Badiiy va memuar adabiyotlarda Amerika qudratli mamlakat, sehrli diyor deya ta’riflanadi. Bunga shubha yo‘q va shu bois u mana ikki yarim asrki ko‘plarni o‘ziga maftun etib keladi. Minglab odamlar yulduzli orzular qanotida okean ortiga intilishadi. Ozodlik, shaxs erkinligi, o‘zlikni namoyon etish, boy-badavlat bo‘lish imkoniyati faqat shu yerda, inson xohlagan narsasiga erishadi, deb o‘ylashadi. Kinorejissyor Stiven Spilbergning sarguzasht filmlarida bu holat shu qadar ishonchli tasvirlanadiki, o‘smir tomoshabin qanot qoqib, “Qaydasan, Amriqo?” deya okean ortiga uchgisi kelib ketadi.
1983 yili YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida o‘tgan yirik adabiy anjumanda mahalliy noshirlar mendan o‘zbek kitobxonlari jahon adabiyotidan qanchalar xabardorligi haqida so‘rab qolishdi. Men ularga frantsuz adiblarining o‘zbek tiliga o‘girilgan, takror-takror nashr etilgan yigirmadan ortiq asarlari ro‘yxatini ko‘rsatdim. Balzakning frantsuz yozuvchilariga maktubidan bir necha iqtiboslar keltirdim. Emil Zolyaning “Jerminal” epopeyasi mazmunini so‘zlab berdim, mashhur publitsistik maqolalarini tilga oldim. Ishonishlari qiyin bo‘ldi.
AQSh safari oldidan amerikalik yozuvchilarning o‘zim o‘zbek va rus tilida o‘qigan “Martin Iden” (Jek London), “Qirollar va karam” (O.Genri), “Baxtiqaro Kerri”, “Amerika fojiasi” (Teodor Drayzer), “Alvido, qurol” (Ernest Xeminguey), “Boy va kambag‘al” (Irvin Shou), Edgar Po novellalari, Uolt Uitmenning she’r va esselari ro‘yxatini tuzib oldim. Biror suhbatda adabiyot, kitobxonlik mavzusi ko‘tarilib qolsa shumshayib o‘tirmay, O‘zbekistonda g‘arb adabiyoti g‘oyat keng targ‘ib qilinishini, xalqimizning faol kitobxonligini bo‘lajak suhbatdoshlarimga uqdirmoqchi bo‘lganman.
Indiana universitetidagi saboqlarimdan birida bir guruh yozuvchilar tomonidan asos solingan “Boston ijodiy maktabi” xususida jiddiy bahs bo‘ldi. Gap shundaki, bu maktabga mansub ijodkorlar Oliver Xolms rahbarligida badiiy adabiyotning mutlaqo yangi (shunday deyish mumkin bo‘lsa), shu choqqacha hech kimning xayoliga ham kelmagan g‘aroyib vazifasini belgilab oladilar. Bu vazifaga ko‘ra, adabiyot faqat go‘zallik va nafosat ifodasidan iborat bo‘lmog‘i kerak, qashshoqlar, omadsizlarning hayoti, ularning o‘y-tashvishlarini adabiyotga olib kirish asarning tilini dag‘allashtiradi, adabiyot olamiga jamiyatning yuksak martabali xos qatlami vakillarigina kirishi mumkin.
Medison universitetidagi mashg‘ulotda yosh tadqiqotchilar mening O‘zbekistonda nashr etiladigan ko‘p adadli gazetaning muharriri ekanligimni bilib, mashhur yozuvchi Ernest Xemingueyning jurnalistlik faoliyati haqida, Uolt Uitmenning Bruklinda nashr etiladigan gazetaga muharrirlik qilgani, maqolalaridan birida quldorlikni yoqlash siyosatiga qarshi chiqqani uchun zudlik bilan ishdan bo‘shatilgani, Uolt Yangi Orleanga borib, u yerda quldorlik dahshatlarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, 1848 yili Bruklinga qaytib, “Erkin odam” gazetasida ishlay boshlagani, printsipial qarashlari bois bu yerdan ham haydalgani xususida menga batafsil so‘zlab berishdi.
Uolt Uitmenning shoirligini bilardim, hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining ilk bitiruvchilaridan biri Xayrulla Jo‘rayev 1969 yili Mirzacho‘lda paxta terayotganimizda oqshomlari soatlab Uolt Uitmenning she’rlarini baland ovozda tomoq qirib, o‘qirdi. “Bu she’rlarni faqat shunday o‘qish mumkin, boshqacha o‘qib bo‘lmaydi”, der edi.
Uitmen – isyonkor shoir bo‘lgan ekan. She’rlaridan birining mazmuni shunday: “Taqdirimizning me’morlarimiz. Zamon devorlariga bitgaymiz – yo kurashlardagi jasoratimizni, yo jarangdor qofiyalarni…” Boshqa bir she’rida o‘qiymiz: “Turmush janggohlarida, hayot lashkargohida hamisha hozir bo‘l. Qul bo‘lma, yengilma, qahramon bo‘l, Ko‘ksingni jangda tobla!”
Safarim chog‘i jiddiy maqolalari uchun ikki marta tepki yegan muharrir kasbdoshim Uolt Uitmenning muharrirlikdan so‘nggi hayotiga qiziqdim. O‘sha kezlari adabiyot gazetamizda ham uncha-muncha tepki-tarsaki bo‘lib turardi. Foydasi tegib qolar, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak. Indiana universiteti kutubxonasida o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalar yordamida bir necha manbalar bilan tanishdim. Menga ta’sir qilgan narsa shu bo‘ldiki, Uitmen muharrirlikdan ikkinchi marta haydalgach, otasining ustaxonasiga kelib, duradgorlik qilgan ekan. Izvoshchi kirakashlar, portning qora yumushli ishchilari, g‘arib-g‘urabolar bilan suhbatlashishdan zavq olarkan. Yanada muhimi, do‘stlaridan birortasi kasal bo‘lib qolsa, beminnat uning o‘rniga ishlab, topgan pulini bemorning oilasiga olib kelib berar ekan.
Amerika g‘aroyib mamlakat. Uning g‘aroyibligi shundaki, bu yerga ko‘chib o‘tib, ko‘p o‘tmay dunyoga mashhur bo‘lganlar, buyuk ixtirolar qilganlar, yirik sarmoyadorga aylanganlar oz emas. Amerikacha yashash tarzi har qanday kishiga o‘ziga xos shiddat baxsh etadi: kambag‘al, o‘rtahol, millioner yoki milliarder – kim bo‘lishidan qat’i nazar, yugurib-elishi, harakat qilishi, qidirishi, toshni toshga urib chaqmoq chiqarishi zarur. Cho‘qqiga ko‘tarilgan odam bir joyda to‘xtab turishi mumkin emas. Amerikada eng yuqoriga ko‘tarilgan odam uchun ham taalluqli bu qoida. Bugun boy-badavlatsiz, qo‘lingiz uzun, ammo ertaga holingiz ne kechadi – buni hech kim oldindan ayta olmaydi. Koronavirus xavfi tufayli dunyo boylari bir hafta ichida 444 milliard dollar yo‘qotishdi. Mana sizga, boylar olami. Tavakkal qilishdan foyda yo‘q. Shu bois issiq og‘ushini tashlab Amerika safariga otlanganlarning hammasi ham bu yerda omad qushiga duch kelmaydi. Negaki, Amerika buyuk va qudratli bo‘lishiga qaramay, o‘zi baxt, halovat, mehr-oqibatga muhtoj. Mamlakat hududiga tinimsiz yopiriladigan to‘fonlar, o‘rmon yong‘inlari, fuqarolar qo‘lidagi son-sanoqsiz qurollarning nogahonda sayrab qolishi, qon to‘kilishi, pochta orqali keladigan xavfli jo‘natmalar ko‘pchilikka tinchlik bermaydi. Mamlakat tez-tez hadik, qo‘rquv, talofat va qonli otishmalar og‘ushida qoladi.
