Dono xalqimizning hayotdan kelib chiqib to‘qigan sermazmun maqol va matallari bisyor. “O‘tgan kuningni unutma, xom chorig‘ingni chiritma…”
Sal dag‘alroq bo‘lsa ham bu topilma aynan haqiqatning o‘zi. Hayot sinovlaridan o‘tmay, boyvachcha ota-bobolarining erkatoyi bo‘lib o‘sgan, halol non topish mashaqqatini boshidan kechirmagan kimsalar o‘ta yengil yoki sal og‘irroq sharoit ta’sirida darrov o‘zlarini yo‘qotib qo‘yadilar. Hammamizga juda yaxshi ma’lum, ancha yil avval o‘rinsiz jazavaga tushib, boshlarini qoya toshlarga urgan bir qator yoshlar bebaho umrlarining ancha qismini uvol qilib, turmalarda o‘tirib chiqdilar. Soddadil, hayot sinovlaridan o‘tmagan yoki boyish uchun oson yo‘l izlab nafs balosi ortidan ketib, vatan xoinlarining tuzoqlariga ilingan bu adashganlar ona yurtiga, hatto o‘zlarini dunyoga keltirgan ota-onalariga qarshi tosh otishdan ham toymagan edilar. Aslini olganda, bu masalada faqat yoshlar aybdor deyish o‘rinli emas. E’tibor bering, shahar, qo‘rg‘on va qishloqlarni boshqarayotgan rahbarlar, deputatlar, ayniqsa maktab jamoalari qayoqqa qarab turgan edilar?! Ular qanday qilib shu qadar tashvishli, achinarli ahvolga befarq bo‘ldilar? Bu masalada aslida hammamiz baravar aybdormiz. Chunki bo‘layotgan hangomalarni ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olganmiz. Yomon ko‘rinishning menga nima keragi bor, deb chekkaga chiqib turganmiz. Oqibatda qanchadan-qancha yoshlar qamaldi, ularning oltin umrlari uvol bo‘ldi. Xayriyatki, yangi saylangan Prezidentimiz nihoyatda ulug‘vor vazifani amalga oshirib, ko‘pchilik adashganlarni afv etib yubordi. Davlatimiz rahbari alohida ta’kidlaganidek, bag‘rikenglik, kechirimlilik olijanob insonlarga xos fazilatdir. Chindan ham afv etilganlar, ularning farzandlari davlatimizga, xalqimizga nafrat bilan emas, xayrixohlik va minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashasinlar…
Endi asosiy mavzuga kelsak, adashganlarning boshlariga qora kunlarni solib qo‘ygan jamoatchilik, ya’ni o‘zimiz xatolardan tegishli xulosa chiqarib oldikmi? Hamma joylarda targ‘ibot-tashviqot, yuzma-yuz muloqotlar, ochiq savol-javoblar o‘tkazilyaptimi? Yoshlarning to‘g‘ri yo‘ldan adashib ketishlariga eng asosiy sababchilardan bo‘lmish maktab jamoalari keyingi faoliyatlarida keskin ijobiy burilish yo‘liga o‘tdilarmi?
Ochiq-oydin tan olish kerak, mamlakatimiz o‘g‘il-qizlarining qay tarzda voyaga yetayotganlari asnosida maktab jamoalarining o‘rni juda katta. Binobarin, hayotimizning barcha jabhalariga bilim dargohlaridan yetarlicha kadrlar chiqib turishi zarurligi oynadek ravshan-ku! Ustozlar qo‘lidan mukammal ta’lim olgan farzand hayotda hech qachon adashmaydi, Vataniga, xalqiga umrbod sadoqat bilan xizmat qiladi…
Olloh in’om etgan umrni uvol qilmaslik haqida gap ketar ekan, panjara ortida necha yillar o‘tirib, guldek hayotini xazon aylaganlar qatoriga o‘zlari tanlagan kasblariga loqayd, yuzaki yondashayotganlarni ham bemalol qo‘shish mumkin. Ayniqsa hozirgi davrimiz bunaqa xiyonatlarni aslo kechirmaydi. Shundoq ham ko‘p sohalarda, xususan, maorif yo‘nalishida ancha yillarni bekorga boy berib qo‘ygan ekanmiz. Oqibatda ko‘plab bilim dargohlarida o‘qituvchilar yetishmaydi, yetarlicha ta’lim ololmayotgan farzandlarimizning ko‘pchiligi oliy bilim dargohlariga kira olmayaptilar…
Umumiy gaplardan qochib, o‘zim bevosita guvoh bo‘lgan bir maktabdagi ahvolni aytib bera qolay. Tumandagi mavjud bu bilim dargohida o‘rta maktabni tiklash sari qadam tashlanmoqda. Afsuski, shu hududdagi ayrim ota-onalar farzandlarini qo‘shni qishloq maktabiga, hatto shahar va qo‘rg‘onlardagi bilim dargohlariga topshirish harakatida yuribdilar. Nega shunday? Avvalo mazkur maktabda muhim yo‘nalishlar bo‘yicha malakali mutaxassislar yetishmas ekan. Qolaversa, bu joyda ishlayotgan o‘qituvchilar o‘quvchilarga bo‘lar-bo‘lmas vazifalar topshirib, bo‘sh xonalarda gurunglashib o‘tirishar ekan. Bu haqda hatto o‘quvchilarning o‘zlari gapirib yurishibdi! Maktab direktori yoki uning yonidagilar vazifaga loqayd qarayotganlarga nima uchun indashmaydi? Chunki asosiy rahbarlar ancha olis shahardan qatnab ishlaydilar. Bir bahona topilsa, ular maktabga kelmay ham qo‘yaveradilar. Rahbarlarning qilmishi shunday bo‘lgach, intizomni tiklash haqida qanday gap bo‘lishi mumkin?!
