Ahmadjon Meliboyev. Yashab qolishning yagona yo‘li

Bosma nashrlarning inqirozi xususida yana bahs boshlandi. Bir qarashda o‘rinli fikrlar: ko‘plab nashrlar bugungi tezob sharoitga, ish uslublarini yangilashga, o‘quvchi ehtiyojini qondirishga dosh bera olmayapti. Haftada bir marta chiqadigan gazetalar yangiliklari soat sayin o‘zgarib turadigan elektron nashrlar bilan bellasha olmaydi. Buning bahs qiladigan joyi yo‘q. Ammo bahs qilishning ham o‘ziga yarasha madaniyati bor. “Falonchi mana bunday fikrni aytgan edi, pismadonchilar unga qarshi cherik tortdi” yoki bugungi jurnalistlarning aksariyati sobiq tuzum paytida janob Gorbachev bergan demokratiyani qo‘ldan boy bergan maddohlarning avlodlari, degan gap yurakka o‘qday botadi. Milliy jurnalistikamiz oqsayotgani rost, ammo u oriyatini yo‘qotgan emas. Og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek, kecha yoki qay bir payt matbuotdan tarsaki, qaysi bir jur’atli jurnalistdan zarba yeganlar, xolis tanqid tig‘idan qo‘rqadiganlar va – bunisini ochiq aytish kerak – majburiy obuna tinka-madorini quritganlar nogahonda ommaviy axborot vositalari bo‘yicha nazariyotchilarga aylanib, gazetalarning, shu qatorda butun umrini jurnalistikaga bag‘ishlagan ustozlarning sha’niga loy chaplamoqda, oqibatda matbuotning yutuq-kamchiliklarini ro‘yirost aytayotgan xolis tahlilchilarning fikrlari nogahoniy ustozlarning hissiyotli g‘ala-g‘ovuriga qo‘shilib, ola-quroq bo‘lib ketdi. Gazetadan boshlangan bahsga, “Kitoblarning ham taqdiri shu, bundan buyon hamma narsani internetdan o‘qish mumkin”, degan gap qo‘shildi. Jim turaversak, ertaga yana bittasi chiqib, “Qo‘lda xat yozish – eskilik sarqiti”, deyishi hech gap emas. Yozuvini yo‘qotgan odam shiryalang‘och bo‘lib qoladi.

Tahlilga o‘taylik. “Mana, falon kundirki, gazetasiz, jurnalsiz yashayapmiz, osmon uzilib yerga tushgani yo‘q, demakki…” degani o‘ta jo‘n xulosa. Isbot: bir yarim oydirki to‘ylarsiz, ertalabki nahor oshlarsiz yashayapmiz, ammo bundan o‘zbek xalqi osh yemay ham yashayverishi mumkin, katta-kichik qozonlarni “utilsiryo”ga topshirish kerak, degan xulosa kelib chiqmaydi. Gazetalarning umri tugayotgani haqidagi fikrlarni sohadan yiroq, tushunchasi kam kishi aytsa, ha, endi, bu ham bir gap-da, deysiz, qo‘yasiz. Ba’zan donishmandlar ham xato qiladi. Ustoz Odil Yoqubov bir gal: “Ay, Axmatjan, katta yazuvchilarning xatosi ham katta bo‘ladi”, degan edi. Shunday ham deylik. Ammo sohani yaxshi tushunadigan, qat’iyatli, tashabbuskor rahbar, matbuotni qo‘llab-quvvatlash vazifasini o‘z tashabbusi bilan zimmasiga olgan kishi kutilmaganda og‘riqli gap qilsa, garchi fikrlari uzil-kesil hukmday bo‘lmasa-da, boshqalarni bilmadim-u, menga hazm bo‘lmadi. To‘yning boshida turgan odam sovchilikka borganida kuyov bola haqida, yangalikka nomzod kelin to‘g‘risida yomon gap qilmaydi. Boz ustiga, lavozimli odamlarning gapi tez tarqaladi, yo‘l-yo‘lakay boshqa o‘zanlarga burilib ham ketadi. Karantin sharoitida talabalarga saboq berayotganimiz, maqolalar yozayotganimiz, yangi o‘quv yiliga jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganimiz, faol jurnalistlar el-yurt dardida kuyib-pishib yurganlari, demak, behuda urinish ekan-da? Ertaga ildizi quriydigan ko‘chatga suv quyayotgan, tagini yumshatayotgan ekanmiz-da?

