvchi muhim tadqiqotlari sirasiga kiruvchi “Nad arabskimi rukopisyami” (M.-L., 1948 y.), hamda “Ocherki po istorii russkoy arabistiki” (M-L. 1950 y.) kitoblari ham shu yerda joylashgan. (Rus sharqshunos olimi, akademik, Ignatiy Yulianovich Krachkovskiy (1883–1951 y.) zamonaviy rus sharqshunosligining asoschilaridan biri edi. U arab, fors, turk tillari va adabiyotini; efiop, lotin, yahudiy va yana bir necha g‘arb tillarini bilgan. Arab adabiyoti, tili, tarixi va madaniyatiga, Rossiya va chet ellardagi sharqshunoslik tarixiga oid 400 dan ziyod ilmiy asar yozgan. Uning islomgacha bo‘lgan davrdan to XVIII asrgacha yashagan arab geograflari haqidagi yirik asari “Arab geografik adabiyoti” kitobida jahon fanida Beruniy hamda Ibn Sino kabi mutafakkirlarimizning fan taraqqiyotidagi buyuk xizmatlarini ko‘rsatib o‘tilgan. (Izohlar – F.E)
Kutubxonada klassik sharq adabiyotiga oid kitoblar ham o‘rin olgan bo‘lib, kitob javonida – o‘rta asr arab adabiyoti yodgorligi, obrazlarga boy “Ming bir kecha”ning to‘liq to‘plamini ko‘ramiz. (“Ming bir kecha” asarining mazmuni, voqealar tasnifi turli davrlar, Sharq xalqlari va mamlakatlarining tarixi bilan bog‘liq. Asar 300 dan ortiq qissa va hikoyalardan iborat bo‘lib, ularda xalqlarning urf-odatlari, orzu-umidlari, tarixi o‘z ifodasini topgan. To‘plamdagi qaysi hikoyani olmang unda xudbinlik, ochko‘zlik, maishiy buzuqlik, johillik kabi illatlar qoralanib, poklik, rostgo‘ylik, donolik, kamtarlik, sahiylik singari fazilatlar ulug‘langan. – F.E.)
“Ming bir kecha” to‘plamining yonida Alisher Navoiy, Fuzuliy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Hofiz, Umar Xayyom asarlarining o‘zbekcha, ruscha nashrlarini ko‘rishimiz mumkin. Ular orasida fors-tojik tilidan rus tiliga tarjima qilingan Abulqosim Firdavsiyning I.Braginskiy va S.Shervinskiy tahriri ostida 1957 yilda “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Shohnoma” asari ham bor. Kitobning kirish qismida “Firdavsiy va uning “Shohnomasi” deb nomlangan maqolada I.Braginskiy Firdavsiyning ijodi va ushbu asarini ancha batafsil tahlil qilgan. (Unda Eron va Turon xalqlarining qariyb 4 ming yillik tarixi Firdavsiy tomonidan katta mahorat bilan yoritilganligi ta’kidlangan. Maqola muallifi asarni uch qismga bo‘ladi. Birinchi qism – mif – afsonalar qismi bo‘lib unda voqealar dastlabki o‘nta podsho davrida bo‘lib o‘tadi; ikkinchi qism bahodir – pahlavonlar qismi bo‘lib, unda xalq qahramonlari haqidagi rivoyatu qissalar badiiy talqin qilinadi; uchinchisi tarixiy qism bo‘lib, unda sosoniy shohlar hayoti tasvirlanadi. Asar arablarning Eronga bostirib kirishi bilan yakunlanadi. – F.E.)
Aynan shu javonda Boburning 1958 yilda chop etilgan “Tanlangan asarlari” hamda M.Sale tarjimasida fanlar akademiyasi tomonidan chop etilgan “Boburnoma”ning rus tilidagi nusxasi ham diqqatni o‘ziga tortadi. Mazkur kitob iste’dodli rassom V.Kaydalov tomonidan asar mazmuniga mos rang-barang illyustratsiyalar bilan bezatilgan. Rassom haqida quyiroqda fikr yuritib o‘tamiz. Mazkur kitobda geografik nomlar va atoqli ismlar, davrga oid Markaziy Osiyo va Hindiston xaritalari berilgan. Kitoblarni varaqlar ekanmiz, hukmdorlar ichida kamdan-kam bo‘ladigan hol, geniallik va talantni Boburda uchratamiz. Taqdir nayranglariga qaramay, hukmdor ruhining tetikligi, shohlarda kam uchraydigan saxiylik, mardlik, iste’dodlik, fanga, san’atga muhabbat va oshuftalik Boburni boshqa podshohlardan ajratib turishini ko‘ramiz, kitob shunisi bilan ham o‘quvchiga qiziqarlidir.
Bu kitoblar bilan yonma-yon Olim Sharafiddinovning lotin alifbosida 1939 yilda chop etilgan Navoiyning hayoti va ijodiy faoliyatini yorituvchi Alisher Navoiy risolasi ham bor. Shoir ijodini o‘rganish ishtiyoqida yurgan muxlislar uchun bu nashr, o‘z davrida bebaho tuhfa bo‘lgan edi. Bu kitob yonida klassik adabiyotning chuqur bilimdoni Sadriddin Ayniy qalamiga mansub bir jildlik “Xamsa” (1939 y.) hamda “Alisher Navoiy” asari ham bor.
Ozod domla bir jildlik “Xamsa” asari haqida shunday xotira qoldirganlar. “Unda Navoiy besh dostonining nasriy bayoni berilgan, zarur o‘rinlarda esa asarlar matnidan she’riy parchalar keltirilgan. Bu bayonlar asl nusxaning o‘rnini bosolmaydi, lekin shunday bo‘lsa-da, Sadriddin Ayniy o‘z bayonida Navoiy asarining tarovatini, buyuk shoir nafasini muayyan darajada saqlab qola bilgan. Shuning uchun bu bayon Navoiy zamonidan ancha olislab ketgan bugungi kitobxon uchun shoir merosining boyliklarini ilk bor kashf etishda bebaho bir ochqich bo‘lib xizmat qiladi”.
Domla, Alisher Navoiy tavalludining 560 yilligi munosabati bilan yozgan “Mangu barhayot daho” maqolalarida shunday fikrni bildirgan edilar: “Ne baxtki, Olloh o‘zbeklarga ikki daryo oralig‘ida tuprog‘i zar, suvlari kavsar jannatmonand bir o‘lkani umrguzaronlik qilish uchun Vatan qilib berish bilan birga, Alisher Navoiydek daho san’atkorni farzand qilib bergan… Uning asarlari besh yarim asrdirki, o‘zining teran mazmuni, insho san’ati bilan, benihoya boy ranglari va jilolari bilan odamlarning qalbini munavvar qilib kelmoqda… Alisher Navoiy ham, shoir topib aytganidek, nafaqat so‘z mulkining sultoni, balki, she’riyat osmonining porloq quyoshi hamdir. Quyoshni esa hech kim to‘sa olmaydi ham, yashirib ham qo‘yolmaydi. Quyosh olamga baravar nur sochadi. Istagan odam, istagan xalq uning taftidan o‘z ishtiyoqi va o‘z iqtidoriga yarasha bahramand bo‘lmog‘i mumkin.”
