Abdulla A’zam. O‘rta Osiyo mumtoz ilmiy merosi: istifoda muammolari

http://n.ziyouz.com/images/ulugbek-madrasah.jpg

O‘rta Osiyodan yetishib chiqqan olimlar tomonidan jahon ilm xazinasiga qo‘shilgan hissaning naqadar buyukligi fan tarixchilari tomonidan qayd etilgan, jamiyatshunoslar, publitsistlar, jurnalistlar tomonidan esa muntazam targ‘ib qilib kelinadi. Lekin ana shu buyuk hissa konkret nimalardan iborat degan savolga javob, tor doiradagi mutaxassislarni hisobga olmaganda, ko‘pincha umumiy mulohazalardan iborat bo‘ladi. Bu holat hatto darsliklarda ham kuzatiladi. Masalan, fizika darsligida Beruniy, Ibn Sino kabi olimlarning tarjimai hollari hamda ilmiy faoliyatlari haqida qomuslardan olingan umumiy ma’lumotlar ilova tarzida bayon qilinadi-yu, ammo har birining muayyan fan rivojiga qo‘shgan hissasi ilmiy fakt sifatida asosiy matnga singdirilmaydi. Qiyos uchun tasavvur qilaylik: Nyuton buyuk tabiatshunos atalib, tarjimai holi berilsa-yu, ammo mexanikaning asosiy qonunlari uning nomi bilan atalmasa?! Buyuk ajdodlarimizning fan taraqqiyotidagi hissalari darsliklarda konkret tarzda bayon etilmasligi esa ularning ilmiy ixtirolari nomlaridan ajralgan holda o‘qitiladi va holat shu tarzda avloddan avlodga o‘taveradi.

Mazkur nomuvofiqlikning sababi nimada? O‘rta Osiyo mumtoz fani yutuqlarining istifodasi qoniqarsiz holda qolib kelayotganini qanday izohlash mumkin? To‘g‘rirog‘i, bu holatni tuzatish uchun qanday choralar lozim?

Muammoni oydinlashtirish maqsadida yana konkret fan sohasi — matematikaga murojaat etaylik. Bu fan taraqqiyotida O‘rta Osiyo olimlarining o‘rni bus-butun bosqichni tashkil qilishi bugun har bir ma’lumotli kishiga ma’lum. Lekin na o‘rta maktab, na oliy maktab darsliklarida ana shu olimlarning nomi bilan ataladigan teorema, lemma yoki formulani uchratmaysiz. Holbuki, ulardan avval yashagan yunon olimlari nomi bilan bog‘liq faktlar (Fales lemmasi, Pifagor teoremasi, Geron formulasi va b.), ulardan keyinroq yashagan yevropalik salaflari nomi bilan bog‘liq faktlar (Viyet teoremasi, Paskal uchburchagi, Nyuton binomi va b.) darsliklarga albatta kiritiladi. Ta’kidlash lozimki, yunon olimlariga nisbatan ham, yevropalik matematiklarga nisbatan ham bu tamoyil to‘g‘riligiga shubha yo‘q. Lekin tarixiy adolat to‘la bo‘lishi uchun ana shu faktlar qatorida Sharq olimlari ixtiro etgan ilmiy faktlar ham ularning nomi bilan darsliklardan o‘rin egallashi lozim. Qolaversa, Viyet teoremasi qadimgi bobilliklarga, Paskal uchburchagi qadimgi xitoyliklarga ma’lum bo‘lgan, Nyuton binomidan esa Ulug‘bek ilmiy maktabining vakillari istalgan darajali ildizlarni taqribiy hisoblashda foydalanishgan.

Bu mavzuda so‘z yuritilsa, “algoritm” atamasi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy nisbasidan olingani albatta dalil qilib ko‘rsatiladi. Sharq olimlariga nisbatan bu noyob, balki yagona istisnodir. Umumiy qoidadan istisno mavjudligi esa o‘sha qoidaning umumiyligini inkor etmay, balki aksincha, uni tasdiqlovchi dalil bo‘lishi yaxshi ma’lum.

O‘rta Osiyo olimlarining fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissalarini ilmiy istifodaga kiritish muammosi deganda ularning ijodi mahsulidan iborat faktlarni ilmiy muomalaga, o‘quv dasturlariga, darsliklarga kiritishni tushunamiz. Bizningcha, mazkur muammo birinchi marta konkret shaklda akademik O.Fayzullayev tomonidan ko‘tarildi. Bu maqolada uni hal etish bo‘yicha takliflar jamoatchilik e’tiboriga havola etiladi.