Yigirma yil gazetalarga muharrir bo‘lgan zukko tadqiqotchilari­mizdan biri gazetaning hidi bo‘ladi, degan gapni kulgiga olibdi. Umrida gul ekmagan, parvarish qilmagan, g‘unchasiga tikilib bahra olmagan kishi gulning iforini bilmasa, uni koyimaslik kerak. Eng yaqin do‘stlarimga gazeta sovg‘a qilish mening ko‘p yillik odatim edi. Har juma kuni ba’zilarining uyigacha olib borganman. Ming mashaqqat bilan yarim kechagacha ko‘zimizning nurini to‘kib yaratgan mahsulotimizni ertalab qo‘limga olar ekanman, gazeta hidi menga tandirdan yangi uzilgan non kabi aziz bo‘lib ketardi. Nachora, rahmatli Anvar Obidjon aytganidek, har kim o‘ziga yarasha burunga ega bo‘ladi.

Xullas, adoqsiz savollar girdobida qoldim. Uyda, dala hovli va ishxonadagi kompyuterlarimda mingdan ortiq papkalar, har birida qanchadan-qancha yozilgan, chala bitgan, shunchaki boshlab qo‘yilgan, turli nashrlardan qaytgan, ba’zilari o‘zimdan o‘tmagan maqolalar turibdi. Shularni o‘ylayman. Matbuotimiz bosib o‘tgan yo‘l, ulug‘ ustozlar, sobiq tuzum payti haq gapni yozgani uchun jazolanganlar, hayotining so‘nggi daqiqalarigacha habar, maqola yozib, so‘nggi nuqtani qo‘yishga ulgurmaganlar, achchiq-achchiq feletonlari bois tana-dashnomga qolganlar, hibsga olinganlar, ishidan ayrilganlar ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshlaydi. Davlatimiz rahbari: “Men jurnalistlarni hurmat qilaman, ularning mehnatini qadrlayman”, deya bizga alohida ehtirom ko‘rsatayotgan, parlamentimizda, Senatda ijodkor hamkasblarimiz safi ko‘payayotgan, Belorus respublikasida jurnalistika universiteti fakultetga aylantirilgan yili O‘zbekistonda maxsus universitet tashkil etilgan, kitobxonlik madaniyatini oshirishga qanchadan-qancha intellektual boylik sarflanayotgan bir paytda gazetalarning kuni bitdi, to‘rva xaltani yig‘ishtiringlar, degan mazmunda bashorat qilib, muammoni yanada chigallashtirish nechog‘li o‘rinli?