Nyu-Yorkning mashhur Brodveyini kezmay Amerikani to‘la tasavvur qilish qiyin. Ko‘chalar gavjum. Xayolingiz qochdi deguncha, birovga turtilib ketasiz, til masalasida nochorligingizni bildirmaslik uchun “Skyuzmi”, deb uzr so‘raysiz. Yosh qizcha qo‘limga bir varaq qog‘oz tutqazadi. Hijjalab o‘qiyman – saylov targ‘iboti. Chorrahada o‘tgan-ketganga jo‘xori donidan tayyorlangan shirinlik ulashishmoqda. Och-nahorlarga xayriya bo‘lsa kerak, deya chetlab o‘tmoqchi bo‘laman. Ammo iloji bo‘lmaydi. Ziyrak yigit, xuddi fikrimni uqqanday, menga bir nimalarni tushuntiradi. Bilsam, firma o‘zining yangi mahsulotini reklama qilayotgan ekan. Ko‘cha muyulishida yosh yigitcha taburetka ustiga chiqib, haykalday qotib, qo‘lini oldinga cho‘zib turibdi. Bo‘yniga osib olgan qog‘ozdagi yozuvni o‘qiyman: “Iste’dodli, ammo hozircha nochor talabaga xayr qilinglar, faqat 50 tsentdan kam bo‘lmasin!”
Brodvey bilan o‘ttiz to‘qqizinchi ko‘chaning muyulishida bir zum to‘xtab qolaman. Xayolimda bir nimalar jonlanganday bo‘ladi. “O‘ttiz to‘qqizinchi ko‘chaning muyulishi…” Yo tavba, men avval ham shu yerda bo‘lgandayman, Xudo haqi, aniq bo‘lganman, bir emas, bir necha marta. Juda ham tanish bu ko‘cha! Yo‘laklar, deraza oynalari, imoratlar peshtoqidagi xilma-xil yozuvlar, ko‘zni qamashtiruvchi reklama chiroqlari. Ba’zi odamlarning chehralarigacha. Ana, bittasi shundoq oldimdan o‘tib ketdi, yuz-ko‘zidan tanidim. Bu – o‘sha! Ammo qachon, qayerda? Yana tavba deyman, nimalar bo‘layapti, o‘zi? “Brodvey, o‘ttiz to‘qqizinchi ko‘chaning muyulishi, beshinchi avenyu…”
Nihoyat, hammasi oydinlashadi – Teodor Drayzer, “Baxti qaro Kerri”. Maftunkor, sarvqomat Kerri Madenda! Bir vaqtlar u ayni mana shu ko‘chada sayr qilib yurgan. Sho‘rlik Gerstvud ochlikdan sillasi qurib, sarson-sargardon bo‘lgan, hozirgina sartaroshxonadan chiqqan silliqqina kishiga qo‘l cho‘zib, “Ser, marhamatingizni darig‘ tutmang, menga biron narsa bering”, deb elanib turgan paytda uni tamomila xarob qilgan sohibjamol Kerri beshinchi avenyudagi “Uoldorf” mehmonxonasining shinam xonalaridan birida bamaylixotir “Gorio ota”ni o‘qib yotar edi.
Beixtiyor beshinchi avenyuga burilaman. Garchi bu voqealar buyuk adibning badiiy tafakkuri bo‘lsa-da, o‘sha mehmonxonani topgim, uning romanda mahorat bilan tasvirlangan derazalarini tomosha qilgim keladi. Shu maqsadda ajib bir qiziqish bilan ko‘chani ikki bor aylanaman, ammo “Uoldorf” mehmonxonasi ko‘rinmaydi.
Orqaga qaytaman. Yo‘l-yo‘lakay balki ochlikdan, balki boshiga omad qushining qo‘nishini kutaverib sillasi qurigan, lekin hali ham qandaydir mo‘jiza yuz berishiga umidvorlarni uchrataman. Ular ko‘zimga Gerstvud bo‘lib ko‘rinadi. Drayzer aytmoqchi, “kundalik turmush axloqining qonun va talablari juda malol keladigan” xilma-xil qiyofalarni, bu yerga baxt va farovonlik izlab kelgan, ammo uni topa olmay sarson-sargardon bo‘lgan havoyi orzumandlarga” duch kelaman. Ulug‘ yozuvchining fikricha, bunday odamlar ko‘ziga omadi yurishgan, orzulari amalga oshgan, bashang kiyingan, vaqtni behuda o‘tkizmay, qayoqqadir shoshib borayotgan odamlarning hammasi xunuk yaramaslar bo‘lib ko‘rinadi. “Ulardan mening qayerim kam, nega men baxtli bo‘lmadim, omad deganlari nega meni chetlab o‘tdi”, deya o‘sha – qayoqqadir shoshib borayotganlarga hasad va nafrat ko‘zi bilan qarashadi. Qarashgani mayli, shunday so‘kinishadiki…
Bruklinda bemalol o‘rischa so‘zlashish mumkin. Bu yerni Amerikaning Odessasi deyishadi. Ko‘pgina do‘konlarning eshiklariga “O‘rischa gaplashamiz”, deb yozib qo‘yilgan. Kechroq nimqorong‘i yo‘laklarda o‘rischa baqir-chaqir, bolaxonador so‘kinishlar quloqqa chalinadi, garmonning yurakni ezuvchi hazin ovozi yangraydi. Ko‘chada o‘g‘irlik, mayda jinoyatchilik avj olgan, kissavurlar yetarli. Shu bois, kimdir xursand, kimdir ma’yus. Taqdiriga la’natlar o‘qib, bor puliga ichib, yerga ag‘anagancha “Moskva oqshomlari”ni kuylab yotgan tuppa-tuzuk odamlarni ko‘rdim. Bordi-yu birortasi seni tanib qolgudek bo‘lsa, och bo‘riday tashlanadi: “Salom hamyurt, tupurdim Amerikasiga, hali biz bu muttahamlarga ko‘rsatib qo‘yamiz, hozircha sen sigaretadan ol, yuz gramm aroqqa pul tashlab ketsang, yaxshi bo‘lardi-da, og‘aynichalish…”
Yuz gramm aroqning puli Vatandan afzal.
Badiiy adabiyotda orol hayotiga asoslanib yozilgan asarlar ko‘p. Chunki har qanday orol hayoti badiiy tafakkur uchun cheksiz imkoniyat va ilhom bera oladi. Bor-yo‘g‘i 35 kvadrat kilometr maydondan iborat Manxetten misolida buni yaqqol ko‘rish mumkin. Bu joyda Amerika obrazi o‘zining to‘la ijtimoiy hamda ma’naviy ifodasiga ega. Manxettenni Amerikaning ramzi deyish mumkin. Har qadamda amerikacha zich, shoshilinch, o‘ta hisob-kitobli turmush tarzi ko‘zga tashlanadi. Orolda yashovchi har bir kishi o‘zini bu yerning chinakam egasi deb hisoblaydi, bundan g‘ururlanadi, ammo boshiga biroz tashvish tushsa bormi, orqa-oldiga qaramay, bo‘ralab so‘kinishdan toymaydi. Manxettenda inson hayotiga doir jamiki oq-qora, yaxshi-yomon, ibratli va tilga olishga arzimaydigan bemaza holatlarni uchratish mumkin. Bu holatlar bir-biri bilan shu qadar qorishib ketganki, dabdurustdan bir nima deyishga ojiz qolasan.
Orol hayoti materikdagi hayotdan farq qiladi, chunki o‘ta g‘aroyib va qiziqarli. Bu yerda turmush ma’lum ma’noda cheklangan va shu xususiyati bilan ham jozibali. Materikda quruqlik hadsiz-hududsiz kengliklarga ulanib ketadi. Orolda bo‘lsa, qaysi tarafga qarab yurma, albatta, okean qirg‘og‘iga duch kelasan. Bu yerlarning mavjudligini bashorat qilgan Beruniy bobomiz yodingga tushadi.