* * *

Sharq fani yutuqlarini ilmiy istifodaga kiritish murakkab muammo bo‘lib, uni hal etish muayyan tizim asosidagina to‘la hal etilishi mumkin. Bu tizimni lo‘nda tarzda quyida tasvirlangan sxema bilan ifodalasa bo‘ladi.

Uning har bir halqasi ustida batafsilroq to‘xtalaylik.

  1. Sharq olimlarining dunyodagi turli ommaviy va xususiy kutubxonalarda, muzeylarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarini izlab topish va kataloglarga kiritish faoliyatini davom ettirish muhim. Bu borada qanday imkoniyatlar mavjudligi shundan ham ko‘rinadiki, 1973 yilda— al-Xorazmiy tavalludining 1200 yilligi nishonlanganda olimning atigi 6 tagina asari ma’lum edi. Oradan ko‘p o‘tmay uning avval noma’lum bo‘lgan asarlari yoki ulardan parchalar topila boshlandi. Bugunga kelib bunday asarlar soni 16 tadan oshdi. Xususan, uning matematika, astronomiya va geografiyaga oid mashhur kitoblaridan tashqari asbobsozlikka (asturlob va quyosh soatlari yasashga) doir asarlari topildi, tarix, etnografiyaga oid kitoblaridan parchalar nashr qilindi. Xorazmiyshunoslikda yana yangi ixtirolar imkoniyati mavjud. Qolaversa, al-Xorazmiy nomini abadiylashishiga sabab bo‘lgan arifmetikaga oid asari (shartli ravishda “Hind hisobi haqida kitob” yoki “Arifmetika”) hozirgacha topilgan emas. U musiqa haqida ham asar yozgan degan faraz mavjud. Beruniyning 150 dan ortiq asarlaridan mutlaq ko‘pchiligi hozirgacha topilmagan. Prof. A.Ahmedov Ahmad Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan uyushtirilgan ekspeditsiya davomida Damashq, Qohira kabi Yaqin Sharqdagi qadimiy shaharlar kitob xazinalarining kataloglarida “Xorazmiy”, “Farg‘oniy”, “Buxoriy” kabi nisbali o‘nlab mualliflarning nomlarini uchratgan. Odatda kichik hajmli qo‘lyozmalarning bir nechtasini bir kitob tarzida muqovalash rasm bo‘lgan. Ana shunday kitoblar tarkibida mashhur vatandoshlarimizning hali noma’lum asarlari ham bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. So‘nggi yillarda Istanbuldagi To‘pqopi muzeyi kutubxonasidan hali o‘rganilmagan qo‘lyozmalar ko‘p topilayotgani ham shundan darak beradi. Oliy Majlisning sharqshunos olim N.Ibrohimov rahbarligidagi maxsus komissiyasi olib borayotgan izlanishlar ham bu borada umidbaxshlikka asos beradi.

Bunday topilmalarning har biri fan olamida katta voqea bo‘lishini nazardan qochirmaslik kerak.

  1. Topilgan yoki mavjud qo‘lyozmalarni birlamchi o‘rganish, xususan, uning manba sifatida tavsifini berish muhimligi bilan birga murakkab vazifadir.Gap shundaki, uzoq yillar alg‘ov-dalg‘ovli zamonlardan o‘tib kelganligi bois, qo‘lyozmalar, ayniqsa, ularning eng qimmatli asl va eski nusxalari kamdan-kam holda beshikast saqlangan. Ko‘pincha ular muqovasiz, boshidan va oxiridan bir necha sahifalar yo‘qotilgan bo‘ladi. Qo‘lyozma, uning muallifi, ko‘chirgan xattot haqidagi ma’lumotlar, odatda, aynan mana shu sahifalarda bo‘lishi hisobga olinsa, uni dastlabki o‘rganishning qiyinchiligi haqida tasavur hosil qilish mumkin.