Dengizga g‘arq bo‘lgan kishi amallab kimsasiz orolga yetib olganida ham, “E, qarang-a, uy-joysiz, kiyim-kechaksiz, maosh-mashinasiz yashasa bo‘lar ekan-ku”, demaydi, uyga qaytish yo‘lini qidiradi. Bosma matbuot g‘arq bo‘lganicha yo‘q, muhtaram birodarlar, uning bugungi o‘ktam ovozini eshitsa bo‘ladi, buning uchun vaqti-vaqti bilan lor vrachning ko‘rigidan o‘tib turish talab etiladi, xolos. Ehtimol, kimlardir mabuotning ovozi deganda, sobiq tuzum nashrlarida hukmfarmolik bilan yozilgan dabdabali ayblov maqolalarni, masalan, ustoz Ozod Sharafiddinov bosh qahramoni bo‘lgan “Chorbog‘chilar” feletonini yoki Sharof Rashidov nomiga dog‘ tushirish uchun qasddan to‘qilgan tuhmatlarni tushunishar? Yo‘q, unday emas, bugungi matbuot bo‘lar-bo‘lmasga ayyuhannos soladigan, shovqin ko‘taradigan minbarlikdan, dehqonga chigit ekishni, qassobga go‘sht bo‘laklashni o‘rgatadigan mutaxassislik maqomidan allaqachon qutulgan. U endi jamoatchilikning xolis minbari. Gazeta-jurnallarimiz bunday maqomga mosmi yoki yo‘qmi – bu alohida masala. Chunki, kasalni davolash boshqa, betiga baqrayib turib, davolashdan foyda yo‘qligini aytish boshqa. Bu ham bir madaniyat. Matbuot koronavirusga yo‘liqqani yo‘q, ammo ish uslubi surunkali kasallikka aylangani rost. Bunga davo topsa bo‘ladi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan bir ijodiy yig‘inda taniqli olimlarimizdan biri bizga uzoq yillar saboq bergan, matbuot rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, butun umrini jurnalistikaga bag‘ishlagan ustozlar haqida: “Ularning yozganlari eskida, hammasi yaroqsiz”, deganiga zo‘rg‘a chidab turgandim, ammo gazetalarning kelajagi yo‘q, degan fikr og‘irlik qildi.

Gazetada birinchi xabarim chop etilganiga salkam oltmish yil bo‘ldi. Hali-hanuz oddiy maqola, munosabat yozish uchun necha kunlab material to‘playman, fakt, raqam yig‘aman, gazeta-jurnallarning eski sonlarini varaqlayman, fikrimni jamlayman, qog‘ozga tushgan misralarimni qayta-qayta tahrir qilaman. Nahotki shularning hammasi ertaga sarobga aylansa? Bugungi bahsda qatnashayotgan ayrim kuzatuvchilarning fikridan: “Xomtama bo‘lmanglar, janob jurnalistlar, gazetalarning umri tugadi, karantindan chiqqunimizcha, hamma narsa o‘zgarib ketadi”, degan xulosaning noxush hidi kelmoqda. Menimcha, bunday bo‘lmaydi. Karantin holatida bu qadar uzoq qolib ketmaymiz, niyatni yaxshi qilaylik. Hech bo‘lmasa, bosh sanitar vrachimiz darajasida fikrlaylik: “Hammasi yaxshi bo‘ladi…” deydi u kishi va buni yaxshi xushxabarlar bilan izohlab beradi.

Boshqa bir mamlakatda katta bir gazetaning qog‘oz nashri to‘xtagan ekan, biz ham darhol shu yo‘lga o‘tadigan bo‘lsak, o‘z yo‘limiz qayerda qoladi? G‘arb dunyosi amal qiladigan bir maqol bor, ular o‘zbek tilini bilmaydi, ammo qurmag‘urlar “Taka bo‘lsin – sut bersin” degan pisandali maqolimizga chirmovuqday yopishib olishgan. Ertaga vaziyat o‘zgarsa, daromad haqi shu to‘xtagan gazetani yoki boshqa bir nashrni bir kunda bir emas, ikki-uch marta chop etishlari aniq. Ota-bola Merdoklar tasarruflaridagi yirik gazetadan qanday maqsadlarda foydalangani, o‘lgan (o‘ldirilgan) qizchani tirik deb, ota-onasini umidvor qilishgani va, oxir-oqibat, sharmanda-yu sharmisor bo‘lishgani yodimizdan ko‘tarildimi? “Falon mamlakatda odamlar falon kiyimni kiymay ham ko‘chaga chiqishar ekan”, desa, biz ham shunday qilishimiz kerakmi?