Amerikaliklar har ikki gaplarining birida “Biz amerikaliklarmiz” deyishadi, mamlakat bayrog‘iga hurmatlari baland. Shukronalik bayramini baland ruhda o‘tkazishadi. Amerika qudrati, amerikacha saxovat, muruvvat haqida to‘xtovsiz, charchaguncha gapirishlari mumkin. Bizdagiga o‘xshab qayerlik ekanligingizni, qaysi uruqqa mansubligingizni, maoshingiz qanchaligini surishtirishmaydi. Bu – ularning g‘oyat muhim fazilati. Ammo… qo‘shni Kuba rahbariga necha marta suiqasd uyushtirishga uringanlari, Iroqda ommaviy qirg‘in quroli borligi to‘g‘risida o‘zlarini ham, jahon jamoatchiligini ham chalg‘itganlari, maktablardagi otishmalar to‘g‘risida gapirishni mutlaqo yoqtirishmaydi. Bu haqda gap ochildi deguncha, sizga kuchukchasining ajabtovur qiliqlari haqida maroq bilan gapirib o‘tirgan suhbatdoshingiz o‘rnidan dast turadi-da, xayr-ma’zurni nasiya qilib jo‘nab qoladi.
Amerika o‘zining ichki xush-noxush voqea-hodisalari bilan ham mashhur. Mamlakatning Kennektikut shtatida joylashgan Nyutaun shaharchasidagi “Sendi Xuk” boshlang‘ich maktabida yuz bergan fojia nafaqat Amerikani, butun dunyoni larzaga keltirgani yodimizda. Adam Lenza ismli shaxs avval maktabda yosh bolakaylarga saboq berayotgan onasini, so‘ng yigirma nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini, ularga qo‘shib, maktabning bir necha o‘qituvchilarini otib tashladi. Mamlakatning o‘sha paytdagi Prezidenti Barak Obama fojia munosabati bilan Amerika xalqiga murojaat qilar ekan, bunday mudhish jinoyatlarning oldini olish uchun samarali choralar ko‘rish lozimligini ta’kidladi. O‘sha kezlari Nyu-Yorkning meri lavozimida bo‘lgan Maykl Blumberg “Nyutaun fojiasi biz qanday dunyoda yashayotganimizni yana bir bor ko‘rsatdi”, dedi. Bu – juda umumiy gap. Mer janoblari “Bu fojia biz qanday jamiyatda yashayotganimizni ko‘rsatdi”, desa, to‘g‘riroq bo‘lar edi..
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, har yili Amerikada 30 ming begunoh kishi aholi qo‘lidagi quroldan halok bo‘lmoqda. Shunday bo‘lsa-da, qurol sotish bilan shug‘ullanayotgan do‘konlarning birortasi yopilgani yoki bu borada biror cheklov e’lon qilingani yo‘q. Aksincha, Nyutaundagi fojiadan so‘ng qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilar “Maktablarni jinoyatchilardan himoya qilish uchun o‘qituvchilarni qurollantirish kerak”, degan taklifni kiritishdi. Yo alhazar. Echkiga jon, qassobga yog‘ qayg‘usi. Ko‘plar qurol sotish ta’qiqlab qo‘yilishidan sarosimaga tushib, xuddi “Katrina” yoki “Sendi” to‘fonlari yaqinlashayotganida oziq-ovqat do‘konlarini ship-shiydam qilishganiday, qurol-yarog‘ magazinlariga yopirilishdi. Natijada qurol-yarog‘ savdosi mamlakatda 25 foizga oshdi. Mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan ikkinchi tuzatish, ya’ni odamlarning qurol xarid qilish va olib yurish huquqi to‘g‘risida jiddiy o‘ylab ko‘rishni talab qilayotgan odamlarning norozilik chiqishlari boshlandi. Ba’zi shtatlarda uyida qurol saqlayotgan aholi ma’lum to‘lov hisobiga o‘qotar vositalarni ixtiyoriy ravishda ma’murlarga topshirdilar. Ammo Martin Lyuter Kingdek millat fidoyisiga yoki mamlakat Prezidenti Jon Kennediga suiqasd uyushtirilgan Amerikada qurol xavfi butunlay bartaraf etilgani yo‘q. Buning sababi, amerikacha mantiq bilan aytganda, qurol zavodi yoki qurol-yarog‘ bozorida ishlayotgan odamlarning ham bola-chaqasi bor. Ular ham maosh olishlari, rejani ortig‘i bilan bajarayotganlari esa moddiy rag‘batlantirilishi kerak.
Aholiga qurol-yarog‘ sotish tartibini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi munozaralarning tarixi uzoq. 1999 yili Koloradoda ikki nafar yuqori sinf o‘quvchisi o‘zlari o‘qiydigan maktabda 13 kishini otib o‘ldirishdi. 2007 yili Virjiniya politexnika universitetida talabalardan biri 32 kishining umriga nuqta qo‘ydi. 2009 yili harbiy xizmatchi Texasdagi Fort-xud bazasida 13 kishini otib tashladi. Makvey Timoti degan shaxs butun boshli ma’muriy binoni portlatib yubordi. Shu voqealardan keyin ham amerikaliklarning qurolga egalik huquqida o‘zgarish bo‘lmadi.
Qurol odam o‘ldirish uchun ishlab chiqariladi! Bu vositadan boshqa maqsadda foydalanish mumkin emas. Qurol bor ekan va u yildan yilga takomillashib borayotgan ekan, fojia odamlar hayotidan uzoqlashmaydi. Bir vaqtlar Damansk orolida qurolli mojaro sodir bo‘lganida, shu yerda halok bo‘lgan soldatlardan birining otasi muxbirlar bilan suhbatda: “Ancha yillardan beri qurol-yarog‘ zavodida ishlayman, yaxshi maosh olish uchun kunlik topshiriqni hamisha ortig‘i bilan bajaraman, nahotki mening o‘g‘lim o‘zim rejadan tashqari ishlab chiqargan o‘qqa uchgan bo‘lsa?” degan edi. Bu gapni eslayotganim, “Sendi Xuk” fojiasini sodir etgan qotil o‘g‘ilning qo‘lidagi qurolni uning onasi do‘kondan sotib olgan ekan.
Har kim o‘z g‘animini o‘zi tarbiyalaydi, degan gap bor. Bugun Amerikada, rivojlangan va ikki bor jahon urushiga maydon bo‘lgan Yevropada yoshlar qanday qadriyatlar, odob-axloq me’yorlari ruhida tarbiya topmoqdalar? Telekanallarda, kinoteatrlarda otishma, portlatish, o‘ldirish, yoqib yuborish kabi jinoiy xatti-harakatlar tinimsiz namoyish etilayotgan, sarguzasht asarlarning sahifalari shu kabi fojialar bilan to‘lib-toshgan bir paytda o‘smir nimadan ibrat oladi?
AQShda sodir etilgan 11 sentyabr voqealaridan keyin ko‘plar anglagan haqiqat shu bo‘ldiki, iqtisodiy qudrat, harbiy salohiyat deganlari osmon qadar buyuk bo‘lsa ham, bu vositalar insonlarga xos oddiy muammolar yechimi oldida ojiz. Ming kilometr naridagi nishonni bexato mo‘ljalga oladigan raketa bilan g‘ururlanish mumkin, ammo bu faxr bir ko‘ngli xuftonning diliga chiroq yoqa olmaydi. Inson ko‘ngliga yetib borish Oyga qo‘nishdan ham mushkul ish. Boylik, harbiy kuch-qudrat deganlari chinakam xaloskor, bemisl najotkor bo‘lganida, Amerikadek buyuk mamlakat o‘zining nainki iqtisodiy, ayni chog‘da ma’naviy-axloqiy muammolarini ham allaqachon hal qilib olgan bo‘lardi.