Bundan tashqari bu kitoblar yonida yana Ye.E.Bertelsning “Alisher Navoiy” monografiyasi (1948 y.), Navoiyning “Tanlangan asarlari (3 jildlik 1948 y.), joylashgan bo‘lib, ular so‘zsiz Navoiy davrini, hayotini va ijodini o‘rganishga yo‘llanma beradigan asarlar sirasiga kiradi. Ye.E.Bertels bu kitobida o‘z so‘zi bilan aytganda, buyuk shoirning ijodiy biografiyasini yaratishga harakat qilgan. Mazkur asar Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan tanishmoqchi bo‘lgan kitobxonlarga mo‘ljallangan bo‘lib, unda shoir asarlari tahlilga olingan. Alisher Navoiyning serqirra ijodini o‘rganish va tadqiq qilishda muallifga O‘zbekiston FA akademiklari Oybek, G‘afur G‘ulom, O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti qo‘lyozmalar jamg‘armasi va direktori proffessor Xodi Zarifov, O‘zbekiston FA Sharq qo‘lyozmalarini o‘rganish instituti fondi va direktori proffessor A.A.Semyonovlar amaliy yordam ko‘rsatganlar.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kutubxonadagi ko‘pgina kitoblar tahsinga loyiq bezaklar va illyustratsiyalarga boy. Navoiyning “Xamsa”si, “Layli va Majnun”, “O‘zbek xalq ertaklari”, “Alpomish”, “Qirq qiz” kabi doston va ertaklar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Bezaklar muallifi – taniqli mo‘yqalam ustasi O‘zbekiston Xalq rassomi Vladimir Kaydalovdir (1907–1985 y.). Rassom tomonidan ishlangan illyustratsiyalar o‘zining milliy koloriti va hayotiy jozibasi bilangina emas, balki o‘zbek kitob grafikasi rivojiga samarali ta’sir ko‘rsatgani bilan ham diqqatga sazovordir. Shu bilan birga rassom Alisher Navoiy, Sadriddin Ayniy, G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor, Oydin Sobirova kabi shoir-yozuvchilar siymolarini yaratish ustida samarali mehnat qildi va iste’dodli portret ustasi sifatida ham keng jamoatchilikka tanildi.
Yana shu javonda professor Ye.E.Bertels va L.Penkovskiy tahriri ostida 1948 yilda chop etilgan “Alisher Navoiy lirikasi” kitobi ham joylashgan. Nashrda Navoiy g‘azallari yozuvchi va tarjimonlar B.Pasternak, L.Penkovskiy, V.Rojdesvenskiylar tomonidan rus tiliga mohirona tarjima qilingan, shuningdek, 1957 yilda nashr qilingan “Tojik she’riyati antologiyasi” ham yuqoridagi kitoblar qatoridan joy olgan bo‘lib, unga xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan birga XV, XVI–XIX va XX asr she’riyati namunalari ham kiritilgan.
Noyob kitoblar javonidan akademik V.M.Jirmunskiyning “Voprosы teorii literaturы” (L.1928 y.) risolasi ham tadqiqotchilar e’tiborini tortishi, shubhasiz. Kitobga olimning 1916–1926 yillarda olib borgan tadqiqotlari kiritilgan. Olim turkiy xalqlar epik ijodini o‘rganishga ham alohida e’tibor bergan. Uning kitob javonidan joy olgan “Uzbekskiy narodnыy geroicheskiy epos” (M.1947 y.) kitobi bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin. (Jirmunskiy Viktor Maksimovich (1891–1971 y.). Akademik, tilshunos, adabiyotshunos, folklorshunos. 1942–1944 yillarda O‘rta Osiyo davlat universiteti professori, universitet qoshidagi tarix-filologiya masalalari ilmiy-tekshirish instituti direktori. Sharq xalqlari eposi bo‘yicha monografiyalar muallifi. Roman-german, turk tillari dialektologiyasi masalalarini o‘rgangan. – F.E.)
Yana bu yerda akademik V.M.Jirmunskiy tahriri ostida nashr qilingan A.N.Veselovskiyning “Istoricheskaya poetika” (L.1940) kitobi ham bor. Akademik A.N. Veselovskiyning bu kitobiga uning lirika va drama tarixi, epos tarixi va syujetlar poetikasi, epitetlar tarixi bo‘yicha puxta yozilgan va Peterburg universitetida o‘qilgan ma’ruzalari kiritilgan. Akademik nashrning o‘quvchiga tushunarli bo‘lishi uchun, matnlarda uchraydigan begona xorijiy iboralar va iqtiboslarning tarjimalari, hamda izohlar ham berilgan. Shu bilan birga nashr matniga V.M.Jirmunskiy tomonidan qator qo‘shimchalar kiritilgan va to‘ldirilgan. (Akademik Veselovskiy Aleksandr Nikolayevich (1836–1906) adabiyotshunos, tarixchi, folklorshunos, etnograf. U “Opыtы po istorii razvitiya xristianskoy legendы”. (1875–77), “Skazki ob Ivane Groznom”(1876) “Yujnorusskoye bыlinы” (T.,1-2;1881–84), “O narodnoy politicheskoy poezii v Italii” (1866) kabi kitoblar muallifi bo‘lgan – F.E.)
Bu kitobning yonida hajmi uncha katta bo‘lmagan A.A.Smirnovning 1934 yilda (Izdatelstvo Gosudarstvennogo Bolshogo Dramaticheskogo teatra im. M.Gorkogo) nashriyoti tomonidan chiqarilgan “Tvorchestva Shekspira” kitobi g‘am bor. Risolada muallif tarixiy materiallarga boy bo‘lgan Shekspir asarlarini tahlil qilar ekan, genial ingliz shoiri va dramaturgi ijodini ilmiy o‘rganish masalasini ilgari suradi.
Shekspir ijtimoiy hayotdagi ana shu ziddiyatlar, insonlar taqdiridagi murakkabliklarni ko‘rsatish bilan kifoyalanmay, asarlarida jamiyat va inson hayotida yuzaga kelgan dramatizmni tasvirlashga alohida e’tibor berganligi ta’kidlanadi. Shoir, dramaturg sifatida o‘z qahramonlari xatti-harakatlarini ijtimoiy, maishiy, ma’naviy va ruhiy sabablarini ochib berishga intiladi. Bir so‘z bilan aytganda A.Smirnov Shekspir asarlarini ancha batafsil tahlil qilgan.