Qo‘lyozmaning muallifi kim? Qachon yozilgan? Qaysi manbalarga asoslangan? Muallifning tarjimai holi va ijodiga oid qanday ma’lumotlar saqlangan? Qo‘lyozma qachon, kim tomonidan, kimning buyurtmasi bo‘yicha ko‘chirilgan? Aslidan qay darajada farq qiladi? — kabi savollarga javob axtarish o‘ziga xos (paleografik) ilmiy tadqiqot talab etadi. Qo‘lyozma va uning muallifi haqidagi ma’lumotlar qay darajada to‘liq yoki tiklanishi mumkinligidan qat’i nazar, asarning mundarijasi, mavzusi va mazmuni bilan tanishib, tegishli annotatsiya tuzish va bu ma’lumotlarni kitob xazinalari kataloglariga, fixristlarga kiritish uning keyingi taqdiri uchun muhimdir.

  1. Tabiiyki, qo‘lyozma mazmuniga baho berish, jumladan, uning fan tarixidagi ahamiyatini belgilashda dastlabki tanishuvning o‘zi kifoya qilmaydi. Ayniqsa, qo‘lyozma original asar bo‘lib, unga yaqin boshqa kitoblar avval uchramagan bo‘lsa, kitobning mazmuni bilan batafsil tanishib chiqilmaguncha, uning ahamiyati haqida yakuniy xulosaga kelish qiyin — qo‘lyozma o‘ta noyob, hatto fan tarixi sohasida ulkan ilmiy ixtiro darajasidagi asar bo‘lishi ham yoki, aksincha, deyarli ilmiy ahamiyatga molik bo‘lmagan nusxa bo‘lib chiqishi ham mumkin.

Sharq olimlari asarlarining qo‘lyozmalari asosan arab va fors tillarida yozilganini hisobga olsak, ularni o‘qib chiqish mohiyatan o‘zbek, rus yoki boshqa jahon tillaridan biriga tarjima qilishdan iborat bo‘ladi. Bu juda zarur va xayrli, lekin ayni paytda o‘ta sermashaqqat yumushdir. Chunki matematika, astronomiya, meditsina kabi fanlarga oid asarlarni tarjima qilish uchun arab yozuvi va tilini bilishning o‘zi kifoya emas, bundan tashqari, bu fanlarning o‘zidan ham xabardor, imkoni bo‘lsa mutaxassis bo‘lish lozim. Ko‘pincha bu ham kamlik qiladi — tegishli fan sohasining asar yozilgan davrida qo‘llangan atamalarini, bayon va mushohada uslubini bilish ham talab etiladi. Misol uchun, astronomiyaga oid asar tarjima qilinadigan bo‘lsa, tarjimonning oliy ma’lumotli astronom bo‘lishi kifoya qilmaydi — tarjimon Ptolemeyning “sayyoralar Yer atrofida aylanadi”, degan g‘oyasiga asoslangan geotsentrik astronomiyaga oid tushuncha va mushohadalar bilan ish ko‘rishiga to‘g‘ri keladi.

  1. Qo‘lyozmaning fan tarixidagi o‘rniga baho berilgach, ana shu bahoga asoslangan holda uni nashr etish — navbatdagi muhim vazifadir. Texnikaga oid qo‘lyozmalarning originalini kitob holida nashr etishni g‘oyat qulaylashtirdi. Lekin bunday nashr ko‘proq asarni tarixiy yodgorlik sifatida ko‘paytirish uchun qo‘llanadi. Navoiyning Sultonali Mashhadiy tomonidan ko‘chirilgan “Ilk devoni”ning faksimil (fotonusxa) nashri buning namunasidir. Bunday usul, shuningdek, asarni tarjima qilish va nashrga tayyorlashda murakkabliklarga yo‘liqilgan hollarda ham qo‘llanishi mumkin — faksimil nashr qo‘lyozma bilan tezroq sharqshunoslar tanishuviga imkon yaratadi.

Hozirgi sharoitda Sharq mumtoz fani yodgorliklari tarjimasini joriy yozuvda nashr etish uni ilmiy istifodaga kiritishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Albatta, mumtoz asarlarni shunchaki tarjimada nashr etish ham yetarli emas. Nashr asar muallifi hamda uning qo‘lyozmasini o‘rganish tarixiga oid yetarli ma’lumotlar beruvchi so‘zboshi hamda sharhlar (izohlar) bilan ta’minlansa, uning qiymati ortadi. Bugun bibliografik ma’lumotlarni jamlashda Internet, nashrga tegishli chizma va illyustratsiyalarni ilova qilishda esa kompyuterlashgan nashriyot tizimlari ishni ancha yengillashtirmoqda.