Bu muammo bugun rivojlangan Yevropa davlatlari hayotiga ham soya tashlab turibdi. Buni Norvegiyada sodir bo‘lgan qonli fojia misolida ko‘rish mumkin. G‘arb dunyosida tobora chuqur ildiz otayotgan g‘arazli oqimlar, shovinistik guruhlar, qiyomat qoyimligi haqidagi vasvasalar ta’sirida ajal talvasasiga tushgan Anders Breyvik ismli shaxs begunoh yetmish yetti kishini otib o‘ldirdi. Sudda u bu yovuzlikni Norvegiya madaniy hayoti tobora xilma-xillashib borayotgani bilan oqlamoqchi bo‘ldi. Uning o‘zini xotirjam tutishi, tergov payti kuyovboladay kiyinishi, atrofga jilmayib qarashi jiddiy xavotir uyg‘otadi, bu o‘zga madaniyatlar va dinlarga nisbatan toqatsizlik sindromi Yevropada qaytadan ildiz otayotgani belgisi emasmi?!
Amerikaliklar har yili Rossiyadan mingga yaqin (turli manbalarda turli raqamlar keltiriladi) ota-onasiz qolgan bolalarni belgilangan tartibda farzandlikka olishadi. Ularning ko‘pi yangi ota-onalariga ko‘nikib, sog‘liklarini tiklab, maktablarda o‘qishmoqda. Bir qarashda, buning yomon joyi yo‘q. Chunki, qarovsiz, tarbiyasiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan bolalar juda ko‘p. Birgina Irkutsk shahrining o‘zida 8000 dan ortiq shunday bola borligi rus matbuotida takror-takror yozildi. Rossiyaning boshqa shaharlarida ham shu ahvol. Lekin o‘zga yurtlarga olib ketilgan, boshqa qadriyatlar ruhida tarbiyalanayotgan bolalarning taqdiri nima bo‘ladi?
Bu savolga javob qaytarish mushkul. Chunki birgina Rossiyadan xorijiy mamlakatlarga farzandlikka olib ketilgan bolalardan yigirmaga yaqini yangi ota-onalari tomonidan o‘ldirilgan. Shimoliy Karolinada yashovchi, bir vaqtlar bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan 33 yoshli Petti ismli ayol Irkutsk shahrida tug‘ilgan ikki yarim yoshli Viktoriya Bejenovani farzandlikka oladi, ammo bola qaysarlik qilavergani, tinchini buzgani uchun uni urib o‘ldiradi. Irma Pavlis ismli ayol o‘gay o‘g‘li Aleksni o‘ldirib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Jen Kokran ismli “ona” bo‘lsa tarbiyasiga olgan to‘rt yoshli Kuzmaning qulog‘ini qaychida qiyib jazolaydi. Bunga sabab – bolakayning diniy duoni ingliz tilida biyron o‘qiy olmagani. Er-xotin Kreyverlar rossiyalik Vanya Skorobogatovning o‘limiga sababchi bo‘ladilar, sud esa ularga 16 oylik qamoq jazosi belgilaydi. Jessika Bigli ismli o‘gay ona esa asrab olgan o‘g‘li Daniil Buxarovni ustidan muzdek sovuq suv quyib, sirka ichirib “tarbiya”laydi va bu ishi uchun bor-yo‘g‘i 2500 dollarlik jarimaga tortiladi.
Boshqa bir fakt. Texaslik ko‘pbolali ayol Elizabet Eskalona ikki yoshli qizi xarxasha qilavergani uchun, avvaliga yuziga bir-ikki shapatilaydi, so‘ng qo‘liga kley surib, devorga yopishtirib qo‘yadi. Uning bu jinoyati Amerikada kuchli norozilikka sabab bo‘ladi, jamoatchilik bu voqeani mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan yovuzlik, deya baholaydi. Sud Elizabetni uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qiladi.
O‘zga mamlakatlardan farzandlikka bola olish daromadli biznesga aylangani bugun hech kimga sir emas. Rossiya o‘z farzandlarini Amerikaga sotish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallab turibdi. 2009 yili AQShga Gvatemaladan olib kelingan ikki bola o‘gay ota-onalari tomonidan o‘ldirilgach, bu mamlakat amerikaliklarga bolalarini farzandlikka berishni qonun yo‘li bilan taqiqladi. Rossiyada esa bola bozori tobora qizimoqda.
Bola savdosi bugun dunyoda sodir etilayotgan eng mudhish jinoyatlar bilan chatishib ketdi. Bu ish bilan shug‘ullanuvchi agentliklar okean ortiga jo‘natilayotgan har bitta bolaning hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ularning yangi ota-onalaridan 40–50 ming dollar, ba’zi hollarda, masalan, hujjatlarni tezlashtirish (qalbakilashtirish) xizmatlari uchun bundan-da ko‘p miqdorda mablag‘ undirmoqdalar. Shunday “dallol” tashkilotlardan biri yil davomida 4 million 600 ming dollar foyda ko‘rganini ma’lum qilgan.
Dunyo mamlakatlarida hukm surayotgan iqtisodiy tanazzul, jamiyatning ma’naviy-axloqiy qiyofasi, dunyoviy va diniy maktablardagi ta’lim-tarbiya darajasi, oila munosabatlarining erkinlashuvidan (oila institutining zaiflashishidan) kelib chiqadigan ruhiy-psixologik muammolar, ma’naviy aynishlar to‘g‘risida jiddiyroq o‘ylaydigan vaqt keldi. Yuz berayotgan fojialar ildizini ayni shu holatlardan qidirish to‘g‘ri bo‘ladi. Yoshligidan ota-ona mehriga tashna bo‘lib o‘sgan, o‘z uyida mehr ko‘rmay, ko‘cha tarbiyasini olgan, o‘zi uchun o‘zi kurashib oyoqqa turgan bola ongida nainki uni shu ahvolga solgan ota-onasiga, bemehr jamiyatga, tarbiyasiz tarbiyachilarga, murg‘ak qalbini tahqirlagan jamiki kishilarga nafrat tuyg‘usi kuchayib boradi va bir kuni, shubhasiz, bu tuyg‘u alanga oladi. Negaki, bemehrlikda o‘sgan, tajovuzkor kuchlar ta’siriga tushib qolgan kishi o‘zgacha fikrlaydi, hayotga munosabati boshqalarnikidan keskin farqlanadi. Zombilar, kamikadzelar, terror ijrochilari mustaqil va erkin fikrlash erkini boy berib qo‘ygan, imon-e’tiqodi qasddan sustlashtirilgan, milliy tuyg‘u, ma’naviy ildizlardan uzoqlashtirilgan kishilardir. Xotira va tafakkurdan mosuvo bo‘lib, manqurtga aylanishning oqibati qanchalar dahshatli bo‘lishi Chingiz Aytmatovning “Kassandra tamg‘asi” asarida mahorat bilan ko‘rsatib berilgan. Asarda inson ong-shuuriga sun’iy tushunchalarni, g‘ayriaxloqiy qadriyatlarni zo‘rlik bilan singdirish orqali uning xatti-harakatini boshqarishga erishish, har qanday buyruqqa so‘zsiz itoat qiladigan yasama “odamcha”larni tarbiyalash kabi qabih niyatlarning mavjudligi haqida bahs boradi. Bu niyat yozuvchining badiiy to‘qimasi emas, hayotda bor va kun sayin kuch to‘playotgan olovli vulqondir.
Amerikada uzoq yillardan beri muttasil amal qilib kelinayotgan an’analar ko‘p. Ulardan biri – har yilning oktyabr oyida o‘tkaziladigan shukronalik bayrami, ikkichisi – mamlakat Prezidentligiga saylangan nomzodning inauguratsiya marosimi. Unda so‘zlanadigan nutq g‘oyat katta ahamiyatga ega.
Jorj Vashingtonning inauguratsiya nutqi bor-yo‘g‘i 135 ta so‘zdan iborat bo‘lgan, 1841 yili Uilyam Xarrison inauguratsiya marosimida ochiq maydonda, izg‘irin sovuqda 8445 so‘zdan iborat salkam ikki soatlik nutqi natijasida og‘ir shamollaydi va oradan bir oy o‘tgach vafot etadi.