Kitob javonida U.Shekspirning 1929 yilda Moskvadagi “Krasnыy proletariy” matbaa korxonasi tomonidan chop etilgan, o‘lchami uncha katta bo‘lmagan (asar 1993 misradan iborat, taqqoslash uchun “Gamlet” tragediyasi 4000ga yaqin misrani tashkil qiladi.) “Makbet” asarini ko‘rishimiz mumkin. Asar 1606 yili yozilgan, lekin birinchi marotaba Shekspir vafotidan (1616 y.) keyin 1623 yili “Folioda” jurnalida bosilgan. Pesa sahna asari sifatida 1610 yil aprelda teatrda qo‘yilgan. Asar mavzu-mazmuni R.Xolinshedning Angliya tarixiga boy “Angliya, Shotlandiya, Irlandiya xronikasi”dan olingan. Shekspir hayotdagi xudbinlik, munofiqlik, yovuzlik va kelishmovchiliklarni jiddiy nizo sifatida o‘z asariga kiritadi. Ko‘ramizki, dramaturg boshqa asarlarida bo‘lgani kabi, mazkur tragediyasida ham axloqiy printsiplarga urg‘u bergan. Asar zamirida o‘rta asrlar uchun ham, hozirgi zamon uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan axloqiy masalalar yotadi.
Shuningdek, kitobda Butunrossiya teatr jamiyati materiallari asosida L.Vendrovskaya tomonidan saralab tanlab olingan illyustratsiyalar to‘plami ham o‘rin olgan. Unda XVI–XX asrlarda London, Parij, Myunxen, Gamburg, Berlin, Vena, Peterburg, Moskva, Leningrad, Nyu-York va boshqa teatrlarda Shekspir asarlari bo‘yicha qo‘yilgan spektakllarda bosh qahramonlar rollarini ijro etgan aktyorlarining illyustratsiyalari va fotosuratlar ham joylashgan.
Kitoblar orasida Vasiliy Gippius tahriri ostida chiqqan “N.V.Gogol. Materialы i issledovaniya” nomli to‘plam ham bor. (L. 1936 y.) Nashrda rus yozuvchisi N.V.Gogol adabiy merosi, hayoti va ijodini o‘rganish masalalari, Gogol va jurnalistika, “Revizor” asari kompozitsiyasi va muammolari, Gogolning anglo-saks tarixi bo‘yicha tugallanmagan dramasi, “Uylanish” asarining g‘oyaviy-badiiy tahlili, Gogol asarlarining tili, Gogol asarlaridagi ukrain qo‘shiqlarining manbai, Gogol va Chernыshevskiy kabi maqolalar o‘rin olgan. Kitobga yozuvchi asarlariga ishlangan va Peterburgdagi Rus davlat muzeyida saqlanayotgan illyustratsiyalardan olingan nusxalar ham kiritilgan bo‘lib, nashrda ana shu illyustratsiyalarga L.A.Dintses tomonidan yozilgan sharhlar ham kiritilgan.
E.E.Bertelsning “Roman ob Aleksandre i yego glavnыe versii na vostoke” (L.1948 y.) akademik nashri, kitobxon e’tiborini o‘ziga qaratishi shubhasiz. Ma’lumki, Aleksandr Makedonskiy obrazi, uning g‘aroyib harbiy yurishlari jahon xalqlarini lol qoldirib kelgan. Balki shundan bo‘lsa kerak, bu sarkarda va hukmdor haqida Sharqda ham, G‘arbda ham ko‘plab badiiy asarlar yaratilgan. Sharqda yaratilgan asarlarda hukmdor qanday xislatlarga ega bo‘lishiga (entsiklopedik bilimlarga) asosiy e’tibor qaratilgan. Kitob ikki bo‘limdan iborat bo‘lib, birinchi bo‘limda Hazrat Navoiygacha bo‘lgan Iskandar haqidagi dostonlar tilga olinsa, ikkinchi bo‘limda Navoiyning “Saddi Iskandariy” asari bo‘yicha fikr yuritiladi.
O‘quvchi bilim doirasini kengaytirishga xizmat qiladigan nashrlar qatoriga “Biruniy”. Sbornik (M-L. 1950 y,) hamda “Biruniy – velikiy uchenыy srednevekovya” (T.1950) to‘plamlarini kiritish mumkin. Bu nashrlarga buyuk yurtdoshimiz Abu Rayhon Beruniy vafotining 900 yilligi munosabati bilan SSSR Fanlar Akademiyasi tarix va falsafa, til va adabiyot, fizika-matematika bo‘limlari sessiyasida akademiya olimlari tomonidan 25-26-mart 1949 yilda o‘qilgan ma’ruzalar kiritilgan. To‘plamdagi maqolalarda o‘rta asrning buyuk daholaridan biri, ulug‘ o‘zbek mutafakkir olimi Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniyning boy ilmiy merosini ayrim qirralari: tarix, geografiya, falsafa, falakiyot, ma’danshunoslik fanlari taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi yoritib berilgan.
A.F.Losevning 1957 yilda nashrdan chiqqan “Antichnaya mifologiya v yeyo istoricheskom razvыtii” asari ham shu yerdan joy olgan. Proffessor Aleksey Fyodorovich Losevning mazkur kitobi antik mifologiya masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, qadimiy odamning borliq olam haqidagi ibtidoiy tasavvurlari, koinotning yaratilishi, inson, o‘simliklar va hayvonot dunyosining vujudga kelishi, samoviy jismlarning paydo bo‘lishi, tabiiy hodisalarning sabablari va mohiyati, afsonaviy qahramonlar, ma’budlar va ilohlar to‘g‘risidagi qarashlarni o‘z ichiga olgan. Kitob Antik mifologiyaning asosiy masalalari; Kritlik Zevs; Apollon kabi bo‘limlardan tashkil topgan.
Proffessor N.F.Deratani umumiy tahriri ostida nashr qilingan “Istoriya rimskoy literaturы” (Izd-vo MGU, 1954) kitobida mualliflar yozma ma’lumotlarga tayangan holda qadimgi rim adabiyotining rivojlanish jarayonini ochib berishga harakat qilganlar. Ma’lumki, rim adabiyoti qadimgi boy grek adabiy merosini o‘zlashtirgan holda, o‘ziga xos original badiiy asarlarni vujudga keltirgan. Shuningdek, mualliflar rim yozuvchilari mahoratini tahlil qilishga, tili, uslubi orqali bu adabiyotni o‘ziga xos tomonlarini ochib berishga intilganlar. Kitob eramizdan avvalgi III asrning o‘rtalaridan, eramizning VI asrigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan.
