Xursandbek To‘liboyev. G‘amgin she’r sog‘inchi (2012)

Xursandbek TO‘LIBOEV

G‘AMGIN ShE’R SOG‘INChI

(badia)

Chaqin bo‘lma,
bo‘lma guldirak,
erdan ko‘p ham uzoqlab ketma.
Ovozingni yirtmagin bekor,
erni quchma – quloching yetmas.
Undan ko‘ra biror odamning
makoni bo‘l – irmoqli, soyli,
shamollarni to‘sgan tog‘i bo‘l,
osmoni bo‘l, yulduzli, oyli.

Har kuni bu kitobni qo‘limga olarkanman, hali biron she’rni o‘qimay turib, yuragimga “eng gullagan yoshlik chog‘ida” o‘zining insonlik va ijodkor fitratini anglab yetgan shoirning nurli, va ma’yus chehrasi, siymosi ko‘z o‘ngimda jonlangandek bo‘laveradi. Ichimdan kuyina boshlayman, “g‘amgin she’r” izlab, qisqa va uzun, hech qanday qoliplarga sig‘maydigan satrlarga ko‘zim tushadi, fikrlarim o‘tkirlashadi, hayotga, atrof-javonibga boshqacha bir nigoh bilan qaray boshlayman. Nega shunday? Bu mahzun kayfiyat bir mening borlig‘imda uyg‘onaveradimi? Sabablarning oqibati bilan qiziqsinib do‘stim G‘ofurjonga  sim qoqaman. Aytingchi, “g‘am so‘zin elimdan avvarloq aytdim, baxt so‘zin aytaman eldan keyinroq” deganida Shavkat Rahmon yana nimalarni nazarda tutgan edi? U shoshilmay javob bera boshlaydi: “Bu she’r yozilganida shoir juda yosh edi, u paytlar mamlakatimiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritmagandi, shu sababli uning ko‘nglidagi mahzun kayfiyat she’rlariga ham ko‘chgan, elining baxtli, osayishta kunlarini ko‘rgandan keyingina quvonchli, baxt haqida aytaman, deganida shularni nazarda tutgan bo‘lsa, ajabmas!” Men ham do‘stimning fikrlariga qo‘shilaman, chunki bu fikrlar o‘z isboti bilan aytilyapti… Keyin shoirning kitobini o‘qishga sho‘ng‘iyman. Har bir satri haroratli, har bir satri jasoratli, jo‘mardlik bilan bitilgan. Shuning uchun ham mening shu topdagi kayfiyatimga juda-juda mos va ruhiy yaqindir deb, o‘ylayveraman. O‘ylarim adog‘siz, tuyg‘ularim shoirning tuyg‘ulari kabi yiriklasha boradi. Menga nima bo‘lyapti deyman turib-turib, axir bu ro‘bi maskunda ehtirosdan ham yuksakroq tuyg‘ular bor bo‘lishi mumkin-ku? Nega men shoir she’rlarini sevib mutolaa qilgim kelaveradi. Bizlarni bog‘lab turgan – ko‘ngil rishtasining, kitobdagi hayot va undagi o‘tkir so‘zlarning mohiyatida ne sir yashirin? Bilmayman, bilishni istaganim sayin ozod tuyg‘ularning xumori bo‘lib qolaveraman…

Shavkat Rahmon – oramizdan erta ketdi, mazmunli hayot, uch yuz sahifalik “saylanma”dagi ko‘ngil tarjimasi, yurak va aql munozarasi, tuyg‘ularidagi ochiq, yashirin samimiyat, goh o‘z talpingan ideallaridan ham balandda turgan shaxs qismati… orzu-umidlari, yashashdan maqsud ne ekanligini, el-yurtni sevish saodat, BUYuK saodatligini tushuntirayotgandek. U yashashi kerak edi, degim keladi. Na chora, o‘lim haq deya ozurda qalbimizni ovutmoq uchun o‘ylab topamiz shunday so‘zlarni… shunday so‘zlarni aytib, bir-birimizni so‘zsiz tushungansimon tasalli beramiz… u o‘tkir so‘z yozib qoldirdi ko‘ngil daftari – she’riyatimizga. Shuning uchun ham bu insonimning olovli, qilichday keskir satrlariga mahliyo bo‘laveraman. “Kim deya borliqdan so‘rayman har gal, makon jim, zamon jim Parvardigor jim”. Nega jim? Sukutning boisi nima? Nega sukut ham juda uzoq cho‘zildi? Uning sukutgohini parchinlab, biron mard yo‘qmi so‘z aytadigan?! “Bor deya borliqdan so‘rayman har gal, ammo tilim lol, aqlim lol, qoyani ko‘rib”. Qoyaga talpinganim kabi talpinaman axir, uning she’riyatiga ham… Fidoyi bo‘lish, har bir ishda mas’uliyatli yashash saodati har kimga ham nasib qilavermaydigan xislat ekanini faqat uning ijodini o‘qiy boshlaganimdan buyon anglab qoldim. Shungacha, dunyoning sirlaridan bexabar ekanman. Ayniqsa, shaxs va ijodkor qismatidan…