Odatda, bir gapni takror-takror uqtiraverish durust emas, ammo oddiygina haqiqatni tushunish negadir qiyin bo‘layotgan ekan, takrorlashga to‘g‘ri keladi. Harbiylarda, “Bilmasang o‘rgatamiz, xohlamasang – majbur qilamiz”, degan gap bor. Oddiy haqiqat quyidagicha: bosma nashrlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi haqidagi gaplarda xavotir, o‘ylashga, do‘ppini qo‘lga olib, boshni qashlashga arzirli tahlil bor, buni inkor etmoqchi emasmiz, ammo necha asrlardan buyon jamiyat bilan yonma-yon, baqamti, hamnafas yashab kelayotgan, eng og‘ir kunlarda, tahlikali sharoitlarda ta’sirchan so‘zi bilan ne-ne muamolarning hal bo‘lishiga hissa qo‘shgan nashrlarning tanazzuli haqida bashorat qilishga asos yo‘q.

Jamiyat qanday bo‘lsa, uning matbuoti ham shunga yarasha: ochiq bo‘lsa, ochiq, tanqidni ko‘tara olish darajasida bo‘lsa, tanqidiy fikrlarga boy, maqtovni yoqtiradigan bo‘lsa – haybarakallachi va hokazolar. Jamiyat o‘z matbuotini o‘zi yaratadi. Buyuk Napoleon har gal hokimiyat tepasiga kelganida: “Bugundan boshlab menga frantsuz gazetalarining keragi yo‘q, meni qo‘shni davlatlarning matbuoti men haqimda nimalar yozayotgani qiziqtiradi”, der ekan.

Yana bir fikr. Bu yorug‘ olamda tiriklik mavjud, inson yashashda davom etar ekan, demakki, tafakkur ehtiyoji yo‘qolmaydi. Tafakkur rivojini ta’minlash uchun esa odamlar gazeta, jurnal, kitob o‘qishlari kerak. Xizmat safarlarim chog‘i dunyoning ko‘p mamlakatlari oliy o‘quv yurtlarida, talabalar shaharchalarida bo‘lganman, ustozlar, talabalar zarur maqolalarni internet orqali qidirishadi, topganlaridan keyin esa uni qog‘ozga ko‘chirib, qog‘ozda o‘qishadi. Asosan qog‘oz manbalardan foydalanishadi. Ilm, tafakkur yo‘li shu. Buning farqini tushunish qiyin emas. Olimlarning fikricha, qog‘ozdagi satrlar, demakki, axborot, fakt va raqamlar, his-hayajon, tuyg‘u, ajablanish, qoniqish, junbushga kelish, havas qilish inson miyasiga Kumushbibining, “Siz o‘shami?” degan so‘zlaridek muqim joylashadi, xotiraga naqsh bog‘laydi. Bundan atigi bir muddat avval kimdir: “Koronavirus bu donishmand dunyoni to‘rt kunda alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi, boyu kambag‘al, qarzdoru haqdorning joni halqumiga keladi”, desa ishonarmidik? Bu yaramas virusning ishtahasi ochilib, paytini poylab turib, internet to‘riga hujum boshlasa, xotirasini chilparchin qilsa nima bo‘lishini tasavvur qilamizmi? Tasavvur qiladigan voqea yo‘q emas, bor. Bundan bir necha yil avval, aniqrog‘i 2012 yil 17 iyul kuni soat 18.00da MTS mobil teletarmog‘i o‘z faoliyatini to‘xtatganida nima bo‘lganini eslaylik. Internetni rad etmagan holda musulmon olamini, Sharqni buyuk muallimlik darajasiga ko‘targan bosma nashrlarni unutmaylik.

Internet imkoniyatlari, shubhasiz, cheksiz, boz ustiga, bu tizim hali yanada rivojlanadi. Ammo, shuni ham unutmaylikki, bunday dono va tezkor mashinani gazeta, jurnal, kitob o‘qib zukko bilimdon bo‘lgan Inson bolasi yaratgan va bundan keyin ham, agar ikszurriyotlar hamma yoqni egallab olmasalar, dunyo texnokratlar qo‘lida qolib ketmasa, vorisiylik zanjiri uzilmasa, aql-idrokka, fahm-farosatga chang tushmasa, albatta, hazrati Inson, uning kitoblardan olgan bilimi boshqaradi. Yaxshilab tushunib olaylik: internet xabardorlik darajamizni oshirishga xizmat qiladi, bosma nashrlar tafakkurimizni beminnat charxlaydi, qalbimizni boyitadi, fikr tomirlarimizni harakatda ushlab turadi. Tobora murakkablashib borayotgan aqlli kompyuterlarning inson miyasi va, ayniqsa, ruhiyatiga (demakki, ma’naviy olamiga ham) ta’siri esa, ruhshunoslar hozirdan bong urishayotganidek keyinroq ma’lum bo‘ladi. Ammo bu ma’lumlikdan deyarli foyda bo‘lmaydi.