“Yaqinda (2010-yilda) otamning kitoblarini qayta ko‘rib chiqayotib, – degan edi rahmatli rafiqam Muhabbatxon, XVII–XX asr jahon adabiyoti vakillarining ijodiga bag‘ishlangan bir qancha risolalarni topib oldim. Ularni o‘qib o‘zim uchun ko‘p narsalarni oldim. Shundan kelib chiqib, o‘zi ko‘rimsizgina, unchalik qalin bo‘lmagan, arzon muqovali bu nashrlarni filolog talabalarga chet el adabiyotidan tayyor ma’ruza matnlari desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu kitoblar orasida, deb fikrini davom ettirgan edi Muhabbatxon, muallifning kelib chiqishi frantsuz bo‘lgan, XIX asr nemis yozuvchisi Adalbert Shamissoning Moskvada 1955 yilda chop etilgan “Chudesnaya istoriya Petera Shlemilya” nomli nashri meni juda qiziqtirib qoldi, degandi.” Kitobga G.S.Slobodkin so‘zboshi yozgan bo‘lib, unda asar ancha mukammal tahlil qilingan. Adalbert Shamisso (1781–1838) asli ismi Lui Sharl Adeland Shamisso de Bonkur bo‘lib, frantsuz dvoryanlar oilasiga mansub bo‘lgan. Birinchi frantsuz revolyutsiyasi tufayli Bonkurlar oilasi Germaniyaga ko‘chib o‘tadi. Yosh Adeland shu yerda xat-savodini chiqarib ma’lumotli bo‘ladi. Ayni shu yerda u o‘z ismini nemischaga yaqinlashtirib, “Adalbert” deb o‘zgartiradi. 1807 yili u pruss armiyasida xizmat qiladi. 1815 yilda ruslarning “Ryurik” kemasida dunyo bo‘ylab sayohatga chiqadi. Bu sayohat 1818 yilgacha davom etadi. U shu yillarda rus tili va adabiyotiga qiziqish bilan qaraydi, uni o‘rganadi. 1819 yili u Berlin botanika kollektsiyasi rahbari lavozimiga taklif qilinadi, hamda umrining oxirigacha tabiatshunoslik va yozuvchilikni qo‘shib olib boradi. Yuqorida nomi tilga olingan qissa esa 1814 yilda yozilgan.
Keyingi javondan Gomerning “Odisseya” va “Iliada”, qadimgi yunon tragiklaridan Esxilning “Prikovannыy Prometey”, Sofoklning “Antigona”, “Sar Edip”, “Elektra”, Yevripidning “Medeya”, “Ippolit” asarlari joy olgan. Bundan tashqari, Platonning “Fileb. Gosudarstvo, Timey. Kritiy”, Diogen Laertskiyning “O jizni, ucheniyax i izrecheniyax znamenitыx filosofov”, Gerodotning izdoshi Fukididning o‘ttiz yil davom etgan Peloponnes urushiga (431 – 404 mil.av.yy.) bag‘ishlangan “Istoriya”, Lukianning falsafiy-satirik janrda bitilgan “Izbrannaya proza”, “Antalogiya mыsli” seriyasida “Filosofы Gretsii”, “Osnovы osnov: logika, fizika, etika”, yana shu seriyada chiqarilgan ikki asar Konfutsiyning “Uroki mudrosti”, hamda Chezare Lombrozoning “Genialnost i pomeщatelstvo” kitoblari o‘rin olgan.
Bu kitob bilan, yonma-yon sharqshunos olim, akademik, Sharq va G‘arbning tarixiy va madaniy taraqqiyotini qiyosiy o‘rgangan, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha ham tadqiqotlar olib borgan Nikolay Iosifovich Konradning (1891 – 1970) “Zapad-Vostok” va ayniqsa “Problema realizma i literaturы Vostoka” nomli asari tadqiqotchi filologlarga tayyor qo‘llanmadir.
Adabiy tahlil masalalari qalamga olingan professor I.M.Tronskiyning “Istoriya antichnoy literaturы” darsligi talaba va tadqiqotchilar uchun birdek qiziqarlidir. 1947 yilda chop etilgan ushbu darslikda yunon va rim adabiyoti ilk antik davrdan to so‘nggi antik davrigacha batafsil o‘rganib tahlil qilingan. Kutubxonada, bundan tashqari, O‘rta asrlar, Uyg‘onish davri, XVII – XX asr chet el adabiyoti tarix va xrestomatiyasi bo‘yicha ham ko‘pgina darsliklar bor.
Ular orasida V.M.Jirmunskiy tahriri ostida 1947 yilda nashr qilingan “Istoriya Zapadnoyevropeyskoy literaturы. Ranee srednevekove. Vozrojdeniye.”, Yu.B.Vipper va R.M.Samarinlarning 1954 yilda Moskva davlat universiteti tomonidan nashr qilingan “Kurs lektsiy po istorii zarubejnыx literatur. XVII vek”, S.D.Artamonov va Z.T.Grajdanskayalarning “Istoriya Zarubejnoy literaturы. XVIII vek” (1956), M.E.Elizarova, S.P.Gijdeu, B.I.Kolesnikov va N.P.Mixalskayalarning 1957 yilda nashr qilingan “Istoriya Zarubejnoy literaturы. XIX vek”, “Istoriya Zarubejnoy literaturы” (M., 1972), “Zarubejnaya literatura XX veka” (1973), “Istoriya Zarubejnoy literaturы XX veka” (1980) darsliklari terib qo‘yilgan.
Bu darsliklar bilan bir qatorda “Xrestomatiya po zapadnoyevropeyskoy literature. Epoxa vozrojdeniya” (1947), 1953 yilda nashr qilingan “Xrestomatiya po Zarubejnoy literature srednix vekov”, “Xrestomatiya po Zarubejnoy literature XIX veka” 1976 yilda nashr qilingan. “Zarubejnoy literatura. XIX vek Romantizm. Xrestomatiya” kabi o‘quv qo‘llanmalari joy olgan.
Shu bilan birga o‘zbek va rus adabiyoti tarixi, adabiyot nazariyasi, adabiyotshunoslikka kirish va adabiyotshunoslik bo‘yicha ham monografiya va darsliklar talaygina bo‘lib, ular bir necha javonlarni egallaydi. Bir so‘z bilan aytganda, kitob domlaga suv va havodek zarur, bir aziz ne’mat edi. Kitob mo‘jizasi domlaga o‘z sohasiga doir keng va chuqur bilimga ega bo‘lishga, uzoq va yaqin sohalardan xabardor bo‘lishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, tabiatidagi saxiylik va halollik, mardligu-oliyjanobligi, gap-so‘zidagi adolat his-tuyg‘usi, suhbatu chiqishlariga alohida o‘ziga tortuvchi, maftun qiluvchi joziba va latofat ato etardi.
Kutubxonaga diqqat bilan nazar solinsa, kitoblar nashr qilingan vaqtga qarab adabiyotda ko‘tarilgan muammolardan, jahon madaniyati tarixidan xabardor bo‘lish mumkin. Ko‘ramizki, kitob javonidan joy olgan nashrlar shunchaki sotib olingan emas ekan. Shohid bo‘lganimizdek, bu yerda antik davrdan hozirgi kungacha (2005 y.) bo‘lgan G‘arb adabiyotini va Sharq adabiyotini ham, turli janrlarga oid fundamental tadqiqotlarni ham, ilmiy-ommabop risolalarni, san’at, me’morchilik borasidagi kitoblarni uchratish mumkin.
Ma’lumki, 1967 yilda Moskvadagi “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti eng qadimgi zamonlardan to XX asrning birinchi yarmigacha butun dunyo xalqlari yaratgan badiiy adabiyot namunalaridan 200 jildga mo‘ljallangan “kutubxona” nashr qilishga kirishdi. Bu “kutubxonada” jahondagi 80 mamlakatning vakillari bo‘lmish 3.235 muallifning 25.800 nomdagi asari e’lon qilindi. Har qaysi jild 300.000 nusxada, butun “kutubxona” esa 60.000.000 nusxada bosildi. Har qaysi jild so‘zboshi, mukammal izohlar va sharhlar, hamda asarga hamohang bo‘lgan betakror illyustratsiyalar bilan chop etilgan.