1861 yili Abraxam Linkoln o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidlaydi: “Menda shtatlarimizda mavjud bo‘lgan qulchilik institutiga bevosita yoki bilvosita aralashish niyati yo‘q. Ishonchim komilki, bunga mening qonuniy haqim ham yo‘q”. Jon Kennedining 1961 yilgi inauguratsiya nutqida: “Men uchun aziz bo‘lgan amerikaliklar! Vataningiz sizlar uchun nima qilib berishini mendan so‘ramang, sizlar Vataningiz uchun nima qilib berishingiz lozimligini so‘rang. Qadrli dunyo xalqlari! Mendan Amerika sizlar uchun nima qilib berishi zarurligini so‘ramang, biz hammamiz birgalikda inson erkinligi uchun nima ish qilishimizni so‘rang”, degan so‘zlar bor edi. 1981 yili mamlakat rahbarligiga kelgan Ronald Reygan AQSh iqtisodiyotining o‘sha paytdagi og‘ir ahvolini nazarda tutib, bugungi hukumat bilan iqtisodiy tanazzulning oldini olish mumkin emasligi, chunki bu hukumatning o‘zi tanazzulga yuz tutganini ta’kidlaydi.
Bill Klintonning 1993 yilgi inauguratsiya nutqida o‘sha paytda ko‘plar e’tibor bermagan bir tezis bor. Gap shundaki, qurollanish poygasida AQSh bilan muttasil raqobatlashayotgan sovetlar ittifoqining tarqab ketishi okean orti siyosatdonlarining ilhomini jo‘shtirib yuboradi. Bir-biriga qarama-qarshi turgan ikki “dev”ning biri quladi, dunyoda yangi ijtimoiy-siyosiy vaziyat yuzaga keldi. Bunday vaziyatdan maksimal darajada foydalanib qolish kerak, degan fikr ko‘plarning xayolini band etadi. 32 yoshida Amerikaning qirq ikkinchi Prezidentligiga saylangan yosh Klinton o‘z nutqida Parvardigorning o‘zi ulug‘ Amerikaga bundan buyon dunyoga yakka hokim bo‘lish imkonini berganini ta’kidladi. Ota-bola Bush davrida mamlakat hududlaridan tashqarida amalga oshirilgan harbiy operatsiyalar, Barak Obama paytida Iroqning vayron qilinishi va boshqa ko‘plab holatlar ana shu yakkahokimlik davosining ayanchli natijalari ekanligi sir emas.
Barak Obama Oq uydagi faoliyatini nihoyalagach, Berlin safari chog‘i so‘zlagan nutqlaridan birida aytgan fikrlari g‘oyat ajabtovur: “Kutilayotgan o‘zgarishlar dunyoni yanada murakkablashtiradi, ayovsiz va johil qiladi, – deydi u matbuot konferentsiyasida. – Bordi-yu biz yangi tahdidlarga dosh bera oladigan kuchli transatlantik alyansga (ya’ni NATOga) ega bo‘lmas ekanmiz, bolalarimizga o‘ta yomon, xavf-xatarga to‘la dunyoni qoldirgan bo‘lamiz, oldinga qarab yurish o‘rniga, orqaga qaytamiz. Shu bois, AQShda kim Prezident, Germaniyada kim kantsler bo‘lishidan qat’i nazar, bu holatni unutmasligimiz kerak”.
Bu so‘zlar Nobel mukofoti sohibi Obamaning otdan tushiboq Yevropaga tashrifi sabablari oydinlashtiradi: u dunyo siyosiy iqlimining yomonlashuviga, “sovuq urush” holati qayta tiklanayotganiga AQSh sababchi emas demoqchi. Bu gap yuqorida keltirilgan “Amerika maktablarini jinoyatchilardan himoya qilish uchun maktablarga qurol sotish kerak”, degan qitmirlikni eslatadi.
Donald Tramp saylovda g‘olib chiqqach, dastlabki so‘zida mamlakat rahbari sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshirishga va’da berdi: Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash; terrorizmga qarshi kurashish; mamlakatni noqonuniy migrantlardan himoya qilish; marixuana sotuvini legallashtirish; o‘lim jazosini bekor qilmaslik, amerikaliklarning qurol olib yurish huquqini saqlab qolish; korruptsiyaga qarshi kurash boshlash; matbuotning hukmronlik mavqeini pasaytirish; soliqlarni kamaytirish; sog‘liqni saqlash bo‘yicha Obama joriy etgan dasturni bekor qilish; kambag‘allarning bolalari nufuzli maktablarga kirib o‘qishlari uchun sharoit yaratish.
Bu va’dalar yangi Prezidentning inauguratsiya nutqiga qiziqishni g‘oyatda kuchaytirdi. Kutilganidek, “Oq uy”ning yangi sohibi amerikaliklarga va butun jahon xalqiga murojaat qilar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
“Ushbu marosimning alohida ahamiyati shundaki, biz bugun hokimiyatni nainki bir ma’muriyatdan ikkinchi ma’muriyatga, bir partiyadan ikkinchi partiyaga topshirmoqdamiz, asosan uni xalqqa qaytarmoqdamiz. Uzoq yillar davomida bir guruh kishilar hokimiyatning jamiki imtiyozlaridan foydalanib kelishdi, ular uchun xalq pul to‘ladi. Vashington gullab yashnadi, ammo u o‘z boyliklaridan xalqni bahramand qilmadi. Siyosatdonlarning oshig‘i olchi bo‘ldi, ish o‘rinlari esa qisqardi, zavodlar taqa-taq to‘xtadi. Oliy tabaqa mamlakatimiz xalqini emas, asosan o‘zini, o‘z manfaatlarini himoya qildi… Hukumatni qaysi partiya nazorat qilishi emas, uni xalq nazorat qilishi muhim. 2017 yilning yanvari Amerika tarixiga xalq hokimiyatni o‘z qo‘liga kiritgan kun sifatida kiradi. Unutilgan ayol va erkaklar bundan buyon unutilmaydi… Bizga yaxshi maktablar, xavfsiz turar-joy manzillari, ish o‘rinlari kerak… Mamlakatda kambag‘allik mavjud. Zanglab yotgan zavodlar qabrlar ustidagi toshlarni eslatadi. Ta’lim tizimimiz yoshlarni savodli qilayotgani yo‘q, bilim ham bermaydi. Jinoyatchilik, jinoyatchi to‘dalar, giyohvand moddalar ko‘plarning hayotiga zomin bo‘ldi, mamlakatni talon-taroj qildi. Amerikaga mansub bunday qonxo‘rlik bugun shu yerda, hozirning o‘zida to‘xtaydi… Uzoq yillar davomida biz amerikaliklarga emas, xorijiy sanoat korxonalariga mablag‘ ajratib keldik, boshqa mamlakatlarga yordam ko‘rsatdik. Bundan harbiy qudratimizga jiddiy ziyon yetdi. Biz boshqa davlatlarning chegaralarini himoya qildik, o‘z chegaralarimizni esa e’tiborsiz qoldirdik. Xorij uchun trillionlab dollarlarni sarflayotgan kezlarimiz infrastrukturamiz chok-chokidan so‘kilib ketdi. Biz ko‘plab mamlakatlarni boy qildik, o‘z boyligimiz, kuchimiz esa susaydi, ishonchimiz Amerika ufqining ortida qolib ketdi… Biz endi mamlakatimiz chegaralarini kompaniyalarimizni o‘g‘irlayotgan, ish o‘rinlarimizni yo‘qqa chiqarayotgan davlatlardan himoya qilamiz. Butun vujudim, har bir a’zoyi badanim bilan sizlarni himoya qilaman… Amerika yana g‘alaba qozona boshlaydi. Amerika yana shohsupaga qaytadi. Biz ikkita qoidaga qat’iy amal qilamiz: Amerika mahsulotlarini sotib ol, amerikaliklarni ishga qabul qil…”