Qayd etish lozimki, hozirgacha O‘rta Osiyo mumtoz fanining eng nodir yodgorliklari o‘zbek, rus va yevropa tillariga o‘girilib, nashr etilganiga qaramay, hali bu sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni toqqa qiyoslasa bo‘ladi. Qolaversa, “Qonuni Mas’udiy”, “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” kabi fan tarixida buyuk mavqega ega asarlarni qayta, dastlabki nashriga nisbatan mukammalroq tarzda bosib chiqarish ularni ilmiy istifodaga kiritish uchun zarur. Masalan, 1994 yilgi nashr kamyobligi va prof. A.Ahmedovning batafsil izohlariga qaramay, bayonning o‘ta murakkabligi bilan, undagi ilmiy ixtirolarni istifodaga kiritish amalga oshmay kelmoqda. (Tan olish lozimki, bu asarni hozir sharqshunosning ham, professional astronomning ham o‘qib tushunishi og‘ir.) Holbuki, Nyutonning “Tabiat falsafasining matematik negizlari” asari hozirgacha lotin tilidan ingliz tiliga uch marta tarjima qilinib, nashr etilgan, Aristotel, Platon asarlarini qayta tarjima qilish hamon davom etmoqda.

  1. Xullas, qo‘lyozmaning nashri Sharq mumtoz fani yutuqlarini amalda ilmiy istifodaga kiritishning yana bir muhim bosqichiga zamin tayyorlaydi: ular tegishli soha mutaxassislari tomonidan o‘qib-o‘rganilish, mumtoz fan allomasining shu fan taraqqiyotiga qo‘shgan tayin hissasini aniqlash hamda risolalarga, darsliklarga kiritish uchun imkoniyat yaratadi.

Bu ish muayyan darajada bevosita manbashunoslar tomonidan ham amalga oshiriladigan hollar mavjud. Masalan, B.A.Rozenfeld (AQSh) al-Xorazmiyning quyosh soati yasashga bag‘ishlangan risolasida qutb koordinatlari sistemasidan foydalanilganini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi. Sharq mumtoz fani manbalarini o‘qib tarjima qila oladigan va ayni paytda zamonaviy ilmu fan bilan parallel shug‘ullangan olimlar ham yo‘q emas (matematika sohasida, masalan, golland olimi B.Van der Varden), lekin bunday mutaxassislar dunyo miqyosida ham barmoq bilan sanarli, chunki hozirgi o‘ta ixtisoslashgan fan zamonida bir-biridan yiroq ikki sohada baravar muvaffaqiyatga erishish mushkul. Aslida tarixiy manbalarni hozirgi fan nuqtai nazaridan tahlil eta oladigan mutaxassislar ham ko‘p emas. Ana shunday mutaxassislardan biri, MDU professori A.P.Yushkevich 1966 (!) yilda o‘tkazilgan Xalqaro matematika kongressidagi ma’ruzasida o‘rta asrlar Sharq matematikasining originalligi haqida so‘z yuritar ekan, islom mamlakatlari olimlarining hozir oliy matematika dasturiga kirgan bir qator ixtirolarini sanab o‘tgan (Q.“Fiziko-matematicheskiye nauki v stranax Vostoka”, vыpusk 2, Moskva, “Nauka”, 1969). Lekin bu ixtirolarning ko‘pchiligi istifodaga kiritilmagan, ayrimlari esa (Kepler tenglamasini taqribiy yechish, ildizni taqribiy hisoblashda qatorga yoyish usuli, ekstremumni aniqlashning differentsial hisob g‘oyasiga asoslangan usuli) o‘zbekistonlik fan tarixchilari tomonidan o‘rganilayotgani ham yo‘q.