“Kutubxona” uch seriyadan tashkil topgan bo‘lib, 64 jilddan iborat birinchi seriya eng qadimgi zamonlardan boshlab to XIX asrgacha yaratilgan noyob asarlarni o‘z ichiga oldi. Birinchi seriyada o‘zbek adabiyotidan Navoiy ijodiga alohida jild bag‘ishlangan. Navoiy hayotligida ko‘chirilgan qo‘lyozmadan olingan miniatyuralar kitobning husniga husn qo‘shgan. Hazrat Navoiy dostonlarining rus tiliga tarjimasi V.Derjavin, L.Penkovskiy, S.Lipkin kabi mohir tarjimonlar tomonidan bajarilgan.
“Kutubxona”ning 63 kitobdan iborat ikkinchi seriyasi butunlay XIX asr adabiyotiga bag‘ishlangan. Bu seriyada qardosh xalqlar adabiyoti vakillariga alohida jild ajratilib, ular orasida Ogahiy, Fazliy, Gulxaniy, Mahzuna, Nodira, Maxmur, Komil Xorazmiy, Muqimiy, Furqat, Avaz O‘tar o‘g‘li kabi o‘zbek shoirlari ham ana shu alohida jilddan joy olgan.
“Kutubxona”ning uchinchi seriyasi XX asr adabiyotiga bag‘ishlangan va 73 jilddan iborat. Unga o‘zbek adabiyotidan Hamza, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Uyg‘un, Zulfiya, Ramz Bobojon, Mirmuhsin, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarni asarlaridan namunalar kiritilgan. Bundan tashqari, Sadriddin Ayniy va Muxtor Avezovlarning ijodiga alohida jildlar bag‘ishlangan. 200 jildlik “Jahon adabiyoti kutubxonasi” Jahon adabiyoti instituti, ittifoq Yozuvchilar va Rassomlar uyushmasi va boshqa ijodiy jamoalarning katta mehnati natijasi bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, “kutubxona”ning chop etilishi madaniy hayotda katta hodisaga aylandi. Tabiiyki, “kutubxona”ning 200 jildi uchun Ozod domla maxsus shkaflarni ajratdilar. (Bu “seriya” haqidagi to‘liq ma’lumotni Ozod domlaning “Haqiqatga sadoqat” kitobidagi “Xazina” maqolasidan olish mumkin. T., 1989. 298-305 betlar – F.E.)
Ozod Sharafiddinovning ijodini o‘rgangan tadqiqotchilar uning asarlari va tarjimalarining o‘ziga xos tili va uslubi borligini doim ta’kidlab kelganlar. Kutubxonadagi turli yo‘nalishdagi kitoblar va lug‘atlar ana shu o‘ziga xos til va uslubni shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan desak, xato bo‘lmaydi.
Domlaning fikricha, lug‘atlar ma’naviy madaniyatni rivojlanishida muhim o‘rin egallashi bilan birga jamiyatning ma’lum davrda erishgan bilimlarini o‘zida aks ettiradi. Shu bilan birga lug‘atlar bir qator ijtimoiy vazifalarni ham bajaradi, ya’ni o‘quvchiga muayyan voqea-hodisa haqida ma’lumot beradi, o‘zga tillardagi so‘zlar bilan tanishtiradi. “Kitob javonlarimda lug‘atlarning ko‘pligi ana shundan derdilar”, Ozod domla.
Kutubxonadagi lug‘atlar orasida D.N.Ushakovning 1935–1940 yillarda nashr etilgan to‘rt tomlik “Tolkovыy slovar russkogo yazыka”, Sergey Ivanovich Ojegovning (1900–1964) 1949 yilda chop etilgan “Slovar russkovo yazыka” hamda 1950 yilda nashrdan chiqqan “Orfograficheskiy slovar russkovo yazыka”. Vladimir Ivanovich Dalning (1801–1872) 1955 yilda chop etilgan 4-tomlik “Tolkovыy slovar jivogo veliko russkogo yazыka”, 1957 yilda chiqqan “Poslovitsы russkogo naroda” nomli nashrlarni ham ko‘rishimiz mumkin.
Lug‘atlar orasida 1969 yili Leningradda nashr etilgan “Drevnetyurkskiy slovar”, 1966 yili Moskvada chiqarilgan “Tatarsko-russkiy slovar”, “Slovar inostrannыx slov”, (M.,1989) O.Usmon, R.Doniyorov. “Ruscha-internatsional izohli lug‘at”, (T., 1965) “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”, (M.1954) “O‘zbekcha-ruscha lug‘at”, (M.1959) 2 jildlik “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at” (T.1983–1984) “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” 2 tomlik. (T.,1981.) S.A.Tixonov i drugiye, “Russko-uzbekskiy tematicheskiy slovar”, (1975) “Navoiy asarlari lug‘ati”, (1972) “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”, (1-4j. 1983–1984) B.Xasanov “Qur’oni Karim so‘zlarining arabcha-o‘zbekcha ko‘rsatkichli lug‘at”, (1995).
Javonlardan qator qomusiy lug‘at-entsiklopediyalari ham o‘rin olgan bo‘lib, bular – “Kratkaya literaturnaya entsiklopediya”, “Literaturnыy entsiklopedicheskiy slovar”, “Entsiklodedicheskiy slovar yunogo literaturoveda”, “Entsiklopediya: Mifы narodov Mira” v 2x t., “Mifologicheskiy slovar”, “Teatralnaya entsiklopediya”, “Detskaya entsiklopediya” v 10.t., “Vse shedevrы mirovoy literaturы v kratkom izlojenii”, “Zarubejnaya literatura XIX v.”, “Zvyozdы mirovoy filosofii”, “Entsiklopediya literaturnыx geroyev”, “Entsiklopediya mudrosti”, “O‘zbek sovet entsiklopediyasi”, “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi”, 12 jilddan iborat “Arxiv russkoy revolyutsii”, “Entsiklopediya mudrosti”, “Bolshaya sovetskaya entsiklopediya” v. 50 t. , “Sovetskaya istoricheskaya entsiklopediya” v 16t. va boshqalar.
Domla ijodlari davomida 150 ga yaqin asarlarni tarjima qildilar. Shulardan 30ga yaqini mustaqillikka qadar, qolgan 120ga yaqini mustaqillik yillarida amalga oshirildi. Ular orasida jahon adabiyoti durdonalari, mashhur faylasuf, sotsiolog, siyosatshunos, san’atshunos, adabiyotshunoslarning asarlari, buyuk siymolar haqidagi esselar o‘zbekchalashtirildi.