Donald Trampning 2017 yilgi g‘alabasi jahondagina emas, AQShning o‘zida ham ko‘plar uchun kutilmaganda sodir bo‘ldi. Xillari Klinton dasturini qo‘llab-quvvatlagan demokratlar g‘alaba nashidasini surishga chog‘lanib, bayram dasturxoni uchun noz-ne’matlarni tayyorlab, yog‘ni qizdirib turishganida, omad ulardan yuz o‘girdi. Siyosiy sahnada yangi nom, yangi mulkdor, qarashlari boshqalarnikiga o‘xshamaydigan, fikrlari goh quyuq, goh favqulodda murakkab Prezident paydo bo‘ldi. Ammo Amerikaday davlatda bu darajadagi bo‘lajak rahbarning uzoq vaqt ko‘pchilik nazaridan chetda qolishi mutlaqo mumkin emas. D.Trampning “Keng fikrla, to‘xtama” deb nomlangan kitobi muallif haqida o‘quvchiga g‘oyat ko‘p qiziqarli ma’lumotlar beradi. Unda yozilishicha, “Boy odamlar shuning uchun ham boyki, ular o‘ta murakkab muammolarni ham hal qila oladilar. Yirik kompaniyalarning rahbarlari katta miqdorda maosh olishadi, chunki ular boshqalar hal qila olmaydigan ishlarni bajaradilar. “Siz vujudingizdagi energiyani muammolarning yechimiga doir g‘oyalar bilan boyitishga harakat qiling, – deb yozadi milliarder Tramp. – Sizdagi energiya siz o‘ylaganingizdan ko‘ra ancha ko‘p. Bunga ishoning. Ko‘pchilik odamlar o‘z imkoniyatlarining 50 foizinigina ishga soladilar, xolos. Hamma holatlarda ham raqobatchiga munosib javob qaytarishga, orani ochiq qilib olishga erishing. Hayot deganlari ayovsiz jang, g‘oliblik uchun kurash ekanligini unutmang. Agar siz bu jangda g‘olib bo‘lishni xohlasangiz, ko‘p hollarda duch keladigan “yo‘q” so‘zini eshitishga va uni inkor qilishga o‘rganing. Boylik va muvaffaqiyat faqat kuchli odamlargagina nasib etadi. Biznes hamma ham bosh suqaverishi mumkin bo‘lmagan sirli olam emas. Zarur hollarda musht va bilaklaringizni ishga soling, zarbaga zarba, mushtga musht bilan javob qaytaring. Hech qachon chekinmang, har qadamingizni o‘ylab bosing, har harakatingizni taroziga soling, ammo fursatni boy bermang. Erishmoqchi bo‘lgan g‘alabangizning bahosi naqadar yuqori ekanligini his eting. Murakkab muammolar girdobiga tushib qolganingizda, nopok odamlarga duch kelganingizda, xatoga yo‘l qo‘yganingizda qo‘rqmang, bu holatdan chiqib ketish yo‘llarini qidiring, sizga kuch, ishonch va shiddat baxsh etadigan ishtiyoqni toping. Ishingizga shu qadar berilingki, har tongni yaxshi niyat-la orziqib kuting. Kamroq uxlang”.
Donald Tramp 1946 yil 14 iyun kuni ajdodlari nemis millatiga mansub biznesmen millioner oilasida tug‘ilgan. Bolaligida o‘ta cho‘rtkesar bo‘lgani uchun otasi Fred va onasi Meri uni yaxshi tarbiya olishi uchun harbiy akademiyaga o‘qishga berishadi. O‘qishni tugallagach, Donald avvaliga aktyorlikka qiziqadi, ammo Fordem universitetiga kirib, iqtisod bo‘yicha bakalavr unvonini qo‘lga kiritadi. Shundan so‘ng otasining kompaniyasida ishlay boshlaydi. O‘zi uchun maqbul sohani tanlaganidan xursand bo‘lib, ishga jiddiy kirishadi. Talabalik yillariyoq otasi homiyligida bir necha biznes-loyihalarda qatnashadi va birinchi shartnomasi evaziga 6 million dollar foyda ko‘radi. Qurilish biznesi bilan mustaqil shug‘ullanib, ellik sakkiz qavatli osmono‘par Grand Hyatt mehmonxonasini, keyinchalik Trump Plaza Hotel & Casinoni quradi.
Donald Trampning “Boy bo‘lish yo‘llari” kitobida biznes sohasiga kirganlar va kirayotganlar uchun dastlabki bir milliard dollarni qanday topish xususida quyidagi 10 maslahatga duch kelamiz:
Ijtimoiy va madaniy darajangga yarasha kiyin. Kiyim-bosh deganlari uning egasi hali og‘zini ochmay turiboq, ko‘p narsani ma’lum qiladi.
Atrofingdagilarni hayratlantir. Sen bilan muzokara olib borayotgan kishining kimligini bilmoqchi bo‘lsang, avvaldan chuqur o‘ylangan, ammo eshitgan odamning kapalagini uchiradigan so‘z iboralarni ishlat va uning qay holatga tushishini kuzat.
O‘zingga o‘zing moliyaviy ekspert bo‘l. Bu lavozimga begonalarni olib kelma. Bunday kishilar o‘zlarining “dono” maslahatlari bilan ko‘plarni xonavayron qilishgani ma’lum. Ularning yordamidan ko‘ra biznes jurnallardagi axborotlarni o‘qib, mahoratingni oshir.
Har qanday holatda ham o‘zingni himoya qila olishing kerak. Bordi-yu senga tazyiq o‘tkazishmoqchi bo‘lishsa, sen ham shunday qil. Haqoratga haqorat bilan javob qaytar. Hech kimga, hatto eng yaqin do‘stingga ham ishonma. U xohlagan paytda xotiningga yoki biznesingga ko‘z olaytirishi mumkin.
Sochingni parvarishlab yur. Soch taroq doimo yoningda bo‘lsin. Buning uchun meni ko‘plar tanqid qiladi, ammo men bunga aslo parvo qilmayman, chunki sochning silliq turishida hikmat ko‘p.
Hamma bilan qo‘l berib so‘rashaverma. Qo‘lni mahkam qisib so‘rashish oqibatida infektsiya tushishi mumkin. Hamisha sog‘lom bo‘lishga ne yetsin.
Ichki sezgilaringga quloq tut, instinktlarga amal qil. Oliy ma’lumot to‘g‘risida qancha ko‘p diploming bo‘lmasin, ko‘nglingda tug‘ilayotgan tuyg‘ularga beparvo bo‘lma. Ba’zan shunday ishoralar keladiki, ular senga ma’lum toifa odamlar bilan uchrashish yoki uchrashmaslik, biror shartnomani imzolash yoki imzolamaslik lozimligini aytib turishadi.
Kayfiyating hamisha yaxshi bo‘lsin, nogahoniy yutqiziqlarga tayyor tur. Bu bilan ichki energiyangni saqlab qolasan, kutilmagan “sovg‘a”lar seni chetlab o‘tadi.
Ishda, yig‘ilishlarda eng oddiy holatlarga ham e’tiborli bo‘l. Voqea-hodisalarning tafsilotini, aytilgan so‘zlarni, ishlatilgan iboralarni, yuzaga kelgan holatlarni eslab qolishga harakat qil. Bunday qilmaslik ko‘plab noxushliklarga sabab bo‘ladi.
Nikoh shartnomalarini vaqtida tuz. Ba’zan hissiyot aqldan ustun keladi – bu ayol bilan bir umr birga bo‘laman, nikohning nima keragi bor, deb o‘ylaysan va yillar davomida topgan narsalaringdan osongina ayrilib qolasan”.
Ushbu maslahatlarning so‘nggida muallifning quyidagi sharhi keltirilgan: “Bordi-yu men ushbu ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilmaganimda, ushbu kitobni men emas, ko‘p narsasini yo‘qotib bo‘lgan bir juldurvoqi yozgan bo‘lar edi”.