Biz zamonaviy fan bilan shug‘ullanuvchi olimlarimiz O‘rta Osiyo mumtoz fani ilmiy merosiga butunlay befarq, degan fikrdan yiroqmiz. Lekin hozircha bu merosning ilmiy istifodasi epizodik tabiatli bo‘lib qolayotganini ta’kidlab, bu muammo kompleks tarzda yechilishi zarurligiga e’tibor qaratmoqchimiz, xolos. Aytaylik, mazkur ilmiy meros universitetlar o‘quv kurslaridan puxta o‘rin egallaganidan so‘ng, oradan ma’lum yillar o‘tgach — mana shu darsliklardan ta’lim olgan talabalar mutaxassis bo‘lib yetishib, maktablar uchun darslik yozishga kirishsa, mumtoz fanimiz umumta’lim dasturlaridan o‘zining munosib o‘rnini egallay boshlaydi. Lekin bu anchayin uzun jarayon. Uni qisqartishning real yo‘llaridan biri — tabiiy fanlar bo‘yicha darsliklarning mualliflari guruhiga albatta O‘rta Osiyo mumtoz fani tarixi bo‘yicha tegishli mutaxassis majburiy tarzda qo‘shilishi lozim. Chunki hozir nashr etilayotgan darsliklarning aksari asosan sobiq SSSR davridagi yoki xorijda nashr etilgan darsliklar, xususan, yevropatsentrizm ruhida yozilayotganini ko‘plab dalillar bilan isbotlash mumkin.

Shunday qilib, yuqorida sanalgan ob’ektiv va sub’ektiv sabablarga ko‘ra O‘rta Osiyo mumtoz fani yutuqlarini zamonaviy fan nuqtai nazaridan tahlil qilish, baho berish, so‘ng shu asosda ilmiy istifodaga kiritish tizimining halqasida uzilish ro‘y bermoqda. Hech ikkilanmay aytish mumkinki, garchi Beruniyning “Qonuni Mas’udiy”, Jamshid Koshiyning “Muftah ul-hisob”, Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarlari asosan chop etilgan bo‘lsa-da, lekin bu asarlar respublikamizning professional matematiklari tomonidan o‘rganib chiqilgan, ularning ixtirolari esa darsliklarga mashhur allomalar nomi bilan kiritilgan, deyolmaymiz. Holat, agar yanglishmasak, boshqa aniq fanlar sohasida ham shunga yaqin (Ibn Sinoning “Tib qonunlari” balki istisnodir).

Masalani oydinlashtirish uchun misol tariqasida matematikadan barchaga yaxshi ma’lum misolga murojaat etaylik. Al-Xorazmiy “Aljabr va almuqobaladan qisqacha kitob” asarida kvadrat tenglamalarni tasniflab, oltita kanonik ko‘rinishga keltiradi. Ulardan uchtasi sodda (chala kvadrat) tenglamalar, uchtasi esa to‘la kvadrat tenglama. So‘nggi uch toifa tenglamadan ikki xilini yechish usuli al-Xorazmiydan ancha oldin, qadimgi Bobil, Xitoy va Hindistondayoq ma’lum bo‘lgan, Evklidning “Negizlar” asarida ham shunga misollar bor. Lekin uchinchi toifani tashkil etuvchi (ax2 =bx+c ko‘rinishidagi) tenglama al-Xorazmiygacha davr matematikasida uchramaydi. Bu tenglamani yechish qoidasi birinchi marta “Aljabr va almuqobaladan qisqacha kitob”da isbotlangani tan olinadi. Chunki, o‘sha davrda manfiy sonlardan foydalanilmagani uchun, uchinchi toifa tenglamani yechish qoidasining isboti boshqa ikki toifanikiga qaraganda ancha murakkab. Shuning uchun kvadrat tenglama ildizlari uchun formulani al-Xorazmiy formulasi deb atash va shu nom bilan darsliklarga kiritish adolatdan bo‘ladi.

Yana bir misol — al-Farg‘oniy lemmasidir. Bu lemma o‘rta asrlarning asosiy astronomik kuzatuv asbobi bo‘lgan astrolyabiya nazariyasida qo‘llanadigan stereografik proyektsiya xossasini isbotlash uchun qo‘llanilgan. Bu xossaning o‘zini Ptolemey topgan, ammo isboti saqlanmagan va Ahmad al-Farg‘oniy tiklagan, shu maqsadda lemmani topgan. U mazmunan maktab geometriya dasturining o‘xshash shakllar, aylanaga ichki chizilgan burchaklar mavzulariga to‘g‘ri keladi. Boshqa mamlakatlar darsliklarining mazmuni ularning mualliflariga havola, ammo bizning maktablarimiz uchun yozilgan darsliklardan “Farg‘oniy lemmasi” o‘rin olishi kerak.