Shavkat Rahmon – har kuni yodimda va yonimda men-la qadam tashlayotgandek, yo‘q boshqacha aytadigan bo‘lsam, yo‘limni topolmay yurganimda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatayotgandek, xaloskor ruh kabi o‘z ziyosini sochayotgandek, sochib saodat manzili sari yetaklab ketayotgandek… tuyulaveradi. Rosti, men uning ko‘ngil mulki – “borliq va yo‘qlik orasi – she’riyatiga” oshino tutindim. Uka tutindim. Chunki shunday qilsamgina o‘z maqsadlarimga yetajagimni fahmlab qoldim. Ozod ruh, ozod so‘z, ozod VATAN!!! Shoir sog‘inchi va yuragining allaqayerida shu zaminga uni bog‘lab turgan rishtaning aynan o‘zginasi emasmikin – hurlik! U bunga osonlikcha erishmadi, olis o‘lkalarga safar qildi, yetti yot begona “til”ni o‘rgandi, sog‘ligidan judo bo‘ldi, ko‘plab tuyg‘ularini qurbon berdi, she’r madad berdi unga, she’r shifo tiladi! Borlig‘ini bir boshqacha hol chulg‘asa ham, MARDONA chiqdi maydonga:

– YoVGA TERS QARAGAN MUSULMON EMAS!!!

Shoir goh sevinch yoshlari ko‘z soqqalariga qalqib chiqib, goh armonlari orzuga do‘nib, “Sendanda ulug‘roq narsa yo‘qligin, sochim oqarganda angladim, Vatan!” Qanday olov so‘zlar bu! Qanday nidolar edi! Inson mohiyatiga safar emasmi? Vatanni anglash! Yurtni sevish! Ijodkorlik qismat ekan, shu qismat chegarasining qadriga yetgan bor, yetolmay g‘aflatda qolib ketgan bor… lekin chinakam ijodkor uchun VATAN qadridan, VATAN ozodligidan ortiqroq baxt va shodlik bo‘lmasa kerak! Shunday pog‘onaga chiqqunga qadar, bir umr baxt so‘zin aytmay yashagan va o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan baxtni aytish – BUYuK SAODAT ekanligini nihoyatda jozib satrlarga joylay olgan shoir “aqllidir, kulliydir”(Rumiy). Yuzlab shoirlar o‘tdi, minglab shoirlar o‘tdi, o‘tkir so‘z qolmasa hech narsa qolmasligini endi-endi mazmuniga yetgandekman, yetib qadam tashlagandekman… Yozgan she’rlarimni tandirga tashlab, anov “lov-lov olovga” qarab sochgim keladi, kuli ko‘kka sovirilsin, yo turib gilga aylansin!!!

“Shavkat Rahmon degan
bir o‘jar shoir,
bir kuni qaytadan yaraladimi?” –

degan misralaridanoq insonimning mukammal, komil inson ekanligini anglash mumkin. Negaki, “yuragi yonishdan to‘xtamagan”(U.Hamdam), eng muhim so‘zlarini faqat she’r degan bitta bayroq ostiga yaxshilab muqim joylay olgan shoir nidolari haqiqatdan ham JASORAT va MARDLIK, INSONLIK va IJODKORLIK qismatining yaxlit, uyg‘un namunasi emasmi?! Buni bir boshqacha tarzda idrok qilib, ifoda etsak – tili-yu, dili, amali-yu, amoli bir ekanligiga shahodat bo‘lamiz.

Taqdir ajoyibotlari ko‘p va turfa xil. Lekin shunday insonki bor, o‘zi haqida maqtov eshitsa dili ozorlanadi, “uning uchun ijod muhim, shu bois ham maqtovlarni unchalik xush ko‘rmaydi” deganlari naqadar to‘g‘ri. Shavkat Rahmon ana shunday yuksak iste’dod egasi, maqtovdan, unvonu martabadan baland ko‘tarila olgan, “qobiqni yorib chiqib” saodat eshigiga yetishgan, vatanparvar shoir edi. Lekin ayni kuy avjida uzilgan tor, kuy avjida singan ko‘ngil… Yana qancha so‘z qoldi botinida aytilmay, “shiftga qarab yozilgan”larini kimlar o‘qib berarkan… U so‘nggi bor o‘lim to‘shagida, shiftga boqib, tasavvuridagi osmonga boqib nima demoqchi edi? Afsus, nadomatlar bo‘lsinkim, uning yosh umriga zomin bo‘lgan oshkoralikning “jallod”lari hozir ham hayot! Shoir buni bilganidek “Hozir ham pana-panaga berkinib olgancha, ig‘vodan, g‘iybatdan kutar baraka…”