Tarjimalarning tili jimjimalardan holi edi. Domla aytganlaridek, til – xalqning, milliylikning eng katta boyligi, eng qutlug‘ ne’matidir. Tilimizda tariximiz, madaniyatimiz, ma’naviyatimiz saqlanib qolgan. Maqollar va matallarda, turli iboralarda ajdodlarimizning rasm-rusmlari muhrlanib qolgan. Tarjimalari orqali Ozod domla tilimizning ana shu boyligini, ma’nolar jilolanishini keng qamrovli falsafiy tushunchalarini ham mahoratlari orqali ko‘rsata oldilar. Tarjima asalarining ayrimlarini misol tarzida keltirib o‘tamiz. Anatoliy Ribakov “Arbat bolalari”, Xose Ortega-i-Gasset “Odam Ato Jannatda“. Stefan Sveyg “Dunyoning ochqichi”, Lev Tolstoy “Iqrornoma”, Vasil Bikov “Sariq qum” Jan Jak Russo “Manzur bo‘lmoq san’ati”, Efreim Sevela “To‘xating samolyotni, tushib qolaman”, Igor Bunich “Partiyaning oltinlari”, Oskar Uayld “Dorian Greyning portreti”, Paula Koelo “Alkimyogar”, “Beshinchi tog‘” , Kobo Abe “Shoirning hayoti” va boshqalar. Bu asarlar aynan o‘zbek tilida yozilgandek, tili nihoyatda ravon tarjima qilingan. Tarjima qilingan asarlar geografiyasiga e’tibor bersak, u ham juda keng. Sog‘liqlari pand bersa ham, ruhan baquvvat domla katta bir jamoa bajaradigan ishni bir o‘zlari bajarib qo‘yishlari – u kishining mahorati va mehnatsevarligida, xalq oldidagi burchni his qila bilishidadir. Bu holni Ozod Sharafiddinov fenomeni, desak to‘g‘ri bo‘lar.
Tabiiyki, olim kutubxonasidan jahon adabiyotning klassiklari asarlari va to‘plamlari ham joy olgan. Ular orasida Onore de Balzak, Maksim Gorkiy, Viktor Gyugo, Nikolay Gogol, Teodor Drayzer, Emil Zolya, Mixail Lermontov, Tomas Mann, Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, Uilyam Folkner, Vilyam Shekspir va boshqa ko‘plab yozuvchilarning asarlarini ko‘rishimiz mumkin.
Kutubxonadagi “Xalqlar do‘stligi” seriyasi ham 70 ga yaqin mualliflardan iborat bo‘lib, ular Ch.Aytmatov, S.Dangulov, N.Dumbadze, A.Kim, B.Okudjava, Yu.Ritxeu asarlaridan tarkib topgan. “Mastera sovremennoy prozы” seriyasida chiqarilgan kitoblar ham 80ga yaqin bo‘lib, mualliflar orasida yapon Kobo Abe, amerikalik Richard Rayt, belgiyalik Villem Elsxot, hindistonlik Krishan Chandar, germaniyalik Anna Zegers, turkiyalik Orxan Kemallarni ko‘rishimiz mumkin.
Yana qator seriyalardagi kitoblar, masalan, “Literaturnыe memuarы”, “Biblioteka Rossiyskogo romana” seriyasidagi, “Literaturnoye naslediye”, “Filosofskoye naslediye”, Biblioteka “Ogonyok” Otechestvennaya klassika, “Biblioteka klassiki”, “Russkaya istoricheskaya povest” seriyasidagi kitoblar ham o‘quvchi va tadqiqotchilar diqqatini so‘zsiz o‘ziga tortadi. “Detektivlar seriyasi”da ham qator mamlakatlar yozuvchilarining shu janrda bitilgan asarlarini ko‘ramiz. Masalan, “Amerikanskiy detektiv”, “Angliyskiy detektiv”, “Cheshskiy detektiv”, “Nemetskiy detektiv”, “Vengerskiy detektiv” va boshqalar.
Keyingi javonda Nobel mukofoti sovrindorlaridan Ernest Xemingueyning “Za rekoy, v teni derevev”, “Starik i more”, “Opasnoye leto”, “Prazdnik, kotorыy vsegda s toboy”, “V nashe vremya”, Djon Steynbekning “Grozdya gneva”, “Zima trivogi nashey”, Najib Mahfuzning “Vor i sobaka” va “Osenniye perepelki”, “Zerkala”, “Pansionat miramir”, Knut Gamsunning “Soki zemli”, “Brodyagi”, Yasunari Kavabataning “Tыsyachekrыlыy juravl”, “Snejnaya strana”, “Novellы. Rasskazы. Esse”, Djon Golsuorsining “Saga o forsaytax”, ”Sdayetsya v nayem”, “Belaya obezyana”, “Serebryanaya lojka”, “Put svyatogo”, Vladimir Nabokovning “Zaщita Lujina”, “Podvig”, “Mashenka”, “Korol. Dama. Valet” “Vozvraщeniye Chorbы”, ”Dar”, “Priglasheniye na kazn”, “Drugiye berega”, “Lolita”, Luidje Pirandelloning “Starыe i molodыe” asarlari joy olgan.
Ular bilan bir qatorda joylashgan rus va o‘zbek adabiyoti xrestomatiyalari bo‘yicha kitoblar ham talaygina bo‘lib, o‘quvchida qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Gap shu yerga yetganda, hurmatli o‘quvchiga domla xonadonida deyarli odatiy holga aylangan bir holatni eslatib o‘tmoqchiman. Ozod domla xonadonidan hech qachon mehmon arimas, turli kasb egalari, ya’ni ziyoli-ijodkorlardan tortib to dehqon-u hunarmandgacha u kishining suhbatiga oshiqardi. Domla har qanday davrada yaxshi kayfiyat yarata olar, muloqot davomida odamlar fikrini faqat ezgu ishlarga yo‘naltirishga, el-yurt uchun foydali biror ishni amalga oshirishga da’vat etardi. Agar biror kishi bilan suhbatlashsa, o‘sha suhbatdosh mansub bo‘lgan soha bo‘yicha o‘zlari o‘qigan kitoblardan qiziqarli misollar keltirardi, kitoblarni targ‘ib qilardi. Kitob o‘qimaslik chalamullalikka, ma’rifatsizlikka, johillikka olib keladi. Bular esa loqaydlikni, ma’naviy qashshoqlikni tug‘diradi. Bu sifatlardan, birodar, manqurtlikkacha bir qadam, derdilar. Kim bilsin, ehtimol bu suhbatlar yangi maqola yoki chiqishlariga turtki bo‘lgandir.
Domlaning turli sohalar bo‘yicha chuqur bilimlarga egaligi bizga tabiiy holdek tuyulardi. Negaki, u kishining nainki, adabiyot, balki ilm-fanning boshqa sohalariga ham qiziqishlari beqiyos edi. Shundan bo‘lsa kerak, kutubxonada yuqorida ko‘rganimizdek adabiyot, til, tarix, falsafaga oid asarlardan tashqari, ilmning boshqa yo‘nalishlari, hatto tabiiy fanlarga oid turli seriyalardagi kitoblar ham jamlangan edi. Ozod domla kitobga bilim xazinasi, Alloh taoloning odamlarga in’om etgan muqaddas ne’mat deb qarar edi. Ayni chog‘da: “Kitob, javonga taxlab qo‘yish uchun emas, o‘qish va saboq olish uchun sotib olinadi”, – deb, qayta-qayta, takror-takror aytardilar.