Rumiy hazratlari shunday deganlar: “Do‘kondagi narsalar ombordagilarning bir qismidir. Omborda bor narsalarning hammasini do‘konga sig‘dirib bo‘lmaydi. Inson ana shunday do‘konga o‘xshaydi. Unga Tang­rining sifatlar xazinasidan biror-bir parcha (eshitish, ko‘rish, his etish, so‘zlashish, aql-farosat, bilim, mardlik, jasorat kabilar) berilgan. Demak, insonlar Tangrining sotuvchilaridir va ular bu ish bilan mashg‘uldirlar. Kunduzi savdo qilib, idishlarni bo‘shatadilar, kechasi esa bo‘sh idishlarni yana to‘ldiradilar, to‘lganlarini quvvatlantiradilar”.

Ulug‘ ustoz “kechasi idishlarni to‘ldirish” deganda kitob o‘qishni ko‘zda tutganiga shubha yo‘q. “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur” jurnallari kitob holida chop etiladi. Bu nashrlarda e’lon qilingan maqolalarni yigirma, o‘ttiz yildan keyin ham o‘qish mumkin. Nahotki buni farqlamasak?

Bugun pandemiyadan so‘ng dunyoning qanday bo‘lishi haqida ko‘p fikr­lar bildirilmoqda. “Dunyo butunlay o‘zgaradi, hammasi boshqacha bo‘ladi, hech narsa shu holicha qolmaydi”, deyayotganlar oz emas. E’tiroz bildirish qiyin, chunki bu yalpi ofatdan omon chiqqan dunyo, chindan ham o‘zgaradi. Turmush tarzimizda, dunyoqarashimizda, jahoniy munosabatlarda, ­xalq­aro ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy aloqalarda yangicha yo‘nalishlar, maqsad-muddaolar, umummanfaatli rejalar paydo bo‘lishi aniq. Fikrimcha, yangi bir tozarishni boshdan o‘tkazishimizga, ortiqcha, samarasiz narsalaru vositalardan, to‘siq-to‘g‘onlardan, eskirgan qolip-andozalardan voz kechishimizga, qisqa qilib aytganda, bundan buyog‘iga oyoqni ko‘rpaga qarab uzatishimizga, daromadga yarasha buromad qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Davlat boshqaruvida, rahbarlik tizimlarida o‘ziga xos ixchamlashuv bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sifat va samardorlikka qaytamiz. Tejamkor bo‘lamiz. Ayniy domlaning “Sudxo‘r” romanini, Xurshid Do‘stmuhammad aytganidek, qayta idrok etamiz. Buni har bir davlat, jamiyat o‘zining ichki imkoniyatiga qarab amalga oshiradi. Alohidalanish, bo‘laklanish, tor qobiqli uzlatga chekinish kabi qarashlar o‘rnini yagona umuminsoniy maqsad-muddao, masalan, tabiatni asrash, ichimlik suvini tejash, mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish yo‘lida birlashish harakatlari egallaydi. Dunyoni ayni mana shu o‘zgarishlar qutqaradi. Ammo, shuncha o‘zgarishlar ham “Pandemiyadan keyin dunyo butunlay boshqacha qiyofaga ­kiradi”, deyishga asos bo‘la olmaydi. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri yashab kelayotgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar, shubhasiz, saqlanadi. Insoniyat yuzidagi niqobini yechganidan keyin ham yashashda davom etadi, farzand tarbiyalaydi, bog‘ yaratadi, bolalariga gazeta-kitob o‘qib beradi.