Trampning jurnalistlarga munosabati oddiy emas. Ammo u hamisha matbuot e’tiborida bo‘lishni yoqtiradi. Bu to‘g‘rida o‘zining Amerikada o‘ta mashhur “Shartnoma tuzish san’ati” (1987) kitobida shunday yozadi: “Men ancha avval tushunib yetganim shuki, matbuot qiziqarli, favqulodda kutilmagan, shov-shuvli, hayratlanarli voqealarni qidirib yuradi. Bu yo‘nalishdagi biznesning tabiati shunday. Gap shundaki, agar siz boshqalardan oz bo‘lsa-da qaysidir jihatingiz bilan ajralib tursangiz, boshqalardan ko‘ra shartaki, qattiqqo‘l, biroz janjalkash bo‘lsangiz, ishingizda hech kimning xayoliga kelmagan loyihalarga qo‘l ursangiz, matbuot siz haqingizda jon-jon deb yozadi. Salbiy xususiyatlar bois nom qozonish sizni hech kim tanimasligidan yaxshiroq”.
AQSh Prezidentining OAV bilan munosabatlari tarixi ancha uzun 1980 yili bo‘lajak milliarder jurnalistlarning “Hayotingizda yana qanday yutuqlarga erishmoqchisiz, nahotki milliarder bo‘lishni xohlamasangiz?” degan savoliga: “Ha, chindan ham milliarder bo‘lishni xohlamayman. Menga qolsa, foydali yumush bilan hamisha band bo‘lishim, bugungiday faolligim, ishimga qiziqishimning o‘zi yetarli. Hayotda shunga erishishning o‘zi katta baxt”, deb javob qaytargan ekan. Jurnalistlar ushbu javoblarni kamtarlik va odoblilikka yo‘yishgan. Ammo, “Oq uy”dagi tor doirali brifingga liberal nashrlarning vakillari, telejurnalistlarning kiritilmagani, buning ustiga, Tramp ularni “xalq dushmanlari”, “sotqinlar” deb atagani olovga moy sepganday bo‘ldi. Yana qidir-qidir boshlanadi. Illat izlaganga illatdir dunyo, deganlaridek, qidirgan kishi, albatta, bir nimalarni topadi.
1985 yili Tramp “60 daqiqa” teleshousida qatnashar ekan, muxbirlardan o‘pkalanib shunday deydi: “Jurnalistlar meni juda yovuz qiyofada tasvirlashadi, men mutlaqo unday emasman”. 1990 yili Tramp SNN muxbiri bilan suhbatlashayotib, uning shaxsiy biznesi haqidagi savollaridan jahli chiqadi va yoqimsiz so‘zlarni aytib, intervyuni tashlab chiqib ketadi.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Lekin jahl qilish o‘z yo‘liga, Trampning matbuot bilan har galgi mojarosi unga obro‘-e’tibor, demakki, mo‘may foyda keltirayotganiga nima deysiz? Tramp va u kabi shaxslar Amerikada bo‘ladimi, Osiyo yoki boshqa bir joydami, kutilmaganda hech kimning xayolga kelmagan bir “qiliq” qilishadi, ajabtovur qarorlarga imzo chekishadi. Bora-bora bunday aniq maqsadli manipulyatsiya san’atiga odamlar ko‘nikishadi.
Donald Tramp bu san’atni juda erta egallagan degan fikrlar bor. Bunga misol shuki, u 1991 yili “Reorle” jurnaliga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini Jon Miller ismli shaxs deb tanishtiradi va uning nomidan tahririyat xodimlariga Donald Tramp degan millionerning ishqiy sarguzashtlari to‘g‘risida batafsil so‘zlab beradi.
Tramp dastlab mashhur quruvchi sifatida nom qozonadi. Uning loyihalari boshqalarnikidan arzonligi bilan ajralib turadi. Masalan, Uollmen-Rink muz katokini rekonstruktsiya qilish uchun shahar ma’murlari ajratgan 3 million dollarning 750 mingini tejab, katokni muddatidan ancha avval ishga tushiradi. Matbuot D.Trampning bu yutug‘ini e’tirof etadi. Lekin qurilish bilan bog‘liq ishlari hamisha ham omadli bo‘lmaydi. 1989 yili banklardan olgan qarzlarini uzishda qiyinchilikka duch keladi. 1991 yili yangi kazinosini qurishda bu holat yana takrorlanadi. Tramp qo‘lidagi qimmatli qog‘ozlarining deyarli yarmini avvalgi egalariga topshirib, bu holatdan osongina chiqib ketadi.
2015 yili Tramp Respublikachilar partiyasidan AQSh Prezidentligiga nomzodini qo‘yishga qaror qilganida uning bu qarori ko‘plar uchun kutilmagan bir hol bo‘ladi. Ammo ko‘p o‘tmay “kutilmagan nomzod” juda katta media maydonni egallaydi. Uning “Men Amerikaning Xudo yaratgan eng buyuk Prezidenti bo‘laman. Mamlakatimizni buyuklik maqomiga qaytaramiz”, degan shiddatli so‘zlari qanotli shiorga aylanadi. Matbuot Trampning bolaligi, o‘smirligi, g‘aroyib yutuqlari, ajabtovur xarakteri, turmush tarzi to‘g‘risidagi xabarlar bilan to‘lib-toshadi. Ayni paytda, raqiblari uning nomini badnom qilishga, bo‘lmag‘ur mish-mishlar tarqatishga, jumladan, Moskvada o‘tkazilgan “Dunyo go‘zali – 2013” tanlovida qatnashib, yengiltak ayollar bilan donlashganini isbotlashga urinishadi, Trampni Kremlning odami deya ayyuhannos solishadi. Ammo bu harakatlar hech qanday natija bermaydi. O‘ziga g‘oyat ishongan Tramp Xillari Klintonni “kutilmaganda” dog‘da qoldiradi.
Tramp o‘n to‘rt yil davomida televideniyening “Nomzod” shousini olib boradi. Biznes ishlari g‘oyat kuchayib ketgach, uning o‘rnini Arnold Shvartsenegger egallaydi, ammo u ko‘rsatuvning obro‘sini g‘oyat tushirib yuboradi. “Gapi dag‘al, juda uquvsiz bola”, deydi Tramp afsuslanib.
Amerikada uzoq yillar mashhur bo‘lgan bu shouda dastlab mingdan ortiq nomzodlar, asosan, ayollar ishtirok etadilar. Har bir ko‘rsatuv o‘n uch haftalik og‘ir-engil sinovlardan iborat bo‘ladi. Yirik kompaniyaning yog‘li lavozimini egallash imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun nomzodlar g‘aroyib topshiriqlarni bajaradilar. Taniqli publitsist D. Antonioning “Donald Tramp. G‘alaba nashidasi” kitobida yozilishicha, bir gal Tramp navbatdagi shouning yakuniy bosqichi arafasida nomzodlarni baliqchilar yashaydigan, uncha ozoda bo‘lmagan sassiq hidli joyga olib boradi va ularga ayni shu yerda mahoratlarini ishga solib (avrabmi, ko‘z suzib maftun qilibmi, boshqami), mijozlarga iloji boricha ko‘proq qahva sotishni topshiradi. Sharti – bir finjon qahva kamida ming dollardan kamiga sotilmasligi kerak.
Nomzodlardan biri har finjon qahvani 3 ming dollardan uch kishiga sotadi, boshqasi ikki kishidan 4 ming dollar undiradi. Nihoyat, mutlaq g‘olib aniqlanadi. Ammo Tramp uni oradan ko‘p o‘tmay, arzimagan kamchiligi uchun ishdan bo‘shatadi.
Ushbu shou odamlar ko‘z o‘ngida siyosat maydoniga yaqinlashib kelayotgan Trampning o‘ziga xos obrazini gavdalantiradi. Har gal, shouning navbatdagi bosqichi tugagach, Tramp qo‘llarini yozib, eng bo‘sh qatnashgan nomzodga qarab, u kim bo‘lishidan qat’i nazar, “Siz bo‘shsiz” deydi. U o‘zining bu hayqirig‘ini “Oq uy”ga kelganidan keyin ham davom ettirmoqda deyish mumkin.