Xuddi shuningdek, tilga olingan Ptolemey teoremasi hozir universitetlar matematika fakultetlarining o‘quv rejasidagi “Kompleks o‘zgaruvchanli funktsiyalar nazariyasi” fanida (hech kimning nomi bilan bog‘lanmay) eslatiladi. Darslikda bu teorema albatta “Ptolemey teoremasi, Farg‘oniy isbotlangan”, deya qayd etilishi maqsadga muvofiq.

Geometriya yunon olimlarining ixtirosi bo‘lsa, trigonometriya asosan O‘rta Osiyolik matematiklar ixtirosi ekanligi fan tarixchilari tomonidan e’tirof etiladi. Aniqroq aytganda, asosiy trigonometrik funktsiyalar — sinus, kosinus, tangens Sharq olimlari — al-Xorazmiy, Beruniy, Abul Vafo, Nasriddin Tusiy va boshqalar tomonidan kiritilgan, ularning qator xossalari isbotlangan, yuqori aniqlikdagi jadvallari tuzilgan, geometriya va astronomiya masalalariga tatbiq qilingan. Darsliklarda bu umumiy tarzda qayd etiladi xolos. Bizningcha, faqat umumiy qayd bilan cheklanish to‘g‘ri emas — trigonometriyaning qaysi formulasi qaysi olim tomonidan istifodaga kiritilgani (imkoni boricha) aniq ko‘rsatilishi lozim.

Bunday misollarni boshqa fanlardan ham istalgancha keltirish mumkin. Masalan, Yer qobig‘i plitalarining harakati nazariyasi Beruniy tomonidan mukammal tarzda isbotlangan (bu faktga geologlarning diqqatini 1974 yilda fan tarixi bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro kongressda rus geologi N.I.Leontev tortgan. (Q. “XSh Mejdunarodnыy kogress po istorii nuki”, Moskva, 1974). Shunga qaramay mazkur nazariya XIX asrda yashagan geolog olim Vegener nomi bilan “Vagener gipotezasi” deya atalib kelmoqda. U hech bo‘lmaganda “Beruniy-Vagener nazariyasi” (yoki farazi) deb yuritilsa, tarixiy adolatga muvofiq bo‘lar edi.

O‘rta Osiyo olimlarining ilmiy tafakkur taraqqiyotidagi xizmatlarini hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan tahlil qilish barobarida ularning ijodiy merosini falsafiy-metodologik nuqtai nazardan o‘rganish ham dolzarb vazifa. Aslida bu ham ana shu merosni istifodaga kiritishning yana bir muhim yo‘lidir. O‘rta Osiyo olimlari yunon, hind olimlari erishgan natijalarni o‘zlashtirish barobarida, fanni butunlay yangicha yondashuvlar, original g‘oyalar bilan boyitgani borasida dalillar yetarli. Ilmiy haqiqat izlashda faol eksperiment qo‘llay boshlangani, Yer kurrasining qobig‘i harakatdagi geologik ob’ekt ekanligi, dialektika ta’limoti shular jumlasidandir.

Bu yo‘nalishning ham o‘ziga xos murakkabliklari mavjud. U nafaqat Sharq olimlari asarlarini chuqur o‘rganib chiqishni, ayni paytda G‘arb falsafasining o‘rta asrlardan to bugungi kungacha bo‘lgan rivoji davomida ko‘tarilgan g‘oyalarning genezisi bilan tanishishni va qiyosiy tahlil qilishni talab etadi. Ayni paytda jahonning o‘nlab yirik ilmiy markazlarida ko‘plab sharqshunoslar O‘rta Osiyo mumtoz fanini o‘rganish, xususan, falsafiy-metodologik va qiyosiy tahlil qilish bo‘yicha chuqur tadqiqotlarni amalga oshirib kelmoqdalarki, ular ham muhokama qilinayotgan muammoni hal etishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