Insoniyat o‘z tarixida balo-qazolarni ko‘p bor ko‘rgan, talofatlari koronavirus qurbonlaridan oshgan. Uy-joyi, qurgan shaharlari necha bor yonib kul bo‘lgan, daryolari necha bor qurib, qayta jonlangan. Ammo hech qachon tushkunlikka tushmagan, yashashda, yaratishda davom etgan. Biz bugun pandemiyaga qarshi kurashda aslo bo‘sh kelmayotganimizning boisi ham ­shu – xalqimizning ruhi baland, ertangi oydin kunlarga ishonchi mustahkam, davlat rahbari, millat yetakchisi bu kurashning boshida turibdi. Shunday ekan, u bo‘ladi, bu bo‘ladi qabilidagi taxminlarni to‘xtatganimiz ma’qul. O‘zbekistonda jurnalist kasbini egallagan, shu kasbga sadoqat bilan xizmat qilayotgan necha ming ijodkor bor. Uchta universitetda Prezidentimizning oliy ta’lim oldiga qo‘ygan yangi talablari asosida ertaga o‘rnimizga keladigan o‘rindoshlarimizni tarbiyalamoqdamiz. Dunyoning ko‘zga ko‘rin­gan universitetlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Zamonaviy darslik­lar yaratilmoqda. Yangi o‘quv yili boshida auditoriyaga kirib, talabalarga nima deymiz, “Kechirasizlar, boshqa fakultetlarga o‘tinglar, gazeta-jurnallarning kuni yaqinda bitadi”, deymizmi? Bu gap qayerdan chiqdi, degan savolga qanday javob beramiz, “Pandemiya kunlari ustoz jurnalistlarning holi­dan xabar olgan jamg‘armadan”, deyishga tilimiz borarmikin?

Bir gapni ochiq aytish kerak: matbuotimiz jiddiy o‘zgarishi zarur. O‘zgarayotgan, bugungi talablarga moslashayotgan nashrlar yo‘q emas, bor, ammo to‘rt-beshta ilg‘or, to‘rt-beshta shartaki bilan ish bitmaydi. Ortiqchalari, quruq savlatlilari, og‘ir karvonlari, shunchaki havasga tashkil etilganlari, jurnalistikaning obro‘sini to‘kayotganlari bor va oz emas. Bu muammoni kim hal qiladi? Ta’sischi va jamoaning o‘zidan boshqa hech kim. Raqobatga dosh bera olmayapsizmi, bugunning shiddatini his etishingiz qiyin kechayaptimi, o‘quvchingiz kammi, so‘zingiz ta’sirchan chiqmayaptimi, ishingizdan qoniqmayapsizmi, marhamat, bir qarorga keling.

Shu yerga kelganda, matbuotimiz muammolariga boshqa bir tarafdan ham qarashimiz zarur. Joriy yilimizning eng katta muammosi, aniqrog‘i talofati obuna bilan bog‘liq bo‘ldi. Majburiy obunaga qarshi g‘oyat zarur kurash kampaniyasi uquvsizlik bilan olib borilgani natijasida o‘rtada tushunmovchilik kelib chiqdi. Qayerga bormang, kecha ham, bugun ham va, albatta, ertaga ham bitta gap: “Akajon, ustozday odamsiz, hurmatingiz bor, ammo yordam bera olmaymiz, obuna bilan shug‘ullanganlarni ishdan bo‘shatishmoqda. Mana, masalan…”

Jurnalxonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun oltita viloyatga bordim. Maroqli suhbatlar bo‘ldi, ammo… ba’zi rahbarlarning o‘ta ehtiyotkorligi meni g‘oyat ajablantirdi. Ko‘zlari olazarak, “Aka, iltimos, obuna haqida gapirmang, o‘rnimni mo‘ljallab turganlar bor, yuqoriga xabar berishsa yaxshi bo‘lmaydi”, deyishadi.