Saylovda g‘alaba qozongach, Tramp “Agar men “Nomzod”da emas, o‘zimga tegishli boshqa bir shouda qatnashganimda, bu qadar katta muvaffaqiyatga erishmagan bo‘lardim”, deb bu bilan televideniyening ulkan imkoniyatini e’tirof etadi. Tadqiqotchi Artur Gromovning fikricha, Tramp keyingi uch-uch yarim yil ichida mamlakat iqtisodiyotini sezilarli darajada mustahkamlashga erishgan ekan, bunda televideniyening ham hissasi bor. Chunki bo‘lajak Prezidentning iqtisodiy qarashlari ayni o‘sha “Nomzod” shousini suratga olish jarayonida shakllangani va qiyomiga yetgani sir emas.
Mashhur publitsist D.Antonioning kitobida bag‘oyat qiziq boshqa bir fakt ham bor. Trampning hech kimnikiga o‘xshamagan fe’l-atvori, noodatiy qiliqlari, kutilmaganda zohir bo‘ladigan keskirligidan aqli shoshgan jurnalistlardan biri “Trampning ota-onasi odamsimon orangutanlar bo‘lishi kerak”, deydi. Tramp bu og‘ir gapni xotirjamlik bilan qabul qiladi va jurnalistga ota-onasining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalarini jo‘natadi.
Qisqasi, Tramp Xillari Klintonni o‘ziga xos tarzda mag‘lub etib, Oq uyga keldi. Prezidentlik faoliyatini saylovoldi va’dalari asosida shiddat bilan boshladi. Uning Oq uydagi uch yillik faoliyati haqida bugun unga xayrixoh bo‘lganlar ham, bo‘lmaganlar ham yozishmoqda. Chunki fakt, raqam, iqtisodiy natija degan tushunchalar g‘oyat o‘jar bo‘ladi. E’tibor bering: mamlakatda ishsizlik darajasi bugun keyingi ellik yil ichidagi eng past darajaga (3,6%) tushdi, ellik olti foiz aholi (ba’zi so‘rovlarda 52–54 foiz) Prezident faoliyatini ijobiy baholamoqda. Demokratlar “Oq uy” sohibini tanqid qilish, Tramp tarafdorlari ta’biri bilan aytganda, “sotsializm haqida xayol surish bilan” mashg‘ul ekanlar, Prezident yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, soliq yukini kamaytirish, iqtisodiyotning davlat tomonidan boshqarilishini susaytirish borasida ijobiy natijalarga erishmoqda. Masalan, soliqlarning og‘irligi bois ofshor zonalarda saqlanayotgan 4 trillion (!) dollar pulni Amerikaga qaytarish bilan bog‘liq islohotning o‘zi ko‘p narsadan dalolat beradi. Chunki bu pullar shunchaki, u cho‘ntakdan bu cho‘ntakka emas, xalqaro biznes yuritish qoidalari asosida tezkor aylanish va ko‘payish imkoniyatiga qaytadi. Bunga qo‘shimcha, Tramp jahonning yetakchi davlatlari bilan savdo-sotiq olib borishda Amerika manfaatlarini qat’iy himoya qilayotganini sezish qiyin emas. Ammo kuzatuvchilar Prezident faoliyatiga baho berganda bu yutuqlar bilangina qanoatlanib qolayotganlari yo‘q. Amerikacha fikrlaydigan bo‘lsak, biz ham dollarning suratsiz ikkinchi tomoniga nazar tashlashimiz kerak bo‘ladi.
Trampning uch yillik faoliyati faqat yutuqlardan iborat emas. Inauguratsiya nutqida aytilgan maqsadlardan biri amalga oshmadi – shaxsiy qurollar bilan bog‘liq otishmalar davom etmoqda. Mamlakat aholisining 12–14 foizi kambag‘al. Moddiy turmush tarzi bo‘yicha tabaqalanish pasaygani yo‘q. Obama paytida tashkil etilgan tibbiy sug‘urta bekor qilinmadi. Mamlakatning davlat qarzi keyingi uch yil ichida 19,9 trillion dollardan 23 trillion dollarga yetdi (Aslida har bir davlatda bo‘ladigan bunday qarzning asosiy qismi uzluksiz qo‘shimcha qiymat hosil qilinadigan sohalarga yo‘naltirilayotgan bo‘lsa, xavotirga o‘rin yo‘q). Yangi ma’muriyatning Kubaga nisbatan yangi siyosati o‘zini oqlamadi. Ba’zi musulmon davlatlar fuqarolarini AQShga kiritmaslik to‘g‘risidagi qaror jiddiy noroziliklarga sabab bo‘ldi. Prezidentning Isroil-Falastin munosabatlarini yumshatish bilan bog‘liq harakatlari, xususan, Tramp rahbarligida ishlab chiqilgan “Asr kelishuvi” rejasini Falastin prezidenti Mahmud Abbos qat’iyan rad etdi, “Al-Quds sotilmaydi, “Asr kelishuvi” falastinliklarga to‘g‘ri kelmaydi, bunday biryoqlama “kelishuv”ni tarixning to‘kindi savatchasiga jo‘natish zarur”, dedi u qat’iy turib.
Yillar charxi tinimsiz aylanadi. Sobiq Prezident Barak Obama o‘zining xayrlashuv nutqida bayon qilganidek, faoliyatini yakunlayotgan “Oq uy”ning har bir sohibi o‘ziga o‘ta baland baho qo‘yishi aniq. Ammo hech kim dunyo bundan to‘rt yil, sakkiz yil avval qanday edi, qochoqlar soni bugungidek son-sanoqsizmidi, terrorchilik, qo‘poruvchilik harakatlari qanday edi, koronavirus degan balo qayerdan chiqdi, Yevropaga ota-onasiz borib qolgan o‘n mingga yaqin bolakaylar qayerda – bularni hisob-kitob qilmaydi. Kichik Bush, sobiq davlat kotibi Madlen Olbrayt kabi vijdon azobida qolib, yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun nomigagina bo‘lsa-da, tavba-tazarru qilmaydi. Shunday bo‘lganida ham bunday tazarrular urush harakatlari bois ota-onasidan, uy-joyidan, qo‘l-oyog‘idan ajragan bolakay ko‘zidagi bir tomchi yosh oldida hech narsa emas.
Hech kim o‘z xohishi bilan qochoqqa aylanmaydi, begona mamlakat ko‘chalarida sargardon yurmaydi, axlat titmaydi. Shunday ekan, bu muammoni g‘arb davlatlari o‘z hududlarini sim devor bilan o‘rash, yo‘llarga to‘siq qo‘yish orqali emas, mantiqsiz urushlarni, zamonaviy bosqinchilik, zo‘ravonlik harakatlarini bas qilish, o‘zga mintaqalarni siyosiy ta’sir doirasiga olish niyatlaridan voz kechish, har bir xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash, o‘ziga ma’qul yo‘ldan yurish huquqini tan olish bilangina hal qilish mumkinligini tushunib yetishlari kerak.
Insoniyatning bugungi muammolari faqat shular emas. Dunyo pul, boylik, shaxsiy manfaat hukmronligi ta’siriga tushib bormoqda. Inson mulkni emas, mulk insonni boshqarishga o‘tayotganday. Ekologik vaziyat chigallashib, iqlim yomon tomonga o‘zgarayotir, million yillik muzlar erishda davom etmoqda. Olimlar keyingi qirq yil ichida dunyoda qushlar, baliqlar va amfibiyalarning soni 60 foizga qisqarib ketganini, bu jarayon keyingi olti-sakkiz yil ichida yanada tezlashganini ta’kidlamoqdalar. Ahvol shu darajaga yetib bordiki, bu ona zamin bizdan keyingi avlodlar uchun ham beshik bo‘lishini, yer, suv va havo ularning ham rizqi ekanini unutib qo‘yayotgandaymiz.
Amerika – qudratli davlat. Unga bugun, ertaga va bizdan keyin ham ko‘plar intiladi. Ammo bu sehrli diyor hech qachon hammaga beistisno baxt ulashadigan tubsiz omborxona bo‘lib qolmaydi. Hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, “O‘z vujudingg‘a tafakkur aylag‘il, Har ne istarsen, o‘zungdin istag‘il”.
Bu buyuk o‘gitni unutmasak bo‘lgani.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 2-son