Bir maorif sohasi emas, barcha kasb egalari ishlaydigan makonda yashab, butun vaqtini, diqqat-e’tiborini, kuch-g‘ayratini ish joyiga sarflash shart ekanligi hozirgi davrning eng muhim vazifasidir. Davlatimiz rahbari bu kabi talablarni har bir chiqishlarida qayta-qayta muntazam ta’kidlayapti-ku! Aslida uni yuqoridan doimiy ravishda talab qilib turish shartmi?! Ayniqsa kelajagimiz poydevorini barpo etayotgan muallimlar buni yaxshi tushunmoqlari, kasblariga xiyonat qilgandan ko‘ra boshqa yo‘lni tanlaganlari ma’qul. To‘g‘risini aytganda, bu faqatgina o‘z kasbiga emas, Vatanimizga, xalqimizga, kelajagimizga ham xiyonat deyish mumkin! Fidoyilik, vatanparvarlik haqida ko‘p gapiramiz. Ayrimlar, ayniqsa o‘qituvchilik kasbiga adashib kirib qolganlar o‘zi ishlayotgan jamoada kuchli mutaxassislar bo‘lmasligini, yaxshi ustozlar yetishmasligini xush ko‘rishar ekan. Shunday bo‘lsa, ular chala-chulpa ishlab, istagancha dars soatlari olishadi, xohlagancha tartibbuzarlik qilishadi, lekin jazodan xoli qolishadi! Bunaqa quvlik-shumliklarning umri qisqa. Yurtboshimiz rahnamoligida shu kabi kirdikorlarning ham payi qirqilmoqda. Oliygohlarni bitirayotgan jangovar, shiddatli yoshlarimiz “chirik kunda”larni qo‘porib tashlab, yangi va mazmunli hayot boshlamoqdalar…
Biz bu safar tuman va qishloqlar nomlarini aynan keltirmadik. Chunki o‘qituvchilik – sharafli kasb. Ustoz degan ulug‘ nomni birdaniga obro‘sizlantirish odobdan emas. “Qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit!” naqliga amal qilib, o‘qituvchilik kasbiga yuzaki yondashayotganlar bundan xulosa chiqaradilar degan umiddamiz. Demak, vazifaga astoydil yondashib, bola ta’limi va tarbiyasi masalasida ota-onalar, keng jamoatchilik bilan mustahkam aloqa bog‘lagan holda muntazam suratda iqtidorli shogirdlar tayyorlab borish shart!
Har bir insonda Olloh tomonidan berilgan iqtidor bo‘ladi. Ustoz buni vaqtida fahmlab, ulug‘ va nurli yo‘l sari otlantirmog‘i kerak. Ana shundagina barcha sohalarda, ayniqsa ta’lim-tarbiya yo‘nalishida kadrlar tanqisligi yuzaga kelmaydi. Har bir muallimning mashaqqatli mehnati mevasi xuddi shu natija bilan o‘lchanadi va baholanadi. Maktab rahbarlari esa muhimdan-muhim bu holatni qat’iy nazorat qilishlari, o‘zlari esa har tomonlama ibrat bo‘lmoqlari shart! Nurli bu yo‘ldan chekinsak, o‘z ildizimizga o‘zimiz bolta urgan bo‘lamiz. Boshqacha qilib aytganda, Xudoyi Taolo bergan aziz umrimizni bekorga suvga oqizib, uvol qilib yuboramiz!..
«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 2-son