Xullas, qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarildi. Bu xatoni tan olmaslik uchun nima harakat qilmaylik, so‘rovlarga qanday “otpiska”lar jo‘natmaylik, intervyularimizda o‘zimizni nechog‘li oqlamaylik, foydasiz – o‘rmonga o‘t tushib, ho‘lu quruq barobar yondi va uning achchiq tutuni hamon ko‘zimizni achishtirmoqda. Hali ham kech emas, kimdir: “Azizlar, obunaga hech kim qarshi bo‘lgan emas, bizni noto‘g‘ri tushunishdi, marhamat, o‘zingizga ma’qul nashrlarni o‘qinglar, targ‘ib qilinglar, bahs-munozaralarga qo‘shilinglar, maqola yozinglar, yaxshi ishlaringizni ko‘rsatinglar, obuna targ‘ibotchilarini jazolamanglar, aksincha, rag‘batlantiringlar”, deyishi zarur. Bordi-yu bunday deyishga jur’at etmasa, unda, hech bo‘lmasa, obunaga xalaqit bermaslik kerak. “Ha, birodar, obuna bo‘lgingiz kep qoldimi, qaysi nashrga, e-he, mayli…” deya inglizcha kulmaslik kerak (Inglizlarda uch narsadan – buqaning shoxidan, otning tuyog‘idan va ing­lizning miyig‘ida kulishidan qo‘rq”, degan maqol bor).

Ustoz Erkin Vohidovning bir gaplari yodimga tushadi. Viloyatlardan birida hunarmandlarning ko‘rgazmasi bo‘layotgan ekan. Rahbarlardan biri Erkin akaga: “Ustoz, odamlarga qo‘yib bersangiz nima ishlar qilishmaydi-ya, oddiy hunarmand yigit yaratgan idish chinakam san’at asari-ya”, degan ekan, shoir: “Bir qo‘yib bermaysizmi”, debdi.

Matbuot ham shunday. Tahririyatga, avvalo, ishonch bildirish kerak. “Ishonch”, “Hurriyat”, “Milliy tiklanish” gazetalariga ozroq qo‘yib berishgan edi, bu uch nashr ancha oldinlab ketdi. Mas’uliyat muharrirning o‘zida bo‘lsin, oddiy axborotni ham yuqori bilan maslahatlashib hal qilmasin.

Yakuniy so‘zim shuki, biz bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda, yangilanayotgan O‘zbekistonda, davlatimiz rahbarining insoniy qiyofa kasb etgan yangi xalqchil siyosati sharoitida yashamoqdamiz. Ommaviy axborot vositalarining bugungi erkinligi bundan uch-to‘rt yil avval hatto xayolimizga ham kelmagan. Buni tan olaylik. Ammo hayot tinimsiz o‘zgarib, dengiz to‘lqiniday mavjlanib bormoqda. Faolligimiz, ijodimiz, jur’atimiz shunga mos bo‘lsin. Oddiy mulohazadan boshlangan bahs-munozaraga chuqur berilmaylik-da, siz, men, boshqa ustozlar, muharrirlar, iste’dodli shogirdlar, qo‘lida qalami, yuragida jur’ati bor fidoyilar matbuotimizning ertasi uchun jon kuydirib, o‘qiladigan, o‘quvchida fikr uyg‘otadigan, qarashlarini charxlashga qodir maqolalar yozaylik, jurnalist surishtiruvlari o‘tkazaylik, muxlislarning ishonchini qozonaylik. Va… Matbuot haqidagi bo‘lar-bo‘lmas tortishuvlar bilan saytlarni to‘ldirgandan ko‘ra, biz uchun yakka-yu yagona minbar bo‘lgan “O‘zbekiston matbuoti” jurnalimizni oyoqqa turg‘izib, belini quvvatlantirib, uning beg‘araz sahifalarida miriqib bahslashaylik, ilmiy munozaralar olib boraylik.

Menimcha, yashab qolishning bundan boshqa yo‘li yo‘q.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 4-son