Bu kitoblar bilan yonma-yon XX asrning 50 yillaridan, ya’ni domlani o‘zlari ilmga kirib kelgan vaqtdan to 2004 yilgacha yoqlangan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarning avtoreferatlari ham joy olgan. Mazkur ilmiy ishlarning mazmun-mohiyati o‘tgan asrning 50-yillaridan to shu vaqtgacha (2004 yilgacha) O‘zbekistondagi adabiyotshunoslik, adabiy tanqid, umuman, shu yo‘nalishning yutuq va muammolarini ko‘rsatuvchi barometr desak, xato bo‘lmaydi.
Gap dissertatsiyalar haqida ketganda, domlaning shogirdlariga bo‘lgan munosabatiga to‘xtalib o‘tsak. Ustoz 30 ga yaqin fan nomzodiga rahbarlik qilganlar. Hech kim domlaga tasodifan shogird bo‘lgan emas. Domla shogirdlari hujjatlarini rasmiylashtirishga shoshilmas, ularni ilmga chanqoqligini, salohiyatini, bardoshini, hatto yashash tarzini obdon sinovdan o‘tkazardi. Shu ma’noda domlani yoshlarimizni mustaqillik va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi hissalari ham salmoqli, deb o‘ylayman.
Bu saboqlar ilmiy hayotga endigina qadam qo‘yayotgan yosh tadqiqotchilarda faollik, erkinlik hissining uyg‘onishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Domlaga shogird bo‘lganlar shunday shakllanib, tanlagan mavzularini chuqur o‘rganib, pishitardilar. Shuning uchun domla rahbarligida yoqlangan dissertatsiyalar adabiyotshunoslikda iz qoldirardi.
Ma’lumki, Ozod domla shaxmat o‘yinini juda ham yaxshi ko‘ruvchi, ashaddiy shaxmat muxlisi o‘ziga xos bo‘lganlar. Shaxmat bo‘yicha yig‘ilgan kitoblar ko‘lami ham anchagina bo‘lib, ular bir kitob javonga joylashgan. Bu kitoblar orasida shaxmat partiyalari tahliliga bag‘ishlangan kitoblar, shaxmat o‘yinlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga bag‘ishlangan nashrlar ham talaygina. Kitob javonidan joy olgan “Vыdayuщiyesya shaxmatistы mira” seriyasidagi kitoblar dunyoni lol qoldirgan oliy toifadagi shaxmatchilar haqida hikoya qiladi. Masalan, Yojef Xaytunning grossmeyster Portish haqidagi kitobi, B.Vaynshteynning E.Laskerga bag‘ishlangan kitobi, V.Panovning kubalik shaxmatchi Xosse Raul Kapablanka haqidagi kitoblar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, jahonning 12-chi chempioni A.Karpov tahririda chiqarilgan “Shaxmat” kitobi, G.Aleksandrovich va Ye.Stolyarning “Mnogolikaya Kaissa”, Z.Tarrashning “300 shaxmatnыx partiy”, A.Kostevning “Uchitelyu o shaxmatax”, S.Gligorichning “Igrayu protiv figur”, M.Muhiddinovning “O‘zbekistonda shaxmatchilik”, “Shaxmat – koni hikmat” kabi nashrlarni, ya’ni shaxmatni ommalashtirish va rivojlantirishga xizmat qiluvchi kitoblarni ham ko‘rishimiz mumkin.
Ma’lumki, Ozod domla, yuqorida eslaganimizdek, shaxmatni jonu dilidan sevuvchi shaxmat ishqibozi bo‘lgan va, tabiiyki, bu kitoblarning hammasi u kishiga olam-olam quvonch baxsh etgan. Bo‘sh vaqt topildi, deguncha, domla albatta, shaxmat o‘ynardi. Hazillashib, bu o‘yin miyadagi ochilmagan, ishlamagan nervlarni ishlatib yuboradi, derdi. Ular Mamajon Muhitdinov, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Rahmatilla Inog‘omov, Ulug‘bek Elbekov, Mahmud Yunusov, Xurshid Do‘stmuhammad, Saydi Umirov va boshqa ko‘plab ijodkorlar ishtirokida bo‘ladigan shaxmat o‘yinining faol ishtirokchisi edi. Mabodo o‘yin “boy” berilsa, hech qachon “yutqazdim” demasdi, balki “yutqazib berdim” deb qo‘ya qolardi. Domlaning sharofati bilan nabiralar bu o‘yinni juda yaxshi o‘zlashtirib olishgan. Nabiralarning bu o‘yinga jiddiy qiziqishi u kishini nihoyatda quvontirardi. “Shaxmat o‘yini xotirani peshlaydi, vujudga kelgan murakkab vaziyatlardan chiqib ketishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘lini topishga o‘rgatadi”, – derdi Ozod domla. O‘g‘lim Muzaffar Mirzo o‘ziga g‘alaba olib kelgan yurishlarni, garchi ular katta shaxmatchilar tomonidan o‘ynalgan bo‘lsa ham, bobosidan o‘rgangani uchun, Ozod buvamning usullarini qo‘llab o‘yinda g‘alaba qozondim, deb mag‘rurlanib yurardi.
Ozod Sharafiddinov kutubxonasi haqida yana ko‘p va xo‘p gapirishimiz mumkin. Afsuski, kutubxonadagi barcha kitoblar haqida to‘xtalib o‘tishning iloji yo‘q. Kitob javonlaridagi dunyo dinlari haqidagi kitoblar, “Jizn zamechatelnыx lyudey” (JZL) seriyasidagi kitoblar, Biblioteka “Klassiki” seriyasida “Russkaya literatura”, “Zarubejnaya literatura”, “Ocherki po istorii geograficheskix otkrыtiy”, “Vzglyad”, “Kritika. Polemika. Publikatsii”, “Sto velikix” seriyasidagi “Sto velikix pisateley XX veka”, 1000 voprosov, 1000 faktov, 1000 rekordov… “1000” seriyasidagi “1000 velikix bitv s drevneyshix vremen do XI veka”, “Xudojestvennaya literatura”, “Pravda” va boshqa nashriyotlar tomonidan chiqarilgan obuna nashrlari, bolalar uchun “Jahon xalqlari ertaklari” seriyasi, o‘spirinlar uchun “Sarguzasht adabiyotlar” seriyasi, shuningdek “Matematika”, “Zoologiya”, “Geografiya”, “Fizika”, “Kimyo”, “Tarix” seriyasidagi kitoblarning hammasini sanash qiyin.