O‘rta Osiyoning mumtoz fanini istifodaga kiritish sohasida aynan mana shu bo‘g‘in — falsafiy-metodologik tahlil muayyan natijalarga erishilayotganini qayd etish lozim. Oliy o‘quv yurtlari uchun falsafa darsliklarida O‘rta Osiyo mumtoz falsafasi vakillarining ta’limotlarni bayon qilishga keng o‘rin berila boshladi. Yana bir muhim amaliy ish — respublikamizning bir guruh yetakchi olimlari tomonidan “O‘rta Osiyoning mumtoz fani va hozirgi zamon jahon tsivilizatsiyasi” risolasi nashr etildi (q. “Klassicheskaya nauka Sredney Azii i sovremennaya mirovaya tsivilizatsiya”, pod redaktsiyey P.K.Habibullayeva i A.F.Fayzullayeva, Tashkent, “Fan”, 2000). Risola O‘rta Osiyo mumtoz fani natijalarini hozirgi zamon nuqtai nazaridan baholashga bag‘ishlangan. U garchi yagona g‘oyaga asoslanib tuzilgan bo‘lsa-da, mazmunan deyarli mustaqil mavzularga bag‘ishlangan maqolalardan tarkib topgan. Maqolalar respublikamizning taniqli fan arboblari — matematika, fizika, kibernetika, biologiya, meditsina, falsafa, tarix fanlari vakillari tomonidan yozilganiyoq uning ahamiyati haqida tasavvur beradi. Risolaga akademiklar G.A.Pugachenkova va E.V.Rtveladze taqrizlari ilova qilingan.

Risolaning mumtoz fanimiz istifodasidagi ahamiyatini to‘g‘ri baholagan prof. O.Sharafiddinov uni taqriz va targ‘ib qilish zarurligini uqtiradi. Bu o‘rinli, albatta. Ammo risola mundarijasining keng qamrovliligi yaxlit taqriz qilishga imkon bermaydi har bir bob shu soha mutaxassislari tomonidan taqriz qilinishi mumkin. Bu yerda risola yo‘nalishidagi tadqiqotlarni davom ettirish dolzarb va zarurligini nazarda tutib, risolada yetarlicha aks etmagan ayrim masalalarga e’tibor qaratishni lozim topamiz.

Masalan, algebraning paydo bo‘lishidan hozirgi rijolanish darajasini bayon qilishga o‘tishda uning al-Xorazmiydan keyingi tadrijiy taraqqiyot yo‘lini ham yoritish foydali bo‘lar edi. Shuningdek, nafaqat algebra, balki trigonometriyaga ham to‘laligicha O‘rta va Yaqin Sharq olimlari tomonidan asos solinganini ham mana shu kabi risolada tahlil qilish payti keldi.

XVIII asrgacha algoritm faqat arifmetik hisoblashlar qoidalarini ifodalagan, XX asrga kelib esa u kompyuterlashtirishning matematik ta’minotida hal qiluvchi rol o‘ynashi risolada ancha keng ochib berilgan. Bizningcha, XX asrning so‘nggi choragidan algoritm tushunchasi yana bir yangi sifat kasb etdi — inson tafakkurining assotsiativ, induktiv, analitik va h.k. uslublar qatorida yana bir, yangi, o‘ziga xos algoritmik mushohada uslubiga aylandi. Avval u faqat matematiklarga xos, XX asr o‘rtalarida axborotlarni qayta ishlash sohasida muhim rol o‘ynagan bo‘lsa, kompyuter va dasturlash savodxonligi tushunchasi paydo bo‘lishi bilan universal umuminsoniy tafakkur unsurini tashkil etmoqda. Bu, shubhasiz, chuqur falsafiy-metodologik tahlil talab etuvchi mavzu.

Risolaning 6-bobida O‘rta Osiyolik olimlarning astronomiya, geodeziya, kartografiyaga qo‘shgan hissalari ancha batafsil bayon qilingan, lekin bu bobda Farg‘oniy, Beruniy va Ulug‘bek g‘oyalari fanning keyingi taraqqiyotiga, jumladan, hozirgi holatiga qanday ta’sir ko‘rsatgani o‘z aksini topmagan.

Risolaning poligrafik sifati, ayniqsa, undagi formulalar terilishi hozirgi talab darajasida chiqmaganini ham qayd etish lozim. Zero, bunday asarlar imkoni boricha injiqlik bilan tahrir qilinishi va zamonaviy poligrafik sifat bilan nashr etilib, dunyoning yirik ilmiy markazlariga tarqatilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘ylaymizki, risolada boshlab berilgan xayrli ish yanada kengroq va chuqurroq davom ettiriladi va O‘rta Osiyo mumtoz fanining yutuqlari darsliklardan o‘z munosib o‘rnini egallashiga olib keladi.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 1-son