Shavkat Rahmon – qisqa umr yo‘li, sharafli va unitilmas yo‘l! Abadiyat oralab – o‘ziga so‘qmoq ochgan, o‘ziga o‘zi javob beraoladigan, bizga hech hisob bermaydigan zahmatli yo‘l, og‘riqli yo‘l! Manzili – she’r, xayrixohi – she’r! U vatandan olib vatanga berdi, Alloh ato etgan iste’dodiga xiyonat qilmadi, chinakam mardlik, komillik alomati bu! So‘zlarni sevdi, chin va go‘zal so‘zlarni ko‘z qorachig‘iday avaylab-asradi, ko‘z tumor qilib yuragiga ilib qo‘ydi. Shunday haroratli yurakdan, hissiz va tuzsiz she’r chiqishi mumkinmi? Yo‘q albatta! Chunki, uning borlig‘ida – chin so‘zlar makon qurgan edi. Shu sababli shoirni chin so‘zlari ham tashlab ketmadi, ketolmadi, istaklar birlashgan makonda – baxt va shodlik bahori barq urib ochildi, erta gulladi, erta to‘kildi, qishning sovuq va xazonlariga aylanmadi, aksincha, “yashil edi qantar oyida”

Bu ro‘bi maskunda ijodkorki bor, hamisha bezovta, behol, lekin bu chinakam iste’dod, chinakam talant egalariga Tangri taoloning sharaf bilan bergan – go‘zal dardlari. Shunday sharafli, og‘riqli yo‘lning azoblarini totgan, kechalari uxlamay, oromini o‘g‘irlagan tuyg‘ular to‘fonida to‘lg‘ongan ShAXS, INSON edi u. Ha, boshqacha ifodalab bo‘lmaganidek, boshqacha yashashni istamagani kabi… u ko‘z yoshlarini ko‘rsatmay “mangu yig‘laydigan ko‘zim ko‘ksimda” deya do‘stiga yukinib so‘z aytadi. Aytish ham bir saodat ekanligini, sharaf va burch darajasidaligini teran his etadi. Topingan ruh – she’riyatida, she’r bag‘ridagi umidda, umid bag‘ridagi – hayotda edi. Shu sababli ham XX asrning “barmoq bilan sanarli shoirlari qatoridan” joy oldi. Abadiyat oralab, O‘shdan chiqdi, Vatanini alqadi, uni butun borlig‘i bilan sevdi, o‘sha sevgisini uch yuz sahifalik birgina kitobiga manguga muhrlab ketdi… Istagan sahifasini ochib o‘qib ko‘ring, bunga shubha qilmaysiz, qaytamga ijodkor qalbiga teranroq kirib borasiz-da, “Vataningizni yuragingizning eng chuqur joyiga yashirib qo‘yasiz”. Uni ko‘rsatish u yoqda tursin, so‘z bilan aytishdan qizg‘onasiz…

Odam uzoq yashar, judayam uzoq,
agar do‘sti bo‘lsa suyanadigan,
agar do‘sti bo‘lsa har qutlug‘ sahar
bahaybat quyoshday uyg‘onadigan.

Bu satrlardan ham teran ma’no, oqibatni bashorat qilish qobiliyati, o‘z davridan yigirma yil oldini sezishi, juda olislarni ko‘zlagan maqsadlar istagi, ro‘yoga aylansa-da, xuddi bir go‘zal tush ta’birini so‘ylayotgandek, so‘zlab hikmat aytayotgandek tuyulgani kabi… shoir talpingan IDEAL aslida ham shudir, ko‘ngil do‘sti g‘arib bo‘lmasa bo‘ldi demoqchidek… Uzun o‘ylar surishining asl sababi ham shudir balki… bu o‘ylar “Uyg‘oq tog‘lar” bilan bir suhbat bo‘ldi, chinakam jasoratli suhbat…

Men yana kitobni varaqlab, uning har bir satrini ko‘zlarimga surkab o‘qiy boshlayman, olis-olislardan birda sevinch, birda mungli kuy taralayotgandek, taralib yurak-bag‘rimni tig‘layveradi… Safarda topgan ma’nolarimni toblay boshlayman, olis safarga chiqqan yo‘lovchi misol, kitobdagi she’rlarni yod olaman, xuddi eng zarur buyumimni yo‘qotib qo‘ymaslik istagida… Afsus, bu she’rlar yurak bilan o‘qiy desang, yuraging hapriqadi, aql bilan mutolaa qilsang, aqling shoshiblar qoladi, har ikkisini uyg‘un holda o‘qishga tushsang bardoshing yetmaydi, chunki kamida Shavkat Rahmon kabi yuragingda jasorat, jasoratga yarasha mardlik, mardlikka yarasha – so‘z kerak bo‘ladi! Ana shundagina – “Shavkat Rahmon degan bir o‘jar shoir, bir kuni qaytadan yaralib” g‘amgin she’rlarini qulog‘ingga sabo kabi shivirlab ayta boshlaydi…

26.11.2012 y.