Tabiiyki, alohida kitob javonlari o‘zbek yozuvchilari asarlari uchun ajratilgan. Kitoblarning ko‘pchiligida mualliflarning dastxatlari ham bor. Javondan Cho‘lpon, Fitrat, Hamza, A.Qodiriy romanlarining bir necha nashrlari, “Istiqlol qahramonlari” seriyasi, Oybek, G‘afur G‘ulom, Ayniy, A.Qahhor, Mirtemir, M.Shayxzoda, A.Muxtor, Zulfiya, H.Olimjon, O.Yoqubov, P.Qodirov, A.Oripov, E.Vohidov, O‘.Hoshimov, Hamid G‘ulom, Mirzakalon Ismoiliy, X.To‘xtaboyev, Shuhrat, Komil Yashin, Sarvar Azimov kabi yozuvchi-shoirlarning, adabiyotshunoslar Izzat Sulton, G‘ulom Karimov, Homil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shchonov, Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov, Abdug‘afur Rasulov, Vohid Abdullayev, Nuritdin Shukurov, Botir Valixo‘jayev, Saydulla Mirzayev kitoblari o‘rin olgan. Eslatib o‘tamiz, bu kitob mualliflarining mukammal ro‘yxati emas.
Kutubxonadagi chog‘roqqina kitob javoniga dehqonchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va polizchilikka oid kitob va risolalar jamlangan bo‘lib, buning asosiy sababi domlaning dala hovlisi edi.
Ozod domla hayotidagi har bir narsa, har bir harakatdan zavq ola bilardi. Hatto, ko‘pchilik erinibgina urinadigan jismoniy yumushlar va dala ishlariga ham butun vujudi bilan berilib kirishardi. Bog‘da olma, o‘rik, shaftoli, gilos, nok, olxo‘ri, anor, anjir kabi daraxtlar bo‘lib, olma, nok va tokning yozgi va kuzgi navlari ekilgan edi. Bog‘dagi mevali daraxtlarni o‘stirish va bog‘ni parvarishlashda ishlatiladigan asbob-anjomlar: ketmon, belkurak, tokqaychi, panshaxa, chelaklar, payvand pichoqlar, arra, narvon, sug‘orish uchun chilangar, o‘g‘it solinadigan moslamalargacha xarid qilib, ishlatishga tayyorlab qo‘ygan edilar. Bu sohadagi shiorlari: “Kel”, “Ol”, “Ishlat” edi.
Ko‘ramizki, Ozod domla kutubxonalaridagi kitoblar shunchaki kitobni yig‘ish uchun sotib olinmagan. Kitoblar birinchi navbatda o‘zlariga, ijodlariga zarur bo‘lgan hamda nabira va evaralarga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari kutubxonadan domlaning arxiv hujjatlari (maqola, risola, kitoblarning qoralamalari) ham joy olgan. Har bir papkadagi qog‘ozlarni o‘qisangiz, ulardagi ma’lumotlar tadqiqotchini qiziqtirishiga amin bo‘lasiz. Chunki ular umr bo‘yi yozilgan maqolalar, kitoblar, tarjimalarning qo‘lyozmalaridir. Ba’zi maqolalarning bir necha variantlari mavjud (masalan, Oybek, Fitrat, Shayxzoda va hokazolar).
Arxivda qo‘lyozmalardan tashqari ularning mashinkalangan nusxalari, hamda domlaga alohida shaxslardan, turli idora va tashkilotlardan kelgan xatlar, taklifnomalar ham bo‘lib, ular alohida papkalarda saqlanadi.
Arxivdagi bunday saranjomlik keyinchalik Muhabbatxon va Shahnozaxon tomonidan domlaning o‘zlari tartiblagan maqolalar asosida qator kitob va risolalarni nashrga tayyorlashga turtki bo‘ldi. Shulardan birinchisi 2009 yilda nashrdan chiqqan “Domlalar” kitobi edi. Kitobda Ozod domlaning ustozlari, do‘stlari, shogirdlari haqidagi bir-biridan o‘qishli xotiralari o‘rin olgan. Qahramonlarning faqat o‘zlariga xos tabiati va xarakteri, hayoti va taqdirini belgilagan voqea-hodisalar qiziqarli uslubda bayon etilgan. Shu bilan birga, biz mutolaa davomida betakror yurtimizning ajoyib tabiati, go‘zal go‘shalari, mehnatkash va sodda insonlari bilan ham tanishamiz.
Ikkinchi kitob “Jahon adiblari adabiyoti haqida” (2010 y.) deb nomlangan va undan Herman Hesse, Andre Morua, Lev Tolstoy, Onore de Balzak, Yan Parandovskiy, Nikolay Gogol, Jon Golsuorsi, Irving Stoun singari taniqli ijodkorlarning badiiy adabiyot tarixi, ijod sirlari, adabiy oqimlar, estetik tamoyillarga bag‘ishlangan noyob asarlari joy olgan. Yoshlarimizning adabiy estetik didi, fikrlash qobiliyatining o‘sishida muhim ahamiyat kasb etuvchi bu asarlarni Ozod Sharafiddinov katta mahorat bilan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Uchinchi kitob “Olamning qalbi” (2012 y.) deb nomlangan. Muallif, insoniyat tarixida kitobning o‘rni va ahamiyati, kitobga munosabat, kitobxonlik madaniyati haqidagi o‘ylari, kuzatishlarini kitobxon bilan o‘rtoqlashishga, uning salohiyatini oshirishga intiladi.
Ozod Sharafiddinov kutubxonalari haqidagi qisqa ma’lumot shulardan iborat. Domlaning so‘zlari bilan aytganda “… kitoblar uzoq yillar davomida, umr bo‘yi yig‘ilgan. “Bu bir ehtiyoj-da! Boshqalarga juda ko‘p kitob yig‘inglar, demoqchi emasman. Faqat o‘z sohalari bo‘yicha chop etilgan kitoblarni, nashrdan chiqarayotgan yaxshi badiiy asarlarni o‘qib, foydalanib borishsa zarar qilmasdi. Chunki bugun topiladigan kitob ertaga topilmay qolishi mumkin. Kitob oling, kitob o‘qing. Ta’lim olishdan to‘xtab qolmang”, deb yozgan edilar ustoz.
Kutubxonadagi kitoblar turli yo‘nalishda bo‘lgani kabi atoqli adabiyotshunos, munaqqid, tarjimon va noshir Ozod Sharafiddinov ijodi ham serqirra edi. Uning kitob va risolalarida, asarlarni badiiylik qonuniyatlari nuqtai nazaridan tadqiq etish, adabiyotni milliy g‘oya va adabiy qonuniyatlar asosida tahlil qilish, ijodkor shaxsi va uning badiiy asardagi o‘rni masalalari, ijodiy an’analar, mumtoz adabiyotni o‘rganish vositalari va jahon adabiyotini o‘rganish muammolari, o‘zbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligida milliy va jahon adabiyoti an’analarini uyg‘un qabul qilish, tarjima san’atini yuksaltirish, o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayonida tutgan o‘rni va ma’naviy o‘zanlari tadqiq etib berilgan.
Ozod domla xotiramizda hamisha shunday jonli, ijod qilishdan to‘xtamaydigan, charchamaydigan, serg‘ayrat, jozibali va dilbar shaxs sifatida yashayveradi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 11-son